Kredit tashkilotlarida isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish talablariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3731-son)
23.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 23-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3731]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Markaziy bank boshqaruvi qaror qiladi:
1. Kredit tashkilotlarida isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish talablariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais T. ISHMETOV
Toshkent sh.,
2025-yil 2-dekabr,
31/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2025-yil 2-dekabrdagi 31/2-son qaroriga ILOVA
Kredit tashkilotlarida isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish talablariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Ushbu Nizom kredit tashkilotlari tomonidan moliyaviy xizmatlar isteʼmolchilari (bundan buyon matnda isteʼmolchi deb yuritiladi) bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish chogʻida ularning faoliyatiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilishini tekshirish maqsadida “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarini oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
kredit tashkilotlari — banklar, mikromoliya tashkilotlari va lombardlar yoki ularning hududiy xizmat koʻrsatish boʻlinmasi (filial, bank xizmatlari koʻrsatish markazi va boshqalar);
“sirli mijoz” — kredit tashkilotlari tomonidan isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish chogʻida ularning faoliyatiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilishini tekshirish maqsadida kredit tashkilotining faoliyati doirasida bitimlar tuzish yoki operatsiyalarni bajarish boʻyicha harakatlarni amalga oshiradigan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (bundan buyon matnda Markaziy bank deb yuritiladi) yoki uning hududiy boshqarmasining masʼul xodimlari;
“sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlari (bundan buyon matnda nazorat tadbiri deb yuritiladi) — kredit tashkilotlari tomonidan isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirish chogʻida ularning faoliyatiga qoʻyiladigan talablarga rioya etilishini tekshirish boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlar.
2. Nazorat tadbiri bevosita joyiga chiqqan holda yoki masofadan turib amalga oshiriladi.
3. Nazorat tadbiri qonuniylik, tadbir oʻtkazilayotganligining sir saqlanishi, begʻarazlik va xolislik, kredit tashkilotining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashmaslik, korrupsiyaga va manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻymaslik prinsiplariga asoslangan holda “sirli mijoz” tomonidan amalga oshiriladi.
4. Nazorat tadbiri kredit tashkilotini oldindan xabardor qilmagan holda amalga oshiriladi.
5. Nazorat tadbirining vazifalari quyidagilardan iborat:
kredit tashkilotlari faoliyatida isteʼmolchilarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlash;
kredit tashkilotlari tomonidan isteʼmolchilar bilan oʻzaro munosabatlarni amalga oshirishda ularning faoliyatiga qoʻyiladigan qonunchilik talablariga rioya qilinishini oʻrganish va ushbu talablar buzilishining oldini olish;
kredit tashkilotlarining moliyaviy xizmatlar koʻrsatish jarayonlaridagi mavjud tizimli kamchiliklarini va ularni keltirib chiqarayotgan sabablarni tahlil qilish;
isteʼmolchilarning murojaatlari, ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlardagi materiallarda bayon etilgan holatlarga hamda jamoatchilik fikrini oʻrganish natijasida yuzaga kelgan masalalarga aniqlik kiritish;
oʻtkazilgan nazorat tadbiri natijalari asosida amaldagi qonunchilik hujjatlari talablarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
nazorat tadbiri natijalariga koʻra, kamchilikka yoʻl qoʻygan kredit tashkilotlariga mavjud muammoni bartaraf etish yuzasidan koʻrsatmalar, shuningdek, xizmatlar koʻrsatish sifatini yaxshilash boʻyicha tavsiyalar berish;
aniqlangan qoidabuzarlik holatlari boʻyicha kredit tashkilotlariga nisbatan qonunchilikka muvofiq tegishli choralar koʻrish.
6. Nazorat tadbirini oʻtkazishda kredit tashkilotining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatiga aralashish, isteʼmolchi sifatida tanishish mumkin boʻlmagan hujjatlarni soʻrash va talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
2-bob. Nazorat tadbirini tashkil etish va oʻtkazish
7. Nazorat tadbiri quyidagi maʼlumotlar asosida tashkil etiladi:
isteʼmolchilarning koʻrsatilayotgan moliyaviy xizmatlar bilan bogʻliq murojaatlarida qayd etilgan asosli eʼtiroz va kamchiliklar;
ommaviy axborot vositalari, Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda isteʼmolchilarning huquqlari buzilishiga oid materiallar;
kredit tashkilotlari faoliyatida qonunchilik talablari buzilishi alomatlari mavjudligi yuzasidan jamoatchilik fikri;
amaldagi qonunchilik hujjatlari talablarining kredit tashkilotlari amaliyotida qoʻllanilayotganligini (ijrosini) oʻrganish boʻyicha tahlillar;
isteʼmolchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishini oldini olishga qaratilgan nazorat choralarini qoʻllash boʻyicha maʼlumotlar.
8. Nazorat tadbiri mazkur Nizomning 7-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar asosida va (yoki) isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish talablariga rioya etilishi va qoidabuzarliklarni oldini olish maqsadida Markaziy bank raisining oʻrinbosari yoki Markaziy bank hududiy bosh boshqarmasi boshligʻining nazorat tadbirini oʻtkazish toʻgʻrisidagi farmoyishiga (bundan buyon matnda farmoyish deb yuritiladi) muvofiq amalga oshiriladi.
9. Nazorat tadbiri farmoyishda koʻrsatilgan “sirli mijoz” tomonidan amalga oshiriladi. Bunda bevosita joyiga chiqqan holda nazorat tadbiri kamida 2 nafar “sirli mijoz” ishtirokida oʻtkazilishi talab etiladi.
10. Farmoyishda koʻrsatilgan “sirli mijoz”ni oʻzgartirish zarurati yuzaga kelsa, farmoyishga tegishli oʻzgartirish kiritiladi va ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan Markaziy bank yoki uning hududiy bosh boshqarmasining mansabdor shaxslaridan biri tomonidan imzolanadi.
11. Farmoyishda bir kredit tashkilotida nazorat tadbirini oʻtkazish uchun uch ish kunigacha, davomli operatsiyalar (harakatlar) uchun ushbu operatsiyaning (harakatning) oxirgi kunigacha boʻlgan muddat belgilanishi mumkin.
12. Farmoyishda quyidagi maʼlumotlar aks ettirilgan boʻlishi lozim:
nazorat tadbiri oʻtkaziladigan kredit tashkiloti nomi;
nazorat tadbiri oʻtkazilishi lozim boʻlgan muddat;
oʻtkaziladigan nazorat tadbirining turi (bevosita joyiga chiqqan holda yoki masofadan turib);
nazorat tadbiri davomida amalga oshirilishi lozim boʻlgan operatsiyalar (harakatlar);
nazorat tadbirini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan pul mablagʻlari (zarur boʻlganda);
“sirli mijoz”larning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi;
nazorat tadbiri natijalarini rasmiylashtirish;
nazorat tadbiri davomida foto, audio va videotasvirlarning zarurligi toʻgʻrisida maʼlumot.
13. Nazorat tadbiri pul mablagʻlaridan foydalangan holda yoki ulardan foydalanmasdan turib amalga oshirilishi mumkin.
14. Nazorat tadbirini bevosita joyiga chiqqan holda oʻtkazish jarayonida kredit tashkiloti xodimini huquqbuzarlik sodir etishga undash taqiqlanadi.
15. “Sirli mijoz” kredit tashkilotiga isteʼmolchi sifatida boradi va farmoyishda koʻrsatilgan operatsiyalarni (harakatlarni) amalga oshiradi.
16. Nazorat tadbiri masofadan turib amalga oshirilganda kredit tashkilotining rasmiy veb-sayti, masofaviy xizmat koʻrsatish tizimlari va boshqa axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalaniladi.
17. Nazorat tadbiri davomida yashirin audio yoki video kuzatuv moslamalaridan foydalanilishi mumkin.
Masofadan turib amalga oshiriladigan nazorat tadbiri dasturiy-texnik vositalar yoki kompyuter, planshet va smartfon ekranida namoyon boʻladigan tasvirlarni texnik vositalar yordamida videoyozish orqali amalga oshirilishi lozim.
18. Nazorat tadbiri davomida yozib olingan audio yoki video kuzatuv moslamalaridagi maʼlumotlardan faqat mazkur Nizom doirasida Markaziy bank tomonidan nazorat choralarini amalga oshirishda hamda oʻtkazilgan nazorat tadbirlari boʻyicha nizoli vaziyatlarga aniqlik kiritish maqsadida foydalaniladi.
Nazorat tadbiri natijalari, uni oʻtkazish davomida toʻplangan foto va video materiallar shaxsga doir maʼlumotlar boʻyicha amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilgan holda isteʼmolchilarning xabardorligini oshirish uchun Markaziy bankning rasmiy veb-saytida yoki ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilinishi mumkin.
19. Nazorat tadbiri yakunlangandan soʻng, “sirli mijoz” tomonidan mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan shaklda dalolatnoma tuziladi.
20. Dalolatnomada quyidagi maʼlumotlar aks ettiriladi:
nazorat tadbiri amalga oshirilgan sana;
farmoyishning raqami va sanasi;
nazorat tadbiri oʻtkazilgan kredit tashkilotining nomi;
nazorat tadbiri bevosita joyiga chiqqan holda yoki masofadan turib oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
“sirli mijoz” tomonidan nazorat tadbiri davomida amalga oshirilgan operatsiyalar (harakatlar);
nazorat tadbiri davomida amalga oshirilgan naqd yoki naqd pulsiz toʻlovlar toʻgʻrisida maʼlumot (agar shunday toʻlovlar amalga oshirilgan boʻlsa);
“sirli mijoz” tomonidan kredit tashkiloti faoliyatida aniqlangan xato va kamchiliklar (yoki ularning mavjud emasligi) toʻgʻrisida maʼlumot;
nazorat tadbirini amalga oshirgan “sirli mijoz”ning familiyasi, ismi va otasining ismi;
qoʻshimcha maʼlumotlar (agar mavjud boʻlsa).
Dalolatnoma “sirli mijoz” tomonidan imzolanadi.
21. Dalolatnoma rasmiylashtirilgan kunning oʻzida uning nusxasi nazorat tadbiri oʻtkazilgan kredit tashkilotining rahbari yoki uning oʻrinbosariga “sirli mijoz” tomonidan qogʻoz shaklida topshiriladi va bu haqda dalolatnomaga belgi (dalolatnoma nusxasini qabul qilib olgan kredit tashkilotining rahbari yoki uning oʻrinbosari imzosi, lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi) qoʻyiladi.
Kredit tashkilotining rahbari yoki uning oʻrinbosari dalolatnoma nusxasini olishdan bosh tortgan taqdirda, “sirli mijoz” dalolatnomaga uning nusxasini olishdan bosh tortganligi toʻgʻrisida belgi (kredit tashkilotining rahbari yoki uning oʻrinbosari dalolatnoma nusxasini olishdan bosh tortdi deb yozadi va imzosi bilan tasdiqlaydi) qoʻyiladi.
Bunda kredit tashkilotining rahbari yoki uning oʻrinbosari dalolatnoma nusxasini olishdan bosh tortganda yoki nazorat tadbiri yakunida kredit tashkilotining rahbari yoki uning oʻrinbosarini topishning imkoni boʻlmaganda, dalolatnoma nusxasi mazkur dalolatnoma tuzilgan sanadan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay nazorat tadbiri oʻtkazilgan kredit tashkilotiga yuboriladi.
22. Nazorat tadbiri natijasiga asosan kredit tashkiloti tomonidan qonunchilik hujjatlari talablari buzilganligi holatlari aniqlangan taqdirda, dalolatnoma nusxasi mazkur dalolatnoma tuzilgan sanadan boshlab besh ish kunidan kechiktirmay nazorat tadbiri oʻtkazilgan kredit tashkilotining bosh ofisiga yuboriladi.
23. Agar kredit tashkilotida oʻtkazilgan nazorat tadbiri yuzasidan eʼtirozlar (fikr-mulohazalar) mavjud boʻlsa, bu toʻgʻrisida dalolatnoma nusxasini olgan kundan boshlab oʻn ish kunidan kechiktirmay Markaziy bank yoki uning hududiy boshqarmasiga asoslantirilgan tushuntirish yuborishi lozim.
24. Agar nazorat tadbiri kredit tashkilotida oʻtkazilayotgan inspeksiya tekshiruvi davomida amalga oshirilgan boʻlsa, dalolatnoma nusxasi kredit tashkilotida oʻtkazilgan inspeksiya hisobotiga ilova qilinadi.
25. Dalolatnoma kredit tashkiloti tomonidan qabul qilingan kundan boshlab:
uch kundan kechiktirmay Shaxsga doir maʼlumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibiga (roʻyxat raqami 3478, 2023-yil 15-noyabr) muvofiq, nazorat tadbiri paytida olingan shaxsiy maʼlumotlarni qayta ishlashni toʻxtatadi yoki uning tugatilishini taʼminlaydi va yoʻq qiladi yoki ularning yoʻq qilinishini taʼminlaydi;
oʻttiz ish kunidan kechiktirmay “sirli mijoz” tomonidan olingan Markaziy bankning mablagʻlarini ushbu “sirli mijoz”ning soʻroviga asosan qaytarish choralarini koʻradi.
26. Kredit tashkiloti nazorat tadbirini oʻtkazish davomida tadbirda ishtirok etgan “sirli mijoz” bilan amalga oshirilgan harakatlar boʻyicha maʼlumotlarni kredit byurolariga yuborgan taqdirda, kredit tashkiloti dalolatnoma nusxasini olgan kundan keyingi oʻn ish kunidan kechiktirmay kredit tarixi yozuvlarini va (yoki) boshqa maʼlumotlarni bekor qilish yoxud kredit hisobotlariga kiritiladigan maʼlumotlardan chiqarish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirishi lozim.
27. Dalolatnomaning qogʻoz shakli va skaner qilingan pdf formati hamda audio va videoyozuvlar bir yil muddat davomida Markaziy bank yoki uning hududiy boshqarmasida saqlanadi.
28. Nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qonunchilik hujjatlari talablari buzilishi holatlari boʻyicha kredit tashkilotlariga nisbatan javobgarlik choralarini qoʻllash masalasi Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
3-bob. Yakuniy qoida
29. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
Kredit tashkilotlarida isteʼmolchilarga xizmat koʻrsatish talablariga rioya etilishini taʼminlash yuzasidan “sirli mijoz” usulidagi nazorat tadbirlarini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 24.12.2025-y., 10/25/3731/1204-son)
