Davlat sirlari sohasidagi ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida (777-son)
10.12.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash, shuningdek, davlat sirlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solish hamda davlat sirlarini saqlashning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Davlat sirlari sohasida ekspertlar va maxsus komissiyalarni shakllantirish hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi oqibatida Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdorini aniqlash toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Maʼlumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi natijasida maʼlumotlarni tashuvchilarning mulkdoriga yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani berish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq;
Davlat sirlarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 5-ilovaga muvofiq;
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklov belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 6-ilovaga muvofiq;
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning birgalikdagi va boshqa faoliyatini amalga oshirish doirasida davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni yuborish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 7-ilovaga muvofiq;
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning mulkchilik shakli va faoliyati yoʻnalishlari oʻzgarganda davlat sirlarini himoya qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Manfaatdor vazirlik va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-dekabr,
777-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 777-son qaroriga 1-ILOVA
Davlat sirlari sohasida ekspertlar va maxsus komissiyalarni shakllantirish hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat sirlari sohasida ekspertlar va maxsus komissiyalarni shakllantirish hamda ularning faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sir — oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga, davlat xavfsizligiga, iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar;
davlat sirlari — oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlar;
davlat sirlarini tashuvchilar — davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni aniqlash va identifikatsiyalash imkonini beradigan ramzlar, belgilar, tasvirlar, signallar, texnik yechimlar va jarayonlar tarzida aks ettirilgan moddiy obyektlar, shu jumladan, fizik maydon;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar — davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga doir ruxsatga, shuningdek, davlat sirlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan hamda davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlaridan foydalanadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
maxsus komissiya — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning oʻz tasarrufidagi davlat sirlarini koʻrib chiqish va xulosa berish uchun davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlaridan tashkil topgan guruh;
maxfiy-rejim organi — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning maxfiy ish yuritilishi ustidan nazoratni va maxfiylik rejimining taʼminlanishini amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmasi yoki mansabdor shaxsi;
ekspertlar komissiyasi — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan hamda davlat sirlarini himoya qilish masalalari boʻyicha tegishli xulosalar berish huquqiga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlaridan tashkil topgan guruh.
3. Ekspertlar va maxsus komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — komissiyalar) davlat sirlari bilan bogʻliq masalalar boʻyicha xulosa berish hamda zarur tavsiyalarni ishlab chiqish uchun tuziladigan kollegial maslahat organi hisoblanadi.
4. Ekspertlar komissiyasi muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanib, Vazirlar Mahkamasi huzurida, maxsus komissiya esa tashkilotlarda oʻz vakolatlari doirasidagi masalalarni koʻrib chiqish va hal etish uchun tashkil etiladi.
5. Komissiyalar doimiy asosda faoliyat yuritadi.
6. Komissiyalar faoliyati ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari asosida tashkil etiladi.
2-bob. Komissiyalarni shakllantirish va ularning faoliyatini tashkil etish tartibi
7. Ekspertlar komissiyasi Hukumatning qarori asosida Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etiladi.
Ekspertlar komissiyasi tarkibiga davlat sirlarini himoya qilish masalalari boʻyicha xulosalar berish huquqiga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari (qoʻshimcha haq toʻlanmagan holda) kiritiladi.
Vazirlar Mahkamasining maxfiy-rejim organi ekspertlar komissiyasining ishchi organi hisoblanadi.
8. Maxsus komissiya davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbarlari qarori bilan tashkil etiladi hamda unga tashkilotning davlat sirlariga doir ruxsatnomaga ega malakali mutaxassislari jalb etiladi. Maxsus komissiyaga ushbu tashkilotning rahbari yoki uning oʻrinbosarlaridan biri raislik qiladi.
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning maxfiy-rejim organi maxsus komissiyalarning ishchi organi hisoblanadi.
9. Komissiyalar komissiya raisi, uning oʻrinbosari, kotibi va boshqa aʼzolaridan toq sondan iborat tarkibda tashkil topadi.
Zaruratga koʻra komissiyalar faoliyatiga ularning tegishli qaroriga muvofiq boshqa tashkilotlarning davlat sirlariga doir ruxsatnomaga ega malakali mutaxassislari jalb etilishi mumkin.
10. Komissiyalar aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ularning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
3-bob. Komissiyalarning asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari
11. Quyidagilar ekspertlar komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
maxsus komissiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat sirlari va ularning tashuvchilarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish (tanishtirish) boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish va xulosa berish;
davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sirni maxfiylashtirish muddatlarini uzaytirish boʻyicha takliflarini koʻrib chiqish va xulosa berish;
davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarning oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi natijasida Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligi va milliy manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zararning miqdorini aniqlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlaridagi hamda davlat ahamiyatiga ega maʼlumotlarning maxfiylik darajasini aniqlash boʻyicha ekspertizalar oʻtkazish.
Ekspertlar komissiyasi davlat sirlari bilan bogʻliq boshqa vazifalarni ham bajarish vakolatiga ega boʻlishi mumkin.
12. Quyidagilar maxsus komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
maʼlumotlarning maxfiylik darajasini aniqlash boʻyicha ekspertizalar oʻtkazish;
tashkilotlarda maxfiylik rejimini taʼminlash va maxfiy ish yuritish talablarini takomillashtirish hamda sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish va xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
ichki idoraviy faoliyatga oid maʼlumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish yoki maxfiylikdan chiqarish masalasini koʻrib chiqish;
davlat sirlarini tashkil etuvchi faoliyatga oid maʼlumotlarni maxfiylashtirish muddatlarini uzaytirishga (maxfiylikdan chiqarishga) oid masalalarni koʻrib chiqish;
davlat sirlarini tashkil etuvchi faoliyatga oid maʼlumotlarning oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi natijasida tashkilotning manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdorini aniqlash;
maʼlumotlarni davlat sirlari jumlasiga kiritish yoki maxfiylikdan chiqarish masalasini koʻrib chiqish;
maʼlumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi natijasida maʼlumotlarni tashuvchilarning mulkdoriga yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash;
davlat sirlari va ularning tashuvchilarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish (tanishtirish) boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
arxivda saqlanayotgan davlat sirlarini tashkil qiluvchi materiallarni saqlash muddatlarini belgilash, oʻzgartirish yoki yoʻq qilish masalalarini koʻrib chiqish;
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish masalasini koʻrib chiqish;
davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxslarning ulardan foydalanishga doir ruxsatnomalarining amal qilishi tugatilganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovlarni belgilash va ularga beriladigan istisnolarni koʻrib chiqish.
Maxsus komissiya davlat sirlari bilan bogʻliq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.
13. Maxsus komissiya davlat sirlari sohasidagi ayrim masalalar yuzasidan ekspertlar komissiyasiga takliflar kiritishi mumkin.
14. Ekspertlar komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
davlat sirlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan tashkilotlardan zarur hujjatlarni soʻrab olish, koʻrsatmalar berish;
davlat sirlari bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun tegishli takliflarni ishlab chiqish;
davlat sirlari bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun tashkilotlardan zarur bilim va koʻnikmalarga ega malakali mutaxassislarni jalb etish.
15. Maxsus komissiya oʻziga yuklangan vazifalarni amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:
davlat sirlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan tashkilotning tegishli boʻlinmalaridan zarur hujjatlarni soʻrab olish;
davlat sirlari bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun tegishli takliflarni ishlab chiqish va tashkilot rahbariga kiritish;
davlat sirlari bilan bogʻliq masalalarni hal etish uchun zarur bino va inshootlar, avtotransport, texnika va aloqa vositalaridan foydalanish;
faoliyatida boshqa davlat tashkilotlari imkoniyatlaridan foydalanish boʻyicha soʻrovnomalar chiqarish va ularning mutaxassislari hamda maxsus texnik vositalarini jalb etish.
4-bob. Komissiyalar yigʻilishlarini rasmiylashtirish va qarorini qabul qilish tartibi
16. Davlat sirlari bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqishga ehtiyoj paydo boʻlganda, komissiyalarning yigʻilishi tashkil etiladi.
17. Komissiyalar tarkibining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, ularning qarori qabul qilingan hisoblanadi.
18. Komissiyalar qarorlari berilgan ovozlarning koʻpchiligi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlganda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
19. Komissiyalarning qarorlari dalolatnoma, bayonnoma, xulosa va boshqa shakllarda rasmiylashtiriladi hamda komissiya raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
Komissiyalar faoliyati natijalari masʼul kotib tomonidan rasmiylashtiriladi va komissiya raislari tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar oʻz faoliyatida mazkur Nizom va davlat sirlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilishlari lozim.
21. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 777-son qaroriga 2-ILOVA
Davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi oqibatida Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi oqibatida Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdorini aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sir — oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga, davlat xavfsizligiga, iqtisodiy va siyosiy manfaatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar;
davlat sirlari — oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlar;
davlat sirlarining yoʻqotilishi — davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sirni yoki xizmat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar mavjud boʻlgan hujjatlardan, buyumlardan yoki vositalardan qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etmagan holda foydalanish natijasida davlat sirlarini tashuvchilarning oʻz qonuniy egalari tasarrufidan chiqib ketishi;
davlat sirlarini oshkor etish — xizmat yoki kasbiy faoliyati munosabati bilan davlat sirlari oʻziga ishonib topshirilgan yoki davlat sirlari oʻziga maʼlum boʻlib qolgan shaxs tomonidan davlat sirlarini belgilangan tartibni buzgan holda oʻzga shaxsga berish, eʼlon qilish yoki boshqacha tarzda tarqatish hamda buning oqibatida ushbu davlat sirlari ularning qonuniy egalari boʻlmagan shaxslarga maʼlum boʻlib qolishi;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar — davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga doir ruxsatga, shuningdek, davlat sirlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan hamda davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlaridan foydalanadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
maxsus komissiya — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning oʻz tasarrufidagi davlat sirlarini koʻrib chiqish va xulosa berish uchun davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlaridan tashkil topgan guruh;
ekspertlar komissiyasi — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan hamda davlat sirlarini himoya qilish masalalari boʻyicha tegishli xulosalar berish huquqiga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlaridan tashkil topgan guruh.
3. Davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi oqibatida Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdori maxsus komissiyalar tomonidan aniqlanadi.
4. Davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarning oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi natijasida Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligi va milliy manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zararning miqdorini aniqlash alohida hollarda ekspertlar komissiyasi tomonidan koʻrib chiqilishi mumkin.
2-bob. Yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdorini aniqlash tartibi
5. Maxsus komissiya zarar miqdorini aniqlashda davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarning oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi oqibatlari va ularni oshkor boʻlishiga zamin yaratgan omillar oʻrganiladi.
Oʻrganishlar natijasi qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi materiallari bilan tasdiqlanadi.
6. Davlat sirlarining oshkor etilishi yoki yoʻqotilishi oqibatida Oʻzbekiston Respublikasi xavfsizligiga yoxud davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar manfaatlariga yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdorini aniqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati vakillari ishtirok etishi mumkin.
7. Moddiy zarar miqdorini aniqlashda quyidagi koʻrsatkichlar hisobga olinadi:
toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazilgan moddiy zarar;
yetkazilgan zarar oqibatlarini bartaraf etish xarajatlari;
ishlab chiqarilmagan tovarlarning miqdori;
ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining qiymati;
ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmagani natijasining salbiy taʼsiri;
ishlab chiqarish texnologiyalari tannarxi va ularning mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarida qoʻllanilgan iqtisodiy samarasi;
ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan mahsulotlarning ehtimoliy narxi va tashqi bozorda sotilish hajmi;
Oʻzbekiston Respublikasining bajarilmagan davlat vazifalarini qoplash uchun tovarlar, mahsulotlar va xomashyo narxlarining va (yoki) xaridlar hajmining oshishi bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar;
tovarlar, mahsulotlar va ishlab chiqarish uskunalarini chet eldan sotib olishning iloji boʻlmagan taqdirda, ishlab chiqarishni tashkil etish xarajatlari;
xorijiy davlatlar bilan ilmiy-texnik hamkorlik toʻxtatilganda, ilmiy-tadqiqot ishlari va ishlanmalar xarajatlari;
ehtimoliy zararni tavsiflovchi boshqa koʻrsatkichlar;
zarar miqdorini aniqlashga jalb qilingan mutaxassislarga sarflangan xarajatlar;
davlat mudofaa qobiliyati, hududiy daxlsizligiga putur yetkazuvchi omillar.
8. Zarar miqdorini aniqlash imkoniyati boʻlmagan hollarda boshqa tashkilotlarning zarur bilim va koʻnikmalarga ega malakali mutaxassislari jalb qilinadi.
Ekspertlar komissiyasi yoki maxsus komissiya (keyingi oʻrinlarda — komissiyalar) va boshqa tashkilotlarning malakali mutaxassislari tomonidan zarar miqdorini aniqlash imkoni boʻlmagan alohida hollarda, zarar miqdori quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha aniqlanishiga yoʻl qoʻyiladi:
“Alohida ahamiyatli” maxfiylik darajasi tasdiqlangan taqdirda — bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravari va undan ortiq boʻlgan miqdordagi zarar;
“Mutlaqo maxfiy” maxfiylik darajasi tasdiqlangan taqdirda — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha boʻlgan miqdordagi zarar;
“Maxfiy” maxfiylik darajasi tasdiqlangan taqdirda — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha boʻlgan miqdordagi zarar.
3-bob. Yetkazilgan yoki yetkazilishi mumkin boʻlgan zararni rasmiylashtirish tartibi
9. Komissiyalar zarar miqdorini aniqlash boʻyicha ish natijalari xulosa bilan rasmiylashtiriladi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
xulosa qilish joyi va vaqti;
komissiya tarkibi;
zarar miqdorini aniqlash uchun asos;
yoʻqotilgan yoki oshkor qilingan davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarning mazmuni va maxfiylik darajasi;
davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarning oshkor qilinishi yoki yoʻqotilishi sodir boʻlgan holatlar;
zarar miqdorini aniqlashda hisobga olingan koʻrsatkichlar (shu jumladan, pul koʻrinishida);
yetkazilgan zararning yakuniy miqdori (ehtimoliy yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdori);
yetkazilgan zararlarni aniqlashda foydalanilgan hujjatlar roʻyxati;
zarar miqdorini aniqlash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalar.
Xulosa komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
10. Komissiyalarning yetkazilgan zarar miqdori toʻgʻrisidagi xulosasi va xizmat tekshiruvi materiallari nusxalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga yuboriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
11. Yetkazilgan zarar oqibatida jismoniy shaxslarga yetkazilgan maʼnaviy zarar qonunchilikda belgilangan tartibda undiriladi.
12. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar oʻz faoliyatida mazkur Nizom va davlat sirlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilishlari lozim.
13. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 777-son qaroriga 3-ILOVA
Maʼlumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi natijasida maʼlumotlarni tashuvchilarning mulkdoriga yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom maʼlumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi natijasida maʼlumotlarni tashuvchilarning mulkdoriga yetkazilgan zararning miqdorini aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
baholovchi tashkilot — qonunchilik hujjatlariga muvofiq baholash faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
davlat sirlari — oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlar;
davlat sirlarining yoʻqotilishi — davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sirni yoki xizmat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar mavjud boʻlgan hujjatlardan, buyumlardan yoki vositalardan qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etmagan holda foydalanish natijasida davlat sirlarini tashuvchilarning oʻz qonuniy egalari tasarrufidan chiqib ketishi;
davlat sirlarini oshkor etish — xizmat yoki kasbiy faoliyati munosabati bilan davlat sirlari oʻziga ishonib topshirilgan yoki davlat sirlari oʻziga maʼlum boʻlib qolgan shaxs tomonidan davlat sirlarini belgilangan tartibni buzgan holda oʻzga shaxsga berish, eʼlon qilish yoki boshqacha tarzda tarqatish hamda buning oqibatida ushbu davlat sirlari ularning qonuniy egalari boʻlmagan shaxslarga maʼlum boʻlib qolishi;
davlat sirlarini tashuvchilar — davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni aniqlash va identifikatsiyalash imkonini beradigan ramzlar, belgilar, tasvirlar, signallar, texnik yechimlar va jarayonlar tarzida aks ettirilgan moddiy obyektlar, shu jumladan, fizik maydon;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar — davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga doir ruxsatga, shuningdek, davlat sirlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan hamda davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlaridan foydalanadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
maxsus komissiya — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning oʻz tasarrufidagi davlat sirlarini koʻrib chiqish va xulosa berish uchun davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlaridan tashkil topgan guruh;
mulkdor — ilmiy-ijodiy ish, texnik ixtiro mahsulotlarini ishlab chiqqan (kashf etgan) jismoniy shaxs yoki tashkilot.
3. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar faoliyati davomida maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar maxfiy-rejim organi mavjud boʻlmagan boshqa tashkilotlarda aniqlangan taqdirda, tashkilot rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bilan kelishilgan holda ushbu maʼlumotlarni maxfiy-rejim organi mavjud boʻlgan boshqa tashkilotga saqlash uchun oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Qabul qilingan qaror yuzasidan mulkdor xabardor qilinadi.
2-bob. Mulkdorning maʼlumotlarini maxfiylashtirish tartibi
4. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari qonunchilikka muvofiq oʻziga tegishli soha boʻyicha mulkdorning maʼlumotlari va ularning tashuvchilarini maxfiylashtirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Bunda davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot va mulkdor oʻrtasida tegishli shartnoma tuziladi.
5. Shartnomada quyidagilar aks ettirilishi lozim:
shartnomaning maqsadi va predmeti;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
shartnomaning amal qilish muddati;
shartnomani oʻzgartirish va bekor qilish tartibi;
tomonlar munosabatlariga nisbatan qoʻllanadigan huquq va nizolarni hal qilish tartibi;
maʼlumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi munosabati bilan maʼlumotlarni tashuvchilarning mulkdoriga toʻlanadigan kompensatsiya miqdori;
maʼlumotlarni tashuvchilar mulkdorining ushbu maʼlumotlarni oshkor etmaslik boʻyicha majburiyatlari;
taraflarning rekvizitlari, shartnoma tuzilgan sana va joyi.
Mulkdor maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarni davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarga berishni rad etgan taqdirda, ushbu maʼlumotlar sudning qaroriga koʻra davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotga berilayotgan maʼlumotlarning qiymati mulkdorga qoplangan holda majburiy ravishda maxfiylashtiriladi.
Bunda mulkdor davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etganligi uchun qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortilishi toʻgʻrisida ogohlantiriladi.
6. Chet el fuqarolari, xorijiy va xalqaro tashkilotlarga tegishli boʻlgan maʼlumotlarga va ularni tashuvchilarga boʻlgan mulk huquqi, agar ushbu maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablarini buzmagan holda olingan (ishlab chiqilgan) boʻlsa, cheklanishi mumkin emas.
3-bob. Mulkdorga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash va qoplash tartibi
7. Mulkdorga yetkazilgan zarar miqdori davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning maxsus komissiyasi tomonidan aniqlanadi.
Mulkdorga yetkazilgan zarar miqdori davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan ular faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda aniqlanadi.
8. Mulkdor oʻziga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash boʻyicha maxsus komissiyaning yigʻilishlarida qatnashish huquqiga ega.
9. Maxsus komissiya aʼzolari va uning yigʻilishlarga jalb qilingan mutaxassislar tegishli shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega boʻlishi lozim.
10. Moddiy zarar miqdorini aniqlashda quyidagi koʻrsatkichlar hisobga olinadi:
toʻgʻridan-toʻgʻri yetkazilgan moddiy zarar;
yetkazilgan zarar oqibatlarini bartaraf etish xarajatlari;
ishlab chiqarilmagan tovarlarning miqdori;
ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarining qiymati;
ilmiy-tadqiqot ishlari amalga oshirilmagani natijasining salbiy taʼsiri;
ishlab chiqarish texnologiyalari tannarxi va ularning mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarida qoʻllanilgan iqtisodiy samarasi;
ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan mahsulotlarning ehtimoliy narxi va tashqi bozorda sotilish hajmi;
Oʻzbekiston Respublikasining bajarilmagan davlat vazifalarini qoplash uchun tovarlar, mahsulotlar va xomashyo narxlarining va (yoki) xaridlar hajmining oshishi bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar;
tovarlar, mahsulotlar va ishlab chiqarish uskunalarini chet eldan sotib olishning iloji boʻlmagan taqdirda, ishlab chiqarishni tashkil etish xarajatlari;
xorijiy davlatlar bilan ilmiy-texnik hamkorlik toʻxtatilganda, ilmiy-tadqiqot ishlari va ishlanmalar xarajatlari;
ehtimoliy zararni tavsiflovchi boshqa koʻrsatkichlar;
zarar miqdorini aniqlashga jalb qilingan mutaxassislarga sarflangan xarajatlar.
11. Zarar miqdorini aniqlashda mol-mulklarning (xizmatlarning) bozor qiymati inobatga olinadi. Bunda mol-mulklarning (xizmatlarning) bozor qiymati quyidagi hujjatlar bilan tasdiqlanishi shart:
yuklab joʻnatish, yetkazib berish yoki topshirishga doir hujjatlar;
mahsulot yetkazib beruvchilarning narxga doir maʼlumotlari (prays-varaqlar);
ommaviy axborot vositalaridan olingan maʼlumotlar;
birja xabarlari;
davlat statistika organlarining maʼlumotlari.
12. Maxsus komissiya tomonidan zarar miqdorini aniqlash imkoniyati boʻlmagan hollarda, boshqa tashkilotlarning zarur bilim va koʻnikmalarga ega malakali mutaxassislari jalb qilinadi.
Maxsus komissiya va boshqa tashkilotlarning malakali mutaxassislari tomonidan zarar miqdorini aniqlash imkoni boʻlmagan alohida hollarda, zarar miqdori quyidagi koʻrsatkichlar boʻyicha aniqlanishiga yoʻl qoʻyiladi:
“Alohida ahamiyatli” maxfiylik darajasi tasdiqlangan taqdirda — bazaviy hisoblash miqdorining besh yuz baravari va undan ortiq boʻlgan miqdordagi zarar;
“Mutlaqo maxfiy” maxfiylik darajasi tasdiqlangan taqdirda — bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha boʻlgan miqdordagi zarar;
“Maxfiy” maxfiylik darajasi tasdiqlangan taqdirda — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha boʻlgan miqdordagi zarar.
4-bob. Zarar miqdorini aniqlash boʻyicha maxsus komissiya faoliyati
13. Maxsus komissiyaning zarar miqdorini aniqlash boʻyicha ish natijalari xulosa bilan rasmiylashtiriladi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:
xulosa qilish joyi va vaqti;
komissiya tarkibi;
zarar miqdorini aniqlash uchun asos;
yoʻqotilgan yoki oshkor qilingan davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarning mazmuni va maxfiylik darajasi;
davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarning oshkor qilinishi yoki yoʻqotilishi sodir boʻlgan holatlar;
zarar miqdorini aniqlashda hisobga olingan koʻrsatkichlar (shu jumladan, pul koʻrinishida);
yetkazilgan zararning yakuniy miqdori (ehtimoliy yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdori);
yetkazilgan zararlarni aniqlashda foydalanilgan hujjatlar roʻyxati;
zarar miqdorini aniqlash bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalar.
Xulosa maxsus komissiyaning aʼzolari tomonidan imzolanadi va komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
14. Maxsus komissiya xulosasi zarur nusxalarda tayyorlanadi. Bunda uning bir nusxasi davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni boshqa shaxsga oʻtkazish tashabbusi bilan chiqqan tashkilotda saqlanadi, qolgan nusxalari esa kelishuv boʻyicha tashkilotlarga yuboriladi.
15. Maxsus komissiya faoliyati natijalari toʻgʻrisidagi yakuniy xulosa tasdiqlangandan keyin komissiyani tashkil etgan tashkilot uch ish kuni davomida belgilangan tartibda mulkdor manziliga shartnoma yuboradi.
16. Mulkdor shartnomani olgan kundan boshlab uch ish kuni ichida imzolaydi yoki rad etish asoslarini koʻrsatgan holda imzolash rad etilgani toʻgʻrisida javob yuboradi.
17. Mulkdor shartnomani imzolagan taqdirda, komissiyani tuzgan tashkilot tomonidan belgilangan zarar miqdorini qoplash boʻyicha choralar koʻradi.
18. Maʼlumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi natijasida mulkdorga yetkazilgan zarar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari yoki ushbu maʼlumotlar va ularni tashuvchilar oʻz tasarrufiga oʻtayotgan tashkilotlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
19. Mulkdor shartnoma tuzishni rad etgan taqdirda, maxsus komissiya maʼlumotlarni majburiy tarzda boshqa jismoniy shaxsga yoki tashkilotga oʻtkazish choralarini koʻrish uchun materiallarni sudga yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
5-bob. Mulkdorning huquqlari
20. Mulkdor quyidagi huquqlarga ega:
maʼlumotlarni maxfiylashtirish natijasida unga yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash masalasi koʻrib chiqilayotganda maxsus komissiya majlislarida ishtirok etish;
maxsus komissiyaga zarar miqdori boʻyicha oʻz hisob-kitoblarini yoki tegishli shaklda davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan baholovchi tashkilotlar xodimlarini jalb etgan holda tayyorlangan hisob-kitoblarni taqdim etish;
maxsus komissiya xulosasi bilan tanishish.
21. Mulkdor maʼlumotlar va ularni tashuvchilar maxfiylashtirilishi munosabati bilan uning mulk huquqini cheklash hamda aniqlangan zarar miqdori boʻyicha qarorlar yuzasidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
22. Mulkdor maʼlumotlarning maxfiylashtirilishi munosabati bilan ularni sir saqlashga majbur.
23. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar oʻz faoliyatida mazkur Nizom va davlat sirlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilishlari lozim.
24. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 777-son qaroriga 4-ILOVA
Chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani berish va bekor qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish va bekor qilish hamda ushbu shaxslarga davlat sirlaridan foydalanish huquqini berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
davlat sirlari — oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlar;
davlat sirlaridan foydalanish huquqi — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning rahbari tomonidan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga xizmat vakolatlariga muvofiq beriladigan muayyan maxfiy maʼlumotlar bilan tanishish va (yoki) davlat sirlaridan foydalangan holda faoliyatni amalga oshirish imkoniyati;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma — davlat sirlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan shaxsga davlat sirlaridan foydalanish huquqi berilganligini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar — davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga doir ruxsatga, shuningdek, davlat sirlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan hamda davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlaridan foydalanadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
maxsus komissiya — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning oʻz tasarrufidagi davlat sirlarini koʻrib chiqish va xulosa berish uchun davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlaridan tashkil topgan guruh.
3. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanish huquqi ular davlat organlari va boshqa tashkilotlarning davlat sirlaridan foydalanish huquqi talab etiladigan lavozimlarga tayinlanayotganda va davlat sirlari bilan bogʻliq ishlarni bajarishga jalb etilgan hollarda beriladi.
2-bob. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning davlat sirlaridan foydalanish tartibi
4. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanish huquqi xorijiy davlat yoki xalqaro tashkilotlarning davlat sirlarini himoya qilish boʻyicha majburiyatlarini nazarda tutuvchi xalqaro shartnoma asosida beriladi.
Bunda chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar hamda davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot oʻrtasida tegishli shartnoma imzolanishi lozim.
5. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanish huquqini berish masalasi davlat organlari va boshqa tashkilotlar tashabbusi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (keyingi oʻrinlarda — maxsus vakolatli davlat organi) bilan kelishgan holda hal etiladi.
6. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga faqat “Maxfiy” grifli maʼlumotlardan foydalanish huquqi beriladi.
Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga “Mutlaqo maxfiy” va (yoki) “Alohida ahamiyatli” grifli maʼlumotlar bilan ishlashga ruxsat berilmaydi.
Bunda ushbu chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga “Mutlaqo maxfiy” va (yoki) “Alohida ahamiyatli” grifli maʼlumotlar bilan tanishish zarurati tugʻilgan taqdirda, davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning maxsus komissiyasining qarori asosida ushbu maʼlumotlarning tegishli maxfiy qismi tanishtirilishi mumkin.
7. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga faqat ular tanishishi mumkin boʻlgan maxfiy maʼlumotlar bilan ishlash huquqi beriladi.
3-bob. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish tartibi
8. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishda ular tomonidan davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarga quyidagilar taqdim etiladi:
shaxsga doir maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan sanasi va joyi, millati, fuqaroligi, soʻnggi xorijiy davlatdagi yashagan manzili va boshqalar);
maʼlumoti va mutaxassisligi, mehnat faoliyati haqidagi maʼlumot (ishlagan joylari va lavozimlari);
Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatdan oʻtgan va yashash joyi (vaqtincha yoki doimiy);
chet elga chiqish hujjati nusxasi;
davlat sirlari bilan ishlashi uchun toʻsqinlik qiluvchi holatlar (sogʻligʻi va boshqalar) mavjud emasligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
Oʻzbekiston Respublikasida va boshqa davlatlarda jinoiy javobgarlikka tortilganligi haqidagi maʼlumotlar (qachon va nima uchun) mavjud boʻlsa;
shaxsning oʻziga ishonib topshirilgan davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi oldida yozma majburiyati;
shaxsning Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq ayrim huquqlari cheklanishiga yozma rozilik xati;
shaxs tomonidan davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma berilishidan oldin maxsus vakolatli davlat organining ushbu shaxsga nisbatan tekshiruv tadbirlarini oʻtkazishiga yozma rozilik xati;
davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan, shu jumladan, uni buzganlik uchun javobgarlikka oid qismi bilan tanishganligini tasdiqlovchi tilxat.
9. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish masalasi davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning maxsus komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
10. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar maxsus vakolatli davlat organiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ushbu Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar hamda davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar maxsus komissiyasining xulosasi;
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organiga murojaati.
11. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan murojaatlarni koʻrib chiqish vaqtida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun ularga nisbatan tekshiruv tadbirlari oʻtkaziladi hamda ruxsatnomani berish (bermaslik) maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
12. Maxsus vakolatli davlat organi murojaatlarni koʻrib chiqishda quyidagi huquqlarga ega:
murojaatlarni koʻrib chiqish uchun kerak boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlarni davlat organlari va boshqa tashkilotlardan soʻrab olish;
taqdim etilgan maʼlumotlarga hamda xulosa qabul qilish uchun kerak boʻlgan boshqa masalalarga aniqlik kiritish maqsadida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar bilan suhbat oʻtkazish;
chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablarini buzish holatlari aniqlanganda, davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma berishni rad etish (bekor qilish).
13. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan taqdim etilgan materiallar toʻliq emasligi, notoʻgʻri maʼlumot taqdim etilishi yoki taqdim etilmasligi murojaatni koʻrib chiqmaslik uchun asos boʻladi.
4-bob. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanish huquqini berish tartibi
14. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan berilgan ruxsatnoma asosida davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot rahbarining chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanish huquqini berish boʻyicha tegishli buyrugʻi (qarori, farmoyishi) qabul qilinadi.
Buyruqda (qarorda, farmoyishda) davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma shakli, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi va funksional majburiyati davomida tanishishi mumkin boʻlgan maxfiy maʼlumotlar roʻyxati koʻrsatiladi.
15. Chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirishdan avval davlat sirlaridan foydalanish huquqini berish taqiqlanadi.
16. Alohida hollarda chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma va davlat sirlaridan foydalanish huquqi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ruxsati bilan berilishi mumkin.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot rahbari chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning davlat sirlaridan toʻgʻri foydalanishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
18. Oʻzbekiston Respublikasi davlat sirlaridan foydalanish huquqi berilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar davlat sirlarini oshkor qilganda yoki yoʻqotganda yoxud Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga zid harakatlar sodir etganda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 777-son qaroriga 5-ILOVA
Davlat sirlarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq davlat sirlarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
davlat sirlari — oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlar;
davlat sirlarini tashuvchilar — davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni aniqlash va identifikatsiyalash imkonini beradigan ramzlar, belgilar, tasvirlar, signallar, texnik yechimlar va jarayonlar tarzida aks ettirilgan moddiy obyektlar, shu jumladan fizik maydon;
davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish — davlat sirlarini xorijiy davlatga yoki xalqaro tashkilotga xalqaro shartnomalarga muvofiq diplomatik kanallar, maxsus kuryerlik xizmati va boshqa himoyalangan aloqa kanallari orqali yuborish (joʻnatish);
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar — davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga doir ruxsatga, shuningdek, davlat sirlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan hamda davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlaridan foydalanadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
maxsus komissiya — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning oʻz tasarrufidagi davlat sirlarini koʻrib chiqish va xulosa berish uchun davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlardan tashkil topgan guruh;
ekspertlar komissiyasi — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan hamda davlat sirlarini himoya qilish masalalari boʻyicha tegishli xulosalar berish huquqiga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlaridan tashkil topgan guruh.
3. Davlat sirlari va ularni tashuvchilar xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlarga ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq tartibda beriladi.
2-bob. Davlat sirlari va ularni tashuvchilarni xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish shartlari
4. Xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga davlat sirlari va ularni tashuvchilar ularning davlat sirlarini himoya qilish boʻyicha kafolatlarini va majburiyatlarini nazarda tutuvchi xalqaro shartnoma (keyingi oʻrinlarda — xalqaro shartnoma) asosida beriladi.
Ushbu xalqaro shartnomalarda quyidagi shartlar inobatga olinadi:
tomonlarning davlat sirlari va ularni tashuvchilarni qabul qilish (berish), saqlash va ulardan foydalanuvchi vakolatli organlari, ularning davlat sirlaridan foydalangan holda ishlarni amalga oshirish huquqiga egaligi;
tomonlarga berilgan davlat sirlari va ularni tashuvchilarning maxfiylik grifining oʻzaro mutanosibligi, taqdim etilgan davlat sirlarining maxfiylik grifini oʻzgartirish yoki olib tashlash tartibi;
qabul qiluvchi tomonning vakolatli organlari tomonidan, shuningdek, tarjima qilinganda, koʻchirilganda yoki koʻpaytirilganda maxfiylik griflari bilan taqqoslanadigan davlat sirlarini belgilashga qoʻyiladigan talablar;
davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish tartibi, manzilga joʻnatish (yuborish) usullari, zaruratga koʻra kuzatib borish shakli;
taqdim etilgan davlat sirlarini tashkil etuvchi materiallardan nusxa olish yoki ularni koʻpaytirish, yoʻq qilish va qaytarish tartibi;
taqdim etilgan davlat sirlari va ularni tashuvchilarni qabul qiluvchi tomonning qonunchilik hujjatlariga muvofiq himoya qilish majburiyatlari;
tuzilgan shartnoma oʻz kuchini yoʻqotgan (bekor boʻlgan) hollarda, taqdim etilgan yoki oʻzaro hamkorlik jarayonida hosil boʻlgan maxfiy maʼlumotlar ruxsatsiz tarqatilishining oldini olish boʻyicha majburiyatlar;
berilgan davlat sirlari va ularni tashuvchilarni topshiruvchining yozma roziligisiz uchinchi shaxsga (tomonga) taqdim etmaslik majburiyatlari;
ziddiyatli vaziyatlarni hal qilish va berilgan davlat sirlarini ruxsatsiz tarqatish natijasida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan zararni qoplash tartibi;
yoʻlga qoʻyilgan aloqalarni jahon hamjamiyatida eʼlon qilish tartibi.
Xalqaro shartnomada tomonlarning manfaatlari va talablari ham ifoda etilishi mumkin.
5. Xalqaro shartnomada ushbu Nizomning 4-bandidagi talablar va majburiyatlar koʻrsatilmagan hollarda, davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot tomonidan ushbu sohaga doir xalqaro shartnomani tuzish zarurati mavjudligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga (keyingi oʻrinlarda — maxsus vakolatli davlat organi) taklif kiritiladi.
Davlat sirlarini himoya qilish boʻyicha majburiyatlarni nazarda tutuvchi xalqaro shartnoma loyihasi belgilangan tartibda kelishish va imzolanish uchun xorij tomoniga yuboriladi.
Davlat sirlari yoki ularni tashuvchi vositalar xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan talablar va majburiyatlarga mos xalqaro shartnomalar tuzilgandan soʻng beriladi.
6. Davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish maqsadga muvofiqligi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan koʻrib chiqiladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoidalar nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat sirlari va ularni tashuvchilarni xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilinadi.
3-bob. Davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berishni maxsus komissiya va maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishish tartibi
8. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish boʻyicha taklifni ushbu tashkilotda tashkil etilgan maxsus komissiyaga taqdim etadi.
Maxsus komissiya davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish boʻyicha taklifini besh ish kun ichida koʻrib chiqadi hamda tegishli xulosa qabul qiladi.
Davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish toʻgʻrisidagi taklif maxsus vakolatli davlat organiga tashkilotning maxsus komissiyasi xulosasi asosida kiritiladi.
9. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish boʻyicha taklifni kelishish maqsadida maxsus vakolatli davlat organiga quyidagi maʼlumotlarni taqdim etadi:
davlat sirlari va ularni tashuvchilar qaysi xorijiy davlat yoki xalqaro tashkilotga berilayotgani;
davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish maqsadi;
berilishi rejalashtirilgan davlat sirlari va ularni tashuvchilar roʻyxati, ularning maxfiylik grifi, kim tomonidan va qanday asosda maxfiylashtirilgani;
davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish muddati;
davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish orqali erishiladigan iqtisodiy samara va (yoki) ular oshkor boʻlgan hollarda kelib chiqishi mumkin boʻlgan zararni baholash;
tashkilot maxsus komissiyasining davlat sirlari va ularni tashuvchilarni xorijiy davlat yoki xalqaro tashkilotga berish mumkinligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
taqdim etilgan davlat sirlari va ularni tashuvchilarni himoya qilish choralari;
qabul qiluvchi tomon oʻz majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, yetkazilgan zararni qoplash tartibi.
10. Maxsus vakolatli davlat organi davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish maqsadga muvofiqligi yoki uni rad etish (rad etish sabablari oshkor etilmaydi) toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
11. Maxsus vakolatli davlat organi Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlarini hisobga olgan holda, davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish maqsadga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi qarorni ushbu Nizomning 9-bandida nazarda tutilgan maʼlumotlar olingan kundan boshlab oʻttiz ish kuni ichida murojaat qilgan tashkilotga yuboradi.
Qoʻshimcha oʻrganish talab etilganda, ushbu muddat oʻn besh ish kunigacha uzaytirilishi mumkin. Bunday hollarda maxsus vakolatli davlat organi murojaat qilgan davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotni xabardor qiladi.
4-bob. Ekspertlar komissiyasi tomonidan davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish toʻgʻrisidagi taklifni koʻrib chiqish tartibi
12. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar ekspertlar komissiyasiga koʻrib chiqish uchun quyidagilarni taqdim etadilar:
maxsus vakolatli davlat organining davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berilishi nazarda tutilgan davlat sirlari va ularning tashuvchilari toʻgʻrisida maʼlumot;
davlat sirlari va ularni tashuvchilar berilayotgan xorijiy davlat yoki xalqaro tashkilot bilan davlat sirlarini himoya qilish boʻyicha tomonlarning majburiyatlari belgilangan xalqaro shartnoma nusxasi;
davlat sirlari va ularni tashuvchilarni xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berishni nazarda tutuvchi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishilgan Vazirlar Mahkamasining farmoyishi loyihasi.
13. Ekspertlar komissiyasi davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqadi va xulosa qabul qiladi.
14. Ekspertlar komissiyasining xulosasi asosida davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi belgilangan tartibda qabul qilinadi.
15. Davlat sirlari va ularni tashuvchilarni berish toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi maxsus vakolatli davlat organi hamda manfaatdor davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarga yuboriladi.
5-bob. Davlat sirlari va ularni tashuvchilarni xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish tartibi
16. Davlat sirlari va ularni tashuvchilar xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlarga Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida beriladi.
Bunda davlat sirlari va ularni tashuvchilar xalqaro shartnomalarga muvofiq diplomatik kanallar, maxsus kuryerlik xizmati va boshqa himoyalangan aloqa kanallari orqali yuboriladi (joʻnatiladi).
Davlat sirlari va ularni tashuvchilarni yuborgan tashkilot qabul qiluvchi tomonning tegishli vakolatli organlari davlat sirlari va ularni tashuvchilarni olganligi toʻgʻrisidagi tasdigʻini oladi.
17. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqa tartib nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar davlat sirlari va ularni tashuvchilarni yetkazish usullari, yoʻnalishlari, kuzatib borish shakllari hamda maxfiy hujjatlarni yuborish tartibini belgilaydi.
18. Berilayotgan davlat sirlari va ularni tashuvchilarni himoya qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar davlat sirlari va ularni tashuvchilarni qabul qilish (berish), saqlash va ulardan foydalanish vakolatiga ega tashkilotlar tomonidan tuziladigan xalqaro shartnomalarda nazarda tutilishi mumkin.
19. Alohida hollarda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga davlat sirlari va ularni tashuvchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti ruxsati bilan berilishi mumkin.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar oʻz faoliyatida mazkur Nizom va davlat sirlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilishlari lozim.
21. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Davlat sirlarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Davlat sirlarini xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarga berish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 777-son qaroriga 6-ILOVA
Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklov belgilash va belgilangan cheklovga istisnolar berish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovlarni belgilash va ularga beriladigan istisnolar tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
davlat sirlari — oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlar;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma — davlat sirlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan shaxsga davlat sirlaridan foydalanish huquqi berilganligini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar — davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga doir ruxsatga, shuningdek, davlat sirlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan hamda davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlaridan foydalanadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
maxsus komissiya — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning oʻz tasarrufidagi davlat sirlarini koʻrib chiqish va xulosa berish uchun davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlaridan tashkil topgan guruh;
maxfiylik darajasi — davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarning muhimligini ifodalovchi hamda ularni himoya qilish choralari va vositalarini belgilovchi toifa.
2-bob. Davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishiga doir cheklov belgilash tartibi
3. Davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovning amal qilish muddati har bir holda shaxsga maʼlum boʻlgan maxfiy maʼlumotlarning maxfiylik darajasiga qarab quyidagi tarzda belgilanadi:
“Alohida ahamiyatli” grifli maxfiy maʼlumotlar uchun — koʻpi bilan uch yil;
“Mutlaqo maxfiy” grifli maxfiy maʼlumotlar uchun — koʻpi bilan ikki yil;
“Maxfiy” grifli maxfiy maʼlumotlar uchun — koʻpi bilan bir yil.
4. Davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxslarning davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaning amal qilishi tugatilishi yoki bekor qilinishi munosabati bilan ushbu shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovlar muddati davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning maxsus komissiya tomonidan belgilanadi.
5. Maxsus komissiya davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxsning davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotdagi faoliyati davomida unga maʼlum boʻlgan maxfiy maʼlumotlarning maxfiylik darajasiga qarab, qonunchilikda belgilanganidan koʻp boʻlmagan muddatga Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovlar muddati yuzasidan xulosa beradi.
Xulosada quyidagilar koʻrsatiladi:
cheklov belgilanayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
mazkur tashkilotdagi mehnat faoliyati davomida egallagan lavozimlari;
davlat sirlariga doir ruxsatnoma shakli;
qaysi darajadagi maxfiylashtirilgan maʼlumotlar bilan tanishganligi;
maxsus komissiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqish huquqiga doir cheklov muddati (muddatning boshlanish va tugash sanasi);
maxfiylashtirilgan maʼlumotlarning ehtimoliy oshkor boʻlishi oqibatlari va yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar miqdori.
Xulosani maxsus komissiyaning barcha aʼzolari imzolaydi va tashkilot rahbari tasdiqlaydi.
6. Davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxs xulosa bilan tanishtiriladi uning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqi cheklangani, cheklov muddatlari va cheklovga amal qilishi lozimligi toʻgʻrisida ogohlantiriladi va bu toʻgʻrisida tilxat olinadi.
Davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqi cheklangani haqidagi xulosa nusxasi davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga (keyingi oʻrinlarda — maxsus vakolatli davlat organi) uch ish kunida taqdim etiladi.
7. Xulosa asosida maxsus vakolatli davlat organi davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqini vaqtincha cheklash boʻyicha masʼul davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga uch ish kunida koʻrsatmalar kiritadi (cheklov muddatini koʻrsatgan holda).
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqi vaqtincha cheklangan davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxslarga belgilangan cheklov muddatlari tugagandan soʻng real vaqt rejimida avtomatik tarzda cheklovlar bekor qilinadi.
3-bob. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovlarga beriladigan istisnolar
8. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklovlarga quyidagi istisnolar berilishi mumkin:
xorijiy xizmat safariga chiqish;
xorijiy davlatlarda taʼlim olish yoki malaka oshirish;
oʻzi yoki yaqin qarindoshining davolanishga muhtojligi yoki yaqin qarindoshini tibbiy muolaja olish uchun boshqa yaqin qarindoshlari hamrohlik qilish imkoni boʻlmagan hollarda hamroh sifatida borish zarurati va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan holatlar;
xorijiy davlatda doimiy yoki vaqtincha yashovchi yaqin qarindoshining vafoti yoki ogʻir kasalligi va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan holatlar.
9. Cheklov belgilangan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqish boʻyicha murojaatlarini cheklov muddatini belgilagan davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotga taqdim etadi.
Maxsus komissiya har bir murojaat boʻyicha alohida qaror qabul qiladi.
10. Murojaatda quyidagilar koʻrsatilishi lozim:
murojaat qiluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi;
chiqish rejalashtirilayotgan davlat nomi;
xorijga chiqish sababi, vaqti va boʻlish muddati;
murojaat qiluvchi bilan bogʻlanish maʼlumotlari (telefon raqami) va boshqalar.
11. Maxsus komissiya Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir taqdim etilgan hujjatlarni uch kun ichida oʻrganib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga vaqtincha chiqishga ruxsat berish yoki rad etish toʻgʻrisida xulosa qabul qiladi.
Xulosada quyidagilar koʻrsatiladi:
murojaat qiluvchining familiyasi, ismi, otasining ismi;
davlat sirlariga doir ruxsatnoma shakli;
maxsus komissiya tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqish huquqiga doir cheklov muddati (muddatning boshlanish va tugash sanasi);
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga vaqtincha chiqishiga ruxsat berilgan muddat.
Xulosani maxsus komissiyaning barcha aʼzolari imzolaydi va tashkilot rahbari tasdiqlaydi.
12. Murojaat qiluvchi xulosa bilan tanishtiriladi uning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqish huquqi cheklanganligi, cheklov muddatlari va cheklovga amal qilishi lozimligi toʻgʻrisida ogohlantiriladi va bu toʻgʻrisida tilxat olinadi.
13. Maxsus komissiya uch ish kunida cheklov belgilangan shaxslarning murojaati boʻyicha qabul qilingan xulosa nusxasini maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqish huquqiga doir cheklovlar belgilanishiga davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari shaxsan javobgardirlar.
15. Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuni kuchga kirgunga qadar davlat sirlaridan xabardor boʻlgan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqishga doir cheklov muddati tugamagan boʻlsa, mazkur muddat ushbu shaxslarning murojaatiga asosan maxsus komissiya tomonidan belgilangan tartibda qayta koʻrib chiqiladi.
16. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar oʻz faoliyatida mazkur Nizom va davlat sirlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilishlari lozim.
17. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 777-son qaroriga 7-ILOVA
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning birgalikdagi va boshqa faoliyatini amalga oshirish doirasida davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni yuborish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning birgalikdagi va boshqa faoliyati amalga oshirilishi doirasida davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni yuborish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
birgalikda yuritiladigan faoliyat — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning shartnoma asosida xizmat koʻrsatuvchi, ishlarni bajaruvchi hamda tovarlarni yetkazib beruvchi tashkilotlar (yuridik shaxslar) bilan shartnomaviy munosabatga kirishishi;
buyurtmachi — davlat sirlaridan foydalangan holda xizmat koʻrsatish, ishlarni bajarish hamda tovarlarni yetkazib berish boʻyicha buyurtma beruvchi tashkilotlar (yuridik shaxslar);
buyurtma ijrochisi — davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisida bitim (shartnoma) asosida majburiyat olgan xizmat koʻrsatuvchi, ishlarni bajaruvchi hamda tovarlarni yetkazib beruvchi tashkilotlar (yuridik shaxslar);
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma — davlat sirlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan shaxsga davlat sirlaridan foydalanish huquqi berilganligini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar — davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga doir ruxsatga, shuningdek, davlat sirlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan hamda davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlaridan foydalanadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar.
2-bob. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning birgalikdagi faoliyati asoslari
3. Buyurtmachi shartnoma asosida buyurtma ijrochisi bilan shartnomaviy munosabatga kirishish uchun quyidagi shartlarni bajarishi lozim:
buyurtma ijrochisi toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlarni tashkilot nomi, pochta manzili, davlat roʻyxatidan oʻtgan raqami, rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi, lavozimi, yashash manzili, shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotga (yuqori turuvchi tashkilotga) taqdim etib, undan davlat sirlarini faqat zarur boʻlgan hajmda buyurtma ijrochisiga berish toʻgʻrisida yozma ruxsat olish;
buyurtma ijrochisi bilan davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisida bitim (shartnoma) tuzish;
davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlar buyurtma ijrochisiga shartnoma doirasida taqdim etilishini yozma ravishda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (keyingi oʻrinlarda — maxsus vakolatli davlat organi) bilan kelishish.
4. Davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni buyurtma ijrochisiga berish toʻgʻrisida ruxsat olish uchun buyurtmachi davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotga (yuqori turuvchi tashkilotga) yozma soʻrovnoma yuboradi.
5. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotga (yuqori turuvchi tashkilotga) yuboriladigan soʻrovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
buyurtma ijrochisi toʻgʻrisida toʻliq maʼlumotlar (tashkilot nomi, pochta manzili, davlat roʻyxatidan oʻtgan raqami, rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi, lavozimi, yashash manzili, shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi);
shartnoma asosida taqdim etilishi rejalashtirilayotgan davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlar (axborot tashuvchilar nomlari, maxfiylik darajasi, hisobga olish raqami, nusxalar raqami, varaqlar soni);
davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni buyurtma ijrochisiga taqdim etish zaruratini asoslantiruvchi xulosa;
maxsus vakolatli davlat organi tomonidan berilgan davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatning mavjudligi va (yoki) buyurtma ijrochisi mansabdor shaxsining davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomasi mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (raqami va sanasi);
buyurtma ijrochisi bilan davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmaslik toʻgʻrisida tuziladigan bitim (shartnoma) nusxasi;
buyurtmachi va buyurtma ijrochisi oʻrtasida tuziladigan shartnoma loyihasi.
6. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot (yuqori turuvchi tashkilot) buyurtmachining soʻrovnomasi kelib tushgan kundan boshlab oʻn ish kunida koʻrib chiqib, rahbar imzosi bilan buyurtma ijrochisiga davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni berish yoki bermaslik toʻgʻrisidagi asoslantirilgan yozma javobni taqdim etadi.
3-bob. Birgalikdagi va boshqa faoliyatni amalga oshirish tartibi
7. Buyurtmachi va buyurtma ijrochisi oʻrtasida tuziladigan shartnomada Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq quyidagi masalalar tartibga solinishi zarur:
ishlarni bajarish jarayonida va ular yakunlangandan soʻng davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarning saqlanishini taʼminlash boʻyicha buyurtmachining nazorat funksiyasi hamda buyurtma ijrochisining majburiyati va javobgarligi;
maxsus vakolatli davlat organi tomonidan berilgan davlat sirlarining tashkil etuvchi maʼlumotlar bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatning mavjudligi va (yoki) buyurtma ijrochisi mansabdor shaxsining davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomasi mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (raqami va sanasi).
Shartnomaga taqdim etilishi rejalashtirilayotgan davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlar roʻyxati (hujjat va uning tashuvchilari nomlanishi, maxfiylik darajasi, nusxalar raqami, varaqlar soni) ilova qilinadi.
8. Buyurtmachiga tegishli boʻlgan va davlat sirlari jumlasiga kiritilgan himoyalangan axborot tizimlariga xizmat koʻrsatish shartnoma predmetini tashkil etgan taqdirda, xizmat koʻrsatiladigan axborot tizimlarida davlat sirlariga taalluqli aylanma maʼlumotlarning qisqacha tavsifi koʻrsatilgan maʼlumotnoma tuziladi.
Shartnoma tuzish va uning bajarilishini nazorat qilish buyurtmachi va buyurtma ijrochisi rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
9. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot (yuqori turuvchi tashkilot) va maxsus vakolatli davlat organidan yozma ruxsatnoma olmasdan shartnoma tuzish va davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni taqdim etish taqiqlanadi.
4-bob. Birgalikdagi va boshqa faoliyatni amalga oshirish davomida buyurtmachi va buyurtma ijrochisiga qoʻyiladigan talablar
10. Birgalikda yuritiladigan faoliyatni amalga oshirishda davlat sirlarining muhofaza qilinishi ustidan nazoratni tashkil etish taraflar tomonidan tuzilgan shartnoma talablariga muvofiq ushbu ishlar buyurtmachisiga yuklanadi.
11. Buyurtma ijrochisi birgalikda yuritiladigan faoliyatni amalga oshirishda davrida davlat sirlarini himoya qilish boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni buzgan taqdirda, buyurtmachi ushbu qoidabuzarliklar bartaraf etilgunga qadar buyurtma bajarilishini toʻxtatishi hamda aybdor shaxslarni qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish boʻyicha murojaat qilishi shart.
Bunda buyurtmachi buyurtma ijrochisidan yetkazilgan moddiy zararni qonunchilik hujjatlariga muvofiq undiradi.
12. Buyurtmachining funksiyalari va mulkchilik shakli oʻzgarganda (qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda), uning huquqiy vorisi davlat sirlaridan foydalangan holda ishlarni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlsa, buyurtmachining huquqiy vorisi va buyurtma ijrochisi oʻrtasida qoʻshimcha shartnoma tuziladi.
Mazkur qoʻshimcha shartnoma tuzilishi davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilot (yuqori turuvchi tashkilot) va maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilishi lozim.
13. Buyurtma ijrochisining funksiyalari va mulkchilik shakli oʻzgarganda, buyurtmachi buyurtma ijrochisi bilan hamkorlikda davlat sirlari va ularni tashuvchilar himoya qilinishini taʼminlash choralarini koʻradilar.
Bunda birgalikdagi maxfiy ishlarni amalga oshirish shartnomasi doirasida buyurtma ijrochisiga berilgan davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlar buyurtmachiga qaytariladi.
14. Maxsus vakolatli davlat organi tomonidan berilgan davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsat va (yoki) mansabdor shaxsga davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomani rasmiylashtirilmasdan buyurtma ijrochisiga davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni berish taqiqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
15. Buyurtmachi va buyurtma ijrochisi oʻz faoliyatida mazkur Nizom va davlat sirlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilishlari lozim.
16. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-dekabrdagi 777-son qaroriga 8-ILOVA
Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning mulkchilik shakli va faoliyati yoʻnalishlari oʻzgarganda davlat sirlarini himoya qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning mulkchilik shakli va faoliyati yoʻnalishlari oʻzgarganda davlat sirlarini himoya qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
davlat sirlari — oshkor etilishi Oʻzbekiston Respublikasining xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan davlat ahamiyatiga ega sirni va (yoki) xizmat sirini tashkil etadigan, davlat tomonidan himoya qilinadigan va maxfiylashtirilishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatiga kiritilgan maʼlumotlar;
davlat sirlarini tashuvchilar — davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni aniqlash va identifikatsiyalash imkonini beradigan ramzlar, belgilar, tasvirlar, signallar, texnik yechimlar va jarayonlar tarzida aks ettirilgan moddiy obyektlar, shu jumladan, fizik maydon;
davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnoma — davlat sirlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi tomonidan shaxsga davlat sirlaridan foydalanish huquqi berilganligini tasdiqlaydigan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan hujjat;
davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar — davlat sirlari bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshirishga doir ruxsatga, shuningdek, davlat sirlarini saqlash va ulardan foydalanish uchun zarur shart-sharoitlarga ega boʻlgan hamda davlat sirlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq davlat sirlaridan foydalanadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar;
maxsus komissiya — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlarning oʻz tasarrufidagi davlat sirlarini koʻrib chiqish va xulosa berish uchun davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga hamda zarur bilim va tajribaga ega boʻlgan xodimlaridan tashkil topgan guruh;
maxfiy-rejim organi — davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotning maxfiy ish yuritilishi ustidan nazoratni va maxfiylik rejimining taʼminlanishini amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmasi yoki mansabdor shaxsi.
2-bob. Davlat sirlari va ularni tashuvchilarning mavjudligini tekshirish tartibi
3. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar mulkchilik shakli va faoliyat yoʻnalishlari oʻzgarganda (davlat sirlaridan foydalanish bilan bogʻliq ishlar toʻxtatib turilganda yoki tugatilganda), yuqori turuvchi tashkilot rahbarining buyrugʻi (topshirigʻi) bilan maxfiylik rejimi va maxfiy ishlarning holatini oʻrganish boʻyicha tegishli shakldagi davlat sirlaridan foydalanishga doir ruxsatnomaga ega boʻlgan, uch kishidan kam boʻlmagan tarkibda komissiya aʼzolari tayinlanadi.
Komissiya tarkibiga tashkilotning davlat sirini tashkil etuvchi hujjatlarning ilmiy-tarixiy va amaliy ahamiyatini baholay oladigan xodimlar kiritiladi.
Komissiya davlat sirini tashkil etuvchi hujjatlarning mavjudligini tekshirish, maxfiy hujjatlarni tartibga keltirish, yoʻq qilish, ish yuritilishini yakunlash va maxfiylikdan chiqarish rejasini tayyorlaydi.
Rejani komissiya raisi imzolaydi va tashkilot rahbari tasdiqlaydi.
Davlat sirini tashkil etuvchi hujjatlarni tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
4. Davlat sirini tashkil etuvchi hujjatlarning mavjudligini tekshirish va maxfiy yozishmalarni tugatish dalolatnomasida quyidagilar koʻrsatiladi:
komissiya tarkibi;
tekshirishni oʻtkazish uchun asoslar (komissiyani tayinlash toʻgʻrisidagi buyruq) va tekshirishni oʻtkazish muddati;
davlat sirlari va ularni tashuvchilarni topshirayotgan va qabul qilayotgan tashkilot nomi;
maxfiy ish yuritish va maxfiylik rejimini taʼminlash holatining qisqacha tavsifi, shu jumladan, davlat sirini tashkil etuvchi hujjatlar bilan ishlash tartibi;
tekshirish davrida hisobga olingan davlat sirlari va ularni tashuvchilarning roʻyxatdan oʻtgan hisobi;
tekshiruv davomida taqdim etilmagan davlat sirlari va ularni tashuvchilar soni va roʻyxatga olish raqamlari, ularning yoʻqligi sabablari, ularni tekshiruvga qadar olgan xodimlar toʻgʻrisida maʼlumot;
tekshiruv natijalari boʻyicha xulosalar, takliflar va aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish choralari.
5. Davlat sirlari va ularni tashuvchilarning mavjudligini tekshirish toʻgʻrisidagi dalolatnomani komissiya aʼzolari imzolaydi va tashkilot rahbari tasdiqlaydi.
6. Davlat sirlari va ularni tashuvchilar yoʻqolganligi (yetishmasligi) aniqlansa, darhol tashkilot rahbariga xabar beriladi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatiga (keyingi oʻrinlarda — maxsus vakolatli davlat organi) yozma ravishda xabardor qilinadi.
Tashkilot rahbari tekshiruv davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun oʻz vakolati doirasida chora-tadbirlarni ishlab chiqishi shart.
3-bob. Davlat sirlari va ularni tashuvchilarni topshirish hamda qabul qilish tartibi
7. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar mulkchilik shakli yoki faoliyati yoʻnalishlari oʻzgarganda (davlat sirlaridan foydalanish bilan bogʻliq ishlar toʻxtatib turilganda yoki tugatilganda), davlat sirlari va ularni tashuvchilarni belgilangan tartibda himoya qilish va topshirish boʻyicha choralar koʻrishi lozim.
8. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan mulkchilik shakli va faoliyati yoʻnalishlari oʻzgargan (davlat sirlaridan foydalanish bilan bogʻliq ishlar toʻxtatib turilganda yoki tugatilganda) taqdirda, tashkilot rahbari davlat sirlari va ularni tashuvchilardan keyinchalik foydalanish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda ularning saqlanishiga (himoyasiga) shaxsan javobgar boʻladi.
9. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar qayta tashkil etilayotganda, tashkilotlarning maxfiylashtirilgan hujjatlari tegishli davlat arxivlari bilan kelishilgan holda, ularning ushbu vakolatni bajarish huquqiga ega boʻlgan huquqiy vorislariga topshiriladi.
10. Davlat sirlari va ularni tashuvchilarning belgilangan tartibda topshirilgani haqidagi roʻyxatlar davlat sirlarini tashkil etuvchi maʼlumotlarni qabul qilish va topshirish dalolatnomasiga ilova qilinadi.
11. Tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega boʻlmagan, shuningdek, amaliy zaruratni yoʻqotgan hamda saqlash muddati tugagan davlat sirlari va ularni tashuvchilar belgilangan tartibda yoʻq qilinishi mumkin.
12. Davlat sirlari va ularni tashuvchilar qonunchilik hujjatlariga muvofiq topshiriladi, qabul qilinadi va yoʻq qilinadi.
13. Davlat sirlari va ularni tashuvchilarni saralab olish, doimiy saqlash uchun topshirishga tayyorlash va topshirish, shuningdek, ularni tartibga keltirish va tashish bilan bogʻliq barcha ishlar ushbu hujjatlarni topshiruvchi tashkilotning hisobidan amalga oshiriladi.
14. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar oʻz tasarrufidagi davlat sirlari va ularni tashuvchilar yoʻq qilingani (saqlash uchun arxivga yoki huquqiy vorisiga yoxud tegishli axborotni tasarruf etuvchi tashkilotga topshirilgani) toʻgʻrisida maxsus vakolatli davlat organi besh ish kunida xabar berishi lozim.
4-bob. Tashkilotni tugatish paytida davlat sirlari va ularni tashuvchilarni saqlashga berish (yoʻq qilish) tartibi
15. Tashkilot rahbari tashkilotning tugatilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilgandan soʻng maxfiy-rejim organi xodimi oʻzidan yuqori turuvchi organga (mavjud boʻlsa) va maxsus vakolatli davlat organiga yozma xabarnoma kiritadi.
16. Tugatilayotgan tashkilot maxfiy-rejim organi yuqori turuvchi tashkilotning maxfiy-rejim organi bilan kelishilgan holda, ushbu tashkilotda mavjud davlat sirlari va ularni tashuvchilarni tekshirish tadbirlarini oʻtkazadi.
Tekshiruv tadbirlari qonunchilikda va ushbu Nizomda belgilangan talablarga muvofiq oʻtkaziladi.
Davlat sirlari va ularni tashuvchilarning mavjudligini tekshirish hujjatlari yigʻmajildlarga maxfiylik griflarini hisobga olgan holda tikiladi va davlat arxiviga topshiriladi.
Tekshirish natijalari boʻyicha tuzilgan dalolatnomaga davlat sirlari va ularni tashuvchilarning topshirilgani haqidagi davlat arxivi tomonidan berilgan maʼlumotnoma ilova qilinadi.
17. Tashkilot tugatilayotganda uning funksiyalari toʻliq yoki qisman boshqa tashkilotga oʻtkazilganda, davlat sirlari va ularni tashuvchilar tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan dalolatnomaga muvofiq qabul qiluvchi tashkilotga oʻtkaziladi.
18. Tugatilayotgan tashkilotning funksiyalari bir nechta tashkilotlarga topshirilayotgan boʻlsa, davlat sirlari va ularni tashuvchilar belgilangan tartibda yoʻnalishi boʻyicha oʻtkaziladi.
5-bob. Tashkilotlarning mulkchilik shakli oʻzgarganda, davlat sirlari va ularni tashuvchilarni saqlashga topshirish (yoʻq qilish) tartibi
19. Mulkchilik shakli oʻzgargan tashkilot rahbari yetti ish kunida davlat sirlari va ularni tashuvchilardan foydalanish bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish uchun maxsus vakolatli davlat organini xabardor qilishi lozim.
20. Toʻlovga qobiliyatsiz deb topilgan tashkilot faoliyati toʻxtatilayotganda yoki tugatilayotganda, davlat sirlari va ularni tashuvchilarning mavjudligini toʻliq tekshirish va qonunchilikda belgilangan tartibda maxfiy-rejim organini tugatish choralarini koʻradi.
21. Tashkilot davlat tasarrufidan chiqarilgan va xususiylashtirilgan taqdirda, ularning arxiv hujjatlari davlat mulki egaligida qoladi va belgilangan tartibda davlat arxivlariga topshiriladi.
22. Mulkchilik shakli oʻzgargan tashkilot rahbari (huquqiy vorisi) davlat sirlari va ularni tashuvchilar tegishliligi boʻyicha yuqori turuvchi tashkilotlar va davlat arxiviga topshirilishi uchun javobgar hisoblanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
23. Davlat sirlaridan foydalanuvchi tashkilotlar oʻz faoliyatida mazkur Nizom va davlat sirlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy amal qilishlari lozim.
24. Ushbu Nizom qoidalari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
