“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida (715-son)
11.11.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2023-yil 1-iyundagi PQ-176-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
2. Quyidagilar:
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining buyurtmasiga asosan “Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tayyorlanishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
4. “Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanishi inobatga olinsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 11-noyabr,
715-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-noyabrdagi 715-son qaroriga 1-ILOVA
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Koʻkrak nishoni bilan ijtimoiy himoya sohasida fidokorona mehnat qilayotgan, faol va tashabbuskor, kompleks ijtimoiy himoya tizimini joriy qilish va yuritish, nogironligi boʻlgan shaxslar bilan ishlash, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, uning muhtoj qatlamiga ijtimoiy yordam berish sohasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshgan fuqarolar, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda tadbirkorlik subyektlari taqdirlanadi.
Koʻkrak nishoni bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham mazkur Nizom talablari asosida taqdirlanishi mumkin.
3. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun takliflarni taqdim etish va koʻrib chiqish tartibi
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining markaziy apparati boʻlinmalari, tizim tashkilotlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boshqarmalar) koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni har yili 20-aprelga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) taqdim etadi.
Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga nomzod boʻyicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida nomzodning maʼlumotnoma-obyektivkasi, fuqarolik pasporti yoki ID-karta, uning soʻnggi uch yil davomida ijtimoiy himoya tizimida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma kiritiladi.
5. Agentlik direktori tomonidan Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tuziladi.
Komissiya tarkibiga ijtimoiy himoya sohasidagi tashkilotlar vakillari, yetakchi mutaxassislar, sohada faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik vakillari kiritilishi mumkin.
6. Komissiya yigʻilishida nomzodlarning tegishli hujjatlari oʻrganilib, ushbu Nizomga 2-ilovada belgilangan mezonlarga muvofiq baholanadi hamda har yili 10-mayga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
3-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi
7. Komissiya xulosasi asosida har yili 20-mayga qadar Agentlik direktorining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi chiqariladi.
8. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadigan shaxslarga har yili 1-iyun — Agentlik tashkil etilgan kun arafasida Agentlik direktori (yoki uning topshirigʻiga binoan boshqa masʼul shaxslar) tomonidan koʻkrak nishoni tantanali ravishda topshiriladi.
9. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
Bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofotlari bilan bogʻliq xarajatlar Ijtimoiy himoya davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
10. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash, istisno tariqasida, Agentlik direktorining buyrugʻiga asosan alohida holatlarda ham amalga oshirilishi mumkin.
11. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
12. Agentlik ushbu Nizomga muvofiq koʻkrak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarining xolis koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
13. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish
SXEMASI
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoniga nomzodlarni baholash
MEZONLARI
Izoh. Nomzodlarning erishgan natijalari boʻyicha qoʻyilgan ballari jamlanib, eng yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan shaxslar koʻkrak nishoniga nomzod sifatida tavsiya etiladi.
Mazkur baholash mezonlarining koʻrsatkichlari nomlanishlari Komissiyaning tavsiyalari asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining buyrugʻi asosida oʻzgartirilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-noyabrdagi 715-son qaroriga 2-ILOVA
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishonining diametri 26 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Koʻkrak nishonining qalinligi 2,2 millimetr.
Koʻkrak nishonining chetki qismida aylana boʻylab naqshinkor koʻrinishdagi uchburchaklar kompozitsiyasi kumush rangda joylashtirilgan.
Koʻkrak nishonining old yuqori qismida kumush rangli hoshiya bilan oʻralgan yashil rangdagi emal doira ichida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI”, uning pastki qismida “IJTIMOIY HIMOYA FIDOYISI” soʻzlari yozilgan.
Harflarning balandligi 2 millimetr.
Tasvirlar va yozuvlar qavariqdir.
Koʻkrak nishoni old tomoni markaziy qismida diametri 17 millimetr boʻlgan kumush rangdagi doira ichida toʻlqinsimon chiziqlar fonida Ijtimoiy himoya milliy agentligining logotipi joylashtirilgan boʻlib, unda erkinlik, baxt va farovonlik ramzi sifatida qanotlarini yozib turgan qush, birlik va insoniylik timsoli sifatida uch nafar odam tasviri hamda himoyani anglatuvchi qalqon aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining orqa tomoni markazida magnitli tugma bilan mahkamlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-noyabrdagi 715-son qaroriga 3-ILOVA
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
“Ijtimoiy himoya fidoyisi” koʻkrak nishonining guvohnomasi (keyingi oʻrinlarda — Guvohnoma) 160x110 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) yashil rangda boʻlib, plyonka bilan qoplangan.
Guvohnomaning yuqori chekkasidan (birinchi beti) 13 millimetr pastda, markazda, 15x15 millimetr oʻlchamda Ijtimoiy himoya milliy agentligining logotipi joylashgan.
Undan 5 millimetr pastda oraligʻi 2 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “Prezidenti huzuridagi”, uchinchi satrda “Ijtimoiy himoya milliy agentligining” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 11 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 10 millimetr pastda ikki satrdan iborat, birinchi satrda “IJTIMOIY HIMOYA FIDOYISI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 12 kegl), ikkinchi satrda “koʻkrak nishoni” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 12 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 7 millimetr pastda “GUVOHNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 17 kegl) soʻzi yozilgan.
Yozuvlar oq rangda aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och yashil rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Guvohnomaning ichki chap tomonida (ikkinchi beti) markazida koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda, “GUVOHNOMA” (katta harflarda, “Times New Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi hamda guvohnoma tartib raqami uchun “№” belgisi va 15 millimetrli chiziq joylashgan.
Undan 10 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 7 millimetr quyida toʻrt satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “Prezidenti huzuridagi”, uchinchi satrda “Ijtimoiy himoya milliy agentligi” va toʻrtinchi satrda “direktorining” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 4 millimetr pastda oraligʻi 4 millimetr boʻlgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “20__ yil “___” ___________dagi”, ikkinchi satrda “____-sonli buyrugʻiga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 6 millimetr pastda, markazda, oraligʻi 3 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “IJTIMOIY HIMOYA FIDOYISI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 12 kegl), ikkinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan”, uchinchi satrda “mukofotlandi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 9 millimetr pastda, chap tomonda, “Direktor” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi yozilgan.
