Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida (PF-270-son)
30.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini izchil davom ettirish, mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi pozitsiyasini yanada yaxshilash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining faoliyatini yangi bosqichga koʻtarish maqsadida qaror qilaman:
I. Ustuvor yoʻnalishlar
1. Quyidagilar korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishning 2030-yilgacha boʻlgan ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari)da korrupsiyaga qarshi kurashishning professional va samarali tizimini tashkil etish;
(b) korrupsiya oqibatlari bilan kurashishdan koʻra korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va preventiv mexanizmlarni joriy etish orqali tizimli korrupsiyaviy holatlarni oldini olish;
(v) raqamli texnologiyalar, shu jumladan, sunʼiy intellektni joriy qilishni hamda ulardan samarali foydalanishni kengaytirish;
(g) davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish va muntazam takomillashtirib borish.
2. Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishning sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
II. Korrupsiya omillarini aniqlash va bartaraf etish samaradorligini oshirish
3. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida preventiv mexanizmlarni joriy etishga qaratilgan quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:
(a) korrupsiyani oldini olish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarida yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish hamda uslubiy yordam koʻrsatib borish;
(b) davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish;
(v) amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ulardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;
(g) davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori boʻlgan vazifa va funksiyalarini raqamlashtirish boʻyicha takliflar va minimal talablarni ishlab chiqish;
(d) “E-qaror” tizimida qabul qilinadigan hujjatlarni eʼlon qilishda ochiqlikka oid qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish va ochiqlikni taʼminlash boʻyicha taʼsirchan choralarni qoʻllash;
(j) xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar boʻyicha qarorlar qabul qilishda korrupsiyaviy omillar, shu jumladan, manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash hamda oldini olish.
4. Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining faoliyati Agentlik bilan uzviy hamkorlikda tashkil etiladi. Bunda:
(a) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni amalga oshirishga oid faoliyati Agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladi;
(b) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari va ular xodimlarining vazifalari, funksiyalari va javobgarligi Agentlik bilan kelishilgan holda ish beruvchi tomonidan tasdiqlanadi;
(v) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari xodimlari zimmasiga ularning vazifalari va funksiyalari bilan bogʻliq boʻlmagan topshiriqlar yuklatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
(g) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining rahbar va xodimlari faoliyatiga samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) qoʻllanilmaydi, bunda:
(i) samaradorlik koʻrsatkichlaridan (KPI) kelib chiqadigan ustamalar tegishli lavozim uchun belgilangan maksimal miqdorda tatbiq etiladi;
(ii) ustamalar miqdorini pasaytirish masalasi Agentlik roziligi bilan hal etiladi;
(d) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining xodimlarini intizomiy javobgarlikka tortish Agentlik bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;
(j) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari xodimlari davlat organlari va tashkilotlarining oʻz mablagʻlari hisobidan Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan reja-jadvalga asosan maxsus oʻquv kurslarida oʻqitiladi.
5. Belgilansinki, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining masʼul lavozimlariga nisbatan ish tajribasi va kasbiy kompetensiyasiga doir quyidagi minimal talablar joriy etiladi:
(a) yurisprudensiya, iqtisodiyot, moliya, soliq, audit, tizimli tahlil, menejment yoki axborot texnologiyalari mutaxassisliklari boʻyicha oliy maʼlumot;
(b) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmasi boshligʻi lavozimi uchun mutaxassisligi boʻyicha kamida 4 yillik, boshqaruv xodimlari uchun 3 yillik ish staji. Bunda komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishidagi ish stajiga ustuvorlik beriladi;
(v) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida maxsus oʻquv kurslaridan oʻtganlik toʻgʻrisida sertifikatga ega boʻlish. Sertifikatga ega boʻlgan mutaxassislar Agentlikda yuritiladigan korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalariga nomzodlar zaxirasiga kiritiladi.
6. 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida 2030-yilgacha bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi. Bunda:
(a) ushbu tizim birinchi navbatda Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi natijalariga koʻra “qoniqarsiz” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlarida joriy etiladi;
(b) davlat organlari va tashkilotlarida Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan reja-grafikka muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;
(v) Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimining belgilangan muddatlarda joriy etilmaganligi davlat organi yoki tashkiloti rahbari va oʻrinbosarlariga tizim joriy etilgunga qadar boʻlgan muddatda barcha ragʻbatlantirish toʻlovlari toʻxtatib turilishiga sabab boʻladi.
7. Agentlikka quyidagi huquqlar berilsin:
(a) korrupsiyaviy xavf-xatar va huquqbuzarlik darajasi yuqori boʻlgan davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari tuzilmasiga qoʻshimcha shtat birliklarini koʻpi bilan 2 yil muddatga joriy etish. Bunda:
(i) qoʻshimcha shtat birliklari Agentlik direktorining taqdimnomasiga asosan ushbu tashkilotlarning mavjud shtat birliklari doirasida joriy etiladi;
(ii) qoʻshimcha shtat birliklariga xodimlarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish Agentlik tomonidan amalga oshiriladi;
(b) davlat organlari va tashkilotlarida faoliyati xususiyatlariga mos boʻlgan “komplayens-nazorat” tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar va tashabbuslarni ishlab chiqish, sohalar va tarmoqlarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini rivojlantirish masalalari boʻyicha loyiha ofislarini tashkil etish. Bunda:
(i) loyiha ofislari Agentlik direktorining buyrugʻiga muvofiq Agentlik xodimlari, davlat organlari va tashkilotlari korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari xodimlari hamda ekspert va mutaxassislardan iborat tarkibda tuziladi;
(ii) Agentlik direktorining davlat organlari va tashkilotlari xodimlarini loyiha ofislariga jalb qilish haqidagi buyrugʻi bajarilishi majburiy hisoblanadi;
(iii) davlat organlari va tashkilotlari xodimlari loyiha ofisi faoliyatiga jalb etilgan davrda ularning oylik ish haqi va boshqa barcha qoʻshimcha toʻlovlari saqlab qolinadi;
(iv) loyiha ofisi faoliyatiga jalb etilgan davlat organlari va tashkilotlarining xodimlari, ekspert va mutaxassislarga oʻrganish olib borilayotgan davlat organi yoki tashkilotining budjetdan tashqari jamgʻarmasi va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoʻshimcha haq toʻlanishi mumkin.
8. Agentlik amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish va ulardagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf qilish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha masʼul organ etib belgilansin. Bunda:
(a) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish natijalari boʻyicha hujjatlar Agentlikka taqdim etiladi;
(b) 2027-yildan boshlab Agentlik tahlillar asosida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishning davlat organlari uchun majburiy boʻlgan yillik reja-grafigini har yili 1-aprelga qadar tasdiqlaydi va eʼlon qiladi;
(v) yillik reja-grafigi ijrosi natijalari haqidagi axborot Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boriladi.
III. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha yaxlit tizimni tashkil etish
9. Agentlik, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari va fuqarolik jamiyati institutlarining doimiy hamkorligiga asoslangan Korrupsiyaning oldini olishning yaxlit tizimi (keyingi oʻrinlarda — Korrupsiyaning oldini olish klasteri) joriy etilsin.
10. Belgilansinki, Korrupsiyaning oldini olish klasteri doirasida:
(a) huquqni muhofaza qiluvchi organlar Agentlikni korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida aniqlangan korrupsiyaviy omillar va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar boʻyicha tahliliy va statistik maʼlumotlar bilan taʼminlaydi;
(b) Agentlikka Hisob palatasi, Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan moliyaviy nazorat va auditni amalga oshirishda davlat xaridlari, manfaatlar toʻqnashuvi, moliyaviy xavf-xatarlar yuzasidan oʻtkazilgan tahlillar va oʻrganish natijalari bilan axborot tizimi orqali tanishishga ruxsat beriladi;
(v) 2-ilovadagi ilmiy muassasalar korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ilmiy tahlillarni qiladi, Agentlikning buyurtmasiga asosan ilmiy asoslangan yechimlarni ishlab chiqadi, malaka oshirish dasturlarini tashkillashtiradi;
(g) korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari tizimdagi korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilishining holati va yoʻnalishlari haqida maʼlumot hamda ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni har chorakda Agentlikka taqdim etib boradi;
(d) fuqarolik jamiyati institutlari korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha jamoatchilik nazorati, shu jumladan, jamoatchilik eshituvi hamda monitoringi, jamoatchilik fikrini oʻrganishni amalga oshiradi.
11. Agentlik:
(a) toʻplangan maʼlumotlar tahlili asosida:
(i) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha manzilli va natijaga yoʻnaltirilgan davlat siyosatini, shu jumladan, sohaga oid strategiyalar, metodologiya va standartlarni ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
(ii) korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlarni tizimlashtirish mezonlarini ishlab chiqadi va guruhlarga ajratadi;
(iii) korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlarni bartaraf qilish mexanizmlari va ular boʻyicha masʼul ijrochilarni belgilagan holda chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqadi;
(b) mamlakatda korrupsiya holatini monitoring qiladi, korrupsiyaviy omillarni aniqlash boʻyicha manzilli tahlillar olib boradi;
(v) davlat organlari va tashkilotlarining vazifalaridagi korrupsiyaviy omillar hamda tizimli muammolarni aniqlab, ularni raqamlashtirish va bartaraf qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritib boradi;
(g) Korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari faoliyatini muvofiqlashtiradi.
12. Korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari boʻlgan davlat organlari Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashga har yarim yilda oʻz faoliyati yuzasidan axborot kiritib borsin.
IV. Davlat boshqaruvi sohasi faoliyatini raqamlashtirish orqali korrupsiya xavf-xatarlarni minimallashtirish
13. Quyidagi imkoniyatlarga ega “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi (keyingi oʻrinlarda — Dasturiy kompleks) 2026-yil 1-iyuldan boshlab sinov rejimida ishga tushirilsin:
(a) Korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari oʻrtasida tezkor maʼlumot almashish;
(b) davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini Dasturiy kompleks bilan integratsiya qilish orqali Agentlik faoliyatini axborot jihatdan taʼminlash;
(v) Dasturiy kompleksning “E-Komplaens” modulini ishga tushirish orqali korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatini toʻliq raqamlashtirish;
(g) quyidagilarni nazarda tutuvchi sunʼiy intellekt texnologiyalari:
(i) Dasturiy kompleks va boshqa axborot resurslaridagi maʼlumotlar tahlili asosida korrupsiyaviy xavflarni aniqlash, ularning oldini olishga qaratilgan yechimlarni ishlab chiqish;
(ii) davlat xaridlarida ommaviy ofertaga munosabat bildirishda affillanganlik va manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligini aniqlash va ishtirokchilarning ishtirokini avtomatik cheklash.
14. Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkiga Dasturiy kompleksni joriy etish boʻyicha yagona integrator funksiyasi yuklatilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) Dasturiy kompleksni ishlab chiqish va 2026-yil yakuniga qadar toʻliq rejimda ishga tushirish;
(b) Dasturiy kompleksni boshqa davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash;
(v) Agentlik faoliyatida raqamlashtirish siyosatini amalga oshirish va standartlarni joriy etish.
15. Raqamli texnologiyalar vazirligi Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Dasturiy kompleks ishlab chiqilishini taʼminlasin.
16. Belgilansinki, respublika va mahalliy ijroiya hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni “E-qaror” elektron tizimida asossiz ravishda eʼlon qilmaslik, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish deb hisoblanadi hamda tegishli javobgarlikka tortishga asos boʻladi.
17. Ushbu Farmon bilan yuklatilayotgan yangi vazifalardan kelib chiqib:
(a) Agentlikning mavjud shtat birliklari doirasida korrupsiyaviy xavf-xatar darajasi yuqori boʻlgan maʼmuriy tartib-taomillarni raqamlashtirish, shu jumladan, davlat xaridlari sohasida korrupsiyaga qarshi avtomatlashtirilgan nazorat tizimini joriy etishga masʼul boʻlgan “Xavf-tahlil markazi” tashkil etilsin;
(b) Xavf-tahlil markaziga maʼlumotlar bazasidan va axborot tizimlaridan real vaqt rejimida foydalanishga ruxsat berish, shuningdek, Agentlikning elektron soʻroviga muvofiq maʼlumotlar taqdim etish choralarini koʻradigan davlat organlari va tashkilotlarining roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
V. Agentlik va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralari
18. Belgilansinki:
(a) Agentlikka unga yuklatilgan vazifalarni toʻliq, sifatli va samarali amalga oshirish bilan bogʻliq maʼlumotlarni toʻliq yoki qisman taqdim etmaslik yoxud notoʻgʻri maʼlumotlarni taqdim etish, zarur axborot tizimlarini integratsiya qilishga asossiz qarshilik koʻrsatish Agentlikning qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilish deb baholanadi;
(b) davlat organlari va tashkilotlari markaziy apparatining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalariga tizim tashkilotlariga qonunbuzilish holatlarini oldini olish boʻyicha koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma va ularni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritish huquqi beriladi.
19. Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni mehnat qonunchiligining buzilishi, shu jumladan, mehnat faoliyatida taʼqib, tazyiq holatlaridan himoya qilish maqsadida, Agentlik tomonidan himoya orderini taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.
20. 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarida alohida modda bilan Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish uchun kamida 10 mlrd soʻm mablagʻ ajratilishi nazarda tutilsin. Bunda mablagʻlarning 10 mlrd soʻmdan oshadigan qismi Agentlikning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq ajratiladi.
VI. Tashkiliy chora-tadbirlar
21. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi toʻgʻrisida nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
22. Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshgan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari hamda faol fuqarolarni ragʻbatlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
Agentlik har yili 9-dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni arafasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishoni bilan taqdirlashni yoʻlga qoʻysin.
23. Agentlik uch oy muddatda Agentlik geraldik belgisi — emblemasi namunasi va tavsifi hamda undan foydalanish tartibini tasdiqlasin.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
25. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.E. Burxanov belgilansin.
26. Farmon ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Komplayens xizmati boshligʻi E.T. Yuldashev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 30-dekabr,
PF-270-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son Farmoniga 1-ILOVA
Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan
CHORA-TADBIRLAR REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son Farmoniga 2-ILOVA
Korrupsiyaning oldini olish klasteri doirasida faoliyat yuritadigan ilmiy muassasalar
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
2. Toshkent davlat yuridik universiteti
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti
4. Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son Farmoniga 3-ILOVA
Xavf-tahlil markaziga maʼlumotlar bazasidan va axborot tizimlaridan real vaqt rejimida foydalanishga ruxsat berish, shuningdek, Agentlikning elektron soʻroviga muvofiq maʼlumotlar taqdim etish choralarini koʻradigan davlat organlari va tashkilotlarining
ROʻYXATI
I. Xavf-tahlil markazi tomonidan maʼlumotlar bazasidan va axborot tizimlaridan real vaqt rejimida foydalanish ruxsat etiladigan tashkilotlar:
1. Hisob palatasi
2. Boshqaruv samaradorligi agentligi
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi
4. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
5. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi
6. Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari
7. Suv xoʻjaligi vazirligi hamda uning tizim tashkilotlari
8. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi
9. Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi hamda uning tizim tashkilotlari
10. Transport vazirligi
11. Energetika vazirligi
12. Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi
13. Raqamli texnologiyalar vazirligi
14. Sogʻliqni saqlash vazirligi
15. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
16. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
17. Sport vazirligi
18. Madaniyat vazirligi
19. Adliya vazirligi
20. Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi
21. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi
22. Yoshlar ishlari agentligi
23. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi
24. Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi
25. Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi
26. Migratsiya agentligi
27. Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi
28. Soliq qoʻmitasi
29. Energiya samaradorligi milliy agentligi
30. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi
31. Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi
32. Ichki ishlar vazirligi
33. Bojxona qoʻmitasi
34. Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi
35. Milliy statistika qoʻmitasi
36. Kadastr agentligi
37. Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti
38. Majburiy ijro byurosi
II. Xavf-tahlil markazining elektron soʻroviga muvofiq maʼlumotlar bazasi bilan oʻzaro axborot almashuvini yoʻlga qoʻyadigan tashkilotlar:
39. Markaziy bank (offlayn shaklda maʼlumot taqdim etiladi)
40. Barcha tijorat banklari (offlayn shaklda maʼlumot taqdim etiladi)
41. “Navoiy KMK” AJ
42. “Olmaliq KMK” AJ
43. “Oʻzbekneftgaz” AJ
44. “Oʻztransgaz” AJ
45. “Hududgaztaʼminot” AJ
46. “UzGasTrade” AJ
47. “Muborakneftgazmontaj” AJ
48. “Buxoro NQIZ” MCHJ
49. “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ
50. “Raqamli transformatsiya markazi” MCHJ
51. “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ
52. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ
53. “Angren IES” AJ
54. “Yangi Angren IES” AJ
55. “Navoiyuran” DK
56. “Navoiy KMK” jamgʻarmasi” DM
57. “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJ
58. “Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi” AJ
59. “Respublika koʻp tarmoqli agrosanoat birjasi” AJ
60. “Toshkent” respublika fond birjasi” AJ
61. “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi” AJ
62. “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” DUK
63. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ
64. “Uzbekistan airways” AJ
65. “Uzbekistan airports” AJ
66. “Oʻzavtosanoat” AJ
67. “Oʻzkimyosanoat” AJ
68. “Navoiyazot” AJ
69. “Fargʻonaazot” AJ
70. “Oʻzdonmahsulot” AK
71. “Oʻzbektelekom” AK
72. “Oʻzmetkombinat” AJ
73. “Oʻzbekgidroenergo” AJ
74. “Oʻzagroservis” AJ
75. “Oʻzagrolizing” AJ
76. “Oʻzagrosugʻurta” AJ
77. “Oʻzbekinvest” EISK” AJ
78. “Oʻzsuvtaʼminot” AJ
79. “Toshshahartransxizmat” AJ
80. Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiradigan davlat maqsadli jamgʻarmalari
81. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari
82. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari
Izohlar:
mazkur roʻyxatdagi vazirlik, idora va tashkilotlarda yangi maʼlumotlar bazasi yoki dasturiy taʼminot ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilganda, Xavf-tahlil markazining soʻroviga koʻra yangi maʼlumotlar bazasi va dasturiy taʼminotlar Xavf-tahlil markaziga taqdim etiladi hamda integratsiya qilinadi;
vazirlik, idora va tashkilotlarning real vaqt rejimida maʼlumotlar bazasidan foydalanishga ruxsat dasturiy kompleks funksiyalariga va maʼlumotlar bazasi tarkibiga aralashish huquqisiz beriladi;
Xavf-tahlil markazining soʻroviga koʻra hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan vakolatlar va vazifalar doirasida vazirlik, idora va tashkilotlar bilan maʼlumotlar almashish amalga oshiriladi;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Xavf-tahlil markaziga davlat xaridlarining elektron tizimi operatorlarining maʼlumotlar bazasidan real vaqt rejimida foydalanish imkoniyati yaratilishini taʼminlaydi.
Mazkur roʻyxatga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari bilan kelishilgan holda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son Farmoniga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
2. Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida masʼul boʻlgan maxsus vakolatli milliy darajadagi davlat organi hisoblanadi.
3. Agentlik oʻz faoliyatini qonuniylik, xolislik, hisobdorlik, ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida boshqa davlat organlari, tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
4. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari oldida hisobdordir.
5. Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
6. Agentlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qaror va buyruqlari barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
7. Agentlik yuridik shaxs hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga va blanklarga, mustaqil balansga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, chet el valyutasidagi bank hisobvaraqlariga ega boʻladi.
8. Agentlikning rasmiy nomlanishi:
(a) davlat tilida toʻliq nomi — Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, qisqartirilgan nomi — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
(b) ingliz tilida toʻliq nomi — The Anti-corruption agency of the Republic of Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Anti-corruption agency;
(v) rus tilida toʻliq nomi — Agentstvo po protivodeystviyu korrupsii Respubliki Uzbekistan, qisqartirilgan nomi — Agentstvo po protivodeystviyu korrupsii.
9. Agentlikning joylashgan manzili (pochta manzili): 100070, Toshkent shahri Sh.Rustaveli koʻchasi 8A-uy.
2. Agentlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
10. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
(a) korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish;
(b) mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
(v) davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
(g) davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning zamonaviy va taʼsirchan vositalarini joriy etish;
(d) normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini taʼminlash;
(j) korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
(z) davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va samarali ishlashini tashkil etish;
(i) davlat xizmatiga halollik standarti hamda manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish va hal etish standartlarini joriy etishga koʻmaklashish, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
(k) davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish;
(l) Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashi va uning hududiy kengashlari faoliyatini samarali tashkil etish;
(m) korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
11. Agentlik oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
(a) korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish sohasida:
(i) ilgʻor tajribalarni hisobga olgan holda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqadi;
(ii) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha strategiya va davlat dasturlarini, shuningdek, hududiy va tarmoq dasturlarini ishlab chiqadi, amalga oshirishni tashkil etadi va ijrosini monitoring qilib boradi;
(iii) korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularni belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun vakolatli organlarga kiritadi;
(iv) har yili ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilinishi lozim boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida milliy maʼruzani tayyorlaydi hamda uni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritadi;
(v) xalqaro standartlarni va ilgʻor xorijiy amaliyotni joriy etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
(vi) korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
(b) mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:
(i) korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori boʻlgan sohalarni, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazadi, shu jumladan, sotsiologik, ilmiy va boshqa tadqiqotlar oʻtkazilishini tashkillashtiradi;
(ii) korrupsiya holatini oʻrganish boʻyicha tadbirkorlar va aholi oʻrtasida soʻrovlar, shu jumladan, anonim soʻrovlar oʻtkazadi;
(iii) korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlar samaradorligini oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqadi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
(v) davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish sohasida:
(i) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha idoralararo hamkorlik mexanizmlarini shakllantiradi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
(ii) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bilan bogʻliq vazifalar ijro qilinmagan taqdirda ularning mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;
(iii) davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi (“komplayens-nazorat”) joriy etilishi va samarali faoliyat yuritishini tashkil etadi;
(iv) davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtiradi va uslubiy jihatdan taʼminlaydi, ushbu boʻlinma xodimlarini stajirovkaga yuborish va attestatsiyadan oʻtkazish, oʻqitish va malakasini oshirish hamda sertifikatsiyalash ishlarini tashkil etadi;
(v) davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqidagi murojaatlarni koʻrib chiqish holatini oʻrganadi;
(vi) korrupsiya holatlariga doir axborotlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga taqdim etadi;
(g) davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning zamonaviy va taʼsirchan vositalarini joriy etish sohasida:
(i) zamonaviy usullar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali va xalqaro standartlarga asoslangan vositalarini joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
(ii) korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va bartaraf etishda ijobiy natijalarga erishgan davlat organlari va tashkilotlarining tajribasini keng ommalashtiradi;
(iii) davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida korrupsiyaga oid xavf-xatarlarni baholaydi va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi;
(iv) davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholaydi va reytingini eʼlon qiladi;
(v) fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalardagi korrupsiya darajasini baholaydigan korrupsiyani qabul qilish Milliy indeksini tuzishni tashkil etadi;
(d) normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi samaradorligini taʼminlash sohasida:
(i) normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazadi;
(ii) davlat organlari va tashkilotlariga normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish boʻyicha metodologik koʻmak koʻrsatadi;
(iii) normativ-huquqiy hujjatlarda korrupsiyaga qarshi ekspertizasi tizimining samaradorligini tahlil qiladi hamda ularni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
(iv) 2027-yildan boshlab:
normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasini oʻtkazish boʻyicha ekspertlar reyestrini yuritadi;
amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining faoliyatini tahlil qiladi va monitoringini amalga oshiradi;
huquqni qoʻllash amaliyotidagi korrupsiyaviy xavf-xatarlar tahlili asosida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishning yillik reja-grafigini har yili 1-aprelga qadar tasdiqlaydi va eʼlon qiladi, shuningdek, uning ijrosi yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boradi;
ekspertiza natijalari boʻyicha aniqlangan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan tegishli taklif ishlab chiqish yuzasidan davlat organlari va tashkilotlariga koʻrsatma kiritib boradi;
(j) korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
(i) fuqarolarning huquqiy ongi, huquqiy madaniyati va korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatini shakllantirishga va oshirib borishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
(ii) korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan tadbirlarga fuqarolik jamiyati institutlari vakillarini faol jalb etadi hamda ularning davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda samarali faoliyat olib borishiga koʻmaklashadi;
(iii) korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish boʻyicha ijtimoiy sheriklik dasturlarini shakllantiradi hamda amalga oshiradi;
(iv) korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga oid materiallar, media kontentlar va axborotlar tayyorlanishi hamda tarqatilishini tashkil etadi;
(v) xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirokida fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun seminar, trening va boshqa tadbirlarni tashkil qiladi;
(vi) korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida yoshlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun maxsus kurslar ishlab chiqilishiga, mazkur auditoriyaning jalb etilishiga koʻmaklashadi;
(vii) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosati, korrupsiyaviy xavf-xatarlar va tadqiqot natijalarini inobatga olib, yangi oʻquv modullarini joriy etish boʻyicha takliflar kiritadi;
(z) davlat xizmatchilarining daromad va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi va samarali ishlashini tashkil etish sohasida:
(i) davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiyalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish boʻyicha chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
(ii) davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulki boʻyicha deklaratsiyalarining haqqoniyligini va ishonchliligini tekshiradi;
(iii) qonunchilikda belgilangan tartibda davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish natijalari toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qiladi;
(i) davlat xizmatiga halollik standarti hamda manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish va hal etish standartlarini joriy etishga koʻmaklashish, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish sohasida:
(i) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻqitilishi lozim boʻlgan davlat xizmatchilari kontingentini shakllantiradi;
(ii) davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi bilimlarini doimiy oshirib borish boʻyicha hamkorlikda oʻquv kurslarini tashkillashtiradi;
(iii) davlat fuqarolik xizmatchilari oʻrtasida yuqori kasbiy etika, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish boʻyicha kompleks reja va dasturlar ishlab chiqilishini hamda amalga oshirilishini taʼminlaydi;
(iv) manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish va hal etish standartlarini joriy etishga qaratilgan taʼsirchan choralarni koʻradi, shuningdek, ularga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(v) manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq axborotni va materiallarni davlat organlari va tashkilotlaridan soʻrab oladi va oʻrganadi;
(vi) manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlar aniqlanganda, bitimni bekor qilish, qarorni hamda boshqa hujjatni oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisida davlat organlari va tashkilotlariga taqdimnoma kiritadi yoxud ularni haqiqiy emas deb topish haqida sudga daʼvo kiritadi;
(vii) manfaatlar toʻqnashuvini hisobga olish reyestrining, mavjud manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi xabarnomaning hamda ehtimoliy manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning namunaviy shakllarini tasdiqlaydi;
(viii) manfaatlar toʻqnashuvi natijasida fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning manfaatlariga yetkazilgan zararning oʻrni toʻliq qoplanishiga erishilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(ix) manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarlik haqida bayonnomani tuzadi va uni koʻrib chiqish uchun sudga yuboradi;
(k) davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish sohasida:
(i) davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtiradi va doimiy monitoring qilib boradi;
(ii) ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatini takomillashtirib va yangilab borish, shuningdek, ochiqlikni taʼminlash sohasidagi qonunchilik va ularda nazarda tutilgan mexanizmlarni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishga koʻmaklashadi;
(iii) “Ochiqlik indeksi”ni baholash indikator va mezonlarida koʻrsatilgan maʼlumotlarni oʻz vaqtida ochiqlab borish va belgilangan talablar ijro etilishini oʻrganadi, davriy baholab boradi hamda davlat idoralarining bu boradagi faoliyatini yaxshilashga koʻmaklashadi;
(iv) nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini taʼminlashga qaratilgan loyihalarini hamda bu borada oʻtkaziladigan tadqiqotlarini va ijtimoiy soʻrovlarini moliyalashtiriladi;
(v) davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini joyiga chiqqan holda oʻrganadi va aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan huquqiy taʼsir choralari qoʻllaydi;
(vi) davlat organlari va tashkilotlaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) hamda ularning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilingan telefon raqamlarining doimiy ravishda ishchi holatdaligi, maʼlumotlar almashinuvi samaradorligi, qayta aloqaning mavjudligi, shu jumladan, tezkorligi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi darajasini “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirini oʻtkazish orqali tekshiradi;
(l) Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari faoliyatini samarali tashkil etish sohasida:
(i) Milliy kengash yigʻilishlari, kun tartibi hamda dasturlarini ishlab chiqish va ularda belgilangan masalalar yuzasidan tashkiliy choralarni amalga oshiradi;
(ii) Milliy kengash tomonidan koʻrib chiqiladigan masalalar yuzasidan vazifa va topshiriqlarni ishlab chiqish borasida taklif beradi;
(iii) Milliy kengash tomonidan belgilangan vazifa va topshiriqlarning samarali ijro etilishini taʼminlash yuzasidan tashkiliy choralarni amalga oshiradi;
(iv) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul boʻlgan qoʻmitalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining tegishli qoʻmitasi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalari bilan hamkorlik qiladi;
(m) korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sohasida:
(i) mamlakatning imijini mustahkamlash va uning xalqaro reytinglardagi oʻrnini oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
(ii) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligining umumeʼtirof etilgan xalqaro meʼyorlar va standartlarga muvofiqligini oʻrganadi, shuningdek, ularni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
(iii) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xorijiy davlatlarning vakolatli organlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi va axborot almashinuvini amalga oshiradi;
(iv) BMTning Korrupsiyaga qarshi konvensiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqa xalqaro shartnomalari qoidalarining bajarilishi bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni muvofiqlashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy koordinatori vazifasini bajaradi;
(v) Agentlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyadi va xorijiy davlatlarning vakolatli organlari hamda xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik shakllarini rivojlantiradi;
(vi) korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi islohotlarni jadallashtirish maqsadida xalqaro hamkorlar bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshiradi;
(vii) xorijiy ekspertlar va xalqaro hamkorlar ishtirokida korrupsiyaning oldini olish sohasida tadqiqot va tahlil ishlarini tashkil etadi;
(viii) Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tarmogʻining Istanbul harakatlar dasturi doirasidagi ishlar hamda ishlab chiqilgan tavsiyalarning amalga oshirilishini tashkillashtiradi.
Agentlik qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3. Agentlikning huquqlari
12. Agentlik korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
(a) budjet mablagʻlarining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bogʻliq materiallarni talab qilish, olish va oʻrganish;
(b) oʻz vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan oʻrnatilgan tartibda normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish;
(v) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va boshqa davlat organlari koʻrib chiqishi uchun qonunchilikni va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish masalalari hamda oʻziga yuklatilgan vazifa va funksiyalar boʻyicha takliflar kiritish;
(g) jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari boʻyicha murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha choralar koʻrish;
(d) oʻrganish va boshqa tadbirlar natijalari boʻyicha toʻplangan materiallarni faoliyatida korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari boʻlgan shaxslarga nisbatan qonunga muvofiq choralar koʻrish, jumladan, jinoyat ishlarini qoʻzgʻatish uchun huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa davlat organlariga taqdim etish;
(j) tadqiqotlar oʻtkazish hamda tahliliy materiallar tayyorlash boʻyicha qoʻshma ishchi guruhlarini tuzish;
(z) korrupsiya faktlari toʻgʻrisidagi xabarlarni tekshirish natijalari boʻyicha qabul qilingan qaror toʻgʻrisida maʼlumotni talab qilib olish;
(i) ijro hokimiyati va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini toʻxtatish yoki bekor qilish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalarni kiritish;
(k) davlat organlari, tashkilotlari va ularning mansabdor shaxslariga koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan korrupsiyaga oid huquqbuzarlikka yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida ogohlantirishlar hamda korrupsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini koʻrish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritish;
(l) fuqarolarning korrupsiyaga oid murojaatlari va maʼlumotlar yuzasidan tegishli davlat organlarida tekshirishlar oʻtkazish;
(m) oʻziga yuklatilgan vazifalarni tezkor va oʻz vaqtida bajarish maqsadida vazirlik va idoralarning maʼlumotlar bazasi, roʻyxati va boshqa koʻrinishdagi axborot tizimlaridan foydalanish;
(n) davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulklarini deklaratsiyalash qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan qonuniy chora qoʻllash yoki boshqa tegishli choralarni qoʻllash uchun materiallarni vakolatli organlarga yuborish;
(o) korrupsiyaning sabab va shart-sharoitlarini, korrupsiya holatini oʻrganish hamda tahlil qilish maqsadida davlat organlari va tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, ushlab turilganlarni va qamoqqa olinganlarni saqlash joylari, jazoni ijro etish muassasalariga moneliksiz kirish va hujjatlar bilan tanishish;
(p) Oʻzbekiston Respublikasining obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan hamda davlat va jamiyatning hayotiy muhim manfaatlariga jiddiy zarar yetkazadigan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar yuzasidan qonuniy taʼsir choralari koʻrilishini tashkillashtirish;
(r) oʻz vakolatlari doirasida sudlarga koʻrib chiqish uchun daʼvo arizalar (ariza, shikoyat) kiritish;
(s) davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida koʻrsatilgan talablarni muntazam ravishda buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib borish.
Agentlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
13. Agentlikning ogohlantirish, taqdimnoma va murojaatlari oʻn kun ichida koʻrib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart.
4. Agentlik rahbarlarining asosiy funksional majburiyatlari
14. Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarga muvofiq uning rahbarlari quyidagi funksional majburiyatlarni bajaradi:
(a) Agentlik direktori:
(i) Agentlik faoliyatiga rahbarlikni amalga oshiradi va Agentlik zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
(ii) Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash majlislarida ishtirok etadi va Milliy kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijrosi taʼminlanishiga masʼul hisoblanadi;
(iii) davlat organlari, jamoat tashkilotlari va xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda Agentlik nomidan ish koʻradi;
(iv) Agentlikning xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
(v) Agentlik direktori oʻrinbosarlari va xodimlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi, shuningdek, oʻrinbosarlari va Agentlikning boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini hamda shaxsiy javobgarlik darajasini belgilaydi;
(vi) Agentlik hamda davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining xodimlarini Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofotlariga tavsiya etadi;
(vii) buyruq, qaror va koʻrsatmalar chiqaradi hamda Agentlikning tarkibiy tuzilmalari toʻgʻrisida nizomlarni, shuningdek, Agentlik faoliyati yuzasidan boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi;
(viii) Agentlikning xarajatlar smetasini va belgilangan shtatlar soni doirasida shtatlar jadvalini tasdiqlaydi;
(ix) ijro intizomiga, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonun hujjatlariga muvofiq koʻrib chiqish muddatlari va tartibiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlaydi;
(x) Agentlik direktori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Agentlik direktori boʻlmagan vaqtda uning vakolatlari direktorning birinchi oʻrinbosari tomonidan, u boʻlmagan vaqtda esa direktorning boshqa oʻrinbosarlaridan biri tomonidan amalga oshiriladi;
(b) direktorning oʻrinbosarlari:
(i) Agentlikning zimmasiga yuklatilgan vazifalar boʻyicha soha va yoʻnalishlarni boshqaradi;
(ii) korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va boshqa hujjatlarning loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish va sifatli tayyorlashni tashkil etish masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasining tegishli boʻlinmalari bilan oʻzaro hamkorlik qiladi;
(iii) Agentlik direktorining topshiriqlariga binoan korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasiga oid dasturiy hujjatlarning bajarilishini muvofiqlashtiradi;
(iv) oʻzlari mutasaddilik qilayotgan Agentlik tarkibiy boʻlinmalarida kadrlar zaxirasini shakllantirish boʻyicha ishlarni tizimli asosda tashkillashtiradi;
(v) Agentlik direktori vaqtincha boʻlmaganida uning vazifalarini bajaradi;
(vi) qonun hujjatlari va Agentlik direktorining qarorlariga muvofiq boshqa funksional majburiyatlarni bajaradi.
5. Agentlik faoliyatini tashkil etish
15. Agentlikning tashkiliy tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining cheklangan soni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
16. Agentlik direktori boshqaruv xodimlarning belgilangan cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Agentlikning tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritishi mumkin.
17. Agentlikka Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan saylanadigan va lavozimidan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.
18. Agentlik direktori lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etiladi.
19. Agentlik direktori oʻrinbosarlari Agentlik direktori taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
20. Agentlik faoliyatining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilikni keng jalb qilish maqsadida Agentlik huzurida jamoatchilik kengashi tuziladi. Agentlik huzuridagi jamoatchilik kengashining tarkibi Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.
21. Agentlikka xodimlarni ishga qabul qilish Agentlik direktori tomonidan belgilangan tartibga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi.
22. Agentlik direktori va uning oʻrinbosarlariga xizmat guvohnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan, boshqa xodimlarga Agentlik direktori tomonidan beriladi. Agentlik xodimlarining xizmat guvohnomasi shakli Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.
23. Xodimlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatida nazarda tutilgan hollarda Agentlikdagi ish faoliyati davrida attestatsiyadan oʻtkaziladi.
24. Agentlik xodimlariga ilgari ishlagan joyida koʻp yillik mehnati uchun berilgan ustamalar va qoʻshimcha haq, harbiy va maxsus unvonlar (martaba va malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) saqlanib qoladi.
25. Agentlikda ishlagan vaqt harbiy va maxsus unvonlarni (martaba va malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga kiritiladi.
26. Agentlikka lavozimga tayinlangan (yuborilgan) huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari oʻz majburiyatlarini bajarish davrida pul taʼminoti saqlanmagan holda tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar kadrlarining amaldagi zaxirasiga toʻgʻridan-toʻgʻri kiritiladi.
27. Agentlik xodimlari mehnat faoliyatini toʻxtatganlaridan soʻng ularga avvalgi ish joyi boʻyicha egallagan yoki unga teng boʻlgan lavozim berish kafolatlari taʼminlanadi.
6. Agentlikning davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorligi
28. Agentlik oʻz vazifalari va funksiyalarini amalga oshirishda davlat organlari va tashkilotlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
29. Agentlikning faoliyatiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmalari tomonidan mutasaddilik qilinadi.
7. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlari
30. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.
31. Agentlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha:
(a) Agentlik rahbarlari va xodimlarini ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
(b) Agentlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari koʻriladi.
8. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash va moddiy ragʻbatlantirish
32. Quyidagilar Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
(b) Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
(v) vaqtincha boʻsh mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
(g) qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
33. Har yili Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti parametrlarida alohida modda bilan Agentlik faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar nazarda tutiladi.
34. Agentlik oʻz vakolatlarini amalga oshirishi uchun zarur moddiy-texnika vositalari va boshqa asbob-uskunalar bilan taʼminlanadi.
35. Agentlikni moddiy-texnik jihatdan taʼminlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, uning xodimlari mehnatiga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, budjetdan tashqari jamgʻarma manbalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
36. Agentlik xodimlarining ish haqi lavozim maoshi, mukofotlar, qoʻshimcha haqlar, ustamalardan va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa toʻlovlardan iborat.
37. Xizmat vazifasini sidqidildan va samarali bajarib kelayotgan Agentlikning yuqori malakali, tashabbuskor xodimlariga yuqori malakasi uchun Agentlik direktori tomonidan Jamoatchilik nazoratini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan shaxsiy ustamalar belgilanishi mumkin.
9. Agentlikning hisobdorligi
38. Agentlik direktori oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga va Oliy Majlisi palatalariga muntazam ravishda hisobot beradi.
39. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy boʻlinmasi Agentlikka yuklangan vazifalar samarali bajarilishi boʻyicha ular faoliyati ustidan muntazam monitoring olib boradi, Agentlik faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
10. Yakunlovchi qoida
40. Agentlikni qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-son Farmoniga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6013-son Farmoni 2-bandi quyidagi mazmundagi oʻn toʻqqizinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“davlat xizmatchilari axloq qoidalariga zid xatti-harakatlar qilishining oldini olishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirish”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-154-son Farmonida:
(a) 11-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Belgilansinki, davlat organlari va tashkilotlari Ochiqlik indeksini baholash mezonlari va indikatorlarida belgilangan talablar ijrosiga oid maʼlumotlarni (hujjatlarni) Yagona idoralararo axborot tizimiga (platforma) joylashtirib borishi shart”.
(b) 1-ilovada:
(i) 36-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“36. Baholash indikatorlari boʻyicha ballar quyidagicha taqsimlanadi:
birinchi indikator — maksimal 20 ball;
ikkinchi indikator — maksimal 20 ball;
uchinchi indikator — maksimal 16 ball;
toʻrtinchi indikator — maksimal 6 ball;
beshinchi indikator — maksimal 8 ball;
oltinchi indikator — maksimal 11 ball;
yettinchi indikator — maksimal 15 ball;
sakkizinchi indikator — maksimal 4 ball”;
(ii) 1-ilova quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 1-ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlashga masʼul boʻlgan xodimlar faoliyatining samaradorligini
BAHOLASH MEZONLARI
Bunda:
U — davlat organi yoki tashkilotining matbuot kotibi tomonidan joriy baholash davrida barcha mezonlar boʻyicha toʻplangan umumiy ballarning yigʻindisi;
10 — axborot xizmati rahbarining faoliyati samaradorligini baholash mezonlari soni (joriy baholash davrida toʻplangan ballar baholash mezonlari soniga boʻlinadi);
J — jami hisoblangan ball (joriy baholash davrida toʻplangan ballar baholash mezonlari soniga boʻlinganida hosil boʻlgan ball).
Izoh.
1. Indikator boʻyicha toʻplangan umumiy ballar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan jamlanib, Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ilova bilan tasdiqlangan sxemada koʻrsatilgan muddatlarda muvofiqlashtiruvchi organga taqdim qilinadi.
Muvofiqlashtiruvchi organ tomonidan umumiy toʻplangan ballar indikatorda koʻrsatilgan mezonlar soniga boʻlinib, jamlangan holda Baholash komissiyasiga taqdim qilinadi.
2. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mazkur mezonlar doirasidan chetga chiqmagan holda, oʻz baholash koʻrsatkichlarini asoslantirishga qaratilgan qoʻshimcha jadvallarni ishlab chiqishi va foydalanishi mumkin”.
(iii) 2-ilovada:
“Oʻz kuchini yoʻqotgan normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning eʼlon qilinishi”, “Tasdiqlangan dasturlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning eʼlon qilinishi”, “Dolzarb mavzularga oid maʼlumotlar toʻplamining alohida boʻlimga tizimlashtirilishi” va “Yangi maʼlumotlar bilan interaktiv usulda tanishish imkoni mavjudligi” boʻlimlari chiqarib tashlansin;
22-pozitsiyaning birinchi xatboshisida “Baholash mezonlari” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“imkoniyati cheklangan shaxslarga rasmiy veb-saytdan foydalanish uchun tashkil etilgan xizmatlar (veb-saytdagi matnni tovush joʻrligida berish imkoniyati, koʻrish qobiliyati zaiflashgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, standart ranglarni muayyan foydalanuvchi koʻradigan ranglarga oʻzgartirish imkonini beradigan rangli sozlamalardan foydalanish, shrift va interfeys elementlarini masshtablash) mavjud boʻlsa”;
“Koʻrish qobiliyati cheklangan shaxslar uchun veb-saytdan foydalanish qulayligi” boʻlimi chiqarib tashlansin;
“Mezonlar soni” va “Indikatorlar boʻyicha umumiy ball” pozitsiyalarining “Ballar” ustunidagi “25” raqami tegishincha “20” raqami bilan almashtirilsin;
(iv) 3-ilovada:
1-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hisobotlarni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish joyi va vaqti haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish”, “Hisobotlarni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilish holati” boʻlimlari chiqarib tashlansin;
4-pozitsiyaning birinchi xatboshisi “Baholash mezonlari” ustunidagi “ish rejalari” soʻzlaridan keyin “(biznes reja)” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
14-pozitsiyaning birinchi xatboshisi “Baholash mezonlari” ustunidagi “xarid komissiyasi” soʻzlari “komissiya” soʻzi bilan almashtirilsin;
“Ochiqlik sohasini takomillashtirish boʻyicha ishlab chiqilgan takliflar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning eʼlon qilinishi”, “Ochiqlik sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning eʼlon qilinishi”, “Ochiqlikni taʼminlash sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning eʼlon qilinishi” boʻlimlari chiqarib tashlansin;
“Mezonlar soni” va “Indikator boʻyicha umumiy ball*” pozitsiyalarining “Ballar” ustunidagi “21” raqami tegishincha “16” raqami bilan almashtirilsin.
(v) 5-ilovada:
“Ochiq maʼlumotlar asosida ishlab chiqilgan mobil ilovalar soni” boʻlimi chiqarib tashlansin;
“Mezonlar soni” pozitsiyaning “Ballar” ustunidagi “5” raqami “10 ta” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“Umumiy ball” pozitsiyaning “Ballar” ustunidagi “10*” raqami “8*” raqami bilan almashtirilsin.
(vi) 6-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 6-ILOVA
Ommaviy kommunikatsiya texnologiyalarining joriy qilinishini
BAHOLASH MEZONLARI
Izoh.
1. Indikator baholash mezonlarida koʻrsatilgan maʼlumot (axborot) va xizmatlar davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-sayti hamda maxsus dasturiy taʼminot vositalari orqali eʼlon qilinishi (davlat xizmatini koʻrsatish) darajasi boʻyicha baholanadi (davlat sirlari va xizmat doirasida foydalanish uchun moʻljallangan maʼlumotlar bundan mustasno).
2. Har bir baholash mezonining birinchi bandida koʻrsatilgan barcha talablar toʻliq bajarilmagan, hajmining toʻliq emasligi, notoʻgʻri maʼlumotlardan foydalanilgan yoki foydalanish imkoniyati talablariga javob bermagan taqdirda, jamlangan umumiy foiz koʻrsatkichidan 1 ballgacha ayirib tashlanishi mumkin.
3. Indikator boʻyicha toʻplangan umumiy ballar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan jamlanadi va Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini monitoring qilish va baholash boʻyicha metodikaga 9-ilova bilan tasdiqlangan sxemada koʻrsatilgan muddatlarda muvofiqlashtirilib, jamlangan holda Baholash komissiyasiga taqdim qilinadi.
4. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur mezonlar doirasidan chetga chiqmagan holda oʻz baholash koʻrsatkichlarini asoslantirishga qaratilgan qoʻshimcha jadvallar ishlab chiqishi va foydalanishi mumkin.
* Indikatordagi 2-3-mezonlar boʻyicha baholash ballarini yakuniy hisoblash tartibi:
Bunda:J=U4
U — davlat organi yoki tashkilotning baholash yili davomida butun davr uchun toʻplagan umumiy ballarining yigʻindisi;
4 — baholash mezonlarida koʻrsatilgan talablarni baholash yilining har chorakdagi yigʻindisi (butun davr uchun toʻplagan ballar baholash amalga oshiriladigan davriga boʻlinadi);
J — jami hisoblangan ball (butun davr uchun toʻplagan ballar baholash oʻtkaziladigan davrlarga boʻlinganida hosil boʻlgan ball)”.
(vi) 7-ilovada:
7-pozitsiyaning “Ballar” ustunidagi “2” va “1” raqamlari tegishincha “1” va “0,5” raqamlari bilan almashtirilsin;
“Umumiy ball” pozitsiyaning “Ballar” ustunidagi “16*” raqami “15*” raqami bilan almashtirilsin;
(vii) 8-ilovada:
1 — 4-pozitsiyalarning “Ballar” ustunidagi “2” va “1” raqamlari tegishincha “1” va “0,5” raqamlari bilan almashtirilsin;
“Umumiy ball” pozitsiyaning “Ballar” ustunidagi “8” raqami “4” raqami bilan almashtirilsin;
(viii) 9-ilovaning “1-bosqich” pozitsiyasi “Tadbirlar” ustunidagi “Internet resurslariga” soʻzlari “Internet resurslari va Yagona idoralararo axborot tizimiga (platforma)” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-iyundagi PQ-4761-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzilmasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi
TUZILMASI
Agentlik boshqaruv xodimlarining umumiy soni — 50 nafar”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 22-oktabrdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5263-son qarorining 11-bandi quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“2027-yildan boshlab davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish faoliyatini baholash normativ-huquqiy hujjat loyihalariga nisbatan Adliya vazirligi tomonidan, amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan mustaqil amalga oshiriladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-34-son qarorida:
(a) 2-bandda:
(i) quyidagi mazmundagi oltinchi va yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Agentlik hamda davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari tashabbusi bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan materiallar asosida Jinoyat kodeksining 167-moddasi boʻyicha davlat foydasiga undirilgan moddiy zarar va jarimalar summasining 5 foizi;
Agentlik tomonidan tuzilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar asosida sud tartibida undiriladigan maʼmuriy jarimalarning 95 foizi”;
(ii) oltinchi xatboshi sakkizinchi xatboshi deb hisoblansin;
(b) 1-ilovaning 4-bandida:
(i) quyidagi mazmundagi beshinchi-oltinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin;
“Agentlik hamda davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalari tashabbusi bilan huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan materiallar asosida Jinoyat kodeksining 167-moddasi boʻyicha davlat foydasiga undirilgan moddiy zarar va jarimalar summasining 5 foizi;
Agentlik tomonidan tuzilgan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomalar asosida sud tartibida undiriladigan maʼmuriy jarimalarning 95 foizi”;
(ii) beshinchi xatboshi yettinchi xatboshi deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-81-son qarorida:
(a) 1-bandning birinchi xatboshisidagi “mahalliy davlat hokimiyati organlarida” soʻzlari “mahalliy davlat hokimiyati organlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida” soʻzlari bilan almashtirilsin.
(b) 2-ilovada:
(i) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur Nizom barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida (keyingi oʻrinlarda — davlat tashkilotlari) korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash (keyingi oʻrinlarda — reyting baholash) tartibini belgilaydi.
Davlat muassasalari faoliyatiga oid maʼlumotlar ushbu bandning birinchi xatboshisida keltirilgan davlat tashkilotlari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi”;
(ii) 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Reyting baholash yoʻnalishlari boʻyicha ballar quyidagicha taqsimlanadi:
birinchi yoʻnalish — maksimal 42 ball;
ikkinchi yoʻnalish — maksimal 25 ball;
uchinchi yoʻnalish — maksimal 10 ball;
toʻrtinchi yoʻnalish — maksimal 15 ball;
beshinchi yoʻnalish — maksimal 8 ball”;
(iii) 11-bandning birinchi xatboshisidagi “har chorakda (10-aprel, 10-iyul va 10-oktabrga qadar) choraklik” soʻzlari “har yarim yilda (birinchi yarim yillikda 10-iyulga qadar) yarim yillik” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(iv) 17-bandning birinchi xatboshisidagi “iborat boʻlgan” soʻzlari “kam boʻlmagan toq sondan iborat tarkibda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(v) 18-bandning uchinchi xatboshisidagi “3 kishi” soʻzlari “uchdan bir qismi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(vi) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini
REYTING BAHOLASH YOʻNALISHLARI VA INDIKATOR KOʻRSATKICHLARI
Izoh:
1. Tizimga davlat tomonidan qoʻriqlanadigan va maxsus roʻyxatlar bilan chegaralab qoʻyiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va oʻzga xil maʼlumotlarni kiritish taqiqlanadi.
Davlat tashkiloti tomonidan mazkur maʼlumotlar reyting baholashga taʼsir oʻtkazadi deb hisoblansa, tegishli indikator koʻrsatkichlarini baholash Agentlikning belgilangan ruxsatnomaga ega boʻlgan xodimi tomonidan oʻsha tashkilotga borib amalga oshiriladi.
2. Davlat tashkilotlari tegishli ustunlarga “x” belgisini qoʻygandan keyin uni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa materiallarni “E-Anticor.uz” elektron platformasiga biriktirishi lozim. Tegishli maʼlumotlar biriktirilmagan taqdirda, platformada avtomatik ravishda eng past ball qoʻyiladi.
* Agentlik talabiga koʻra tegishli hujjat yoki materiallar qoʻshimcha biriktiriladi va havolalar koʻrsatiladi.
** Agentlik tanlov asosida xodimlarning korrupsiyaga qarshi ichki hujjatlardan xabardorligi boʻyicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalangan holda suhbat oʻtkazishi mumkin”.
(vii) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholashni amalga oshirish
SXEMASI
