Suv xoʻjaligi sohasidagi ayrim geografik obyektlarning nomlarini davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirish hamda yangi nom berish toʻgʻrisida (712-son)
10.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi va “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq hamda Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha respublika komissiyasining xulosasiga koʻra mamlakatimizdagi ayrim daryolar, soylar, koʻllar, buloqlar, sharsharalar, suv omborlari va sel suv omborlarining nomlarini davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Mamlakatimizdagi ayrim daryolar, soylar, koʻllar, buloqlar, sharsharalar, suv omborlari va sel suv omborlari roʻyxati ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, normativ-huquqiy hujjatlar, xaritalar, ish yuritish hujjatlari va xizmat yozishmalarida ushbu qaror bilan tasdiqlangan nomlardan foydalaniladi.
3. Suv xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda:
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda daryolar, soylar, koʻllar, buloqlar, sharsharalar, suv omborlari va sel suv omborlari nomlarining davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqlashtirilishi hamda yangi nom berilishi munosabati bilan tegishli hujjatlar, xaritalar, maʼlumotlar bazalariga oʻzgartirishlar kiritilishini;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda daryolar, soylar, koʻllar, buloqlar, sharsharalar, suv omborlari va sel suv omborlarida oʻrnatilgan peshlavhalar hamda axborot koʻrsatkichlaridagi yozuvlarning davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiq lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yozilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov va suv xoʻjaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 10-noyabr,
712-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-noyabrdagi 712-son qaroriga ILOVA
Mamlakatimizdagi ayrim daryolar, soylar, koʻllar, buloqlar, sharsharalar, suv omborlari va sel suv omborlari
ROʻYXATI
