12-modda. 2026-yil uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining, tumanlar va shaharlar budjetlarining daromadlarini shakllantirishning oʻziga xos xususiyatlari
2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida (O‘RQ-1105-son) · Sana: 25.12.2025 · Amalda
Soliqlarning quyidagi turlari tumanlar va shaharlar budjetlariga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:
jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi;
jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad toʻgʻrisidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan toʻlanadigan daromad soligʻi;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq;
aylanmadan olinadigan soliq;
yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi (bundan yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan soliq mustasno);
davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan daromadlar turlari qoʻllanilganda, tumanlar va shaharlar budjetlarining daromadlari xarajatlaridan koʻp boʻlgan taqdirda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari yuqori turuvchi budjetlarga ajratmalarni nazarda tutishi mumkin.
Soliqlarning quyidagi turlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga toʻliq hajmda oʻtkaziladi:
yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq;
yirik soliq toʻlovchilar tomonidan toʻlanadigan, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi;
benzinni, dizel yoqilgʻisini va gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz soligʻi;
tamaki mahsulotlari (import orqali olib kirilgan mahsulotlardan tashqari) uchun aksiz soligʻi boʻyicha tushumlar, tegishincha oʻtgan moliya yilining 1-iyul holatiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasidan olingan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri aholisi sonining respublika aholisi sonidagi ulushiga muvofiq. Bunda daromadlar boʻyicha prognozning bajarilmagan qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetlariga va Toshkent shahrining shahar budjetiga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi, daromadlar boʻyicha prognozning oshirib bajarilgan qismi esa respublika budjeti ixtiyorida qoladi.
