Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3699-son)
11.11.2025
OʻZBEKISTON BADIIY AKADEMIYASI RAISINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2025-yil 11-noyabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3699]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-iyuldagi PQ-212-son “Tasviriy va amaliy sanʼat sohasini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi va Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. NURIDINOV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-oktabr,
I-108-son
Kelishildi:
Iqtisodiyot va moliya vaziri J. KUCHKAROV
2025-yil 21-oktabr
Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. AYUPOV
2025-yil 18-avgust
Madaniyat vaziri O. NAZARBEKOV
2025-yil 15-avgust
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisining 2025-yil 22-oktabrdagi I-108-son buyrugʻiga ILOVA
Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom “Yangi Oʻzbekiston manzaralari”, “Buyuk allomalar” va “Zamon qahramonlari” kabi turkum ijodiy asarlarni (bundan buyon matnda ijodiy asarlar deb yuritiladi) davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
Badiiy kengash — yuksak badiiy qiymatga ega boʻlgan tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, shuningdek boshqa madaniy boyliklarning bahosini ularning ijodiy va moddiy qiymatidan kelib chiqqan holda belgilaydigan hamda xulosa beradigan davlat va nodavlat tashkilotlar huzuridagi kollegial maslahat organi;
ijodiy asarlar — inson tafakkuri va ijodiy faoliyati mahsuli boʻlgan, badiiy, estetik va maʼnaviy qiymatga ega boʻlgan, shuningdek kompozitsion puxta oʻylangan va ruhiy holat bilan bilimlarning chambarchas uzviyligi orqali yaratilgan ijod namunasi (rangtasvir, grafika, miniatura, haykaltaroshlik va amaliy sanʼatning turli yoʻnalishlari);
ijodkor — tasviriy va amaliy sanʼat sohasida oʻz intellektual salohiyati, estetik didi, obrazli tafakkuri va texnik mahorati asosida inson, jamiyat va tabiat haqidagi fikr va tuygʻularni badiiy shakllarda ifoda etadigan, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yuksak mahorat bilan targʻib qiluvchi ijodiy asarlar muallifi.
Mazkur Nizom maqsadlari uchun davlat buyurtmasi deganda madaniyat va sanʼatni rivojlantirish, milliy madaniy merosni asrash, maʼnaviy taraqqiyotni ragʻbatlantirish hamda jamiyat hayotining turli jabhalarini badiiy ifoda etish maqsadida Oʻzbekiston Badiiy akademiyasiga (bundan buyon matnda Badiiy akademiya deb yuritiladi) maʼnaviy-maʼrifiy, badiiy, tarixiy va ilmiy qiymatga ega ijodiy asarlarni yaratish uchun ijodkorlar tomonidan taqdim etiladigan hamda Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan ijodiy loyihalar toʻplami tushuniladi.
2. Ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish mazkur Nizomning ilovasidagi Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish sxemasiga asosan amalga oshiriladi.
3. Badiiy akademiya ijodiy asarlarni yaratish boʻyicha ustuvor mavzu va yoʻnalishlarni quyidagi turkumlar asosida belgilaydi:
“Yangi Oʻzbekiston manzaralari” — mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy, shaharsozlik va madaniy oʻzgarishlar, Oʻzbekiston tabiati va meʼmorchiligi, shahar va qishloqlarda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari hamda ekologik mavzular;
“Buyuk allomalar” — milliy va dunyo tamaddunida ulkan iz qoldirgan buyuk alloma va mutafakkirlar hayoti, boy va bebaho merosi, tarixiy shaxslar, ularning ilmiy va maʼnaviy merosi, tarixiy voqealar hamda madaniy davrlar;
“Zamon qahramonlari” — mamlakatning zamonaviy taraqqiyoti va jamiyatning turli sohalarida faollik koʻrsatgan, davrning bor fazilatini va qiyofasini mujassam etgan insonlar, haqiqiy qahramonlar va oddiy xalq orasidagi koʻz ilgʻamas fidoyilar.
4. Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratishda Badiiy akademiyaning Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi (bundan buyon matnda Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi deb yuritiladi) buyurtmachi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi (bundan buyon matnda Ishchi organ deb yuritiladi) ijodiy asarlarni yaratish boʻyicha davlat buyurtmasining loyihasini shakllantiruvchi ishchi organ hisoblanadi.
2-bob. Davlat buyurtmasi boʻyicha loyiha takliflarini taqdim etish va ularni koʻrib chiqish tartibi
5. Kelgusi yil uchun ijodiy asarlarni yaratish boʻyicha mavzu va yoʻnalishlar roʻyxati har yili noyabr oyida Badiiy akademiyaning Boshqaruv kengashi (bundan buyon matnda Boshqaruv kengashi deb yuritiladi) qarori bilan tasdiqlanadi.
Mavzu va yoʻnalishlar roʻyxatini tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining takliflari, shuningdek sanʼatshunoslar, jamoat arboblari va ijodkorlarning fikrlari hisobga olinishi mumkin.
6. Davlat buyurtmasi boʻyicha ijodiy asarlarning mavzu va yoʻnalishlar doirasidagi soni va taqsimoti Badiiy akademiyaga Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida Boshqaruv kengashining qaroriga muvofiq ijodiy asarlarning hajmi va oʻlchami koʻrsatilgan holda belgilanadi.
7. Badiiy akademiya kelgusi yilning yanvar oyi 10-sanasiga qadar tasdiqlangan mavzu va yoʻnalishlar roʻyxati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon beradi.
8. Eʼlon qilingan mavzu va yoʻnalishlar boʻyicha ijodkorlarning loyiha takliflari Ishchi organ tomonidan fevral oyining 5-sanasiga qadar qabul qilinadi.
9. Ijodiy asarlarni yaratish uchun davlat buyurtmasini shakllantirish maqsadida Ishchi organga eʼlonda koʻrsatilgan manzil boʻyicha ijodkorlar tomonidan loyiha taklifi sifatida quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
ijodkor haqida maʼlumot;
ijodiy portfolio;
ijodiy asarning rangli eskiz loyihasi (ijodiy loyiha) — bir nusxadan qogʻoz va elektron shaklda;
mustaqil sanʼatshunos, Badiiy akademiyaning haqiqiy aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi xalq rassomlari va boshqa ijodkorlarning ijodiy loyihaning gʻoyaviy-badiiy saviyasi hamda maʼnaviy-mafkuraviy jihatlari borasidagi xulosalari (tavsiyalari) — erkin shaklda;
ijodiy konsepsiya va gʻoya (ijodiy loyihaning qisqacha mazmuni va asarni yaratishning maqsadga muvofiqligi boʻyicha asoslangan taklif) — yozma shaklda;
ijodiy loyihaning formati va ishlanish usuli haqida maʼlumot (ishlatiladigan materiallar, ijodiy loyihaning oʻlchami va miqdori) — yozma shaklda;
Badiiy kengashning ijodiy loyihani baholash boʻyicha ijobiy xulosasi — yozma shaklda;
moliyaviy hisob-kitob va budjet rejasi (ijodiy loyihani yaratish uchun tasdiqlangan muqobil ravishda xarid qilinishi mumkin boʻlgan zarur materiallar, uskunalar soni, miqdori, qiymati va asar bahosi koʻrsatilgan xarajatlar smetasi loyihasi) — yozma shaklda.
Ijodkor ijodiy loyihaga aloqador qoʻshimcha hujjatlarni taqdim qilishi mumkin.
10. Ishchi organ loyiha takliflarining eʼlonda koʻrsatilgan mavzu va yoʻnalishlarga mosligi hamda taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligini loyiha taklifi topshirilgan kundan boshlab uch ish kuni ichida tekshiradi.
Loyiha taklifi boʻyicha talab etiladigan hujjatlar toʻliq boʻlmagan taqdirda, Ishchi organ yetishmayotgan hujjatlarni besh ish kuni ichida taqdim etish uchun loyiha taklifini ijodkorga qaytaradi.
3-bob. Ijodiy loyihalarga qoʻyiladigan mezonlar
11. Ishchi organ tomonidan qabul qilingan ijodiy loyihalar quyidagi mezonlar asosida yigirma kun ichida koʻrib chiqiladi.
davlat buyurtmasining ustuvor mavzu va yoʻnalishlari gʻoyasi ochib berilganligi, oʻziga xosligi, shuningdek ijodiy asar gʻoyasining tomoshabin hamda asar oldiga qoʻyilgan vazifalarga mosligi va ijtimoiy ahamiyati;
milliy ruh va rang-baranglik, syujet va kompozitsion qurilishda muvozanat saqlanganligi;
ijodiy gʻoyaning yangiligi va estetik yuksakligi;
ijodkorning yuksak mahorati, ijodiy yoʻnalishining plastik va badiiy yechimi;
texnik yechim, asar shakli va amalga oshirish imkoniyati;
ijodkor yoʻnalishining oʻziga xos uslub yoki maktabga egaligi;
ijodiy loyihaning ijro rejasi va muddatga mosligi;
budjetning asosliligi va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiqligi.
Mazkur mezonlarga javob bermaydigan ijodiy loyihalar Ishchi organ tomonidan rad etiladi hamda ijodkorga ushbu bandda nazarda tutilgan har bir mezon boʻyicha mavjud eʼtirozlar asoslantirilgan javob xati beriladi.
12. Taqdim etilgan ijodiy loyihalarda mualliflik huquqiga oid qonunchilik talablari buzilganlik holatlari aniqlanganda, bunday ijodiy loyihalar Ishchi organ tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
4-bob. Davlat buyurtmasini shakllantirish, ijodiy jarayonlarni amalga oshirish va ijodiy asarlarni qabul qilish
13. Ishchi organ shakllantirilgan davlat buyurtmasining loyihasini har yili mart oyining 5-sanasiga qadar Boshqaruv kengashiga tavsiya etadi.
Ishchi organ tavsiyalari asosida koʻrib chiqilgan hamda Boshqaruv kengashi qarori bilan tasdiqlangan ijodiy loyihalar Badiiy akademiya raisining buyrugʻi asosida davlat buyurtmasi maqomiga ega boʻladi.
14. Badiiy akademiya raisining buyrugʻi asosida davlat buyurtmasi etib tasdiqlangan ijodiy loyihalarning mualliflari va Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi oʻrtasida besh ish kuni ichida shartnoma tuziladi.
Shartnomada davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan ijodiy asarlarning mualliflik huquqlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi hamda ijodiy asarlarni yaratish muddatlari va bosqichlari, shuningdek ijodiy jarayonni nazorat qilish va ijodiy jarayon toʻgʻrisida hisobotlar taqdim etish tartibi koʻrsatiladi.
15. Ijodkorlar bilan shartnoma imzolanganidan soʻng, tasdiqlangan ijodiy loyihalar asosida ijodiy asarlarni yaratish jarayoni boshlanadi.
16. Ijodiy jarayonning har bir bosqichi boʻyicha ijodkorlar Ishchi organga hisobot, shuningdek ijodiy loyihaning bajarilishiga doir fotosuratlar, videoyozuvlar yoki loyihaning bajarilishini tasdiqlovchi boshqa materiallarni taqdim etadi.
17. Ishchi organ tomonidan ijodiy jarayonning sifat va muddatlarga muvofiqligini taʼminlash uchun muntazam nazorat olib boriladi.
18. Ijodiy asarni takomillashtirish maqsadida Ishchi organ tomonidan ijodkorlarga tavsiyalar berilishi mumkin.
Bunda, Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi va ijodkor tomonidan oʻzaro kelishuvga asosan shartnomada koʻrsatilgan muddatlarga tuzatishlar kiritilishi mumkin.
19. Ishchi organ ijodiy loyihalarning natijalarini tahlil qiladi va ijodiy jarayonda aniqlangan muammolarni koʻrib chiqadi.
Yaratilgan ijodiy asarlar Ishchi organ tomonidan Boshqaruv kengashi muhokamasiga taqdim etiladi hamda Boshqaruv kengashi qarori asosida tasdiqlanadi.
20. Davlat buyurtmasi asosida yaratilgan ijodiy asarlar Badiiy akademiya raisining buyrugʻi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi fondiga taqdim qilinadi.
5-bob. Davlat buyurtmasi asosida yangi ijodiy asarlarni yaratish uchun mablagʻlar ajratish tartibi
21. Davlat buyurtmasi asosida ijodiy asarlarni yaratish bilan bogʻliq xarajatlar Badiiy akademiyaga Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
22. Ijodkorlarga toʻlanadigan toʻlovlar (mualliflik haqi) miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-avgustdagi PQ-3201-son “Madaniyat va sanʼat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha sharoitlar yaratishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida nazarda tutilgan mualliflik haqi stavkalaridan kelib chiqqan holda Badiiy kengash xulosasida koʻrsatiladi.
23. Ijodiy asar Boshqaruv kengashining qarori bilan tasdiqlanganidan soʻng, uch ish kuni ichida ijodkor Badiiy koʻrgazmalar direksiyasiga ijodiy asarga sarflangan mablagʻlar yuzasidan hisobot taqdim etadi.
Hisobotga unda koʻrsatilgan barcha xarajatlar boʻyicha dastlabki hujjatlarning nusxalari ilova qilinishi lozim.
Hisobotlar taqdim etilganidan soʻng, oʻn besh ish kuni ichida Badiiy koʻrgazmalar direksiyasi tomonidan ijodkorlarga mablagʻlar (mualliflik haqi) toʻliq toʻlab beriladi.
24. Xarajatlar smetasida koʻzda tutilmagan sarf-xarajatlar hisobotga kiritilmaydi va ijodiy asar mualliflarining oʻz mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
6-bob. Ishchi organ faoliyatini tashkil etish
25. Ishchi organning vazifalari quyidagilardan iborat:
xalqimizning boy madaniy merosi, milliy va umumbashariy qadriyatlariga hurmat tuygʻularini madh etuvchi va istiqlolni ulugʻlovchi ijodiy asarlarni yaratishga koʻmaklashish;
oʻzbek tasviriy va amaliy sanʼatini rivojlantirish yoʻnalishlarida faoliyat olib borayotgan ijodkorlarning ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish;
tasviriy va amaliy sanʼat sohasidagi ijodkorlarning harakatlarini ragʻbatlantiruvchi muhit yaratish va buning uchun tashkiliy ishlarni amalga oshirish;
ijodkorlarning ijodiy asarlarni yaratish boʻyicha saʼy-harakatlarini qoʻllab- quvvatlash, ragʻbatlantirish va targʻib qilish maqsadida davlat buyurtmalarini shakllantirish.
26. Ishchi organ oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:
taqdim etilgan ijodiy loyihalarni ushbu Nizomning 11-bandida belgilangan mezonlar doirasida chuqur tahlil qilish, dolzarbligini baholash, tanqidiy fikr-mulohazalar bildirish yoki qayta ishlashga tavsiya etish;
yaratilgan ijodiy asarlarning Boshqaruv kengashidagi muhokamasida ishtirok etib, tasviriy va amaliy sanʼatning yetakchi mutaxassislari bilan bir qatorda yangi asarning ijobiy yutuqlari bilan birga yoʻl qoʻyilgan kamchiliklariga xolisona munosabatda boʻlish va tavsiyalar berish;
ijodiy asarlar muhokamasiga yoki tahliliga boshqa soha mutaxassislarini ekspert sifatida jalb etish.
27. Ishchi organning majburiyatlari:
hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda davlat buyurtmasini amalga oshirish boʻyicha yuklatilgan vazifalarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash;
davlat buyurtmasini shakllantirish va ijodkorlar tomonidan ijodiy asarlarning yaratilishini taʼminlash boʻyicha Boshqaruv kengashining ishini tashkil etishga koʻmaklashish;
taqdim etilgan ijodiy loyihalarni xolislik, shaffoflik va natijalarning asoslanganligi tamoyillari asosida koʻrib chiqish;
ijodkorlar tomonidan davlat buyurtmasi asosida yaratishga taqdim etilgan hamda tasdiqlangan ijodiy loyihalarni yaratish boʻyicha zarur ijodiy muhitni shakllantirish;
davlat buyurtmasi asosida ijodiy asarlarni yaratish uchun topshirilgan loyiha takliflarini hamda boshqa hujjatlarni qabul qilish va hisobga olish;
davlat buyurtmasiga daʼvogar ijodiy loyihalarning roʻyxatini mazkur Nizom talablariga asosan shakllantirish;
ijodiy loyihalarning mazmun-mohiyati va gʻoyasi ushbu Nizomning 11-bandida belgilangan mezonlarga muvofiq emas deb topilishini asoslantirish;
ijodiy asar saviyasini yanada oshirish yuzasidan mualliflarga yozma yoki ogʻzaki tavsiyalar berish va gʻoyaviy-badiiy jihatdan ijobiy baholangan yoki tavsiyalar asosida qayta ishlangan ijodiy loyihalarni koʻrib chiqish;
davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan ijodiy asarlar yillik rejasining loyihasini ishlab chiqish hamda tasdiqlash uchun Badiiy akademiya rahbariyatiga kiritish.
7-bob. Apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish tartibi
28. Ijodkorlarning apellyatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Badiiy akademiya raisining buyrugʻi bilan kamida uch nafar mutaxassislardan iborat toq sondagi tarkibda Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasiga boshqa tashkilotlardan ham mutaxassislar jalb etilishi mumkin.
Boshqaruv kengashi va Ishchi organ faoliyatida ishtirok etgan shaxslarning Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
29. Boshqaruv kengashi yoki Ishchi organning qarorlaridan norozi boʻlgan ijodkorlar qarorlar qabul qilingan kundan boshlab bir oy ichida Apellyatsiya komissiyasiga yozma yoki elektron shaklda apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin.
30. Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyatini u kelib tushgan kundan boshlab besh ish kuni muddat ichida koʻrib chiqadi.
Ijodkor apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqishda ishtirok etish huquqiga ega.
Apellyatsiya komissiyasi apellyatsiya shikoyati koʻrib chiqilishidan ikki kun oldin apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish vaqti va joyi haqida ijodkorni ogohlantiradi.
31. Apellyatsiya komissiyasi unda aʼzolarning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etganda vakolatli hisoblanadi.
Apellyatsiya komissiyasining qarori oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Berilgan ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda, Apellyatsiya komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
32. Apellyatsiya komissiyasi ijodkorning apellyatsiya shikoyatini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish yoki qanoatlantirishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
33. Apellyatsiya komissiyasining qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
8-bob. Yakuniy qoidalar
34. Ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish jarayonida qabul qilingan qarorlarning adolatliligi va haqqoniyligini taʼminlash, shuningdek Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarning toʻgʻri sarflanishi boʻyicha shaxsiy javobgarlik Badiiy akademiya raisi zimmasiga yuklanadi.
35. Davlat buyurtmasini shakllantirishning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida Badiiy akademiya tomonidan oʻzining rasmiy veb-saytida ijodkorlar taqdim etgan barcha loyiha takliflari, ushbu loyiha takliflarini koʻrib chiqish holati va natijalari (ular yuzasidan qabul qilingan qarorlar), shuningdek loyiha takliflarini mazkur Nizomning 11-bandida belgilangan mezonlarga muvofiq emas deb topish asoslari ochiq eʼlon qilib boriladi.
36. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Turkum ijodiy asarlarni davlat buyurtmasi asosida yaratish
SXEMASI
