12-modda. Sugʻurta badali
Davlat ijtimoiy sugʻurtasi toʻgʻrisida (O‘RQ-1101-son) · Sana: 09.12.2025 · Amalda
Sugʻurta badali sugʻurtalangan shaxs uchun jamgʻarmaga amalga oshiriladigan ajratma yoki toʻlov hisoblanadi.
Sugʻurta badali majburiy davlat ijtimoiy sugʻurtasi bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilangan miqdorlarda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining bir qismi hisobidan, ixtiyoriy davlat ijtimoiy sugʻurtasi bilan qamrab olinadigan fuqarolar uchun minimal miqdori qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadigan toʻlov hisobidan shakllantiriladi.
Jismoniy shaxslarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq hisoblangan mehnatga haq toʻlash tarzidagi barcha daromadlar sugʻurta badallarini hisoblash obyektidir.
Sugʻurta badali stavkasi sugʻurta badallarini hisoblash obyektining summasiga nisbatan foizli nisbatda hisoblanadi.
Sugʻurta badallari hisobini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
