Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3720-son)
06.12.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASH VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 6-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3720]
Oʻzbekiston Respublikasining “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. XUDAYAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-noyabr,
22-son
Kelishildi:
Ichki ishlar vaziri A. TASHPULATOV
2025-yil 25-noyabr
Oliy sud raisi B. ISLAMOV
2025-yil 17-noyabr
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2025-yil 26-noyabrdagi 22-son buyrugʻiga ILOVA
Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom narkologik kasallikka chalingan shaxslarni (bundan buyon matnda narkologik bemorlar deb yuritiladi) sudning qarori asosida majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasalarida (bundan buyon matnda narkologiya muassasalari deb yuritiladi) davolash jarayonini tashkil etish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
majburiy davolash — narkologik bemorlarga nisbatan sudning qarori asosida narkologiya muassasalarida koʻrsatiladigan narkologik yordam turi;
narkologik kasallik (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) — psixoaktiv moddalarga patologik ruju qoʻyish, ulardan surunkali zaharlanishning psixosomatik (ruhiy va jismoniy) hamda ijtimoiy oqibatlari bilan tavsiflanadigan surunkali kasallik;
narkologik bemorlar — oʻziga narkolog shifokor tomonidan narkologik kasallik tashxisi qoʻyilgan shaxslar;
narkologiya muassasalari — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tuzilmasida majburiy davolash uchun boʻlim tashkil etilgan narkologiya muassasalari yoki majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya shifoxonalari.
2. Narkologik bemorlarga narkologiya muassasalarida alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, prekursorlar hamda dorilik xususiyatiga ega boʻlmagan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy, giyohvandlik vositalarga oʻxshash ruhiyatga faol taʼsir etuvchi boshqa moddalarni isteʼmol qilish taqiqlanadi.
3. Narkologik bemorlar tomonidan tibbiyot xodimlari koʻrsatmalarining bajarilishini taʼminlash, ularning narkologiya muassasalaridan oʻzboshimchalik bilan chiqib ketishini hamda ular tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishini oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Qoʻriqlash departamenti xodimlari (bundan buyon matnda qoʻriqlash xodimlari deb yuritiladi) tomonidan doimiy nazorat oʻrnatiladi.
2-bob. Narkologik bemorlarni narkologiya muassasalariga olib kelish va qabul qilish
4. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan narkologik bemorlar narkologiya muassasalariga sudning ushbu bemorlarni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qarori asosida olib kelinadi.
5. Narkologik bemorlarni narkologiya muassasalariga olib kelishdan oldin ichki ishlar organlari xodimlari ularda oʻziga yoki boshqa fuqarolarga tan jarohatlari yetkazishi mumkin boʻlgan sovuq qurol, shuningdek sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolar, alkogolli ichimliklar, giyohvandlik vositalar, psixotrop moddalar, prekursorlar hamda dorilik xususiyatiga ega boʻlmagan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy, giyohvandlik vositalarga oʻxshash ruhiyatga faol taʼsir etuvchi boshqa moddalarning yoʻqligiga ishonch hosil qilishlari kerak.
6. Narkologik bemorlarning yonida mazkur Nizomning 5-bandida koʻrsatilgan ashyolar, moddalar va mahsulotlar aniqlangan taqdirda, ular ichki ishlar organlari xodimi tomonidan olib qoʻyiladi va shu kunning oʻzida saqlash, topshirish yoki yoʻq qilish masalalarini hal etish uchun hududiy tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasiga (boʻlimiga) topshiriladi.
7. Narkologiya muassasasiga olib kelingan narkologik bemor ushbu muassasaning narkolog shifokori tomonidan sudning narkologik bemorni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qarori bilan tanishgandan keyin qabul qilinadi.
8. Narkologiya muassasasida davolanishda boʻlgan narkologik bemor narkologiya muassasasining ichki tartib-qoidalariga rioya etishi shart.
3-bob. Narkologik bemorlarni narkologiya muassasalarida majburiy davolash va ularni narkologiya muassasalaridan chiqarish
9. Narkologik bemorlarni majburiy davolashning asosiy maqsadi ularda turgʻun remissiyani shakllantirish, shu orqali ularning ijtimoiy maqomini tiklash, ijtimoiy readaptatsiyasi hamda jamiyatga reintegratsiyasini taʼminlashdan iboratdir.
10. Narkologik bemorlar narkologiya muassasasiga qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda majburiy davolashning davomiyligi narkologiya muassasasining rahbari hamda ikki nafar narkolog shifokor tarkibidan iborat boʻlgan tibbiy komissiya tomonidan klinik-tashxis qoʻyish standartlari va davolash bayonnomalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Bunda narkologik bemorlarni majburiy davolash davomiyligi oʻn sakkiz oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
11. Narkologik bemorlarni narkologiya muassasasida majburiy davolash narkolog shifokorlar tomonidan klinik-tashxis qoʻyish standartlari va davolash bayonnomalari asosida amalga oshiriladi.
12. Narkologik bemorlarda mazkur Nizomning ilovasida keltirilgan tibbiy qarshi koʻrsatmalar aniqlangan taqdirda, narkologiya muassasasi tomonidan ularni majburiy davolash rad etiladi yoki majburiy davolash muddati kechiktiriladi.
Narkologik bemorlarda rad etish yoki muddatini kechiktirish uchun asos boʻlgan tibbiy qarshi koʻrsatmalar bartaraf etilganda ularni narkologiya muassasasi tomonidan majburiy davolash toʻliq hajmda koʻrsatilishi mumkin.
13. Narkologik bemorlar narkologiya muassasasini oʻzboshimchalik bilan tark etgan hollarda ushbu muassasaning qoʻriqlash xodimi zudlik bilan bu haqida hududiy tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasiga (boʻlimiga) xabar beradi.
Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmasi (boʻlimi) narkologiya muassasasini oʻzboshimchalik bilan tark etgan narkologik bemorlarni narkologiya muassasasiga qaytarish choralarini koʻradi.
14. Narkologik bemorlar narkologiya muassasasini oʻzboshimchalik bilan tark etgan davri majburiy davolanish muddatiga qoʻshib hisoblanmaydi.
15. Narkologik bemorlar narkologiya muassasasidan quyidagi sabablarga koʻra chiqariladi:
majburiy davolash muddati tugagach va narkologik bemor sogʻligʻining klinik holatini hisobga olgan holda;
majburiy davolashni oʻtkazishga toʻsqinlik qiladigan qoʻshimcha ogʻir kasalliklar aniqlanganda.
16. Narkologiya muassasasining maʼmuriyati narkologik bemorning chiqarilishidan oʻn kun oldin ichki ishlar organlarini, mehnat organini, yashash joyidagi narkologiya muassasasini chiqarib yuborilayotgan narkologik bemorning maishiy sharoitlarini yaxshilashga hamda uni ishga joylashtirishga koʻmaklashish va u ustidan kuzatuvni taʼminlash uchun xabardor qiladi.
17. Narkologiya muassasasidan chiqarilgan narkologik bemorga undan olib qoʻyilgan hujjatlar, pul mablagʻlari, moddiy qimmatliklar va ashyolar qaytarib beriladi.
4-bob. Yakuniy qoida
18. Mazkur Nizomning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasalarida davolash jarayonini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Narkologik kasallikka chalingan shaxsda majburiy davolashni rad etish yoki muddatini kechiktirish uchun asos boʻlgan tibbiy qarshi koʻrsatmalar
ROʻYXATI
