Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-387-son)
26.12.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Hududlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish surʼatlarini jadallashtirish, tuman (shahar)lar hokimliklarining dolzarb muammolarga tez yechim topish borasidagi vakolatlari va moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida koʻzda tutilgan ustuvor vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilansin:
(a) mahalliy budjetlar daromadlari va qoʻshimcha manba mablagʻlarini oshirish;
(b) mahalliy ijro etuvchi organlar rahbarlarining vakolatlarini kengaytirish orqali mustaqilligini taʼminlash;
(v) mahalliy hokimliklar obodonlashtirish boshqarmalarining barqarorligini oshirish;
(g) budjet intizomiga rioya etilishini kuchaytirish;
(d) aholini kommunal xizmatlar bilan uzluksiz va barqaror taʼminlashda mahalliy hokimliklar masʼuliyatini oshirish.
II. Mahalliy hokimiyat organlarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) qoʻshilgan qiymat soligʻidan tushgan tushumlardan Toshkent shahar mahalliy budjetiga 5 foiz va qolgan hududlar mahalliy budjetlariga 20 foiz oʻtkaziladi (yirik soliq toʻlovchilardan tashqari);
(b) mahalliy budjetlarga kelib tushadigan qoʻshilgan qiymat soligʻi, foyda soligʻi va benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilishda toʻlanadigan aksiz soligʻi, davlat boji, jarima va yigʻimlar hisobidan tushadigan daromadlardan tuman (shahar)lar budjetlariga ajratmalar meʼyorlari belgilanadi (yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliqlar hamda daromadlari xarajatlaridan koʻp boʻlgan tuman (shahar)lar bundan mustasno);
(v) Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga alkogol mahsulotlarini (bundan pivo mustasno) realizatsiya qilish huquqi uchun hamda umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogol mahsulotlarini (bundan pivo mustasno) realizatsiya qilish huquqi uchun yigʻimlarning cheklangan stavkalarini 20 foizgacha oshirish vakolati beriladi hamda mazkur yigʻimlardan tushgan tushumlar toʻliq miqdorda tuman (shahar)lar budjetlariga yoʻnaltiriladi;
(g) Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan mahalliy budjetlarga oʻtkazib beriladigan daromadlar prognozining oshirib bajarilgan qismining 50 foizi Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjeti va Toshkent shahrining shahar budjetiga hamda qolgan 50 foizi 2025-yil 1-dekabr holatidagi statistika organlaridan olingan tuman (shahar)lar aholisining tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisidagi ulushiga muvofiq tuman (shahar)lar budjetlariga oʻtkaziladi;
(d) quyidagi tushumlar mahalliy budjetlarga oʻtkaziladi va qoʻshimcha manba sifatida foydalaniladi:
(i) qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berishdan Davlat budjetiga oʻtkazilishi belgilangan mablagʻlar tegishli tuman (shahar)lar budjetlariga yoʻnaltiriladi;
(ii) dehqon bozorlari, ixtisoslashtirilgan va buyum bozorlaridan Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetiga tushgan soliqlar ushbu sohadagi hamda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash uchun mazkur bozorlar joylashgan tuman (shahar)lar budjetlariga oʻtkaziladi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) 2026-yil 1-fevralga qadar xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda hamda ularning texnik koʻmagi doirasida fiskal nomarkazlashtirish boʻyicha tadqiqot va tahlillarni amalga oshirish uchun xalqaro konsultantlarni jalb qilsin;
(b) 2026-yil 1-sentabrga qadar Mahalliy budjetlarni isloh qilish strategiyasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda quyidagilar nazarda tutilsin:
(i) mahalliy davlat hokimiyati organlarining budjetni boshqarish sohasidagi vakolatlarini kengaytirish. Bunda respublika va mahalliy budjetlar oʻrtasida taqsimlangan vakolatlarni hamda budjetlararo munosabatlarni, shu jumladan, hududlarda qoldiriladigan daromadlar va mahalliy budjetlar xarajatlarini oshirish;
(ii) shaffof qoidalarga asoslangan budjetlararo munosabatlar tizimini joriy etish;
(iii) tuman (shahar)lar budjetlari daromadlarini kelgusi uch yilda 2 baravarga oshirish hamda ixtiyorida qoladigan qoʻshimcha manbalarni koʻpaytirish.
III. Mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlarini kengaytirish orqali ularning moliyaviy mustaqilligini taʼminlash
4. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi jamgʻarmalar va mahalliy budjetlar qoʻshimcha manbalari mablagʻlarining boʻsh turgan qismini belgilangan tartibda auksion orqali tijorat banklarida depozitga qoʻyish hisobiga qoʻshimcha daromad topishga ruxsat beriladi. Bunda:
(i) mablagʻlarni depozitga qoʻyish tegishli Xalq deputatlari kengashlari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
(ii) ushbu manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan xarajatlarning kechiktirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
(iii) olingan qoʻshimcha daromadlar toʻliq miqdorda tegishli xalq deputatlari Kengashlari qarorlari asosida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” jamgʻarmalariga, tuman (shahar)lar hokimliklari huzuridagi “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmalariga oʻtkaziladi;
(b) 2026-yil 1-yanvardan boshlab tuman (shahar)lar budjetlari xarajatlarini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatining tegishli hujjatlarida nazarda tutilgan va yuqori budjetlardan tuman (shahar)lar budjetiga qoʻshimcha ajratilgan mablagʻlarning foydalanilmagan qismi bundan mustasno);
(v) 2026-yil 1-apreldan boshlab mahalliy budjet xarajatlariga birinchi va ikkinchi guruh xarajatlari hamda oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish xarajatlari doirasida budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni koʻpaytirish yoki kamaytirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlarni Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishish amaliyoti bekor qilinadi.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar)lar hokimliklariga:
(a) oʻz hududida joylashgan ijtimoiy soha obyektlari boʻyicha tuzilgan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim majburiyatlari bajarilishi yuzasidan davlat sherigiga taqdimnoma kiritish;
(b) ularning balansida boʻlgan boʻsh turgan ijtimoiy soha obyektlarini faoliyat turini oʻzgartirmaslik sharti bilan davlat-xususiy sheriklikka berish hamda davlat sherigi sifatida ishtirok etish vakolati beriladi.
IV. Mahalliy hokimliklar obodonlashtirish boshqarmalarining moliyaviy barqarorligini oshirish
6. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab tuman (shahar)lar hokimlarining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari bir vaqtning oʻzida tuman (shahar)lar obodonlashtirish boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — obodonlashtirish boshqarmalari) boshligʻi hisoblanadi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
(a) 2026-yil 1-martga qadar obodonlashtirish boshqarmalariga kamida 0,5 ga yer maydonlarini ajratgan holda issiqxonalar tashkil etsin;
(b) 2026-yil 1-apreldan shahar obodonlashtirish boshqarmalariga biriktirilgan hududlarga ular tomonidan yetishtirilgan mavsumiy gul koʻchatlari ekilishi choralarini koʻrsin. Bunda mazkur tartib 2027-yildan boshlab respublikaning barcha hududlaridagi obodonlashtirish boshqarmalarida joriy etilsin;
(v) bir oy muddatda obodonlashtirish boshqarmalariga biriktirilgan hududlardagi mavjud avtoturargohlarni toʻliq xatlovdan oʻtkazsin va 2026-yil 1-aprelga qadar barcha avtoturargohlarga avtomototransport vositalarining kirishini (chiqishini) nazorat qiluvchi avtomatlashtirilgan tizim oʻrnatilishini taʼminlasin. Bunda hokimliklar shartnoma asosida foydalanishga berilgan avtoturargohlar 2026-yil 1-yanvardan boshlab faqatgina tegishli obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan foydalanilishi choralarini koʻrsin.
Bunda mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablagʻlar mahalliy budjet va uning qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan tuman (shahar)lar markaziy koʻchalari boʻyidagi tadbirkorlik subyektlari bilan tuzilgan shartnoma asosida chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatishga ruxsat beriladi. Bunda chiqindilarni olib chiqish va hududlarni obodonlashtirish xizmatini koʻrsatganlik boʻyicha tariflar tuman (shahar)lar hokimliklari tomonidan Xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashlariga koʻrib chiqish va tasdiqlash uchun kiritiladi;
(b) mahalla fuqarolar yigʻini buyurtmasi asosida homiylik mablagʻlari hisobidan ichki koʻchalardagi mavjud tuproq koʻchalarni shagʻallashtirish hamda taʼmirlash tadbirlarini obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirishga ruxsat beriladi. Bunda obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan mazkur vazifalarni amalga oshirishda har yil uchun tasdiqlanadigan dasturlarning bajarilishi kechiktirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
(v) budjet tashkilotlarining hududlarini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish (mavsumiy gul koʻchatlari ekish, gazon yotqizish, sugʻorish tizimlarini tashkil etish) tadbirlarini budjet tashkiloti va obodonlashtirish boshqarmalari oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat beriladi.
9. Belgilansinki, obodonlashtirish boshqarmalarida pulli xizmatlarni tashkil etish uchun koʻrsatiladigan xizmatlardan shakllanadigan mablagʻlar hisobidan qoʻshimcha talab etiladigan shtat birliklarini jalb qilishga ruxsat beriladi.
10. Tuman (shahar)lar hududidagi tadbirkorlik subyektlariga tegishli boʻlmagan barcha istirohat va koʻngilochar bogʻlar hamda xiyobonlar obodonlashtirish boshqarmalariga biriktirilsin.
11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 2026-yil 1-aprelga qadar qabristonlar hududini obodonlashtirish boʻyicha dasturni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Quyidagilar:
(a) 2026 — 2028-yillarda tuman (shahar)lar obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnika bilan jihozlash parametrlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2027 — 2029-yillarda tuman (shahar)lar markazlarida drenaj va kuzatuv quduqlari hamda drenaj kollektorlarini taʼmirlash va yangidan tashkil etish parametrlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
(v) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
(i) 2026-yilda mazkur dasturlarda belgilangan tadbirlarni budjetdan mablagʻ oluvchi tashkilotlar xarajatlar smetasini roʻyxatdan oʻtkazish hamda ijrosi jarayonida maqbullashtirilgan mablagʻlar va Davlat budjetining qoʻshimcha daromadlari hisobidan moliyalashtirish boʻyicha 2026-yil I chorak va 1-yarim yillik yakuni bilan taklif kiritsin. Bunda maxsus texnikalar qiymatining 25 foiz qismi mahalliy hokimliklar tomonidan mahalliy budjet qoʻshimcha manbalari va boshqa qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan shakllantirilganda, qolgan 75 foizi Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan moliyalashtiriladi;
(ii) 2027-yildan boshlab har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlari parametrlarini shakllantirishda tasdiqlangan dasturlarga asosan talab etiladigan mablagʻlarni nazarda tutsin.
V. Budjet intizomiga rioya etilishini kuchaytirish
13. Mahalliy davlat hokimiyati organlariga:
(a) budjet xarajatlari parametrlarini shakllantirish va ijro etishda ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish, shuningdek, kommunal xizmatlar xarajatlaridan mablagʻlar yetishmovchiligiga yoʻl qoʻyish;
(b) mahalliy budjet va uning qoʻshimcha manbalari hisobidan normativ-huquqiy asosi boʻlmagan qoʻshimcha shtat birliklarini saqlash;
(v) moliyalashtirish manbai aniq boʻlmagan tadbirlarni va (yoki) parallel loyihalashtirish, tender savdolarini oʻtkazmasdan amalga oshirilgan qurilish va taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish va kreditor qarzdorliklarga yoʻl qoʻyish qatʼiyan taqiqlansin.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar hokimliklariga tegishli mahalliy budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan budjet tashkilotlarida mavjud shtat birliklarining vazifa va funksiyalarini oʻrganish asosida past samarali va bir-birini takrorlovchi shtat birliklarini maqbullashtirish vakolati berilsin. Bunda maqbullashtirilgan mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar kengashlari qarorlari asosida aholi tomonidan koʻtarilgan ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan bogʻliq dolzarb muammolarni bartaraf etish, shu jumladan, qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etish uchun yoʻnaltiriladi.
15. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda mazkur qarorning 14-bandida nazarda tutilgan maqbullashtirilgan mablagʻlardan foydalanish tartibini Oliy Majlis Senatiga tasdiqlash uchun kiritsin.
VI. Aholiga uzluksiz va barqaror kommunal xizmatlar koʻrsatishda mahalliy hokimliklar masʼuliyatini oshirish
16. Tuman (shahar)lar hokimliklari aholini kommunal xizmatlar (elektr, tabiiy gaz, ichimlik suv va oqova suv taʼminoti) bilan uzluksiz va barqaror taʼminlashda yuzaga kelgan muammolar (avariyalar)ni tezkorlik bilan bartaraf etishga shaxsan masʼul va javobgar etib belgilansin.
VII. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
17. Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
19. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
20. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
21. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-dekabr,
PQ-387-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-son qaroriga 1-ILOVA
2026 — 2028-yillarda tuman (shahar)lar obodonlashtirish boshqarmalarini maxsus texnika bilan jihozlash
PARAMETRLARI
Izoh:
ajratilgan limitlarga maxsus texnikalarning joriy narxlari hamda oldi-sotdi shartnomalariga koʻra aniqlik kiritiladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar va ularning rasmiy dilerlari hamda distribyutorlaridan xarid qilinadi hamda tegishliligiga koʻra tumanlar (shaharlar) obodonlashtirish boshqarmalari tasarrufiga begʻaraz oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-son qaroriga 2-ILOVA
2027 — 2029-yillarda tuman (shahar)lar markazlarida drenaj va kuzatuv quduqlari hamda drenaj kollektorlarini taʼmirlash va yangidan tashkil etish
PARAMETRLARI
Izoh:
gidrogeologik-meliorativ tadqiqotlar natijalari asosida parametrlar aniqlashtirilib boriladi;
ajratilgan limitlarga loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tender savdolari yakunlariga koʻra aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-son qaroriga 3-ILOVA
Mahalliy budjetlar va budjet tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini oshirish, budjet intizomini kuchaytirishga doir qoʻshimcha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 1-apreldagi “Obodonlashtirish xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 91-son qarorida:
a) 1-ilova quyidagi mazmundagi 11-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
b) 2-ilovaning 9-bandida:
sakkizinchi xatboshidagi “Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi hamda Mustaqillik maydonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti, shuningdek, ixtisoslashtirilgan boshqarmalar (Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasidan tashqari) hamda” soʻzlari “Obodonlashtirish sohasi tashkilotlari,” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻqqizinchi xatboshidagi “Toshkent shahri tumanlarining obodonlashtirish boshqarmalari, Nukus shahri va shaharlar — viloyat markazlari obodonlashtirish boshqarmalari, viloyat (Qoraqalpogʻiston Respublikasida — respublika) boʻysunuvidagi shaharlar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalari xodimlariga — oylik tarif stavkasining (lavozim maoshining) 15 foizi miqdorida ustama belgilanadi;” soʻzlari chiqarib tashlansin;
oʻn ikkinchi xatboshidagi ““Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Obodonlashtirish bosh boshqarmasi hamda Mustaqillik maydonini koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti, shuningdek ixtisoslashtirilgan boshqarmalar Fuqarolarga xizmat koʻrsatish boshqarmasi Qaynarsoy issiqlik manbai”,” soʻzlari “Obodonlashtirish sohasi tashkilotlari,” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oʻn toʻrtinchi-oʻn beshinchi xatboshilar tegishlicha oʻn uchinchi-oʻn toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
v) quyidagi mazmundagi 92-band bilan toʻldirilsin:
“92.Obodonlashtirish sohasi tashkilotlari xodimlariga Obodonlashtirish boshqarmalarini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan lavozim maoshining 200 foizigacha har oylik ustama belgilanadi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi “Respublika aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 4-son qaroriga 2 — 4-ilovalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi 4-son qaroriga 2-ILOVA
Nukus shahri va viloyat markazlari boʻlgan shaharlar obodonlashtirish boshqarmalarining NAMUNAVIY TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni:
boshqaruv xodimlari (BX) — 15 kishi;
* muhandis-texnik xodimlar (MTX) 14 kishidan;
yordamchi xodimlar — 7 kishi;
** faqat yoʻl taʼmirlash ishlariga tatbiq etiladi;
*** boshqaruv xodimlarining cheklangan soniga kirmaydi.
Izoh. Ishlab chiqarish xodimlari soni bajariladigan ishlar hajmiga koʻra belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi 4-son qaroriga 3-ILOVA
Viloyatlarga (Qoraqalpogʻiston Respublikasida — respublikaga) boʻysunuvchi shahar va tumanlar obodonlashtirish boshqarmalarining NAMUNAVIY TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni:
boshqaruv xodimlari (BX — 11 kishi;
muhandis-texnik xodimlar (MTX) — 4 kishi;
yordamchi xodimlar — 6 kishi;
* faqat yoʻl taʼmirlash ishlariga tatbiq etiladi;
** boshqaruv xodimlarining cheklangan soniga kirmaydi.
Izoh. Ishlab chiqarish xodimlari soni bajariladigan ishlar hajmiga koʻra belgilanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 10-yanvardagi 4-son qaroriga 4-ILOVA
Toshkent shahri tumanlari obodonlashtirish boshqarmalarining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni:
boshqaruv xodimlari (BX) — 16 kishi;
* muhandis-texnik xodimlar (MTX) — 8 kishi;
yordamchi xodimlar — 7 kishi;
** faqat yoʻl taʼmirlash ishlariga tatbiq etiladi;
*** boshqaruv xodimlarining cheklangan soniga kirmaydi.
Izoh. Ishlab chiqarish xodimlari soni bajariladigan ishlar hajmiga koʻra belgilanadi”.
