Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-228-son)
24.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Arxiv ishi sohasini toʻliq raqamlashtirish, aholi va biznesga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish hamda sohada samarali boshqaruv tizimini yaratish va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar arxiv sohasini 2030-yilga qadar raqamlashtirish, xizmatlar sifatini oshirish va sohada samarali boshqaruv tizimini yaratishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) Milliy arxiv fondi hujjatlari raqamlashtirilishini 60 foizga yetkazish;
(b) elektron xizmat koʻrsatish ulushini 100 foizga yetkazish hamda xizmat koʻrsatish muddatini kamida uch baravarga qisqartirish;
(v) arxiv xizmatlari ommabopligini oshirish va yangi xizmat turlarini joriy qilish;
(g) hujjatlarni klassifikatsiya qilish va tanish jarayonlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali hujjatlarni qayta ishlashda inson omilini 50 foizga kamaytirish;
(d) arxiv ishi sohasida samarali boshqaruv tizimini joriy etish, davlat organlarining elektron tizimlariga toʻliq integratsiya qilish va maʼlumotlar almashinuvini avtomatlashtirish.
II. Arxiv sohasini raqamlashtirish
2. 2026-yil 1-iyundan boshlab arxiv xizmatlarini raqamlashtirishda qoʻllaniladigan amaldagi arxiv axborot tizimlari negizida Yagona milliy arxiv axborot tizimi (keyingi oʻrinlarda — Arxiv axborot tizimi) joriy etilsin. Bunda:
(a) barcha raqamlashtirilgan va kelgusida raqamlashtiriladigan arxiv hujjatlari Arxiv axborot tizimiga kiritiladi va tizimda saqlanadi;
(b) arxiv hujjatlarini raqamlashtirish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
(i) birinchi bosqichda (2025 — 2027-yillar) — alohida qimmatli va noyob hujjatlar, mol-mulk va yerga oid arxiv hujjatlari toʻliq raqamlashtiriladi;
(ii) ikkinchi bosqichda (2028-2029-yillar) — kino, foto, fono va ilmiy-texnik arxiv hujjatlari raqamlashtiriladi;
(iii) uchinchi bosqichda (2030-yildan) — Milliy arxiv fondining boshqa arxiv hujjatlari raqamlashtiriladi;
(v) Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Milliy arxiv fondi hujjatlarini skanerlash va ularni Arxiv axborot tizimiga kiritish ishlari uchun Adliya vazirligi hamda Agentlikning budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan shartnoma asosida mutaxassislarni jalb qilish huquqi beriladi.
3. Agentlikning davlat arxivlarida saqlanayotgan alohida qimmatli va noyob hujjatlar harakatini avtomatlashtirish, ularning aniq hisobini yuritish va xavfsizligini taʼminlash ishlariga RFID (radiochastotali identifikatsiya) texnologiyasini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda:
(a) RFID texnologiyasi:
(i) 2026-yil 1-iyundan boshlab Oʻzbekiston milliy arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar bilan ishlashda majburiy qoʻllaniladi;
(ii) 2027-yil 1-martga qadar bosqichma-bosqich Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar markaziy davlat arxivlari hamda viloyat davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar bilan ishlashda qoʻllanishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi;
(b) RFID texnologiyasidan foydalanish orqali har bir arxiv hujjatiga unikal identifikatsiya raqami beriladi va ular Arxiv axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi;
(v) Agentlik direktori RFID texnologiyasining joriy etilishiga, davlat arxivlari rahbarlari RFID texnologiyasining samarali ishlashini taʼminlashga shaxsan masʼul hisoblanadi.
4. Belgilansinki, 2026-yil 1-avgustdan boshlab quyidagi davlat arxivlari funksiyalari toʻliq raqamlashtirilgan holda amalga oshiriladi:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
(b) yigʻmajildlar roʻyxatini tuzish va rasmiylashtirish, ularga oid ilmiy-maʼlumotnoma apparatini tuzish, kelishish, tasdiqlash;
(v) davlat arxivlari tomonidan arxiv hujjatlarini qabul qilish, foydalanishga berish;
(g) korxonalar, muassasalar va tashkilotlar qayta tashkil etilayotganda ularning arxiv hujjatlarini huquqiy vorislarida saqlash masalasini davlat arxivlari bilan kelishish;
(d) davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning hududiy tuzilmalarining hujjatlar yigʻmajildlari nomenklaturasini shakllantirish hamda tegishlicha Agentlik va uning tizimidagi tashkilotlar bilan kelishish;
(j) davlat arxivlariga arxiv hujjatlari topshirilishi lozim boʻlgan davlat organlari va tashkilotlarining yagona roʻyxatini shakllantirish.
III. Arxiv xizmatlarini kengaytirish va sifatini oshirish
5. Adliya vazirligining 2026-yil 1-sentabrdan boshlab fuqarolarning oilaviy shajaralari boʻyicha maʼlumotlarni onlayn tarzda taqdim etish imkoniyatini beruvchi “Shajara” axborot tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
6. Belgilansinki, “Shajara” axborot tizimida quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:
(a) “FHDYning yagona elektron arxivi” axborot tizimidagi dastlabki maʼlumotlar, davlat arxivlarida hamda idoraviy arxivlarda saqlanayotgan arxiv hujjatlari asosida oila shajarasi boʻyicha maʼlumotlarni shakllantirish xizmatini koʻrsatish;
(b) X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining DNK maʼlumotlari xizmati orqali fuqarolarning etnik kelib chiqishi haqidagi maʼlumotlarni aniqlash;
(v) sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida oila shajarasiga oid arxiv hujjatlari maʼlumotlarini tahlil qilish va oilaviy bogʻliqlikini aniqlash;
(g) oila shajarasiga oid maʼlumotlarning saqlanishi, maxfiyligi hamda himoya qilinishini taʼminlash.
7. Belgilab qoʻyilsinki, oila shajarasini shakllantirish xizmati davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali quyidagi davrlar boʻyicha koʻrsatiladi:
(a) IX asrdan — 1917-yilgacha boʻlgan va keyingi davrga oid arxiv hujjatlari asosida oila shajarasini shakllantirish;
(b) 1918-yildan — 1945-yilgacha boʻlgan va keyingi davrga oid arxiv hujjatlari asosida oila shajarasini shakllantirish;
(v) 1946-yildan — hozirgi kunga qadar boʻlgan davrga oid arxiv hujjatlari asosida oila shajarasini shakllantirish.
8. Davlat arxivlariga oila shajarasini shakllantirishda ilmiy tadqiqotchilar va mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilish huquqi berilsin.
9. Belgilansinki, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab:
(a) tashkilotlar, shu jumladan, nodavlat arxivlar oʻzlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni davlat arxivlariga Arxiv axborot tizimi orqali onlayn taqdim etadi;
(b) davlat arxivlarining jamlash manbalari boʻlgan tashkilotlarga nodavlat arxivlar tomonidan pulli xizmatlar koʻrsatishda davlat arxivining roziligini olish amaliyoti bekor qilinadi;
(v) davlat arxivlari oʻquv zallari foydalanuvchilariga arxiv hujjatlarini vaqtincha foydalanishga berish muddati ikki oygacha uzaytiriladi.
10. 2026-yil 1-maydan boshlab arxiv xizmatlarini koʻrsatishda quyidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinsin:
(a) talabgorlarni arxiv hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazishda tegishli arxiv muassasasi yoki tashkilot rahbarining tavsiya xati;
(b) mavzuli soʻrovlar toʻgʻrisida maʼlumotnoma berishda soʻralayotgan hujjatning nusxasi;
(v) davlat mulki boʻlgan arxiv hujjatlari yoki ularning koʻchirma nusxalarini, shuningdek, Milliy arxiv fondining nodavlat qismiga kiritilgan arxiv hujjatlari yoki ularning koʻchirma nusxalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma berishda arxiv hujjatlarini tasarrufdan chiqarish yoki bir shaxsdan ikkinchi shaxsga oʻtkazish shaklini tasdiqlovchi hujjatlar;
(g) tijorat tashkiloti hujjatlarining belgilangan tartibda davlat arxiviga topshirilganligini tasdiqlovchi maʼlumotnoma. Bunda mazkur hujjat davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar tomonidan Arxiv axborot tizimi orqali mustaqil ravishda olinadi.
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq koʻchmas mulk obyektlariga kadastr pasportini rasmiylashtirish va ularga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazishda:
(a) davlat arxivlarining mulkiy huquqlarni aniqlash boʻyicha arxiv maʼlumotnomalari faqat davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olinadi;
(b) davlat xizmatlari markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali olingan arxiv maʼlumotnomasi davlat arxividagi yer va mol-mulkka doir hujjatga muvofiqligi Arxiv axborot tizimi orqali tekshiriladi;
(v) taqdim etilgan arxiv maʼlumotnomasi tegishli davlat arxivi tomonidan berilmaganligi yoki undagi maʼlumotlar arxiv saqlovidagi hujjatlarga nomuvofiqligi aniqlanganda, ushbu maʼlumotnoma huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.
12. 2026-yil 1-martdan boshlab quyidagi arxiv xizmatlarini koʻrsatish muddatlari qisqartirilsin:
(a) arxiv hujjatlari yoki ularning koʻchirma nusxalarini Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga vaqtincha olib chiqish uchun ruxsatnoma berish muddati 15 ish kunidan 5 ish kunigacha;
(b) yaroqsiz holatga kelgan yoki yoʻqotilgan mehnat daftarchasidagi yozuvlarni tasdiqlash muddati 20 ish kunidan 10 ish kunigacha;
(v) oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasasida oʻqiganlikni tasdiqlash haqidagi arxiv maʼlumotnomasini berish muddati 5 ish kunidan 2 ish kunigacha;
(g) arxiv hujjatlari, kitoblar va qoʻlyozmalarni raqamlashtirish (elektron nusxa olish) muddati 3 ish kunidan 1 ish kunigacha.
IV. Arxiv ishi sohasida samarali boshqaruv tizimini joriy etish
13. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi arxivining hududiy filiallari tugatiladi hamda ularda saqlanayotgan arxiv hujjatlari belgilangan tartibda tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahar markaziy davlat arxivlari hamda viloyat davlat arxivlariga, ular foydalanayotgan bino qismi Agentlikning hududiy boshqarmalariga oʻtkaziladi;
(b) viloyat, tuman (shahar) shaxsiy tarkib hujjatlari davlat arxivlari tugatiladi hamda mazkur arxivlarning vazifa va funksiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar markaziy davlat arxivlari, viloyat, tuman (shahar) davlat arxivlariga (keyingi oʻrinlarda — hududiy davlat arxivlari) oʻtkaziladi;
(v) barcha vazifa va funksiyalari hamda xodimlarning amaldagi mehnatga haq toʻlash shartlari saqlangan holda hududiy davlat arxivlarining alohida yuridik shaxs maqomi tugatiladi. Bunda:
(i) hududiy davlat arxivlarining inson resurslari bilan ishlash, tashkiliy hamda moliya-xoʻjalik faoliyatini uslubiy muvofiqlashtirish va qoʻllab-quvvatlash Agentlikning arxiv ishi hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi;
(ii) hududiy davlat arxivlarining 44 ta boshqaruv shtat birliklarini maqbullashtirish hisobidan Agentlikning arxiv ishi hududiy boshqarmalariga qoʻshimcha 42 ta boshqaruv shtat birliklari ajratiladi;
(g) Agentlikning tizim tashkilotlarini joylashtirishdan ortgan boʻsh turgan bino-inshootlar belgilangan tartibda sotiladi va undan tushgan mablagʻlar baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda Agentlik tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish maqsadida foydalanish uchun Arxiv ishini rivojlantirish jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.
14. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) 2026-yil 1-avgustdan boshlab:
(i) Agentlik va uning hududiy boshqarmalari hamda Oʻzbekiston milliy arxivlari tomonidan tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar barcha tashkilotlarning arxiv ishi va ish yuritishini belgilovchi ichki hujjatlari elektron tarzda ekspertizadan oʻtkaziladi;
(ii) elektron shakldagi arxiv hujjatlarini topshirish va qabul qilish Arxiv axborot tizimi orqali amalga oshiriladi;
(b) davlat organlari va tashkilotlari har ikki yilda oʻzida saqlanayotgan arxiv hujjatlarini qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiq tartibga keltirishi va bu bilan bogʻliq ishlar kasbiy kompetentlik guvohnomasiga ega shaxs tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
V. Tashkiliy chora-tadbirlar
15. Belgilansinki, Agentlikning hududiy boshqarmalari balansiga oʻtkazilayotgan davlat arxivlari binolariga boʻlgan huquqlar davlat roʻyxatidan oʻtkazilganda barcha yigʻimlardan ozod etiladi.
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari doimiy ravishda tegishli hududda joylashgan davlat arxivlarida saqlanayotgan arxiv hujjatlarining saqlanishi uchun lozim darajadagi shart-sharoitlarni taʼminlab borsin.
17. Quyidagilar:
(a) 2026 — 2030-yillarda arxiv ishi sohasini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2026 — 2030-yillarda arxiv sohasini raqamlashtirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
18. Mazkur Farmon ijrosini monitoring qilib borish rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:
(a) Agentlik Farmon ijrosini monitoring rejasiga asosan har yili 15-fevralga qadar monitoringdan oʻtkazsin hamda monitoring natijalarini Hisob palatasi va Adliya vazirligiga kiritib borsin;
(b) Hisob palatasi Adliya vazirligi bilan birgalikda monitoring rejasi asosida Farmon ijrosini nazorat qilsin hamda har yili 25-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
(v) “Ijro.gov.uz” tizimida Farmon ijrosini nazoratdan yechishda monitoring rejasida koʻrsatilgan maqsadlarga erishilganligi inobatga olinsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
20. Adliya vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
21. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri A.D. Tashkulov hamda “Oʻzarxiv” agentligi direktori U.M. Yusupov belgilansin.
22. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish departamenti boshligʻi A.B. Samadov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-noyabr,
PF-228-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-228-son Farmoniga 1-ILOVA
2026 — 2030-yillarda arxiv ishi sohasini rivojlantirish
DASTURI
Izoh
1. Chora-tadbirlarni amalga oshirish shakli oʻzgarishi, ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar esa huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasidan kelib chiqqan holda birlashtirilishi mumkin.
2. Chora-tadbirlarni moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning texnik yordam mablagʻlari va grantlari, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham amalga oshirilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-228-son Farmoniga 2-ILOVA
2026 — 2030-yillarda arxiv sohasini raqamlashtirishning MAQSADLI KOʻRSATKICHLARI
* Maqsadli koʻrsatkichlar yildan yilga qoʻshilib boradi (oʻsib boruvchi).
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-228-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi “Arxiv ishi sohasini raqamlashtirish va sohada boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-228-son Farmoni ijrosini monitoring qilib borish
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-noyabrdagi PF-228-son Farmoniga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi PF-6166-son Farmoni bilan tasdiqlangan “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali normativ-huquqiy hujjatlar boʻyicha amalga oshirilgan huquqiy targʻibot tadbirlarini nazorat qilish va hisobdorlikni tashkil etish tartibida:
(a) “Normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishish va ular boʻyicha huquqiy targʻibot tadbirlarini tashkil qilish uchun yuborish” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
(b) quyidagi mazmundagi izoh bilan toʻldirilsin:
“Izoh: Adliya vazirligi tomonidan davlat organi va tashkilotiga kelishish uchun kiritilgan Huquqiy axborotni tarqatish kartotekasi ikki ish kuni davomida kelishilmagan yoki rad etilmagan holatlarda ushbu kartoteka avtomatik ravishda kelishildi maqomiga oʻtkaziladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoni bilan tasdiqlangan Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar hamda ular hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalarining jami boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan sonining “17. Adliya vazirligi” boʻlimi “Oʻzarxiv” agentligi” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunlaridagi “47” raqami “89” raqami bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PQ-3727-son qarorining 1-bandi toʻrtinchi xatboshisidan “hamda davlat arxivlari” soʻzlari chiqarib tashlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 20-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-4463-son qarori quyidagi mazmundagi 81-band bilan toʻldirilsin:
“81. Belgilansinki, 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
davlat arxivlari xodimlarining mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoriga nisbatan hisoblanadigan bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari 1,5 koeffitsiyentga oshirilgan holda qoʻllaniladi;
davlat arxivlarining xodimlariga Agentlik va uning arxiv ishi hududiy boshqarmalarining xodimlariga uzoq muddat xizmat qilganligi uchun belgilangan miqdorlarda ustama haq toʻlash tartibi tatbiq etiladi.
Bunda oshirilgan koeffitsiyent va uzoq muddat xizmat qilganligi uchun ustama xarajatlari 2026-yilda tegishli budjetlarning zaxira jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan qoplanadi, 2027-yildan boshlab davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi”.
