Davlat xizmatlari yagona reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3707-son)
21.11.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 21-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3707]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi PF-157-son “Davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimini takomillashtirish hamda sohada byurokratik tartibotlarni tubdan qisqartirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Davlat xizmatlari yagona reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-noyabr,
25-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2025-yil 21-noyabrdagi 25-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Davlat xizmatlari yagona reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Davlat xizmatlari yagona reyestrini (bundan buyon matnda Reyestr deb yuritiladi) yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat xizmati — ariza beruvchilarning soʻrovlariga koʻra amalga oshiriladigan, davlat organlarining vazifalarini bajarish boʻyicha ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmat. Agar qonunchilikka muvofiq davlat xizmatlari koʻrsatish funksiyalari boshqa tashkilotlar zimmasiga yuklatilgan boʻlsa, ular ham davlat xizmatini koʻrsatishlari mumkin;
davlat xizmatining pasporti — davlat xizmatining tavsifi va undan foydalanish boʻyicha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborot;
davlat xizmatini koʻrsatish nuqtasi — davlat xizmatidan foydalanish uchun bevosita ariza beriladigan va davlat xizmati koʻrsatish natijasini taqdim etadigan tashkilot yoki axborot tizimi;
davlat xizmati bilan bogʻliq hayotiy vaziyatlar — jismoniy shaxslarning hayotida yoki yuridik shaxslar faoliyatida muayyan fakt yuz bergandan soʻng foydalanish ehtiyoji tugʻiladigan davlat xizmatlari;
vakolatli organ — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi.
2. Reyestrdagi maʼlumotlar jismoniy va yuridik shaxslar uchun ochiq hisoblanadi.
3. Reyestr davlat tilida yuritiladi.
2-bob. Reyestr tarkibiga kiritiladigan maʼlumotlarning turlari
4. Reyestr mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq namunaviy shaklda “Davlat xizmatlari” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi (bundan buyon matnda axborot tizimi deb yuritiladi) orqali shakllantiriladi va yuritiladi.
Reyestrni shakllantirish va yuritish vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
Vakolatli organ tomonidan har bir davlat xizmati boʻyicha mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda davlat xizmatining pasporti shakllantiriladi hamda axborot tizimida ushbu pasport bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
5. Vakolatli organning davlat xizmatlarini tahlil qilish va rivojlantirish boʻyicha masʼul tarkibiy tuzilmasi Reyestrni shakllantirish va yuritishni taʼminlovchi masʼul ishchi organ hisoblanadi.
6. Davlat xizmatining pasportida quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
davlat xizmatining nomi;
davlat xizmati kichik turining nomi;
ariza beruvchilar toifasi;
davlat xizmatini koʻrsatuvchi tashkilot;
davlat xizmatini koʻrsatishda kelishiladigan organ(lar);
davlat xizmatini koʻrsatish nuqtasi;
davlat xizmatidan foydalanish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar;
davlat xizmati koʻrsatilganligi uchun toʻlov miqdori (yigʻim, davlat boji yoki boshqa turdagi toʻlov);
davlat xizmatini koʻrsatish muddati;
davlat xizmatidan foydalanish uchun zarur talab va shartlar;
davlat xizmatini koʻrsatish natijasi;
davlat xizmatini koʻrsatish natijasining amal qilish muddati;
oʻzaro bogʻliq davlat xizmatlari;
davlat xizmati koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjat;
davlat xizmati bilan bogʻliq hayotiy vaziyatlar;
davlat xizmatining kompozit yoki proaktivligi;
davlat xizmatini koʻrsatish statistikasi (agar mavjud boʻlsa);
izoh.
7. Davlat xizmati axborot resursi orqali koʻrsatilganda, unda giperhavola joylashtiriladi.
3-bob. Davlat xizmatini Reyestrga kiritish va undan chiqarish, davlat xizmati maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritish
8. Davlat xizmatini Reyestrga kiritish va undan chiqarish, davlat xizmati maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritish davlat xizmati koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
9. Qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatga asosan davlat xizmatini Reyestrga kiritish va undan chiqarish, davlat xizmati maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritish, agar normativ-huquqiy hujjatning oʻzida boshqacha muddat belgilanmagan boʻlsa, vakolatli organ tomonidan normativ-huquqiy hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab 10 kun ichida amalga oshirilishi lozim.
Bunda, ishchi organ normativ-huquqiy hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab 5 kun ichida davlat xizmatini Reyestrga kiritish va undan chiqarish, davlat xizmati maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflarni va davlat xizmatining pasportini (yangi davlat xizmati kiritiladigan holatlarda) oʻz ichiga olgan xulosani shakllantiradi hamda adliya vazirining oʻrinbosariga taqdim etadi.
10. Adliya vazirining oʻrinbosari davlat xizmatini Reyestrga kiritish va undan chiqarish, davlat xizmati maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritish boʻyicha ishchi organ tomonidan taqdim etilgan xulosani u taqdim etilgan kundan boshlab 3 kun ichida koʻrib chiqadi va tasdiqlaydi.
Davlat xizmatini Reyestrga kiritish va undan chiqarish, davlat xizmati maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritish boʻyicha xulosa tasdiqlanganidan soʻng vakolatli organ tomonidan 2 kun ichida axborot tizimiga tegishli oʻzgartirishlar kiritiladi.
11. Reyestrdan davlat xizmatini chiqarish uchun quyidagilardan biri asos boʻladi:
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatga asosan davlat xizmatining bekor boʻlishi;
davlat xizmatini koʻrsatish vakolati davlat xizmatini koʻrsatuvchi tashkilotda qoldirilmasdan xususiy sektorga (monopol boʻlmagan tashkilotlarga) toʻliq oʻtkazilishi;
davlat xizmatini koʻrsatishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatning amalda oʻz huquqiy ahamiyatini yoʻqotganligi sababli oʻz kuchini yoʻqotishi.
4-bob. Vakolatli organ va davlat xizmatini koʻrsatuvchi tashkilotlarning huquqlari va majburiyatlari
12. Davlat xizmatini koʻrsatuvchi tashkilotlar Reyestrdagi maʼlumotlarning oʻz vaqtida oʻzgartirib borilishini taʼminlash hamda uni takomillashtirish boʻyicha oʻz takliflarini vakolatli organga taqdim etishlari mumkin.
Bunda, takliflar davlat xizmatini koʻrsatuvchi tashkilotlar tomonidan yozma yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda taqdim etilishi mumkin.
13. Vakolatli organ quyidagi huquqlarga ega:
Reyestrni shakllantirish va yuritishni taʼminlash uchun davlat xizmatini koʻrsatuvchi tashkilotlardan davlat xizmatlariga oid maʼlumotlar va hujjatlarni olish;
davlat xizmatlarini koʻrsatish holati boʻyicha soʻrovlar oʻtkazish.
14. Vakolatli organ quyidagilarga majbur:
davlat xizmatini koʻrsatuvchi tashkilotlardan Reyestrni takomillashtirish boʻyicha kelib tushgan takliflarni koʻrib chiqish;
normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganda mazkur Nizomda belgilangan tartibda davlat xizmatini Reyestrga kiritish va undan chiqarish, davlat xizmati maʼlumotlariga oʻzgartirish kiritish;
davlat xizmatlarini koʻrsatish holatini axborot tizimi orqali tizimli tahlil va monitoring qilish;
jismoniy va yuridik shaxslarning Reyestrdan foydalanishi uchun qulay sharoit yaratish;
davlat xizmatlariga oid maʼlumotlarni shakllantirishda oʻzaro idoralararo hamkorlikni amalga oshirish.
5-bob. Yakunlovchi qoida
15. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Davlat xizmatlari yagona reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davlat xizmatlari yagona reyestrining
NAMUNASI
Davlat xizmatlari yagona reyestrini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Davlat xizmatining
PASPORTI
