2027-yilgi futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-376-son)
15.12.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
2027-yilda Oʻzbekiston va Ozarbayjonda boʻlib oʻtadigan futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish hamda Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi va Osiyo futbol konfederatsiyasining nufuzli yirik musobaqalarini oʻtkazish maqsadida qaror qilaman:
I. Ustuvor yoʻnalishlar
1. 2027-yilda futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionatini (keyingi oʻrinlarda — Jahon chempionati) tashkil etish va oʻtkazishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik koʻrish, uni yuqori darajada oʻtkazish;
(b) Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish boʻyicha Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — FIFA) talablariga muvofiq zarur boʻlgan infratuzilmani yaratish;
(v) Jahon chempionati ishtirokchilari va muxlislariga yuqori darajadagi xizmatlarni koʻrsatish uchun qulay sharoitlar yaratish;
(g) Jahon chempionatini oʻtkazish orqali mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi oʻrni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.
II. Jahon chempionatini oʻtkazish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar
2. Quyidagilar:
(a) 2025-yil 2-oktabr kuni FIFA Kengashi tomonidan futbol boʻyicha Jahon chempionatini Oʻzbekiston va Ozarbayjonda oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin;
(b) 2027-yilgi futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
(v) 2027-yilgi futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qoʻmitaga (A. Aripov) quyidagi vazifalar yuklatilsin:
(a) Jahon chempionatini yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha masʼul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
(b) FIFA talablariga muvofiq Jahon chempionati oʻtkaziladigan obyektlarning infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini taʼminlash;
(v) Jahon chempionati ishtirokchilarining Oʻzbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport, tibbiy xizmat koʻrsatish va volontyorlik masalalarini muvofiqlashtirish;
(g) Jahon chempionati boʻlib oʻtadigan hududlarni uzluksiz va muqobil elektr energiyasi bilan taʼminlash, obodonlashtirish ishlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash;
(d) Jahon chempionati boʻlib oʻtadigan hududlarda futbol stadionlari, mashgʻulot maydonlari va mehmonxonalarni tayyor holatga keltirish.
4. Belgilansinki, Tashkiliy qoʻmitaga ushbu qarorning 3-bandida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish bilan bogʻliq tezkor qarorlarni qabul qilish vakolati beriladi.
III. Moliyaviy resurslar
5. 2027-yilgi futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionati doirasida amalga oshiriladigan xarajatlar va ularni moliyalashtirish manbalari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Sport vazirligi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining talabnomalariga asosan Transport vazirligi:
(a) Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar hamda oʻyin kunlari chiptalari mavjud boʻlgan shaxslarning jamoat transporti vositalarida borib kelishi uchun Toshkent — Yangi Toshkent — Toshkent yoʻnalishida alohida avtobuslar qatnovini yoʻlga qoʻysin;
(b) Jahon chempionatida akkreditatsiyadan oʻtgan shaxslar hamda oʻyin kunlari chiptalari mavjud boʻlgan shaxslar uchun jamoat transporti vositalaridan (avtobus, metro) bepul foydalanish imkoniyatlarini yaratish choralarini koʻrsin.
IV. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish
7. FIFA va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining Toshkent shahrida FIFAning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun mintaqaviy ofisini (keyingi oʻrinlarda — mintaqaviy ofis) ochish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Belgilansinki:
(a) mintaqaviy ofisni tashkil etish va saqlash xarajatlari birinchi navbatda FIFA tomonidan ajratiladigan mablagʻlar, yetmagan qismi esa Oʻzbekiston futbolni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, biroq umumiy xarajatlarning 50 foizidan oshmagan miqdorda qoplanadi;
(b) mintaqaviy ofis Toshkent shahri Islom Karimov koʻchasi 98a-uy manzilida joylashgan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining binosida begʻaraz asosda joylashtiriladi;
(v) mintaqaviy ofis binosini taʼmirlash, zarur mebel, jihoz, texnika va transport vositalari bilan taʼminlash xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-noyabrdagi PQ-355-son qaroriga muvofiq Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan qoplanadi. Bunda minimal saqlash talablari Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan belgilanadi.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
9. Jahon chempionatini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida:
(a) Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Yangi Toshkent shahri hududida barpo etilayotgan “Yangi Toshkent markaziy futbol oʻyingohi” FIFA va Osiyo futbol konfederatsiyasining nufuzli musobaqalar oʻtkazish boʻyicha talablariga moslashtirilishini nazorat qilsin;
(b) Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Sport vazirligi bilan birgalikda:
(i) Jahon chempionatining rasmiy futbol toʻpini, logotipini, ramzini (maskot) ommaga tanishtirish marosimlari hamda boshqa rasmiy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish choralarini koʻrsin;
(ii) Jahon chempionati bosh sovrini — Jahon kubogini ommaga tanishtirish uchun respublika boʻylab marshrutini ishlab chiqsin va uning amalga oshirilishini tashkil etsin;
(v) Energetika vazirligi Jahon chempionati obyektlari va Xalqaro translyatsiya markazini FIFA talablari boʻyicha uzluksiz va muqobil elektr energiyasi bilan taʼminlasin;
(g) Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi 2026-yil 1-yanvarga qadar FIFA talabi asosida Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha mahalliy ishchi guruh (Local Organization Committee) tashkil etsin.
10. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi:
(a) FIFA tomonidan belgilangan talablarga muvofiq Jahon chempionati uchrashuvlarini efirga uzatish huquqi uchun litsenziya olish choralarini koʻrsin;
(b) Jahon chempionatini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish boʻyicha mediarejani ishlab chiqsin;
(v) mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar eʼlon qilinishi, brifinglar, tematik telekoʻrsatuvlar tayyorlanishini tashkil etsin.
11. Sport vazirligi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
(a) uch oy muddatda mazkur qarorga 3-ilovaga muvofiq xarajatlarni moliyalashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;
(b) 2026-yil 1-mayga qadar Vazirlar Mahkamasining FIFA bilan erishilgan kelishuvdan kelib chiqib, Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va yuqori saviyada oʻtkazish doirasida FIFAga, uning aʼzolari va hamkorlariga, tashkil etilayotgan mahalliy ishchi guruhga, tadbirkorlik subyektlari va muxlislarga taqdim etilayotgan qulaylik va imtiyozlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Hukumatga kiritsin.
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik koʻrish, uni yuqori darajada tashkil etish va oʻtkazish uchun talab etiladigan mablagʻlar 2026-2027-yillarda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri A.I. Ikramov, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi B.N. Kurbanov hamda Toshkent shahar hokimi Sh.B. Umurzakov belgilansin.
14. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sport boʻyicha vakili O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-dekabr,
PQ-376-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-dekabrdagi PQ-376-son qaroriga 1-ILOVA
2027-yilgi futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaning
TARKIBI
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-dekabrdagi PQ-376-son qaroriga 2-ILOVA
2027-yilgi futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-dekabrdagi PQ-376-son qaroriga 3-ILOVA
2027-yilgi futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionati doirasida amalga oshiriladigan xarajatlar va ularni moliyalashtirish manbalari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:
(a) 2027-yilda futbol boʻyicha U-20 Jahon chempionatining (keyingi oʻrinlarda — Jahon chempionati) qurʼa tashlash, ochilish va yopilish marosimlarini tashkil etish va oʻtkazish;
(b) Jahon chempionati sport obyektlarini ijaraga olish, bezatish, targʻibot materiallarini (tarqatma materiallar va boshqalar) tayyorlash va chop etish hamda axborot-koʻngilochar tizimni (Infotainment) Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — FIFA) talabnomasi asosida zarur jihozlar bilan taʼminlash;
(v) rasmiy xorijiy mehmonlar, ishtirokchi jamoalar, hakamlar, ularga biriktirilgan gid-tarjimon va kuzatuvchilar, volontyor, ommaviy axborot vositalari vakillari, Tashkiliy qoʻmita aʼzolari, mahalliy ishchi guruh aʼzolarining mehmonxonaga joylashtirilishini, transport vositalari bilan taʼminlanishini, ovqatlanishini tashkil etish;
(g) tashkiliy masalalarni tezkor hal qilish boʻyicha mahalliy ishchi guruh (Local Organization Committee) aʼzolarining mehnatiga haq toʻlash va ragʻbatlantirish xarajatlarini qoplash;
(d) Jahon chempionati oʻtkaziladigan obyektlar, matbuot xonalarini LED monitorlar, zarur texnika vositalari, sinxron tarjima jihozlari va yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlash;
(j) Jahon chempionatini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan sport jihozlari va anjomlari hamda asbob-uskunalarni xarid qilish;
(z) Xalqaro translyatsiya markazini tashkil etish va uning FIFA talablariga muvofiq faoliyat koʻrsatishini yoʻlga qoʻyish hamda FIFA talablariga asosan ishlab chiqiladigan Xavfsizlik konsepsiyasiga muvofiq texnik vositalar hamda uskunalar bilan taʼminlash;
(i) Jahon chempionatini targʻib qiluvchi rasmiy videoroliklarni tayyorlash;
(k) Jahon chempionati bosh sovrini — Jahon kubogini ommaga tanishtirish tadbirlarini tashkil etish;
(l) Jahon chempionati oʻtkaziladigan sport obyektlarini umumiy sugʻurta (mulkiy va javobgarlik) qilish hamda FIFA xodimlari uchun hayotni sugʻurta (jismoniy shaxslarning hayoti, sogʻligʻi, mehnat qobiliyati) qilish xarajatlarini qoplash;
(m) Jahon chempionatining rasmiy futbol toʻpini, logotipini, ramzini (maskot) ommaga tanishtirish marosimlari hamda boshqa rasmiy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;
(n) Jahon chempionati doirasida xorijiy (ingliz, arab, fransuz, ispan, portugal, nemis) tillarda sinxron tarjimonlar ishtirokini taʼminlash;
(o) Jahon chempionatini xorijiy ommaviy axborot vositalari, internet tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish;
(p) rasmiy xorijiy mehmonlar, ishtirokchi jamoalar, hakamlar, ularga biriktirilgan gid-tarjimon va kuzatuvchilar, volontyor, ommaviy axborot vositalari vakillari, Tashkiliy qoʻmita aʼzolari, mahalliy ishchi guruh aʼzolarining respublika hududida harakatlanishi uchun avia va temir yoʻl chiptalarini xarid qilish;
(r) FIFA talablaridan kelib chiqib yuzaga keladigan boshqa xarajatlar.
2. Jahon chempionati guruh oʻyinlari oʻtkaziladigan hududlar va Toshkent shahri mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan:
(a) Jahon chempionati oʻtkaziladigan va diqqatga sazovor joylarni obodonlashtirish hamda tadbir oʻtkazish uchun tayyor holga keltirish;
(b) aeroport va temir yoʻl vokzallarida hamda markaziy koʻchalar boʻylab oʻrnatilgan bannerlar va LED monitorlarda Jahon chempionatini keng yoritish;
(v) xorijiy ishtirokchilar, ularga biriktirilgan gid-tarjimon hamda kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillarini Jahon chempionati guruh oʻyinlari oʻtkaziladigan hududlar va Toshkent shahri boʻylab harakatlanishi uchun transport vositalari bilan taʼminlash.
