Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablarini tasdiqlash toʻgʻrisida (3734-son)
23.12.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI SANOAT, RADIATSIYA VA YADRO XAVFSIZLIGI QOʻMITASINING
QARORI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 23-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3734]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-224-son “Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbеkistоn Rеspublikаsi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. RAFIQOV
Toshkent sh.,
2025-yil 5-dekabr,
32-son
Kelishildi:
Favqulodda vaziyatlar vaziri B. KUDRATXODJAYEV
2025-yil 21-noyabr
Fanlar akademiyasi prezidenti SH. AYUPOV
2025-yil 21-noyabr
Atom energiyasi agentligi direktori A. AXMEDXADJAYEV
2025-yil 20-noyabr
Sogʻliqni saqlash vaziri A. XUDAYAROV
2025-yil 18-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasining 2025-yil 5-dekabrdagi 32-son qaroriga ILOVA
Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablari
Mazkur hujjat radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu hujjatda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalar — atom energiyasidan foydalanish obyektlarining va mazkur sohadagi faoliyatning xavfsizligi talablarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar;
ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etilgan hamda yadroviy qurilma va (yoki) saqlash punkti uchun masʼul etib tayinlangan hamda oʻz kuchlari bilan yoki boshqa yuridik shaxslarni jalb etgan holda yadroviy qurilmani va (yoki) saqlash punktini ekspluatatsiya qilishga qodir boʻlgan yuridik shaxs;
radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun maqbullik mezonlari (bundan buyon matnda maqbullik mezonlari deb yuritiladi) — radioaktiv chiqindilarni xavfsiz koʻmish maqsadida ularning fizik-kimyoviy xossalari hamda sigʻimlariga qoʻyiladigan talablar majmuasi;
radioaktiv chiqindilar — foydalanish uchun moʻljallanmagan, yoʻl qoʻyilishi mumkin boʻlgan eng koʻp miqdordan oshadigan faollik darajasiga ega radionuklidlarni oʻz ichiga olgan har qanday agregat holatidagi materiallar va moddalar.
2. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlarning loyiha va (yoki) foydalanish hujjatlarida radioaktiv chiqindilarning maqbullik mezonlariga muvofiqligi belgilanishi lozim.
3. Atom energiyasidan foydalanish jarayonida hosil boʻladigan radioaktiv chiqindilarni koʻmishga topshirish maqbullik mezonlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
4. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilotlar chiqindilar bilan muomalada boʻlishda SanQvaM 0251-08 “Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishning sanitariya qoidalari”ga rioya qilishi kerak.
5. Koʻmish punkti radioaktiv chiqindilar bilan bogʻliq faoliyatni atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq amalga oshirishi lozim.
2-bob. Radioaktiv chiqindilarni koʻmish punktiga joylashtirish uchun maqbullik mezonlarini ishlab chiqish
6. Radioaktiv chiqindilarni joylashtirish nazarda tutilgan har bir koʻmish punktida radioaktiv chiqindilar ushbu hujjatning 1 va 2-ilovalariga muvofiq qabul qilinishi kerak.
7. Radioaktiv chiqindilarni koʻmish punktining loyihasi hamda xavfsizlikni asoslash hisobotida radioaktiv chiqindilarni joylashtirish uchun maqbullik mezonlari va ruxsat etilgan koʻrsatkichlar belgilanishi lozim.
8. Radioaktiv chiqindilarni koʻmish punktiga joylashtirish uchun belgilanadigan maqbullik mezonlari radioaktiv chiqindilar joylashtiriladigan koʻmish punktining har bir inshooti boʻyicha, suyuq radioaktiv chiqindilar uchun esa koʻmish punktidan foydalanish gorizontiga koʻra alohida belgilanishi zarur.
Ushbu hujjatning talablariga muvofiq kelmaydigan radioaktiv chiqindilarni koʻmish punktiga qabul qilish faqat koʻmish punktining xavfsizlikni asoslash boʻyicha hisobotida ilmiy jihatdan asoslantirilgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.
3-bob. Qattiq radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun maqbullik mezonlari
9. Maqbullik mezonlarining A, B, D, E va F sinflariga mansub radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun maqbullik mezonlariga oid koʻrsatkichlar ushbu hujjatning 3-ilovasi 1 — 6-jadvallarida keltirilgan qiymatlarga muvofiq boʻlishi lozim.
10. Radioaktiv chiqindilar tarkibida mavjud radionuklidlarning solishtirma faolligi asosida ularning maqbullik mezonlariga muvofiq qaysi sinfga mansubligi aniqlangan boʻlishi lozim.
11. Radioaktiv chiqindilar sigʻimidagi radionuklidlarning solishtirma faolligi radioaktiv chiqindilar massasiga (konteyner yoki sigʻimlar toʻplami hamda uning tarkibiy qismlari massasini hisobga olmagan holda) nisbatini aniqlash orqali belgilanishi lozim.
12. Qadoqlanmagan radioaktiv chiqindilar sigʻimining tashqi yuzasidagi va (yoki) belgilangan masofadagi doza quvvati, shuningdek sigʻim yuzasining radioaktiv ifloslanish darajasi ushbu hujjatning 3-ilovasida keltirilgan qiymatlardan oshmasligi lozim.
13. Quyidagi xususiyatlarga ega boʻlgan radioaktiv chiqindilarni toʻgʻridan-toʻgʻri koʻmishga yoʻl qoʻyilmaydi:
portlash xususiyatiga ega boʻlgan, shu jumladan qizdirilganda yoki zarba hamda ishqalanish taʼsiri natijasida portlash xavfi mavjud boʻlgan;
oʻz-oʻzidan yonish xususiyatiga ega boʻlgan;
suv, havo yoki boshqa moddalar bilan oʻzaro taʼsirlashganda yongʻin yoki portlash xavfi tugʻdiradigan (oʻz-oʻzidan va tez alangalanadigan yoki portlovchi gazlar ajratib chiqaradigan) moddalar mavjud boʻlgan;
suv, havo yoki boshqa moddalar bilan oʻzaro taʼsirlashganda zaharli gazlar yoki aerozollar ajratib chiqaradigan moddalar mavjud boʻlgan;
tarkibida infeksiyalovchi (patogen) materiallar mavjud boʻlgan.
Ushbu xususiyatdagi radioaktiv chiqindilar maxsus ishlovdan oʻtkazilib, xavfsiz holga keltirilgandan soʻng, koʻmish punktlariga joylashtirilishi lozim.
14. Bitta sigʻimdagi, qadoqlanmagan radioaktiv chiqindilar oʻzaro, bir turdagi materiallar, konteyner materiallari hamda koʻmish punktining boshqa xavfsizlik toʻsiqlari bilan kimyoviy va fizik jihatdan mos boʻlishi lozim.
15. Radioaktiv chiqindilar tarkibidagi materiallarning korroziyalanishi, radiolizi, biokimyoviy parchalanishi, shuningdek boshqa radiokimyoviy, kimyoviy va biologik jarayonlar natijasida hosil boʻladigan gazlar yonuvchan va portlovchi aralashmalar paydo boʻlishiga, radioaktiv chiqindi sigʻimining deformatsiyalanishiga va yaxlitligining buzilishiga yoʻl qoʻymasligi hamda radionuklidlarning atrof-muhitga chiqarilishi SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN-2006)” va “Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitariya qoidalari (RXTASQ-2006)”ga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
16. Radioaktiv chiqindilar tarkibidagi organik chiriydigan, parchalanadigan yoki biologik faol moddalarning miqdori SanQvaM 0251-08 “Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlishning sanitariya qoidalari”ga muvofiq boʻlishi kerak.
17. Radioaktiv chiqindilar sigʻimida kimyoviy zaharli moddalar mavjud boʻlmasligi zarur.
18. Maqbullik mezonlarining A, B va D sinflariga mansub radioaktiv chiqindilar sigʻimidagi erkin suyuqlik miqdori ushbu hujjatning 3-ilovasi 1 — 3-jadvallarida belgilangan qiymatlardan oshmasligi kerak.
19. Radioaktiv chiqindilar sigʻimining radioaktiv tarkibidan ajralib chiqadigan energiya natijasida, sigʻimning mexanik mustahkamligi, himoya va izolyatsiyalash xususiyatlarining pasayishiga olib kelmasligi kerak.
Maqbullik mezonlarining A va B sinflariga mansub radioaktiv chiqindi sigʻimlarida ajraladigan energiya qiymati mazkur hujjatning 3-ilovasi 1 va 2-jadvallarida belgilangan qiymatlardan oshmasligi lozim.
20. Mazkur hujjatdagi maqbullik mezonlarining A, B va D sinflarga mansub radioaktiv chiqindilar joylangan sigʻimlarning geometrik shakli oʻzgarmasligi kerak.
21. Radioaktiv chiqindilarni bir xillashtirishsiz yoki qadoqlanmagan holda koʻmishga faqat ular E sinfidagi qadoqlanmagan radioaktiv chiqindilar uchun belgilangan maqbullik mezonlariga muvofiq boʻlganda yoʻl qoʻyiladi.
22. Tabiiy radionuklidlar miqdori yuqori boʻlgan mineral yoki organik xomashyoni qazib olish va qayta ishlash jarayonida hosil boʻlgan F sinfiga mansub radioaktiv chiqindilarni uran rudalarini qazib olish va qayta ishlash mahsulotlarini koʻmishga moʻljallangan koʻmish punktlarida, shuningdek qattiq radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun moʻljallangan koʻmish punktlarida, agar ular ushbu hujjatda belgilangan maqbullik mezonlariga muvofiq boʻlganda yoʻl qoʻyiladi.
23. Ishlatib boʻlingan yopiq ionlashtiruvchi nurlanish manbalari maqbullik mezonlari asosida radioaktiv chiqindilar sigʻimi tarkibida koʻmilishi lozim.
24. Tarkibida ishlatib boʻlingan yopiq ionlashtiruvchi nurlanish manbalari boʻlgan chiqindilar sigʻimlari, koʻmishga moʻljallangan radioaktiv chiqindilar va konteynerlarga qoʻyiladigan talablar mazkur hujjatning 3-ilovasi 1-jadvalida belgilangan qiymatlarga mos boʻlishi kerak.
25. Ishlatib boʻlgan yopiq ionlashtiruvchi nurlanish manbalaridan ajraladigan energiya sigʻimning mexanik mustahkamligiga, himoya va izolyatsiyalash xususiyatlariga zarar yetkazmasligi lozim.
4-bob. Radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun sigʻimlarga va konteynerlarga (sigʻimlar toʻplamiga) qoʻyiladigan talablar
26. Radioaktiv chiqindilarni sigʻimlarga joylashtirish jarayonida xodimlar, aholi va atrof-muhitning radiatsiyaviy xavfsizligi SanQvaM 0193-06 “Radiatsiya xavfsizligi normalari (RXN-2006) va Radiatsiya xavfsizligini taʼminlashning asosiy sanitar qoidalari (RXTASQ-2006)”ga muvofiq taʼminlanishi lozim.
27. Maqbullik mezonlarining A, B va D sinflariga mansub radioaktiv chiqindilar sigʻimlari koʻmish joyida buzilishlar yuz berganda (avariyalar bundan mustasno), yuzaga kelishi mumkin boʻlgan taʼsirlar va yuklamalarga (sinib ketmasligi, yorilib ochilib ketmasligi, radioaktiv chiqindini tashqi muhitga chiqarmasligi va boshqalar, himoya va izolyatsiya vazifasini saqlab qolishi) bardosh berishi lozim.
28. Radioaktiv chiqindilar sigʻimlari oʻz-oʻzidan alangalanmasligi lozim.
29. Radioaktiv chiqindilar sigʻimlarini transport-texnologik sxemasidagi shtabellarga (qatlamlab, ustma-ust) joylashtirish imkoni taʼminlanishi lozim.
30. Radioaktiv chiqindilar sigʻimining mexanik mustahkamligi, himoya va izolyatsiyalash xususiyatlari koʻmish jarayonida xavfsizlik talablariga muvofiq boʻlmaganda, bunday sigʻim qoʻshimcha himoya taʼminlaydigan konteynerga (sigʻimlar toʻplamiga) joylashtirilishi lozim.
31. Maqbullik mezonlarining A, B va D sinflariga mansub radioaktiv chiqindi sigʻimlari mexanik mustahkam, himoya va izolyatsiyalash xususiyatlariga ega boʻlishi lozim.
32. Maqbullik mezonlarining A, B va D sinflariga mansub radioaktiv chiqindilar sigʻimlari radiatsiyaga chidamli boʻlishi hamda ushbu hujjatda belgilangan nurlanishning yutilgan dozasi sigʻimning mexanik mustahkamligi, himoya va izolyatsiyalash xususiyatlariga taʼsir qilmasligi lozim.
33. Maqbullik mezonlarining A, B va D sinflariga mansub radioaktiv chiqindilar sigʻimlari biologik taʼsirlarga chidamli boʻlishi, shuningdek chirish jarayonlarini keltirib chiqaruvchi bakteriyalar, zamburugʻlar, mikroorganizmlar va boshqa zararli biologik omillar taʼsirida sigʻimning mexanik mustahkamligiga, himoya va izolyatsiya xususiyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi lozim.
34. Maqbullik mezonlarining A, B va D sinflariga mansub radioaktiv chiqindilar sigʻimlarga joylashtirilgan paytdan boshlab koʻmish joyi toʻliq yopilgunga qadar sigʻimlarning mexanik mustahkamligi, himoya va izolyatsiyalash xususiyatlari saqlanishi lozim.
35. Tarkibida yadroviy xavfli boʻlinuvchi radionuklidlar mavjud boʻlgan radioaktiv chiqindilar sigʻimlari atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq boʻlishi lozim.
36. Radioaktiv chiqindilar sigʻimlarining massa va oʻlcham xususiyatlari (geometrik oʻlchamlari, massasi, hajmi va konstruksiyasi) hamda yuk koʻtarish mexanizmlarining imkoniyatlari koʻmish punkti inshootlarining joylashuv yechimlariga muvofiq boʻlishi lozim.
37. Radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun moʻljallangan sigʻimlarni tayyorlashda qoʻllaniladigan konteynerlar (sigʻimlar toʻplami) atom energiyasidan foydalanish sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq boʻlishi lozim.
38. Maqbullik mezonlarining A, B va D sinflariga mansub radioaktiv chiqindilar sigʻimlarini tayyorlash uchun moʻljallangan konteynerlar (sigʻimlar toʻplamlari) konstruksiyasi koʻmish jarayonida sigʻimlarni bevosita yoki masofadan turib boshqarish imkonini taʼminlashi lozim.
39. Gaz ajratib chiqarishi xususiyatga ega boʻlgan radioaktiv chiqindilarni joylashtirish uchun moʻljallangan konteynerlar (sigʻimlar toʻplamlari) konstruksiyasi radioaktiv chiqindilar sigʻimidan gazsimon moddalarning chiqishini taʼminlashi lozim.
40. Radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun moʻljallangan har bir sigʻim tamgʻalangan yoki QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan boʻlishi lozim.
Tamgʻada (tamgʻalash yozuvida) radioaktiv chiqindini aniqlash va koʻmishga topshirish uchun zarur boʻlgan quyidagi asosiy maʼlumotlar keltirilishi lozim:
radiatsiyaviy xavf belgisi;
radioaktiv chiqindilar sigʻimining ishlab chiqaruvchi (yoki yetkazib beruvchi) korxona belgisi koʻrsatilgan individual raqam (identifikatsiya kodi);
radioaktiv chiqindining maqbullik mezoniga muvofiq sinfi (A, B, D, E yoki F);
sigʻim sirtidagi doza quvvati va umumiy faolligi;
radioaktiv chiqindining sigʻimga joylashtirilgan sanasi;
sigʻimning netto va brutto massasi.
41. Radioaktiv chiqindilar sigʻimining tamgʻalangan yozuvi aniq va tushunarli boʻlishi, koʻz bilan (vizual) tarzda oson oʻqilishi uchun qulay boʻlishi zarur.
42. Tamgʻa iqlim sharoitlari taʼsiriga chidamli boʻlishi, sigʻim bilan tashqi taʼsirlar natijasida yaroqsiz holga kelib qolmasligi, oson yechib olinmasligi va radioaktiv chiqindilar sigʻim joylashtirilgan koʻmish katakchasi (yacheyka) yopilguniga qadar axborot mazmunini saqlab qolishi lozim.
5-bob. Suyuq radioaktiv chiqindilarning maqbullik mezonlari
43. Maqbullik mezonlarining G sinfiga mansub radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun zarur boʻlgan sifat va miqdoriy koʻrsatkichlari ushbu hujjatning 3-ilovasi 7-jadvalida keltirilgan.
44. Suyuq radioaktiv chiqindilarni chuqur koʻmish punktiga yuborishda radioaktiv chiqindilardagi radionuklidlarning faolligi loyiha hujjatlarida belgilangan ruxsat etilgan qiymatlardan oshmasligi lozim.
45. Koʻmiladigan suyuq radioaktiv chiqindilarda yadroviy xavfli boʻlinuvchi radionuklidlar boʻlmasligi hamda suyuq radioaktiv chiqindilarni qabul qilish, joylashtirish va uzoq muddat davomida yutuvchi qatlamlar boʻylab joylashtirilishi, oʻz-oʻzidan boʻlinishi (zanjirli reaksiyasi) yuzaga kelmasligi zarur.
46. Koʻmishga yuborilayotgan suyuq radioaktiv chiqindilar yutuvchi suvli gorizontlar (qatlam-kollektor) va unga yaqin jinslar bilan mos boʻlishi, bunda ularning oʻzaro taʼsiri quyidagilarning sodir boʻlishiga olib kelmasligi lozim:
choʻkma hosil boʻlishiga;
qatlam-kollektor gʻovaklarining mayda zarrachalar bilan toʻlib qolishiga (kolmatatsiyaga);
kuchli gaz hosil boʻlishiga;
qatlam-kollektor jinslarining kuchli ishqorlanishiga;
ortiqcha issiqlik ajralib, qatlam-kollektorning loyihada koʻrsatilgan darajadan yuqori qizib ketishiga.
47. Suyuq radioaktiv chiqindilarning tarkibiy qismlari chuqur koʻmish punktidagi xavfsizlik toʻsiqlarini tashkil etuvchi materiallar bilan oʻzaro taʼsirlashganida ularning mexanik mustahkamligi, himoya va izolyatsiyalash xususiyatlari loyihaga asosan aniqlanishi lozim.
6-bob. Radioaktiv chiqindilar sigʻimlariga rasmiylashtiriladigan pasport
48. Koʻmishga topshirilayotgan radioaktiv chiqindilar (sigʻimlarda qadoqlangan holda, qattiq yoki suyuq koʻrinishda) koʻmish uchun belgilangan maqbullik mezonlariga muvofiq boʻlishi hamda ushbu muvofiqlik radioaktiv chiqindilar sigʻimlariga rasmiylashtiriladigan pasportda aks ettirilishi lozim.
49. Ekspluatatsiya qiluvchi tashkilot tomonidan radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun har bir sigʻimga alohida mazkur hujjatning 4 va 5-ilovalariga muvofiq radioaktiv chiqindilar sigʻimlariga rasmiylashtiriladigan pasport ishlab chiqilishi lozim.
50. Radioaktiv chiqindilar sigʻimiga rasmiylashtiriladigan pasport sigʻimning asosiy tavsiflari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi va mazkur sigʻimning maqbullik mezonlariga muvofiqligini tasdiqlashi lozim.
7-bob. Yakuniy qoida
51. Mazkur hujjatning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablariga 1-ILOVA
Qattiq radioaktiv chiqindilarni koʻmish punktiga joylashtirish uchun ularning maqbullik mezonlariga oid meʼyorlashtiriladigan koʻrsatkichlar
NOMENKLATURASI
Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablariga 2-ILOVA
Suyuq radioaktiv chiqindilarni chuqur koʻmish punktiga joylashtirish uchun ularning maqbullik mezonlariga oid meʼyorlashtiriladigan koʻrsatkichlar
NOMENKLATURASI
Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablariga 3-ILOVA
Radioaktiv chiqindilarni koʻmish uchun maqbullik mezonlari
Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablariga 4-ILOVA
Radioaktiv chiqindi sigʻimining umumiy tavsifi
Radioaktiv chiqindi sigʻimidagi radioaktiv tarkibning tavsifi
Radioaktiv chiqindilarni koʻmish boʻyicha maqbullik mezonlari va talablariga 5-ILOVA
Suyuq radioaktiv chiqindilarning umumiy tavsifi
Suyuq radioaktiv chiqindining radioaktiv tarkibning tavsifi
