Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-189-son)
22.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasiga muvofiq mamlakatimizda zamonaviy texnologiyalarning jadal rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, sunʼiy intellektni keng joriy qilish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, ushbu yoʻnalishga qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish hamda malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
(a) 2026-yil yakuniga qadar davlat boshqaruvi organlari, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy qilish boʻyicha kamida 100 ta loyihani amalga oshirish;
(b) 2030-yil yakuniga qadar zamonaviy sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga 1 milliard AQSH dollaridan ortiq miqdorda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
(v) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta taʼlim hamda oliy taʼlim tizimining oʻquv dasturlari va darsliklariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini oʻqitish boʻyicha mavzularni kiritish;
(g) 2026-yil yakuniga qadar mamlakatda faoliyat yuritayotgan oliy taʼlim tashkilotlarida 15 ta sunʼiy intellekt laboratoriyalarini ishga tushirish.
II. Sunʼiy intellektni rivojlantirish boʻyicha institutsional tadbirlar
2. Belgilansinki:
(a) sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilishda institutsional bazani takomillashtirish boʻyicha davlat organlari xodimlari, tadbirkorlik subyektlari, xorijdagi vatandoshlar va chet ellik mutaxassislardan iborat tarkibda Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida Maslahatlashuv kengashi tashkil qilinadi;
(b) 2025-yil yakuniga qadar sunʼiy intellekt yoʻnalishida amalga oshirilayotgan loyihalar, dasturlar, startaplar va bepul onlayn kurslar haqidagi maʼlumotlarni aks ettiruvchi “ai.gov.uz” milliy portali ishga tushiriladi. Bunda portalni yaratish, qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish va uning axborot xavfsizligini taʼminlash vazifasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markaziga (keyingi oʻrinlarda — Markaz) yuklanadi;
(v) oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlar hamda startaplarga ularning ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari uchun grafik ishlov berish bloklari (GPU klaster) va “katta maʼlumotlar” bazalaridagi maʼlumotlardan Markaz tomonidan belgilanadigan axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda bepul yoki imtiyozli ravishda foydalanish yoʻlga qoʻyiladi;
(g) Markaz mazkur Farmonga muvofiq Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladigan sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish boʻyicha loyihalarning buyurtmachisi va ularning amaliyotga joriy etilishi uchun masʼul organ hisoblanadi.
3. 2026-yil 1-yanvardan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etishni nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarning va texnik topshiriqlarning loyihalari Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan majburiy tartibda kelishiladi;
(b) sunʼiy intellekt texnologiyalarini kriptoaktivlar aylanmasi, elektron tijorat, sugʻurta va qimmatli qogʻozlar sohalarida hamda blokcheyn asosida faoliyat yuritadigan axborot tizimlarida joriy etish tartib-taomillari Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan belgilanadi.
4. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(i) yoshlarning sunʼiy intellekt texnologiyalariga qiziqishini yanada oshirish va ragʻbatlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sovrini uchun “Sunʼiy intellekt yoʻnalishida eng yaxshi startap” (President AI Award) tanlovi oʻtkaziladi;
(ii) davlat organlari, ustav fondi (ustav kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari (keyingi oʻrinlarda — davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlari) hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining raqamli transformatsiya holatini baholashda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish koʻrsatkichlari inobatga olinadi;
(b) reyting natijasiga asosan 2026-yil 1-martdan boshlab yiliga ikki marotaba eng yaxshi sunʼiy intellekt loyihalarini joriy etgan vazirlik va idoralar oʻrtasida “Sunʼiy intellekt boʻyicha eng yaxshi loyiha” tanlovi oʻtkaziladi.
5. Raqamli texnologiyalar vazirligining sunʼiy intellektni rivojlantirish sohasida quyidagi vazifalarni bajarish maqsadida “Sunʼiy intellekt alyansi” nodavlat notijorat tashkiloti (keyingi oʻrinlarda — Alyans)ni tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:
(a) davlat organlari, xususiy sektor va ilmiy jamoatchilikning saʼy-harakatlarini birlashtirish;
(b) vazirlik, idora va hokimliklar, yetakchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va akseleratorlar bilan hamkorlikni rivojlantirish;
(v) maxsus mediakontent yaratish va xalqaro PR-kampaniyalar oʻtkazish, keng koʻlamli tushuntirish ishlarini olib borish;
(g) mahalliy tashkilotlar va mutaxassislarning xalqaro koʻrgazmalar, forumlar va konferensiyalardagi ishtirokiga koʻmaklashish;
(d) xalqaro ekspertlar, investorlar va tadbirkorlarni jalb etgan holda maʼruzalar va mahorat darslari tashkil etish.
6. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 2026-yildan boshlab Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasiga Raqamli texnologiyalar vazirligining soʻrovlariga muvofiq 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarning quyidagi taqsimot asosida ajratilishini taʼminlasin:
(a) 90 million AQSH dollari 3 yillik imtiyozli davr bilan 7 yil muddatga foizsiz kredit sifatida quyidagi maqsadlarga ajratiladi:
(i) sunʼiy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish;
(ii) sunʼiy intellekt yoʻnalishidagi loyihalarni amalga oshirish;
(b) 10 million AQSH dollari begʻaraz asosda quyidagi maqsadlarga ajratiladi:
(i) sunʼiy intellekt yoʻnalishida malakali kadrlar tayyorlash va oʻqituvchi-pedagoglarning malakasini oshirish;
(ii) tanlovlar va xakatonlarni oʻtkazish;
(iii) Alyans faoliyatini yoʻlga qoʻyish va qoʻllab-quvvatlash.
7. Belgilansinki:
(a) Farmonning 6-bandida nazarda tutilgan mablagʻlar “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha muvofiqlashtirish komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtirish komissiyasi) tomonidan taqsimlanadi;
(b) Farmonning 6-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan mablagʻlar:
(i) Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi;
(ii) Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi tashkilotlar va ular ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, respublika oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida tanlov oʻtkazish orqali sunʼiy intellekt yoʻnalishidagi loyihalarni amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladi.
III. Sunʼiy intellekt loyihalarini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasida qiymati 100 million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan sunʼiy intellekt infratuzilmasini yaratish loyihalari boʻyicha investorlarga 1-ilovaga muvofiq imtiyoz va preferensiyalar maxsus paketi taqdim etiladi;
(b) 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlariga grafik protsessorlarni ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning rasmiy distribyutorlari orqali toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilishga ruxsat etiladi;
(v) 2026-yil 1-iyundan boshlab sunʼiy intellektga asoslangan axborot tizimlari (dasturiy mahsulotlar)ni joriy etish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat xaridlarini:
(i) Raqamli texnologiyalar vazirligi, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq yuritiluvchi reyestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari bilan;
(ii) umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 2,5 ming barobaridan oshmagan shartnomalar doirasida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida amalga oshirishga ruxsat etiladi.
9. Yoshlarning sunʼiy intellekt texnologiyalariga qiziqishini oshirish va startap ekotizimini yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Umummilliy sunʼiy intellekt xakatoni” (keyingi oʻrinlarda — Xakaton)ni oʻtkazish yoʻlga qoʻyilsin. Bunda:
(a) Xakaton sogʻliqni saqlash, taʼlim, sud tizimi, suv xoʻjaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish yoʻnalishlarida Alyans tomonidan oʻtkaziladi;
(b) Xakatonni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan begʻaraz asosda Raqamli texnologiyalar vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan teng ulushlarda jami 50 milliard soʻmgacha miqdorda qoplanadi;
(v) Xakatonda gʻolib boʻlgan yoshlarning istiqbolli startap loyihalariga Yoshlar ishlari agentligining “Yoshlar ventures” venchur jamgʻarmasi hisobidan investitsiya mablagʻlari ajratiladi;
(g) Xakaton ishtirokchilarini roʻyxatga olish, jamoalarni shakllantirish va ularning reytingini yuritish hamda Xakaton yoʻnalishlari va bosqichlari haqida maʼlumotlarni eʼlon qilish Raqamli texnologiyalar vazirligining Startap loyihalar ekotizimi platformasi orqali amalga oshiriladi.
10. Raqamli texnologiyalar vazirligi:
(a) 2026-yil 1-martga qadar sunʼiy intellektni qoʻllagan holda ob-havoni oldindan prognoz qilish tizimini joriy qilsin hamda ushbu tizimni favqulodda vaziyatlar, transport va energetika yoʻnalishlarida qoʻllash yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
(b) 2026-yil yakuniga qadar kamida 15 milliard parametrni oʻz ichiga olgan “Oʻzbek tili korpusi” yaratilishini hamda uning kamida 5 ta ochiq katta til modellariga joriy etilishini taʼminlasin.
11. Muvofiqlashtirish komissiyasi bir oy muddatda soha va tarmoqlarda sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha loyihalar roʻyxatini tasdiqlasin. Bunda:
(a) loyihalar “soha va tarmoqlar — taʼlim va ilm-fan” zanjiri asosida amalga oshiriladi;
(b) loyihalar roʻyxati sohalardagi xavf-xatarlar darajasidan kelib chiqib, davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlari faoliyatida mavjud muammolarni sunʼiy intellektga asoslangan yechimlar orqali hal etish asosida shakllantiriladi;
(v) loyihani amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlar davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlari tomonidan loyihalar joriy etilgandan soʻng besh yil davomida toʻliq miqdorda Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasiga qaytariladi;
(g) loyihalarning oʻz muddatida va sifatli joriy etilishi postmonitoringi Markaz tomonidan amalga oshiriladi;
(d) Muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan loyihalarning joriy holati va samaradorlik koʻrsatkichlariga erishilishi har yili kamida ikki marotaba muhokama qilib boriladi.
IV. Malakali kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish
12. Quyidagilarni nazarda tutuvchi sunʼiy intellekt texnologiyalari boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish hamda yoshlarning ushbu yoʻnalishga qiziqishini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
(a) umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining oʻquvchilarini sunʼiy intellekt boʻyicha oʻqitish, bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan “Sunʼiy intellekt kuni” milliy dasturini joriy etish hamda dastur doirasida oʻquvchilar darsliklari va oʻqituvchilar uchun qoʻllanmalar ishlab chiqish;
(b) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab “Informatika va axborot texnologiyalari” boʻyicha maktab dasturlariga sunʼiy intellekt asoslari va bazaviy koʻnikmalarini oʻqitishga oid mavzularni kiritish;
(v) “Bir million dasturchi” loyihasining uzviy davomi boʻlgan “Bir million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasini kengaytirish va yil yakunlari boʻyicha eng yuqori natija koʻrsatgan yoshlar, oʻqituvchilar hamda taʼlim tashkilotlarini taqdirlash boʻyicha milliy tanlov oʻtkazish;
(g) 2026-yil yanvar oyidan boshlab “Yangi Oʻzbekiston” universitetida sunʼiy intellekt boʻyicha trener-oʻqituvchilarni tayyorlash hamda trener-oʻqituvchilar tomonidan umumiy oʻrta taʼlim va oliy taʼlim tashkilotlarining pedagoglarini kaskad usulida oʻqitish;
(d) 2026/2027 oʻquv yilida mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohalari taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari uchun oliy taʼlim tashkilotlariga ajratilgan davlat granti kvotalarini 35 foizga oshirish;
(j) davlat organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining raqamlashtirishga masʼul rahbar oʻrinbosari va xodimlarining sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish.
13. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2026-yil 1-martga qadar “Yangi Oʻzbekiston” universiteti bazasida homiylik mablagʻlari hisobidan “Sunʼiy intellekt klasteri”ni tashkil qilsin. Bunda:
(a) klaster faoliyati “Universitet — sanoat — xalqaro hamkor” tamoyili asosida yoʻlga qoʻyiladi;
(b) klasterda sunʼiy intellekt, katta maʼlumotlar va hisoblash texnologiyalari yoʻnalishlarida innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar orqali sohadagi yetuk kadrlarni tayyorlash hamda ularning ishlanmalarini tijoratlashtirish yoʻlga qoʻyiladi.
14. Quyidagilar:
(a) “Oʻzbek tili korpusi” loyihasini amalga oshirish uchun Raqamli texnologiyalar vazirligiga oʻzbek tilidagi materiallarni taqdim etadigan davlat organlari va tashkilotlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
(b) Sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladigan oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda:
(a) 2026-yil 1-mayga qadar oliy taʼlim tashkilotlari, shu jumladan, nufuzli xorijiy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda sunʼiy intellekt boʻyicha taʼlim dasturlarini takomillashtirsin;
(b) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab “Yangi Oʻzbekiston” universitetida xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy taʼlim tashkiloti bilan hamkorlikda sunʼiy intellekt boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturini yoʻlga qoʻysin.
V. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklarida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga masʼul boʻlgan maslahatchi lavozimi kiritilsin. Bunda:
(a) maslahatchi lavozimiga nomzodlar Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan xorijiy va vatandosh mutaxassislar orasidan tavsiya etiladi;
(b) maslahatchining ish haqini mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda belgilashga ruxsat etiladi;
(v) qoʻshimcha shtat birliklari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-oktabrdagi PF-178-son Farmoniga muvofiq respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini raqamlashtirish hisobiga maqbullashtiriladigan boshqaruv shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
17. Raqamli texnologiyalar vazirligi:
(a) Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining Sunʼiy intellekt boʻyicha xalqaro hamkorlik dasturiga qoʻshilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;
(b) “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda Markazga kamida 10 nafar xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida sunʼiy intellekt yoʻnalishida tahsil olgan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilsin;
(v) 2025-yil yakuniga qadar davlat organlari va xoʻjalik jamiyatlari faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan samarali hamda xavfsiz foydalanish boʻyicha metodik tavsiyalarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
(g) uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasida sunʼiy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va foydalanish boʻyicha tamoyillar hamda xavfsizlik va etika meʼyorlarini tasdiqlasin;
(d) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan ajratilayotgan 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasida alohida hisobraqam tashkil etgan holda yuritilishini taʼminlasin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
19. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov, maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri E.G. Karimova hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
20. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-oktabr,
PF-189-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasida qiymati 100 million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan sunʼiy intellekt infratuzilmasini yaratish loyihalari boʻyicha investorlarga taqdim etiladigan imtiyoz va preferensiyalar
MAXSUS PAKETI
Izoh. Ushbu ilovada belgilanayotgan imtiyoz va preferensiyalar Qoraqalpogʻiston Respublikasida qiymati 100 million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan kriptoaktivlar mayningi infratuzilmasini amalga oshirayotgan investorlarga nisbatan ham qoʻllaniladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga 2-ILOVA
Sunʼiy intellekt texnologiyalari boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish hamda yoshlarning ushbu yoʻnalishga qiziqishini oshirishga qaratilgan
CHORA-TADBIRLAR REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga 3-ILOVA
“Oʻzbek tili korpusi” loyihasini amalga oshirish uchun Raqamli texnologiyalar vazirligiga oʻzbek tilidagi materiallarni taqdim etadigan davlat organlari va tashkilotlari
ROʻYXATI
1. Adliya vazirligi
2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi
3. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
4. Fanlar akademiyasi
5. Milliy statistika qoʻmitasi
6. “Oʻzarxiv” agentligi
7. Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi
8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi
9. Yoshlar ishlari agentligi
10. Oliy attestatsiya komissiyasi
11. Oʻzbekiston milliy kutubxonasi
12. Davlat organlari tizimidagi gazeta va jurnallar tahririyati
Izoh:
1) “Oʻzbek tili korpusi” loyihasi doirasida materiallar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligiga elektron shaklda yoki oʻz maʼlumotlar bazalariga integratsiya qilish orqali bepul taqdim etiladi;
2) har bir tashkilot oʻzbek tilidagi (kirill, lotin va aralash yozuv) kamida 5 milliard soʻzni oʻz ichiga olgan matnli hujjatlarni taqdim etishi lozim;
3) maʼlumotlar istalgan matnli hujjatlar va ularga ilova qilingan metamaʼlumotlarni iborat boʻlishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga 4-ILOVA
Sunʼiy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladigan oliy taʼlim tashkilotlari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-oktabrdagi PF-189-son Farmoniga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmonida:
(a) 1-ilovada:
(i) “Jami” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” ustunidagi “46 989” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunidagi “43 332” raqamlari tegishincha “47 020” va “43 363” raqamlari bilan almashtirilsin;
(ii) “10. Raqamli texnologiyalar vazirligi” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
(iii) quyidagi mazmundagi 38-boʻlim bilan toʻldirilsin:
(b) 2-ilovada:
(i) quyidagi mazmundagi 41-band bilan toʻldirilsin:
“41. Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi”;
(ii) izohlar qismida:
birinchi xatboshidagi “70” raqami “71” raqami bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “27” va “10” raqamlari “28” va “11” raqamlari bilan almashtirilsin;
(v) 2a-ilova quyidagi mazmundagi 41-band bilan toʻldirilsin:
“
”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-76-son Farmoniga 4-ilovadagi “Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi” davlat muassasasi” bloki ““Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazi” davlat muassasasi” bloki bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 24-martdagi “Toshkent shahrida Inxa Universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2155-son qarorining 3-bandida:
(a) ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Toshkent shahridagi Inxa Universiteti alohida mulkka, mustaqil balansga ega boʻlgan, oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻz tasarrufidagi pul mablagʻlari va mulki bilan javob beruvchi masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi Raqamli texnologiyalar vazirligi taʼsischiligidagi oliy taʼlim tashkiloti hisoblanadi. Bunda, Raqamli texnologiyalar vazirligiga uning tizim tashkilotlarini universitet ustavini shakllantirishga jalb etishga ruxsat etiladi”;
(b) uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(v) toʻrtinchi — yettinchi xatboshilar tegishlicha uchinchi — oltinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(g) quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Universitetga Koreya Respublikasidagi Inxa universiteti dasturlari bilan bir qatorda, boshqa yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan ham qoʻshma dasturlarni yoʻlga qoʻyishga hamda bitiruvchilarga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom va qoʻshimcha ravishda hamkor universitetlar diplomlarini berishga ruxsat etiladi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4699-son qarorida:
(a) 6-bandda:
(i) ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(ii) uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishlicha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(b) 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyuldagi “2022 — 2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-307-son qaroriga 6b-ilovaning 29-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Startap loyihalar va venchur moliyalashtirish ekotizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-357-son qarorining 7-bandi birinchi xatboshisi “Raqamli texnologiyalar vazirligiga” soʻzlaridan keyin “2 yillik imtiyozli davr bilan” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-oktabrdagi “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi PQ-358-son qarorida:
(a) 4-bandning birinchi xatboshisi “Raqamli texnologiyalar vazirligiga” soʻzlaridan keyin “2 yillik imtiyozli davr bilan” soʻzlari bilan toʻldirilsin;
(b) quyidagi mazmundagi 71-band bilan toʻldirilsin:
“71. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilansin:
(i) sunʼiy intellekt texnologiyalari rivojlanishi uchun zarur normativ-huquqiy bazani shakllantirish, xalqaro standartlarni joriy qilish;
(ii) maʼlumotlarni qayta ishlash hamda sunʼiy intellektga asoslangan loyihalarni ishga tushirish uchun texnik infratuzilmani yaratish;
(iii) sunʼiy intellekt yoʻnalishidagi xalqaro indekslarda Oʻzbekistonning oʻrnini yaxshilash boʻyicha ishlarni amalga oshirish;
(iv) “Katta maʼlumotlar” bazasini yaratish va uni toʻldirib borish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
(v) iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarishga raqamlashtirish jarayonlarining taʼsirini baholash;
(vi) ekspertlar hamjamiyati bilan hamkorlikda raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasida yangi yoʻnalishlar va zamonaviy texnologiyalarni chuqur oʻrganish orqali ularni davlat organlari va tashkilotlarida keng joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
(vii) iqtisodiyotning turli tarmoqlarida “aqlli” va boshqa istiqbolli texnologiyalarni, shuningdek, katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlovchi texnologiyalarni joriy etishning konseptual va uslubiy asosini shakllantirish”;
(v) 2-ilovaning 3-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
