Oliy taʼlim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (656-son)
17.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Talaba-yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning shaxsiy-kasbiy rivojlanishiga yaqindan yordam berish, talabalar bilan individual ishlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Oliy taʼlim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
tyutorlik faoliyatining maqsad va vazifalari;
tyutorlarning huquq va majburiyatlari;
tyutorlik faoliyatini tashkil etish va boshqarish hamda tyutorlarga qoʻyiladigan malaka talablari;
tyutorlar faoliyatini muvofiqlashtirish.
2. Oliy taʼlim tashkilotlarida talaba-yoshlar tarbiyasi bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish, ularda vatanparvarlik ruhini oshirish va tyutorlik faoliyatini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda:
tyutorlar faoliyati samaradorligini baholash (KPI) tizimini ishlab chiqib, tasdiqlasin hamda amaliyotga joriy etsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 17-oktabr,
656-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrdagi 656-son qaroriga 1-ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom oliy taʼlim tashkilotlarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari uchun tavsiyaviy xususiyatga ega.
3. Tyutorlar oliy taʼlim tashkilotida talaba-yoshlarni har tomonlama kamol toptirishga, ularda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar va keng dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan tizimli faoliyat olib boradi.
4. Tyutorlar oʻz faoliyatini qonunchilik hujjatlari, oliy taʼlim tashkilotining ichki tartib-qoidalari va odob-axloq kodeksi hamda ushbu Nizom asosida tashkil etadi.
5. Tyutorlar faoliyatiga oliy taʼlim tashkilotining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori (direktor oʻrinbosari) umumiy rahbarlik qiladi.
2-bob. Tyutorlik faoliyatining maqsadi va asosiy vazifalari
6. Tyutorlik faoliyatining maqsadi — talaba-yoshlarni vatanparvarlik va milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, shaxsiy-kasbiy rivojlanishiga yaqindan yordam berish, talabalarning taʼlim-tarbiya jarayonlariga moslashuvini taʼminlash, boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil qilishdan iborat.
7. Tyutorlik faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
talabalarning oliy taʼlim tashkiloti va taʼlim-tarbiya jarayonlariga moslashuviga, axborot-resurslari va boshqa manbalardan samarali foydalanishiga koʻmaklashish hamda shaxsiy-kasbiy qiziqishlarini rivojlantirishga qaratilgan yakka va jamoaviy maslahatlar berib borish, ichki tartib-qoidalar, odob-axloq kodeksi hamda boshqa lokal hujjatlar bilan talabalarni tanishtirish;
talabalarni vatanparvarlik, bagʻrikenglik, qonunlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli taʼsirlarga qarshi tura oladigan, hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalash;
talabalarda sogʻlom turmush tarziga intilishni shakllantirish, shuningdek, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va jismoniy tarbiya bilan muntazam shugʻullanishini taʼminlash;
nogironligi boʻlgan, yetim, ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarni hamda ijtimoiy-madaniy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotida faol ishtirok etayotgan talabalarni ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar kiritish;
talabalarning yashash manzillari (talabalar turar joyi, ijara, yaqin qarindoshi va xususiy xonadonlar) boʻyicha muntazam monitoring yuritish hamda u yerdagi sharoit va talabalarning ijtimoiy (oilaviy) holatidan xabardor boʻlish, ularning bu boradagi muammolarini oʻrganib, uni bartaraf etish boʻyicha rahbariyatga tegishli takliflar kiritish;
talabalarning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bilan doimiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish hamda ularni farzandining oʻquv-tarbiyaviy va ijtimoiy-maishiy sohalardagi faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan xabardor qilib borish.
3-bob. Tyutorlarning huquq va majburiyatlari
8. Tyutorlar quyidagi huquqlarga ega:
davomat va oʻzlashtirishni monitoring qilib borish maqsadida oʻziga biriktirilgan talabalarning darslarini kuzatish;
talabalarning talabalar turar joyiga joylashishi va undan chiqarilishi hamda yashash sharoitlarini yaxshilash boʻyicha takliflar kiritish;
talabalarga tavsifnoma va akademik taʼtil berish masalasini hal etishda ishtirok etish, fakultetda (oliy maktabda) talabalar haqidagi mavjud maʼlumotlardan xizmat faoliyati doirasida foydalanish;
talabalar bilimining baholanishini kuzatish.
Tyutorlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
9. Tyutorlar mehnat shartnomasida koʻrsatilgan ishlar bilan bir qatorda, asosiy ishidan boʻsh vaqtida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda oʻrindoshlik asosida pedagogik faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin.
10. Quyidagilar tyutorlarning majburiyatlari hisoblanadi:
talabalarning odob-axloq kodeksi va ichki tartib-qoidalarga rioya etilishini kundalik nazorat qilish;
talabalarning shaʼni, qadr-qimmati va obroʻsini hurmat qilish, ular haqidagi shaxsiy maʼlumotlarni ularning roziligisiz oshkor qilmaslik;
talabalar va ularning ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarni oliy taʼlim tashkiloti nizomi, ichki tartib-qoidalari, odob-axloq kodeksi, talabalar turar joyidan foydalanish qoidalari va taʼlim faoliyatini tartibga soluvchi boshqa hujjatlar bilan tanishtirish;
talabalar bilan bogʻliq favqulodda muammoli vaziyatlar yuzasidan zudlik bilan fakultet (oliy maktab) dekani va boshqa masʼullarga axborot berish.
Tyutorlar zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham yuklatilishi mumkin.
4-bob. Tyutorlik faoliyatini tashkil etish va boshqarish
11. Tyutorlik asosiy mehnat faoliyati boʻlib, bunda tyutorlik uchun bakalavr darajasi toʻgʻrisidagi hujjat (yoki unga tenglashtirilgan boshqa hujjatlar) talab etiladi.
12. Tyutorlarga bakalavriat bosqichining kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan 1 — 3-kurs talabalari biriktiriladi va ularning soni, qoida tariqasida, 120 — 150 nafardan iborat boʻladi.
13. Tyutorlar taʼlim tashkilotida tegishli boʻlim va tuzilmalar bilan hamkorlikda oʻquv yili uchun tasdiqlangan ish rejasi asosida faoliyatini tashkil etadi.
14. Tyutorlar faoliyatiga oid choraklik hisobotlar tegishli boʻlinma tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Talaba va oʻquvchilarning ijtimoiy faolligini oshirish markazining elektron tizimiga kiritib boriladi.
15. Talabalarning boʻsh vaqtini samarali tashkil etish uchun tyutorlarning ish kuni davomiyligini oliy taʼlim tashkilotidagi oʻquv jarayoni grafigidan kelib chiqqan holda, moslashuvchan ish grafigi asosida belgilash mumkin.
5-bob. Tyutorlarga qoʻyiladigan malaka talablari
16. Tyutorlar:
taʼlim faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni, taʼlim standartlari talablari va mazmunini bilishi;
talabalar bilan ishlash, maʼnaviy-maʼrifiy sohaga oid bilimlar, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish va muvofiqlashtirish malakasiga ega boʻlishi, sohaga oid yangiliklardan xabardor boʻlishi;
axborotni tahlil qila olish va umumlashtirish, axborot-tahliliy materiallarni tayyorlash, qarorlar qabul qilish va oʻz fikrlarini yozma hamda ogʻzaki bayon etish, topshiriqlarni qisqa va loʻnda ifoda etish qobiliyatiga ega boʻlishi;
talabalarning oliy taʼlim tashkilotidagi faoliyatini tahlil qila olishi, muammolarini aniqlashi va ularni hal qilishning samarali yoʻllarini topish va amalda qoʻllashni bilishi lozim.
17. Tyutorlarga nisbatan quyidagi malaka talablari qoʻyiladi:
oliy maʼlumotga (bakalavr) ega boʻlish (ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega shaxslarga afzalliklar beriladi);
qonunchilik hujjatlariga muvofiq taʼlim berish huquqidan mahrum etilmagan boʻlishi;
maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar uslubiyoti va amaliyotini chuqur anglab yetgan, pedagogik-psixologik bilim va tajribaga ega boʻlish;
namunaviy shaxsiy fazilatlarga, shu jumladan, madaniyatli, masʼuliyatli, kirishuvchan, vatanparvar va tashabbuskor boʻlish;
mustaqil qaror qabul qilish koʻnikmalariga ega boʻlish.
18. Ushbu Nizomning 17-bandida belgilangan talablarga javob bermaydigan mutaxassislar tyutorlik lavozimiga tayinlanmaydi.
6-bob. Tyutorlar faoliyatini muvofiqlashtirish
19. Tyutorlar faoliyatini tashkil etish, muvofiqlashtirish, tashkiliy-metodik jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha masʼuliyat oliy taʼlim tashkilotining Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimiga yuklatiladi.
20. Oliy taʼlim tashkilotining Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi:
tyutorlarning ishini tashkil qiladi va muvofiqlashtiradi;
tyutorlarning ish tajribasini oʻrganadi, umumlashtiradi, ilgʻor ish tajribalarini ommalashtiradi;
tyutorlar uchun talabalar bilan maʼnaviy-maʼrifiy, kasbiy-ijodiy faoliyatni tashkil etishning innovatsion texnologiyalari, samarali shakl va metodlari boʻyicha seminarlar, oʻquvlar tashkil etadi;
har chorakda tyutorlar faoliyatining samaradorligi yuzasidan tahliliy hisobotlarini tayyorlaydi, takliflarni umumlashtiradi, rahbariyatga taqdim etadi;
fakultet (oliy maktab) dekani bilan hamkorlikda yuqori samaradorlik (KPI) koʻrsatgan tyutorlarni ragʻbatlantirish va malaka oshirish, stajirovkalarini tashkil etish boʻyicha rahbariyatga takliflarni kiritadi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Tyutorlar oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun shaxsan javobgardir.
22. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-oktabrdagi 656-son qaroriga 2-ILOVA
Oliy taʼlim tashkilotlarida talaba-yoshlar tarbiyasi bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish, ularda vatanparvarlik ruhini oshirish va tyutorlik faoliyatini takomillashtirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
