Mahalliy yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlarida ishtirokini kengaytirish hamda tashqi bozorlarda oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-4-son)
12.01.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Yengil sanoat korxonalarining xalqaro yetkazib berish zanjirlariga qoʻshilishini yanada qoʻllab-quvvatlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni tashqi bozorlar talablariga moslashtirish asosida eksportda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish hamda sohani diversifikatsiya qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatida 2026-2027-yillar uchun asosiy maqsadli koʻrsatkichlar etib belgilansin:
(a) ishlab chiqarish hajmi 2026-yilda 9 foizga oʻsishini taʼminlash va 146 trillion soʻmga, 2027-yilda 10 foizga oʻsishini taʼminlash va 167 trillion soʻmga yetkazish;
(b) sohaga 2026-yilda 2,2 milliard AQSH dollari, 2027-yilda 2,5 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
(v) eksportni 2026-yilda 4 milliard AQSH dollariga, shu jumladan, elektron savdo platformalari orqali 700 million AQSH dollariga, 2027-yilda 4,5 milliard AQSH dollariga, shu jumladan, elektron savdo platformalari orqali 1 milliard AQSH dollariga yetkazish;
(g) amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida 2026-2027-yillarda 80 mingta ish oʻrinlarini yaratish;
(d) xalqaro yetkazib berish zanjirlarida mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirish maqsadida 2026-2027-yillarda 40 ta xorijiy brendlar va “sorsing” kompaniyalar bilan hamkorlik oʻrnatish.
II. Yengil sanoat sohasi korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar
2. Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) 2026-2027-yillarda toʻqimachilik tarmogʻida ishlab chiqarish jarayonlarini standartlashtirish va mehnat unumdorligini oshirish boʻyicha oʻrta va yirik korxonalarda tejamkor ishlab chiqarish va boshqa samarador boshqaruv modellarini joriy etish dasturini Yengil sanoatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan moliyalashtirsin.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank va Agentlikning toʻqimachilik korxonalarini iqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlaridan kelib chiqqan holda “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratish va ular faoliyatiga manzilli koʻmaklashish boʻyicha korxonalarni qoʻllab-quvvatlash dasturini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin. Bunda:
(a) korxonalarga tijorat banklari tomonidan 2 million AQSH dollarigacha miqdorda ular tomonidan xarid qilingan va toʻlovlari toʻliq amalga oshirilgan yoki oʻzi yetishtirgan xomashyoni (paxta xomashyosi va tolasini) garovga olgan holda Agentlik resurslari hisobidan kreditlar ajratishga;
(b) sogʻlomlashtirish imkoniyati mavjud deb topilgan korxonalarning avval olgan tijorat kreditlari muddatini 7 yilgacha uzaytirib berishga;
(v) Agentlik tomonidan ajratiladigan resurslar, shu jumladan, Jamgʻarmaga jalb qilinadigan xorijiy kredit liniyalari hisobidan yengil sanoat korxonalarining foiz stavkasi xorijiy valyutada 7 foizdan va milliy valyutada 16 foizdan baland boʻlgan amaldagi kreditlarini qayta kreditlash asosida foiz stavkalarini pasaytirishga;
(g) paxta xomashyosi xaridi uchun jalb qilingan kreditlar boʻyicha 2026-2027-yillarda toʻlov grafiklarida yanvar-fevral oylari uchun belgilangan toʻlovlarni kredit shartnomasiga asosan oxirgi olti oyga teng taqsimlangan holda toʻlashga ruxsat beriladi.
4. Agentlik tijorat banklari, shu jumladan, ularda tashkil etilgan yengil sanoat guruhlari bilan birgalikda “sariq” va “qizil” toifadagi yengil sanoat korxonalari faoliyatini doimiy oʻrgangan holda ularni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tegishli choralarni koʻrib borsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Agentlikning yengil sanoat korxonalarida 2026-yil 1-yanvardan boshlab quvvati 5 MVtgacha boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalangan holda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining korxona ehtiyojidan ortiqcha qismini sotish tizimini joriy qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
6. Adliya vazirligi Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda yengil sanoat korxonalariga kreditlarning garov shartnomalarini, istisno tariqasida, hisobvaraqlariga cheklovlar boʻlgan hollarda notarial rasmiylashtirish, davlat xizmatlari markazlari orqali qurilish va boshqa ruxsat olish hujjatlariga oid xizmatlar koʻrsatish hamda energiya resurslari uchun toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyatini yaratsin.
7. Agentlikning alohida koʻrsatkich va mezonlar asosida yuqori natijalarga erishgan tadbirkorlar va sanoat sohasi xodimlarini davlat va idoraviy mukofotlar bilan muntazam ravishda taqdirlab borish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
III. Xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport hajmini oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar
8. Agentlik hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining xorijiy davlatlarda, shu jumladan, AQSH, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Germaniya, Polsha, Birlashgan Arab Amirliklari va Saudiya Arabistonida Jamgʻarma hisobidan moliyalashtiriladigan Agentlik vakolatxonalari va vakillari faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
9. Quyidagilar Agentlik vakolatxonalari va vakillarining asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) xorijdagi salohiyatli investorlarni Oʻzbekiston yengil sanoati sohasiga jalb qilish;
(b) eksportni jadallashtirish uchun eksportbop mahsulotlarga yangi xaridorlar topish, amaldagi xaridorlar bilan hamkorlikni kengaytirish, yirik “sorsing” kompaniyalar va brendlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
(v) mahalliy korxonalar xodimlarining malakasini oshirish uchun xorijiy grant mablagʻlari va xalqaro ekspertlarni jalb qilish.
10. Bosh vazir oʻrinbosari (J. Xodjayev), Tashqi ishlar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Agentlik bilan birgalikda:
(a) 2026-2027-yillarda yengil sanoat mahsulotlari eksportining maqsadli koʻrsatkichlarini taʼminlash maqsadida:
(i) bir hafta muddatda tashqi bozorlarning salohiyatidan kelib chiqqan holda Oʻzbekistonning xorijdagi har bir diplomatik vakolatxonasi kesimida eksportni oshirishga koʻmaklashish boʻyicha reja topshiriqlarini tasdiqlasin;
(ii) Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari bilan birga Oʻzbekiston milliy mahsulotlari shourumlari, savdo tarmoqlarini tashkil qilib, sotuv infratuzilmasini shakllantirsin;
(b) har chorak yakuni bilan Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining samaradorlik koʻrsatkichlarini muhokama qilishda yengil sanoat mahsulotlari eksportini oshirishga koʻmaklashish boʻyicha faoliyatiga baho berib borsin.
11. Ishlab chiqarish zanjiridagi boʻshliqlarni toʻldirishga (toʻqimachilikda toʻquv va boʻyoq-pardozlash, charm-poyabzal va ipakchilik tarmoqlarida tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga) qaratilgan investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, salohiyatli xorijiy investorlar va xalqaro brendlarni jalb qilish maqsadida Agentlik huzurida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan va qoʻshimcha ajratiladigan 10 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Yengil sanoat loyiha ofisi tashkil etilsin.
12. Mahalliy yengil sanoat korxonalari ishtirok etishi qoʻllab-quvvatlanadigan 2026-yilda oʻtkaziladigan xalqaro yengil sanoat koʻrgazmalari roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga, zarur hollarda, xalqaro koʻrgazmalar roʻyxatiga oʻzgartirish kiritish vakolati berilsin.
IV. Imtiyozlar
13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Agentlikning quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) 2026-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvarga qadar paxta tayyorlash punktlari faoliyatining mavsumiyligini inobatga olgan holda paxta tayyorlash punktlariga mol-mulk va yer soliqlarini 50 foizga kamaytirilgan stavkada toʻlashga ruxsat berish;
(b) 2026-yil 1-yanvardan 2029-yil 1-yanvarga qadar:
(i) tijorat banklari balansidagi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklarini investorlarga realizatsiya qilishda qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilish;
(ii) tijorat banklari balansidagi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarining mol-mulklarini xarid qilgan investorlarga ushbu korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini 6 oyda toʻliq tiklash sharti bilan bir yil muddatga mol-mulk soligʻini 50 foizga kamaytirilgan stavkada toʻlashga ruxsat berish;
(iii) charm-poyabzal, moʻynachilik sohasi korxonalari va chorva mollarini soʻyish va terini qayta ishlovchi tashkilotlar uchun nazarda tutilgan foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, aylanmadan olinadigan soliq va belgilangan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha import qilinadigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, respublikada ishlab chiqarilmaydigan xomashyo, materiallar va furnitura uchun bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar muddatini uzaytirish.
V. Moliyalashtirish manbalari va tizimlari
14. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Agentlik bilan birgalikda energiya samaradorlikni oshirishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida yengil sanoat korxonalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatishga tijorat banklari orqali kreditlar ajratish uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 100 million AQSH dollari miqdorida mablagʻlarni Jamgʻarmaga jalb qilish choralarini koʻrsin.
15. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2-son Farmoni 2-bandi “a” kichik bandi bilan “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJga ajratilishi belgilangan 250 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarning:
(a) 200 million AQSH dollari Agentlik buyurtmasiga asosan yuqoridagi Farmonda belgilangan shartlar asosida yengil sanoat korxonalarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash uchun 2026-2027-yillarda mutanosib ravishda Jamgʻarmaga ajratiladi;
(b) 50 million AQSH dollari 2026-yilda tijorat banklari orqali yengil sanoat korxonalariga quyosh fotoelektr stansiyasini qurish maqsadida 4 yil muddatgacha yillik 6 foiz stavkada (bank marjasi 1,5 foiz va Agentlik xarajatlari 0,5 foiz) kreditlar berish uchun Agentlik buyurtmasiga asosan Jamgʻarmaga ajratiladi;
(v) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasiga qaytarish muddati 2030-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchilari mazkur Farmonda belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarni taʼminlashda Agentlik bilan birga masʼul etib belgilansin.
17. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:
(a) Agentlik tomonidan yengil sanoat korxonalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish uchun tijorat banklari orqali kredit ajratishga resurslar joylashtirish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatni;
(b) “Sanoat rivojiga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonini taʼsis etish va sanoat sohasida yuqori natijalarga erishgan tadbirkorlar va soha xodimlarini muntazam ravishda taqdirlab borishni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjatni tasdiqlasin.
18. Bosh vazir oʻrinbosari J. Xodjayev ikki oy muddatda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Milliy statistika qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi hamda Agentlik bilan birgalikda elektron savdo platformalari orqali eksportga realizatsiya qilingan mahsulotlar hisobini yuritish va statistik koʻrsatkichlarda aks ettirish tartibini ishlab chiqib tasdiqlasin.
19. Agentlik uch oy muddatda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda yengil sanoat sohasida nufuzli xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda respublikada oliy taʼlim muassasasini tashkil qilish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
20. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qoʻmitasi va Agentlik bilan birgalikda uch oy muddatda mazkur Farmonning 13-bandidan kelib chiqib, Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
21. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
(a) Oʻzbekiston-Koreya oʻquv-amaliy toʻqimachilik texnoparkining 2025-yil 1-dekabr holatiga mavjud ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, kommunal hamda boshqa kreditor qarzdorliklari toʻliq Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutiga qayta rasmiylashtirilishini;
(b) 2026-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston-Koreya oʻquv-amaliy toʻqimachilik texnoparki Agentlikka oʻtkazib berilishini taʼminlasin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
23. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev belgilansin.
24. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 12-yanvar,
PF-4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-yanvardagi PF-4-son Farmoniga 1-ILOVA
Mahalliy yengil sanoat korxonalari ishtirok etishi qoʻllab-quvvatlanadigan 2026-yilda oʻtkaziladigan xalqaro yengil sanoat koʻrgazmalari
ROʻYXATI
Izoh:
1) Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi oʻz saytida koʻrgazmalarning aniq sanalarini eʼlon qilib boradi.
2) 2027-yildan boshlab mahalliy yengil sanoat korxonalari ishtirok etishi qoʻllab-quvvatlanadigan xalqaro yengil sanoat koʻrgazmalari roʻyxati Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-yanvardagi PF-4-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-maydagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5989-son Farmonining 4-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-yanvardagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj korxonalarida chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni hamda ularning eksportini ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-53-son Farmonining 1-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2-son Farmonida:
(a) 2-bandda:
“a” kichik bandning ikkinchi xatboshisidagi “2028-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari “2030-yil 31-dekabrga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“g” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
“d” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi hisobidan savdo operatsiyalarini moliyalashtirish uchun oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan mahsulotlar realizatsiyasi hajmidan kelib chiqqan holda 3 yil muddatgacha quyidagi miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratiladi:
mahsulotlar realizatsiyasi hajmi 5 million AQSH dollari ekvivalentigacha boʻlganda — 1 million AQSH dollarigacha;
mahsulotlar realizatsiyasi hajmi 5 million AQSH dollari ekvivalentidan 10 million AQSH dollari ekvivalentigacha boʻlganda — 2 million AQSH dollarigacha;
mahsulotlar realizatsiyasi hajmi 10 million AQSH dollari ekvivalentidan 15 million AQSH dollari ekvivalentigacha boʻlganda — 3 million AQSH dollarigacha;
mahsulotlar realizatsiyasi hajmi 15 million AQSH dollari ekvivalentidan 20 million AQSH dollari ekvivalentigacha boʻlganda — 4 million AQSH dollarigacha;
mahsulotlar realizatsiyasi hajmi 20 million AQSH dollari ekvivalentidan ortiq boʻlganda — 5 million AQSH dollarigacha;
Bunda 3 yil muddatgacha berilgan kreditlarning maʼlum bir qismi belgilangan muddatlarda soʻndirilgan taqdirda, tadbirkorlik subyektlariga kreditning soʻndirilgan qismiga mutanosib ravishda qoʻshimcha kreditlar ajratiladi”;
(b) 5-bandning toʻrtinchi xatboshisidagi “Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” soʻzlari “Yengil sanoatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-maydagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-71-son Farmoni 1-ilovasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda bojxona bojidan ozod qilinadigan, toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan, xomashyo va boshqa materiallar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar
ROʻYXATI
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-sentabrdagi “Yengil sanoat sohasida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi PF-174-son Farmonining 12-bandi “a” kichik bandidagi “qoʻllab-quvvatlash choralari” soʻzlaridan keyin “hamda Agentlik faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq saqlash xarajatlari” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-maydagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishni yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3693-son qarori 9-bandining birinchi xatboshisidagi “2026-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari “2029-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-fevraldagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4982-son qarori 3-bandidagi “2026-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari “2029-yil 1-yanvarga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-fevraldagi “Charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-143-son qarorining 6-bandi “a” kichik bandidagi “2026-yil” soʻzlari “2029-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-martdagi “Tashqi savdo va hududiy sanoatni rivojlantirishda tadbirkorlar birlashmalarining rolini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-126-son qarorining 4-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda 2026-yil 1-yanvardan boshlab Yengil sanoatni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan belgilangan tartibda toʻqimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik korxonalari uchun qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etiladigan yoʻnalishlarga Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan mablagʻlar taqdim etilmaydi”.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-maydagi “Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-181-son qarorining 2-bandi “v” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“v) sanoat zonalari hududida quriladigan ishlab chiqarish bino-inshootlari, shu jumladan, Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanidagi charm-poyabzal kichik sanoat zonasi hududida qurilgan ishlab chiqarish bino-inshootlari tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri 7 yilgacha muddatga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan yoki ijara asosida beriladi”.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-avgustdagi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi korxonalari tomonidan bojxona toʻlovlaridan ozod qilingan holda olib kiriladigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan import asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, xom ashyolar, materiallar va furnituralar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi F-5350-son farmoyishining rus tilidagi matnida:
(a) 1-banddagi “do 1-yanvarya 2026 goda” soʻzlari “do 1-yanvarya 2029 goda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“PERECHEN
importiruyemogo oborudovaniya, komplektuyushix izdeliy, sirya, materialov i furnituri, ne proizvodimix v respublike, vvozimix predpriyatiyami assotsiatsii “Uzcharmsanoat” dlya proizvodstvennix nujd s osvobojdeniyem ot tamojennix platejey (krome sborov za tamojennoye oformleniye) srokom do 1-yanvarya 2029 goda
12. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 28-yanvardagi “Yengil sanoat mahsulotlari yarmarka savdosini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 25-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 729-son qarori 4-ilovasi 19-bandining yigirma yettinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda ushbu bandda nazarda tutilgan yoʻnalishlar (koʻrgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etish, xorijiy mamlakatlarda boʻlib oʻtadigan oʻquv-seminar, biznes-seminar, trening, savdo missiyalari va biznes-forumlarda ishtirok etish, mutaxassislarni oʻqitish va savdo uylarini ochish va saqlash, ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish bilan bogʻliq chet eldagi xarajatlarni qoplab berish yoʻnalishlar bundan mustasno) boʻyicha tadbirkorlik subyektlarining ixtiyoriga koʻra tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchi (bajaruvchi, koʻrsatuvchi)lar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzilib, xarajatlar amalga oshirilgan holatlarda moliyaviy yordam miqdorlaridan kelib chiqib 2028-yil 1-yanvarga qadar 100 foiz miqdorida va 2028-yil 1-yanvardan boshlab:”.
