Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (672-son)
24.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 11-iyuldagi PQ-223-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 11-iyuldagi PQ-223-son qaroriga muvofiq Savdo-sanoat palatasi huzurida Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi (keyingi oʻrinlarda — Ekspert kengashi) tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Ekspert kengashining maqomi, asosiy funksiyalari, vazifalari, huquq va majburiyatlari, shuningdek, faoliyatini tashkil etish tartibi;
tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish tartibi.
3. Savdo-sanoat palatasi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qarorning mazmun-mohiyati va ahamiyati ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini taʼminlasin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 24-oktabr,
672-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-oktabrdagi 672-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashining (keyingi oʻrinlarda — Kengash) faoliyatini tashkil etish hamda tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish va ular yuzasidan xulosalar berish tartibini belgilaydi.
2. Kengash yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzurida (keyingi oʻrinlarda — Palata) doimiy faoliyat yurituvchi kollegial organ hisoblanadi.
Palata Kengashning ishchi organi hisoblanadi.
3. Kengash oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
4. Kengashda Soliq qoʻmitasining soliqqa oid nizolar yuzasidan chiqargan qarorlaridan norozi boʻlgan tadbirkorlik subyektlarining Kengashga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki boshqa vazirlik va idoralar orqali qilgan murojaatlari koʻrib chiqiladi. Jinoyat ishi doirasida yoki sud tartibida koʻrib chiqilayotgan soliqqa oid nizolar bundan mustasno.
2-bob. Kengashning asosiy vazifalari, funksiyalari va huquqlari
5. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish hamda ular yuzasidan xulosalar berish;
soliq qonunchiligiga oid normativ-huquqiy hujjatlar va ularning qoʻllanishini oʻrganish, shuningdek, huquqni qoʻllash amaliyoti sifatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqishda biznes hamjamiyati, davlat organlari va tashkilotlari hamda ilmiy tashkilotlar bilan oʻzaro hamkorlik oʻrnatish.
6. Kengash oʻziga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
oʻrnatilgan tartibda kelib tushgan murojaatlarni ish yurituviga qabul qiladi va Kengash yigʻilishida koʻrib chiqish masalasini oʻrganadi;
Kengashda koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan murojaatlarni navbatdagi yigʻilishga hujjatlarni tayyorlaydi;
soliqlar, penyalar, jarimalar va boshqa majburiy toʻlovlar qonunchilik normalariga asosan toʻgʻri hisoblanganligini hamda nizoga oid boshqa masalalarni oʻrganadi;
soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish natijasi yuzasidan vakolatli organlar tomonidan koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan xulosalar qabul qiladi;
soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish davomida aniqlangan soliq qonunchiligidagi qarama-qarshiliklar va noaniqliklarni bartaraf etish, yagona huquqni qoʻllash amaliyotini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, soliq qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi, ularni vakolatli organlarga kiritadi;
soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish amaliyotini umumlashtirib, koʻp takrorlanuvchi nizoli masalalar hamda ularning oldini olish boʻyicha takliflarni ishlab chiqadi hamda manfaatdor tashkilotlar va keng jamoatchilikka yetkazadi;
tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida soliqqa oid nizolarni sudgacha hal qilishning afzalliklari yuzasidan targʻibot-tashviqot tadbirlarini amalga oshiradi.
7. Kengash quyidagi huquqlarga ega:
tadbirkorlik subyektlarini soliqqa tortish bilan bogʻliq materiallar va maʼlumotlar bilan tanishish, ulardan koʻchirmalar olish;
soliq tekshiruvlariga taalluqli materiallar bilan tanishish va ularni olish;
vazirliklar va idoralardan, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, nodavlat notijorat tashkilotlardan Kengash vakolatlariga taalluqli masalalar boʻyicha maʼlumot, hujjat va materiallarni soʻrash va bepul olish;
soliq, bojxona, iqtisodiyot, moliya va huquq sohasida yetarli bilim, malaka va koʻnikmalarga ega boʻlgan mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish. Bunda Ekspert kengashiga jalb qilingan mutaxassis va ekspertlarning faoliyati Savdo-sanoat palatasi hamda Tarmoqlarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
davlat organlari va tashkilotlariga soliq qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritish.
8. Kengash soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqishda:
xolislik, qonuniylik, adolatlilik hamda huquqni qoʻllash amaliyotining birxilligini taʼminlashi;
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilishi;
soliq qonunchiligidagi bartaraf etib boʻlmaydigan barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklarni tadbirkorning foydasiga talqin qilish shart.
3-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish tartibi
9. Kengash rais, rais oʻrinbosarlari, Kengash aʼzolari va kotibdan iborat tarkibda shakllantiriladi va doimiy asosda faoliyat yuritadi.
Kengash tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlanadi.
Davlat organlaridan jalb qilinmagan Kengash aʼzolari tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar Kengash raisi oʻrinbosarlari taqdimnomalari asosida Kengash raisi tomonidan kiritilishi mumkin.
10. Kengash majlislarini rais, rais ishtirok etolmagan taqdirda — rais oʻrinbosari olib boradi. Kengash majlisi Kengash aʼzolaridan kamida uchdan ikki qismi qatnashayotgan boʻlsa vakolatlidir.
Kengash majlislari bir oyda kamida ikki marta oʻtkaziladi.
11. Kengash faoliyati xulosalar berishda teng huquqlilik va kollegiallik tamoyillariga asoslanadi.
12. Koʻrilayotgan soliqqa oid nizolar boʻyicha Kengash xulosalari Kengash aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan hollarda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
Kengash kotibi ham ovoz berish huquqiga ega boʻladi.
Kengash aʼzolari ovoz berish jarayonida betaraf qolishga haqli emas. Kengashning har bir aʼzosi berilayotgan xulosalar boʻyicha oʻzining alohida fikrini yozma ravishda bildirishga haqlidir.
Kengash yigʻilishida ishtirok etish imkoni boʻlmagan holatlarda, uning aʼzosi yigʻilish kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻz fikrini yozma shaklda yuborishi mumkin. Bunda uning fikri yigʻilishda koʻrib chiqiladi.
13. Kengash xulosalari Kengash majlisi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
Kengash majlisi bayonnomasi Kengash kotibi tomonidan tuziladi, uni majlisda qatnashgan Kengash aʼzolari imzolaydi hamda Kengash raisi tomonidan tasdiqlaydi.
Manfaatdor shaxslarga kotib tomonidan muhrlangan va Kengash raisi tasdiqlagan bayonnomadan koʻchirma joʻnatiladi.
14. Kengash raisi vakolatlariga quyidagilar kiradi:
Kengashga rahbarlik qilish va uning faoliyatini muvofiqlashtirish;
Kengash majlislari kun tartibini belgilash va ularni chaqirish, Kengash majlislarini olib borish;
Kengash tomonidan berilgan xulosalarning vakolatli organ tomonidan koʻrib chiqilishini nazorat qilish;
tadbirkorlik subyektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlar vakillarini Kengash majlislarida ishtirok etishga taklif qilish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarda Kengash nomidan qatnashish;
Kengash raisi oʻrinbosarlari taqdimnomalari asosida davlat organlaridan jalb qilinmagan Kengash aʼzolari tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
Kengash faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan boshqa funksiyalarni amalga oshirish.
15. Kengash raisi oʻrinbosari vakolatlariga quyidagilar kiradi:
Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalar boʻyicha Kengash raisiga takliflar kiritish, shuningdek, Kengash raisi bilan kelishilgan holda, Kengash majlisining kun tartibini shakllantirish;
Kengash raisi ishtirok etolmagan hollarda, u bilan kelishilgan holda Kengash majlislarini olib borish;
Kengash aʼzolari faoliyatini muvofiqlashtirish;
davlat organlaridan jalb qilinmagan Kengash aʼzolari tarkibiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha Kengash raisiga taqdimnomalar kiritish.
Kengash faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish uchun boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
16. Kengash aʼzolari vakolatlariga quyidagilar kiradi:
Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilish, tegishli xulosalar berishda ishtirok etish;
Kengashga soliqqa oid nizolarni hal etish boʻyicha takliflar kiritish;
Kengash majlislarida shaxsan ishtirok etish, majlisda ishtirok eta olmasa oʻz fikrini yozma ravishda Kengashga taqdim etish;
Kengash majlislarini oʻtkazish rejasi va kun tartibi boʻyicha takliflar kiritish.
17. Kengash kotibi Ishchi organ bilan birgalikda:
tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolar boʻyicha murojaatlarni qabul qiladi va roʻyxatdan oʻtkazadi;
murojaatni oʻrganib chiqib, mazkur Nizom talablari asosida murojaatni Kengash majlisida koʻrib chiqish yoki uni rad etish toʻgʻrisida yozma ravishda murojaat muallifiga javob yuboradi;
Kengash majlislarining kun tartibi loyihasini Kengash raisi oʻrinbosarlari bilan kelishgan holda shakllantiradi va Kengash raisiga taqdim qiladi;
soliqqa oid nizolarni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan materiallarni Kengash aʼzolariga tarqatadi;
Kengash kun tartibidagi masalalar boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
Kengash aʼzolarining soliqqa oid nizolar boʻyicha fikrlarini umumlashtiradi;
Kengash majlisi bayonnomalarini yuritadi, rasmiylashtiradi, shuningdek, Kengash xulosalari loyihalarini tayyorlaydi;
Kengash xulosalarining hisobini hamda monitoringini yuritadi;
tasdiqlangan bayonnomadan koʻchirmalarni Kengash aʼzolariga hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi;
Kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlaydi.
Kengash kotibi va Ishchi organ qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega boʻlishi mumkin.
4-bob. Kengashda tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolar boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi
18. Kengashga tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolar boʻyicha Nizomga 1-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq murojaat qiladi.
19. Kengashda tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolar boʻyicha murojaatlar Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq koʻrib chiqiladi.
20. Mazkur Nizomning 18-bandida nazarda tutilgan murojaatlar Kengash kotibi tomonidan besh ish kuni ichida oʻrganib chiqiladi.
Quyidagi hollarda murojaatni koʻrib chiqish rad etiladi:
Soliq qoʻmitasining soliqqa oid nizolar yuzasidan chiqargan qarori nusxasi taqdim etilmaganda;
jinoyat ishlari doirasida yoki sud tartibida koʻrib chiqilayotgan soliqqa oid nizolar murojaatlar kelib tushganda;
Kotib oʻrganish natijalariga koʻra murojaat Kengash kun tartibiga kiritilishi yoki asoslantirilgan holda kun tartibiga kiritilmasligi toʻgʻrisida yozma ravishda Nizomga 3-ilovada keltirilgan shaklga muvofiq murojaat muallifiga javob yuboradi.
21. Kotib yetti ish kunida Kengash majlislarining kun tartibi loyihasini Kengash raisi oʻrinbosarlari bilan kelishgan holda shakllantiradi va Kengash raisiga taqdim qiladi.
22. Kengash raisi yoki rais boʻlmagan taqdirda, u bilan kelishilgan holda rais oʻrinbosari Kengash majlisi kun tartibini tasdiqlaydi.
23. Kengash majlisi yakuni boʻyicha uch ish kunida soliqqa oid nizoni koʻrib chiqish natijasi yuzasidan qabul qilingan xulosani oʻz ichiga olgan tasdiqlangan bayonnomadan koʻchirmalar Kengash aʼzolariga, murojaatchiga hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuboradi.
24. Kengashning xulosalari vakolatli organ tomonidan koʻrib chiqiladi va koʻrib chiqish natijasi yuzasidan qaror qabul qilingandan soʻng 3 ish kunida Kengashga axborot kiritiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
25. Kengash qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
26. Ushbu Nizomda nazarda tutilmagan Kengash faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar Palataning ichki hujjatlari bilan belgilanadi.
27. Kengash hamda tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida vujudga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
28. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Ekspert kengashiga tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolar boʻyicha murojaat shakli
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Kengashda tadbirkorlik subyektlari va soliq organlari oʻrtasida yuzaga kelgan soliqqa oid nizolar boʻyicha murojaatlarni koʻrib chiqish
SXEMASI
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi Soliqqa oid nizolar boʻyicha ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Ekspert kengashiga tadbirkorlik subyekti tomonidan berilgan murojaat yuzasidan xabarnoma
