“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida (717-son)
11.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha milliy strategiyani amalga oshirish yuzasidan 2024-2025-yillarga moʻljallangan milliy dasturni tasdiqlash toʻgʻrisida” 2024-yil 15-noyabrdagi 759-son qaroriga muvofiq, shuningdek, giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshayotgan davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari hamda fidoyi fuqarolarni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
2. Quyidagilar:
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligining buyurtmanomasiga asosan “Davlat belgisi” MCHJ tomonidan belgilangan tartibda tayyorlanishi taʼminlansin.
4. Belgilansinki:
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni, qoida tariqasida, 26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni arafasida topshiriladi;
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlash Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida amalga oshiriladi;
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshirilishi nazarda tutiladi.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi direktori zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-noyabr,
717-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-noyabrdagi 717-son qaroriga 1-ILOVA
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Koʻkrak nishoni bilan mamlakatimizda giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan, tizim faoliyatini ilm-fan yutuqlari asosida takomillashtirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish orqali narkojinoyatlarga qarshi kurashish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, shuningdek, jamiyatda giyohvandlikka qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish borasida salmoqli natijalarga erishayotgan davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari hamda fidoyi fuqarolar, birinchi navbatda, yoshlar taqdirlanadi.
Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
3. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish
4. Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha hududiy komissiyalar (keyingi oʻrinlarda — hududiy komissiya) koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun nomzodlar roʻyxatini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) har yili 1-mayga qadar taqdim etadi.
5. Koʻkrak nishon bilan taqdirlashga oid taqdimnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
maʼlumotnoma-obyektivka;
nomzodning soʻnggi uch yil davomida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish borasida amalga oshirgan ishlari toʻliq aks ettirilgan tavsifnoma (annotatsiya);
nomzodning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (fuqarolik pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-karta).
6. Agentlik huzurida koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tashkil etiladi.
Komissiya tarkibiga soha mutaxassislari, ekspertlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari kiritiladi.
7. Komissiya tarkibi va nizomi Agentlik tomonidan tasdiqlanadi.
8. Komissiya yigʻilishida nomzodlarga oid hujjatlar belgilangan tartibda oʻrganilib, ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan mezonlar asosida baholanadi va har yili 1-iyunga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
9. Eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa har yili 5-iyunga qadar Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri — Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasi raisiga taqdim qilinadi.
10. Komissiya xulosasi asosida koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida har yili 10-iyunga qadar Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilinadi.
3-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi
11. Koʻkrak nishoni, qoida tariqasida, har yili 26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni arafasida Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri yoki uning nomidan Agentlik direktori, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.
12. Alohida hollarda, koʻkrak nishoni bilan taqdirlash Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri yoki Agentlik direktorining tashabbusiga asosan mazkur Nizomda belgilangan tartibdan istisno tariqasida amalga oshirilishi mumkin.
13. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlar roʻyxati (maxfiylik asosida faoliyat yurituvchi harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlaridan tashqari) Agentlikning rasmiy veb-sayti hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.
14. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.
15. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
16. Agentlik va komissiya aʼzolari ushbu Nizomga muvofiq koʻkrak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarining xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldirlar.
17. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash
SXEMASI
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoniga nomzodlarni baholash mezonlari
SXEMASI
Izoh. Nomzodlarning erishgan natijalari boʻyicha qoʻyilgan ballari jamlanib, eng yuqori koʻrsatkichni qayd etganlari koʻkrak nishoniga nomzod sifatida tavsiya etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-noyabrdagi 717-son qaroriga 2-ILOVA
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Koʻkrak nishoni markazida diametri 25 millimetrli doira ichida, jaholatga qarshi yonib turgan nur kabi yashnayotgan daraxt tasvirlangan. Uning chap tomonida yashil emal fonida insonning sogʻlom hayot tarzi timsoli sifatida gullayotgan novdalar va erkin parvoz qilayotgan qushlar, shuningdek, oʻng tomonida qora emal fonida maʼnaviy tanazzulni va qaramlik halokatini bildiruvchi qurib qolgan shoxlar, atrofini oʻrab olgan oʻrgimchaklar va ularning toʻrlari aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining aylanasi boʻylab zarhal hoshiya bilan oʻralgan doira ichida oq emal fonida “NARKOTIKLARGA QARSHI KURASHISH” va pastki qismida “FIDOYISI” yozuvi joylashgan.
Koʻkrak nishoni orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan.
Koʻkrak nishonining qalinligi 2,5 millimetr. Tasvirlar va yozuvlar qavariqdir.
Koʻkrak nishoni old va orqa tomonlarining chetlari qavariq doira bilan oʻralgan.
Koʻkrak nishoni halqa va ilmoqchalar yordamida toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan. Qadagʻichning yuqori qismi uch qirrali qavariq yoysimon koʻrinishda tasvirlangan. Qadagʻich eni — 30 millimetr, boʻyi — 20 millimetr.
Qadagʻich eni 22 millimetrli shoyi lenta bilan qoplangan boʻlib, ruhiy barqarorlik va sogʻlom hayot ramzi sifatida yashil rangda ifodalangan.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-noyabrdagi 717-son qaroriga 3-ILOVA
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
“Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” koʻkrak nishoni guvohnomasi 160x110 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) yashil rangda boʻlib, vinil qogʻozi bilan qoplangan.
Guvohnomaning birinchi betida yuqori chekkasidan 34 millimetr pastda, markazda, oraligʻi 2 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “NARKOTIKLARGA”, ikkinchi satrda “QARSHI KURASHISH FIDOYISI” (katta harflarda, “Times New Roman Bolt” shrifti, 14 kegl), uchinchi satrda “koʻkrak nishoni” (“Times New Roman Bolt” shrifti, 14 kegl) soʻzlari yozilgan. Undan 14 millimetr pastda “GUVOHNOMASI” (katta harflarda, “Times New Roman Bolt” shrifti, 17 kegl) soʻzlari yozilgan.
Yozuvlar tilla rangda aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och yashil rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), markazda, koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 6 millimetr pastda, markazda, “GUVOHNOMA” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi hamda guvohnomaning tartib raqami uchun “№” belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.
“GUVOHNOMA” soʻzidan 10 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 8 millimetr quyida, markazda, oraligʻi 2 millimetrli toʻrt satrdan iborat matn: “Oʻzbekiston Respublikasi”, “Vazirlar Mahkamasining” (“Times New Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 6 millimetr pastda oraligʻi 4 millimetr boʻlgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “20___-y. “___” ___________dagi”, ikkinchi satrda “____-sonli farmoyishiga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 6 millimetr pastda, markazda, oraligʻi 3 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “NARKOTIKLARGA”, ikkinchi satrda “QARSHI KURASHISH FIDOYISI” (katta harflarda, “Times New Roman Bolt” shrifti, 12 kegl), uchinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi” (“Times New Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 10 millimetr pastda, chap tomonda, ikki satrdan iborat matn: birinchi satrda “Oʻzbekiston Respublikasining”, ikkinchi satrda “Bosh vaziri” (“Times New Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) joylashgan.
