“1211-modda. Soliq qarzini undirishni soliq toʻlovchining debitorlik qarziga qaratish — Soliq va budjet siyosatining 2026-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1108-son)
“1211-modda. Soliq qarzini undirishni soliq toʻlovchining debitorlik qarziga qaratish
Soliq va budjet siyosatining 2026-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1108-son) · Sana: 25.12.2025 · Amalda
Soliq qarzi mavjud boʻlgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar soliq organiga soliq qarzini oʻz debitori hisobidan undirishni soʻrab murojaat qilishga haqli. Murojaatga oʻzaro tasdiqlangan yoki bir tomonlama imzolangan hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi ilova qilinishi lozim.
Soliq toʻlovchi soliq qarzini oʻz debitori hisobidan undirishni soʻrab murojaat qilgan taqdirda, soliq organi soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etilgan bir tomonlama imzolangan solishtirma dalolatnomaning va kreditorlik qarzi mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxasini uch ish kunidan kechiktirmay debitorning shaxsiy kabinetiga solishtirma dalolatnomani imzolash uchun yoki imzolashni rad etish uchun bildirish xati bilan birga yuboradi.
Soliq toʻlovchining debitori bildirish xati olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini imzolashi (tasdiqlashi) yoki solishtirma dalolatnomada koʻrsatilgan qarz mavjud emasligini asoslagan holda rad javobini berishi shart. Soliq toʻlovchining debitori tomonidan soliq organining bildirish xatiga rad javobi taqdim etilmagan yoki u javobsiz qoldirilgan taqdirda, debitorlik qarzi tan olingan va soliq toʻlovchining soliq qarzini debitor hisobidan undirishga rozilik berilgan deb hisoblanadi.
Agar soliq toʻlovchining debitori tomonidan tan olingan qarz summasi solishtirma dalolatnomada koʻrsatilgan summadan farq qilsa, debitor bildirish xati olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kuni ichida soliq organiga oʻzi tan olgan summani koʻrsatgan holda solishtirma dalolatnomani taqdim etishi shart.
Soliq toʻlovchining debitori tomonidan imzolangan yoki elektron hujjat shaklida tasdiqlangan oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi kreditorning imzosi mavjudligidan yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar, uning kreditori soliq qarzini undirishni unga qaratishi uchun asos boʻladi. Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan majburiyat soliq toʻlovchining debitori tomonidan bajarilmagan taqdirda, undiruv soliq toʻlovchi taqdim etgan solishtirma dalolatnoma asosida amalga oshiriladi.
Soliq organi uch ish kunidan kechiktirmay debitorlarning bank hisobvaraqlariga soliq toʻlovchining soliq qarzi summasidan va debitorlik qarzi summasidan oshmaydigan miqdorda undirish toʻgʻrisida inkasso topshiriqnomasi taqdim etadi.
Soliq organi tomonidan oʻzida mavjud boʻlgan yoki boshqa manbalardan olingan maʼlumotlar asosida yoxud soliq tekshiruvlari natijasida soliq toʻlovchining debitorlik qarzi mavjudligi mustaqil ravishda aniqlangan hollarda, soliq qarzini undirish ushbu moddada belgilangan tartibda soliq toʻlovchining debitorlik qarziga qaratilishi mumkin. Bunda soliq toʻlovchining debitorlik qarzi aniqlangan kundan eʼtiboran uch ish kunidan kechiktirmay bu haqda soliq toʻlovchining oʻziga va debitoriga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali bildirish xati yuboriladi.
Soliq toʻlovchi va uning debitori soliq organining bildirish xatini ushbu bildirish xati olingan kundan eʼtiboran oʻn ish kunidan kechiktirmay tasdiqlashi yoki asoslangan holda rad etishi lozim. Bildirish xati javobsiz qoldirilgan taqdirda, debitorlik (kreditorlik) qarzi tan olingan deb hisoblanadi.
Soliq organining ushbu moddaga muvofiq taqdim etilgan inkasso topshiriqnomasining ijrosini banklar tomonidan taʼminlash yoki soliq organi tomonidan undirish, ijrosiz chaqirib olish ushbu Kodeksning 121-moddasida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Debitorlik qarzi soliq toʻlovchiga toʻlab berilganligi haqida asoslovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda yoki sud qarori asosida inkasso topshiriqnomasi soliq organi tomonidan uch ish kunidan kechiktirmay ijrosiz qaytarib olinadi.
Soliq toʻlovchi bilan uning debitori oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
soliq toʻlovchi va uning debitorining nomi, ularning identifikatsiya raqami;
soliq toʻlovchi va uning debitori soliq hisobida turgan joydagi soliq organining nomi;
soliq toʻlovchi va uning debitorining bankdagi hisobvaraqlari rekvizitlari;
debitorning soliq toʻlovchi oldidagi qarz summasi;
soliq toʻlovchi va uning debitorining elektron hujjat shaklida tasdiqlangan imzolari;
soliq toʻlovchi va uning debitori oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi tuzilgan sana.
Soliq toʻlovchi bilan uning debitori oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasi elektron hujjat shaklida tuziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi soliq toʻlovchilarga oʻzaro hisob-kitoblarning solishtirma dalolatnomasini elektron hujjat shaklida taqdim etish, tasdiqlash (qisman tasdiqlash) yoki rad etish imkoniyatini yaratadi.
Quyidagi hollarda soliq qarzini undirish soliq toʻlovchining debitorlik qarziga qaratilmaydi, agar:
debitorlik qarz summasi asoslangan holda rad etilgan boʻlsa;
daʼvo muddati oʻtgan boʻlsa;
debitordan undirilishi lozim boʻlgan qarz summasi boʻyicha sud hujjati majburiy ijro organining ish yurituvida boʻlsa yoki uni ijroga taqdim etish muddati oʻtgan boʻlsa yoxud ushbu sud hujjati boʻyicha ijro harakatlari belgilangan tartibda toʻxtatib turilgan, tugatilgan yoki kechiktirilgan (boʻlib-boʻlib ijro etilgan) boʻlsa;
u Oʻzbekiston Respublikasining soliq toʻlovchisi boʻlmasa;
u jismoniy shaxs boʻlsa;
debitor tugatilish jarayonida boʻlsa yoki unga nisbatan toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan boʻlsa;
debitorning faoliyati tugatilgan yoki yuridik shaxslarning davlat reyestridan chiqarilgan boʻlsa.
Soliq organi tomonidan undiruvning debitorlik qarziga qaratilishi soliq toʻlovchini soliq qarzi toʻlanguniga qadar soliqlarni toʻlash majburiyatidan ozod qilmaydi”;
9) 133-modda:
oʻn uchinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“import operatsiyalari toʻgʻrisidagi axborotni, tovarlar, shuningdek milliy va xorijiy elektron savdo maydonchalarida (elektron savdo platformalarida) xorijiy davlatlarga realizatsiya qilingan tovarlar bojxona chegarasini kesib oʻtganidan keyin eksport operatsiyalari boʻyicha axborotni hamda tovarlarni olib oʻtish, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali elektron tijorat shaklida amalga oshirilgan tovarlarni olib oʻtish haqidagi axborotni real vaqt rejimida”;
quyidagi mazmundagi oʻn toʻrtinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini parvarishlash va mahsulot yetishtirish boʻyicha namunaviy texnologik xarita maʼlumotlarini axborot tizimi orqali elektron shaklda taqdim etishi shart”;
oʻn toʻrtinchi — oʻn toʻqqizinchi qismlari tegishincha oʻn beshinchi — yigirmanchi qismlar deb hisoblansin;
10) 137-moddaning uchinchi qismi quyidagi mazmundagi 4-band bilan toʻldirilsin:
uchinchi qism quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Bunda soliq auditi oʻtkazilgan yoki oʻtkazilayotgan soliq davri uchun tekshiruvdan oldingi tahlil oʻtkazilmaydi”;
oʻninchi qismi quyidagi mazmundagi jumla bilan toʻldirilsin:
“Bunda aynan bitta soliq (hisobot) davri uchun aynan bir xil soliqlar boʻyicha qayta kameral soliq tekshiruvini oʻtkazish mumkin emas, bundan kameral soliq tekshiruvini oʻtkazish chogʻida soliq organiga maʼlum boʻlmagan yangi holatlar aniqlangan hollar mustasno”;
12) 139-moddaning yettinchi qismi “soliq tekshiruvi dalolatnomasini topshirilgan” degan soʻzlardan keyin “yoki soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga elektron hujjat tarzida yuborilgan” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
13) 157-moddaning:
birinchi qismidagi “Soliq auditi” degan soʻzlar “Soliq auditi, sayyor soliq tekshiruvi yoki qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida oʻtkazilgan taftish” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan, soliq tekshiruvi va (yoki) soliq nazoratining boshqa tadbirlari natijasida aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar, agar ushbu Kodeksning 1591-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, ushbu Kodeksning 165 va 166-moddalarida nazarda tutilgan tartibda koʻrib chiqiladi”;
14) 158-moddaning:
birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishlari qaysi soliq auditi va sayyor soliq tekshiruvi davomida aniqlangan boʻlsa, oʻsha soliq auditi dalolatnomasi va (yoki) sayyor soliq tekshiruvi materiallari, agar ushbu Kodeksning 1591-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, soliq tekshiruvini oʻtkazgan soliq organi yoki soliq tekshiruvi boshqa hududiy soliq organi yoxud boshqa vakolatli organ tomonidan oʻtkazilgan hollarda, shu soliq toʻlovchi roʻyxatdan oʻtgan soliq organining rahbari (rahbari oʻrinbosari) tomonidan ushbu soliq tekshiruvi dalolatnomasi tuzilgan kundan eʼtiboran oʻn kun oʻtgach, lekin oʻn besh kundan kechiktirmay koʻrib chiqilishi kerak. Ularga doir qaror soliq tekshiruvi materiallari koʻrib chiqilganidan keyin besh kundan kechiktirmay qabul qilinishi lozim”;
uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Soliq organi tekshiruv materiallari koʻrib chiqiladigan sana, vaqt va joy toʻgʻrisida soliq toʻlovchini ularni koʻrib chiqish boshlanguniga qadar kamida ikki ish kuni oldin xabardor qiladi. Soliq toʻlovchining iltimosnomasi yoki soliq organining tashabbusi (soliq toʻlovchining roziligi) bilan, taraflarda videokonferensaloqani amalga oshirishning texnik imkoniyati mavjud boʻlganda tekshiruv materiallari videokonferensaloqa rejimida koʻrib chiqilishi va uning audio-vizual tartibda yozib olingan shakli soliq toʻlovchiga uning shaxsiy kabineti orqali yetkazib berilishi mumkin. Tekshiruv materiallari ushbu rejimda koʻrib chiqiladigan sana va elektron manzil haqida soliq toʻlovchining shaxsiy kabinetiga koʻrib chiqish boshlanguniga qadar kamida ikki ish kuni oldin xabar yuboriladi”;
toʻrtinchi qismidagi “kamida besh kun muddatga” degan soʻzlar “besh kundan ortiq boʻlmagan muddatga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
15) 159-modda birinchi qismining:
birinchi xatboshisi “soliq organining rahbari (rahbar oʻrinbosari)” degan soʻzlardan keyin “agar ushbu Kodeksning 1591-moddasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
1-bandidagi “soliq auditi materiallari boʻyicha” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
16) quyidagi mazmundagi 1591-modda bilan toʻldirilsin:
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: “1211-modda. Soliq qarzini undirishni soliq toʻlovchining debitorlik qarziga qaratish Soliq va budjet siyosatining 2026-yilga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1108-son). neolex.uz/uz/laws/law-7951016/1211 (lex.uz/docs/-7944527)