Ekohududlarda turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (778-son)
10.12.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 12-yanvardagi PQ-21-son qarori ijrosini taʼminlash hamda mamlakatimizning mavjud resurslaridan oqilona foydalanish orqali ekoturizmni yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Ekohududlarda turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish va ularning reyestrini yuritish tartibi;
turistik soʻqmoqlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibi;
turistik soʻqmoqlarning yoʻnalishlarini ishlab chiqish va ularni Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirish tartibi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi uch oy muddatda:
turistik soʻqmoqlar tashkil qilinadigan hududlar roʻyxatini shakllantirsin hamda ular boʻylab barpo etiladigan selfi zonalari, kemping, dam olish va xizmat koʻrsatish obyektlari joylashuvini belgilasin;
Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilikka tushuntirilishini taʼminlasin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi raisi zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-dekabr,
778-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 778-son qaroriga ILOVA
Ekohududlarda turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat qoʻriqxonalarining bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar (qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari, togʻli va choʻl hududlar hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida (keyingi oʻrinlarda — ekohududlar) turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qoʻllaniladi:
balansda saqlovchi — ekohududlardan mulk va ijara huquqi asosida foydalanuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi;
tashrif buyuruvchi — turistik soʻqmoqda dam olish, sayr qilish, sogʻlomlashtirish hamda tabiat bilan tanishish maqsadida harakatlanuvchi sayyoh;
turistik soʻqmoq — ekohududlarda piyoda, shuningdek, ot, velosiped, changʻi va boshqa vositalarda (avtomototransport vositalaridan tashqari) dam olish, sayr qilish, sogʻlomlashtirish hamda tabiat bilan tanishish uchun harakatlanishga moʻljallangan, eni 1 metr va uzunligi 1 kilometrdan kam boʻlmagan yoʻlak;
turistik soʻqmoq pasporti — turistik soʻqmoqni tashkil etish va boshqarishga oid maʼlumotlar qayd etilgan hamda vakolatli organ tomonidan rasmiylashtiriladigan hujjat;
turistik soʻqmoqni boshqarish — tashrif buyuruvchilarning xavfsiz, erkin harakatlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish, turistik soʻqmoq va unga tutash hududdagi obyektlarni saqlash, xizmat koʻrsatish va atrof-muhitni asrash bilan bogʻliq faoliyat;
Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestri — vakolatli organ tomonidan yuritiladigan turistik soʻqmoqlar toʻgʻrisidagi ochiq axborot resursi.
3. Turistik soʻqmoqning yoʻnalishi yongʻin va texnika xavfsizligi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini inobatga olgan holda belgilanadi.
4. Turistik soʻqmoqni tashkil qilish va saqlash bilan bogʻliq xarajatlar balansda saqlovchining mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
5. Turistik soʻqmoqlarda harakatlanganlik uchun tashrif buyuruvchilardan toʻlov undirilmaydi, balansda saqlovchi tomonidan ekohududlarga kirish uchun joriy qilingan alohida toʻlovlar bundan mustasno.
6. Turistik soʻqmoq ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida tashkil qilinadi.
2-bob. Turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish va Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestrini yuritish tartibi
7. Balansda saqlovchi turistik soʻqmoqni tashkil qilish uchun tegishliligi boʻyicha vakolatli organning hududiy boʻlinmasiga (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlinma) yozma yoki elektron shaklda ariza bilan murojaat qiladi.
Arizaga ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda turistik soʻqmoq toʻgʻrisida maʼlumotnoma, xaritasi, foto va video tasvirlar elektron shaklda ilova qilinadi.
Bunda ekohududning balansda saqlovchiga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar (mulk yoki ijara asosida foydalanish) hududiy boʻlinma tomonidan “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali mustaqil ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi va Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligidan olinadi.
Balansda saqlovchidan ushbu bandda koʻrsatilmagan boshqa hujjatlar va maʼlumotlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
8. Hududiy boʻlinma ariza kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kuni ichida uni koʻrib chiqadi. Bunda ushbu muddat turistik soʻqmoqning geografik joylashuvi va ob-havoning noqulayligidan kelib chiqib, vakolatli organning ruxsati bilan oʻn ish kunigacha uzaytirilishi mumkin.
Agar ushbu Nizomning 7-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan hujjatlar va maʼlumotlar arizaga toʻliq ilova qilinmagan taqdirda, hududiy boʻlinma tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kuni ichida uni koʻrib chiqishni rad etish toʻgʻrisida balansda saqlovchiga yozma yoki elektron shaklda xabarnoma yuboriladi.
9. Hududiy boʻlinma turistik soʻqmoqning haqiqatda ekohududda joylashganligini hamda ushbu Nizomning 3-bandida belgilangan talablarga javob berishini joyiga chiqqan holda oʻrganib chiqib, natijasi boʻyicha ikki nusxada dalolatnoma tuzadi hamda uning bir nusxasini balansda saqlovchiga taqdim etadi. Bunda dalolatnomaga foto va video tasvirlar ilova qilinadi.
Dalolatnoma shakli hamda foto va video tasvirlarga qoʻyiladigan talablar vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Hududiy boʻlinma arizani koʻrib chiqishda vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalari vakillarini ham jalb qilishi mumkin.
10. Dalolatnomada turistik soʻqmoq haqiqatda ekohududda joylashgani hamda ushbu Nizomning 3-bandida belgilangan talablarga javob berishi qayd etilgan taqdirda, hududiy boʻlinma bir ish kuni ichida uni Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestriga kiritish uchun balansda saqlovchi tomonidan ushbu Nizomning 7-bandiga muvofiq taqdim etilgan ariza, unga ilovalar, dalolatnoma hamda unga oid materiallarni koʻrib chiqish uchun vakolatli organga yuboradi.
11. Hududiy boʻlinma quyidagi hollarda turistik soʻqmoqni tashkil etishni rad etadi:
ekohududda joylashmagan boʻlsa;
ushbu Nizomning 3-bandida belgilangan talablarga javob bermaganda;
ariza va unga ilova qilingan hujjatlardagi maʼlumotlar notoʻgʻri yoki yolgʻon boʻlganda;
balansda saqlovchi dalolatnomani imzolashdan bosh tortganda.
Turistik soʻqmoqni tashkil etishni boshqa asoslarga koʻra rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Hududiy boʻlinma tomonidan turistik soʻqmoqni tashkil etish rad etilgan taqdirda, balansda saqlovchi kamchiliklarni bartaraf etib, ushbu bobda belgilangan tartibda qayta murojaat qilishi mumkin.
13. Vakolatli organ hududiy boʻlinma tomonidan yuborilgan hujjatlarni ikki ish kuni ichida koʻrib chiqib, turistik soʻqmoqni ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestriga kiritadi.
Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestriga kiritilgan turistik soʻqmoqlar tashkil etilgan hisoblanadi.
14. Vakolatli organ shu kunning oʻzida turistik soʻqmoq Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestriga kiritilgani toʻgʻrisida balansda saqlovchiga yozma yoki elektron shaklda xabarnoma yuboradi.
15. Balansda saqlovchi turistik soʻqmoq xaritasi va yoʻnalishlari oʻzgargan taqdirda, bir ish kuni ichida ushbu Nizomning 7-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan hujjatlar va maʼlumotlarni ilova qilgan holda, hududiy boʻlinmaga yozma yoki elektron shaklda xabarnoma yuboradi.
Hududiy boʻlinma ushbu Nizomning 9-10-bandlarida belgilangan tartibda maʼlumotlarning toʻgʻriligini oʻrganib chiqadi va oʻrganish natijalari toʻgʻrisida vakolatli organni yozma yoki elektron shaklda xabardor qiladi.
Vakolatli organ bir ish kuni ichida ushbu maʼlumotlar asosida Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi.
16. Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestri “Tabiatga sayohat” elektron platformasi hamda vakolatli organning rasmiy veb-saytida joylashtiriladi.
17. Vakolatli organ turistik soʻqmoq Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestriga kiritilgan kundan boshlab oʻn besh kun ichida uning yoʻnalishlarini tabiiy sharoiti va geografik joylashuvidan kelib chiqqan holda, barcha dasturiy taʼminot hamda mobil qurilmalarga mos formatda ishlab chiqadi, ularni Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtiriladi.
3-bob. Turistik soʻqmoqlarni saqlash va ulardan foydalanish tartibi
18. Balansda saqlovchi turistik soʻqmoq Turistik soʻqmoqlarning yagona reyestriga kiritilgan kundan boshlab bir oy muddat ichida uning kirish nuqtasida pasporti va xaritasini, shuningdek, turistik soʻqmoq boʻylab ushbu sohaga oid davlat standartida belgilangan tartibda yoʻl koʻrsatkichlari va navigatsiya taxtachalariga (yoʻnalishni aniqlash posterlari) chizilgan hamda tarqatma-axborot materiallarida joylashtirilgan axborot belgilarini oʻrnatadi.
19. Turistik soʻqmoq boʻylab yengil konstruksiyali inshootlar va xizmat koʻrsatish obyektlari joylashtirilishi mumkin.
Turistik soʻqmoq chiqindi qutilari va sanitariya-gigiyena shoxobchalari, zaruratga koʻra koʻprik, toʻsiqli yoki toʻsiqsiz traplar, zinapoyalar, tayanch devorlar bilan jihozlanadi.
20. Balansda saqlovchi turistik soʻqmoqqa tutash hududlardagi oʻziga tegishli yer uchastkalarini infratuzilma va xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish uchun belgilangan tartibda ijaraga berishi mumkin.
21. Balansda saqlovchi tashrif buyuruvchilarga gid-ekskursovod, yoʻriqchi va otda sayr qilish kabi qoʻshimcha pulli xizmatlarni taklif qilishi mumkin.
22. Tashrif buyuruvchi turistik soʻqmoqda uning xaritasida belgilangan tartibda va yoʻnalishda harakatlanishi, shuningdek, yongʻin va texnika xavfsizligi hamda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga qatʼiy rioya qilishi lozim.
23. Tashrif buyuruvchi turistik soʻqmoqda harakatlanishi davomida tabiat va hayvonot dunyosini kuzatishi, ularni foto va video tasvirga olishi, turistik soʻqmoq toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Internet jahon axborot tarmogʻida joylashtirishi mumkin.
24. Tashrif buyuruvchi tomonidan harakatlanish davomida atrof-muhit hamda turistik soʻqmoq va uning atrofida joylashgan infratuzilmalarga zarar yetkazilgan taqdirda, balansda saqlovchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda zararni undirish choralarini koʻradi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
25. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
Ekohududlarda turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Turistik soʻqmoqni tashkil qilish
SXEMASI
Ekohududlarda turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Ekohududlarda turistik soʻqmoqlarni tashkil qilish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
