“Kelajak merosi” xalqaro mukofoti toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (711-son)
08.11.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kelajak merosi” xalqaro mukofotini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-330-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PQ-330-son qaroriga muvofiq:
“Kelajak merosi” xalqaro mukofoti (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro mukofot) taʼsis etilgani;
“Kelajak merosi” xalqaro mukofoti kengashi tarkibi tasdiqlangani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Xalqaro mukofotga hujjatlarni taqdim etish, ularni koʻrib chiqish va talabgorlarni tanlab olish tartibi;
Xalqaro mukofot tanlovini tashkil etish va oʻtkazish, mukofot gʻoliblarini taqdirlash tartibi.
3. Belgilansinki:
Xalqaro mukofotning statuetkasi va diplomini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Madaniyat vazirligiga Davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi;
2025-yilda Xalqaro mukofot tanlovini tashkil etish va uni oʻtkazish hamda rasmiy veb-sahifasini ishlab chiqish va ishga tushirish xarajatlari Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi.
4. Madaniyat vazirligi bir hafta muddatda:
Xalqaro mukofotning statuetkasi va diplom loyihalarini tasdiqlash uchun “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti kengashiga kiritsin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Kiberxavfsizlik” DUK, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda Xalqaro mukofotning rasmiy veb-saytini ishlab chiqsin va uni ishga tushirsin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev hamda madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-noyabr,
711-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-noyabrdagi 711-son qaroriga ILOVA
“Kelajak merosi” xalqaro mukofoti toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro mukofot)ga nomzodlarni koʻrsatish, ularni tanlab olish mezonlari hamda gʻoliblarni aniqlash va taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Xalqaro mukofot adabiyot, madaniyat, sanʼat, ilm-fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar sohalarida yuksak natijalarga erishib, milliy va jahon taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqaroligi boʻlmagan hamda xorijiy fuqarolarga beriladi.
3. Xalqaro mukofot boʻyicha tanlov quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha tashkil etiladi:
adabiyot;
madaniy meros;
teatr va kino;
musiqa va raqs;
tasviriy va amaliy sanʼat;
moda va dizayn;
ilm-fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar.
4. Xalqaro mukofot uchun nomzodlarni tanlab olish va taqdirlash “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) tomonidan amalga oshiriladi.
Kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Kengashning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi organ) hisoblanadi.
6. Xalqaro mukofotning statuetkasi va diplom namunalari Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
2-bob. Xalqaro mukofotga nomzodlarning hujjatlarini taqdim etish va ularni koʻrib chiqish tartibi
7. Xalqaro mukofotga nomzodlarning hujjatlarini taqdim etish va ularni koʻrib chiqish ushbu Nizomga ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
8. Xalqaro mukofot tanloviga hujjatlarni taqdim etish tartibi Kengash tomonidan belgilanadi.
9. Xalqaro mukofot bilan taqdirlash uchun tavsiya etilayotgan nomzodlar quyidagi mezonlar asosida tanlab olinadi:
milliy va jahon taraqqiyotiga, shu jumladan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, ilm-fan, taʼlim va raqamli texnologiyalar rivojiga qoʻshgan hissasining ahamiyati;
amalga oshirilgan loyiha, yaratilgan yoki ijro etilgan asarning originalligi va innovatsionligi;
loyiha va asarning professional mutaxassislar va keng jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilganligi;
xalqaro tadbirlar, shu jumladan, konferensiya, koʻrgazma, festival, forum va tanlovlarda ishtirok etganligi.
10. Ishchi organ tomonidan har yili 5-yanvarda ommaviy axborot vositalari hamda Xalqaro mukofot veb-sayti orqali tanlov eʼlon qilinadi.
11. Nomzodlarning ilmiy va ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlari hamda loyihalari, ishlari va ijod namunalari har yili 5-yanvardan 5-fevralga qadar Ishchi organ tomonidan Xalqaro mukofot veb-sayti orqali qabul qilinadi.
12. Ishchi organ Xalqaro mukofotga tavsiya etilgan nomzodlar tomonidan taqdim etilgan ilmiy va ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlar hamda loyihalar, ishlar va ijod namunalarini har yili 1-martga qadar shakllantiradi.
13. Nomzodlar tomonidan taqdim etilgan ilmiy va ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlar hamda loyihalar, ishlar va ijod namunalarini koʻrib chiqish boʻyicha malakali mutaxassis va ijodkorlardan iborat tarkibda ushbu Nizomning 3-bandida nazarda tutilgan yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Ishchi guruhlar tarkibi Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
14. Ishchi guruhlar aʼzolari Kengash tomonidan belgilangan tartibda va miqdorda moddiy ragʻbatlantirilishi mumkin.
15. Ishchi guruhlar aʼzolarini moddiy ragʻbatlantirish bilan bogʻliq xarajatlar Xalqaro mukofotning xarajatlar smetasida nazarda tutiladi.
16. Ishchi organ har yili 10-martga qadar ishchi guruhlarga Xalqaro mukofotga tavsiya etilgan nomzodlarning ilmiy va ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlarni, ishlari va ijod namunalarini oʻrganib chiqish uchun taqdim etadi.
17. Ishchi guruhlar har yili 1-aprelga qadar Xalqaro mukofotga nomzodlar tomonidan taqdim etilgan ularning ilmiy va ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlarini hamda loyihalari, ishlari va ijod namunalarini koʻrib chiqib, xulosalar tayyorlaydi hamda Ishchi organga taqdim etadi.
18. Ishchi organ har yili 10-aprelga qadar ishchi guruhlar xulosalari asosida hujjatlarni rasmiylashtiradi, Kengash yigʻilishining bayoni loyihasini tayyorlaydi hamda koʻrib chiqish uchun Kengashga kiritadi.
19. Ishchi guruhlarning xulosalari oshkor etilmaydi.
20. Kengash har yili 20-aprelga qadar Ishchi organ tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqib, Xalqaro mukofot gʻoliblarini aniqlash boʻyicha Kengash yigʻilishida qaror qabul qiladi.
21. Kengash qarorlari Kengash yigʻilishining bayoni bilan rasmiylashtiriladi va Kengash raisi yoki yigʻilishga raislik qilgan Kengash raisining oʻrinbosari tomonidan imzolanadi.
22. Ishchi organ tomonidan Xalqaro mukofot gʻoliblari roʻyxati ommaviy axborot vositalarida hamda Xalqaro mukofot veb-saytida eʼlon qilinadi.
23. Kengash nomzodlar orasida qaysi yoʻnalish boʻyicha Xalqaro mukofot talablariga mos keluvchi nomzodlar mavjud emas deb topsa, ushbu yoʻnalishda Xalqaro mukofot topshirilmaydi.
24. Kengash yoki ishchi guruhlar aʼzolari Xalqaro mukofotni olish uchun tanlovga oʻz nomzodini taqdim etgan yilda Kengash yoki ishchi guruhlaridagi faoliyatini toʻxtatib turadi.
3-bob. Xalqaro mukofotni topshirish tartibi
25. Xalqaro mukofot gʻoliblarga tantanali ravishda topshiriladi.
26. Xalqaro mukofotni tantanali ravishda topshirish joyi va vaqti Kengash tomonidan belgilanadi.
27. Xalqaro mukofotning yoʻnalishlar boʻyicha gʻoliblarining har biri statuetka, diplom va 10 ming AQSH dollari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
28. Xalqaro mukofot gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimini tashkil etish, oʻtkazish, gʻoliblar uchun pul mukofotlari, chet ellik gʻoliblarning xorijdan kelib-ketish hamda mehmonxonada yashash bilan bogʻliq barcha xarajatlari Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti hisobidan amalga oshiriladi.
29. Bir shaxs xalqaro mukofot bilan bir marta taqdirlanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
30. Xalqaro mukofotga taqdim etilgan hujjatlar Ishchi organda saqlanadi va qaytarilmaydi.
31. Xalqaro tanlovning chet ellik gʻoliblariga pul mukofotlari mukofot jamgʻarmasiga teng ekvivalentda xorijiy valyutada toʻlanishi mumkin.
32. Xalqaro mukofotning xarajatlar smetasi Kengash tomonidan tasdiqlanadi.
33. Xalqaro mukofot gʻoliblarining ilmiy va ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlari, loyihalari, ishlari va ijod namunalarini ommalashtirish hamda ular bilan faol hamkorlikni yoʻlga qoʻyish chora-tadbirlari koʻriladi.
“Kelajak merosi” xalqaro mukofoti toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“Kelajak merosi” xalqaro mukofoti uchun nomzodlarni tanlab olish va ularni taqdirlash
SXEMASI
* 2025-yil uchun Kengash tomonidan belgilangan muddatlar amal qiladi.
