Oʻzbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-359-son)
27.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oʻzbekistonda moliyaviy texnologiyalar bozorini jadal rivojlantirish, moliyaviy va bank xizmatlarini koʻrsatishda zamonaviy axborot texnologiyalari yechimlaridan foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadli koʻrsatkichlar
1. 2026 — 2030-yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplarga 1 milliard AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilish;
(b) moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilar sonini kamida 200 taga yetkazish;
(v) moliyaviy texnologiyalar sohasidagi inkubatsiya va akseleratsiya dasturlaridan oʻtgan startaplar sonini 100 taga yetkazish;
(g) moliyaviy texnologiyalar yoʻnalishida kamida 5 ming nafar yoshlarni oʻqitish;
(d) toʻlov vositasi sifatida raqamli valyutalarni va milliy yoki xorijiy valyuta bilan taʼminlangan tokenlarni (keyingi oʻrinlarda — barqaror tokenlar) tajriba-sinovdan oʻtkazish.
II. Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish va loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari
2. Markaziy bank moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishga masʼul etib belgilansin va unga 1-ilovaga muvofiq qoʻshimcha vazifalar yuklansin.
3. Markaziy bank huzurida quyidagilar tashkil etilsin:
(a) masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklida ustav jamgʻarmasi 50 million AQSH dollari ekvivalentiga teng boʻlgan startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur fondi;
(b) moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplar uchun quyidagi xizmatlarni amalga oshiradigan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan innovatsion xab (keyingi oʻrinlarda — innovatsion xab):
(i) inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshirish va tashqi bozorlarga chiqishga koʻmak koʻrsatish;
(ii) mahalliy va xorijiy venchur investitsiyalarni jalb qilishga koʻmaklashish;
(iii) grant dasturlarini amalga oshirish.
4. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab innovatsion xab ishtirokchilariga quyidagi xarajatlar qoplab beriladi:
(i) moliyaviy texnologiyalar yoʻnalishidagi kurslarda oʻqish va sertifikat olish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizigacha boʻlgan qismi, biroq 20 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;
(ii) inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startap loyihalariga mentorlar va trenerlarni jalb qilish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizigacha boʻlgan qismi, biroq 50 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda;
(b) innovatsion xab ishtirokchilariga doir mezon va talablar Markaziy bank tomonidan belgilanadi;
(v) 2026-yildan boshlab har yili Markaziy bank tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda moliyaviy texnologiyalar sohasida mavjud innovatsion yechimlar va amalga oshirilgan ishlarni keng targʻib qilish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga doir moliyaviy texnologiyalar sohasida xalqaro forumlar tashkil etiladi.
5. Markaziy bankning quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) 2026-yil 1-sentabrga qadar banklar, toʻlov tashkilotlari va moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilari oʻrtasida xavfsiz va standartlashgan maʼlumot almashinuvini taʼminlaydigan “ochiq banking” tizimini joriy etish;
(b) 2025-yil yakuniga qadar maʼlumotlarga asoslangan boshqaruvga oʻtish maqsadida Markaziy bank va tijorat banklarida maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha bosh direktor (Chief Data Officer) lavozimini joriy etish.
6. Markaziy bank (T. Ishmetov):
(a) 2026-yil 1-fevralga qadar mijozning ruxsati bilan bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etish yuzasidan qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
(b) 2026-yil 1-fevralga qadar Markaziy bankning Tezkor toʻlovlar tizimida jismoniy shaxslarga ularning bank hisobvaraqlari orqali real vaqt rejimida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻtkazmalarni amalga oshirish imkoniyatini yaratsin;
(v) 2026-yil 1-aprelga qadar xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda 2026 — 2030-yillarga moʻljallangan moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(g) 2026-yil yakuniga qadar tijorat banklarida tartibga solish texnologiyalari (RegTech) asosida statistik, moliyaviy va nazoratga doir maʼlumotlarni uzatishning yagona raqamli tizimi joriy etilishini taʼminlasin;
(d) 2026-yil 1-iyulga qadar venchur fondi faoliyatining operatsion boshqaruvi, venchur kapitalni boshqarish va moliyaviy texnologiyalar sohasida xalqaro tajribaga ega boʻlgan nufuzli chet el kompaniyasini ishonchli boshqaruvchi sifatida jalb qilish boʻyicha taklif kiritsin.
7. “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasiga davlat xizmatlari bilan bogʻliq toʻlovlarni oʻtkazish uchun toʻlov tashkilotlarining faoliyatini amalga oshirish huquqi berilsin. Bunda unga faoliyatini aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etish va ustav kapitalining eng kami miqdoriga doir talablar tatbiq etilmaydi.
III. Moliya sohasida kripto-aktivlardan foydalanishni kengaytirish
8. 2026-yil 1-yanvardan boshlab toʻlov vositasi sifatida barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi (keyingi oʻrinlarda — “tartibga solish qumdoni”) joriy etilsin. Bunda:
(a) maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida faoliyat yurituvchi toʻlov tizimini yaratish boʻyicha pilot loyihalar amalga oshiriladi;
(b) “tartibga solish qumdoni” rejimini joriy qilish tartibi va uning amal qilish muddati Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Markaziy bank bilan birgalikda belgilanadi.
9. 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni emissiya qilishga ruxsat berilsin;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi hududida birja faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda litsenziya olgan fond birjalarida tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni joylashtirish hamda ularning muomalada boʻlishi uchun alohida savdo maydonchasi tashkil etilsin;
(v) Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarning chiqarilishi va muomalada boʻlishi tartibini belgilashga masʼul etib belgilansin.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
10. Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish boʻyicha respublika komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin va unga 3-ilovaga muvofiq asosiy vazifalar yuklansin.
11. 2025-2026-yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini qoʻllab-quvvatlash dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3832-son qaroriga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
13. Markaziy bank manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va Markaziy bank raisi T.A. Ishmetov belgilansin.
15. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 27-noyabr,
PQ-359-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-359-son qaroriga 1-ILOVA
Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish boʻyicha Markaziy bankning qoʻshimcha vazifalari
(a) bank tizimi, toʻlov tizimlarining ishlashi va narxlar barqarorligini ustuvor maqsad sifatida saqlagan holda innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlashda mutanosiblikni taʼminlash;
(b) moliyaviy sektorda innovatsiyalarning asosiy drayveri sifatida harakat qilish va bozor ishtirokchilari uchun samarali raqobat muhitini taʼminlash;
(v) moliyaviy texnologiyalarni joriy etish va rivojlantirishda tartibga solish choralarini innovatsiyalardan kelib chiqadigan xavflarni kamaytirishga qaratilgan holda qoʻllash;
(g) moliyaviy texnologiyalar sohasida qarorlarni toʻliq va ishonchli maʼlumotlar asosida qabul qilish;
(d) moliyaviy texnologiyalar sohasida xizmat koʻrsatish jarayonida fuqarolarning huquqlarini kafolatlash;
(j) moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startap loyihalarni qoʻllab-quvvatlash.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-359-son qaroriga 2-ILOVA
Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI
Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-359-son qaroriga 3-ILOVA
Moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish boʻyicha respublika komissiyasining asosiy vazifalari
(a) moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirish boʻyicha strategik yoʻnalishlarni belgilash;
(b) sohadagi muammolarni muntazam ravishda muhokama qilish va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish;
(v) moliyaviy texnologiyalar sohasida davlat organlari, moliyaviy tashkilotlar va xususiy sektor faoliyatini muvofiqlashtirish;
(g) moliyaviy texnologiyalar sohasida Markaziy bankning “tartibga solish qumdoni”da muvaffaqiyatli sinovdan oʻtgan moliyaviy xizmatlarni keng joriy etish boʻyicha qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
(d) moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni, shu jumladan, tijorat banklari va toʻlov tashkilotlarining tariflarini xatlovdan oʻtkazish hamda ularni maqbullashtirish boʻyicha tegishli choralar koʻrib borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-359-son qaroriga 4-ILOVA
2025-2026-yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini qoʻllab-quvvatlash
DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-359-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni va kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3832-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 3-band “i” kichik bandining beshinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi reklamaga qoʻyiladigan, shu jumladan, kripto-aktivlardan foydalanish bilan bogʻliq faoliyatning samaradorligi (daromadi) haqida vaʼdalar berish, kripto-aktivlar bilan bitimlarni tuzish boyishning yengil usuli ekanligi haqidagi maʼlumotlarni tarqatish taqiqlanganligi hamda kripto-aktivlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov yoki toʻlovni qabul qilish vositasi (qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno) sifatida qoʻllanilishi mumkin emasligi haqidagi talablarga rioya qilish”.
2. 4-band quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Kripto-doʻkon oʻz faoliyatini faqat elektron platforma orqali amalga oshirish jarayonida mijozlarining mablagʻlarini tranzaksiya amalga oshirilgan va maʼlumotlarning taqsimlangan reyestrida tegishli yozuv paydo boʻlgan paytdan boshlab Agentlik tomonidan belgilangan muddatda saqlash huquqiga ega”.
3. 6-band “v” kichik bandi “qoʻllanilishi” soʻzidan keyin “, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
