Tadbirkorlik subyektlariga davlat, professional, konsalting, moliyaviy, injiniring, marketing, media, IT va operatsion xizmatlarni kompleks koʻrsatish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-375-son)
13.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Xususiy sektorni jalb qilgan holda tadbirkorlik subyektlariga davlat, professional, konsalting, moliyaviy, injiniring, marketing, media, IT va operatsion xizmatlarni (keyingi oʻrinlarda — davlat va xususiy xizmatlar) bitta nuqtadan kompleks tarzda koʻrsatish orqali biznesni tez va oson boshlash hamda yuritish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) mingdan ortiq davlat va xususiy xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish orqali tadbirkorlar faoliyatiga toʻlaqonli hamrohlik qilish tizimini joriy etish;
(b) tadbirkorlar masalalari va muammolarini eshitish, muhokama qilish va joyida hal qilishga moʻljallangan sifat jihatdan yangi maydoncha yaratish.
II. “Biznes hamroh” loyihasini amalga oshirish
2. 2026-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlik faoliyatiga oid davlat xizmatlari va mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq xususiy xizmatlarni tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatish boʻyicha “Biznes hamroh” loyihasi amalga oshirilsin.
3. Belgilansinki, “Biznes hamroh” loyihasi doirasida:
(a) Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan boshqariladigan “Biznes hamroh” markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va ular mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq asosiy vazifalarni amalga oshiradi;
(b) dastlabki bosqichda “Biznes hamroh” markazlari Toshkent va Nukus shaharlarida hamda viloyatlar markazlarida bittadan tashkil etiladi;
(v) tadbirkorlik subyektlariga davlat va xususiy xizmatlarni koʻrsatish zarur funksional imkoniyatlarga ega boʻlgan davlat xizmatlari markazlari binolarida yoki yangi quriladigan (rekonstruksiya qilinadigan) binolarda yoʻlga qoʻyiladi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq “Biznes hamroh” loyihasi doirasida xususiy xizmatlarni koʻrsatishni tashkil qilish uchun:
(a) xizmat koʻrsatish joylari tegishli xizmat turi aniq koʻrsatilib va kichik lotlarga boʻlingan holda tadbirkorlik subyektlariga 1 yilgacha muddatga ijaraga beriladi;
(b) “Biznes hamroh” markazlariga ularga ajratilgan binodan xizmat koʻrsatish joylarini balansda saqlovchining roziligi bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ikkilamchi ijaraga berishga ruxsat etiladi.
5. 2026-yil 1-martdan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining (keyingi oʻrinlarda — rahbarlar) tadbirkorlar bilan muloqotini tashkil qilishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
(a) rahbarlar har chorakda tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida hududlarda tadbirkorlar bilan “Biznes hamroh” markazlarida uchrashadi;
(b) reja-grafiklar har chorakda barcha uchun ochiq holatda “Biznes hamroh” elektron platformasi (keyingi oʻrinlarda — platforma) va tegishli tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi;
(v) platformadagi “Rahbarlar bilan muloqot” moduli orqali bir chorak davomida bitta hududdan kamida 10 nafar tadbirkorning murojaati yoʻnaltirilgan tashkilot rahbarlari keyingi chorak uchun moʻljallangan reja-grafigiga ushbu hududdagi tadbirkorlar bilan uchrashuv oʻtkazishni kiritadi (bundan murojaatlar keyingi reja-grafik tasdiqlangunga qadar ijobiy hal qilingan holatlar mustasno);
(g) uchrashuvlarda koʻtarilgan va “Biznes hamroh” markazining “Call markazi”dan kelib tushgan murojaatlar platforma orqali “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga kiritiladi. Bunda:
(i) murojaatlar vakolatli organlarga koʻrib chiqish va hal etish uchun yoʻnaltiriladi;
(ii) Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil murojaatlar koʻrib chiqilishi va davlat xizmatlari oʻrnatilgan tartibda koʻrsatilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
(iii) kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida tizimli masalalar yechimi yuzasidan qonunchilikni yoki huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha har chorakda takliflar kiritib boriladi;
(d) uchrashuvlar, koʻtarilgan masalalar, hal etilgan murojaatlar soni kabi koʻrsatkichlar asosida rahbarlar faoliyati baholanib, har chorakda platformada ularning reytingi eʼlon qilib boriladi.
III. “Biznes hamroh” markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish
6. “Biznes hamroh” markazlari zarur funksional imkoniyatlarga ega boʻlgan davlat xizmatlari markazlari binolariga toʻgʻridan-toʻgʻri joylashtirilsin. Bunda:
(a) birinchi yil — tekin foydalanish huquqi asosida (kommunal toʻlovlar bundan mustasno);
(b) ikkinchi va undan keyingi yillar davlat mulki obyekti uchun belgilangan ijara toʻlovining minimal miqdoridagi stavkasi boʻyicha ijara huquqi asosida joylashtiriladi.
7. Savdo-sanoat palatasi:
(a) mavjud talabga binoan “Biznes hamroh” markazlarini boshqa tuman (shahar)larda ham tashkil qilib borsin;
(b) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda quyidagilarni ishga tushirsin:
(i) “Biznes hamroh” elektron platformasini;
(ii) xizmatlardan foydalanishda yuzaga kelgan masalalar va muammolar yuzasidan murojaatlarni qabul qilish, maslahat berish va ularni hal qilishga moʻljallangan “Call markazi”ni;
(v) ikki oy muddatda “Biznes hamroh” markazlari uchun yangi binolar qurish (mavjudlarini rekonstruksiya qilish) dasturini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Adliya vazirligi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2026-yil 1-martga qadar “Biznes hamroh” markazlarida “yagona darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatishni yoʻlga qoʻysin.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Savdo-sanoat palatasi va Adliya vazirligi “Biznes hamroh” markazlari faoliyatini uslubiy va huquqiy jihatdan taʼminlashga masʼul hisoblanadi;
(b) “Biznes hamroh” markazlari oʻz xizmatlarini tijoriy asosda koʻrsatadi va xizmat haqi miqdorlarini mustaqil belgilaydi.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
10. “Biznes hamroh” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-maydagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-71-son Farmoni 7-bandida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan “Biznes hamroh” markazlar faoliyatini tashkil qilish, shu jumladan ular uchun zarur binolarni qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlashga ruxsat etilsin.
12. Savdo-sanoat palatasi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Savdo-sanoat palatasi raisi D.A. Vaxabov va adliya vaziri A.D. Tashkulov belgilansin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 13-dekabr,
PQ-375-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-dekabrdagi PQ-375-son qaroriga 1-ILOVA
“Biznes hamroh” loyihasi doirasida koʻrsatiladigan xususiy xizmatlar
ROʻYXATI
1. Soliq hisobotini (deklaratsiyasini) tayyorlash va soliq hisobini yuritish (soliq maslahati).
2. Buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobotni tuzish.
3. Moliyaviy hisobotni tayyorlash va taqdim etish.
4. Auditorlik xizmatlari.
5. Biznes-rejalarni ishlab chiqish va kredit olish uchun bankka taqdim etiladigan birlamchi hujjatlarni tayyorlash.
6. Yuridik xizmatlar (taʼsis hujjatlarini, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi hujjatlarni, xoʻjalik shartnomalarini ishlab chiqish).
7. Xorijiy bozorlar uchun tijorat takliflarini tayyorlash.
8. Bojxona (eksport va import) yuklarini rasmiylashtirish (deklarantlik).
9. Birja savdolarida ishtirok etish (brokerlik).
10. Korxona logotipi va tovar belgisini ishlab chiqish.
11. Intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofazaga olish va uni amalga oshirish masalalari boʻyicha vakillik qilish (patent vakili).
12. Marketing tadqiqotlari olib borish va reklama qilish.
13. IT va raqamlashtirish (ERP, CRM, elektron hujjat aylanmasi).
14. Xodimlarni saralash, HR-konsalting va kadrlar hujjatlarini yuritish.
15. Xorijiy va mahalliy korxonalarga tashriflarni (biznes-missiyalar) tashkil etish.
16. Sertifikatlarni (ISO, Halal va boshqalar) rasmiylashtirish.
Izoh: Savdo-sanoat palatasiga tadbirkorlik subyektlari ehtiyojlaridan kelib chiqib, ushbu roʻyxatga boshqa xizmat turlarini kiritish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-dekabrdagi PQ-375-son qaroriga 2-ILOVA
“Biznes hamroh” markazlarining asosiy vazifalari
1. Tadbirkorlik subyektini roʻyxatdan oʻtkazishdan boshlab faoliyatini yoʻlga qoʻyish va kengaytirish, mahsulotini ichki va tashqi bozorlarga chiqarishgacha boʻlgan butun “hayotiy sikli”da amaliy yordam berish.
2. Markaz orqali tadbirkorlarga davlat va xususiy xizmatlarni sifatli, qulay, qisqa muddatlarda va shaffof tarzda koʻrsatish, ushbu jarayonlarda zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish.
3. Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining tadbirkorlar bilan muloqotini tashkil qilish boʻyicha maydoncha yaratish, koʻtarilgan masalalarni qayd etishdan hal qilishgacha boʻlgan barcha jarayonlarda hamrohlik qilish.
4. Markaz xizmatlaridan foydalanuvchi tadbirkorlarga malakali axborot, maslahat va uslubiy yordam koʻrsatish, ularning murojaatlariga tezkor munosabat bildirish.
5. Tadbirkorlar oʻrtasida markaz orqali koʻrsatiladigan davlat va xususiy xizmatlar toʻgʻrisidagi axborotni keng targʻib etish, ommaviy axborot vositalari, internet, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa kommunikatsiya kanallari orqali axborot-tushuntirish ishlarini amalga oshirish.
6. Markazlar faoliyatiga tadbirkorlar uchun zarur boʻlgan bank-moliya, soliq, eksport (import), sertifikatlash masalalari boʻyicha konsalting kabi talab yuqori boʻlgan xususiy xizmatlar koʻrsatishni joriy etish.
7. Markazlar orqali koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati va muddatlari boʻyicha tadbirkorlar qoniqish darajasini muntazam monitoring qilish, tahlil natijalari asosida davlat va xususiy xizmatlar sohasini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
8. Tadbirkorlarga mahsulot (ishlar, xizmatlar) ishlab chiqarish uchun kerakli xomashyolarni xarid qilish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi birja bozorlari bilan tanishish va brokerlar bilan aloqa oʻrnatishda qulay sharoitlar yaratish.
9. Markazlarda faoliyat yurituvchi xodimlarni tizimli oʻqitish va qayta tayyorlash, xorijiy mamlakatlarning yetakchi ixtisoslashgan muassasalarida stajirovka oʻtash orqali ularning malakasini oshirishni tashkil etish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 13-dekabrdagi PQ-375-son qaroriga 3-ILOVA
“Biznes hamroh” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “YOʻL XARITASI”
