Oʻzbek-Fransuz universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-354-son)
26.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, Fransiya Respublikasining yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari dasturlari asosida raqobatbardosh oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsad
1. Belgilansinki, ushbu qarorning asosiy maqsadi Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida taʼlim sohasidagi oʻzaro aloqalarni mustahkamlash hamda Fransiya universitetlarining taʼlim dasturlari asosida oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash hisoblanadi.
II. Oʻzbek-Fransuz universitetini tashkil etish
2. Oʻzbek-Fransuz universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etilsin hamda uning asosiy faoliyat yoʻnalishlari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Fransiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida 2025-yil 12-mart kuni Universitetni tashkil etish boʻyicha, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi hamkorlik bitimi imzolangani maʼlumot uchun qabul qilinsin:
(a) Oʻzbekiston tomonidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Fransiya tomonidan Oliy taʼlim, tadqiqot va kosmos vazirligi Universitet muassislari hisoblanishi;
(b) Universitetni tashkil etish va uning faoliyatini yuritish jarayonida Fransiya universitetlari konsorsiumi ishtirok etishi hamda Fransiya Respublikasining taklifi bilan dastlabki bosqichda Puatye universiteti, Renn universiteti, Gavr-Normandiya universiteti, Lyumyer Lion 2 universiteti konsorsium tarkibiga kiritilgani. Bunda konsorsium tarkibi Fransiya tomonining taklifi bilan oʻzgartirilishi mumkin;
(v) Fransiya universitetlari konsorsiumi tarkibiga kiritilgan universitetlarga quyidagi majburiyatlar yuklatilganligi:
(i) Universitetda taʼlim jarayonini tashkil etish, oʻquv rejalari, oʻquv dasturlari va materiallarini ishlab chiqish, shuningdek, talabalarni qabul qilish va pedagoglarni saralash jarayonlarida koʻmaklashish;
(ii) Universitet talabalari va professor-oʻqituvchilarini Fransiyaga yuborish uchun moliyalashtirish manbalarini aniqlash;
(iii) Universitet talabalari uchun oʻz maʼlumotlar bazalaridan, jumladan, kutubxona fondining elektron bazasidan foydalanish tartibini soddalashtirish;
(iv) Universitet taʼlim dasturlarini Fransiya Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtkazishga koʻmaklashish;
(g) Universitetning maʼmuriy-moliyaviy masalalari boʻyicha qarorlari tarkibi Oʻzbekiston va Fransiya tomonidan tenglik asosida shakllantiriladigan Vasiylik kengashi tomonidan qabul qilinishi.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Universitet oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining taʼlim toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablari hamda Fransiya universitetlari konsorsiumi tavsiyalari asosida amalga oshiradi;
(b) Universitetda qabul parametrlari, toʻlov-kontrakt summasi, oʻqishga qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan oʻtkazish tartibi Universitet Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi;
(v) Universitetda dastlabki bosqichda magistraturada, keyinchalik bosqichma-bosqich bakalavriat va doktoranturada kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi hamda Universitetga kirish uchun tayyorlov kursi joriy etiladi;
(g) Universitetda taʼlim jarayoni maqsadli davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi;
(d) Universitet bitiruvchilariga Universitet diplomi va (yoki) Fransiya Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim dasturlari boʻyicha konsorsium tarkibiga kirgan tegishli Fransiya universitetining diplomi beriladi. Bunda bitiruvchilarga berilgan diplom Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadi;
(j) Universitetga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tavsiyasi asosida tayinlanadigan rektor rahbarlik qiladi;
(z) Universitetning oʻquv jarayoni va ilmiy-tadqiqot faoliyatini boshqarish, shu jumladan, taʼlim dasturlarini shakllantirish, kadrlar tayyorlash sifatini taʼminlash Fransiya tomonidan tayinlanadigan birinchi prorektor tomonidan amalga oshiriladi.
III. Universitet faoliyatini moliyalashtirish
5. Quyidagilar Universitet faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
(a) Universitetga oʻqishga qabul qilingan talabalar umumiy sonining 30 foizidan oshmagan holda davlat granti asosida talabalarni oʻqitish uchun Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlari;
(b) talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
(v) Universitetda tayyorlanadigan mutaxassisliklar boʻyicha magistr kadrlarga ehtiyoj boʻlgan oliy taʼlim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablagʻlari;
(g) grantlar, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) Universitetga davlat granti asosida qabul qilingan bir nafar talabani oʻqitish xarajati qiymati Universitet moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va zarur laboratoriya bazasini yaratish xarajatlarini inobatga olgan holda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda belgilanadi;
(b) budjet tashkilotlariga, shu jumladan, oliy taʼlim tashkilotlariga budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan Universitetga toʻlov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalarning oʻqitish xarajatlarini toʻliq yoki qisman qoplashga ruxsat beriladi. Bunda talabalarning ushbu tashkilotda majburiy ishlab berish davri ikki taraf oʻrtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat qilish
7. Oʻzbek-Fransuz universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
10. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 26-noyabr,
PQ-354-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PQ-354-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbek-Fransuz universitetining asosiy faoliyat yoʻnalishlari
Quyidagilar Oʻzbek-Fransuz universitetining asosiy faoliyat yoʻnalishlari hisoblanadi:
(a) muhandislik, aniq va tabiiy fanlar, fransuz tili va adabiyoti, bioinformatika, transport xizmatlari, qayta tiklanuvchi energetika sohalari uchun oliy maʼlumotli kadrlarni xorijiy, jumladan, Fransiyaning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari dasturlari asosida tayyorlash;
(b) talabalarning intellektual qobiliyatini rivojlantirishga, bilimini amaliy tajribalar orqali mustahkamlashga, oʻquv materiallarini samarali va puxta oʻzlashtirishga xizmat qiladigan har tomonlama qulay taʼlim muhitini shakllantirish;
(v) ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-oʻqituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini Fransiya konsorsiumi tarkibidagi oliy taʼlim tashkilotlarida yoki Fransiya korxonalarida tashkil etish;
(g) ilmiy loyihalarni amalga oshirishda yetakchi respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va boshqa sohaviy korxonalar bilan hamkorlik qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PQ-354-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbek-Fransuz universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
