Statsionar tibbiyot muassasalaridagi bemorlarni tibbiy koʻrsatmaga muvofiq boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3715-son)
29.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 29-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3715]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-161-son “Islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlash samaradorligini oshirish hamda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda vazirlik va idoralarning masʼuliyati va tashabbuskorligini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2023-yil 8-sentabrdagi PQ-296-son “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Statsionar tibbiyot muassasalaridagi bemorlarni tibbiy koʻrsatmaga muvofiq boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. XUDAYAROV
Toshkent sh.,
2025-yil 18-noyabr,
11-son
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining 2025-yil 18-noyabrdagi 11-son buyrugʻiga ILOVA
Statsionar tibbiyot muassasalaridagi bemorlarni tibbiy koʻrsatmaga muvofiq boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi statsionar tibbiyot muassasalaridagi (bundan buyon matnda tibbiyot muassasalari deb yuritiladi) bemorlarni tibbiy koʻrsatmaga muvofiq boshqa tibbiyot muassasalariga oʻtkazish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom shoshilinch va kechiktirib boʻlmaydigan tibbiy yordam koʻrsatishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Bemorlarning sogʻligʻi holatidan kelib chiqib, ularga zarur boʻlgan malakali va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni oʻz vaqtida va toʻliq koʻrsatishni taʼminlash maqsadida bemorlar bir tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkaziladi.
2. Bemorlarni bir tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish jarayonida ular tibbiyot muassasasini zarur tibbiy yordamni koʻrsatish imkoniyati mavjud boʻlgan tibbiyot muassasalari orasidan erkin tanlash huquqiga ega.
2-bob. Bemorlarga bir tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish uchun tibbiy koʻrsatma berish
3. Bemorlarni bir tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish bemorning davolovchi shifokori yoki bemor davolanayotgan tibbiyot muassasasining navbatchi shifokori (bundan buyon matnda shifokor deb yuritiladi) tomonidan mazkur Nizomning ilovasidagi shaklga muvofiq berilgan bemorni bir tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi tibbiy koʻrsatmaga (bundan buyon matnda tibbiy koʻrsatma deb yuritiladi) asosan tibbiyot muassasasining rahbariyatini xabardor qilgan holda amalga oshiriladi.
4. Shifokor bemorlarga quyidagi holatlarda tibbiy koʻrsatma beradi:
bemorni tashxislash uchun tibbiyot muassasasida zarur boʻlgan tibbiy uskunalar mavjud boʻlmaganda yoki mavjud boʻlgan tibbiy uskunalar texnik nosoz holatda boʻlib, ulardan foydalanishning imkoni boʻlmaganda;
bemorni davolash uchun zarur ixtisoslikdagi mutaxassis-shifokorlar mavjud boʻlmaganda;
bemor uchun zarur boʻlgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam faqat boshqa tibbiyot muassasasida koʻrsatilishi mumkin boʻlgan hollarda.
5. Bemorni bir tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish, uning hayotiga bevosita xavf tugʻdirsa yoki umumiy ahvolining keskin yomonlashuviga olib kelsa, shifokor tomonidan bemorga tibbiy koʻrsatma berish rad etiladi.
6. Shifokor bemorga tibbiy koʻrsatma berishdan oldin, bemor oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tibbiyot muassasasining tegishli ixtisoslikdagi mutaxassis-shifokori yoki boshqa shifokori bilan masofadan bogʻlanish imkoniyatini bera oladigan teletibbiyot (bundan buyon matnda teletibbiyot deb yuritiladi) orqali bogʻlanadi.
Bogʻlanish jarayonida shifokor bemor oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tibbiyot muassasasining tegishli ixtisoslikdagi mutaxassis-shifokoriga yoki boshqa shifokoriga bemor haqidagi quyidagi maʼlumotlar toʻgʻrisida axborot beradi:
familiyasi, ismi, otasining ismi, yoshi va jinsi;
asosiy tashxis va qoʻshimcha tashxislar;
umumiy ahvoli va hayotiy koʻrsatkichlari (arterial bosim, nafas olish tezligi, yurak urishi, tana harorati va boshqalar);
koʻrsatilgan davolash choralari hamda oʻtkazilgan laborator va instrumental tekshiruvlar natijalari;
tibbiy koʻrsatmani berish uchun mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan holatlar mavjudligi.
Shifokor tomonidan berilgan axborotdan kelib chiqib, shu vaqtning ozida bemor oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tibbiyot muassasasining tegishli ixtisoslikdagi mutaxassis-shifokori yoki boshqa shifokori tomonidan bemorni qabul qilish imkoniyati mavjud boʻlsa, quyidagilar haqida maʼlumot beriladi:
bemorni qabul qilish uchun mavjud boʻsh oʻrin hamda zarur tibbiy uskunalarning mavjudligi;
bemorni davolovchi tegishli ixtisoslikdagi mutaxassis-shifokorlarning mavjudligi;
bemorni qabul qilish vaqti va sanasi.
7. Bemor oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tibbiyot muassasasining tegishli ixtisoslikdagi mutaxassis-shifokori yoki boshqa shifokori quyidagi holatlar mavjud boʻlganda taqdirda, bemorni tibbiyot muassasasiga qabul qilishni rad etadi:
bemorni qabul qilish uchun mavjud boʻsh oʻrin hamda zarur tibbiy uskunalarning mavjud emasligi;
bemorni davolovchi tegishli ixtisoslikdagi mutaxassis-shifokorlarning mavjud emasligi;
bemor uchun zarur boʻlgan ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam tibbiyot muassasasida koʻrsatilmasligi.
8. Bemor oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan tibbiyot muassasasining tegishli ixtisoslikdagi mutaxassis-shifokori yoki boshqa shifokori tomonidan bemorni tibbiyot muassasasiga qabul qilish rad etilgan taqdirda, shu vaqtning oʻzida shifokor boshqa tibbiyot muassasalari bilan teletibbiyot orqali bogʻlanadi va bemorni qabul qila oladigan tibbiyot muassasasini aniqlaguncha jarayonni davom ettiradi.
9. Shifokor bemorni davolash uchun qabul qila oladigan tibbiyot muassasasini aniqlaganda shu zahoti bemorga elektron yoki qogʻoz shakldagi tibbiy koʻrsatmani beradi.
10. Shifokor tomonidan bemorga tibbiy koʻrsatma berilganidan soʻng, unga bir tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazishning maqsadi, shart-sharoitlari va ehtimoliy oqibatlari tushuntiriladi hamda bemordan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazishga roziligi yozma ravishda olinadi.
3-bob. Bemorlarni bir tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish va qabul qilish
11. Shifokor tomonidan bemorga tibbiy koʻrsatmaning berilganligi, bemorning boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazilishiga yozma roziligi olinganligi hamda qabul qiluvchi tibbiyot muassasasining bemorni qabul qilishga tayyorligi tasdiqlanganidan soʻng, shu kunning oʻzida yoki qabul qiluvchi tibbiyot muassasasining tegishli ixtisoslikdagi mutaxassis-shifokori yoki boshqa shifokori bilan teletibbiyot orqali kelishilgan vaqtda bemorni boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish jarayoni tashkil etiladi.
Bunda bemorni davolanayotgan tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish uning hayotiy koʻrsatkichlarining (arterial bosim, nafas olish tezligi, yurak urishi, tana harorati va boshqalar) barqarorligini taʼminlagan holda tez tibbiy yordam avtotransport vositalari yordamida tez tibbiy yordam shifokori kuzatuvida bepul amalga oshiriladi.
12. Shifokor tomonidan bir tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazilayotgan bemor bilan birga uning yozma roziligi va kasallik tarixidan koʻchirmasi hamda tibbiy koʻrsatmasi qabul qiluvchi tibbiyot muassasasiga yuboriladi.
13. Bemor qabul qiluvchi tibbiyot muassasasiga yetkazilgach, uni qabul qilib oluvchi shifokor tomonidan bemorning hayotiy koʻrsatkichlari (arterial bosim, nafas olish tezligi, yurak urishi, tana harorati va boshqalar) qayd etiladi va davolash uchun tibbiyot muassasasining tegishli boʻlimiga joylashtiriladi.
14. Tibbiyot muassasasiga bemorni qabul qilib olgan shifokor bemor bilan birga taqdim etilgan mazkur Nizomning 12-bandida keltirilgan hujjatlarni koʻzdan kechiradi, ulardagi maʼlumotlarni bemorning joriy ahvoli bilan taqqoslaydi hamda bemor davolash uchun tibbiyot muassasasiga qabul qilinganligi haqida oʻzining rahbariyatini va bemorni yuborgan tibbiyot muassasasini shu zahoti xabardor qiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoida
15. Mazkur Nizomning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Statsionar tibbiyot muassasalaridagi bemorlarni tibbiy koʻrsatmaga muvofiq boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Bemorni bir tibbiyot muassasasidan boshqa tibbiyot muassasasiga oʻtkazish toʻgʻrisidagi TIBBIY KOʻRSATMA ____-son __________________________________________________________ (tibbiyot muassasasining nomi) Bemorning familiyasi, ismi va otasining ismi: __________________________________________ Bemorning tugʻilgan yili, oyi va sanasi: ____________________ Bemorning jinsi: ____________ Bemorga qoʻyilgan tashxis (asosiy va qoʻshimcha tashxislar): __________________________________ _____________________________________________________________________________________ Tibbiy koʻrsatmani berish uchun asoslar: __________________________________________________ _____________________________________________________________________________________ _____________________________________________________________________________________ _____________________________________________________________________________________ _____________________________________________________________________________________ Tibbiy koʻrsatmani beruvchi shifokorning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi: _____________________________________________________________________________________ Tez tibbiy yordam brigadasi: ____________________________________________________________ _______________________________________ (shifokorning F.I.O va brigada raqami koʻrsatiladi) Bemorni qabul qiluvchi tibbiyot muassasasi _______________________________________________________ (tibbiyot muassasasining nomi) Bemorni qabul qilib oluvchi boʻlimning nomi: ____________________________________________ Bemorni qabul qilib oluvchi shifokorning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi: _____________________________________________________________________________________ _______________________ ________________ ______________________ (tibbiy koʻrsatmani beruvchi shifokorning lavozimi) (imzo) (F.I.O) Sana va vaqti _____________
