Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (749-son)
27.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash, shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va saqlashda hisobga olish tizimlarining samarali ishlashini tashkil etish hamda barcha bosqichlarda hisob-kitoblar shaffofligiga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
elektr energiyasini hisobga olishda elektr energetikasi korxonalari va isteʼmolchilarning majburiyatlari va javobgarligini belgilash hamda ular oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga solish;
elektr energiyasini hisobga olish tizimlarini oʻrnatish hamda ulardan foydalanish, maʼlumotlarni almashish va qayta ishlash hamda ularga qoʻyiladigan umumiy va texnik talablarni oʻrnatish.
2. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
3. Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni uch oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi direktori Sh.X. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-noyabr,
749-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 27-noyabrdagi 749-son qaroriga ILOVA
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash va isteʼmol qilish jarayonlarida hisobga olish tizimiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi hamda elektr energiyasini hisobga olish, hisobga olish tizimini oʻrnatish va ekspluatatsiya qilish hamda ularni avtomatlashtirish, shuningdek, hisoblagichlar maʼlumotlarini almashish va ulardan foydalanishdagi munosabatlarni tartibga soladi.
2. Ushbu Nizom hisobga olish tizimidan shaffof foydalanish shartlarini belgilash orqali barcha elektr energetikasi korxonalari, loyihalashtirish tashkilotlari, uzatish hamda taqsimlash tizimlarining 6 kV va undan yuqori kuchlanishli tarmoqlariga ulangan foydalanuvchilari hamda vakolatli organlar uchun umumiy talablarni belgilaydi.
Maishiy va 0,4 kV kuchlanishli tarmoqlarga ulangan isteʼmolchilar uchun ushbu Nizom talablari tatbiq etilmaydi hamda tavsiyaviy xususiyatga ega hisoblanadi.
3. Hisobga olish tizimlari tijorat va texnik (nazorat) hisobga olish maqsadida oʻrnatiladi hamda ular joriy etilgan nuqtalarda elektr energiyasining tijorat va texnik hisobi yuritiladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bozor operatori — bozorni shakllantirish hamda uning xavfsiz va samarali ishlashi uchun bozor ishtirokchilari nomidan elektr energiyasini sotish va (yoki) sotib olishni tashkil etish uchun masʼul boʻlgan yuridik shaxs;
ishlab chiqaruvchi — elektr energiyasini ishlab chiqarishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
mansublik chegarasi — ikkita yoki undan ortiq subyektlar oʻrtasida elektr tarmoqlari, uskunalar yoki elektr energiyasi oqimlari bilan bogʻliq moliyaviy va texnik javobgarlikni aniqlovchi balans chegarasi;
markaziy xarid qiluvchi — elektr energiyasini markazlashgan tarzda sotish va sotib olish huquqiga ega boʻlgan yuridik shaxs;
metrologiya xizmati — davlat metrologiya xizmati, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari metrologiya xizmatlari, shuningdek, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlari hisoblanmaydigan yuridik shaxslarning metrologiya xizmatlari;
taqsimlash tizimi operatori — Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tomonidan beriladigan litsenziya asosida muayyan hududda elektr energiyasini taqsimlash faoliyatini yuritish, bunda taqsimlash tizimini ekspluatatsiya qilish, unga xizmat koʻrsatish va rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan, ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushi yuz foiz boʻlgan aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etilgan elektr energetikasi korxonalari;
taʼminotchi — elektr energiyasini isteʼmolchilarga yetkazib berish (sotish) bilan shugʻullanadigan korxona;
tegishli tizim operatori — foydalanuvchi ulangan uzatish, taqsimlash va berk taqsimlash tarmoqlarining tegishli operatori. Elektr stansiyasi operatori yoki foydalanuvchining ichki tarmoqlariga ulangan boshqa foydalanuvchilar uchun ular tegishli tizim operatori;
texnik (nazorat) hisobga olish — elektr energiyasi sarfini nazorat qilish uchun, texnologik sarflar hisob-kitobi va tahlilini, ishlab chiqarishga oid sarfni, shuningdek, elektr stansiyalarining, podstansiyalarning, alohida sexlarning, koʻp miqdorda energiya isteʼmol qiladigan jihozlarga ega korxonalarning ichki elektr energiyasi isteʼmoli hisobini yuritish;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar — texnik reglamentlar va standartlar;
tijorat hisobga olish — elektr energiyasining hajmini oʻzaro hisob-kitob qilish va bozor operatsiyalarini amalga oshirish maqsadida hamda elektr energiyasini yetkazib beruvchi va qabul qiluvchi tomonlar oʻrtasida toʻlovlar amalga oshirilishiga asos boʻluvchi mansublik chegarasida hisobga olish;
uzatish tizimi operatori — Oʻzbekiston Respublikasida uzatish tizimlarini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlgan yuridik shaxs;
ulanish shartnomasi — elektr stansiyasi yoki foydalanuvchi bilan tegishli tizim operatori oʻrtasida ulanish boʻyicha aniq texnik, tijorat va huquqiy talablarni, jumladan, ulanish nuqtasi va hisobga olish tizimini oʻz ichiga olgan shartnoma;
oʻlchov transformatori — elektr toki va kuchlanishini hisoblagich qabul qilishi va qayta ishlashi uchun belgilangan xavfsiz va standartlashtirilgan nisbatda pasaytirib beruvchi transformator;
foydalanuvchi — yagona elektr energetikasi tizimidan foydalanish huquqiga ega boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
hisobga olish nuqtasi — elektr energiyasining aniq hajmi va sifat koʻrsatkichlari tijorat ham texnik (nazorat) maqsadlarda hisobga olinadigan (oʻlchanadigan), bir chiziqli sxemadagi belgilangan nuqta;
hisobga olish tizimi — elektr energiyasining hajmini oʻlchash, saqlash, uzatish va tahlil qilish uchun moʻljallangan hisoblagichlar, oʻlchov transformatorlari, ikkilamchi zanjirlar, sinov bloklari hamda oʻtuvchi klemmniklardan tashkil topgan uskunalar majmui;
hisobga olish tizimining ruxsat etilgan xatoliklari bilan bogʻliq yoʻqotishlar (keyingi oʻrinlarda — ruxsat etilgan nobalans) — hisobga olish tizimiga kiritilgan oʻlchash uskunalarining (tok va kuchlanish transformatorlari, hisoblagichlar va boshqalar) texnik xususiyatlari, aniqlik darajasi va ish rejimidan kelib chiqadigan elektr energiyasi yoʻqotishlari;
hisoblagich — barcha texnik xususiyatlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga mos keladigan, elektr energiyasining aktiv va reaktiv tashkil etuvchilarini hisobga olish imkoniyatiga ega boʻlgan, yagona CAS tizimiga toʻlaqonli ulanish imkoniyati mavjud elektr energiyasini hisobga olish asbobi;
elektr stansiyasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish obyektlari (generatsiyalovchi modullar) majmui;
elektr energetikasi korxonasi — elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, saqlash, taqsimlash, sotib olish, sotish yoki elektr energiyasi bozorini tashkil etish, shuningdek, elektr energiyasining importi va eksporti boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs. Bunda aksiyalari bevosita yoki bilvosita davlatga tegishli boʻlgan elektr energetikasi korxonalari guruhi bitta vertikal integratsiyalashgan energetika korxonasi hisoblanmaydi;
elektr energetikasi obyektlari — elektr energiyasini ishlab chiqarish, saqlash, uzatish va taqsimlashda foydalaniladigan elektr energetikasi infratuzilmasi;
elektr energiyasining amaldagi nobalansi — hisobot davrida elektr stansiyalari va podstansiyalarda elektr energiyasini uzatish jarayonida texnologik sarfni inobatga olgan holda hisoblagichlar orqali hisobga olingan qabul qilingan va uzatilgan elektr energiyasi qiymatlari orasidagi nobalans (farq);
CAS tizimi — “Central AMI Systems” takomillashtirilgan markaziy oʻlchash infratuzilmasi tizimi, yaʼni avtomatlashtirilgan hisobga olish va boshqaruv tizimining markaziy qismi boʻlib, elektr energiyasi sarfi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish va qulay tarzda taqdim etishni markazlashtirilgan tarzda amalga oshiruvchi tizim.
5. Yagona elektr energetikasi tizimidagi barcha ichki tijorat va texnik hisobga olishlar hisobot oyidan keyingi oyning birinchi kunida Oʻzbekiston milliy vaqti bilan soat 00:00 da amalga oshiriladi.
Davlatlararo elektr uzatish tarmoqlaridagi tijorat hisobga olishlar Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligidagi ishtirokchi davlatlarda davlatlararo elektr uzatish tarmoqlari boʻylab oʻrnatilgan elektr energiyasi hisoblagichlaridan koʻrsatkichlarni olish uchun yagona vaqtni joriy etish toʻgʻrisida 2006-yil 24-noyabrda Minsk shahrida imzolangan qarorga muvofiq MDHga aʼzo boʻlgan davlatlar oʻrtasidagi elektr uzatish tarmoqlarida oʻrnatilgan hisoblagichlar koʻrsatkichlarini hisobga olish, elektr energetikasi obyektining masʼul vakillari tomonidan hisobot oyidan keyingi oyning birinchi kunida oʻrtacha Yevropa vaqti (Grinvich meridiani plyus bir soat), yaʼni Oʻzbekiston milliy vaqti bilan soat 04:00 da amalga oshiriladi.
6. Elektr energiyasini hisobga olish, hisobini yuritish hamda ushbu ishlarni amalga oshirish uchun oʻrnatiladigan hisobga olish tizimi, jumladan, mazkur tizimni tashkil etuvchi asboblar va dasturiy taʼminotlarni oʻrnatish hamda ulardan foydalanish ushbu Nizom, qonunchilik hujjatlari, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, vakolatli organlar tomonidan belgilangan talablarga asosan amalga oshirilishi shart.
Barcha tijorat hisobga olish nuqtalaridagi hisobga olish tizimi elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga (keyingi oʻrinlarda — EHNAT) mos boʻlishi hamda CAS tizimiga toʻlaqonli ulanish imkoniyatiga ega boʻlishi talab etiladi.
7. Foydalanuvchilarning elektr tarmoqlari xoʻjaliklari obyektlariga yangi ulanishi yoki mavjud ulanishlarni oʻzgartirishida hisobga olish nuqtalarini belgilash va hisobga olish tizimining oʻrnatilishiga tegishliligicha uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlari hamda oʻz tarmogʻiga boshqa foydalanuvchilar ulanadigan yoki mavjud ulanishni oʻzgartiradigan tegishli foydalanuvchilar javobgardirlar.
Bunda barcha xarajatlar yangi ulanishni yoki mavjud ulanishni oʻzgartirish uchun murojaat qilgan foydalanuvchi tomonidan qoplanadi.
Hisobga olish tizimini oʻrnatish va ulardan foydalanishdagi qoʻshimcha talablar tegishli tizim operatori va foydalanuvchi oʻrtasida tuziladigan ulanish shartnomasi va (yoki) elektr energiyasini sotish shartnomalarida nazarda tutilishi lozim.
8. Oʻzbekiston Respublikasining “Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq uzatish va taqsimlash tizimlarida elektr energiyasini hisobga olish tizimining yaxlitligi va aniqligini taʼminlash uchun tegishliligicha uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlari javobgardirlar.
Uzatish va taqsimlash tizimi operatorlari ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari doirasida oʻz tizimlarida hisobga olish tizimining yaxlitligi va aniqligini taʼminlash uchun qoʻshimcha talablar va tartiblarni joriy etishlari mumkin.
2-bob. Hisobga olish tizimiga qoʻyiladigan talablar
1-§. Hisobga olishning umumiy shartlari
9. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar, uzatish va taqsimlash tizimi operatorlari, elektr energiyasini saqlash tizimlari operatorlari hamda foydalanuvchilar oʻz tizimlarida ishlab chiqarilgan, uzatilgan, saqlangan, taqsimlangan, yetkazib berilgan, qabul qilingan va isteʼmol qilingan, shu jumladan, oʻz ehtiyojlari, xoʻjalik ehtiyojlari hamda texnologik yoʻqotishlarga sarf qilingan elektr energiyasining hisobga olinishini taʼminlashlari va hisobini yuritishlari shart.
10. Hisobga olish tizimi elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, saqlash, taqsimlash va isteʼmol qilish jarayonlarida aniq texnik maʼlumotlarni olishni taʼminlash maqsadida barcha zarur nuqtalarda oʻrnatilishi lozim.
Hisobga olish tizimi elektr energiyasining quyidagi hajmlarini aniq va ishonchli tarzda qayd etishi kerak:
a) elektr energiyasini ishlab chiqarish:
har bir generatsiyalovchi modul va elektr stansiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan aktiv va reaktiv energiya miqdori;
generatorlar sinxron kompensator rejimida ishlaganda ular tomonidan isteʼmol qilingan aktiv energiya va generatsiya qilingan reaktiv energiya miqdori;
b) elektr energiyasini uzatish va taqsimlash:
podstansiyalar, ochiq taqsimlash qurilmalari va taqsimlash qurilmalarining shinalariga uzatilgan va shinadan qabul qilingan elektr energiyasi miqdori;
shinalardan tarmoqlar orqali uzatilgan va tarmoqlardan shinaga qabul qilingan elektr energiyasi miqdori;
tarmoqlar orqali toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolchilarga yetkazilgan elektr energiyasi miqdori;
v) elektr energiyasini saqlash tizimlarida tarmoqdan qabul qilingan va qayta tarmoqqa uzatilgan hamda oʻz ehtiyojlari uchun sarflangan elektr energiyasi miqdori;
g) ichki isteʼmol va texnologik sarf:
elektr energetikasi korxonalarining texnologik sarfi, jumladan, oʻz ehtiyojlari, xoʻjalik ehtiyojlari, ishlab chiqarish ehtiyojlari hamda texnologik yoʻqotishlar uchun sarflangan (isteʼmol qilingan);
oʻz ehtiyoji transformatorlari yoki oʻz ehtiyojlari uchun ichki taqsimlash punktlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri isteʼmolchilarga yetkazib berilgan;
d) qoʻshni davlatlar energetika tizimlariga uzatilgan (eksport), qabul qilingan (import) va tranzit qilingan elektr energiyasi miqdori.
11. Yagona elektr energetikasi tizimida elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va saqlash faoliyatini yurituvchi operatorlarning (yoki foydalanuvchilarning) elektr energiyasi balansida ishtirok etuvchi boʻlinish chegaralari orqali oqib oʻtgan elektr energiyasi hisobini yuritish, oʻzaro elektr energiyasi oqimlari boʻyicha hamkorlik qiluvchi elektr energetikasi korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan, kelishilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi Elektr energiyasi oqimlarini aniqlash Metodikasi (keyingi oʻrinlarda — Metodika) asosida amalga oshiriladi:
oʻzaro hamkorlik qiluvchi tomonlar;
hisobga olish nuqtalari, ularning turi (texnik yoki tijorat), hisoblagichlar oʻrnatilgan joylar;
elektr energiyasi oqimining “qabul qilish” yoki “uzatish” ish rejimi;
elektr uzatish tarmoqlarining nomi va kuchlanish darajasi;
hisobga olish nuqtalarining hisoblanadigan elektr energiyasi oqimlarini hisoblash usullari, jumladan, hisoblagich balans boʻyicha mansublik chegarasida joylashtirilmagan holatlar uchun mansublik chegarasi va hisoblagich oʻrnatilgan oraliqdagi texnologik sarfni hisoblash usullari, formulalar va hisoblash tartibi;
tomonlarning masʼuliyat va javobgarligi hamda ular oʻrtasida aniq va shaffof elektr energiyasi balansini yuritish tartibi.
Mansublik chegaralariga oʻzgartirishlar kiritilsa yoki yangi hisobga olish nuqtalari qoʻshilsa amaldagi Metodikaga belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritiladi yoki qaytadan rasmiylashtiriladi.
Oʻzgartirishlar tegishli korxonalar tomonidan hisoblagichlar oʻrnatilgani, ulanish sxemasi toʻgʻriligi va tekshirilgani hamda muhrlangani toʻgʻrisida tuzilgan dalolatnoma asosida amalga oshirilishi shart.
Metodikalar hisobga olish tizimi joriy etilayotgan elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektining egasi, yaʼni foydalanuvchi tomonidan tegishli tizim operatori bilan birgalikda ishlab chiqiladi va tomonlarning yuqori turuvchi tashkilotlari tomonidan tasdiqlanadi.
Elektr energiyasining ulgurji bozori operatsiyalarida ishtirok etadigan hisobga olish nuqtalari boʻyicha Metodikalar bozor operatori bilan, chakana bozor operatsiyalarida ishtirok etadigan hisobga olish nuqtalari boʻyicha esa tegishliligiga koʻra taʼminotchi bilan majburiy tartibda kelishilishi shart.
12. Metodikalar ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq namunaviy shaklda ishlab chiqiladi va unga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
obyektning texnik va tijorat hisobga olish nuqtalari koʻrsatilgan bir chiziqli elektr sxemasi;
hisoblagichlar toʻgʻrisidagi jadval, jumladan, ishlab chiqaruvchisi, turi, modeli, ishlab chiqarilgan yili, aniqlik sinfi, muhri, oʻrnatilgan joyi va sanasi, qaysi qurilma bilan bogʻlangani, soʻngi bor qiyoslashdan oʻtkazilgan va kelgusida oʻtkazilishi zarur boʻlgan sanalar hamda oʻlchov transformatorlari turi, modeli, ularning transformatsiya koeffitsiyentlari va texnik koʻrsatkichlari;
isteʼmolchilar ulangan taqdirda, tasdiqlangan texnik shart, ulanish va elektr energiyasini sotish shartnomasi.
13. Faoliyat yuritayotgan, loyihalashtirilayotgan, qurilayotgan yoki modernizatsiya qilinayotgan elektr energetikasi obyektlarida (generatsiyalovchi modullar, elektr stansiyalari, podstansiyalar, elektr energiyasini saqlash tizimlari, uzatish va taqsimlash tarmoqlari hamda isteʼmolchi obyektlarida) elektr energiyasini hisobga olish tizimining quyidagi koʻrsatkichlari ushbu Nizom, boshqa qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda loyiha-texnik hujjatlar talablariga toʻliq mos boʻlishi shart:
oʻrnatiladigan hisoblagichlar soni;
texnik va tijorat hisobga olish nuqtalari;
oʻlchov transformatorlari va hisoblagichlarning texnik koʻrsatkichlari;
hisobga olish uskunalarining aniqlik sinfi;
ulash simlari va ularning ulanish usullari.
Isteʼmolchilarda amalda foydalanishda boʻlgan boshqa qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob beradigan hisobga olish tizimlari ushbu Nizom kuchga kirganidan soʻng 36 oy ichida ushbu Nizom talablariga moslashtirilishi shart.
14. Elektr energiyasi miqdorini hisoblashda faqatgina hisobga olish tizimiga ulangan oʻlchov transformatorlarining transformatsiya koeffitsiyentlari hisobga olinadi. Hisob-kitobda ushbu transformatorlar uchun sertifikatlangan va pasportida koʻrsatilgan koeffitsiyentlardan tashqari boshqa har qanday tuzatuvchi koeffitsiyentlarni qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Butun hisobga olish tizimi toʻliq shaklda oʻrnatilgandan soʻng uning ishga tayyorligi, loyiha hujjatlari va ulanish sxemasiga muvofiqligi va funksional ishonchliligi texnik hujjatlar asosida tekshiriladi hamda tegishli dalolatnoma orqali foydalanishga qabul qilinadi.
2-§. Hisobga olish tizimiga qoʻyiladigan texnik talablar
15. Hisobga olish tizimi quyidagi tarkibiy qismlarni oʻz ichiga oladi:
aktiv va reaktiv energiya miqdorini hisobga oladigan hisoblagich va unga qoʻshimcha ravishda oʻrnatilgan impulsni qayd etish moslamasi, vaqt manbai va batareyasi;
aniqlik sinfi va yuklamasini hisoblash aniqligiga mos boʻlgan oʻlchov transformatorlari;
ikkilamchi zanjirlar, ulash simlari, sinov bloki yoki oʻchirib-yoqish qurilmasi, yuklama rezistorlari, hisoblagich shkafi, xavfsizlik muhrlari va qulflari.
16. Hisobga olish tizimi quyidagi imkoniyatlarga ega boʻlishi lozim:
a) milliy va xalqaro standartlarga muvofiq:
elektr energetikasi tizimining turli kuchlanish darajasidagi tarmoqlariga kelib tushayotgan aktiv va reaktiv energiyani aniq va ishonchli tarzda hisobga olishni taʼminlash;
toʻliq yoki qisman yuklanish holatlarida ham oʻlchash aniqligi va barqarorligini saqlash;
bir necha tarifli hisoblashni taʼminlaydigan real vaqt soati (RTC) mavjud boʻlishi, jumladan, soatlik, kunlik, haftalik va mavsumiy tariflar boʻyicha hisob yuritish;
masofadan boshqarish va maʼlumot uzatish, shu jumladan, maʼlumotlarni shifrlash, saqlash, qayta ishlash va autentifikatsiya qilish;
tashqi taʼsirlarni (aralashuvni) aniqlash, magnit taʼsiri, qobiq (korpus) va klemmnik qopqogʻi ochilishi, simlar almashtirilishi, energiya oqimining teskari yoʻnalishi va boshqa aralashuv holatlarini avtomatik tarzda qayd etish hamda shunday holatlarda avtomatik tarzda signal berish va ular boʻyicha hisobot (jurnal) yuritish;
xatoliklarni avtomatik tarzda aniqlash va kodlash;
elektr energiyasi sifatining asosiy koʻrsatkichlaridagi buzilishlarni qayd etish (kuchlanish, chastota va boshqalar);
hisoblagichning texnik holatini baholash va diagnostika maʼlumotlarini taqdim etish;
barcha maʼlumotlarni ichki xotirada kamida 90 kalendar kun saqlash;
b) yagona elektr energetikasi tizimida ishlash samaradorligini taʼminlash uchun:
elektr energiyasi oqimlari dalolatnomalarini va elektr energiyasi balansini aniq shakllantirish, hisob-kitob uchun texnik va tijorat balansni yuritish;
balansning texnik va tijorat boʻyicha hisobini yuritish, hududiy va funksiyaviy kesimlarda (ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash va isteʼmol qilishda) elektr energiyasi oqimlarini avtomatik tarzda qayd etish;
isteʼmolchilarning belgilangan isteʼmol rejimiga rioya etilishini kuzatib borish va real vaqtda elektr energiyasi sarfi nazoratini taʼminlash;
yagona elektr energetikasi tizimidagi va uning tashkil etuvchilarida elektr energiyasining hisobiy texnologik sarfini (yoʻqotishlar) aniqlash;
v) qurilmalar va uskunalarning texnik mosligi:
hisoblagich va u bilan bogʻlangan tarkibiy qismlar (transformatorlar, shkaflar, sinov bloklari va boshqalar) texnik reglamentlar, milliy standartlar va sertifikatlash talablariga toʻliq muvofiq boʻlishi;
hisobga olish tizimi uskunalari ekologik va mexanik taʼsirlardan himoyalangan boʻlishi, jumladan, IP54 yoki IP65 darajadagi himoyaga ega boʻlishi va -25°C dan +55°C gacha harorat sharoitida ishlash qobiliyatiga ega boʻlishi.
17. Hisobga olish tizimi quyidagi elektr zanjirlarda barqaror ish rejimidagi ogʻishlarni aniqlash va qayd etish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim:
birlamchi zanjirlarda — tok va kuchlanishning belgilangan meʼyordan ogʻishini (belgilangan meʼyorlardan yuqori yoki past qiymatlarga oʻzgarishi);
oʻlchov transformatorlarining ikkilamchi zanjirlarida — oʻlchov transformatori orqali hisoblagichga uzatiladigan signallar uzilishlari, signal koʻrsatkichlari va diapazonining buzilishlari hamda uzatiladigan koʻrsatkichlar ustuvorligidagi oʻzgarishlarni;
aloqa kanallarida — maʼlumot uzatishdagi uzilishlar, maʼlumot kechikishi, maʼlumotning toʻliq boʻlmasligi, sinxronizatsiya buzilishi va boshqa maʼlumot uzatishga oid texnik muammolarni.
Ushbu ogʻishlar avtomatik tarzda aniqlanishi va qayd etilishi hamda ular maxsus modul yoki funksiya orqali avtomatik tarzda roʻyxatga olinishi va saqlanishi kerak.
18. Hisobga olish tizimi quyidagi omillardan himoyalangan boʻlishi shart:
hisobga olish tizimining barcha tarkibiy qismlari (hisoblagich, oʻlchov transformatorlari, ulash vositalari va boshqalar) texnik hujjatlarda belgilangan chegaralardan oshuvchi elektr magnit (radiochastota, elektrstatik razryad, elektrmagnit uygʻunlik) taʼsirlardan;
uskunalarga yetkazilishi mumkin boʻlgan mexanik taʼsirlar va shikastlanishlardan;
noqonuniy foydalanish, tashqi taʼsir va noqonuniy kirishdan, jumladan, qobiq (korpus) va klemmnik qopqogʻi ochilishi, modullar tuzilishiga oʻzboshimcha oʻzgartish kiritilishidan;
hisoblagichlar himoya darajasi (IP54 yoki IP65) va elektrmagnit moslashuvchanlik boʻyicha standartlar talablariga javob berishi kerak.
19. Hisoblagichning kuchlanish zanjirlari elektrmagnit turidagi kuchlanish transformatorlarining hisobga olish uchun moʻljallangan chiqishlariga (portlariga) ulanishi lozim.
Bu oʻlchov transformatorlari hisoblagichga aniq, barqaror va toʻgʻri faza burchagiga ega boʻlgan kuchlanish signalini yetkazishni taʼminlaydi.
Oʻrnatiladigan kuchlanish transformatorlarining aniqlik sinfi, nominal kuchlanishi, termik va dinamik bardoshlilik koʻrsatkichlari hisobga olish tizimining maqsadi va kuchlanish darajasiga mos ravishda tanlanadi.
Raqamli turdagi oʻlchov transformatorlaridan foydalanishda, ushbu uskunalarning texnik xususiyatlari quyidagi talablarga toʻliq javob berishi shart:
oʻlchov signallarini raqamli formatda uzatish imkoniyati boʻlishi, jumladan, sinxronlashtirilgan va onlayn rejimda uzatish;
himoya, hisob-kitob va monitoring funksiyalari uchun yetarli aniqlikka ega boʻlishi;
oʻz tarkibida raqamli interfeyslar (optik yoki Ethernet asosida) mavjud, hisoblagichlar va maʼlumot yigʻish tizimlari bilan uzluksiz integratsiyani taʼminlaydigan holatda boʻlishi;
qurilma ishlab chiqaruvchisi yoki vakolatli tashkilot tomonidan berilgan sertifikat orqali uskunaning texnik reglamentlar va texnik talablarga muvofiqligi tasdiqlangan boʻlishi.
20. Elektr tarmogʻi ikki yoki undan ortiq oʻchirgichlar orqali ulangan boʻlib, ushbu tarmoqda tok transformatorlari mavjud boʻlsa, hisoblagichlarning tok zanjirlari mazkur tok transformatorining tegishli chiqishiga (portiga) ulanadi.
21. Tijorat hisobga olish nuqtalaridagi hisoblagichlarni tok transformatorlarining ikkilamchi chulgʻamlariga, rele himoya zanjirlaridan alohida holda ulash lozim.
22. Texnik (nazorat) hisobga olish nuqtalarida hisoblagichlarni alohida ulash uchun qoʻshimcha tok transformatorlarini oʻrnatish talab etilsa, hisoblash zanjirlarini rele himoya zanjirlari bilan bir tok transformatoriga ulashga ruxsat etiladi. Bunda:
umumiy ulanish tok transformatori zanjirining ishonchliligi va aniqlik sinfiga salbiy taʼsir koʻrsatmasligi, shuningdek, rele himoyasi uskunalarining zarur texnik xususiyatlari saqlanishi;
umumiy yuklama va aniqlik talablariga rioya etilganini tasdiqlash uchun hisoblagichning ulanish sxemasi loyihalashtirish tashkilotining texnik xulosasi bilan asoslanishi shart.
Tok zanjiridagi hisoblagich va himoya uskunalari har qanday holatda tok transformatorining faolligi va faza ogʻishiga taʼsir qilmasligi va tok transformatorining yuklamasi pasportda koʻrsatilgan chegaradan oshmasligi kerak.
23. Hisoblagichlar ulanadigan kuchlanish transformatorining ikkilamchi chulgʻamidagi umumiy yuklama va uning faza boʻyicha quvvat koeffitsiyenti (cosφ) qiymati transformatorning texnik pasportida yoki ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan nominal yuklama miqdoridan oshmasligi lozim.
Yuklama nominal miqdordan oshgan taqdirda, kuchlanish transformatorining aniqlik sinfi buzilishi va hisoblash xatoligi ortishini hisobga olgan holda hisoblagichlar, relelar, interfeyslar va kabellar orqali yuzaga keluvchi barcha aktiv va reaktiv yuklama yigʻindisi hisobga olinishi shart.
Yuklamani hisoblashda ulash simlarining uzunligi, kesimi va hisoblagichning signal qabul qiluvchi kirishidagi toʻliq qarshiligi (impedansi) inobatga olinishi hamda yuklamaning oʻrnatilgan qiymatdan oshmasligi aniqlik va transformatorning ishonchli ishlashini taʼminlaydi.
24. Hisoblagichlar kuchlanish transformatorlarining ikkilamchi chulgʻamlariga alohida oʻlchov simlari orqali ulanishi shart.
Bunda ulanish sxemasi orqali signalning uzluksizligi elektr magnit taʼsirlardan himoyalangan, energiyani hisobga olishda aniqlik va elektr xavfsizligi taʼminlangan boʻlishi lozim.
25. Hisobga olish tizimining uskunalari va ularning ulanish sxemalari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Oʻzenergoinspeksiya) buyrugʻi bilan tasdiqlangan Elektr qurilmalarining tuzilishi qoidalari talablariga toʻliq muvofiq boʻlishi shart.
Bunda hisobga olish zanjirlari toʻgʻri texnik konfiguratsiyaga ega boʻlishi, rele himoyasi, dispetcherlik boshqaruvi va maʼlumotlarni yigʻish dasturiy-apparat kompleksi (SCADA) hamda boshqa axborot tizimlari (EMS, ERP) qurilmalari bilan qoʻshilmagan holda alohida ishlashini taʼminlovchi alohida sxemalar asosida ulanishi lozim.
26. Hisobga olish zanjirlari mustaqil qisqichlar (klemmniklar) yigʻilgan uskunaga yoki qisqichlarning (klemmniklarning) umumiy qatoridagi seksiyasiga olib chiqilishi (ulanishi) kerak. Qisqichlar yigʻilgan uskuna mavjud boʻlmaganda, sinov bloklari oʻrnatilishi zarur.
Qisqichlar hisoblagichlarni almashtirish yoki tekshirish, shuningdek, namunaviy oʻlchov hisoblagichini ulash vaqtida tok transformatorlarining ikkilamchi zanjirlari tutashtirilishini, hisoblagichlarning har bir fazasida tok va kuchlanish zanjirlari oʻchirilishini simlar va kabellarni uzmagan holda amalga oshirilishini taʼminlanishi kerak.
Hisobga olish tizimining qisqichlari qutisi hamda yigʻma konstruksiyasi ularni muhrlash imkoniyatini berishi lozim.
Sinov bloklari uch fazali, tok va kuchlanish uchun alohida kontaktli, qulflash mexanizmiga ega va ichki sxema bilan himoyalangan boʻlishi shart.
Faza tamgʻalari, zanjir belgisi va raqamlash belgilanishi shart. Tamgʻalar oʻchmaydigan va koʻrinadigan rangda yuzaga oʻrnatilgan (chizilgan) boʻlishi lozim.
3-§. Hisobga olish nuqtalari
27. Tijorat hisobga olish nuqtasi ulanish nuqtasida, yaʼni balans boʻyicha mansublik chegarasida joylashgan boʻlishi lozim. Bu nuqtalar tegishliligicha ulanish shartnomasi yoki elektr energiyasini sotish shartnomasida belgilanadi.
Hisoblagichlarni mansublik chegarasida oʻrnatish texnik jihatdan murakkab yoki imkonsiz, iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki maqsadga muvofiq emas deb topilgan holatlar bundan mustasno.
28. Tijorat hisobga olish hisoblagichini maʼlum asosli sabablarga koʻra mansublik chegarasida (ulanish nuqtasida) oʻrnatish imkoniyati boʻlmagan holatlarda hisoblagich tomonlarning oʻzaro kelishuvi yoki tegishli tizim operatorining taklifiga muvofiq boshqa joyda oʻrnatiladi.
Bunda hisob-kitob qilinadigan miqdorni aniqlashda hisoblagich orqali aniqlangan hajmga, mansublik chegarasidan to hisoblagich oʻrnatilgan joygacha boʻlgan elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlaridagi hisob-kitob orqali aniqlanadigan elektr energiyasining texnologik sarfini hisobga olgan holda tuzatishlar kiritiladi (qoʻshiladi yoki ayriladi).
29. Tijorat hisobga olish nuqtasi va hisoblagich oʻrnatilgan nuqta oraligʻidagi texnologik sarf Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlashda yuzaga keladigan texnologik sarfning ruxsat etilgan meʼyorlarini hisoblash hamda tasdiqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan hisob-kitob qilish usuli aniqlanadi va ulanish yoki elektr energiyasini sotish shartnomasiga ilova qilinadi.
30. Texnik hisobga olish nuqtalari elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash va isteʼmol jarayonlarida texnologik sarflar, oʻz ehtiyojlari va ishlab chiqarishga oid sarflarni tahlil qilish maqsadida tashkil etiladi.
Texnik hisobga olish nuqtalari faqat tahlil, nazorat va ichki hisob-kitoblar uchun foydalanish maqsadida obyektning funksional qismlariga mos tarzda tanlanadi va oʻrnatiladi.
Texnik hisobga olish nuqtalarida oʻrnatilgan hisoblagichlarda qayd etilgan koʻrsatkichlar orqali obyekt egalari elektr energiyasining ichki balansi tahlilini amalga oshiradi.
4-§. Hisobga olish tizimining nisbiy xatoligi
31. Elektr energetikasi obyektlarini loyihalashtirish jarayonida hisobga olish tizimining umumiy nisbiy xatoligi baholanishi va uni minimallashtirish boʻyicha choralar koʻrilishi lozim. Bu choralarga quyidagilar kiradi:
hisoblagichlar va oʻlchov transformatorlarining texnik tavsiflari hamda aniqlik sinfini toʻgʻri tanlash;
ulanish simlari va uskunalarining texnik koʻrsatkichlarini hisobga olish (kabel kesimi, uzunligi, izolyatsiyasi va boshqalar);
hisoblagich shkafi joylashuvi va ulash sxemalarini optimallashtirish.
32. Loyihalashtirish jarayonida hisobga olish tizimining umumiy nisbiy xatoligining ruxsat etilgan chegarasi (δi) quyidagi formula asosida aniqlanadi:
Bunda:
δL — hisoblagichning kuchlanish transformatorlariga ulangan tarmoqlaridagi ruxsat etilgan kuchlanish yoʻqotishlarining chegarasi (%);
δHP, δTT, δKT — i-oʻlchash kompleksida normal sharoitlarda hisobga olish tizimining (hisoblagich, tok transformatorlari va kuchlanish transformatorlari va boshqa tashkil etuvchilarning) ruxsat etilgan xatoliklari (pasport maʼlumotlari va aniqlik sinfi qiymati boʻyicha qabul qilinadi, %);
δQ — tok va kuchlanish transformatorlarining burchak xatoliklaridan (faza xatosi) kelib chiqadigan elektr energiyasi hisobga olishdagi ruxsat etilgan xatolik tarkibiy qismining chegarasi (%);
δQX j — hisoblagichning j-taʼsir qiluvchi omil boʻyicha (harorat, namlik, elektrmagnit maydon va boshqalar) ruxsat etilgan qoʻshimcha xatoligi (%);
j — taʼsir qiluvchi omillar soni.
33. Har bir hisobga olish tizimining joriy ekspluatatsiya davrida texnik koʻrikdan oʻtkazish davomida uning aniqligi yuzasidan quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladigan pasporti shakllantiriladi va yuritib boriladi:
hisobga olish tizimi tarkibi (tok transformatori, kuchlanish transformatori, hisoblagich, ulanish simlari va boshqalar toʻgʻrisida maʼlumotlar);
har bir uskunaning pasportdagi yoki soʻnggi metrologik tekshiruv natijasida aniqlangan nisbiy xatolik qiymatlari;
hisobga olish tizimining umumiy hisoblangan xatoligi va uning ruxsat etilgan chegarasi bilan solishtirmasi;
har qanday qoʻshimcha taʼsir qiluvchi omillar va ekspluatatsiya sharoiti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Ushbu pasport elektron va qogʻoz shaklda yuritiladi.
34. Hisobga olish tizimi elektr tarmoqlarining barqaror (normal), avariyaviy va avariyadan soʻnggi tiklanish rejimlarida oʻz funksional vazifalarini uzluksiz va ishonchli bajarishi hamda uning tarkibiga kiruvchi barcha uskunalar (tok va kuchlanish transformatorlari, hisoblagichlar, aloqa va saqlash qurilmalari) ekspluatatsiya jarayonida quyidagi talablarga mos boʻlishi lozim:
uskunalarning amaldagi xatoliklari ishlab chiqaruvchi tomonidan belgilangan texnik shartlar (pasportlar) va standartlarda koʻrsatilgan ruxsat etilgan chegaralardan oshmasligi;
hisobga olish tizimi avariyaviy rejimda ham aniq hisobni taʼminlashi va shikastlanmasligi;
elektrmagnit taʼsirlar va signallar, chastota oʻzgarishi, kuchlanish tushishi va qisqa muddatli uzilishlari, oʻta kuchlanishlar, kuchlanish tebranishi, qayta quvvatlanish yoki qayta kuchlanish berilishi kabi holatlarda ham hisobning uzluksizligi taʼminlanishi.
35. Elektr energetikasi obyektlarida turli kuchlanish darajasidagi tijorat (hisob-kitob) va texnik hisobga olish nuqtalaridagi hisobga olish tizimi uskunalarining aniqlik sinfi milliy va xalqaro standartlar talablariga toʻliq mos boʻlishi hamda quyidagi aniqlik sinfiga ega boʻlishi kerak:
a) generatsiyalovchi modullar, uzatish tizimi va uzatish tizimiga ulanish nuqtalarida, jumladan, davlatlararo elektr tarmoqlarida:
aktiv elektr energiyasi uchun ≤ 0,5;
reaktiv energiya uchun ≤ 1;
b) boshqa barcha obyektlarda, shu jumladan, past kuchlanishli tarmoqlar va taqsimlash tarmoqlariga ulangan foydalanuvchilar (isteʼmolchilar) uchun:
aktiv elektr energiyasi uchun ≤ 1;
reaktiv energiya uchun ≤ 2.
36. Davlatlararo elektr energiyasi almashinuvi amalga oshiriladigan yuqori kuchlanishdagi elektr uzatish tarmoqlarida hisobga olish tizimi aniqlik sinfining yakuniy qiymati oʻzaro kelishilgan holda belgilanadi.
37. Tijorat hisobga olish tizimining barcha tarkibiy qismlarining aniqlik sinfi bir-biriga mutanosib boʻlishi hamda unga muvofiq sertifikatsiyadan oʻtkazilgan boʻlishi kerak.
3-bob. Elektr energiyasini hisobga olish
1-§. Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchilar obyektlarida aktiv elektr energiyasini hisobga olish
38. Elektr energiyasini hisobga olish tizimi belgilangan joriy vaqt oraligʻida (hisobot davrida), generatsiyalovchi modullar (generatorlar) orqali ishlab chiqarilgan hamda oʻz ehtiyojlari, xoʻjalik ehtiyojlari, ishlab chiqarishga oid sarf va sinxron kompensator rejimi uchun isteʼmol qilingan (alohida koʻrsatib oʻtiladi), shuningdek, elektr tarmoqlari orqali yagona elektr energetikasi tizimiga va (yoki) bevosita elektr stansiyasi tarmoqlariga ulangan boshqa foydalanuvchilarga balans boʻyicha mansublik chegarasidan uzatilgan elektr energiyasi hisobini yuritish uchun quyidagi nuqtalarda oʻrnatilishi lozim:
generatorlar va generatsiyalovchi modullarda (generatorlarda ularning generator yoki sinxron kompensator rejimlarida ishlashidan qatʼi nazar, ishlab chiqargan va isteʼmol qilgan aktiv va reaktiv energiyani hisobga olish uchun);
zaxira va tiristorli qoʻzgʻatkichlarda;
xoʻjalik ehtiyojlari va ishlab chiqarishga oid sarflarni inobatga olgan holda oʻz ehtiyoji transformatorlarida;
oʻz ehtiyojlarining asosiy kuchlanish shinalariga ulangan (xoʻjalik ehtiyojlari va ishlab chiqarishga oid sarflarni inobatga olgan holda) oʻz ehtiyojlari tarmoqlarida;
elektr stansiyasi oʻz ehtiyojlari transformatorlariga yoki oʻz ehtiyojlari uchun ichki taqsimlash qurilmalariga ulangan elektr energiyasi isteʼmolchilarining isteʼmolini hisobga olish nuqtalarida;
elektr stansiyasi shinalariga ulangan, barcha kuchlanish sinflaridagi elektr uzatish tarmoqlarida, shu jumladan, davlatlararo elektr uzatish tarmoqlarida.
39. Qoʻzgʻatkichlar generator shinalaridan taʼminlanganda, generatorlar orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori va oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasi sarfi qoʻzgʻatish uchun sarf qilingan elektr energiyasi miqdoriga teng ravishda kamaytirilishi lozim, chunki bu sarf generatordagi elektr energiyasi sarfi hajmi tarkibida hisobga olinadi.
Qoʻzgʻatkichlar oʻz ehtiyojlari transformatorlaridan taʼminlanganda, generatorlar orqali ishlab chiqarilgan va ishlab chiqarishga oid sarflangan elektr energiyasi miqdori qoʻzgʻatish uchun sarf qilingan elektr energiyasi miqdoriga teng ravishda kamaytirilishi lozim, chunki bu sarf generatordagi elektr energiyasi sarfi hajmi tarkibida va oʻz ehtiyojlariga oʻrnatilgan hisoblagichlar orqali hisoblanadi.
40. Elektr energetikasi obyektlarining xoʻjalik ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasining hisobini yuritish maqsadida hisoblagichlar quyidagi joylarda oʻrnatiladi:
xoʻjalik isteʼmoli alohida transformator orqali taʼminlanganda, transformatorning yuqori kuchlanish tomonida;
xoʻjalik isteʼmoli boshqa transformator yoki oʻz ehtiyojlari shinalari seksiyasi orqali taʼminlanganda, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablaridan kelib chiqqan holda elektr taʼminoti qabul qilinadigan tarmoq chiqishida.
41. Elektr stansiyalarining elektr energiyasini uzatishda oʻzining tasarrufida boʻlgan elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlaridagi texnologik sarf ushbu elektr stansiyasiga taalluqli deb hisoblanadi.
42. Elektr stansiyasining tasarrufida boʻlgan ochiq taqsimlash qurilmasi (podstansiya) va undagi transformatorlardan uzatish tizimi operatori tomonidan elektr energiyasini uzatish maqsadida foydalanilsa, yaʼni obyekt orqali elektr energiyasining tranziti amalga oshirilsa, mazkur tranzit (transportirovka) oqimlari hajmiga mutanosib ravishda yuzaga kelgan texnologik sarflar hisob-kitob orqali aniqlanadi va uzatish tizimi operatorlari hisobiga oʻtkaziladi.
Bunda elektr stansiyasi operatori faqat oʻzining ichki isteʼmoli va yoʻqotishlari uchun javobgar hisoblanadi hamda uzatish xizmatlari doirasida yuzaga keladigan texnologik sarflar, operatorlarning javobgarligi va texnologik sarflarning tegishliligini aniqlash boʻyicha hisob-kitob tartibi tomonlar oʻrtasida alohida texnik-huquqiy kelishuv yoki dalolatnoma asosida tartibga solinadi.
43. Elektr energiyasini hisobga olishning haqqoniyligini nazorat qilish maqsadida elektr stansiyalarida komissiya tuziladi va uning tarkibi korxona rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Komissiyaning faoliyati korxonada qabul qilingan idoraviy hujjat bilan tartibga solinadi.
Hisobga olishning haqqoniyligini nazorat qiluvchi komissiya tomonidan har bir hisobot davri uchun ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan namunaviy shaklga muvofiq “Elektr stansiyasining elektr energiyasi balansi” shakllantiriladi va uning bir nusxasi elektr stansiyasida saqlanadi, ikkinchi asl nusxasi esa har oyning beshinchi sanasiga qadar tegishliligiga koʻra uzatish yoki taqsimlash tizimiga ulanganidan kelib chiqib, markaziy xarid qiluvchi (yoki) taʼminotchiga taqdim etiladi.
44. Elektr stansiyasining elektr energiyasi balansi quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:
generatsiyalovchi modullar orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori;
elektr tarmoqlaridan qabul qilingan elektr energiyasi miqdori;
oʻz ehtiyoji transformatorlari yoki yagona elektr energetikasi tizimidan taʼminlangan holda oʻz ehtiyojlari uchun sarflangan elektr energiyasi miqdori, bunda ishlab chiqarishga oid sarf miqdori alohida koʻrsatiladi;
xoʻjalik ehtiyojlari uchun sarflangan elektr energiyasi miqdori;
ishlab chiqarishga oid sarf miqdori, agar elektr energiyasi oʻz ehtiyoji transformatorlari yoki yagona elektr energetika tizimidan isteʼmol qilingan boʻlsa, alohida koʻrsatiladi;
generatorlar shinalari yoki ochiq taqsimlash qurilmasi (podstansiya) orqali uzatish va taqsimlash tizimlariga, bevosita isteʼmolchilar tarmoqlariga va boshqa davlatlar energetika tizimlariga uzatilgan elektr energiyasi miqdori;
Taqsimlash tizimi operatorining tarmoqlari mavjud boʻlmaganda, toʻgʻridan-toʻgʻri elektr stansiyasining past kuchlanishli shinalariga ulangan boshqa isteʼmolchilar tarmoqlariga, shuningdek, oʻz ehtiyoji transformatorlari orqali foydalanuvchilarga uzatilgan elektr energiyasi miqdori;
elektr energiyasini uzatishda elektr stansiyasining elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlarida sarflanadigan elektr energiyasi hajmi.
45. Elektr energiyasini uzatishda elektr stansiyasining elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlarida sarflanadigan elektr energiyasi hajmi quyidagi uskunalardagi elektr energiyasining sarflari yigʻindisi orqali aniqlanadi:
kuch transformatorlari va avtotransformatorlarda;
reaktorlarda;
tok transformatorlarida;
kuchlanish transformatorlarida;
ulovchi simlar va yigʻma shinalarda;
yuqori chastotali aloqa toʻsiqlarida;
ventilli razryadlagichlarda;
oʻta kuchlanishdan himoya vositalarida;
yuqori chastotali aloqa qurilmalarida;
generatorlarning sinxron kompensator rejimida ishlagandagi aktiv elektr energiyasi sarfida.
46. Elektr energiyasi balansi tarkibiy qismlarining barchasi hisob-kitob va texnik hisobga olish tizimi yordamida aniqlanadigan hisobga olishlar asosida shakllantiriladi.
Bunda elektr stansiyalarining elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlaridagi texnologik sarflar (yoʻqotishlar) balansning alohida moddasi sifatida hisoblanadi hamda balansning boshqa tashkil etuvchilari tarkibiga qoʻshib yuritilmaydi.
47. Elektr stansiyasidan uzatish, saqlash va (yoki) taqsimlash tizimiga, bevosita isteʼmolchilar tarmoqlariga yoki boshqa davlatlar energetika tizimlariga uzatilgan elektr energiyasi, tijorat hisob-kitob nuqtalarida (tegishli shartnomalarda belgilangan balans boʻyicha mansublik chegaralarida) oʻrnatilgan hisoblagichlar koʻrsatkichlari asosida aniqlanadi va oʻzaro hamkorlik qiluvchi tomonlarning masʼul vakillari ishtirokida rasmiy dalolatnoma orqali tasdiqlanadi.
Elektr tarmoqlariga uzatilgan elektr energiyasi miqdorini aniqlashda generatsiyalovchi modullar tomonidan ishlab chiqarilgan umumiy elektr energiyasi hajmidan oʻz ehtiyojlari, xoʻjalik ehtiyojlari, ishlab chiqarishga oid sarf va elektr stansiyasining elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlaridagi texnologik sarflarni ayirish orqali hisoblashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Elektr energiyasining uzatilgan hajmi faqatgina tijorat hisob-kitob uchun belgilangan tijorat hisobga olish nuqtalaridagi hisoblagich koʻrsatkichlari asosida aniqlanadi.
48. Elektr stansiyalari oʻz ehtiyojlari, xoʻjalik ehtiyojlari va ishlab chiqarishga oid sarf uchun sarflanadigan elektr energiyasi uskunalarining elektr stansiyasi operatori tomonidan tasdiqlangan rasmiy tizimli roʻyxatiga ega boʻlishi kerak.
Elektr stansiyalari va elektr energetikasi obyektlarining oʻz ehtiyojlari, xoʻjalik ehtiyojlari va ishlab chiqarishga oid ehtiyojlari uchun elektr energiyasini sarflaydigan uskunalarining nomenklaturasi tegishliligicha ushbu Nizomga 3 — 6-ilovalarga asosan har bir obyekt uchun alohida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Bir turdagi nomenklaturaga boshqa turdagi nomenklaturaning tashkil etuvchisini kiritish qatʼiyan taqiqlanadi.
2-§. Elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlarida aktiv elektr energiyasini hisobga olish
49. Uzatish tizimi operatori, taqsimlash tizimi operatori, saqlash tizimi operatori hamda foydalanuvchilarning, yaʼni yagona elektr energetikasi tizimiga kiruvchi obyektlarning elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlarida elektr energiyasi oqimlari hisobotini shakllantirish hamda oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish maqsadida elektr tarmoqlari orqali uzatilgan, taqsimlangan, saqlangan, yetkazib berilgan va isteʼmol qilingan aktiv elektr energiyasi hisobga olinadi va hisobi yuritiladi.
Yagona elektr energetikasi tizimiga kiruvchi obyektlarning podstansiyalarida elektr energiyasini hisobga olish tizimi boshqa elektr energetika obyektlari (korxonalari)ning elektr tarmoqlari, qoʻshni davlatlarning energetika tizimlari, toʻgʻridan-toʻgʻri ulangan foydalanuvchilarning elektr energiyasini uzatish, qabul qilish, saqlash, yetkazib berish, shuningdek, podstansiyada xoʻjalik ehtiyojlari va oʻz ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi hisobini yuritish maqsadida tijorat va texnik hisobga olish nuqtalarida oʻrnatilishi shart.
50. Podstansiyalarning oʻz ehtiyojlari va xoʻjalik ehtiyojlari uchun elektr energiyasini sarflaydigan uskunalarining nomenklaturasi ushbu podstansiyaning egasi, yaʼni tegishliligicha uzatish tizimi operatori, taqsimlash tizimi operatori, saqlash tizimi operatori yoki foydalanuvchilar tomonidan tasdiqlanadi. Bir turdagi nomenklaturaga boshqa turdagi nomenklaturaning tashkil etuvchisini kiritish qatʼiyan taqiqlanadi.
51. Podstansiyalarning oʻz ehtiyojlari va xoʻjalik ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi uskunalarining nomenklaturasi tegishliligicha ushbu Nizomga 6-7-ilovalarga asosan har bir obyekt uchun alohida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
52. Podstansiyalarda elektr energiyasini hisobga olishning haqqoniyligini nazorat qilish maqsadida komissiya tuziladi va podstansiyalar tegishli boʻlgan korxona rahbarining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Komissiyaning faoliyati korxonada qabul qilingan idoraviy hujjat asosida tartibga solinadi.
Komissiya tomonidan har bir hisobot davri uchun ushbu Nizomga 8-ilovada keltirilgan namunaviy shakldagi “Podstansiyalarning elektr energiyasi balansi” shakllantiriladi.
Hisobot davri uchun shakllantirilgan podstansiyalar elektr energiyasi balansining bir nusxasi uning egasida saqlanadi, ikkinchi asl nusxasi esa har oyning beshinchi sanasiga qadar markaziy xarid qiluvchiga taqdim etiladi.
53. Podstansiyalarning elektr energiyasi balansi quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
podstansiyaning shinalariga qabul qilingan elektr energiyasi;
podstansiyaning shinalaridan uzatilgan elektr energiyasi;
podstansiyaning oʻz ehtiyojlari transformatorlaridan taʼminlangan, oʻz va xoʻjalik ehtiyojlari uchun elektr energiyasi sarfi;
podstansiyaning oʻz va xoʻjalik ehtiyojlari uchun boshqa elektr energetikasi korxonasi tarmoqlaridan qabul qilingan elektr energiyasi sarfi;
podstansiyaning texnologik sarfi (yoʻqotishlari).
54. Podstansiyalarning elektr energiyasi balansi tijorat va texnik hisobga olish nuqtalarida oʻrnatilgan hisoblagichlar koʻrsatkichlari asosida aniqlanadi.
Bunda podstansiyadagi yoʻqotishlar hisoblagich koʻrsatkichlaridan mustaqil holda, hisob-kitob orqali aniqlanadi.
55. Podstansiyalarning oʻz ehtiyojlari va xoʻjalik ehtiyojlari uchun isteʼmol qilingan elektr energiyasi hisoboti ushbu Nizomga 9-ilovada keltirilgan namunaviy shakldagi “Podstansiyalarning oʻz ehtiyojlari va xoʻjalik ehtiyojlari uchun elektr energiyasi isteʼmoli balansi” tuziladi.
56. Metodikaga asosan elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlarining egasi, tegishliligicha uzatish tizimi operatori, taqsimlash tizimi operatori, saqlash tizimi operatori va (yoki) foydalanuvchilar har bir hisobot davri uchun oʻz tarmoqlarining elektr energiyasi balansini shakllantiradi.
Magistral elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan “Magistral elektr tarmoqlarida elektr energiyasi balansi” ushbu Nizomga 10-ilovada keltirilgan namunaviy shaklda tuziladi va hisobot davridan keyingi oyning 5-sanasiga qadar umumlashtirish uchun uzatish tizimi operatoriga taqdim etiladi.
Taqsimlash tizimi operatorlari tomonidan “Taqsimlash elektr tarmoqlari korxonalarining elektr energiyasi balansi” ushbu Nizomga 11-ilovada keltirilgan namunaviy shaklda tuziladi hamda hisobot davridan keyingi oyning 7-sanasiga qadar tayinlangan taʼminotchi va markaziy xarid qiluvchiga taqdim etadi.
Uzatish tizimi operatori tomonidan “Uzatish tizimida elektr energiyasining texnik oqimlari hisoboti” ushbu Nizomga 12-ilovada keltirilgan namunaviy shaklda tuziladi hamda hisobot oyidan keyingi oyning 7-sanasiga qadar markaziy xarid qiluvchi va boshqa vakolatli tomonlarga taqdim etadi.
Saqlash tizimi operatori tomonidan “Elektr energiyasini saqlash tizimlarida elektr energiyasi balansi” ushbu Nizomga 13-ilovada keltirilgan namunaviy shaklda tuziladi hamda hisobot oyidan keyingi oyning 7-sanasiga qadar markaziy xarid qiluvchi va boshqa vakolatli tomonlarga taqdim etadi.
Tayinlangan taʼminotchi (“Energosavdo” filiali va boshqalar) taqsimlash tizimlari boʻyicha umumlashtirilgan elektr energiyasi balansini shakllantiradi hamda hisobot oyidan keyingi oyning 10-sanasiga qadar markaziy xarid qiluvchi va boshqa vakolatli tomonlarga taqdim etadi.
Markaziy xarid qiluvchi tomonidan yagona elektr energetikasi tizimi boʻyicha umumlashtirilgan elektr energiyasi balansi koʻrsatkichlari korxonalar va hududlar kesimida hisobot davridan keyingi oyning 15-sanasiga qadar Energetika vazirligi, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga hisobotni ilova qilgan holda taqdim etib boriladi.
3-§. Elektr energetikasi obyektlarida reaktiv energiyani hisobga olish
57. Reaktiv energiyani hisobga olishning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:
yagona elektr energetikasi tizimidagi ishlab chiqaruvchilar hamda foydalanuvchilar tomonidan isteʼmol qilingan va ishlab chiqarilgan reaktiv energiya hisobini yuritish;
davlatlararo elektr uzatish tarmoqlari orqali reaktiv energiya oqimlarining hisobini yuritish va ularni samarali boshqarish;
elektr stansiyalaridagi generatorlar hamda podstansiyalarda oʻrnatilgan reaktiv quvvatni kompensatsiyalovchi qurilmalar generatsiya qilingan reaktiv energiya hamda podstansiyalardan uzatilayotgan reaktiv energiya oqimlari hisobini yuritish va u boʻyicha aniq maʼlumotlarni shakllantirish;
qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq reaktiv energiyani hisobga olishni taʼminlash hamda elektr energiyasi bozoridagi munosabatlarni tartibga solishda hisob-kitob uchun asos boʻluvchi qoʻshimcha xizmatlar (reaktiv quvvatni kompensatsiyalash, faza balansini taʼminlash va kuchlanishni boshqarish) hajmini aniqlash.
58. Barcha tijorat hisobga olish nuqtalarida reaktiv energiya oqimlari hisobga olinishi va uning hisobi yuritilishi shart. Tijorat hisobga olish nuqtalarida oʻrnatilgan hisobga olish tizimi qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga asosan reaktiv energiyani ikki tomonlama hisobga olish imkoniyatiga ega boʻlishi kerak.
59. Yagona elektr energetika tizimidagi har bir elektr energetikasi korxonasi (elektr stansiyalari operatorlari, uzatish, saqlash va taqsimlash tizimlari operatorlari va foydalanuvchilar) aktiv elektr energiyasi kabi har hisobot davri yakuni bilan reaktiv energiya ishlab chiqarilishi va isteʼmol qilinishi boʻyicha hisobotlarni yuritishi shart. Mazkur hisobotlar aktiv elektr energiyasi balansi bilan birgalikda tegishli tizim operatorlari va markaziy xarid qiluvchiga hamda vakolatli organlarga taqdim etib boriladi.
60. Reaktiv energiya hisobotlari aktiv elektr energiyasi hisobotlaridan alohida, lekin muvofiqlashgan holda yuritilishi, ular oʻrtasidagi bogʻliqlik tahlili amalga oshirilgan boʻlishi lozim.
61. Hisobotda quyidagi miqdorlar alohida qayd etiladi:
generatsiya qilingan (ishlab chiqarilgan) reaktiv energiya;
isteʼmol qilingan reaktiv energiya;
obyektning umumiy reaktiv energiyasi balansi.
62. Qoʻshni davlatlar bilan elektr energiyasi almashinuvida reaktiv energiya hisobi oʻzaro kelishuv asosida yuritiladi.
4-§. Yagona elektr energetikasi tizimi obyektlarida elektr energiyasini hisobga olishning tahlili
63. Elektr stansiyalari va podstansiyalarda elektr energiyasi hisobining aniqligi va ishonchliligini baholash hamda tahlil qilish maqsadida har bir hisobot davri uchun elektr energiyasining amaldagi nobalans miqdori aniqlanadi va ruxsat etilgan nobalans ruxsat etilgan nobalans meʼyori bilan taqqoslanadi.
Amaldagi nobalans miqdori hisobga olish tizimining ruxsat etilgan xatoliklari bilan bogʻliq yoʻqotishlar miqdoridan ortiq boʻlmasligi shart. Ushbu solishtirish mezoni orqali hisobga olish tizimidagi ehtimoliy xatolik, yoʻqotish yoki tashqi aralashuvlar tahlil qilinadi.
64. Elektr stansiyalarida amaldagi nobalans miqdori (NBA) hisobot davridagi elektr energiyasi balansining tashkil etuvchi (tarkibiy) qismlari asosida aniqlanadi va quyidagi formulalar orqali hisoblanadi:
a) amaldagi nobalansning mutlaq (absolyut) qiymati:
NBA = (Wich.his + Wtq) - (Woʻe.hisobl. + ∆Woʻet + Wtu + ∆Wus), [kW·h];
b) amaldagi nobalansning nisbiy qiymati:
NBA.%=(Wich.his + Wtq) - (Woʻe.hisobl. + ∆Woʻet + Wtu + ∆Wus)•100%,[%].(Wich.his. + Wtq)
Bunda:
Wich.his — generatsiyalovchi modullar (generatorlar) tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining hisobiy miqdori (kW·h);
Wtq — tarmoqlardan qabul qilingan elektr energiyasi (kW·h);
Wtu — tarmoqqa uzatilgan elektr energiyasi (kW·h);
Woʻe.hisobl. — hisoblagich orqali aniqlanadigan oʻz ehtiyojlari uchun isteʼmol qilingan elektr energiyasi (kW·h);
∆Woʻet — hisob-kitobi chulgʻamning past kuchlanish tomonida olib boriladigan oʻz ehtiyoji transformatoridagi texnik sarf (kW·h);
∆Wus — elektr stansiyasining elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlaridagi texnik yoʻqotishlar (kW·h).
65. Generatsiyalovchi modullar (generatorlar) tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining hisobiy miqdori (Wich.his) quyidagi formula orqali aniqlanadi:
Wich.his = WG - Wqoʻzgʻ, [kW·h].
Bunda:
WG — generatorlarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi (kW·h);
Wqoʻzgʻ — tiristorli qoʻzgʻatish uchun generatorlardan yoki zaxiraviy qoʻzgʻatish uchun qoʻzgʻatkich transformatorlari orqali isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi (kW·h).
66. Podstansiyalarda amaldagi elektr energiyasi nobalansi (NBA) hisobot davri uchun elektr energiyasi balansi tarkibiy qismlari asosida aniqlanadi va quyidagi formulalar boʻyicha hisoblanadi:
a) amaldagi nobalansning mutlaq (absolyut) qiymati:
NBA = Wshq - Wshu - Woʻe.oʻet - Wxe.oʻet - ∆Wjihoz, [kW·h];
b) amaldagi nobalansning nisbiy qiymati:
Bunda:
Wshq — podstansiyaning shinalariga qabul qilingan elektr energiyasi (kW·h);
Wshu — podstansiyaning shinalaridan uzatilgan elektr energiyasi (kW·h);
Woʻe.oʻet — podstansiyaning oʻz ehtiyojlari transformatorlaridan taʼminlangan oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasi sarfi (yoʻqotishlari, kW·h);
Wxe.oʻet — podstansiyaning oʻz ehtiyojlari transformatorlaridan taʼminlangan xoʻjalik ehtiyojlari uchun elektr energiyasi sarfi (kW·h);
∆Wjihoz — podstansiyaning uskunalaridagi elektr energiyasi yoʻqotishlari (kW·h).
67. Hisobga olish tizimining ruxsat etilgan nobalansining (N.BR.E,%) nisbiy miqdori quyidagi formula orqali aniqlanadi:
Bunda:
dni, doi — elektr energiyasini i-oʻlchash kompleksi orqali qabul qilingan yoki uzatilgan miqdori nisbati;
δni , δoi — kuchlanish transformatori, tok transformatori va hisoblagichlar majmuasidan iborat i-oʻlchash kompleksining qabul qilingan (uzatilgan) elektr energiyasi hisobga olishdagi umumiy nisbiy xatoligi;
k — elektr energiyasi qabul qilinadigan oʻlchash nuqtalari soni;
m — elektr energiyasi uzatiladigan (yetkazib beriladigan) oʻlchash nuqtalari soni.
68. Elektr energiyasini i-hisobga olish tizimi orqali hisobga olingan ulushi (di) quyidagi formula orqali aniqlanadi:
Bunda:
Wi — hisobot davrida i-oʻlchash kompleksi orqali hisobga olingan elektr energiyasi miqdori (kW·h);
Wq(u) — hisobot davrida shinalarga uzatilgan va (yoki) shinalaridan qabul qilingan elektr energiyasi (kW·h).
69. i-oʻlchash kompleksining ruxsat etilgan nisbiy xatoligi chegarasi (δi) quyidagi formula orqali aniqlanadi:
Bunda:
δHP, δTT, δKT — barqaror ekspluatatsiya sharoitlarida hisobga olish tizimining (hisoblagich, tok transformatorlari va kuchlanish transformatorlari) pasport maʼlumotlari va aniqlik sinfi qiymati boʻyicha qabul qilinadigan ruxsat etilgan xatoliklari (%);
δL — hisoblagichning kuchlanish transformatorlariga ulangan tarmoqlaridagi ruxsat etilgan kuchlanish yoʻqotishlarining chegarasi (%).
70. Hisobga olish tizimining ruxsat etilgan nobalansi (N.BR.E) bir fazali yoki uch fazali hisobga olish nuqtalari majmui uchun, tok yuklamasining amaldagi koeffitsiyentidan kelib chiqqan holda quyidagi formula orqali hisoblanishiga ruxsat etiladi:
Bunda:
“-” belgisi — amaldagi sharoitda xatolikning tizimli tarkibiy qismi elektr energiyasini kam hisobga olish tomonidaligini koʻrsatadi;
datt — tok yuklamasining amaldagi koeffitsiyentida tok transformatorining xatoligi (%);
dakt — kuchlanish transformatorining xatoligi (%);
dal — hisobga olish tizimining kuchlanish transformatoriga ulanish tarmoqlaridagi kuchlanish yoʻqotishlari taʼsiridagi xatoligining Elektr qurilmalarining tuzilish qoidalarida ruxsat etilgan chegarasi (%);
dahisob — hisoblagichning meʼyoriy yoki amaldagi xatoligi (%);
x — tok yuklamasining amaldagi koeffitsiyenti (0 < x ≤ 1);
W — hisobot davrida uzatilgan elektr energiyasi (kW×h).
Hisobga olish tizimining ruxsat etilgan nobalansini hisoblashda belgilangan tartibda tanlab olingan hisobga olish tizimiga nisbatan oʻtkazilgan metrologik tekshiruv (kalibrovka) natijalariga asosan, hisoblagich va tok transformatorlarining oʻrtacha statistik xatolik qiymatlarini qoʻllashga ruxsat etiladi.
71. Hisob-kitob qilingan amaldagi nobalans miqdori belgilangan hisobga olish tizimining ruxsat etilgan nobalansi miqdoridan katta boʻlsa, ushbu holat texnik nomuvofiqlik sifatida baholanadi va buning sabablari aniqlanishi, tahlil qilinishi hamda hisobot davridan keyingi bir oy ichida uni bartaraf etish choralari koʻrilishi zarur.
5-§. Davlatlararo elektr energiyasi oqimlarini hisobga olish tartibi
72. Davlatlararo elektr uzatish tarmoqlari orqali bogʻlangan qoʻshni davlatlarning energetika tizimlari orasidagi elektr energiyasi oqimlari davlatlararo texnik oqimlar hisoblanadi.
Davlatlararo elektr energiyasi oqimlarini hisobga olish, ushbu oqimlar natijasida hosil boʻladigan elektr energiyasi sarfini aniqlash va elektr tarmoqlarining ishlash rejimlarini optimallashtirish maqsadida davlatlararo elektr energiyasi oqimlarining tijorat va texnik hisob-kitobi yuritiladi.
73. Davlatlararo elektr energiyasi oqimlari hajmi qoʻshni davlatlar energetika tizimlari bilan mansublik chegaralarida hisobga olinadi.
Davlatlararo elektr uzatish tarmoqlarida mansublik chegaralarini belgilash yoki ularni oʻzgartirish tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida balans boʻyicha boʻlinish chegaralarida belgilanadi va ikki tomonlama tuzilgan dalolatnomaga asosan rasmiylashtiriladi.
74. Davlatlararo elektr energiyasining oqimlari hajmi davlatlararo elektr uzatish tarmoqlarining mansublik chegaralarida hamkorlik qiluvchi qoʻshni energetika tizimlarining masʼul vakillari hamda bojxona xizmati xodimlari ishtirokida aniqlanadi va rasmiylashtiriladi.
Bojxona chegarasidan elektr uzatish tarmoqlari orqali oʻtkazilayotgan elektr energiyasi Bojxona qoʻmitasi va Energetika vazirligining qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida bojxona nazorati va bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi.
75. Oʻzaro hamkorlik qiluvchi davlatlar energetika tizimlarining masʼul vakillari, bojxona xizmati xodimlari bilan birga, tegishli elektr energetikasi korxonasining xodimlari ishtirokida nazorat tekshiruvlarini va reglamentga asosan ishlarni amalga oshirish uchun davlatlararo elektr uzatish tarmoqlarining hisobga olish tizimiga toʻsqinliksiz kirish huquqiga ega.
76. Davlatlararo elektr uzatish tarmoqlarida oʻrnatilgan hisoblagichlar har ikki tomon vakillari ishtirokida davriy qiyoslashdan oʻtkaziladi. Qiyoslash va tekshirish muddatlari hamda tartibi oʻzaro kelishuv asosida belgilanadi.
77. Davlatlararo elektr energiyasi oqimlarini texnik hisobga olish tartiblari va talablari, hamkor davlatlar elektr energetikasi tizimlari bilan oʻzaro kelishuv asosida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
4-bob. Hisobga olish tizimini oʻrnatish va ularni ekspluatatsiya qilish
1-§. Hisobga olish tizimini oʻrnatish va foydalanishga qabul qilish
78. Yagona elektr energetikasi tizimining har bir obyektida berilgan texnik shartlar, tegishli ulanish shartnomalariga asosan elektr energiyasini tijorat va texnik hisobga olish tizimi belgilangan tartibda oʻrnatilishi, joylashtirilishi hamda tasdiqlangan ulanish sxemasi mavjud boʻlishi kerak.
79. Yagona elektr energetikasi tizimining hisobga olish nuqtalarida tijorat va texnik hisobga olish tizimi oʻrnatiladi.
Hisobga olish tizimini, jumladan, uning tarkibiga kiruvchi hisoblagichlar, oʻlchov transformatorlari, sinov bloklarini oʻrnatish, ularni ulash tartibi ushbu Nizom, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar va tegishli tizim operatorlari tomonidan belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
Hisobga olish tizimi loyiha hujjatlari (toʻliq oʻlchash sxemasi) asosida va tegishli litsenziyaga ega ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan oʻrnatiladi.
80. Foydalanishga qabul qilingan har bir tijorat va texnik hisobga olish tizimi ushbu Nizomga 14-ilovada keltirilgan shakldagi pasport-bayonnomasiga ega boʻlishi kerak.
81. Hisobga olish tizimining har bir uskunasi (hisoblagich, oʻlchov transformatorlari, sinov bloklari) foydalanishga qabul qilinishidan oldin belgilangan tartibda sinash va metrologik tekshiruvdan oʻtkazilgan boʻlishi shart.
82. Yangi ulanish yoki mavjud ulanishni oʻzgartirishda ulanish nuqtasida (mansublik chegarasida) hisobga olish tizimini joriy etishda:
a) arizachi hisobga olish tizimini tekshirish uchun yozma soʻrovni bozor operatori yoki taʼminotchi va tegishli tizim operatoriga quyidagilarni ilova qilgan holda taqdim etadi:
ulanish uchun berilgan texnik shartlar va ulanish shartnomasi;
loyiha hujjatlari, texnik shartlar va ulanish shartnomalarida belgilangan talablar bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlar (dalolatnomalar);
belgilangan dasturiy taʼminotlarning (EHNAT va boshqalar) ulangani (integratsiya qilingani) boʻyicha tegishli tizim operatori tomonidan berilgan tasdiq;
b) tegishli tomonlar (tegishli tizim operatorlari, markaziy xarid qiluvchi, taʼminotchi, foydalanuvchi va zarur hollarda — metrologiya va texnik nazorat organlari) ishtirokida hisobga olish tizimi joyida tekshiriladi va tekshiruv natijalariga asosan hisobga olish tizimini foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi;
v) hisobga olish tizimi toʻliq soz holatda deb topilsa, u tekshiruv vaqtidan boshlab elektr energiyasining tijorat hisoblashda foydalanish uchun ruxsat etilgan deb hisoblanadi. Agar nosozlik yoki texnik nomuvofiqlik aniqlansa, hisobga olish nuqtasi vaqtincha foydalanishga qabul qilinmaydi. Nosozlik toʻliq bartaraf etilgandan soʻng hisobga olish tizimini foydalanishga qabul qilishga ruxsat etiladi.
83. Tijorat hisobga olish nuqtasiga oʻrnatilgan hisoblagichning tok va kuchlanish zanjirlari, oʻlchov transformatorlarining birinchi ikkilamchi chiqishiga (portiga) toʻgʻridan-toʻgʻri ulanishi va mazkur asosiy hisoblagich uchun moʻljallangan boʻlishi shart.
Ushbu zanjirga boshqa hisoblagichlar, relelar, oʻlchov vositalari yoki boshqa yordamchi qurilmalarni ulashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Texnik yoki sxemaviy jihatdan bunday alohida ulanishni taʼminlashning iloji boʻlmasa, faqatgina uzatish tizimi operatori tasarrufidagi oʻrta kuchlanishli hisobga olish nuqtalarida, bir nechta hisoblagichlarni umumiy kuchlanish transformatorining ikkilamchi chiqishiga (portiga) ulashga ruxsat etiladi. Bunday holda har bir hisoblagich zanjirining umumiy yuklamasi va transformatorning aniqlik sinfi mutanosib tanlanishi kerak.
Texnik hisobga olish nuqtalarida oʻrnatilgan hisoblagichlarni ulashda umumiy oʻlchov transformatorlari chiqishlaridan (portlaridan) foydalanishga ruxsat etiladi.
84. Kuchlanishi 35 — 500 kV boʻlgan hisobga olish nuqtalarda oʻrnatilgan hisoblagichlar kuchlanishni alohida oʻlchov kuchlanish transformatorlari orqali qabul qilishi lozim. Bu holatda kuchlanish signallari toʻgʻridan-toʻgʻri kuchlanish transformatorining ikkilamchi chiqishidan olinadi va hisobga olish zanjiridagi aniqlik, xavfsizlik hamda uzluksizlik taʼminlanishi kerak.
85. Alohida fider orqali ulangan har bir foydalanuvchi uchun hisobga olish tizimi oʻzining fideri chiqishida (yacheykada) oʻrnatiladi.
86. Hisoblagichlar va oʻlchov transformatorlarini boshqa joyga oʻrnatish va almashtirish tegishli tizim operatori bilan kelishilgan holda ushbu Nizom va boshqa qonunchilik hujjatlari talablari asosida amalga oshiriladi.
Hisoblagichlar va oʻlchov transformatorlarini oʻzboshimchalik bilan boshqa joyga oʻrnatish va (yoki) almashtirish holatlari aniqlangan taqdirda, tegishli tizim operatori foydalanuvchini elektr tarmogʻidan uzib qoʻyadi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga muvofiq qaytadan hisob-kitob amalga oshiriladi.
87. Hisoblagichni almashtirish — avvalgisining oʻrniga boshqa hisoblagich oʻrnatish yoki yangidan elektr hisoblagichni oʻrnatish foydalanuvchining belgilangan tartibda tegishli tizim operatoriga kiritgan buyurtmanomasi (arizasi) asosida amalga oshiriladi.
88. Metrologik qiyoslash koʻrigidan oʻtmagan, sertifikatga ega boʻlmagan, EHNAT tizimiga muvofiq boʻlmagan hisoblagich hamda oʻlchov transformatorlarini oʻrnatish va muhrlash (tamgʻalash) taqiqlanadi.
89. Tegishli tizim operatori foydalanuvchining buyurtmanomasi asosida foydalanuvchi hisoblagichini almashtirish yoki yangi hisoblagich oʻrnatish boʻyicha farmoyish yoki tezkor koʻrsatma beradi.
Ushbu farmoyish yoki koʻrsatmada foydalanuvchi hisoblagichini almashtirish yoki yangi hisoblagich oʻrnatish, hisoblagichni “yechib olish” va “oʻrnatish” haqidagi belgilangan namunadagi 2 nusxada rasmiylashtiriladigan dalolatnoma hamda naryad (ish ruxsatnomasi) asosida amalga oshirilishi zarurligi nazarda tutiladi.
90. Foydalanuvchi arizasiga asosan eski hisoblagichning muhrini buzish va yangi hisoblagich oʻrnatilgandan soʻng uni qayta muhrlash tegishli tizim operatori xodimi tomonidan foydalanuvchi bilan birgalikda bajariladi.
Hisoblagich almashtirilayotganda va yangi hisoblagich oʻrnatilayotganda eski hisoblagich va yangi hisoblagich maʼlumotlari va koʻrsatkichlari toʻliq tushirilgan holda 2 nusxada naryad toʻldiriladi.
Naryad blankasida foydalanuvchining va tegishli tizim operatori xodimi maʼlumotlari (familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi) va imzosi boʻlishi shart.
91. Hisoblagich almashtirilayotganda yoki yangi hisoblagich oʻrnatilayotganda:
oʻrnatilgan yoki yangilangan hisoblagich toʻgʻrisida barcha maʼlumotlar (vazifa) yozma ruxsatnomasida hamda hisoblagichni oʻrnatish dalolatnomasida qayd etiladi;
hisoblagichni oʻrnatish dalolatnomasi va naryad blankasiga “yechib olingan”, “oʻrnatilgan” soʻzlari yoziladi, sana va hisoblagichning koʻrsatkichlari qayd qilinadi, imzo qoʻyiladi, aniq tarzda ish bajaruvchining familiyasi (ismi, otasining ismi) yoziladi.
2-§. Hisobga olish tizimini ekspluatatsiya qilish
92. Yagona elektr energetikasi tizimida faoliyat yurituvchi, oʻzaro hamkorlik qiluvchi elektr energetikasi korxonalari va foydalanuvchilarning vakillari, tegishli obyektning vakolatli shaxslari ishtirokida yoki ularning yozma ruxsatiga asosan, ushbu obyektda ularning elektr energiyasi balansida ishtirok etuvchi hisobga olish tizimida koʻrikni va (yoki) zarur texnik tadbirlarni amalga oshirish huquqiga egadirlar.
Bunday koʻriklar vaqti va tartibi oldindan kelishilgan reja-grafik asosida yoki zarur holatlarda amalga oshiriladi. Koʻrik natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
93. Yagona elektr energetikasi obyektlarida tijorat va texnik hisobni yuritish uchun oʻrnatiladigan hisobga olish tizimini foydalanishga qabul qilish, ularni ekspluatatsiya qilish va texnik xizmat koʻrsatish ishlari mazkur vazifalarni bajarish uchun masʼul etib tayinlangan xodimlar tomonidan, tegishli obyektda oʻzaro hamkorlik qiluvchi tomonlarning vakillari ishtirokida amalga oshiriladi.
Elektr energiyasining texnik (nazorat) hisobini yuritish uchun moʻljallangan hisobga olish tizimi boʻyicha yuqoridagi ishlar elektr energetikasi korxonasi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Hisobga olish tizimini oʻrnatish va ulardagi har qanday boshqa oʻzgarishlar (sinash, almashtirish, olib tashlash) dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi va elektron maʼlumotlar bazasiga kiritiladi.
94. Hisobga olish tizimidan, shu jumladan, EHNATdan foydalanish hamda ularga texnik xizmat koʻrsatish ishlari elektr energetikasi korxonalarining ushbu vazifa uchun maxsus tayinlangan va tegishli buyruq (yoki farmoyish) asosida biriktirilgan malakali xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
Avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimidan foydalanish huquqi faqat qayta malaka oshirishdan (oʻqitishdan) oʻtgan va texnik hujjatlar talablarini bilishi tasdiqlangan xodimlarga beriladi. Ushbu xodimlar tomonidan amalga oshirilgan har qanday dasturiy yoki texnik oʻzgarishlar jurnal orqali qayd etib boriladi.
95. Hisobga olish tizimiga xizmat koʻrsatish (ekspluatatsiya, taʼmirlash, tekshirish, almashtirish va boshqalar) jarayonida, texnika xavfsizligi va mehnatni muhofaza qilish qoidalariga toʻliq rioya qilinishi shart. Bunda xizmat koʻrsatuvchi korxona (yoki xodimlar) xavfsizlikni taʼminlash maqsadida tegishli tashkiliy va texnik tadbirlarni amalga oshirishi lozim.
Texnik xizmat koʻrsatish ishlarini bajarish faqat tegishli malakaga ega xodimlar tomonidan, himoya vositalari bilan taʼminlangan holda, belgilangan mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnoma asosida amalga oshiriladi.
96. Tijorat va texnik hisobga olish tizimi ular oʻrnatilgan elektr energetikasi obyektining egasi (tegishli tizim operatori yoki foydalanuvchi) tasarrufida boʻladi va ushbu tashkilotlar tomonidan ekspluatatsiya qilinadi. Foydalanuvchi tasarrufida boʻlgan hamda uzatish tizimi operatori, taqsimlash tizimi operatori yoki elektr stansiyasi operatori podstansiyalarida (ochiq taqsimlash qurilmalarida) oʻrnatilgan hisobga olish tizimi foydalanuvchi tomonidan ekspluatatsiya qilinadi va xizmat koʻrsatiladi. Ushbu foydalanuvchi tasarrufidagi hisobga olish tizimini ekspluatatsiya qilish va xizmat koʻrsatish tomonlarning oʻzaro kelishuvi asosida tegishli tizim operatori tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
97. Elektr energiyasini hisobga olish tizimining texnik holati, metrologik talablarga muvofiqligi va belgilangan tartibda qiyoslashdan oʻtkazilishi uchun javobgarlik — hisobga olish tizimi balans mansubligida boʻlgan hamda ushbu tizimga xizmat koʻrsatuvchi korxonaning metrologik xizmati zimmasiga yuklatiladi.
Tijorat va texnik hisobga olish tizimi belgilangan tartib va muddatlarda majburiy ravishda davriy metrologiya tekshiruvidan (qiyoslash, metrologik sinov, qiyoslash) oʻtkazilib boriladi.
Metrologiya tekshiruvi faqat akkreditatsiyadan oʻtkazilgan metrologiya xizmati tomonidan texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida amalga oshiriladi. Bu jarayonga doir maʼlumotlar hisobga olish tizimining pasportiga kiritiladi.
Qiyoslashdan oʻtkazilganini tasdiqlovchi hujjat, qiyoslash tamgʻasida metrologiya xizmatining QR-kodi, gʻilof mahkamlangan joyida hamda klemmnik qopqoqlarida tegishli tizim operatorining muhriga ega boʻlishi lozim.
98. Elektr energiyasini hisobga olish tizimining ishlash holatini nazorat qilish maqsadida elektr energetikasi obyektlaridagi hisobga olish tizimi ushbu obyektning metrologiya xizmati xodimlari tomonidan belgilangan davriy rejaga muvofiq koʻrikdan oʻtkazilib boriladi.
Koʻrik jarayonida ushbu obyektda elektr energiyasini hisobga olish uchun masʼul shaxs hamda oʻzaro hamkorlik qiluvchi taraflarning vakillari ishtirok etadi.
Koʻrikdan oʻtkazishda vakolatli tashkilotlar tomonidan qoʻyilgan muhr (tamgʻalar) butligi saqlanishi, ularga shikast yetkazilmasligi shart. Koʻrik tegishliligi boʻyicha jurnalga qayd etib boriladi va hisobga olish pasportiga belgilanadi.
99. Bozor operatori, markaziy xarid qiluvchi va uzatish tizimi operatori ulgurji bozorda ishtirok etuvchi hisobga olish nuqtalarida oʻrnatilgan hisobga olish tizimini har qanday vaqtda koʻzdan kechirish va tekshirish huquqiga ega. Koʻzdan kechirish va tekshirish oʻtkazishda muhrlar buzilmasligi kerak.
Koʻrik davomida hisobga olish tizimi aniqligi yuzasidan shubhalar yuzaga kelsa, ushbu hisobga olish nuqtasining tomonlari, bozor operatori va tegishliligiga koʻra markaziy xarid qiluvchi yoki taʼminotchi darhol xabardor qilinadi.
100. Hisobga olish tizimini ekspluatatsiya qilish, koʻrikdan yoki tekshiruvdan oʻtkazish, ularga xizmat koʻrsatish jarayonida ularning nosozligi aniqlansa, zudlik bilan Oʻzenergoinspeksiya, tegishli tizim operatoriga, hamda tegishli hamkorlik qilinuvchi elektr energetikasi korxonalariga xabar berilishi (xabarnoma yuborilishi) kerak.
101. Elektr energiyasini hisobga olish zanjirlari, kuchlanish transformatorlarining kameralari va yacheykalari hamda ularning saqlagichlari, kuchlanish zanjirlarini avtomatik oʻchirgichlari, sinash bloklari va barcha hisobga olish zanjirlarining oraliq klemmalari tashqi taʼsirdan himoyalangan va oʻzaro hamkorlik qiluvchi tomonlarning vakillari ishtirokida maxsus muhrlar bilan tamgʻalangan boʻlishi lozim.
102. Elektr energetikasi obyektining masʼul xodimlari tijorat va texnik hisobga olish tizimining holati, muhrlarining butligi hamda hisobga olish zanjirlarining oʻrnatilgan texnik va metrologik talablarga muvofiqligi boʻyicha qonunchilikda hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
103. Hisobga olish tizimidagi muhrlarning buzilishi mazkur hisobga olish tizimi orqali amalga oshiriladigan elektr energiyasini hisobga olish jarayonini qonuniy emas deb hisoblanishiga sabab boʻladi.
Bunday hollarda oʻzaro hamkorlik qiluvchi tomonlar ishtirokida dalolatnoma tuziladi va imzolanadi hamda darhol hisobga olish tizimi ish faoliyati tekshiriladi, qaytadan muhrlanadi, zarur boʻlsa, hisobga olish tizimi uskunalari almashtiriladi.
Agar hisobga olish tizimida yoki uning ikkilamchi zanjirlarida nosozlik aniqlansa, yetkazib berish nuqtasidagi elektr energiyasi miqdori nosozlik mavjud boʻlgan davr uchun quyidagi usullardan biriga asosan hisoblab chiqiladi:
nazorat hisoblagichi yoki zaxira hisoblagich koʻrsatkichlari asosida;
Metodika asosida bogʻliq tarmoqlardagi hisoblagichlar maʼlumotlarini tahlil qilish orqali;
nosozlik aniqlangan davrgacha yoki qayta tiklangandan keyingi oʻrtacha kunlik (soatlik) sarf miqdori boʻyicha;
tasdiqlangan hisoblash algoritmlari yoki maxsus dasturiy taʼminotlar asosida amalga oshiriladigan hisob-kitob orqali.
104. Elektr energetikasi obyektida oʻrnatilgan hisoblagichlar koʻrsatkichlarini qayd etish uchun maxsus jurnal majburiy tartibda yuritiladi. Ushbu jurnal raqamlangan, sahifalari ip bilan bogʻlangan, obyektda elektr energiyasi hisobini yuritish uchun javobgar masʼul shaxsning imzosi va muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi shart.
Hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlaridan elektron jurnallar holatida, ularda oʻzgartirish kiritishni qayd etish funksiyasiga ega boʻlishi hamda vakolatsiz kirishdan himoyalangan va serverda avtomatik tarzda arxivlash imkoniyati taʼminlangan boʻlishi lozim.
105. Hisoblagichning ulanish sxemasi tegishli tizim operatori va (yoki) Oʻzenergoinspeksiyaning vakolatli xodimi tomonidan foydalanuvchi vakili ishtirokida instrumental usul orqali tekshiriladi.
Bunda isteʼmolchining hisoblagich va oʻlchov transformatorlarining ulanish sxemasi toʻgʻriligi tekshiriladi hamda bir vaqtning oʻzida tegishli elektron dalolatnoma rasmiylashtiriladi va uni tegishli dasturiy taʼminot bazalariga kiritiladi.
Tegishli tizim operatori va Oʻzenergoinspeksiyaning vakolatli xodimi hisoblagichni tekshirishga qoʻyilmaganda, mazkur holat boʻyicha qonunchilikka muvofiq dalolatnoma rasmiylashtiriladi va belgilangan tartibda choralar koʻriladi.
5-bob. Hisobga olish tizimini avtomatlashtirish
106. Barcha elektr energetikasi obyektlarida elektr energiyasini hisobga olish hamda hisobini yuritishni avtomatlashtirish maqsadida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi.
107. Elektr energetikasi korxonalarida EHNAT tizimini loyihalashtirish, oʻrnatish va foydalanishga qabul qilish jarayonlari tegishli qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
EHNAT tizimi foydalanishga qabul qilinishida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Oʻlchashlarni bajarish uslubiyotini metrologik attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga muvofiq majburiy ravishda Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti tomonidan metrologik attestatsiyadan oʻtkaziladi.
108. Maʼlumotlarni yigʻish va uzatish tizimi dispetcherlik boshqaruvi tizimiga mos keladigan iyerarxik tuzilishga ega boʻlishi, ekspluatatsiya qilinadigan aloqa vositalari, kommutatsiya va ajratiladigan aloqa kanallari maksimal darajada ishonchli ishlashi, shuningdek, zamonaviy telekommunikatsiya vositalaridan foydalanish samaradorligini taʼminlashi zarur.
EHNAT tizimi dispetcherlik va operatorlik darajasida iyerarxik tuzilishga ega boʻlishi kerak. Maʼlumotlar uzatishda PLC, RF, GSM/GPRS, Ethernet, LTE, NB-IoT va boshqa aloqa texnologiyalaridan biri qoʻllanadi.
Tizimda foydalaniladigan telekommunikatsiya va kommutatsiya infratuzilmalari ishonchli, masshtablanadigan va texnik talablarga mos boʻlishi hamda EHNAT tizimi asosiy va zaxira aloqa kanallari bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
Maʼlumotlar kriptografiya vositalari yordamida shifrlanishi, saqlanishi va uzatilishi hamda foydalanuvchi autentifikatsiyasi taʼminlangan boʻlishi kerak.
109. EHNAT tizimini ekspluatatsiya qilish, profilaktik xizmat koʻrsatish va sinovdan oʻtkazish jarayonlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida belgilanadi.
EHNAT tizimi dalolatnoma asosida ekspluatatsiyaga qabul qilinadi va tegishli obyekt balansiga oʻtkaziladi.
Ushbu tizimga maxsus ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan xizmat koʻrsatiladi.
110. Uzatish, saqlash va taqsimlash tizimlari operatorlari hamda elektr stansiyasi operatorlari oʻz tarmoqlarida joriy qilingan hisoblagichlarning EHNAT talablariga mosligini, EHNAT talablariga javob bermaydigan hisoblagichlarni almashtirish va tegishli aloqa qurilmalari bilan taʼminlash uchun javobgardir.
6-bob. Maʼlumotlar almashinuvi va ulardan foydalanish tartibi
111. Elektr energiyasini hisobga olish, yaʼni ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash, isteʼmol va yetkazib berish boʻyicha maʼlumotlar EHNAT tizimi orqali avtomatik tarzda markazlashtirilgan maʼlumotlar bazasiga uzatiladi.
Yagona elektr energetikasi tizimining barcha foydalanuvchilari oʻzlarining hisobga olish tizimini yuqoridagi axborot tizimlariga mos keladigan holda loyihalashtirishlari va oʻrnatishlari kerak.
112. EHNAT tizimi tomonidan yigʻilgan maʼlumotlar tegishli tizim operatorlari, bozor ishtirokchilari, markaziy xarid qiluvchi, taʼminotchi va davlat organlari uchun belgilangan vakolatlar doirasida maʼlumot olish va tahlil qilish imkonini yaratadi.
Oʻzlariga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish, prognozlash, tahlillarda oʻtgan davr (saqlangan) maʼlumotlaridan foydalanish maqsadida EHNAT tizimidan foydalanish uchun Energetika vazirligi, Oʻzenergoinspeksiya hamda Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligiga barcha funksiyalaridan foydalanishni nazarda tutgan holda alohida kirish imkoniyati yaratib beriladi. Shuningdek, barcha hisobot davri boʻyicha umumlashtirilgan va hududlar boʻyicha shakllantirilgan hisobotlarning nusxalari Energetika vazirligi hamda Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligiga taqdim etib boriladi.
113. Maʼlumotlardan foydalanish tartibi va darajalari tashkilotlarning vakolatlariga muvofiq belgilanadi va axborot xavfsizligi talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
114. Elektr energetikasi korxonalari almashinadigan maʼlumotlarning oʻzaro ulanish shartnomalari va (yoki) elektr energiyasini sotish shartnomalarida belgilangan hajm va davrlarda taqdim etilishini taʼminlaydilar.
115. Har bir hisobga olish nuqtasi boʻyicha maʼlumotlar balansni shakllantirish, hisob-kitob va tizimni boshqarish hamda boshqa vaziyatlarni amalga oshirish uchun real vaqtda va taʼriflangan intervallarda toʻplanishi, saqlanishi va tahlil qilinishi zarur. Bunda:
a) generatsiyalovchi modullar va elektr stansiyalarida:
har 15 daqiqalik intervalda, real vaqtda maʼlumot uzatilishi;
aktiv va reaktiv quvvat (P/Q) xarakteristikasi;
avtomatlashtirilgan tizimlar (EMS, SCADA va CAS) bilan integratsiyasi;
yuklama rejasiga (grafigiga) amal qilinayotgani tahlili;
b) uzatish tizimida va unga ulangan foydalanuvchilarda:
har 15 daqiqalik intervalda, hududlar, podstansiyalar va tarmoqlar kesimida quvvat oqimi yoʻnalishlari boʻyicha;
yoʻqotishlar tahlili va avariyaviy oʻchishlar tahlili;
avtomatlashtirilgan tizimlar (EMS, SCADA va CAS) bilan integratsiyasi;
yuklama rejasiga (grafigiga) amal qilinayotgani tahlili;
v) taqsimlash tizimlari va unga ulangan foydalanuvchilarda:
kamida har 30 daqiqalik intervalda, maishiy isteʼmolchilar uchun kamida 1 soatlik intervalda;
hududlar, tarmoqlar kesimida quvvat oqimi yoʻnalishlari hamda foydalanuvchilar kesimlari boʻyicha;
balans, yuklamani rejalashtirish, reaktiv quvvat balansi nazorati va yuklama rejasiga (grafigiga) amal qilinayotgani tahlili.
116. EHNAT tizimining maʼlumotlar bazalaridagi maʼlumotlar:
hisoblagich koʻrsatkichlari (aktiv/reaktiv energiya);
sifat koʻrsatkichlari (kuchlanish, chastota, garmonikalar);
isteʼmol dinamikasi;
yuklama profillari;
aralashuv yoki shikastlanish holatlari jurnallari kabi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi shart.
117. Barcha hisobga olish va dispetcherlik maʼlumotlari tuzilishi boʻyicha tartiblashtirilgan holda standartlashtirilgan maʼlumot modellari asosida saqlanadi va boshqariladi.
118. Axborot tizimlari tomonidan shakllantirilgan maʼlumotlar:
hisobotlar (kundalik, oylik, yillik, istiqbolli);
balans dalolatnomalari;
sifat tahlillari;
rejaviy isteʼmol tahlillari.
119. EHNAT tizimi maʼlumotlari asosida markaziy xarid qiluvchi va taʼminotchilar oʻzlarining billing platformalari orqali (veb-portal va mobil ilova) foydalanuvchilarga oʻz isteʼmolini (ishlab chiqarishini) kuzatish, toʻlovlar va balans holatini baholash imkonini yaratishi shart.
Foydalanuvchilar oʻz hisobga olish nuqtalari boʻyicha maʼlumotlardan foydalanish huquqiga ega boʻlib, bu maʼlumotlar mobil ilova, shaxsiy kabinet yoki veb-portal orqali taqdim etiladi.
120. Maʼlumotlar uzatish jarayonlarida axborot shifrlanishi, identifikatsiya va autentifikatsiya texnologiyalari joriy qilinishi shart.
Hisobga olish tizimining maʼlumotlarini qayta ishlash, uzatish va saqlash jarayonlari axborot xavfsizligi, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish va maʼlumotlar butligini taʼminlash talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
Maʼlumotlarni yozib olish, saqlash, uzatish (almashish) va ulardan foydalanish qonunchilik va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari asosida amalga oshiriladi.
121. Elektr energiyasi hisobga olish, balanslash va hisob-kitob jarayonlarida ishtirok etuvchi barcha tomonlar (uzatish tizimi operatori, taqsimlash tizimi operatori, bozor operatori, markaziy xarid qiluvchi, taʼminotchi, elektr stansiyasi operatori, saqlash tizimi operatori, foydalanuvchi va boshqalar) maʼlumot almashinuvi jarayonida oʻzlarining axborot xavfsizligi, identifikatsiya va vakolatlari doirasida harakat qilishlari shart.
122. Maʼlumotlar almashinuvi:
avtomatlashtirilgan maʼlumot uzatish kanallari (SCADA, CAS);
tuzilgan shartnomalar (ulanish, sotish, xizmat koʻrsatish);
oʻzaro hamkorlik shartlari va dalolatnomalar;
rasmiy API yoki veb-interfeyslar orqali amalga oshiriladi.
123. Maʼlumotlar almashinuvi rejimi kamida quyidagi darajalarni qamrab olishi shart:
real vaqtda (onlayn) maʼlumotlarni uzatish;
koʻchirish asosida maʼlumot almashish;
maʼlumotlarni qayta yuborish va arxivni taqdim etish funksiyalari.
124. Har bir hisobga olish nuqtasi boʻyicha avtomatik tarzda maʼlumotlar jurnalini yuritish majburiy hisoblanadi. Har bir maʼlumot uzatish va qabul qilish amaliyoti maʼlumotlar jurnallarida qayd etiladi, ushbu jurnallar kamida 5 yil muddatda saqlanishi va axborot xavfsizligi talablariga mos ravishda arxivlanishi lozim. Unda quyidagilar aks ettiriladi:
qaysi hisoblagichdan maʼlumot olingani;
qaysi sana va vaqtda maʼlumot olingani;
maʼlumot uzatish muvaffaqiyatli boʻlgani yoki yoʻqligi;
uskunaning xatosi yoki shubhali holatlari qayd etilgani;
qayta joʻnatish holatlari va foydalanuvchi arizalari.
125. Maʼlumotlar almashinuvi va qayta ishlash tizimlari axborot xavfsizligi menejmenti standartlariga muvofiq sertifikatlangan boʻlishi kerak.
126. Maʼlumotlarning haqqoniyligi, toʻliqligi va belgilangan vaqtda yetkazib berilishi uchun tizimlar doimiy ravishda sinashdan oʻtkazilib, texnik tayyor holatda saqlanishi lozim.
Hisobga olish tizimidan olinadigan barcha maʼlumotlar haqqoniy, toʻliq va oʻz vaqtida yigʻilgan, saqlangan hamda yetkazilgan boʻlishi shart. Maʼlumotlarning ishonchliligi hisob-kitob, balans va texnik tahlil jarayonlarining asosiy kafolati hisoblanadi.
Maʼlumotlarning haqqoniyligi, toʻliqligi, belgilangan talablar va vaqtda yetkazib berilishi uchun maʼlumotni taqdim etuvchi tomon javobgar hisoblanadi.
127. Qayta ishlash imkonini taʼminlash uchun har bir hisob-kitob yoki balans hujjatida maʼlumotlar manbai, shakllantirilgan vaqti va yuklab oluvchi shaxs haqida maʼlumot avtomatik tarzda qayd etilishi talab qilinadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
128. Ushbu Nizom talablarini qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
129. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Elektr energiyasi oqimlarini aniqlash metodikasining
NAMUNAVIY SHAKLI
Izoh: Ushbu namunaviy shaklga elektr energetikasi obyektlari tuzilishi hamda elektr energiyasi bozori qoidalari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Elektr stansiyasining elektr energiyasi balansi
NAMUNAVIY SHAKLI
Izoh: ushbu namunaviy jadvallarga elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlari, shu jumladan, elektr stansiyalari, uzatish va taqsimlash tizimlari tuzilishi hamda elektr energiyasi bozori qoidalari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Issiqlik elektr stansiyalarining oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasini sarflaydigan uskunalarining nomenklaturasi
1. Yoqilgʻini qabul qilish va uni saqlash uchun elektr energiyasi sarfi:
elektr stansiyasiga tegishli yuk tushirish moslamalari va yoqilgʻi omborlariga (vagonlarni toʻnkartiruvchilar, kranlar, skreperlar, erituvchi qurilmalar va boshqalar) xizmat koʻrsatuvchi mexanizmlarning elektr dvigatellariga sarflanadigan elektr energiyasi.
2. Yoqilgʻi taʼminoti tizimining elektr energiyasi sarfi:
yoqilgʻi yetkazib berish va maydalash uskunalarining elektr yuritmalariga (siquv kompressorlari, chigʻirlar, elevatorlar, transportirlar, konveyerlar, mazut nasoslari, maydalagichlar, yoqilgʻi berish yoʻlini changsizlantiruvchi mexanizmlar va boshqalar) sarflanadigan elektr energiyasi.
3. Qozonxona qurilmalari va ularning yordamchi uskunalaridagi elektr energiyasi sarfi:
koʻmirni maydalash (tegirmonlar va maydalovchi uskunalar);
pnevmatik yoʻl bilan changni uzatish (pnevmaparrakli nasoslar);
puflagich qurilmalari, retsirkulyatsion tutun tortqichlar, tegirmon ventilyatorlari, issiqlik puflash ventilyatorlari, kuchaytirish va toʻyintirish nasoslari, toʻgʻri oqimli qozonlar muhitini retsirkulyatsiya qilish nasoslari, kul yigʻish mexanizmlari, kul va toshqol (shlak)larni tozalash mexanizmlari;
kimyoviy tozalash va suvni kimyoviy tuzsizlantirish (suv qoʻshilishiga mutanosib ravishda, stansiyaning ichki bugʻ va kondensati yoʻqotilishini toʻldirish uchun), distilyatsion-bugʻlantirish qurilmalari, zovur nasoslari, texnik va yongʻinga qarshi suv taʼminoti nasoslari;
qozonxona qurilmasi boshqa mexanizmlarining elektr dvigatellari va magnit separatorlari:
quritish inshootlari, oraliq transportirlar va elevatorlar, taʼminlagichlar va shneklar, oʻt qalash mexanizmlarining yuritmasi, regenerativ aylanuvchi havo isitgichlar, puflab tozalash apparatlari, tozalash tizimining kompressorlari, qizigan sathlarni shamollatish va oʻtxonaga yuqori konsentratsiyali chang uzatish hamda pnevmatik boʻlimlar;
markaziy chang qurilmasining mexanizmlari.
4. Turbinali qurilmalarda elektr energiyasi sarfi:
sirkulyatsion nasoslar va suv sovitish minorasi ventilyatorlarining elektr yuritmalariga (yondosh joylashgan obyekt (korxona)lar bilan umumiy suv taʼminotiga ega boʻlgan holda; suv taʼminoti uchun sarflangan elektr energiyasi hajmi);
kondensat nasoslarining elektr yuritmalari va turbinaning suvli ejektor nasoslari, zovur nasoslari, regenerativ isitgichlar, turbinaning asosiy kondensatini tozalash uchun nasos qurilmalari;
boshqa mexanizmlarning elektr yuritmalari: moylash va rostlash tizimlarini moyli nasoslari, suv haydovchi va sizot suvlari nasoslari, sirkulyatsion suv taʼminoti tizimiga suv haydovchi nasoslar;
generatorlar va transformatorlar, havoli oʻchirgichlar, akkumulyator batareyalarining generator-yuritmalari va elektr sexining boshqa elektr yuritmalari hamda oʻlchov va taʼmirlash ustaxonalarini sovitish mexanizmlari.
5. Issiqlik bilan taʼminlash qurilmalaridagi sarflar:
elektr stansiyasining hududidagi issiqlik tarmogʻini taʼminlovchi va haydab beruvchi hamda tarmoqlararo nasoslari;
tarmoq suvlarini isituvchi kondensat nasoslari;
yuqori suv isituvchi qozonlar;
mazut xoʻjaligi (yuqori suv isituvchi qozonlar tomonidan yoqilgan mazut miqdoriga mutanosib ravishda);
kimyoviy tozalash uchun moʻljallangan nasos qurilmalari (tarmoqdagi suv yoʻqotilishi oʻrnini toʻldirish maqsadida qoʻshiladigan suv miqdoriga mutanosib ravishda);
issiqlik bilan taʼminlash qurilmasiga xizmat koʻrsatadigan boshqa mexanizmlar.
6. Bugʻ koʻrinishdagi issiqlikni uzatish bilan bogʻliq elektr energiyasining qoʻshimcha sarflari:
kimyoviy tozalash va kimyoviy suvni tuzsizlantirish nasos qurilmalari, bugʻni oʻzgartiruvchi, bugʻlanish va bugʻlantirish qurilmalariga sarflanadigan elektr energiyasi (bugʻ isteʼmolchilaridan qaytmaydigan kondensat oʻrnini toʻldiradigan sarflarga mutanosib);
elektr energiyasini oʻz ehtiyojlari uchun sarfiga qoʻshimcha ravishda elektr energiyasini ishlab chiqarish xonalarini yoritish uchun sarfi, jihozlarni joriy taʼmirlash ishlari uchun elektr uskunalarning sarfi, elektr payvandlash, elektr yuritmalar moslamalari va mexanizmlarining sarfi, isitish tizimi elektr yuritmalari va ishlab chiqarish xonalarini shamollatish uchun sarflar.
Ekspluatatsiya jarayonida vaqti-vaqti bilan bajariladigan kichik hajmdagi taʼmirlash ishlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi, issiqlik elektr stansiyasining oʻz ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
Gidroelektrstansiyalarning oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasini sarflaydigan uskunalarning nomenklaturasi
1. Gidrotexnik inshootlar va ularning yordamchi qurilmalaridagi elektr energiyasi sarfi:
toʻgʻonlarga xizmat koʻrsatish, ortiqcha suvni chiqarish (tashlash), tozalash qurilmalari mexanizmlari;
gidroelektrstansiyaning suv oluvchi inshootlari mexanizmlari;
gidroelektrstansiyaning ishlab chiqarish xonalarini yoritish va isitish;
derivatsiya va toʻsiq (zatvor)larni boshqarish, ularning ariqchalarini qizdirish va boshqalar.
2. Bosim havzasi (yoki avankamera) va uning yordamchi uskunalaridagi elektr energiyasi sarflari:
bosim havzasi (yoki avankamera) va suv bilan tozalash qurilmalari mexanizmlarining elektr dvigatellarini yuritish;
bosimli front toʻsiq (zatvor) ariqchalari va panjaralari mexanizmlari elektrdvigatellarini yuritish;
bosim havzasi (yoki avankamera) va unga tegishli inshootning xonalarini isitish;
bosimli front ariqchalari va panjaralarni isitish.
3. Gidroelektr stansiya binosi va undagi qurilmalarda elektr energiyasi sarfi:
gidroelektr stansiya binosidan drenaj suvini va gidroagregatlar oqim traktidagi suvni chiqarish tizimi hamda suv taʼminotining texnik tizimi, shuningdek, rostlash tizimidagi elektr dvigatellari va boshqaruv shkaflari;
gidroelektr stansiyaning moyli va pnevmatik xoʻjaliklari elektrdvigatellari va boshqaruv shkaflari, gidroelektr stansiyaning binosi va generatorlarning oʻt oʻchirish tizimlarining elektr taʼminoti;
bosim ostida uzatish quvurlari toʻsiq (zatvor)larini ochish-yopish mexanizmlari va koʻtarish mexanizmlari (kranlar, liftlar, chigʻir (lebedka)lar va boshqalar) elektrdvigatellari va boshqaruv shkaflari;
elektr payvandlash, elektr asboblari, mexanizmlar va stanoklar elektrdvigatellari, gidromexanik va elektrtexnik uskunalarni taʼmirlash ustaxonalarining elektr taʼminoti;
gidroelektr stansiya binosining barcha xonalarini hamda taqsimlash qurilmasi xonalarini yoritish, isitish va shamollatish, shuningdek, hududni yoritish;
gidroagregatlarning avtomatik boshqarish tizimi shkaflari, rele himoyasi shkaflari, qoʻzgʻotish tizimi, transformatorlarni sovitish tizimi, oʻchirgichlarni boshqarish shkaflari elektr taʼminoti.
Ekspluatatsiya jarayonida vaqti-vaqti bilan bajariladigan kichik hajmdagi taʼmirlash ishlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi gidroelektrstansiyaning oʻz ehtiyojlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi hisoblanadi.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
Elektr stansiyalarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun elektr energiyasini sarflaydigan uskunalarining nomenklaturasi
1. Elektr stansiyasi balansidagi qozonxona va elektr (boyler) suv isitish qozonlarining hamda suvni qayta haydash nasos stansiyasi qurilmalarining elektr energiyasi isteʼmoli.
2. Elektr stansiyasi balansida mexanik taʼmirlash va duradgorlik yoki boshqa ishlab chiqarish sexlaridagi elektr energiyasi isteʼmoli.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ILOVA
Elektr energetikasi obyektlarining xoʻjalik ehtiyojlari uchun elektr energiyasini sarflaydigan uskunalarining nomenklaturasi
Elektr energetikasi obyektlarining xoʻjalik ehtiyojlari nomenklaturasiga quyidagi obyektlar va ish turlari uchun elektr energiyasining sarfi kiradi:
1. Elektr stansiyalarida:
markazlashgan taʼmirlash sexi va uning ustaxonalari, mexanik-taʼmirlash sexi va ustaxonalari);
taʼmirlash-qurilish sexi;
yuk koʻtarish mexanizmlari, kranlar;
moy xoʻjaligi, moy xoʻjaligi nasoslari, moyni tozalash va degazatsiya qurilmalari;
avtotransport va texniklar xoʻjaligi;
asbob-uskuna va materiallar omborxonasi;
yoqilgʻining asosiy omborxonasi;
maʼmuriy binolar, shu jumladan, turli maqsadlar uchun alohida joylashgan xizmat xonalari:
oʻquv xonalari, kutubxona, tibbiyot punkti, maishiy xonalar, taʼmirlash xodimlarining dam olish xonalari, ixtisoslashtirilgan laboratoriya xonalari, boshpanalar, oʻt oʻchirish va harbiylashtirilgan qoʻriqlash xonalari va shu kabilar;
korxonaga va ishlab chiqarishga xizmat koʻrsatuvchi elektromobillar, elektr transport vositalari va elektr skuterlarni quvvatlash stansiyalari;
elektr stansiyasi xodimlari tomonidan yoki pudratchi tashkilot xodimlari tomonidan bajariladigan montaj, sozlash, sinash va tajriba oʻtkazish ishlari, binolar va boʻlim uskunalarni mukammal, oʻrta va avariyaviy-tiklash taʼmirlash ishlari;
pudratchi tashkilotlar bajaradigan sozlash va tajriba oʻtkazish ishlari, bunda pudratchi bilan tuzilgan shartnomaning shartiga asosan elektr stansiyasi mazkur ishlarning bajarilishidagi elektr energiyasi sarfini oʻz zimmasiga olgan boʻlsa.
Elektr stansiyasida elektr energiyasi ishlab chiqarilmagan davrda elektr energiyasini hisobga olish tizimlari past kuchlanish tarafida ulangan boʻlsa, oʻz ehtiyojlari transformatoriga qabul qilinadigan elektr energiyasi hajmi va texnologik sarf miqdori, uskuna va binolarni mukammal, oʻrta va avariyaviy-tiklash taʼmirlash ishlarini bajarish uchun sarflanadigan elektr energiyasi hajmi xoʻjalik ehtiyojlari tarkibiga kiritiladi.
2. Uzatish va taqsimlash tizimlarida:
taʼmirlash, mexanik va duradgorlik ustaxonalari;
moy xoʻjaligi;
avtoxoʻjaliklar, mexanizatsiya bazalari;
obyektlar ichidagi oʻquv kombinatlari va poligonlar;
asbob-uskuna va materiallar omborxonalari;
transformator, kompressor moy xoʻjaligi nasoslari, moyni tozalash va degazatsiya qurilmalari;
yuk koʻtarish mexanizmlarini (elektr tal) elektr taʼminoti;
podstansiyaning texnik suv taʼminoti va drenaj tizimi nasoslari, suv isitgichlari, suv filtrlarining elektr taʼminoti;
korxonalar va filiallarning maʼmuriy binolar, shu jumladan, turli maqsadlar uchun alohida joylashgan xizmat xonalari;
oʻquv xonalari, kutubxona, tibbiyot punkti, maishiy xonalar, taʼmirlash xodimlarining dam olish xonalari, ixtisoslashtirilgan laboratoriya xonalari, boshpanalar, oʻt oʻchirish va harbiylashtirilgan qoʻriqlash xonalari, podstansiyalar xodimlarining ish joylari va shu kabilar;
magistral va taqsimlash elektr tarmoqlari korxonalari xodimlari tomonidan yoki pudratchi tashkilot xodimlari tomonidan bajariladigan montaj, sozlash, sinash va tajriba oʻtkazish ishlari, binolar va boʻlim-uskunalarni asosiy, oʻrta va avariyaviy-tiklash taʼmirlash ishlari;
pudratchi tashkilotlar bajaradigan sozlash va tajriba oʻtkazish ishlari, bunda pudratchi bilan tuzilgan shartnomaning shartiga asosan magistral va taqsimlash elektr tarmoqlari korxonalari mazkur ishlarning bajarilishidagi elektr energiyasi sarfini oʻz zimmasiga olgan boʻlsa;
shartnoma shartlarida pudratchi tashkilotlar bajaradigan sozlash va tajriba oʻtkazish ishlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi hajmi xoʻjalik ehtiyojlari sarfiga kiritilishi belgilanmagan boʻlsa, elektr taʼminoti korxonasi bilan tuzilgan shartnomaga asosan foydalanilgan elektr energiyasi uchun toʻlovlar amalga oshiriladi.
3. Yagona elektr energetikasi tizimi boʻyicha:
mustaqil balansga ega boʻlgan korxona va tashkilotlarning (mexanika-taʼmirlash, temir-beton konstruksiya, gʻisht, yogʻochni qayta ishlash va tajriba zavodlari, maxsus trestlarning qurilish va qurilish — montaj boshqarmalari, yogʻoch-taxta tayyorlash, maxsus konstruktorlik va loyiha tashkilotlari, karyerlar, hisoblash markazlari va h.k) elektr energiyasi sarfi Yagona elektr energetikasi tizimining xoʻjalik ehtiyojlariga kiritilmaydi.
Issiqlik manbalari (tarmoqlari) korxonalari tomonidan sarflangan elektr energiyasi hajmi ham xoʻjalik ehtiyojlari hisoblanmaydi.
Yuqorida keltirib oʻtilgan barcha korxonalarning elektr energiyasi sarflari statistik hisobotlarning boshqa boʻlinmalarida koʻrsatib oʻtiladi.
Ishchilar shaharchasini, taʼmirlash va ekspluatatsiya xodimlarining alohida uy-joylari, oshxonalar, yotoqxonalar, mehmonxonalar, klublar, kasalxonalar, maktabgacha taʼlim muassasalari, dam olish bazalari, profilaktoriylar va shu kabilarni isitish va yoritish hamda suv taʼminoti uchun foydalanilgan elektr energiyasi hajmi Yagona elektr energetikasi tizimining xoʻjalik ehtiyojlariga kiritilmaydi.
Elektr stansiyasining (generatsiyalovchi obyektning) ichki tarmoqlariga yoki podstansiyalarning oʻz ehtiyoj shinalariga ulangan va isteʼmol qilingan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni bevosita elektr taʼminoti korxonalari bilan amalga oshiradigan isteʼmolchilar toifasi tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi hajmi Yagona elektr energetikasi tizimining xoʻjalik ehtiyojlariga kirmaydi.
Bunday isteʼmolchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi hajmi boshqa isteʼmolchilarga toʻlov evaziga yetkazib berilgan elektr energiyasi sifatida hisobga olinadi.
Yagona elektr energetikasi tizimining xoʻjalik ehtiyojlariga sinxron kompensatorlarning chulgʻamlari isteʼmol qiladigan hamda tarmoqlarning muzlarini eritish uchun sarflanadigan elektr energiyasi hajmi kirmaydi.
Elektr energetikasi obyekti (korxona) balansida boʻlgan va uning elektr tarmoqlaridan yoki boshqa elektr tarmoqlaridan elektr energiyasi bilan taʼminlangan yordamchi xoʻjaliklar (fermer xoʻjaliklari, issiqxonalar va boshqalar)ning elektr energiyasi isteʼmoli Yagona elektr energetikasi tizimining xoʻjalik ehtiyojlariga kiritilmaydi.
Mazkur yordamchi xoʻjaliklar bilan hisob-kitoblar elektr taʼminoti shartnomasiga asosan, tegishli isteʼmolchilar guruhlari uchun belgilangan tariflar asosida amalga oshiriladi.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 7-ILOVA
Uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlari podstansiyalarining oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasini sarflaydigan uskunalarining nomenklaturasi
1. Uzatish va taqsimlash tizimlari operatorlari podstansiyalarining oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasi sarfi quyidagilardan iborat:
transformatorlar va avtotransformatorlarni sovitish;
xonalar (boshqarish pulti, yopiq taqsimlash qurilmasi, tezkor chiqish brigadasi, akkumulyator xonasi, rele himoyasi va avtomatikasi xonalari, oʻzgarmas va oʻzgaruvchan tok tizimlari xonalari, kompressor xonasi, oʻt oʻchirish nasosi xonasi, sinxron kompensatorlar va yordamchi qurilmalar joylashgan xona, qorovulxona)ni yoritish, isitish va shamollatish hamda umumiy elektr taʼminoti;
podstansiyalar hududini yoritish (qoʻriqlash, favqulodda va ochiq taqsimlash qurilmalarini yoritish tizimi);
akkumulyatorli batareyalarning zaryadlovchi va zaryadlab turuvchi qurilmalari elektr taʼminoti;
boshqaruv zanjirlari va operativ zanjirlarining elektr taʼminoti (oʻzgaruvchan operativ tok bilan taʼminlanadigan podstansiyalarda);
tashqi komplektli taqsimlash qurilmasi va yopiq taqsimlash qurilmalarida (YOTQ) oʻrnatilgan yacheykalari (rele himoyasi va avtomatikasi apparatlari, moyli, vakuumli oʻchirgichlarning yuritmalarini taʼminlash, hisoblagichlar, ajratkichlar bilan birga) va tashqarida oʻrnatiladigan rele himoyasi shkaflarini isitish;
moyli va elegaz oʻchirgichlarning baklari va yuritmalarini isitish;
ajratkich va qisqa tutashtirgichlarning yuritmalarini isitish;
yuklama ostida rostlovchi almashlab ulash qurilmalarining yuritmasini va moy baklarini isitish;
ajratkichlarning elektr dvigatellari yuritmalarini isitish;
isitilmaydigan xonalarda oʻrnatilgan elektr energiyasini hisobga olish uskunalarini isitish;
agregatlar hamda havo oʻchirgichlarning boshqaruv shkaflarini isitish;
kompressorlarning elektr taʼminoti;
havo yigʻuvchi moslamalarni isitish;
reaktiv quvvat manbalarini isitish, sovitish, shamollatish (ventilyatsiya) tizimi hamda sinxron kompensatorlarning yordamchi qurilmalari (moyli, sirkulyatsiya va sizot nasoslari, surilma klapan (zadvijka), avtomatika) elektr taʼminoti;
telemexanika, aloqa, podstansiyalar texnologik jarayonlarini avtomatik boshqarish tizimi apparaturasining elektr taʼminoti;
ekspluatatsiya jarayonida vaqti-vaqti bilan bajariladigan kichik hajmdagi taʼmirlash ishlari uchun sarflanadigan elektr energiyasi;
boshqaruv pulti xonasini konditsioner yordamida shamollatish uchun sarflanadigan elektr energiyasi;
yuklama ostida rostlovchi qurilmalar, sizot nasoslari, distillyator, kichik stanoklar hamda moslamalar va boshqalarning elektr taʼminoti;
yongʻinga qarshi tizimlarni suv bilan taʼminlovchi quduq nasoslarining elektr taʼminoti.
2. Podstansiyaning oʻz ehtiyojlari uchun elektr energiyasi isteʼmol qiluvchi qurilmalari tarkibiga xoʻjalik ehtiyojlari uchun elektr energiyasi qabul qiluvchi qurilmalar kiritilishi mumkin emas.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 8-ILOVA
Podstansiyalarda elektr energiyasi balansi
NAMUNAVIY SHAKLI
Izoh: Ushbu namunaviy jadvallarga elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlari, shu jumladan, elektr stansiyalari, uzatish va taqsimlash tizimlari tuzilishi hamda elektr energiyasi bozori qoidalari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin..
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 9-ILOVA
Podstansiyalarning oʻz ehtiyojlari va xoʻjalik ehtiyojlari uchun elektr energiyasi isteʼmoli balansi
NAMUNAVIY SHAKLI
Izoh: Ushbu namunaviy jadvallarga elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlari, shu jumladan, elektr stansiyalari, uzatish va taqsimlash tizimlari tuzilishi hamda elektr energiyasi bozori qoidalari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 10-ILOVA
Magistral elektr tarmoqlarida elektr energiyasi balansi
NAMUNAVIY SHAKLI
Izoh: ushbu namunaviy jadvallarga elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlari, shu jumladan, elektr stansiyalari, uzatish va taqsimlash tizimlari tuzilishi hamda elektr energiyasi bozori qoidalari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 11-ILOVA
Taqsimlash elektr tarmoqlari korxonalarining elektr energiyasi balansi
NAMUNAVIY SHAKLI
Izoh: ushbu namunaviy jadvallarga elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlari, shu jumladan, elektr stansiyalari, uzatish va taqsimlash tizimlari tuzilishi hamda elektr energiyasi bozori qoidalari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 12-ILOVA
Uzatish tizimida elektr energiyasining texnik oqimlari hisoboti
NAMUNAVIY SHAKLI
Izoh: ushbu namunaviy jadvallarga elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlari, shu jumladan, elektr stansiyalari, uzatish va taqsimlash tizimlari tuzilishi hamda elektr energiyasi bozori qoidalari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 13-ILOVA
Elektr energiyasini saqlash tizimlarida elektr energiyasi balansi
NAMUNAVIY SHAKLI
Izoh: Ushbu namunaviy jadvallarga elektr tarmoqlari xoʻjaligi obyektlari, shu jumladan, elektr energiyasini saqlash tizimlari tuzilishi hamda elektr energiyasi bozori qoidalari asosida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Elektr energiyasini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 14-ILOVA
Hisobga olish tizimining
pasport-bayonnomasi
