Germaniya taraqqiyot banki ishtirokida-“Mikro, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (836-son)
29.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik va oʻrta biznesning iqtisodiyotdagi oʻrnini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 19-martdagi PF-50-son Farmoniga muvofiq kichik biznes loyihalarini moliyalashtirishda ishtirok etadigan tijorat banklarining resurs bazasini oshirish va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda Germaniya taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
a) Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasida tuzilgan moliyaviy hamkorlik kelishuviga asosan Germaniya taraqqiyot banki (keyingi oʻrinlarda — KfW banki) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida “Mikro, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) moliyalashtirish uchun yillik 2 foizli stavkada, 10 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 30 yil muddatga kredit ajratish boʻyicha qarz va grant bitimlari imzolangani;
b) Loyihaning umumiy qiymati 26,5 mln yevro boʻlib, shundan:
23,5 mln yevro KfW bankining kreditini;
3,0 mln yevro Loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq konsultatsiya xizmatlari uchun KfW banki grantini tashkil etishi;
v) Loyihani amalga oshirish muddati 6 yil (2025 — 2030-yillar) etib belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi loyihaning oʻz vaqtida amalga oshirilishi, ushbu qarorning 1-bandi “b” kichik bandida koʻrsatilgan kredit va grantlardan maqsadli va samarali foydalanilishi uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
KfW bankining krediti kredit liniyasi uchun yoʻnaltiriladi hamda taqsimlangan mablagʻlar miqdoridagi xarajatlar, shuningdek, kredit liniyasi doirasidagi moliyaviy audit xizmati xarajatlari taqsimlangan mablagʻlarga mutanosib ravishda Loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlari tomonidan qaytariladi.
Loyiha doirasida ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga subsidiar qarz milliy valyutada beriladi. Chet el valyutasining milliy valyutaga nisbatan kursi oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotishlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan qoplanadi.
3. Quyidagilar:
“Mikro, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish” loyihasining asosiy koʻrsatkichlari va mablagʻlardan foydalanish jadvali 1-ilovaga muvofiq;
“Mikro, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish” loyihasi doirasida Germaniya taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan kreditni qaytarish, foiz va qarzlar boʻyicha boshqa toʻlovlarni toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (J.A. Xodjayev) bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-yanvardagi 53-son qarori bilan tasdiqlangan 2025-yilda davlat tashqi qarzi jalb qilinishi rejalashtirilayotgan yangi investitsiya loyihalarining roʻyxatida koʻrsatilgan KfW banki ishtirokidagi Loyihani asosiy loyihalar roʻyxatiga oʻtkazish choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Markaziy bank bilan birgalikda ikki oy muddatda KfW banki bilan kelishgan holda, Loyiha doirasida ishtirok etuvchi moliya tashkilotlarini tanlab olish mezonlarini va beriladigan kreditni moliyalashtirishning muddatlari va shartlari, subloyihalarni tanlash va baholash mezonlarini belgilab, KfW banki kreditidan foydalanish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari I.I. Norqulovga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlari bilan qayta kreditlash bitimlarini imzolash vakolati berilsin.
7. Loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlari:
kredit liniyasini boshqarish, KfW banki kreditining oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va undan maqsadli foydalanilishini taʼminlasin;
subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha hisobot va monitoring yuritilsin;
moliyalashtirilgan subloyihalar oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishi monitoringi natijalari yuzasidan har chorak yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hisobot kiritib borsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi. Bosh vazir A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-dekabr,
836-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29 dekabrdagi 836-son qaroriga 1-ILOVA
“Mikro, kichik va oʻrta biznesni moliyalashtirish” loyihasining asosiy koʻrsatkichlari va mablagʻlardan foydalanish
JADVALI
* Yakuniy narx koʻrsatkichlari yakunlash boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari, tovarlar (ish va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha tender savdolari natijalari asosida belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-dekabrdagi 836-son qaroriga 2-ILOVA
“Mikro, kichik va oʻrga biznesni moliyalashtirish” loyihasi doirasida Germaniya taraqqiyot banki tomonidan ajratiladigan kreditni qaytarish, foiz va qarzlar boʻyicha boshqa toʻlovlarni toʻlanishning
PROGNOZ JADVALI
* Toʻlov summalari qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlanadi.
