Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (727-son)
17.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 17-apreldagi PQ-161-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish hamda seysmik xavfni monitoring qilish faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 17-apreldagi PQ-161-son qaroriga muvofiq:
MSK-64 shkalasi boʻyicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda qurilishi rejalashtirilayotgan tegishli yangi binolarning seysmik xavfsizligini taʼminlashga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish, bino va inshootlarning zilzilabardoshligini yanada oshirishning zamonaviy tizimini yaratish;
yangi qurilishi rejalashtirilayotgan va xavflilik omili III-IV toifa boʻlgan obyektlarga bino va inshootlarning yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini oʻrnatish;
xavflilik omili III-IV toifa boʻlgan obyektlarni hududning zilzilalar kuchini koʻrsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish va qurish tartibi joriy etilishi belgilangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga;
MSK-64 shkalasi boʻyicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalar qayd etilgan hududlarning roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi:
a) 2025-yil 1-dekabrdan boshlab Fanlar akademiyasi bilan birgalikda zilzilalar kuchini koʻrsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
b) 2026-yil 1-dekabrga qadar yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarni avtomatik monitoring qilish uskunasini qoʻllash shartlari va uslubiyotini ishlab chiqib, tasdiqlasin;
v) 2027-yil 1-oktabrga qadar MSK-64 shkalasi boʻyicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalarda maxsus seysmik himoyalash uskunalari yordamida loyihalashtirishga ustuvorlik beriladigan obyektlar turlarini tasdiqlasin.
4. Belgilansinki 2026-yil 1-fevraldan boshlab:
a) Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-oktabrdagi 603-son qarori talablari asosida beriladigan zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy xulosa uchun undiriladigan toʻlov miqdori 50 foizga qisqartiriladi;
bir xil seriyali obyektlarga ilmiy xulosalar faqat bir marotaba toʻlov asosida beriladi, qolgan shu turdagi obyektlarning loyihalariga ilmiy xulosa berish uchun toʻlov undirilmaydi;
b) Fanlar akademiyasi tomonidan:
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy xulosalar berish “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga integratsiya qilinadi;
zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy xulosalar “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga joylashtirib boriladi hamda ularning elektron reyestrini yuritish yoʻlga qoʻyiladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun va mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini samarali tashkil qilishga qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh.S. Hidoyatov hamda Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.A. Ayupov masʼul etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-noyabr,
727-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-noyabrdagi 727-son qaroriga 1-ILOVA
Seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-noyabrdagi 727-son qaroriga 2-ILOVA
MSK-64 shkalasi boʻyicha 8 va undan yuqori balli seysmik faol zonalar qayd etilgan hududlarning
roʻyxati
Izoh. Loyiha tashkilotlari ushbu roʻyxatdagi hududlarning batafsil seysmik koʻrsatkichlaridan loyihalashtirishda foydalanish uchun maʼlumotlarni Fanlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqilgan xaritalar bazalarini oʻz ichiga olgan Onlayn seysmologik platformadan olishi mumkin.
Ushbu ilovadagi seysmik koʻrsatkichlar oʻzgargan taqdirda, Onlayn seysmologik platformadagi maʼlumotlar qoʻllanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-noyabrdagi 727-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Bino va inshootlarning seysmik mustahkamligini baholash hamda elektron texnik pasportlarni shakllantirish tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 2021-yil 30-iyundagi 405-son qarorida:
a) 6-bandda:
quyidagi mazmundagi oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“buyurtmachi funksiyasi mavjud vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan yangi qurilayotgan bino va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruv bilan bogʻliq xarajatlarini obyektlarning loyiha-smeta hujjatlaridagi buyurtmachi xarajatlarida koʻzda tutish”;
oltinchi va yettinchi xatboshilar tegishlicha yettinchi va sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) ilovaning 14-bandi quyidagi mazmundagi oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Buyurtmachi funksiyasi mavjud vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xoʻjalik birlashmalari hamda boshqa tashkilotlar tomonidan yangi qurilayotgan bino va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruv bilan bogʻliq xarajatlari obyektlarning loyiha-smeta hujjatlaridagi buyurtmachi xarajatlarida koʻzda tutiladi.
Seysmik faol zonalarda joylashgan va foydalanishga qabul qilinganligi 10 yildan oshgan III-IV toifadagi bino va inshootlarning instrumental-texnik tekshiruv bilan bogʻliq xarajatlari obyektning texnik holatiga qarab, ekspluatatsiya qilish xarajatlarida koʻzda tutilishi shart”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-oktabrdagi 603-son qarori bilan tasdiqlangan Respublikaning seysmik faol zonalarida qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili IV toifaga mansub boʻlgan bino va inshootlarga zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy xulosalar berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
8-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“8. Ilmiy tajriba-sinov oʻtkazish hamda ilmiy xulosa berish boʻyicha Fanlar akademiyasi va buyurtmachi tashkilot oʻrtasida shartnoma tuziladi.
Shartnoma qiymati Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 579-son qarori bilan tasdiqlangan Obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy taʼmirlash boʻyicha shaharsozlik va loyiha hujjatlarining loyihaviy yechimlarini shaharsozlik hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 6-ilovaning 5-bandi asosida shakllangan qiymatning 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Obyekt turidan kelib chiqib shakllangan qiymatni hisoblash Vazirlar Mahkamasi tomonidan maqbullashtirilishi mumkin.
Tushgan mablagʻlarning koʻpi bilan 25 foizi xodimlarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish uchun, qolgan 75 foizi moddiy-texnika bazani mustahkamlashga sarflanadi.
Shuningdek, davlat budjeti va unga tenglashtirilgan manbalar, davlat tashkilotlari kafolatlari ostida olingan tashqi investitsiya mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan foydali qazilma konlarni aniqlash, modernizatsiya qilish va kengaytirish boʻyicha istiqbolli loyihalarni ilmiy tajriba-sinovdan oʻtkazib, ilmiy xulosalar berish boʻyicha xizmatlar haqi alohida hisob-kitob qilinadi.
Bunda shartnoma qiymati qurilishning boshlangʻich qiymatidan QQSni inobatga olmagan holda 0,01 foiz, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Bir xil seriyali loyihalashtirilgan obyektlarga ilmiy xulosalar faqat bir marotaba toʻlov asosida beriladi, qolgan shu turdagi obyektlarning loyihalariga ilmiy xulosa berish uchun toʻlov undirilmaydi”;
11-band quyidagi mazmundagi ikkinchi va uchinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan loyiha-smeta hujjatlari zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy xulosalar olish uchun davlat muassasasi shaklidagi boshqa ilmiy tadqiqot institutlariga ham yuborilishi mumkin.
Bunda, ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan zilzilabardoshlik boʻyicha ilmiy xulosalar berish ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.”
