Tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalardan foydalanish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (784-son)
11.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni taqdim etish tartiblarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 24-maydagi PQ-193-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun taqdim etilgan subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalardan yanada samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-193-son qarorida:
tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar (keyingi oʻrinlarda — qoʻllab-quvvatlash choralari) taqdim etilishini tizimli monitoring qilish hamda ularning samaradorligini baholash tartibini;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan maqsadsiz foydalanilgan va asossiz olingan subsidiyalarni qaytarib olish tartibini ishlab chiqish belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni maqbullashtirish hamda ularning samaradorligini taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralari natijasida erishilishi lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlarni belgilagan holda ularning samaradorligini baholash tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
3. Quyidagilar:
Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishini monitoring qilish, ularning samaradorligini baholash hamda asossiz olingan va maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni qaytarib olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishini monitoring qilish hamda ularning samaradorligini baholash uchun masʼul vazirliklar va idoralar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki, ushbu qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan masʼul vazirlik va idoralar:
tegishli sohalardagi tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan foydalanish samaradorligini baholashning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, ushbu qarorga 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan Nizomning qoidalari asosida alohida metodologiyalarni ishlab chiqadi;
metodologiyalarni Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan kelishgan holda tasdiqlaydi;
metodologiyalarni oʻzlarining idoraviy, shuningdek, Savdo-sanoat palatasi hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakilning rasmiy veb-sahifalariga joylashtiradi.
Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:
tadbirkorlik subyektlariga qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishida ularning har biri tomonidan erishilishi lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlarni belgilash;
taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan tadbirkorlik subyektlari maqsadli foydalanishi hamda maqsadli koʻrsatkichlarga erishishini monitoring qilish;
taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan tadbirkorlik subyektlari samarali foydalanishini tahlil qilish va samaradorlikni dastlabki baholash;
qoʻllab-quvvatlash choralaridan samarasiz hamda maqsadsiz foydalangan tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatini shakllantirish;
asossiz olingan hamda maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni tegishli manbalarga qaytarish tartibi.
5. Mazkur qarorga 2-ilovada koʻrsatilgan masʼul vazirlik va idoralar:
2026-yil 1-martga qadar barcha qoʻllab-quvvatlash choralari haqidagi maʼlumotlarni “subsidiya.mf.uz” platformasidagi reyestrga kiritsin;
2026-yil 1-iyunga qadar oʻzlari masʼul boʻlgan qoʻllab-quvvatlash choralarining taqdim etilishi, tadbirkorlik subyektlari tomonidan erishilishi lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlar axborot tizimlarida belgilanishi, ularning monitoring qilinishi va samaradorligi baholanishiga bogʻliq barcha jarayonlarni tegishli vazirlik va idoralar bilan idoralararo axborot almashinuvi (axborot tizimlarini integratsiya qilish) orqali raqamlashtirsin;
qoʻllab-quvvatlash choralarining taqdim etilishini monitoring qilish hamda ularning samaradorligini baholashda tadbirkorlik subyektlari tomonidan erishilishi lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishi tahlilini manfaatdor vazirlik va idoralarning axborot tizimlari orqali idoralararo axborot almashinuvi orqali amalga oshirsin;
2026-yil 1-iyulga qadar oʻzlarining qoʻllab-quvvatlash choralariga oid axborot tizimlarini “subsidiya.mf.uz” platformasi bilan toʻliq integratsiya qilish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning mazmuni va ahamiyati tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida keng tushuntirilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-dekabr,
784-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-dekabrdagi 784-son qaroriga 1-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishini monitoring qilish, ularning samaradorligini baholash hamda asossiz olingan va maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni qaytarib olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishini tizimli monitoring qilish, ularning samaradorligini baholash hamda maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni qaytarib olish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
asossiz olingan subsidiya — subsidiya olish uchun soxta maʼlumot va hujjatlar taqdim etish orqali yoki mazkur subsidiyani qonunchilikda belgilanganidan boshqa yoʻnalishlarda foydalanish uchun olish;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi;
imtiyoz — davlat tomonidan muayyan sabablarga koʻra tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ularga beriladigan afzallik;
ijtimoiy samaradorlik — ijtimoiy infratuzilma va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish, uning ijtimoiy himoyasi va bandligini taʼminlash uchun qulay sharoitlar yaratilishini tasdiqlovchi imtiyozlar samaradorligi koʻrsatkichlari;
iqtisodiy samaradorlik — tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarning tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga (ishlab chiqarish hajmining oʻsishi va mahsulotlar (ishlar, xizmatlar) sotilishi, tannarx pasayishi, mahsulot (ish, xizmat) turlari kengayishi, daromadning oshishi va boshqalar) taʼsirini baholash;
maxsus vakolatli organlar — yengib boʻlmaydigan kuchlarning (fors-major holatlarining) bartaraf etilishi va tegishli xulosa taqdim etish uchun qonunchilik hujjatlari bilan vakolat berilgan davlat organlari;
maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalar — qonunchilik hujjatlari hamda tuzilgan shartnomalarga (bitimlarga) muvofiq taqdim etilgan subsidiyani belgilanganidan boshqa maqsadlar uchun sarflash;
moliyaviy (budjet) samaradorlik — tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarning tadbirkorlik subyektining moliyaviy barqarorligi, sarmoyalarni jalb qilish imkoniyati oshishi hamda budjetga tushgan soliq va bojxona toʻlovlari hajmining oshishiga taʼsirini baholash;
monitoring qilish — tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan subsidiya, imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishni kuzatish hamda tahlil qilish jarayoni;
preferensiya — tadbirkorlik subyektlarining biror bir faoliyat turini qoʻllab-quvvatlash uchun beriladigan ayrim turdagi afzallik;
Respublika komissiyasi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PQ-193-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni maqbullashtirish hamda ularning samaradorligini taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasi;
samaradorlik koʻrsatkichi — tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar natijasida erishiladigan ijtimoiy-iqtisodiy va moliyaviy koʻrsatkichlar;
samaradorlikni baholash — iqtisodiy, moliyaviy (budjet) va ijtimoiy samaradorlik koʻrsatkichlarini hisobga olgan holda, tadbirkorlik subyektlarini ularga taqdim etiladigan subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar natijalarini taqqoslash tartib-taomillari;
samaradorlikni dastlabki baholash — tadbirkorlik subyektlariga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarni taqdim etadigan tashkilot tomonidan erishilgan natijalarni oʻz vakolati doirasida tadbirkorlik subyektlari kesimida baholash;
samaradorlikni yakuniy baholash — tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan subsidiya, imtiyoz va preferensiyalarni vakolatli organ tomonidan samaradorlikni dastlabki baholash natijalari asosida ushbu Nizom talablari asosida baholash;
subsidiya — tovarlarni ishlab chiqarish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish va ularni realizatsiya qilishni moliyalashtirish yoki birgalikda moliyalashtirish yoxud maqsadli xarajatlarning oʻrnini qisman qoplash uchun budjet tizimi budjetlari hisobidan yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan mablagʻlar;
qoʻllab-quvvatlash choralari — tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar;
qoʻllab-quvvatlash choralarining samaradorligi — qoʻllab-quvvatlash choralaridan koʻzlangan maqsadga erishishning miqdoriy bahosi;
qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot — qonunchilik hujjatlariga muvofiq tadbirkorlik subyektlariga qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etish boʻyicha ijobiy yoki salbiy xulosani berish hamda ularning monitoringini yuritish va samaradorligini dastlabki baholash vakolatiga ega boʻlgan davlat organi.
3. Ushbu Nizomning amal qilishi favqulodda holatlarda davlat va jamiyat ehtiyojlarini taʼminlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida, shuningdek, xalqaro shartnomalar asosida tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
4. Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishini monitoring qilish, ularning samaradorligini baholash hamda asossiz olingan va maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni qaytarib olish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxema asosida amalga oshiriladi.
Maqsadli yoʻnaltirish shartlari bilan taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralarining samaradorligi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar hamda tadbirkorlik subyekti tomonidan erishilishi lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlarga erishishni aniqlash uchun baholanadi.
5. Asossiz olingan va maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalar taqdim etilgan manbaga qaytarib olinadi.
6. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etishda ularni taqdim etadigan tashkilot tomonidan tadbirkorlik subyekti erishishi lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlar belgilanadi.
Shartnomada (bitimda) subsidiyadan maqsadsiz, samarasiz yoki noqonuniy foydalanganlik holatlari aniqlangan taqdirda, berilgan subsidiya tegishli budjetga qaytarib olinishi hamda subsidiya oluvchi tadbirkorlik subyektiga kelgusida subsidiyadan foydalanish huquqi berilmasligi haqidagi maʼlumotlar ham aks ettiriladi.
7. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot ushbu qoʻllab-quvvatlash choralarining har bir turi boʻyicha tizimli monitoring qiladi hamda samaradorlikni dastlabki baholash ishlarini amalga oshiradi.
2-bob. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilotning asosiy vazifa va majburiyatlari
8. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot quyidagilar uchun masʼul va javobgar hisoblanadi:
qoʻllab-quvvatlash choralarining qonunchilik hujjatlariga muvofiq maqsadli taqdim etilishi;
ushbu Nizomga muvofiq tadbirkorlik subyekti tomonidan erishilishi lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlarni belgilash;
qoʻllab-quvvatlash choralari monitoringini yuritish va samaradorligini dastlabki baholash;
asossiz olingan va maqsadsiz, samarasiz yoki noqonuniy foydalanilgan subsidiyani majburiy tartibda tegishli budjetga qaytarilishini tashkil qilish.
9. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilotning asosiy majburiyatlari quyidagilardan iborat:
qoʻllab-quvvatlash choralarining tegishli qonunchilik hujjatlarida belgilangan barcha talab va shartlarga mos keluvchi tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilishini tashkil etish;
taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan tadbirkorlik subyektlari maqsadli foydalanishi hamda buning natijasida lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlarga erishishini monitoring qilish;
taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan tadbirkorlik subyektlari samarali foydalanishini tahlil qilish va samaradorlikni dastlabki baholash;
qoʻllab-quvvatlash choralaridan samarasiz hamda maqsadsiz foydalangan tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatini shakllantirish;
asossiz olingan hamda maqsadsiz foydalanilgan subsidiyani majburiy tartibda tegishli budjetga qaytarish choralarini koʻrish;
iqtisodiyotga ijobiy taʼsiri kuzatilmayotgan hamda samaradorligi past va samarasiz qoʻllab-quvvatlash choralarining taqdim etilishini toʻxtatish yoki bekor qilish yuzasidan takliflar tayyorlash;
har yili 1-iyulga qadar tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralari va ularning samaradorligini dastlabki baholash natijalari asosida hisobot tayyorlash hamda vakolatli organga taqdim etish.
3-bob. Qoʻllab-quvvatlash choralarini oluvchi tadbirkorlik subyektining majburiyatlari
10. Qoʻllab-quvvatlash choralarini oluvchi tadbirkorlik subyektining majburiyatlari quyidagilardan iborat:
qoʻllab-quvvatlash choralaridan maqsadli va samarali foydalanishi;
taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralari natijasida tegishli qonunchilik hujjatlari hamda subsidiya shartnomasiga (bitimiga) muvofiq aniq maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishini taʼminlashi;
taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan foydalanish jarayonida qonunchilikda belgilangan meʼyorlarga toʻliq amal qilishi shart.
4-bob. Monitoring qilish tartibi
11. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot tadbirkorlik subyektlariga taqdim etgan qoʻllab-quvvatlash choralari samaradorligini dastlabki baholash ishlarini ularga qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etishda belgilangan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan erishilishi lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishini monitoring qilish orqali amalga oshiradi.
12. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi, ulardan tadbirkorlik subyektlari tegishli qonunchilik hujjatlari hamda subsidiya shartnomasiga (bitimiga) muvofiq maqsadli va samarali foydalanishini oʻzining elektron tizimlari orqali monitoring qiladi.
Bunda tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan maqsadli va samarali foydalanish idoralararo axborot almashinuvi orqali monitoring qilinadi.
Zaruratga koʻra, taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan maqsadli foydalanish holati joyiga chiqqan holda oʻrganilishi mumkin. Bunda joyiga chiqqan holda oʻrganish uchun tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tartibi doirasida oʻn kundan oshmagan muddatda oʻtkazishga tashabbus bildiriladi va oʻrganish ishlari amalga oshiriladi.
13. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar ajratish boʻyicha axborot tizimlarini vakolatli organning “subsidiya.mf.uz” platformasiga integratsiya qiladi.
14. Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar ajratilishi “subsidiya.mf.uz” platformasi orqali monitoring qilinadi.
Bunda qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilotlarning axborot tizimi orqali yoki belgilangan tartibda joyiga chiqqan holda oʻtkazilgan monitoring natijalari “subsidiya.mf.uz” platformasiga oʻzaro axborot almashinuvi orqali taqdim etiladi.
15. Tadbirkorlik subyektlariga qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etishga asos boʻladigan hujjatlarning toʻgʻriligi va haqqoniyligi, manfaatdor vazirlik va idoralar, jumladan, soliq va bojxona imtiyozlarini berish uchun asos boʻladigan hujjatlarning (litsenziya, guvohnoma va boshqalar) toʻgʻriligi va haqqoniyligi Soliq qoʻmitasi hamda Bojxona qoʻmitasi bilan oʻzaro idoralararo axborot almashinuvi orqali tasdiqlanadi.
16. Har bir tadbirkorlik subyektiga qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etishda, shu jumladan, subsidiya shartnomasida (bitimida) samaradorlik mezonlariga muvofiq aniq maqsadli koʻrsatkichlar qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilotning axborot tizimiga kiritiladi.
17. Tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan subsidiyalar qonuniy olingani, ulardan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot tomonidan doimiy monitoring yoʻlga qoʻyilib, subsidiya shartnomasiga (bitimiga) asosan erishilishi lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlarga erishish nazorat qilib boriladi.
5-bob. Samaradorlikni baholash mezonlari
18. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot qoʻllab-quvvatlash choralari samaradorligini baholashda quyidagi mezonlardan foydalanadi:
a) iqtisodiy samaradorlik:
umumiy mahsulot (ish, xizmat) ishlab chiqarish hajmining oshishi;
yangi turdagi mahsulot (ish, xizmat) ishlab chiqarish hajmining oshishi;
mahsulotni (ishni, xizmatni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanmaning oʻsish surʼati;
mahsulot (ish, xizmat) turining kengayishi;
yangi kashfiyot, patent va sanoat namunalarini miqdoriy koʻrsatkichlarda joriy etish;
yangi texnologiyalar, uskunalar va ishlab chiqarish quvvatlarini (ishlab chiqarish korxonalari uchun) miqdoriy koʻrsatkichlarda joriy etish;
tadbirkorlik subyektlarining daromadining (foydasining) oshishi;
mahsulot (ish, xizmat) tannarxining pasayishi;
eksport hajmining oshishi;
shartnomaga (bitimga) asosan yordam berilishida maqsad qilingan boshqa iqtisodiy koʻrsatkichlarning oshishi;
b) moliyaviy (budjet) samaradorlik:
tadbirkorlik subyektining moliyaviy barqarorligi;
sarmoyalarni jalb qilish imkoniyatining oshishi;
investitsiyalar hajmining oshishi;
budjetga tushgan soliq va bojxona toʻlovlari hajmining oshishi;
v) ijtimoiy samaradorlik:
yaratilgan yangi ish oʻrinlari soni;
ish haqini oshirish, qoʻshimcha mablagʻlarning yoʻnaltirilishi;
ijtimoiy yordamga muhtoj shaxslarni ish bilan taʼminlash;
mehnat sharoitlari va mehnat muhofazasini yaxshilash;
shartnomaga asosan yordam berilishida maqsad qilingan boshqa ijtimoiy koʻrsatkichlar.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi qoʻllab-quvvatlash choralarini quyidagi mezonlar asosida baholaydi:
tovar ishlab chiqaruvchi yoki xizmat koʻrsatuvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar (keyingi oʻrinlarda — yetkazib beruvchilar) doirasining va sonining cheklanishi;
yetkazib beruvchilarning oʻzaro raqobatlashish imkoniyati chegaralanishi;
yetkazib beruvchilarning bozor munosabatlarida oʻzaro raqobatlashishga qiziqishining pasayishi;
yetkazib beruvchilarning yangi texnologiyalar, mahsulotlar yoki biznes modellarini amaliyotga joriy etishining cheklanishi;
isteʼmolchilar uchun kerakli axborotni tanlash imkoniyatining chegaralanishi.
6-bob. Samaradorlikni baholash tartibi
20. Samaradorlik qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilgunga qadar oʻtgan uch yillik davrni qoʻllab-quvvatlash choralarining amal qilish muddatiga (agar qoʻllab-quvvatlash chorasi joriy etilganiga uch yil boʻlmagan boʻlsa, oʻtgan yilga nisbatan) taqqoslash orqali baholanadi.
21. Samaradorlikni baholashda manbalardan quyidagi ketma-ketlikda foydalaniladi:
tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy, soliq hisobotlari;
sohaviy idoralar yoki statistika idoralari maʼlumotlari;
qoʻllab-quvvatlash choralari natijalari yuzasidan tadbirkorlik subyekti tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar.
22. Samaradorlik har bir tadbirkorlik subyekti uchun iqtisodiy, moliyaviy (budjet) va ijtimoiy mezonlar boʻyicha alohida baholanadi.
23. Bitta tadbirkorlik subyekti uchun qoʻllab-quvvatlash choralarining iqtisodiy samaradorligi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi natijasida haqiqatan erishilgan iqtisodiy koʻrsatkichning qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishida reja qilingan iqtisodiy koʻrsatkichga (maqsadli koʻrsatkich) nisbatini hisoblash orqali baholanadi:
Siqt = , bu yerda:
Kreja1, Kreja2, Kreja3, … Krejan — qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishida reja qilingan iqtisodiy koʻrsatkich;
Kfakt1, Kfakt2, Kfakt3, … Kfaktn — qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi natijasida haqiqatan erishilgan iqtisodiy koʻrsatkich;
N — qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi natijasida erishilishi rejalashtirilgan iqtisodiy koʻrsatkichlar soni.
Siqt ≥ 1 holatlarda Siqt = 1 sifatida qabul qilinadi.
Agar:
Siqt = 1 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari yuqori iqtisodiy samarali;
0,7 ≤ Siqt < 1 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari iqtisodiy samarali;
0,5 ≤ Siqt < 0,7 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari oʻrtacha iqtisodiy samarali;
Siqt < 0,5 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari iqtisodiy samarasiz.
24. Bitta tadbirkorlik subyekti uchun qoʻllab-quvvatlash choralarining moliyaviy (budjet) samaradorligi koʻrsatkichi oxirgi hisobot yili va oldingi hisobot yili uchun Davlat budjetiga va maqsadli jamgʻarmalarga tushgan soliq, bojxona va boshqa toʻlovlarning umumiy summasi farqining oxirgi hisobot yili uchun taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralarining umumiy miqdoriga nisbatini hisoblash orqali baholanadi:
Sb =(Bt — Bt-1)/Q, bu yerda:
Sb — moliyaviy (budjet) samaradorlik koʻrsatkichi;
Q — oxirgi hisobot yili uchun taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralarining umumiy miqdori;
Bt — oxirgi hisobot yili uchun Davlat budjetiga va maqsadli jamgʻarmalarga tushgan soliq, bojxona va boshqa toʻlovlarning umumiy summasi;
Bt-1 — oxirgi hisobot yilidan oldingi hisobot yili uchun Davlat budjetiga va maqsadli jamgʻarmalarga tushgan soliq, bojxona va boshqa toʻlovlarning umumiy summasi.
Sb ≥ 1 holatlarda Sb = 1 sifatida, Sb ≤ 0 holatlarda Sb = 0 sifatida qabul qilinadi.
Agar:
Sb = 1 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari yuqori moliyaviy samarali;
0,7 ≤ Sb < 1 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari moliyaviy samarali;
0,5 ≤ Sb < 0,7 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari oʻrtacha moliyaviy samarali;
Sb < 0,5 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari moliyaviy samarasiz.
25. Bitta tadbirkorlik subyekti uchun qoʻllab-quvvatlash choralarining ijtimoiy samaradorligi qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi natijasida haqiqatan erishilgan ijtimoiy koʻrsatkichning qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishida reja qilingan ijtimoiy koʻrsatkichiga nisbatini hisoblash orqali baholanadi:
Sijt = , bu yerda:
Kreja1, Kreja2, Kreja3, … Krejan — qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishida reja qilingan ijtimoiy koʻrsatkich;
Kfakt1, Kfakt2, Kfakt3, … Kfaktn — qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi natijasida haqiqatan erishilgan ijtimoiy koʻrsatkich;
N — qoʻllab-quvvatlash choralari taqdim etilishi natijasida erishilishi rejalashtirilgan ijtimoiy koʻrsatkichlar soni.
Sijt ≥1 holatlarda Sijt = 1 sifatida qabul qilinadi.
Agar:
Sijt = 1 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari yuqori ijtimoiy samarali;
0,7 ≤ Sijt < 1 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari ijtimoiy samarali;
0,5 ≤ Sijt < 0,7 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari oʻrtacha ijtimoiy samarali;
Sijt < 0,5 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari ijtimoiy samarasiz.
26. Bitta tadbirkorlik subyekti uchun qoʻllab-quvvatlash choralarining samaradorligini baholash tahlil qilingan davr uchun iqtisodiy, budjet (moliyaviy) va ijtimoiy mezonlari boʻyicha ballar yigʻindisining oʻrtacha koʻrsatkichi sifatida hisoblanadi:
Ks = (Siqt+Sb+Sijt)/3, bu yerda:
Ks — samaradorlik koʻrsatkichi;
Siqt — iqtisodiy samaradorlik;
Sb — moliyaviy (budjet) samaradorlik;
Sijt — ijtimoiy samaradorlik.
Qoʻllab-quvvatlash choralarining samaradorligi maksimal 1 balli shkalada baholanadi:
Ks = 1 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari yuqori samarali;
0,7 ≤ Ks < 1 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari samarali;
0,5 ≤ Ks < 0,7 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari oʻrta samarali;
Ks < 0,5 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari samarasiz.
27. Tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralarining umumiy samaradorligi barcha tadbirkorlik subyektlariga taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralari samaradorligining tadbirkorlik subyektlari soniga nisbatini hisoblash orqali baholanadi:
Ks.um. = , bu yerda:
Ks.um. — qoʻllab-quvvatlash choralarining umumiy samaradorlik koʻrsatkichi;
Ksi — qoʻllab-quvvatlash choralarining n-korxona uchun samaradorlik koʻrsatkichi;
M — qoʻllab-quvvatlash choralaridan foydalangan tadbirkorlik subyektlari soni.
Ksi ≥ 1 holatlarda Ksi = 1 sifatida qabul qilinadi.
Agar:
Ksi = 1 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari yuqori samarali;
0,7 ≤ Ksi <1 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari samarali;
0,5 ≤ Ksi < 0,7 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari oʻrtacha samarali;
Ksi < 0,5 boʻlsa, qoʻllab-quvvatlash choralari samarasiz.
28. Imzolangan subsidiya shartnomalarida (bitimida) belgilangan samaradorlik koʻrsatkichlarining ijro darajasi 1 balli shkalada boʻlganda 100 foiz hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyektining umumiy samaradorlik koʻrsatkichi 50 foizdan kam boʻlishi qoʻllab-quvvatlash choralaridan samarasiz va maqsadsiz foydalangan deb xulosa berishga asos boʻladi.
29. Taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan tadbirkorlik subyektlarining 50 foizidan ortiq qismi samarasiz yoki maqsadsiz foydalangani aniqlanishi mazkur qoʻllab-quvvatlash chorasini bekor qilish yuzasidan taklif tayyorlashga asos boʻladi.
30. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etuvchi tashkilot oʻzi masʼul boʻlgan har bir turdagi subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalardan tadbirkorlik subyektlari kesimida belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilganini, samarali foydalanilganini tahlil qiladi hamda samaradorligini dastlabki baholaydi;
Bunda qoʻllab-quvvatlash choralari samarasiz deb topilganda, ularni bekor qilish yuzasidan taklif tayyorlaydi.
Qoʻllab-quvvatlash choralarining samaradorligini dastlabki baholash natijalari boʻyicha hisobotni har yili 1-iyulga qadar vakolatli organga taqdim etadi.
Vakolatli organ har yili 1-avgustga qadar qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etuvchi tashkilot tomonidan dastlabki baholash natijalariga muvofiq taqdim etilgan hisobotlar asosida qoʻllab-quvvatlash choralarining samaradorligini baholash yakunlari boʻyicha axborotni Hisob palatasi bilan kelishgan holda Respublika komissiyasiga kiritadi.
Bunda natijalar asosida samarasiz deb topilgan qoʻllab-quvvatlash choralari boʻyicha ularni bekor qilish yoki qayta koʻrib chiqish yuzasidan taklif tayyorlanadi.
Respublika komissiyasi har yili 1-oktabrga qadar qoʻllab-quvvatlash choralarining samaradorligini baholash yakunlari boʻyicha maʼlumotnomani hamda ushbu choralarning amal qilishini davom ettirish, bekor qilish yoki ularni taqdim etish tartibini takomillashtirish haqidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritadi.
31. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot samaradorlikni dastlabki baholash maqsadida zarur hollarda vazirliklar va idoralar, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarning mutaxassislari, shuningdek, ekspertlarni jalb qilishi mumkin.
7-bob. Asossiz olingan va maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni qaytarib olish tartibi
32. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot tadbirkorlik subyektiga taqdim etilgan subsidiyalardan maqsadli foydalangani hamda ularning asosli olingani yuzasidan monitoring olib boradi.
33. Tadbirkorlik subyektiga taqdim etilgan subsidiyalar quyidagi hollarda qaytariladi:
subsidiya shartnomasi (bitim) boʻyicha tadbirkorlik subyekti tomonidan erishish lozim boʻlgan aniq maqsadli koʻrsatkichlar bajarilmaganda;
Bunda subsidiyalar shartnoma shartlarining bajarilmagan qismiga mutanosib tarzda qaytariladi.
mablagʻlardan maqsadsiz va samarasiz foydalanilgani aniqlanganda;
subsidiya oluvchi tadbirkorlik subyekti tomonidan tegishli hujjatlar yoki maʼlumotlarni notoʻgʻri yoxud buzib koʻrsatish va asossiz olingani holatlari aniqlanganda.
34. Asossiz olingani yoki maqsadsiz foydalanilgani aniqlangan subsidiyalar quyidagi tartibda qaytariladi:
qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot tadbirkorlik subyektiga ajratilgan subsidiyani ixtiyoriy ravishda qaytarish toʻgʻrisida talabnoma yuboradi.
Talabnomada quyidagi maʼlumotlar boʻlishi zarur:
subsidiyaning asossiz olingani yoki undan maqsadsiz foydalanilganini asoslantiruvchi maʼlumotlar va hujjatlar;
subsidiyaning qaytarib olinadigan summasi;
subsidiyani qaytarish muddati. Bunda subsidiyani ixtiyoriy ravishda qaytarishning minimal muddati oʻn ish kuni etib belgilanadi.
Tadbirkorlik subyekti belgilangan muddatda talabnomada koʻrsatilgan subsidiyani qaytarmasa, subsidiya taqdim etgan tashkilot ajratilgan subsidiyani qaytarish toʻgʻrisida sudga daʼvo arizasini kiritadi.
35. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq subsidiyalarning maqsadli sarflanishi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganish va tahlillar natijasida subsidiya oluvchi tadbirkorlik subyekti mansabdor shaxslarining harakatlarida jinoyat, shu jumladan, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik alomatlari aniqlanganda, toʻplangan hujjatlarni belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etadi.
36. Yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major holatlari) yuzaga kelib, belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilmaganda, taqdim etilgan subsidiyalar qaytarib olinmaydi.
Bunda yengib boʻlmaydigan kuchlar (fors-major holatlari) yuzaga kelgan tadbirkorlik subyekti faoliyati ushbu holatlarning bartaraf etilishi bilan bogʻliq maxsus vakolatli organlarning tegishli xulosasini taqdim etishi lozim.
37. Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar asossiz berilishi yuzasidan qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilotning mansabdor shaxslariga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar koʻriladi.
8-bob. Qoʻllab-quvvatlash choralaridan foydalanish natijadorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilib borish
38. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot taqdim etilgan qoʻllab-quvvatlash choralaridan foydalanish natijadorligi toʻgʻrisida qoʻllab-quvvatlash choralari turi, tadbirkorlik sohalari kabi maʼlumotlarni rasmiy veb-sahifalari hamda ochiq axborot tizimlari orqali eʼlon qilib boradi.
39. “subsidiya.mf.uz” platformasida qoʻllab-quvvatlash choralaridan maqsadsiz foydalangan tadbirkorlik subyektlari, tadbirkorlik sohalari, qoʻllab-quvvatlash choralari turi, Davlat budjetiga qaytarilgan subsidiya miqdori kabi maʼlumotlar ochiq eʼlon qilib boriladi.
Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilotlar ushbu maʼlumotlarni “subsidiya.mf.uz” platformasiga elektron tarzda kiritib boradi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
40. Qoʻllab-quvvatlash choralarini oluvchi tadbirkorlik subyektlari qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilotga oʻz vaqtida maʼlumotlarni taqdim etmasligi yoki ishonchsiz va yolgʻon maʼlumotlarni taqdim etganligi uchun amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
41. Qoʻllab-quvvatlash choralarini oluvchi tadbirkorlik subyektlariga qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralari qoʻllanishi ularni qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilotga maʼlumot taqdim etish majburiyatidan ozod qilmaydi.
42. Qoʻllab-quvvatlash choralarini taqdim etadigan tashkilot oʻziga berilgan vakolatlarni amalga oshirishi munosabati bilan maʼlum boʻlgan tijorat siri yoki qonunchilik bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor qilishga haqli emas.
43. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishini monitoring qilish, ularning samaradorligini baholash hamda asossiz olingan va maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni qaytarib olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishini monitoring qilish va ularning samaradorligini baholash hamda asossiz olingan va maqsadsiz foydalanilgan subsidiyalarni qaytarib olish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-dekabrdagi 784-son qaroriga 2-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlariga subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etilishini monitoring qilish hamda ularning samaradorligini baholash uchun masʼul vazirliklar va idoralar
ROʻYXATI
Izoh.
Mazkur roʻyxatga Tadbirkorlik subyektlariga taqdim etiladigan subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalarni maqbullashtirish hamda ularning samaradorligini taʼminlash boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar, jumladan, subsidiyalar, imtiyozlar hamda preferensiyalarning yangi turi va yoʻnalishlari joriy etilgan taqdirda roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
