Aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida (792-son)
16.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 21-apreldagi PF-71-son hamda “Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-son farmonlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini aholi tomonidan baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Davlat xizmatlari koʻrsatilishida asossiz rad etilgan arizalar yuzasidan undirilgan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini ular tomonidan ariza beruvchiga qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda toʻrt oy muddatda:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) portalida davlat xizmatlarini joyida baholash imkonini beradigan QR-kodlarni yaratuvchi modul ishlab chiqilishini hamda davlat xizmatlarini aholi tomonidan baholash imkoniyati yaratilishini taʼminlasin;
b) YIDXP va “Litsenziya” axborot tizimida vakolatli organlar tomonidan davlat xizmatini koʻrsatish asossiz rad etilganda, tegishli toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini ariza beruvchiga qaytarish boʻyicha murojaat qilish hamda adliya organlari xulosalari asosida vakolatli organlar tomonidan tegishli toʻlovlar qaytarilgani haqidagi xabarnomalarni ariza beruvchi va adliya organlariga yuborishni yoʻlga qoʻysin.
3. Davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari:
oʻz faoliyat yoʻnalishida Davlat xizmatlari yagona reyestrida nazarda tutilgan davlat xizmatlarini aholi tomonidan maxsus QR-kodlar orqali YIDXPda baholash imkoniyatini yaratsin;
davlat xizmatlari koʻrsatilishi, qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgani hamda baholash natijalarini xodimlarning eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) sifatida belgilash choralarini koʻrsin;
baholash natijalari boʻyicha qoʻyilgan baho va bildirilgan fikrlar asosida ularning doimiy ravishda tahlil qilib borilishi hamda baholash reytingida oʻz faoliyat yoʻnalishini yaxshilash choralarini koʻrib borsin.
Bunda davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Adliya vazirligi aholi tomonidan bevosita qoʻyiladigan baho va bildiriladigan fikrlar asosida davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatini doimiy nazorat qilib borsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.J. Tashkulov va raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 16-dekabr,
792-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-dekabrdagi 792-son qaroriga 1-ILOVA
Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini aholi tomonidan baholash tartibi toʻgʻrisida NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Davlat xizmatlari yagona reyestrida belgilangan va aholiga koʻrsatilayotgan davlat xizmatlarini baholash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
baholovchi — davlat xizmatidan foydalanadigan jismoniy yoki yuridik shaxs;
vakolatli organlar — qonunchilik hujjatlariga muvofiq davlat xizmatlarini koʻrsatish vazifasi yuklangan vazirlik va idoralar hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari;
davlat xizmati — ariza beruvchilarning soʻrovlariga koʻra amalga oshiriladigan, vakolatli organlar vazifalarini bajarish boʻyicha ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmat.
3. Davlat xizmatlari qonuniylik, adolatlilik, xolislik va shaffoflik tamoyillari asosida baholanadi.
2-bob. Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini baholash mezonlari va tartibi
4. Quyidagilar vakolatli organlarning davlat xizmatlarini koʻrsatish sifati, ular faoliyatining samaradorligi va natijadorligini aholi tomonidan baholashning asosiy mezonlari hisoblanadi:
xizmat koʻrsatish sifati — ariza beruvchilarning soʻrovi kelib tushganidan boshlab xizmat koʻrsatish yakunlanguniga qadar koʻrsatilgan davlat xizmatining sifatiga umumiy baho hisoblanib, ushbu mezonda xizmat qay darajada koʻrsatilgani, xizmat koʻrsatgan xodimlarning bilim va koʻnikmalari, xizmat koʻrsatishda ortiqcha byurokratiya va sansalorlikka yoʻl qoʻyilgani (qoʻyilmagani) inobatga olinadi;
xizmatning oʻz vaqtida koʻrsatilgani — ushbu mezonda arizalarni koʻrib chiqish jarayonida qonunchilik hujjatlarida belgilangan xizmat koʻrsatish muddatiga rioya etilgani (etilmagani) inobatga olinadi;
xizmatdan foydalanish imkoniyati — xizmatdan foydalanish uchun sharoitlar yaratilganlik darajasi hisoblanib, ushbu mezonda davlat xizmatini koʻrsatish nuqtasi joylashuvining qulayligi, xizmatdan foydalanish uchun barcha sharoitlar, shu jumladan, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun yaratilgan sharoitlar, xizmatdan elektron shaklda foydalanish imkoniyati, ariza koʻrib chiqilishining barcha jarayonlarini kuzatish imkoniyati yaratilgani va boshqalar inobatga olinadi.
5. Baholovchi davlat xizmatidan foydalanganidan soʻng anʼanaviy shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari boʻyicha vakolatli organlarda joylashtirilgan maxsus QR-kodni oʻz mobil qurilmasi orqali skaner qilib, Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi oʻrinlarda — YIDXP) baholash boʻlimi orqali, elektron davlat xizmatlari boʻyicha YIDXP yoki uning mobil ilovasi orqali yoxud Davlat xizmatlari markazlaridagi oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish burchaklari orqali ushbu Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan mezonlar asosida 1 dan 5 gacha oʻz bahosi va fikrlarini qoldiradi.
6. Baholash jarayonining xolis va toʻgʻri amalga oshirilishi uchun har bir baholovchi tomonidan ariza beruvchining soʻrovi boʻyicha bir necha marotaba baholash imkoniyati avtomatik ravishda cheklanadi.
7. Qoldirilgan 3 yoki undan past baholar hamda bildirilgan salbiy fikr (izoh)lar davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash maqsadida vakolatli organlarga hamda Adliya vazirligiga avtomatik ravishda yuboriladi.
Bunda davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash maqsadida mazkur holatlarga sabab boʻlayotgan shart-sharoitlar vakolatli organlar tomonidan oʻrganilib, ularni bartaraf qilish choralari koʻriladi va masʼul xodimlar ishtirokida oʻquv-seminarlar va treninglar oʻtkaziladi hamda amalga oshirilgan ishlar haqida Adliya vazirligiga axborot yuboriladi.
Baholash natijalari yaxshilanishiga erishilmagan taqdirda, Adliya vazirligi tomonidan masʼul xodimlarni davlat xizmatlarini koʻrsatishdan chetlashtirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha vakolatli organga taqdimnoma kiritiladi.
Qoldirilgan baho va fikrlar asossiz ekanligi aniqlanganda, vakolatli organlar bu haqida asoslantiruvchi maʼlumotlar ilova qilingan holda Adliya vazirligini xabardor qiladi.
3-bob. Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini baholash natijalarini hisoblash, uning reytingini shakllantirish va eʼlon qilish tartibi
8. Baholovchi tomonidan qoldirilgan baho va fikrlar real vaqt rejimida YIDXPda toʻplanadi hamda har bir mezon boʻyicha quyidagi formula asosida avtomatik hisoblanadi:
9. Har bir mezon boʻyicha oʻrtacha baho hisoblangandan soʻng quyidagi formula asosida vakolatli organlarning umumiy oʻrtacha bahosi hisoblanadi:
B — umumiy oʻrtacha baho;
S — xizmat koʻrsatish sifati boʻyicha oʻrtacha baho;
V — xizmatning oʻz vaqtida koʻrsatilgani boʻyicha oʻrtacha baho;
I — xizmatdan foydalanish imkoniyati boʻyicha oʻrtacha baho.
Misol uchun: vakolatli organga davlat xizmatini koʻrsatish sifati boʻyicha oʻrtacha 5 baho, davlat xizmatining oʻz vaqtida koʻrsatilgani boʻyicha 4,8 baho va davlat xizmatidan foydalanish imkoniyati boʻyicha oʻrtacha 4 baho qoʻyilgan boʻlsa, vakolatli organning barcha mezonlar boʻyicha oʻrtacha bahosi 13,8 ga teng boʻladi hamda u mezonlar soniga (3 ga) boʻlinganda, vakolatli organning oʻrtacha umumiy bahosi 4,6 ga teng boʻladi.
10. Baholash natijalariga koʻra davrlar (choraklik, yarim yillik, yillik), vakolatli organlar va hududlar (viloyatlar va tuman (shahar) kesimida avtomatik ravishda reyting shakllantirilib, har chorak, yarim yil va yil yakuni bilan keyingi oyning oʻn beshinchi sanasiga qadar YIDXPda eʼlon qilinib boriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
11. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
12. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 16-dekabrdagi 792-son qaroriga 2-ILOVA
Davlat xizmatlari koʻrsatilishida asossiz rad etilgan arizalar yuzasidan undirilgan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini ular tomonidan ariza beruvchiga qaytarish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda — YIDXP), Davlat xizmatlari markazlari va “Litsenziya” axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — “Litsenziya” AT) orqali berilgan arizalar vakolatli organlar tomonidan asossiz rad etilganda, ariza beruvchining murojaatlari va adliya organlarining tegishli xulosasiga asosan davlat xizmati uchun undirilgan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini ular tomonidan ariza beruvchiga qaytarib berish (keyingi oʻrinlarda — toʻlovlarni qaytarish) tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
ariza beruvchi — davlat xizmatlari koʻrsatilishi boʻyicha yuborgan arizasi vakolatli organlar tomonidan asossiz rad etilib, mazkur ariza yuzasidan toʻlovlarni qaytarish boʻyicha murojaat qilgan jismoniy shaxs va yuridik shaxs vakili;
asossiz rad etish — davlat xizmati koʻrsatilishida ijobiy hal etilishi mumkin boʻlgan yoki qonunchilik hujjatlarida belgilangan davlat xizmatlarini koʻrsatishni rad etish nazarda tutilmagan asoslarda arizani vakolatli organ tomonidan rad etish;
vakolatli organ — tegishli davlat xizmatini koʻrsatishga (asosiy yoki kelishuvchi) masʼul boʻlgan davlat organi yoki tashkiloti, shuningdek, davlat xizmatlarini koʻrsatish vazifasi yuklangan boshqa tashkilotlar;
rad etish tartibini buzish — davlat xizmati koʻrsatilishida rad etilishi mumkin boʻlgan, biroq qonunchilik hujjatlari normalari bilan toʻliq asoslantirilmasdan rad etish.
3. Ariza beruvchiga qaytariladigan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlar vakolatli organlar tomonidan adliya organlarining xulosalari (keyingi oʻrinlarda — xulosalar) asosida davlat xizmatini koʻrsatishdan kelib tushgan toʻlovlar hisobidan qaytariladi.
Bunda arizalar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan davlat xizmati koʻrsatilgan hududlar hamda tashkilotlar kesimida tegishliligi boʻyicha adliya organlari tomonidan koʻrib chiqiladi.
4. Toʻlovlar ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq qaytariladi.
2-bob. Toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini qaytarish tartibi
5. Ariza beruvchi uning arizasi vakolatli organlar tomonidan asossiz rad etilganda, toʻlovlarni qaytarish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelgan holda yoki YIDXP yoxud “Litsenziya” AT orqali ariza beradi.
Bunda ariza beruvchi shaxsan kelib murojaat qilganda, Davlat xizmatlari markazi xodimi ariza beruvchining nomidan, YIDXP yoki “Litsenziya” AT orqali murojaat qilinganda esa, ariza beruvchi mustaqil ravishda ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq davlat xizmatidan foydalanish uchun soʻrovnomani elektron tarzda toʻldiradi.
6. Ariza beruvchi shaxsan kelib murojaat etganda, Davlat xizmatlari markazi tomonidan soʻrovnoma toʻldirilgandan soʻng maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshirib, soʻrovnomani identifikatsiya qilishning tegishli vositalari (elektron raqamli imzo, Face-ID, Mobil-ID va daktiloskopiya) bilan tasdiqlaydi.
7. Ariza beruvchi YIDXP hamda “Litsenziya” AT orqali murojaat etgan taqdirda, soʻrovnomani identifikatsiya qilishning tegishli vositalaridan (elektron raqamli imzo, Face-ID, Mobil-ID) foydalangan holda tasdiqlaydi.
Ariza vakil tomonidan berilganda, vakil toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda notarial tasdiqlangan ishonchnoma maʼlumotlari “vakolat.uz” platformasidan real vaqt rejimida tekshiriladi.
8. Ariza koʻrib chiqilgani uchun yigʻim undirilmaydi.
9. Ariza beruvchi xizmat koʻrsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Ariza beruvchi xizmatdan foydalanishdan bosh tortganda, uning soʻrovnomasi koʻrilmasdan qoldiriladi.
10. Soʻrovnomada notoʻgʻri yoki xato maʼlumotlar koʻrsatilgani arizani koʻrib chiqishni rad etishga asos boʻladi.
11. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga kelib murojaat etgan taqdirda, uning soʻrovnomasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan toʻldirilib, ariza beruvchi tasdiqlaganidan soʻng oʻn daqiqa mobaynida, YIDXP va “Litsenziya” AT orqali murojaat etganda, avtomatik tarzda tegishliligi boʻyicha adliya organlariga yuboriladi.
12. Adliya organlari tomonidan soʻrovnoma kelib tushgandan soʻng oʻn ish kunida soʻrovnomada koʻrsatilgan davlat xizmati boʻyicha yuborilgan arizaning vakolatli organ tomonidan asossiz (rad etish tartibi buzilgani bundan mustasno) rad etilgani oʻrganiladi.
Adliya organlari tomonidan zarur hollarda, soʻrovnoma vakolatli organ ishtirokida koʻrib chiqilishi mumkin.
Soʻrovnomani oʻrganish boʻyicha ushbu Nizomga 3 va 4-ilovalarga muvofiq shakllardagi xulosa shakllantiriladi hamda tasdiqlash uchun quyidagi tartibda yuboriladi:
Adliya vazirligida — vazir, vazir oʻrinbosarlari va Davlat xizmatlari departamenti boshligʻiga;
hududiy adliya organlari yoki tuman (shahar) adliya boʻlimlari tomonidan — hududiy adliya organlari rahbari yoki uning oʻrinbosarlariga.
13. Adliya organlarining masʼul rahbarlari shakllantirilgan xulosalarni oʻrganib chiqib tasdiqlaydi yoki asoslantirgan holda rad etadi.
Agar vakolatli organlar tomonidan davlat xizmatini koʻrsatish asossiz rad etilgani tasdiqlanganda, adliya organlari bu haqidagi xulosani vakolatli organga yuboradi.
Xulosa Davlat xizmatlari markaziga (shaxsan kelib murojaat qilganda), YIDXP yoki “Litsenziya” AT orqali ariza beruvchiga yuboriladi.
Davlat xizmatlari markazi oʻn daqiqa mobaynida xulosani ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va uni bu haqida axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi. Ariza beruvchining soʻroviga koʻra Davlat xizmatlari markazi xulosani elektron yoki qogʻoz shaklida taqdim etishi mumkin.
14. Vakolatli organ tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasiga yoki tegishli tijorat banklariga yuborilgan toʻlov topshiriqnomalari asosida sakkiz ish kunida xulosada koʻrsatilgan bank hisobvaraqlari va plastik kartaga toʻlovlar toʻlanadi hamda bu haqida xabarnoma tegishli axborot tizimlari orqali ariza beruvchiga va adliya organlariga yuboriladi.
15. Toʻlovlar ushbu Nizomda belgilangan muddatlarda vakolatli organlar tomonidan qaytarilmagani davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzish deb hisoblanadi.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Ushbu Nizomga asosan davlat xizmatlari koʻrsatilishida arizalar asossiz rad etilgani uchun toʻlovlarning qaytarilishi vakolatli organ masʼul xodimlariga nisbatan javobgarlik choralari qoʻllanishini istisno etmaydi.
17. Davlat xizmatlari markazi, adliya organlari va vakolatli organ oʻz faoliyatini amalga oshirishi natijasida olingan maʼlumotlar sir saqlanishini taʼminlaydi.
18. Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markazi, adliya organlari va vakolatli organ xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
19. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Davlat xizmatlari koʻrsatilishida asossiz rad etilgan arizalar yuzasidan undirilgan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini ular tomonidan ariza beruvchiga qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davlat xizmatlari koʻrsatilishida asossiz rad etilgan arizalar yuzasidan undirilgan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini ular tomonidan ariza beruvchiga qaytarish
SXEMASI
Davlat xizmatlari koʻrsatilishida asossiz rad etilgan arizalar yuzasidan undirilgan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini ular tomonidan ariza beruvchiga qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Davlat xizmatlari koʻrsatilishida asossiz rad etilgan arizalar yuzasidan undirilgan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini ular tomonidan ariza beruvchiga qaytarish uchun
SOʻROVNOMA
Davlat xizmatlari koʻrsatilishida asossiz rad etilgan arizalar yuzasidan undirilgan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini ular tomonidan ariza beruvchiga qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Davlat xizmatlari koʻrsatilishida asossiz rad etilgan arizalar yuzasidan undirilgan davlat bojlari, yigʻimlar va boshqa har qanday toʻlovlarning vakolatli organlarga yoʻnaltirilgan qismini ular tomonidan ariza beruvchiga qaytarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 17.12.2025-y., 09/25/792/1172-son)
