Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini taʼminlashda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-236-son)
01.12.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasiga zamonaviy ilmiy va texnik yondashuvlarni joriy etish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini yanada kuchaytirish, kuchli zilzilalarni prognoz qilishning ilgʻor usullarini ishlab chiqish hamda ularga tayyorgarlik koʻrishning samarali va zamonaviy tizimini shakllantirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy vazifalar
1. Quyidagilar bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini taʼminlashda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirishning asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) respublikadagi barcha koʻp kvartirali uy-joylarni instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish va monitoring qilishga ixtisoslashgan loyiha tashkilotlarini toifalash va ularning reytingini yuritish;
(b) noqonuniy qurilishlarning oldini olish, ularni erta aniqlash va bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirish;
(v) qurilish-pudrat tashkilotlarining obyektlar qurilishida zilzilabardoshlikni taʼminlash boʻyicha javobgarligini kuchaytirish;
(g) obyektlarning zilzilabardoshligini taʼminlash va ularni nazorat qilish sohasidagi mavjud korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish.
II. Nazorat va monitoring mexanizmlarini takomillashtirish
2. Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tartiblarni joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
(a) ikki va undan yuqori qavatli barcha koʻp kvartirali uy-joylarni (keyingi oʻrinlarda — koʻp kvartirali uy-joylar) instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazishga ixtisoslashgan loyiha tashkilotlarining roʻyxatini shakllantirish va “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida (keyingi oʻrinlarda — “Shaffof qurilish” MAT) ularning reytingini yuritish. Bunda reyting yuritishda bino va inshootlarni instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish boʻyicha muhandislarning sertifikatlari mavjudligi asosiy mezon hisoblanadi;
(b) “Shaffof qurilish” MATda instrumental-texnik tekshiruv xulosalari asosida bino va inshootlarning texnik holati monitoringini yuritish;
(v) instrumental-texnik tekshiruv xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyotini tugatish hamda ushbu xulosalar faqat ijobiy boʻlgan taqdirda, koʻp kvartirali uy-joylardan kelgusida foydalanishga ruxsat berish. Bunda:
(i) instrumental-texnik tekshiruv xulosalariga obyektni qayta qurish yoki rekonstruksiya qilish boʻyicha texnik-iqtisodiy asoslantirish boʻlimi kiritiladi va ushbu xulosalar majburiy ravishda shaharsozlik ekspertizasidan oʻtkaziladi;
(ii) koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish organlariga koʻp kvartirali uy-joylarni vizual va instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish ishlarini tashkil qilish vazifasi yuklatiladi. Vizual va instrumental-texnik tekshiruvdan oʻtkazish xarajatlari mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) milliy normativ hujjatlarga nomutanosib boʻlgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralarni taʼminlash boʻyicha maxsus texnik shartlar (keyingi oʻrinlarda — maxsus texnik shartlar) asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish faqatgina “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi;
(b) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Shaffof qurilish” MATda ekspertiza tashkilotlarining reytingi yuritiladi;
(v) shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi xususiy ekspertiza tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazishda ularning reyting koʻrsatkichlari inobatga olinadi;
(g) obyektlarning zilzilabardoshligi boʻyicha ilmiy hamda loyiha hujjatlarining smeta qismidan tashqari shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyoti tugatiladi;
(d) obyektlarning zilzilabardoshligi boʻyicha (loyiha hujjatlari va maxsus texnik shartlar uchun) berilgan salbiy xulosalar loyiha tashkilotining “Shaffof qurilish” MATdagi reyting ballarini kamaytirishga asos hisoblanadi;
(j) obyektlarning seysmik mustahkamligiga taʼsir qiluvchi ikkita asosiy materialning (beton va poʻlat prokati) sifatini ishlab chiqarishdan boshlab yuk koʻtaruvchi konstruksiya shakliga kelguniga qadar boʻlgan jarayonlarda monitoring qilib borish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bunda:
(i) ishlab chiqarish va qurilish-montaj jarayonlaridagi barcha bosqichlar “Shaffof qurilish” MAT orqali nazoratga olinadi;
(ii) beton va poʻlat prokati ishlab chiqaruvchilar (yetkazib beruvchilar)ning reytingi yuritiladi;
(z) qurilishi boshlangan koʻp kvartirali uy-joylarga qoʻshimcha qavat qoʻshish, balandligini oshirish uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tegishli arxitektura-shaharsozlik kengashlari tomonidan koʻrib chiqish, ekspertizadan va qayta roʻyxatdan oʻtkazish taqiqlanadi;
(i) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalaridan (keyingi oʻrinlarda — hududiy inspeksiyalar) belgilangan tartibda ruxsat olmagan holda qurilayotgan obyektlarni tashqi muhandislik tarmoqlariga ulash taqiqlanadi. Bunda energiya taʼminoti korxonalarining axborot tizimlari “Shaffof qurilish” MAT bilan “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilinadi;
(k) davlat ijrochisining qaroriga asosan oʻzboshimchalik bilan qurilgan binolarni buzish ishlarini amalga oshirishga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari masʼul etib belgilanadi. Bunda ushbu binolarni buzishga sarflangan xarajatlar qurilish obyekti buyurtmachisi (tashabbuskori)dan qonunchilikda belgilangan tartibda undiriladi;
(l) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan noqonuniy qurilmalarni buzdirish ishlari narxlari (obyektlarning turi, toifasi, hajmi, konstruksiyasi va boshqa parametrlaridan kelib chiqqan holda) har yil uchun alohida belgilab boriladi;
(m) buyurtmachining texnik, loyihachining mualliflik va pudratchining ichki nazoratini amalga oshirish davriylik muddatlarini obyektlarning toifasidan kelib chiqib aniq belgilash yoʻlga qoʻyiladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda obyektlarda ushbu nazorat turlarini yuritish davriyligi boʻyicha Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. Quyidagilar:
(a) 2027-yil 1-yanvarga qadar koʻp kvartirali turarjoy obyektlarini qurish uchun tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlari faqat davlat ekspertizasi tashkilotlari tomonidan ekspertizadan oʻtkazilishi;
(b) 2026-yil 1-martdan boshlab obyektlarning loyiha-qidiruv, qurilish-montaj va nazorat jarayonlarida qatnashadigan ushbu Farmonga 1-ilovadagi roʻyxatda keltirilgan sertifikatlangan asosiy mutaxassislarning malakasi, ish tajribasi, salohiyatiga oid maʼlumotlarni oʻzida aks ettiruvchi reyestr joriy etilsin hamda uning “Shaffof qurilish” MATda yuritilishi belgilansin. Bunda:
(i) obyektlar boʻyicha barcha bosqichlardagi ishlar faqatgina reyestrga kiritilgan mutaxassislar tomonidan amalga oshiriladi;
(ii) har bir bosqichdagi ishning yakuniy natijasi va sifatiga shaxsan javobgarlik belgilash maqsadida masʼullarning har bir harakati elektron raqamli imzo orqali amalga oshiriladi;
(iii) masʼullarning maʼlumotlari obyektlarning pasportiga biriktiriladi hamda obyekt pasporti QR kodli maʼlumot orqali “Shaffof qurilish” MATda saqlanadi;
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2026-yil 1-martdan boshlab Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzbekkosmos” agentligi) tomonidan hududlarda qurilish ishlari amalga oshirilayotgan qurilish maydonlari ustidan doimiy kuzatuv olib boriladi. Bunda:
(a) “Oʻzbekkosmos” agentligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi maʼlumotlar bazalari oʻzaro integratsiya qilinadi;
(b) “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan hududiy inspeksiyalardan roʻyxatdan oʻtgan obyektlar boʻyicha maʼlumotlar “Shaffof qurilish” MAT orqali avtomatik olinadi;
(v) “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan hududiy inspeksiyalardan roʻyxatdan oʻtmagan qurilish maydonlari aniqlangan taqdirda, mazkur obyektlar haqida Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi hamda Kadastr agentligiga tegishli maʼlumotlar uzatib boriladi.
Belgilansinki, “Oʻzbekkosmos” agentligi tomonidan amalga oshiriladigan kuzatuv ishlari Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Bosh prokuratura (S. Samadov) ikki oy muddatda qurilishi tugallanmagan koʻp kvartirali uylarga fuqarolarning koʻchib kirishiga yoʻl qoʻygan mansabdor va masʼul shaxslarga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqsin.
III. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
7. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda loyihalashtirish va qurilish faoliyati litsenziatlari tomonidan litsenziya talab va shartlariga rioya etilishini “Shaffof qurilish” MATda monitoring qilishga qaratilgan maʼlumotlar bazalari oʻzaro integratsiya qilinishini taʼminlasin.
8. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda seysmik xavfsizligi taʼminlanadigan III (xavflilik omili yuqori boʻlgan) va IV toifadagi (xavflilik omili juda yuqori boʻlgan) obyektlar qurib foydalanishga topshirilganda ularning seysmik va boshqa xavfsizligiga quruvchining 10 yildan kam boʻlmagan muddatga kafolat berishi boʻyicha tegishli takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini taʼminlashda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmon ijrosini monitoring qilib borish rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:
(a) Bosh prokuratura Farmon ijrosini monitoring rejasiga asosan har yili 15-fevralga qadar monitoringdan oʻtkazsin hamda uning natijalarini Hisob palatasi va Adliya vazirligiga kiritib borsin;
(b) Hisob palatasi Adliya vazirligi bilan birgalikda monitoring rejasi asosida Farmon ijrosini nazorat qilsin hamda har yili 25-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
(v) “Ijro.gov.uz” tizimida Farmon ijrosini nazoratdan yechishda monitoring rejasida koʻrsatilgan maqsadlarga erishilganligi inobatga olinsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. Xidoyatov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi S. Eshquvvatov belgilansin.
13. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 1-dekabr,
PF-236-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-dekabrdagi PF-236-son Farmoniga 1-ILOVA
Obyektlarning loyiha-qidiruv, qurilish-montaj va nazorat jarayonlarida qatnashadigan hamda “Shaffof qurilish” MATda malakasi, ish tajribasi, salohiyatiga oid maʼlumotlarni oʻzida aks ettiruvchi reyestri yuritiladigan asosiy mutaxassislarning
ROʻYXATI
1. Muhandislik qidiruvlarini oʻtkazgan va xulosa bergan tashkilot rahbari va ishni bajargan guruh rahbari yoki loyiha bosh muhandisi.
2. Loyihachi tashkilotdan loyihaning bosh arxitektori, loyiha bosh muhandisi va mualliflik nazorati muhandisi.
3. Qurilish-pudrat tashkilotidan ichki nazorat muhandisi, qurilish uchastkasi rahbari, bosh muhandis va tashkilot rahbari.
4. Geologik/geotexnik tadqiqot/qidiruvlar hisoboti va xulosasiga ekspertiza xulosasini bergan ekspert va ekspertiza tashkiloti rahbari.
5. Obyektga zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy xulosa bergan ekspert(lar) va xulosa bergan tashkilot rahbari.
6. Loyihaga ekspertiza xulosasini bergan ekspert va ekspertiza tashkiloti rahbari.
7. Buyurtmachi tashkilot rahbari, bosh muhandis va u tomonidan tayinlangan texnik nazorat muhandisi.
8. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining hududiy inspektori va obyektga biriktirilgan muhandis.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-dekabrdagi PF-236-son Farmoniga 2-ILOVA
Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini taʼminlashda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-dekabrdagi PF-236-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini taʼminlashda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini monitoring qilish
REJASI
