Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (779-son)
10.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini koʻpaytirish, zamonaviy savdo va servis xizmatlari koʻrsatilishini tashkil etish hamda aholining yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanini jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash hamda infratuzilmani kengaytirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Jizzax viloyati hokimligi masʼul vazirliklar va idoralar hamda loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda bir oy muddatda “yoʻl xaritasi”da koʻzda tutilgan loyihalarni amalga oshirishning barcha bosqichlari, shu jumladan, loyihalarni foydalanishga topshirish muddatlari koʻrsatilgan tarmoq jadvallarining ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini taʼminlasin.
2. Jizzax viloyati hokimligining Sharof Rashidov tumani “Yangiobod” MFY hududida 1979 — 1981-yillarda qurilgan 4 ta ikki qavatli 48 xonadonli uy oʻrnida renovatsiya dasturi doirasida 4 ta yetti qavatli 168 xonadonli turar joy, shu jumladan, birinchi qavatida savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini barpo etish yuzasidan taklifi 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Bunda renovatsiya asosida koʻp kvartirali turar joylarni barpo etishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 21-fevraldagi PF-26-son Farmoni talablariga qatʼiy rioya etilishi taʼminlansin.
3. Jizzax viloyati hokimligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
“Yangi Oʻzbekiston” massivini kengaytirish maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish sharti bilan “Ravalliq” MFY hududida koʻp kvartirali turar joylar va ijtimoiy soha obyektlarini qurish;
“Koʻrpasoy” va “Tinchlik” MFYlari hududlaridagi togʻ yon bagʻrilarida eko va ziyorat turizmini rivojlantirishni tashkil etish;
taʼlim va tibbiyot turizmini rivojlantirish maqsadida salohiyatli investorni jalb qilgan holda “Turizm va tibbiyot universiteti” koʻp tarmoqli nodavlat oliy taʼlim tashkiloti faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
“Yangiobod” MFY Paxtakor koʻchasi yoʻl qismida aholi uchun sayilgoh barpo etish hamda 4R-34 Jizzax-Zomin avtomobil yoʻlining “Nonisangil” MFY hududidan oʻtuvchi qismida 24/7 rejimda ishlaydigan savdo doʻkonlari va xizmat koʻrsatish shoxobchalari qurish orqali xizmat va servis sohasini rivojlantirish;
“Koʻrpasoy” MFY hududidagi Parpiota madaniy meros obyektini rekonstruksiya qilish orqali turistlar uchun jozibador holga keltirib, mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb qilish.
4. Jizzax viloyati hokimligi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda “Ravalliq” MFY hududida 17 ta yetti qavatli, 16 ta toʻqqiz qavatli turar joy, 300 oʻrinli maktabgacha taʼlim tashkiloti, 1 200 oʻrinli maktab, 100 oʻrinli tibbiyot klinikasi uchun binolar, istirohat bogi hamda stadion qurish uchun Sharof Rashidov tumani hokimligi zaxirasidagi 40 gektar tashlandiq yer maydonini qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari toifasiga oʻzgartirish yuzasidan Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga taklif kiritsin;
5. Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi bir oy muddatda “Koʻrpasoy” MFY Tangi qishlogʻi 3-aylanma 2, 3, 4, 5, 6, 1, 13, 14, 15, 17, 23, 24, 25, 26-konturlaridagi 32 gektar va Tinchlik MFY Uvopsoy qishlogʻi 2-aylanma 23, 24, 25-konturlardagi 3 gektar tarixiy-madaniy ahamiyatga ega boʻlmagan togʻ yon bagʻrilaridagi oʻrmon fondiga tegishli boʻsh turgan jami 35 gektar yer maydoni (keyingi oʻrinlarda — yer maydoni) tuman hokimligi zaxirasiga qaytarilishini taʼminlasin.
Jizzax viloyati hokimligi ikki oy muddatda:
yer maydoni Sharof Rashidov tumani hokimligi zaxirasiga qaytarilgandan soʻng qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar toifasidan aholi punktlarining (shaharlar, posyolkalar va qishloq aholi punktlarining) yerlari toifasiga oʻzgartirish yuzasidan Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan va oʻrmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini oʻzgartirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha Hukumat komissiyasiga taklif kiritsin;
Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilish hisobidan yer maydonida uning toifasi oʻzgargandan soʻng 150 oʻrinli sihatgoh, 20 ta uy-mehmonxonasi, 145 ta savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchasi va boshqa xizmat koʻrsatish obyektlari qurilishida eko va ziyorat turizmi boʻyicha loyihalarni ishlab chiqsin hamda salohiyatli investorlarni jalb qilish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mebel va yogʻochsozlik sanoatining rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2025-yil 27-maydagi PQ-193-son qaroriga muvofiq Savdo-sanoat palatasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston mebel va yogʻochsozlik sanoati korxonalari uyushmasi bilan birgalikda Sharof Rashidov tumani Yaxtanlik MFYdagi Oʻzbekiston koʻchasini mebel va yogʻochsozlik mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirish choralarini koʻrsin.
7. Jizzax viloyati hokimligi:
manfaatdor vazirlik va idoralar hamda loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda “yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalar soʻzsiz, sifatli va natijador bajarilishini, shuningdek, investitsiya loyihalari oʻz vaqtida va toʻliq hajmda amalga oshirilishini hamda yangi ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasin.
har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 10-sanasiga qadar investitsiya loyihalari oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarilishi boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligini tanqidiy muhokama qilib, natijasi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hisobot kiritib borsin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev va Jizzax viloyati hokimi U. Mustafoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-dekabr,
779-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 779-son qaroriga 1-ILOVA
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash hamda infratuzilmani kengaytirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 779-son qaroriga 2-ILOVA
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani Yangiobod MFY hududida amalga oshiriladigan renovatsiya dasturi doirasida obyektlarni barpo etish hududlari
ROʻYXATI
Izoh. Mazkur hududdagi mulkdorlar, Jizzax viloyati hokimligi, tuman hokimligi, Kadastr agentligining Sharof Rashidov tumani hududiy boʻlinmasi va (yoki) Jizzax viloyati qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi takliflariga asosan Jizzax viloyati hokimining qaroriga muvofiq hududlar ushbu manzilli roʻyxatdan chiqarilishi yoki loyihalar va (yoki) hududlar boʻyicha tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
