Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport tizimini barqaror rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-398-son)
30.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport tizimini zamon talablari asosida isloh etish hamda ularning qamrov darajasi va sifatini oshirishni kompleks tarzda tashkil etish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:
(a) yangi maktablar qurish, mavjud taʼlim muassasalarini rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy anjomlar bilan jihozlash hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
(b) sogʻliqni saqlash va sport tizimi muassasalarini zarur bino va inshootlar hamda infratuzilma bilan taʼminlash, mavjud binolarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish ishlarini jadallashtirish.
II. Amalga oshiriladigan ishlar
2. Ijtimoiy soha obyektlarini qurish va taʼmirlashni moliyalashtirish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Ijtimoiy soha muassasalarini qurish va taʼmirlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
3. Jamgʻarmaning shakllanish manbalari etib quyidagilar etib belgilansin:
(a) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalarining (vaqtincha boʻsh mablagʻlarning depozitlarga joylashtirilgan qismini inobatga olgan holda) 2026-yil 1-yanvar holatidagi qoldiq mablagʻlarining 50 foizi;
(b) 2025-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasidan oʻtkaziladigan 2 (ikki) trillion soʻm mablagʻlar;
(v) qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:
(a) umumtaʼlim maktablari, tibbiyot va sport muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirish;
(b) taʼlim, tibbiyot va sport muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy jihozlar, oʻquv va tibbiy anjomlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlash;
(v) boshqa ijtimoiy yoʻnalishlardagi qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish.
5. Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 1-martga qadar vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalarida 2025-yil yakuni bilan shakllangan qoldiq mablagʻlarning 50 foiz qismidan Jamgʻarmaga oʻtkazilgan mablagʻlar hisobidan umumtaʼlim maktablari, tibbiyot va sport muassasalarida qoʻshimcha quvvat yaratish ishlari uchun qurilish, taʼmirlash va jihozlash ishlari boʻyicha manzilli roʻyxatni tasdiqlashga oid tegishli qaror loyihasini qabul qilsin. Bunda Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar 2026 — 2028-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga qoʻshimcha ravishda kiritiladi.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
6. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (E. Karimova), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) va Sport vazirligi (A. Ikramov) Jamgʻarma mablagʻlaridan umumtaʼlim maktablari, sport va tibbiyot muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va samarali foydalanishni taʼminlasin.
7. Ilovada nazarda tutilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari 2026-yil 10-yanvarga qadar oʻzlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari (vaqtincha boʻsh mablagʻlarning depozitlarga joylashtirilgan qismini inobatga olgan holda) 2026-yil 1-yanvar holatidagi qoldiq mablagʻlarining 50 foizi Jamgʻarmaga oʻtkazilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi (M. Abdullayev) Jamgʻarma mablagʻlari toʻgʻri shakllantirilganligi hamda ulardan samarali va toʻgʻri foydalanilganligini nazorat qilib borsin.
9. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosi samarali tashkil etilishiga hamda belgilangan muddatlarda amalga oshirilishiga shaxsan masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova, sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov hamda sport vaziri A.I. Ikramov belgilansin.
10. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti. Prezident Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-dekabr,
PQ-398-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PQ-398-son qaroriga ILOVA
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari
ROʻYXATI
Izoh:
* Yil boshiga qoldiq mablagʻlarning 10 foizi oʻtkaziladi;
** Yil boshiga qoldiq mablagʻlarning 20 foizi oʻtkaziladi.
