3-modda. Asosiy tushunchalar
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1101-son) · Sana: 09.12.2025 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat ijtimoiy sugʻurtasi — sugʻurta hodisalari yuzaga kelganda sugʻurtalangan shaxslarning daromadlari yoʻqolishining oldini olishga qaratilgan davlat kafolatlari tizimi;
davlat ijtimoiy sugʻurtasi subyektlari — sugʻurtalovchi, sugʻurta qildiruvchilar va sugʻurtalangan shaxslar;
davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlar — sugʻurta hodisasi yuzaga kelganda sugʻurtalangan shaxsga jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan nafaqalar tarzidagi toʻlovlar;
jamgʻarma — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining (bundan buyon matnda Ijtimoiy himoya milliy agentligi deb yuritiladi) Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari, sugʻurta badallari va boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi, yuridik shaxs maqomiga ega boʻladi, sugʻurtalangan shaxsga sugʻurta hodisasi yuzaga kelganda davlat ijtimoiy sugʻurtasi boʻyicha toʻlovlarni moliyalashtirish uchun moʻljallangan boʻladi;
sugʻurtalovchi — Ijtimoiy himoya milliy agentligining jamgʻarmasi;
sugʻurta staji — sugʻurtalangan shaxs uchun sugʻurta badallarini toʻlash amalga oshirilgan davr;
sugʻurtalangan shaxs — sugʻurta hodisalaridan davlat ijtimoiy sugʻurtasi orqali himoyalangan jismoniy shaxs;
sugʻurta qildiruvchi — sugʻurta hodisalari yuzaga kelganda sugʻurtalangan shaxsning himoya qilinishini taʼminlash maqsadida ijtimoiy soliq va (yoki) sugʻurta badallari toʻlaydigan shaxs.
