Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari-Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z. Maxkamovaga mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida (SQ-202-V-son)
01.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z. Maxkamovaga mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z. Maxkamovaga mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2026-yilning 1-mart kuniga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi (O. Kozixonova) parlament soʻroviga kelib tushgan javobni tahlil qilib, 2026-yilning 15-mart kuniga qadar Oliy Majlis Senatining Kengashiga axborot kiritsin.
4. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
5. Mazkur Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2025-yil 1-noyabr,
SQ-202-V-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2025-yil 1-noyabrdagi SQ-202-V-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z.B. Maxkamovaga
PARLAMENT SOʻROVI
(mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan)
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash hamda oila institutini mustahkamlash boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada normativ-huquqiy hujjatlar bazasi takomillashtirildi. Jumladan, oila munosabatlarini tartibga soluvchi 20 ta qonun, 32 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 45 ta qarori qabul qilingan.
Konstitutsiyada davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qoʻyilgan.
Nizoli oilalar vakillari bilan individual ishlash daftari joriy etilib, “Oqila ayollar” harakati va mahallalardagi jamoatchilik tuzilmalari hamkorligida oilaviy ajrimlarning oldini olish boʻyicha manzilli ishlar olib borilmoqda.
Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularda 2022-yilda 85,3 ming, 2023-yilda 87,7 ming, 2024-yilda 155,7 ming nikohlanuvchi shaxslar oʻqitildi.
Samarqand shahar, Namangan va Mirzo Ulugʻbek tumanlararo sudlarida oilaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 32 turdagi fuqarolik ishlarini koʻrish boʻyicha ixtisoslashgan “Oila sudyalari” amaliyoti joriy etildi.
Olib borilgan keng koʻlamli ishlarga qaramasdan, sohada oʻz yechimini kutayotgan va jiddiy eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan masalalar saqlanib qolmoqda.
Xususan, 2024-yilda 271 776 ta nikoh tuzilgan boʻlsa, shu davrda nikohdan ajralishlar soni 45 135 taga yetgan.
Oʻtgan yilda nikohdan ajralishlarning 28,5 foizini 30 yoshgacha boʻlgan shaxslar tashkil qilgan.
Nikohdan ajralishlarning eng koʻpi Toshkent shahri (5 913 ta), Fargʻona (4 800 ta), Andijon (4 781 ta) va Samarqand viloyatlariga (4 599 ta) toʻgʻri keladi.
Maʼlumot uchun: 2020 — 2024-yillar mobaynida respublika boʻyicha nikohdan ajralishlar soni 59,9 foizga ortgan. Xususan, 2024-yildagi nikohdan ajralishlarni 2020-yilga nisbatan taqqoslansa, Namangan (2 019 taga), Fargʻona (1 959 taga), va Surxondaryo (1 293 taga) viloyatlarida koʻrsatkichlar yuqori surʼatda oʻsgan.
Ajralishlar yuzaga kelgan oilalarda 37 mingdan ziyod voyaga yetmagan bolalar borligi qayd etilgan.
Joriy yilning yanvar — iyun oylari davomida 95 275 ta nikoh tuzilgan boʻlib, nikohdan ajralishlar soni 23 338 tani (24 foizni) tashkil etgan holda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga (871 taga) ortgan. Respublikaning 112 ta tuman va shaharida nikohdan ajralishlar soni oʻsgan.
Maʼlumot uchun: joriy yil 6 oy (yanvar — iyun) davomida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan nikohdan ajralishlar taqqoslansa, Chortoq tumani (69 taga), Navoiy shahri (57 taga), Yangiqoʻrgʻon tumani (51 taga), Margʻilon shahrida (46 taga), Gʻijduvon tumani (46 taga), Chinoz tumanida (35 taga) koʻrsatkichlar ortgan.
Nikohdan ajralishlarning sabablari tahlil etilganda, oldini olish mumkin boʻlgan holatlar ham borligi aniqlandi.
Jumladan, Fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 2024-yilda nikohdan ajratishga doir 32 217 ta ariza qanoatlantirilgan. Shundan 17 535 ta (54 foiz) holatda xarakter toʻgʻri kelmasligi, 1 807 ta (6 foiz) boshqa nikoh munosabatiga kirishganligi, 1 222 ta (4 foiz) oilaga tayyor emasligi, 1 033 ta (3 foiz) oʻzaro ishonchsizlik sababli nikohdan ajralish qayd etilgan.
Shuningdek, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan joriy yil fevral oyida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalarida nikohdan ajralishga asosan oʻzaro ishonchsizlik (50,5 foiz), bir-birini tushunmaslik (46,6 foiz), moddiy yetishmovchilik (34,1 foiz), uchinchi shaxs aralashuvi (29,4%) sabab boʻlayotganligi bildirilgan.
Mazkur raqamlar hududlarda “mahalla yettiligi”ning nikohdan ajrashayotgan taraflarni yarashtirish bilan bogʻliq faoliyati samarali tashkil qilinmaganini koʻrsatmoqda.
Sudgacha boʻlgan bosqichda yoki sud jarayonida oilaviy nizolarni kelishuv yoʻli bilan hal etishda mediatsiya institutining roli katta boʻlsa-da, uning keng qoʻllanilmayotgani, malakali mediatorlarning yetishmasligi va ular xizmatlaridan foydalanish madaniyatining shakllanmagani kabi masalalar saqlanib qolmoqda.
Shuningdek, Oila kodeksining 15-moddasida uzrli sabablar boʻlganida, alohida hollarda (homiladorlik, bola tugʻilishi, voyaga yetmagan shaxsning toʻla muomalaga layoqatli deb eʼlon qilinishi (emansipatsiya), nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga koʻra nikoh davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini koʻpi bilan bir yilga kamaytirishi mumkinligi belgilangan.
Biroq, mazkur moddada uzrli sabablar roʻyxati qatʼiy belgilanmaganligi ushbu normani amaliyotda turlicha talqin qilinishiga sabab boʻlmoqda.
Tuman (shahar) hokimlari qarorlariga asosan 391 ta holatda nikoh yoshi qisqartirilgan boʻlib, ularning 146 tasida uzrli sabablar keltirilmagan.
Hokimlar qarorlari tahlili koʻrsatganidek, nikohlanuvchi shaxslar yoki ularning qarindoshlari (ota-onasi, bobo-buvisi va boshqalar) kasalligi, toʻy marosimini oʻtkazish kuni belgilab qoʻyilganligi, kam taʼminlangan oilaning farzandi ekanligi, taraflar bir-birlarini yoqtirishi va boshqa sabablar bilan nikoh yoshi qisqartirilgani maʼlum boʻldi.
Ayrim fuqarolar tomonidan qizini voyaga yetmasdan turmushga berib, keyinchalik u 18 yoshga toʻlganda nikohdan oʻtish uchun FHDY boʻlimiga murojaat qilishi holatlari kuzatilmoqda.
Jumladan, 2020 — 2024-yillarda FHDY boʻlimlariga 18 yoshga toʻlib nikohdan oʻtish uchun murojaat qilgan xotin-qizlarning 1 637 nafarida nikohgacha boʻlgan davrda tugʻilgan farzandlari borligi aniqlangan.
Nikoh yoshi toʻgʻrisidagi qonunchilik va nikoh tuzish tartibini buzish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar yil sayin oshib bormoqda.
Jumladan, 2024-yilda 331 nafar shaxs MJtKning 473-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan, bu koʻrsatkich 2023-yilga nisbatan 6 barobarga oʻsgan.
Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishganlik holatlari 35 foizga, voyaga yetmagan farzandini erga berganligi yoki uylantirganligi 70 foizga, diniy marosimni amalga oshirganlik 12 barobarga ortgan.
Oilaviy munosabatlarni tartibga solishga doir qonunchilikda ayrim huquqiy boʻshliqlar mavjudligi ham kuzatilmoqda.
Xususan, qonunchilikda uchinchi shaxs aralashuvi nikohdan ajralishga sabab boʻlganligi uchun javobgarlik choralari belgilanmagan.
Qonunchilik hujjatlarida tuman, shahar hokimiga nikoh yoshini kamaytirish boʻyicha murojaat qilish tartibi (ariza bilan kim murojaat qilishi mumkinligi, arizani koʻrib chiqish muddati, uni rad qilish asoslari va h.k.) hamda davlat xizmatini koʻrsatish tartibi mavjud emas.
Shuningdek, ota yoki onaning oʻzidan alohida yashayotgan bolasi bilan koʻrishish majburiyatini bajarmaslik yoki ushbu majburiyatni amalga oshirishga toʻsqinlik qilganlik uchun ham javobgarlik nazarda tutilmagan.
Oilani mustahkamlash masalalari bilan shugʻullanuvchi ilmiy-tadqiqot institutlari oilaviy ajralishlar boʻyicha tadqiqotlar olib borayotgan va sabablarini aniqlayotgan borsa-da, ularning natijalari amaliyotga faol tatbiq etilmayapti, aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha samarali choralar koʻrilmayapti.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonunning 12-moddasi hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati:
oilani va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda nikohdan ajralishlarning oldini olish;
oilaviy nizolarni tinch yoʻl bilan hal etishda mediatsiya institutidan samarali foydalanish, uning ahamiyatini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish;
nikohdan ajralishlarning oldini olishda “mahalla yettiligi”ning masʼuliyatini oshirish;
uzrli sabablarga koʻra nikoh yoshini qisqartirishning huquqiy asoslarini belgilash;
ota-ona yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirishning oldini olish;
nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirishning oldini olish;
oilaviy munosabatlarni tartibga solishga doir qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
oilani mustahkamlash masalalari bilan shugʻullanuvchi ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari samaradorligini oshirish, berilayotgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazaringizni bayon qilish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovi bilan murojaat etadi va unga berilgan javob Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida muhokama etilishini, uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishini maʼlum qiladi.
