“Raqamli prokuratura-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PF-204-son)
03.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, korrupsiya illatiga barham berish, huquqbuzarliklarga qarshi kurashish faoliyatini raqamlashtirish ishlarini yanada kengaytirish hamda raqamli nazorat tizimini joriy etish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) 2030-yilga qadar ilgʻor xalqaro tajriba asosida prokuratura organlari faoliyatining barcha yoʻnalishlarini avtomatlashtirish hamda shaffofligi va tezkorligi darajasini keskin oshirish;
(b) prokuratura hamda boshqa davlat organlari va tashkilotlari oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvi sifati va tezkorligini oshirish;
(v) tergov va prokuror nazorati jarayonlarini elektron shaklga oʻtkazish.
II. Ustuvor yoʻnalishlar va asosiy vazifalar
2. Quyidagilar prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) prokuratura organlarining qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklariga, jamiyat va davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga rioya etilishini nazorat qilish sohasidagi faoliyatiga axborot tizimlari va sunʼiy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich keng joriy etish;
(b) davlat organlari va tashkilotlar bilan elektron hamkorlikni rivojlantirish hamda ish jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha axborot tizimlarini va boshqa zarur dasturiy taʼminotni yaratish;
(v) jinoyat ishlari boʻyicha ish yurituvni elektron shaklga oʻtkazish, jinoyat haqidagi ariza, xabar va boshqa maʼlumotlar kelib tushganidan jazoni ijro etishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oladigan yangi axborot tizimini yaratish, uni tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiradigan organlar faoliyatiga joriy etish hamda tegishli davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiya qilish;
(g) prokuratura organlarining axborot tizimlarining boshqa tashkilotlar axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlovchi Yagona idoralararo integratsiyalashuv platformasini yaratish;
(d) sudlarda ishlar koʻrilishida prokurorlarning videokonferensaloqa orqali masofadan ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish;
(j) prokuratura organlarini axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarni chuqur oʻzlashtirgan huquqshunos kadrlar bilan taʼminlab, xodimlarning ushbu yoʻnalishda malakasini oshirib borish.
3. Quyidagilar raqamlashtirish sohasida prokuratura organlarining asosiy vazifalari sifatida belgilansin:
(a) axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish, axborot tizimlari va resurslarini yuritishda qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish;
(b) axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishda qonun buzilishi holatlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish choralarini koʻrish;
(v) zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllashni kengaytirish, axborot tizimlari, telekommunikatsiya infratuzilmalari va tarmoqlarini modernizatsiya qilishga doir vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
(g) tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiradigan organlar tomonidan qonunlarning ijro etilishi ustidan samarali raqamli nazoratni olib borish;
(d) surishtiruv va dastlabki tergov harakatlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda tergov sifatini oshirib borish;
(j) jinoyatlarni samarali tergov qilish va ularga qarshi kurashishda zamon talablariga javob beradigan yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish va joriy etish.
4. Quyidagilar:
(a) “Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq;
(b) “Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
III. Raqamli texnologiyalar orqali korrupsiya omillarini aniqlash va bartaraf etish
5. Belgilansinki, prokuratura organlarining qonunlar ijro etilishi ustidan nazorat qilish faoliyati yoʻnalishida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik chora-tadbirlarni takomillashtirish, idoralararo raqamli hamkorlik mexanizmlarini joriy etish, tizimli tahlil asosida korrupsiya omillarini aniqlash hamda ularni samarali bartaraf etish maqsadida:
(a) respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat muassasalari va korxonalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarining (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) axborot tizimlari hamda axborot resurslarini loyihalashtirish, yaratish va modernizatsiyalash boʻyicha ishlab chiqiladigan texnik topshiriq va talablarda ushbu axborot tizimlari hamda axborot resurslarida real vaqt rejimida monitoring qilish imkoniyatini beruvchi “raqamli nazorat” funksiyasini joriy etish nazarda tutiladi.
Bunda “Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi” davlat muassasasi Bosh prokuratura bilan birgalikda davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarini loyihalashtirish, yaratish va modernizatsiyalash boʻyicha ishlab chiqilgan texnik topshiriqlarni “raqamli nazorat” funksiyasi mavjudligi boʻyicha ekspertizadan oʻtkazadi;
(b) 2026-yil 1-oktabrga qadar davlat organlari va tashkilotlarining mavjud axborot tizimlari va resurslarida “raqamli nazorat” funksiyasi ularning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan joriy etiladi va Bosh prokuraturaga taqdim etiladi;
(v) quyidagi davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslari bosqichma-bosqich Bosh prokuraturaning axborot tizimlari bilan majburiy tarzda toʻgʻridan-toʻgʻri (“Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi ishtirokisiz) integratsiya qilinadi hamda ulardagi maʼlumot va hujjatlardan foydalanish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi:
(i) 2026-yil 1-dekabrga qadar Sogʻliqni saqlash vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi;
(ii) 2030-yil 1-noyabrga qadar boshqa davlat organlari va tashkilotlari.
6. Bosh prokuratura prokuror nazorati funksiyalarini elektron shaklga oʻtkazish borasidagi vazifalardan kelib chiqib uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonuniga prokuratura organlarining davlat organlari va tashkilotlarining axborot infratuzilmasi obyektlari, axborot tizimlari, axborot resurslari, maʼlumotlar banki, maʼlumotlar bazasiga moneliksiz kirish, ulardagi elektron maʼlumot, hujjat va materiallarni koʻrish, monitoring qilish, oʻrganish uchun elektron hujjatlar hamda maʼlumotlarni olish huquqini belgilashga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga oid qonun loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.
7. Bosh prokuratura quyidagi imkoniyatlarga ega “Raqamli prokuror” axborot tizimlari kompleksini prokuratura organlari faoliyatiga joriy etsin:
(a) davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning mansabdor shaxslari tomonidan qonunlarning ijro etilishi, shuningdek, ular tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga muvofiqligini masofaviy nazorat qilish;
(b) davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlaridagi hujjatlar va ularning metamaʼlumotlarini onlayn olish, statistik va boshqa maʼlumotlarni oʻrganish;
(v) fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy ishlar boʻyicha sud jarayonida prokurorlarning masofadan ishtirok etishini taʼminlash;
(g) ekstraditsiya hujjatlari yuzasidan elektron nazorat ishini yuritish, huquqiy shartnomalar hisobini elektron yuritish, xalqaro-huquqiy yordam koʻrsatish haqida kelib tushgan va yuborilgan soʻrovlar hisobini olib borish;
(d) xodimlarni xizmatga qabul qilish, ularning mehnat faoliyati boʻyicha hujjatlar va maʼlumotlarni elektron shaklda yuritish;
(j) prokuratura organlari idoraviy hujjatlari, shu jumladan, ish rejalari hisobini yuritish, ularning ijrosi boʻyicha maʼlumotlarni toʻplash, prokuratura organlari faoliyatini tahlil qilish va rejalashtirish, tegishli maʼlumotlarni tizimlashtirish;
(z) prokuratura organlari faoliyati boʻyicha eʼlon qilingan (nashr etilgan) axborot materiallarini va oʻtkazilgan matbuot tadbirlari boʻyicha maʼlumotlarni toʻplash, prokuratura organlari aralashuvini talab qiladigan ommaviy axborot vositalarining xabarlari hisobini elektron shaklda yuritish;
(i) xodimlar oʻrtasida ijobiy tajriba va ishlashning yangi metodlari boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
(k) prokuratura organlarining moddiy ashyolari boʻyicha hujjatlar va maʼlumotlarni elektron shaklda yuritish.
8. Bosh prokuratura Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda nazorat qiluvchi organlar faoliyatida korrupsiyaning oldini olish hamda ular tomonidan oʻtkaziladigan, tadbirkorlik subyektlarini hamda davlat organlari va tashkilotlarining moliyaviy holatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan barcha turdagi nazorat tadbirlarida qonunlarga qatʼiy rioya etilishi ustidan monitoring olib borish maqsadida 2026-yil 1-mayga qadar “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimining sinov versiyasini ishlab chiqsin hamda 2026-yil 1-dekabrdan uning toʻliq versiyasini ishga tushirsin.
Bunda Bosh prokuratura Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan birgalikda 2026-yil 1-iyunga qadar “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimi “Yagona davlat nazorati” axborot tizimi bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
9. “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tegishli nazorat tadbirlarining (tekshirish, monitoring, masofaviy oʻrganishlar va boshqalar) markazlashgan yagona hisobini yuritish;
(b) prokuratura organlariga nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tegishli nazorat tadbirlari materiallari bilan toʻliq tanishish, nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tekshiruvlar oʻtkazish tartibiga rioya etilayotganligi ustidan nazoratni amalga oshirish imkoniyatini yaratish;
(v) nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbirlarining boshlanishidan yakunlanishigacha boʻlgan barcha jarayonlarga oid hujjatlarni (buyruq, dalolatnoma, taʼsir chorasi va boshqalar) yagona bazada shakllantirish.
10. Belgilansinki:
(a) nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tadbirkorlik subyektlarini hamda davlat organlari va tashkilotlarining moliyaviy holatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan barcha turdagi nazorat tadbirlariga oid barcha hujjatlarni “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimiga kiritish majburiy hisoblanadi;
(b) “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” yagona axborot tizimini ishlab chiqish nazorat qiluvchi organlarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
(v) Hisob palatasining “Davlat auditi” dasturidagi barcha davlat moliyaviy nazorati tadbirlari, shu jumladan, ichki audit xizmatlarining audit tadbirlari natijalariga doir barcha turdagi hujjatlar “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” yagona axborot tizimi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri (“Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi ishtirokisiz) integratsiya qilingan holda prokuratura organlariga taqdim etib boriladi.
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) Bosh prokuratura “Raqamli prokuror” axborot tizimlari kompleksiga vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlardan kelib tushgan konfidensial hujjatlar va maʼlumotlardan foydalanishni qatʼiy chegaralashga hamda ularning xavfsizligi taʼminlanishiga masʼul hisoblanadi;
(b) Bosh prokuratura Raqamli texnologiyalar vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda muntazam ravishda “raqamli nazorat” amalga oshirilishi mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan, raqamlashtirilmagan sohalarga axborot texnologiyalarini joriy etish, davlat organlari va tashkilotlarida mavjud axborot tizimlarini takomillashtirish hamda ularda metamaʼlumotlar yuritilishini taʼminlash boʻyicha belgilangan tartibda taklif kiritib boradi.
IV. Idoralararo elektron hamkorlikni rivojlantirish
12. Bosh prokuratura hamda vazirlik va idoralar (keyingi oʻrinlarda — hamkorlik qiluvchi tashkilotlar) oʻrtasidagi idoralararo elektron hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) hamkorlik qiluvchi tashkilotlardan maʼlumotlarning tezkorlik bilan olinishini taʼminlash maqsadida Bosh prokuraturaning “E-integratsiya” yagona integratsiyalashuv platformasi ishga tushiriladi hamda hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning axborot tizimlari va resurslari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri (“Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi ishtirokisiz) integratsiya qilinadi;
(b) hamkorlik qiluvchi tashkilotlarning oʻz axborot tizimlarini har qanday takomillashtirishi, agar bu takomillashtirish idoralararo elektron hamkorlik toʻgʻrisidagi hujjatlarning (kelishuvlar, texnologik yoʻriqnoma) oʻzgarishiga olib kelsa, Bosh prokuratura bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
V. Tergov faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali tergov sifatini oshirish
13. Bosh prokuratura, Oliy sud, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligining “E-tergov” axborot tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
(a) jinoyat ishi yurituvining barcha bosqichlarini elektron shaklga oʻtkazish;
(b) tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida qonunlarning ijro etilishi ustidan nazoratni raqamlashtirish;
(v) protsessual harakatlarni qayd etib borish, majburlov choralarini qoʻllash uchun prokurordan yoki prokurorning roziligi bilan suddan sanksiya olishda hujjat aylanmasini elektron shaklga oʻtkazish;
(g) jinoyat ishlarini malakalashda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali ayrim tergov jarayonlarini tahlil qilish va tavsiyalar berish;
(d) statistik maʼlumotlar oʻrtasida tafovutlar yuzaga kelishining oldini olish;
(j) surishtiruv va dastlabki tergov organlari, prokuratura organlari, sudlar va jazoni ijro etish muassasalari bilan axborot almashinuvini taʼminlash;
(z) sud ekspertizasini onlayn rejimda tayinlash;
(i) hujjatlarni qalbakilashtirishning oldini olish maqsadida barcha elektron hujjatlarni himoya qilish va haqqoniyligini tekshirish;
(k) moddiy zararni hisobga olish va undirish jarayonlarini monitoring qilish.
14. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) “E-tergov” va “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimlari, “Raqamli prokuror” axborot tizimlari kompleksi, “E-integratsiya” yagona integratsiyalashuv platformasining (keyingi oʻrinlarda — elektron axborot tizimlari) dasturiy taʼminoti Bosh prokuraturaning Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi serverlarida saqlanadi;
(b) elektron axborot tizimlarining boshqa axborot tizimlari bilan integratsiyalashuvi, ularning uzluksiz ishlashi, axborot xavfsizligi taʼminlanishi uchun Bosh prokuratura masʼul hisoblanadi;
(v) elektron axborot tizimlarida davlat sirlari bilan bogʻliq boʻlgan maʼlumotlarni qayta ishlash, uzatish, qabul qilish va saqlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
VI. Tashkiliy va moliyaviy taʼminot
15. Ushbu Farmon va Strategiyada belgilangan vazifalarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Bosh prokuraturaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi negizida Bosh prokuraturaning Raqamli texnologiyalar markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etiladi.
16. Belgilab qoʻyilsinki, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazoratning samarali amalga oshirilishini taʼminlash uchun Markaz tarkibida Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan qoʻshimcha ajratiladigan 5 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Raqamli nazoratga koʻmaklashish boʻlimi tashkil etiladi.
17. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) prokuratura organlarida raqamli texnologiyalarni joriy etish sohasida yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish;
(b) prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilish, inson omilini kamaytirish, shaffoflik va hisobdorlikni taʼminlovchi mexanizmlarni joriy etish;
(v) prokuratura organlari ehtiyojlari uchun axborot tizimlari va resurslari, sunʼiy intellekt texnologiyalari, maʼlumotlar bazalari va dasturiy komplekslarni ishlab chiqish, joriy etish, kuzatish, boshqarish va rivojlantirish;
(g) prokuratura organlarining axborot tizimlarini boshqa davlat organlari va tashkilotlarning axborot tizimlari bilan integratsiya qilish;
(d) prokuratura organlarida axborot va kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda axborot infratuzilmasini boshqarish va rivojlantirish;
(j) prokuratura organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilishi va axborot xavfsizligi taʼminlanganligi holatini tahlil qilish va tegishli takliflarni muntazam ravishda ishlab chiqish;
(z) davlat organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish jarayonlarida hamda axborot tizimlari va resurslarini yuritishda prokuror nazoratini amalga oshirishga koʻmaklashish.
18. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Markaz Bosh prokuraturaning mustaqil boshqarmasi huquqi bilan yuridik shaxs maqomisiz tashkil etiladi va Bosh prokuraturaning tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi;
(b) Markaz Bosh prokuror tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan, maqomi boʻyicha Bosh prokuratura boshqarma boshligʻiga tenglashtiriladigan boshliq tomonidan boshqariladi. Markaz boshligʻi xizmat avtotransport vositasi bilan taʼminlanadi;
(v) Markaz xodimlari Bosh prokuraturaning tegishli tarkibiy boʻlinmalari prokurorlari, katta prokurorlari va boshliqlari oʻrinbosarlari maqomiga ega boʻladi;
(g) Markaz xodimlariga ushbu Farmon talablarini hisobga olgan holda prokuratura organlari xodimlari uchun nazarda tutilgan barcha imtiyozlar, darajali unvonlar, moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya choralari tatbiq etiladi.
19. Markazning shtatlar jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
20. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar va nazorat idoralariga Bosh prokuratura bilan axborot tizimlari, resurslari va dasturiy mahsulotlarni yaratish, takomillashtirish va texnik kuzatuvga oid xizmatlar koʻrsatish (ishlarni bajarish, tovarlar va mahsulotlar yetkazib berish) boʻyicha tender (tanlov) savdolari oʻtkazmasdan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish huquqi berilsin.
21. Belgilab qoʻyilsinki, Markaz tomonidan bajarilgan ishlar uchun shartnomaga muvofiq oʻtkazilgan mablagʻlar Bosh prokuraturani rivojlantirish jamgʻarmasida jamlanadi va quyidagi maqsadlarda sarflanadi:
(a) prokuratura organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish;
(b) prokuratura organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
(v) boshqa mutaxassislarni (dasturchilar, kompyuter tizimlari va tarmoqlari xavfsizligi va avtomatlashtirilgan tizimlarda maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha mutaxassislar, kompyuter muhandislari, veb-dizaynerlar va boshqalar) shartnomaviy-huquqiy asosda jalb etish;
(g) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlarga yoʻnaltirish.
VII. Raqamli texnologiyalar sohasida kadrlarni tayyorlash
22. Bosh prokuratura, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Huquqni muhofaza qilish akademiyasida 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab har yilgi qabul parametrlari (kvotalari) doirasida kunduzgi taʼlim shaklida oʻqish muddati toʻrt yilni tashkil etadigan “Kiberhuquq” bakalavriat taʼlim yoʻnalishini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
23. Belgilansinki, “Kiberhuquq” taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash Huquqni muhofaza qilish akademiyasi uchun har yili ajratiladigan budjet mablagʻlari va budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
VIII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
24. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
25. Bosh prokuratura manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritsin.
26. Mazkur Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.T. Yoʻldoshev belgilansin.
27. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi boʻyicha departamentining boshligʻi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-noyabr,
PF-204-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-204-son Farmoniga 1-ILOVA
“Raqamli prokuratura — 2030”
STRATEGIYASI
1-bob. Umumiy qoidalar
Mamlakatimizda hayotning barcha jabhalariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, fuqarolar uchun qoʻshimcha qulayliklarni yaratish, davlat organlari faoliyatida tezkorlik va shaffoflikni taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, 2019 — 2024-yillar davomida prokuratura organlarida IT-infratuzilma shakllantirildi, zamonaviy Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi yaratildi, xavfsiz korporativ tarmoq tashkil etildi, IP-telefoniya, audio-videokonferensaloqa, “Elektron hujjat aylanishi” tizimlari joriy etilib, vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan 114 ta turdagi veb-servislar yaratildi.
Joriy etilgan axborot tizimlari va resurslari prokuratura organlarida anʼanaviy ish jarayonlarini qisqartirish, tezkorlik va unumdorlikni oshirish, inson omilini kamaytirishga xizmat qilib kelmoqda.
Shu bilan birga, prokuratura organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi holati bugungi dolzarb va istiqbolli vazifalarni lozim darajada hal qilish imkonini bermaydi, shu bois, prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilish dolzarb masalaga aylanmoqda.
Shu munosabat bilan hamda prokuratura organlarida tezkorlik va shaffoflikni taʼminlash, faoliyatni har tomonlama maqbullashtirish va toʻliq raqamlashtirish, shuningdek, ilgʻor axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishni jadallashtirish maqsadida prokuratura organlarini 2030-yilga qadar raqamli transformatsiya qilish boʻyicha “Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) ishlab chiqildi.
Strategiya Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarini raqamli transformatsiya qilishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalishlari, istiqbolli vazifalari, amalga oshirish mexanizmlari hamda kutilayotgan natijalarni belgilaydi.
Shu bilan birga, prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilish pirovard natijada qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning prokuratura organlariga ishonchini mustahkamlash va ularning faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
2-bob. Strategiyaning asosiy maqsadi va vazifalari
Strategiyaning asosiy maqsadi — prokuratura organlarini raqamli transformatsiya qilish sohasidagi yagona siyosatni shakllantirishdir.
Quyidagilar prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
dunyoning yetakchi davlatlari tajribasini chuqur oʻrgangan holda, prokuratura organlari faoliyatiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlar hamda prokuratura organlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni raqamlashtirish uchun qulay sharoitlar yaratish;
tartib-taomillarni elektron shaklga oʻtkazish va ortiqcha bosqichlarni chiqarib tashlash orqali ish jarayonlarini maqbullashtirish hamda raqamlashtirish;
axborot tizimlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish;
nazorat qilish obyektlari faoliyatini raqamlashtirish orqali prokuratura organlarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish;
tergovga qadar tekshiruv va tergov jarayonlari ustidan prokuror nazoratini olib borishni elektron shaklga oʻtkazish;
Bosh prokuratura tarkibida raqamli kriminalistika boʻyicha sud ekspertizalari va tadqiqotlari oʻtkazilishini amalga oshiruvchi maxsus boʻlinmani tashkil etish;
axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini integratsiya qilish orqali davlat organlari va tashkilotlardan zarur maʼlumotlarni tezkorlik bilan olishni yoʻlga qoʻyish;
sudlar va prokuratura organlari oʻrtasida elektron hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan, sudlarda ishlar koʻrib chiqilishida prokurorlar uchun masofadan ishtirok etish imkoniyatini yaratish;
axborot infratuzilmasining barqaror va uzluksiz ishlashini taʼminlash, uning axborot xavfsizligini mustahkamlash;
prokuratura organlari xodimlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakasini oshirib borish;
Huquqni muhofaza qilish akademiyasining sunʼiy intellektni rivojlantirish, kiberhuquq va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini takomillashtirish.
3-bob. Strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari
Strategiya doirasida quyidagilar prokuratura organlari faoliyatini raqamli transformatsiya qilishning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:
prokuratura organlarining qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklariga, jamiyat va davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga rioya etilishini nazorat qilish sohasidagi faoliyatiga axborot tizimlari va sunʼiy intellekt texnologiyalarini bosqichma-bosqich keng joriy etish;
davlat organlari va tashkilotlar bilan elektron hamkorlikni rivojlantirish hamda ish jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha axborot tizimlarini va boshqa zarur dasturiy taʼminotni yaratish;
ish jarayonlarini elektron shaklga oʻtkazishda tartib-taomillarni qayta koʻrib chiqish va raqamlashtirish, ortiqcha bosqichlarni chiqarib tashlash, shuningdek, ish jarayonlarini raqamlashtirishga qaratilgan axborot tizimlari komplekslarini keng joriy etish;
jinoyat ishlari boʻyicha ish yurituvni elektron shaklga oʻtkazish, jinoyat haqidagi ariza, xabar va boshqa maʼlumotlar kelib tushganidan jazoni ijro etishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oladigan yangi axborot tizimini yaratish, uni tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiradigan organlarning faoliyatiga joriy etish;
prokuratura organlari axborot tizimlarining boshqa tashkilotlar axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlovchi Yagona idoralararo integratsiyalashuv platformasini yaratish;
sudlarda ishlar koʻrilishida prokurorlarning videokonferensaloqa orqali masofadan ishtirok etish imkoniyatlarini keng joriy etish;
axborotni saqlash, qayta ishlash va himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, axborot infratuzilmasi ishonchliligini taʼminlash, maʼlumotlar bazalarini zaxiralash, maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq muntazam ravishda axborot tizimlari kiberxavfsizligini taʼminlash;
prokuratura organlarini axborot texnologiyalari sohasidagi bilimlarni chuqur oʻzlashtirgan huquqshunos kadrlar bilan taʼminlab borish, xodimlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida malakasini oshirib borish.
4-bob. Strategiyani amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar
Mazkur Strategiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarda “E-tergov” va “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimlari, “Raqamli prokuror” axborot tizimlari kompleksi hamda “E-integrasiya” yagona integratsiyalashuv platformasi joriy etiladi.
4.1. Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi hamda Milliy gvardiyada “E-tergov” axborot tizimi ishga tushiriladi.
Mazkur axborot tizimi — tergovga qadar tekshiruv va tergov jarayonlari oʻtkazilishi ustidan idoraviy va prokuror nazorati elektron shaklda yuritilishini taʼminlaydi va u quyidagi jarayonlarni raqamlashtirishga imkon beradi:
jinoyatlarga oid ariza, xabar, maʼlumotlarni qabul qilish va roʻyxatga olish;
tergovga qadar tekshiruvni oʻtkazish va materiallarni yuritish;
jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligi yoki qoʻzgʻatish rad etilganligi boʻyicha maʼlumotlarni yuritish, shu jumladan, jinoyat ishlari hamda tergovga qadar tekshiruv materiallariga tartib raqamlarini berish;
vizualizatsiya va videokonferensaloqa texnologiyalari hamda elektron planshetlar qoʻllangan holda tergovga qadar tekshiruv va tergov harakatlariga oid hujjatlarni yuritish, shu jumladan, hodisa joyini koʻzdan kechirish, tergov eksperimenti, yuzlashtirishlar davomida tushuntirishlar olish va bayonnomalar tuzish;
surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida jinoyat ishini yuritish, shu jumladan, protsessual harakatlarni qayd etib borish, protsessual hujjatlarning shakllarini joriy etish, hujjatlarni elektron raqamli imzo kalitlari va elektron qalam (stilus) orqali imzolash, jinoyat ishiga oid hujjatlar va materiallarni saqlash;
surishtiruv va dastlabki tergov organlari, prokuratura organlari, sudlar va jazoni ijro etish muassasalari oʻrtasida oʻzaro axborot almashish;
gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarni videokonferensaloqa vositalari orqali masofadan soʻroq qilish;
ishni sudga qadar yuritish bosqichida jinoyatlarga oid arizalar, xabarlar va boshqa maʼlumotlarni koʻrib chiqish, jinoyat ishi boʻyicha surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni tezkorlik bilan olish, gumon qilinuvchi va ayblanuvchining mol-mulkini xatlash, qidiruv eʼlon qilingan ayblanuvchilarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan cheklov choralarini koʻrish va bekor qilish;
sunʼiy intellekt texnologiyalarini qoʻllagan holda tergovchilar va surishtiruvchilarga jinoyatlarni malakalash boʻyicha maslahat va tavsiyalar berish;
huquqni cheklaydigan protsessual majburlov choralarini qoʻllash, jumladan shaxsni ushlab turish holatlari hisobini yuritish;
qonuniylikning ahvoli hamda jinoyatchilik darajasi haqidagi maʼlumotlarni qayta ishlash va ularni geoaxborot xaritada vizualizatsiya qilish;
ekspertiza tashkilotlari bilan hujjat almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan holda dalillar haqida maʼlumotlarni saqlash;
gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumlar hamda maʼmuriy huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasini yuritish;
jinoyat ishi boʻyicha aybga iqrorlik toʻgʻrisida kelishuv tuzish;
tergovga qadar tekshiruv va tergov jarayonlari oʻtkazilishi ustidan sunʼiy intellekt yordamida idoraviy va prokuror nazoratini oʻrnatish;
tergov qilingan jinoyat ishlari boʻyicha jinoyatlarning oldini olish yuzasidan koʻrilgan choralar (taqdimnoma) hisobini yuritish;
prokuror tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tegishli protsessual harakatlarga sanksiya berish;
prokuror tomonidan tergovga qadar tekshiruv materiallari, jinoyat ishi hujjatlari va materiallarini oʻrganib chiqish, ayblov xulosasini, ayblov dalolatnomasini tasdiqlash, jinoyat ishini sudga yuborish;
iltimosnoma, shikoyat va protestlarni koʻrib chiqish holatini onlayn rejimda kuzatib borish;
sudlarda jinoyat ishini koʻrib chiqish natijalarini yuritish;
sud qarorlari ijrosi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirish;
jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarga qoʻllaniladigan intizomiy jazolar hisobini yuritish;
jinoyat ishlarini yuritish imkoniyatlarini foydalanuvchilar vakolatiga koʻra qatʼiy chegaralash.
Sunʼiy intellektni toʻliq joriy etish uchun uni oʻrgatishga moʻljallangan hujjatlar oʻqiladigan raqamli shaklda, hujjatlarning tavsif beruvchi maʼlumotlari (rekvizitlar) esa yetarli hajmda boʻlishi lozim.
Tizimga jazoni ijro etuvchi muassasalar tomonidan mahkumlar boʻyicha maʼlumotlar, shu jumladan, jazoni ijro etuvchi muassasa manzili, mahkumning mehnatga jalb qilinganligi, unga nisbatan qoʻllanilgan ragʻbatlantirish va intizomiy jazo choralari, amnistiya va afv etish aktlari, jazodan ozod qilish bilan bogʻliq hujjatlar kiritiladi.
“E-tergov” axborot tizimi joriy etilishi natijasida:
jinoyat protsessining shaffofligi taʼminlanadi;
protsessual qonunchilikka qatʼiy rioya qilinishi taʼminlanadi;
jinoyat ishlariga oid hujjatlarni qalbakilashtirish va yoʻqotish xavfining oldi olinadi;
jinoyat ishini yuritish bilan bogʻliq jarayonlarga sarflanadigan vaqt tejaladi;
jarayon ishtirokchilari oʻrtasidagi hujjatlar almashinuvi soddalashtiriladi;
idoraviy va prokuror nazorati samarasi oshadi.
4.2. Prokuratura organlari nazorat faoliyati samaradorligini yanada yaxshilash maqsadida quyidagi axborot tizimlaridan iborat boʻlgan “Raqamli prokuror” axborot tizimlari kompleksi yaratiladi:
“E-nazorat”;
“E-tahlil”;
“E-matbuot”;
“Sudlarda prokuror ishtiroki”;
“E-xalqaro”;
“E-maslahat”;
“E-kadr”;
“Taʼminot”.
“E-nazorat” axborot tizimi — respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat muassasalari va korxonalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarida (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va tashkilotlari) qonunlar ijrosi ustidan nazoratni elektron shaklda amalga oshirishni taʼminlovchi tizim boʻlib, u quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
davlat organlari va tashkilotlarining buyruqlari, farmoyishlari, shartnomalari va yuridik tusdagi boshqa hujjatlarini va ularning metamaʼlumotlarini onlayn olish;
prokuror nazorati tadbirlariga (shu jumladan, tekshirishlarga) oid hujjatlar hamda ularning natijasi boʻyicha qoʻllanilgan prokuror nazorati hujjatlarini elektron yuritish;
nazorat obyektlarining axborot tizimlaridagi statistik maʼlumotlarni hamda ularning faoliyatiga doir maʼlumotlarni onlayn rejimda olish.
Nazorat obyektlarining axborot tizimlaridagi statistik va boshqa maʼlumotlarni oʻrganish maqsadida ulardagi “Shakl-1” va “Shakl-2” hujjatlari, maʼmuriy amaliyot, moliyaviy jarima va huquqiy taʼsir choralari bilan bogʻliq ish yuritilishi toʻliq raqamlashtiriladi. Ushbu axborot tizimlari “E-nazorat” axborot tizimi bilan integratsiya qilinadi.
“E-tahlil” axborot tizimi — prokuratura organlarida tashkiliy-nazorat va tahlil yoʻnalishida faoliyat yuritishni taʼminlovchi tizim boʻlib, u quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
prokuratura organlari idoraviy hujjatlari, shu jumladan, ish rejalari hisobini yuritish, ularning ijrosi boʻyicha maʼlumotlarni toʻplash;
boʻlinmalar faoliyati natijalari boʻyicha kiritilgan hujjatlar va maʼlumotlar hisobini yuritish;
prokuratura organlari faoliyatini tahlil qilish va rejalashtirish, tegishli maʼlumotlarni tizimlashtirish;
jinoyatlarga oid arizalar, xabarlar va boshqa maʼlumotlarni koʻrib chiqish va hal qilishga doir “2-Ya” shakl hisoboti koʻrsatkichlarini “E-material” axborot tizimidan olish;
surishtiruv va dastlabki tergov faoliyatiga doir “1-Ya” shakl hisoboti koʻrsatkichlarini “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimidan olish.
“E-matbuot” axborot tizimi — jamoatchilik bilan aloqalarni taʼminlovchi tizim boʻlib, u quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
prokuratura organlarida ommaviy axborot vositalari vakillaridan soʻrovnomalarni onlayn rejimda qabul qilish va rasmiy javoblarni yuborish;
prokuratura organlari faoliyati boʻyicha eʼlon qilingan (nashr etilgan) axborot materiallarini toʻplash;
oʻtkazilgan matbuot tadbirlari boʻyicha maʼlumotlarni toʻplash;
prokuratura organlari faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan axborotni taqdim etish boʻyicha kelib tushgan soʻrovlar hisobini yuritish;
prokuratura organlari haqida ijtimoiy fikr holatini tahlil qilish boʻyicha maʼlumotlarni toʻplash;
prokuratura organlari aralashuvini talab qiladigan ommaviy axborot vositalarining xabarlari hisobini yuritish.
“Sudlarda prokuror ishtiroki” axborot tizimi — sudlarda ishlar koʻrilishida prokuratura organlari xodimlarining masofadan ishtirok etishini taʼminlovchi tizim boʻlib, u quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
prokuratura organlari xodimlari masofadan videokonferensaloqa rejimida fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy ishlar boʻyicha sud muhokamalarida ishtirok etishini taʼminlash;
jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar koʻrib chiqilishi natijalari boʻyicha sud qarorlarini hamda tegishli hisobotlarni elektron shaklda olish.
“E-xalqaro” axborot tizimi — prokuratura organlarida xalqaro-huquqiy faoliyat yoʻnalishi boʻyicha tizim boʻlib, u quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
ekstraditsiya hujjatlari boʻyicha elektron nazorat ishlarini yuritish;
qidiruvdagi shaxslarni aniqlash va ushlash holatlari roʻyxatini yuritish;
xalqaro-huquqiy yordam koʻrsatish haqida kelib tushgan va yuborilgan soʻrovlar hisobini yuritish;
xorijiy davlatlarga va Oʻzbekistonga yuborilgan jinoyat ishlari boʻyicha maʼlumotlarni toʻplash;
xorijiy davlatlarda ozodlikdan mahrum etilgan va jazoni oʻtashni davom ettirish uchun qabul qilib olingan, shuningdek, oʻziga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasi qoʻllanilgan va majburiy davolashni davom ettirish uchun qabul qilib olingan shaxslar haqida maʼlumotlarni toʻplash;
prokuratura organlari xodimlarining chet el davlatlariga xizmat safarlari haqidagi maʼlumotlarni toʻplash;
chet el delegatsiyalari va xalqaro tashkilotlar vakillari tashriflari haqidagi maʼlumotlarni toʻplash;
xalqaro va xorijiy tashkilotlarga yuboriladigan maʼlumotlarni toʻplash;
Bosh prokuraturaning huquqiy shartnomalari hisobini yuritish.
“E-maslahat” onlayn forumi — Internet tarmogʻida ishlaydigan onlayn forum boʻlib, u quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
prokuratura organlari xodimlari oʻrtasida jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida hamkorlik qilish;
ijobiy tajriba va ishlashning yangi metodlari boʻyicha maʼlumotlar almashish.
“E-kadr” axborot tizimi — fuqarolarni prokuratura organlariga xizmatga qabul qilish hamda prokuratura organlari xodimlarining mehnat faoliyatini yuritish boʻyicha tizim boʻlib, u quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotlarni shakllantirib borish;
xizmatga qabul qilish haqidagi ariza va tegishli hujjatlarni onlayn rejimda qabul qilish, arizalarni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha elektron shaklda xabardor qilish;
nomzodlarni oʻrganish uchun zarur maʼlumotlar onlayn olinishini taʼminlash uchun davlat organlari hamda tashkilotlar oʻrtasida tezkor axborot almashish (pasport maʼlumotlari, yashash joyi, ish yoki oʻqish joyi, diplom haqiqiyligi, sudlanmaganligi, tugʻilganlik, nikoh tuzilganligi (nikoh bekor qilinganligi), oʻlim toʻgʻrisidagi maʼlumotlar).
xodim va uning xizmat faoliyati haqidagi maʼlumotlarni tizimlashtirish;
xodimlarni attestatsiyadan oʻtkazish va ularga darajali unvonlar berish muddatlari hamda mehnat taʼtili davomiyligini avtomatik ravishda hisoblash;
xodimlarning malakasi, ish tajribasi, yoshi va boshqa parametrlarga asosan ularni tasniflash;
ish vaqti hisobi tabellarini elektron shaklda yuritish;
xodimlarning xorijga chiqishlari va xizmat safarlariga yuborilishini hisobga olish.
“Taʼminot” axborot tizimi — prokuratura organlarining moddiy ashyolari hisobini yuritish boʻyicha tizim boʻlib, u quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
prokuratura organlari balansidagi binolarga quyosh panellari va invertorlar oʻrnatilishi hisobini yuritish, shuningdek, quyosh panellari ishlashi, olinadigan energiya resurslaridan oqilona foydalanilishi hamda tejamkorligini tahlil qilish;
prokuratura organlari xizmat avtotransport vositalarining hisobini, sugʻurta va texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi, qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuritish;
tovar-moddiy boyliklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yuritish.
4.3. Nazorat qiluvchi organlarda “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimi joriy etiladi.
“Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimi — nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan barcha turdagi nazorat tadbirlarida qonunlarga qatʼiy rioya etilishi ustidan monitoring olib borishni taʼminlovchi tizim boʻlib, u quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan barcha turdagi nazorat tadbirlarining (tekshirish, monitoring, masofaviy oʻrganishlar va boshqalar) markazlashgan yagona hisobini yuritish;
prokuratura organlariga nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlari materiallari bilan toʻliq tanishish, nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tekshiruvlar oʻtkazish tartibiga rioya etilayotganligi ustidan nazoratni amalga oshirish imkoniyatini yaratish;
nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan nazorat tadbirlarining boshlanishidan yakunlanishigacha boʻlgan barcha jarayonlarga oid hujjatlarni (buyruq, dalolatnoma, taʼsir chorasi va boshqalar) yagona bazada shakllantirish.
“Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” axborot tizimini joriy etish nazorat tadbirlarining barcha bosqichlarida shaffoflik va ularni izchil kuzatib borish imkoniyatini taʼminlaydi. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tekshiruvlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni markazlashgan tarzda yuritish maʼlumotlarning ishonchli saqlanishi va oʻzgarmasligini taʼminlaydi, roʻyxatdan oʻtkazilmagan tekshiruvlarni bartaraf etadi, amallar qonuniyligi ustidan prokuratura nazoratini soddalashtiradi va korrupsiya xavf-xatarlarini kamaytiradi.
Tekshiruv jarayonlarini raqamlashtirish va yagona tizimdan foydalanish nazorat qiluvchi organlar uchun quyidagi afzalliklarni beradi:
qogʻoz aylanmasi va mehnat sarfini qisqartirish;
oʻxshash tizimlarni takroriy yaratishning oldini olish;
tahliliy faoliyat va idoraviy ichki nazorat samaradorligini oshirish.
4.4. “E-integrasiya” yagona integratsiyalashuv platformasi — davlat organlari va tashkilotlar axborot tizimlaridagi zarur boʻlgan maʼlumotlarning tezkorlik bilan olinishini taʼminlovchi tizim boʻlib, u quyidagi imkoniyatlarga ega boʻladi:
ishni sudga qadar yuritish bosqichida jinoyatlarga oid arizalar, xabarlar va boshqa maʼlumotlarni koʻrib chiqish, jinoyat ishi boʻyicha surishtiruv va dastlabki tergovni, prokuror nazoratini masofadan amalga oshirish, murojaatlarni tekshirish doirasida zarur boʻlgan maʼlumotlarning tezkorlik bilan olinishini taʼminlash;
surishtiruv va dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar hamda prokurorlarning qarorlari, topshiriqlari, koʻrsatmalari hamda boshqa xabarnomalarini tegishli davlat organlari hamda tashkilotlarga elektron hujjat koʻrinishida yuborish, shuningdek, javoblarni mazkur tarzda qabul qilib olish;
jinoiy harakatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zararni qoplash choralarini koʻrish va uning samaradorligini oshirish maqsadida gumon qilinuvchi, ayblanuvchining mol-mulkini xatlash, shuningdek, qidiruv eʼlon qilingan ayblanuvchilarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan cheklov choralarini axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirish.
Mazkur yagona integratsiyalashuv platformasi joriy etilishi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻz faoliyatida kerak boʻladigan maʼlumotlarning onlayn rejimda olinishi taʼminlanadi, qogʻoz shaklda soʻrovlarni yuborish va javoblarni olish toʻxtatiladi.
4.5. “E-tergov”, “Raqamli prokuror” va “Tekshiruvlarning yagona elektron reyestri” dasturlarida foydalanuvchilarni autentifikatsiya qilish va ular haqidagi maʼlumotlar haqqoniyligini taʼminlash hamda foydalanuvchilar hisobini yuritish maqsadida “Kadrlar siyosati” axborot tizimi yaratiladi.
4.6. Strategiyada nazarda tutilgan barcha dasturlarni Bosh prokuraturaning Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi serverlarida ishga tushirish maqsadida Bosh prokuratura Maʼlumotlarni qayta ishlash markazining serverlari, telekommunikatsiya qurilmalari, axborot xavfsizligini taʼminlovchi tizimlari va boshqa texnik vositalari hamda muhandislik infratuzilmasi modernizatsiya qilinadi.
5-bob. Kutilayotgan natijalar
“Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasining amalga oshirilishi prokuratura organlari faoliyatining sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarilishiga hamda ularning zamonaviy, shaffof va samarali davlat institutiga aylanishiga xizmat qiladi.
Xususan, Strategiyani amalga oshirish natijasida 2030-yilga qadar quyidagi maqsadlarga erishiladi:
fuqarolarning huquq va erkinliklari, davlat va jamiyatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari ishonchli himoya qilinadi hamda jamiyatda adolat va qonuniylik prinsiplari mustahkamlanadi;
prokuratura organlarini raqamli transformatsiya qilish orqali ish jarayonlarining tezligi va samaradorligi oshadi, shuningdek, hujjat aylanishi va maʼlumotlar almashinuvi yanada osonlashtiriladi;
sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish orqali tahlil qilish va qaror qabul qilish jarayonlari yanada yengillashadi;
jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligi hamda tergovga qadar tekshiruv va tergov jarayonlari ustidan prokuror nazorati sifati oshiriladi, shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida jinoyatlarni malakalash imkoniyati yaratiladi;
prokuratura organlari va sudlar oʻrtasida oʻzaro munosabatlar toʻliq raqamlashtiriladi, prokuratura organlari xodimlarining sud majlislarida masofadan ishtirok etish imkoniyati yaratiladi, sudlarda ishlar koʻrilishida prokuror vakolatini taʼminlash sifati yaxshilanadi;
prokuratura organlarining tashkiliy-nazorat va tahlilot, matbuot xizmati, xalqaro-huquqiy aloqalar bilan bogʻliq faoliyatlari yanada takomillashtiriladi;
huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasidagi hamkorlik samaradorligi hamda ular tomonidan zarur boʻlgan maʼlumotlarni olish tezkorligi oshadi;
prokuratura organlari xodimlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha malakasi va kasbiy mahorati oshadi, ular oʻrtasida tajriba almashish va oʻzaro hamkorlik kuchayadi;
tizimlar va maʼlumotlar himoyalanishi yanada kuchaytiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-204-son Farmoniga 2-ILOVA
“Raqamli prokuratura — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-204-son Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Raqamli texnologiyalar markazi xodimlarining
SHTATLAR JADVALI
* Markaz xodimlarining umumiy soni — 30 birlik, shundan:
bosh mutaxassis — 1;
yetakchi mutaxassis — 1;
kompyuter texnigi — 6.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-204-son Farmoniga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-99-son Farmonining 5-bandi toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Markaz boshligʻi maqomi, mehnatga haq toʻlash shartlari va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha Bosh prokuraturaning boshqarma boshligʻiga, Markaz xodimlari maqomi va mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha Bosh prokuratura boshqarma xodimlarining tegishli toifalariga tenglashtiriladi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 13-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy muhofaza qilishni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2065-son qaroriga 1-ilova rus tilidagi matnining “Naimenovaniya doljnosti” ustunida:
(a) 4-pozitsiyadagi “nachalnik upravleniya,” soʻzlaridan keyin “sentra,” soʻzi bilan toʻldirilsin;
(b) 5-pozitsiyadagi “otdela v sostave upravleniya,” soʻzlaridan keyin “sentra,” soʻzi bilan toʻldirilsin;
(v) 7-pozitsiyadagi “otdela, vxodyashego v sostav upravleniya,” soʻzlaridan keyin “starshiy spetsialist po informatsionnim texnologiyam otdela, vxodyashego v sostav sentra,” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
(g) 8-pozitsiyadagi “otdela, vxodyashego v sostav upravleniya,” soʻzlaridan keyin “spetsialist po informatsionnim texnologiyam otdela, vxodyashego v sostav sentra,” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazini tashkil qilish toʻgʻrisida”gi PQ-3070-son qarorida:
(a) 1-bandning ikkinchi xatboshisidagi “20” raqami “28” raqami bilan almashtirilsin;
(b) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazining
TUZILMASI
Markaz xodimlarining umumiy soni — 28 birlik, shundan 25 nafari boshqaruv xodimlari.
* shundan barcha 3 nafari texnik xodimlar”;
(v) 4-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish markazi xodimlarining
SHTATLAR JADVALI
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-maydagi PQ-4328-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektron hukumat” tizimi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish doirasida idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari, dasturiy mahsulotlar yaratish va joriy etish boʻyicha loyihalar hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomining 27-bandi quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Bunda Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan birgalikda respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat muassasalari va korxonalari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlarining axborot tizimlari va resurslarini loyihalashtirish, yaratish va modernizatsiyalash boʻyicha texnik topshiriqlarini “raqamli nazorat” funksiyasi mavjudligi boʻyicha ekspertizadan oʻtkazadi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-357-son qarorining 11-bandida:
(a) uchinchi xatboshi quyidagi mazmundagi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan almashtirilsin:
“tijorat maqsadlarida foydalanish uchun — “Elektron hukumat” tizimining Raqamli maʼlumotlar platformasi orqali toʻlov asosida;
huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonun bilan yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida foydalanish uchun — ushbu huquqni muhofaza qiluvchi organlarning axborot tizimlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri integratsiya qilish orqali begʻaraz asosda taqdim etiladi”;
(b) toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishincha beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
