“141-modda. Mediatorlar reyestridan chiqarish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga nizolarni muqobil hal etishda mediatsiya institutini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-1089-son) · Sana: 20.10.2025 · Amalda
Mediator Mediatorlar reyestridan uni reyestrga kiritgan adliya organi tomonidan quyidagi hollarda chiqariladi:
oʻz arizasiga koʻra;
vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb eʼlon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda;
muomala layoqati cheklanganda yoki belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
sudning shaxsni bedarak yoʻqolgan deb topish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda;
sudning mediatorni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
davlat xizmatiga kirganda, bundan pedagogik, ilmiy, ijodiy va notarial faoliyat mustasno;
mediator tomonidan mediatsiya toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari, Mediatorning kasb etikasi qoidalari buzilganligi tufayli malaka komissiyalarining yoki Oliy malaka komissiyasining qaroriga asosan”;
9) 15-moddaning:
uchinchi va toʻrtinchi qismlari quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan almashtirilsin:
“Mediatsiya nizoni koʻrib chiqishga vakolatli organda, hakamlik sudida va arbitrajda nizoni koʻrish jarayonida ham ularning qarorlari qabul qilinguniga qadar qoʻllanilishi mumkin”;
beshinchi qismi toʻrtinchi qism deb hisoblansin;
10) 17-modda:
birinchi qismining birinchi jumlasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qonunda nazarda tutilgan hollarda, taraflar tomonidan mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish toʻgʻrisidagi kelishuv nizoni koʻrib chiqishga vakolatli organga taqdim etilganda mazkur organ ishning muhokamasini qoldirib, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish uchun muddat tayinlaydi”;
toʻrtinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sud muhokamasi jarayonida, nizoni vakolatli organda koʻrish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish chogʻida taraflar tomonidan erishilgan mediativ kelishuv tegishli ish qaysi sud yoki vakolatli organning ish yurituvida turgan boʻlsa, darhol oʻsha sudga yoki vakolatli organga yuboriladi”;
11) 28-moddaning:
birinchi qismidagi “Professional asosdagi mediatorning” degan soʻzlar “Mediatorning” degan soʻz bilan almashtirilsin;
