Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasida ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida (659-son)
20.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Soʻnggi yillarda respublikamizda arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish, saqlash hamda targʻib qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, arxeologiya obyektlarini konservatsiya qilish, muzeylashtirish va arxeologiya bogʻlarini yaratishga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, arxeologiya ashyolarini Arxeologiya ashyolari davlat katalogida roʻyxatdan oʻtkazish, davlatga topshirish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish va tadqiq qilish, xalqaro arxeologiya tadqiqotlarini tashkil etish hamda arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash jarayonlari normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinmagani sababli amaliyotda noaniqlik va tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda.
Arxeologiya sohasini tartibga solish uchun zarur boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash maqsadida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Arxeologiya ashyolari davlat katalogi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish hamda tadqiq qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Xalqaro arxeologiya tadqiqotlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq;
Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi direktori B.G. Abdikarimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 20-oktabr,
659-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-oktabrdagi 659-son qaroriga 1-ILOVA
Arxeologiya ashyolari davlat katalogi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, Arxeologiya ashyolari davlat katalogini yuritish, arxeologiya ashyolarini ushbu Katalogda roʻyxatdan oʻtkazish hamda tasarrufdan chiqarish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
Arxeologiya ashyolari davlat katalogi (keyingi oʻrinlarda — Katalog) — har bir arxeologiya ashyosi toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar mavjud boʻlgan hisobga olish hujjati;
arxeologiya ashyosi — arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirishda yoki xoʻjalik va oʻzgacha faoliyat jarayonida aniqlangan, shuningdek, tasodifan topilgan (xazina) va identifikatsiyalashdan oʻtkazilgan moddiy qoldiq;
Arxeologiya ashyolarining maʼlumotlar roʻyxati — arxeologiya ashyosining pasporti, arxeologiya tadqiqotlarida topilgan ashyolarni topshirish dalolatnomasi, tasodifiy topib olingan ashyolarning davlatga topshirilgani, hadya qilingani toʻgʻrisida dalolatnoma, asosiy hisob hujjatlari, kirim va inventar daftarlarida qayd etilgan maʼlumotlar;
asosiy hisob hujjatlari — kirim va inventar daftarlari, arxeologiya ashyolarini doimiy (vaqtincha) saqlashga oid qabul dalolatnomalari, arxeologiya ashyolarini taʼmirlash dalolatnomalari, fond ishlari va sotib olish komissiyalarining bayonnomalari, fond harakatiga taalluqli buyruqlar.
3. Katalog Milliy muzey fondining Davlat katalogi bilan bir vaqtda yuritilishi mumkin.
Milliy muzey fondining Davlat katalogi roʻyxatiga kiritilgan ashyolar Katalogda roʻyxatdan oʻtkazilmaydi.
2-bob. Katalogni yuritish tartibi
4. Katalog Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan yuritiladi.
5. Katalog elektron va bosma maʼlumotlar bazasi koʻrinishida shakllantiriladi.
6. Katalogga kiritilgan arxeologiya ashyolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar arxeologiya ashyolari biriktirilgan davlat fan, madaniyat va taʼlim muassasalarining (keyingi oʻrinlarda — davlat muassasalari) asosiy hisobga olish hujjatlaridan (kirim va inventar daftari, ilmiy hisobotlar) olingan maʼlumotlar asosida shakllantiriladi.
7. Katalogga arxeologiya ashyolarining asosiy hisob hujjatlaridan olingan maʼlumotlardan tashqari quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
arxeologiya tadqiqotlari davomida yoki fuqarolar tomonidan tasodifan topilgan, arxeologiya ashyolarini davlat muassasalariga topshirish, hadya qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida tuzilgan bitimlar, dalolatnomalar;
arxeologiya ashyolarining oʻgʻirlanishi yoki yoʻqotilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
8. Katalogga kiritilgan arxeologiya ashyosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar arxeologiya ashyosini aniqlagan va topgan shaxslar, namoyish etilayotgan vaqtda tomoshabinlar hamda ashyo biriktirilgan muassasa uchun ochiq hisoblanadi.
Jismoniy va yuridik shaxslar Katalogga kiritilgan arxeologiya ashyolaridan ilmiy-tadqiqot ishlarida foydalanish uchun ashyo biriktirilgan davlat muassasasiga murojaat qilishi va yozma ruxsatnoma olishi shart.
Murojaatlar va ruxsatnomalar arxeologiya ashyosi biriktirilgan davlat muassasasi tomonidan qayd etib boriladi.
3-bob. Arxeologiya ashyolarini Katalogda roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
9. Katalogda roʻyxatdan oʻtkazish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
10. Jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan qidiruv, loyihalash, qazish, qurilish, melioratsiya, xoʻjalik ishlari, oʻrmonlardan foydalanish boʻyicha ishlar va boshqa ishlar natijasida topilgan arxeologiya ashyolari Katalogga kiritish maqsadida topilmalarni saqlash uchun maxsus fondga ega davlat muassasalariga dalolatnoma asosida topshiriladi.
11. Arxeologiya ashyosini davlat muassasalariga topshirish Arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish va tadqiq qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom qoidalariga asosan amalga oshiriladi.
12. Davlat muassasalari oʻzlarining asosiy hisob hujjatlarida qayd etilgan arxeologiya ashyolarining maʼlumotlar roʻyxatini elektron va bosma shakllarda uch nusxada tayyorlaydi:
birinchi nusxa — arxeologiya ashyosi topshirilgan fan, madaniyat va taʼlim muassasalarida saqlanadi;
ikkinchi nusxa — yuqori boshqaruv organida saqlanadi (mavjud boʻlsa);
uchinchi nusxa — Agentlikka Katalogda roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etiladi.
13. Arxeologiya ashyolarining maʼlumotlar roʻyxati quyidagi hujjatlar asosida shakllantiriladi:
arxeologiya ashyosining pasporti;
arxeologiya tadqiqotlarida topilgan ashyolarni topshirish dalolatnomasi;
tasodifiy topib olingan arxeologik ahamiyatga ega boʻlgan ashyolarning davlatga topshirilgani, hadya qilingani toʻgʻrisida dalolatnoma;
asosiy hisob hujjatlari, kirim va inventar daftarlaridagi maʼlumotlar.
14. Arxeologiya ashyolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar roʻyxatining bosma shakli davlat muassasalari rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
15. Arxeologiya ashyolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar roʻyxati Katalogda roʻyxatdan oʻtkazilishi uchun Agentlikka taqdim etiladi.
16. Agentlik ushbu Nizomning 13-bandida koʻrsatilgan hujjatlar asosida arxeologiya ashyosini Katalogda roʻyxatdan oʻtkazadi.
17. Davlat muassasalari Katalogga kiritilgan maʼlumotlarga har qanday oʻzgartirish toʻgʻrisida Agentlikka bir oy muddatda xabar berishlari shart.
Agentlik taqdim etilgan maʼlumotlarni davlat muassasalarining asosiy hisob hujjatlariga taqqoslash, arxeologiya ashyolarining mavjudligini aniqlash maqsadida nazorat tekshiruvlari oʻtkazish vakolatiga ega.
18. Davlat muassasalari tomonidan arxeologiya ashyosi yoʻqotilishi yoki oʻgʻirlanish holatlari aniqlanganda, zudlik bilan Agentlik hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar beriladi.
19. Yuridik shaxslarning (davlat muassasalarining) arxeologiya ashyolariga boʻlgan huquq va majburiyatlarini oʻzgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan harakatlar Katalogda roʻyxatdan oʻtkazilganidan keyin amalga oshiriladi.
20. Arxeologiya ashyosining Katalogga kiritilganligi yoki kiritilmaganligi haqida maʼlumot berish belgilangan tartibda davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.
4-bob. Roʻyxatdan oʻtkazilgan arxeologiya ashyolarini Katalogdan chiqarish tartibi
21. Davlat katalogida roʻyxatdan oʻtkazilgan arxeologiya ashyolarini tasarrufdan chiqarish mumkin emas, ularning yoʻqolishi va yemirilishi holatlari bundan mustasno.
22. Davlat muassasasi tugatilganida yoki arxeologiya ashyosini saqlash sharoitlari talabga javob bermasligi aniqlangan taqdirda, uning tasarrufida boʻlgan va asosiy hisob hujjatlarida qayd etilib, Katalogda roʻyxatga olingan barcha arxeologiya ashyolari faoliyat yoʻnalishi oʻxshash (yoki yaqin) boʻlgan davlat muassasasiga toʻlaligicha oʻtkaziladi.
23. Agentlik Katalogda roʻyxatdan oʻtkazilgan arxeologiya ashyolarini tasarrufdan chiqarish toʻgʻrisida buyruq qabul qiladi.
24. Roʻyxatdan oʻtkazilgan arxeologiya ashyolarini Katalogdan chiqarish ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
25. Roʻyxatdan oʻtkazilgan arxeologiya ashyolarini Katalogdan chiqarish uchun arxeologiya ashyosi biriktirilgan davlat muassasalari Agentlikka yozma shaklda murojaat qiladi.
Murojaatga arxeologiya ashyosini Katalogdan chiqarish sabablari, agar ular oʻgʻirlangan yoki yoʻqotilgan hollarda, ularni topish yoki tiklash boʻyicha amalga oshirilgan choralar toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot, Milliy muzey fondining Davlat katalogida roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnoma hamda arxeologiya ashyosining fotosuratlari ilova qilinadi.
Agentlik, zarur hollarda, boshqa qoʻshimcha maʼlumotlarni ham talab qilishi mumkin.
26. Murojaatga koʻra Agentlik tomonidan davlat organlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va muassasalari, madaniy meros obyektlarini oʻrganish, saqlash va ulardan foydalanish sohasidagi olimlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda, ushbu Nizomning 23-bandida qayd etilgan hujjatlar asosida arxeologiya ashyosi oʻrganib chiqiladi.
Arxeologiya ashyosini oʻrganish xulosasiga koʻra Katalogda roʻyxatdan oʻtkazilgan arxeologiya ashyolarini Katalogdan chiqarish haqida Agentlik tomonidan buyruq qabul qilinadi. Bunga asos boʻlgan hujjatlar Katalogda qayd etiladi.
27. Milliy muzey fondining Davlat katalogida roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisida guvohnomaga ega boʻlgan arxeologiya ashyolarini Katalogdan chiqarish uchun qoʻshimcha oʻrganish talab etilmaydi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Arxeologiya ashyosini tasarruf etuvchi davlat muassasalari arxeologiya ashyolarini Katalogda roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarda qayd etilgan maʼlumotlarning qonunchilik hujjatlari va ushbu Nizom talablaridan kelib chiqqan holda tayyorlanishiga masʼul hisoblanadi.
29. Arxeologiya ashyolarini Katalogda roʻyxatdan oʻtkazish va roʻyxatdan oʻtkazilgan arxeologiya ashyolarini Katalogdan chiqarish jarayonida kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
Arxeologiya ashyolari davlat katalogi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Arxeologiya ashyolarini davlat katalogida roʻyxatdan oʻtkazish
SXEMASI
Arxeologiya ashyolari davlat katalogi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Roʻyxatdan oʻtkazilgan arxeologiya ashyosini katalogdan chiqarish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-oktabrdagi 659-son qaroriga 2-ILOVA
Arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish va tadqiq qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga (keyingi oʻrinlarda — davlat muassasalari) biriktirish, davlat muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish va tadqiq qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
arxeolog — tegishli oliy maʼlumotga ega boʻlgan tadqiqotchi;
arxeologiya ashyosi — arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirishda yoki xoʻjalik va oʻzgacha faoliyat jarayonida aniqlangan, shuningdek, tasodifan topilgan (xazina) va identifikatsiyalashdan oʻtkazilgan moddiy qoldiq;
arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish — arxeologiya ashyolarining dalolatnoma asosida davlat muassasalariga berilishi hamda arxeologiya tadqiqotlarining ilmiy hisobotiga kiritilishini oʻz ichiga oluvchi jarayon;
arxeologiya merosi obyektlari — arxeologiya obyektlari va arxeologiya ashyolari majmui;
arxeologiya obyekti — inson faoliyatining barcha koʻrinishlariga taalluqli hamda saqlanish holatidan qatʼi nazar arxeologik, antropologik, etnografik qimmatga yoki oʻzga tarixiy, ilmiy, badiiy, madaniy qimmatga ega boʻlgan joy, inshoot (asar), imorat, majmua (ansambl), ularning boʻlaklari, ular bilan bogʻliq hududlar;
arxeologiya tadqiqoti — arxeologiya obyektlari, arxeologiya yodgorliklari va arxeologiya ashyolarini oʻrganish orqali yangi bilimlarni egallash maqsadida amalga oshiriladigan faoliyat;
arxeologiya qazishmalari — arxeologiya tadqiqotining arxeologiya obyektida qazishma ishlarini qoʻllagan holda madaniy qatlamlar, meʼmoriy va boshqa moddiy qoldiqlarni oʻrganish maqsadida amalga oshiriladigan turi;
arxeologiya qidiruvlari — arxeologiya tadqiqotining arxeologiya obyekti madaniy qatlamining yemirilishi bilan bogʻliq boʻlmagan (madaniy qatlam qalinligini aniqlash uchun cheklangan qazishmadan tashqari) va arxeologiya obyektini aniqlash, xaritalashtirish, uning chegaralarini belgilash, izohlash, tekshirish, shuningdek, ilgari aniqlangan arxeologiya obyekti toʻgʻrisida zamonaviy maʼlumotlarni olish maqsadida amalga oshiriladigan turi;
ilmiy hisobot — ochiq varaq va ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilgan arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratining natijalari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot beruvchi hujjat;
ochiq varaq — arxeologning professional darajasini tasdiqlovchi va unga arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat;
ruxsatnoma — ochiq varaq olgan arxeologga arxeologiya obyektida arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat.
2-bob. Arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda ularni davlat muassasalariga biriktirish tartibi
3. Arxeologiya merosi obyektlariga (keyingi oʻrinlarda — obyektlar) boʻlgan mulk huquqi davlatga tegishlidir. Arxeologiya ashyolarini davlat muassasalariga biriktirish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan amalga oshiriladi.
4. Obyektlarda olib borilgan arxeologiya nazorati, arxeologiya tadqiqoti, arxeologiya qazishmalari, arxeologiya qidiruvlari (keyingi oʻrinlarda — arxeologiya tadqiqotlari) natijasida aniqlangan arxeologiya ashyolari arxeologiya tadqiqotlari oʻtkazilgan yildan keyingi yilning birinchi choragi yakuniga qadar ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq belgilangan tartibda davlat muassasalariga topshirilishi shart.
5. Arxeologiya ashyosini davlat muassasalariga topshirish dalolatnoma orqali amalga oshiriladi va ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda uch nusxada tuziladi.
Dalolatnomada arxeologiya ashyosi bilan bogʻliq quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
arxeologiya ashyosini topshirgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
arxeologiya ashyosini qabul qilgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
arxeologiya ashyosi qabul qilib olingan sana;
arxeologiya ashyosining nomi va qisqacha tavsifi;
arxeologiya ashyosi soni;
arxeologiya ashyosining qaysi davrga mansubligi;
arxeologiya ashyosi aniqlangan joy;
arxeologiya ashyosining ogʻirligi va oʻlchamlari;
arxeologiya ashyosining saqlanish holati;
arxeologiya ashyosining fotosurati.
Dalolatnomaning bir nusxasi arxeologiya tadqiqotlarining ilmiy hisobotiga kiritiladi, ikkinchi nusxasi davlat muassasalariga va uchinchi nusxasi arxeologiya ashyolarini topshirgan shaxsga (arxeolog, jismoniy yoki yuridik shaxsga) beriladi.
Dalolatnomaning bir nusxasi arxeologiya tadqiqotlarining ilmiy hisobotiga kiritiladi, ikkinchi nusxasi davlat muassasalariga va uchinchi nusxasi arxeologiya ashyolarini topshirgan shaxsga (arxeolog, jismoniy yoki yuridik shaxsga) beriladi.
6. Ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeolog arxeologiya ashyolari davlatga topshirilishiga qadar ularning but saqlanishini taʼminlashi shart.
7. Arxeolog tomonidan arxeologiya ashyolari quyidagi talablarga rioya qilingan holda roʻyxat asosida davlatga topshiriladi:
arxeologiya ashyolarini tozalash;
maxsus shifr bilan raqamlash (bunda qazishma olib borilgan yil, yodgorlik, qazishma raqami, qatlam, topilma tartib raqami kabilar aks etishi lozim);
fotosurat hamda chizmalarini tayyorlash;
tasnifni belgilash;
hajmi, materiali va holati haqida aniq maʼlumotlar berish.
8. Davlat muassasalarida arxeologiya ashyolaridan iborat fond shakllantiriladi.
9. Arxeologiya ashyolari biriktiriladigan davlat muassasalaridan quyidagilar talab etiladi:
arxeologiya ashyolarini saqlash uchun yetarli moddiy-texnik bazaga ega boʻlish;
arxeologiya ashyolari saqlanadigan zaxira xonalarga ega boʻlish;
saqlash uchun zarur asbob-uskunalar va muhofaza vositalari hamda yongʻinga qarshi vositalarga ega boʻlish.
Arxeologiya ashyolarining but saqlanishi va xavfsizligini taʼminlashga arxeologiya ashyolari biriktirilgan davlat muassasalari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Koʻrsatilgan talablarga javob bermaydigan davlat muassasalari arxeologiya ashyolarini saqlashga haqli emas. Bunday hollarda arxeologiya ashyolari ushbu talablarga javob beruvchi davlat muassasalariga topshirilishi lozim.
10. Davlat muassasalari ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq oʻzlariga biriktirilgan arxeologiya ashyolarining pasportini tuzadi.
11. Arxeologiya ashyolarining pasportida quyidagi maʼlumotlar qayd etiladi:
arxeologiya ashyosining nomi;
arxeologiya ashyosi topilgan manzil;
arxeologiya ashyosi topilgan sana;
arxeologiya ashyosi topilgan arxeologiya merosi obyekti (yodgorligi) nomi va qaysi davrga mansubligi;
arxeologiya merosi obyektining (yodgorligi) qaysi joyidan olingani (qaysi madaniy qatlamdan ekanligi);
arxeologiya ashyosining soni;
arxeologiya ashyosining hajmi (ogʻirligi va oʻlchamlari va boshqalar);
arxeologiya ashyosining materiali;
arxeologiya ashyosi biriktirilgan davlat muassasasi nomi;
arxeologiya ashyosi kim tomonidan va qachon topshirilgani;
arxeologiya ashyosining saqlanish joyi;
arxeologiya ashyosining davlat muassasalari kirim va inventar daftarida qayd etilgan sanasi va tartib raqami;
arxeologiya ashyosining tarkibi va saqlanish holati toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot;
arxeologiya ashyosining fotosurati;
pasportni tuzgan shaxsning lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi.
Boʻlaklar va parchalardan (fragment) iborat arxeologiya ashyolari umumlashtirilgan holda tavsiflanadi.
12. Arxeologiya ashyolari biriktirilgan davlat muassasalari arxeologiya ashyolari bilan bogʻliq hisobga olish hujjatlarining talab darajasida yuritilishini hamda Agentlikka Arxeologiya ashyolari davlat katalogida roʻyxatdan oʻtkazish uchun rasmiy soʻrov yuborilishini taʼminlaydi.
13. Arxeologiya ashyolari ular aniqlangan joyda qoldirilgan taqdirda, ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeolog Agentlikning hududiy boshqarmalari bilan birgalikda mazkur ashyolarni konservatsiyalash chora-tadbirlarini koʻrishlari lozim. Bunda mazkur arxeologiya ashyolari tavsiflanishi, suratga olinishi va ilmiy hisobotda koʻrsatib oʻtilishi kerak.
3-bob. Fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish hamda tadqiq qilish tartibi
14. Davlat muassasalari oʻzlariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan quyidagi maqsadlarda foydalanishi mumkin:
ekspozitsiyalar va koʻrgazmalarda namoyish etish;
ilmiy toʻplamlar, qoʻllanmalar, maqolalar tayyorlash va nashr etish;
ilmiy tadqiq qilish.
15. Davlat muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan ilmiy-tadqiqot ishlarida foydalanishni istagan tadqiqotchi davlat muassasasi rahbariga ariza bilan murojaat qiladi.
16. Arxeologiya tadqiqotlari davlat muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalangan holda olib borilsa, tadqiqot natijalari arxeologiya ashyolari saqlanayotgan davlat muassasasiga taqdim etiladi.
17. Davlat muassasalari muallifga (arxeologiya ashyosini topgan shaxs) oʻzi topgan arxeologiya ashyolaridan ilmiy-tadqiqot ishlarida foydalanishi uchun sharoit yaratadi.
18. Davlat muassasalari oʻzlariga biriktirilgan arxeologiya ashyolarini xorijda oʻtadigan turli koʻrgazmalar va ekspozitsiyalarda namoyish etishi mumkin.
Arxeologiya ashyolarini Oʻzbekiston Respublikasi hududidan vaqtincha olib chiqish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
19. Davlat muassasalari oʻzlariga biriktirilgan arxeologiya ashyolarini boshqa davlat muassasalariga oʻtkazilishini Agentlik bilan kelishgan holda amalga oshiradi.
20. Agentlik davlat muassasalariga biriktirilgan arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish, saqlash va ulardan foydalanish ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
21. Davlat muassasalari oʻzlariga biriktirilgan arxeologiya ashyolarini saqlash, ulardan foydalanish, hisobga olish, taʼmirlash qoidalarini buzgan hollarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
22. Davlat muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolariga ziyon yetkazgan yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq yetkazilgan zararni toʻliq qoplaydi.
Arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish va tadqiq qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish va tadqiq qilish tartibi
SXEMASI
Arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish va tadqiq qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda ularni fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirish, fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirilgan arxeologiya ashyolaridan foydalanish va tadqiq qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-oktabrdagi 659-son qaroriga 3-ILOVA
Xalqaro arxeologiya tadqiqotlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududida xalqaro arxeologiya tadqiqotlarini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Xalqaro arxeologiya tadqiqotlari (keyingi oʻrinlarda — xalqaro tadqiqot) taʼsis hujjatlarida arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirish nazarda tutilgan davlat muassasalari hamda tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — davlat muassasalari) tomonidan tashkil etiladi.
3. Xalqaro tadqiqot doirasida izlanishlar olib borish, arxeologiya ashyolarini tadqiq qilish, davlatga topshirish, ilmiy hisobotlarni shakllantirish qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
arxeolog — tegishli oliy maʼlumotga ega boʻlgan tadqiqotchi;
arxeologiya ashyosi — arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirishda yoki xoʻjalik va oʻzgacha faoliyat jarayonida aniqlangan, shuningdek, tasodifan topilgan (xazina) va identifikatsiyalashdan oʻtkazilgan moddiy qoldiq;
arxeologiya merosi obyektlari — arxeologiya obyektlari va arxeologiya ashyolari majmui;
arxeologiya obyekti — inson faoliyatining barcha koʻrinishlariga taalluqli hamda saqlanish holatidan qatʼi nazar arxeologik, antropologik, etnografik qimmatga yoki oʻzga tarixiy, ilmiy, badiiy, madaniy qimmatga ega boʻlgan joy, inshoot (asar), imorat, majmua (ansambl), ularning boʻlaklari, ular bilan bogʻliq hududlar;
arxeologiya sohasida xorijiy hamkorlar bilan tadqiqot shartnomasi — bir yoki bir-biri bilan bogʻliq boʻlgan bir nechta hujjatdan iborat, shuningdek, nomi va tuzilish usulidan (shartnoma, bitim, akt, bayonnoma, xatlar yoki notalar almashinuvi hamda xalqaro shartnomaning boshqa nomlari) qatʼi nazar, xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega boʻlgan xorijiy hamkorlar bilan arxeologiya tadqiqotlari sohasida yozma shaklda tuzilgan kelishuv;
arxeologiya tadqiqoti — arxeologiya obyektlari, arxeologiya yodgorliklari va arxeologiya ashyolarini oʻrganish orqali yangi bilimlarni egallash maqsadida amalga oshiriladigan faoliyat;
arxeologiya qazishmalari — arxeologiya tadqiqotining arxeologiya obyektida qazishma ishlarini qoʻllagan holda madaniy qatlamlar, meʼmoriy va boshqa moddiy qoldiqlarni oʻrganish maqsadida amalga oshiriladigan turi;
arxeologiya qidiruvlari — arxeologiya tadqiqotining arxeologiya obyekti madaniy qatlamining yemirilishi bilan bogʻliq boʻlmagan (madaniy qatlam qalinligini aniqlash uchun cheklangan qazishmadan tashqari) va arxeologiya obyektini aniqlash, xaritalashtirish, uning chegaralarini belgilash, izohlash, tekshirish, shuningdek, ilgari aniqlangan arxeologiya obyekti toʻgʻrisida zamonaviy maʼlumotlarni olish maqsadida amalga oshiriladigan turi;
ilmiy hisobot — ochiq varaq va ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilgan arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratining natijalari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot beruvchi hujjat;
ochiq varaq — arxeologning professional darajasini tasdiqlovchi va unga arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat;
ruxsatnoma — ochiq varaq olgan arxeologga arxeologiya obyektida arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjat;
xalqaro arxeologiya tadqiqoti — Oʻzbekiston Respublikasi yoki boshqa davlat hududida oʻtkaziladigan, arxeologiya tadqiqotini olib borish huquqiga ega boʻlgan bir yoki bir nechta tashkilotlar ishtirok etuvchi hamkorlikdagi arxeologiya tadqiqoti;
xalqaro arxeologiya tadqiqotlari shartnomasi ishtirokchisi — arxeologiya sohasiga oid xalqaro shartnomaning matnini tuzish va uning qabul qilinishida ishtirok etuvchi tashkilot.
2-bob. Xalqaro arxeologiya tadqiqotlarining maqsadlari
5. Xalqaro arxeologiya tadqiqotlari quyidagi maqsadlarda tashkil etiladi:
arxeologiya obyektlari, arxeologiya yodgorliklari va arxeologiya ashyolarini oʻrganish orqali yangi bilimlarni egallash;
arxeologiya tadqiqotlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish;
arxeologiya sohasi boʻyicha tajriba almashish va malaka oshirish;
yangi arxeologiya merosi obyektlarini qidirib topish;
ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bagʻishlangan konferensiyalar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish;
xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikdagi tadqiqotlar natijalarini teng huquqlilik asosida nashr etish;
tadqiqotlar natijalari asosida dissertatsiyalar himoyalarini amalga oshirish;
madaniy merosni ommalashtirish hamda arxeologiya tadqiqotlarini olib boruvchi muassasalarga koʻmaklashish.
3-bob. Xalqaro arxeologiya tadqiqotlarini tashkil etish tartibi
6. Xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish, chet ellik mutaxassislarni xalqaro tadqiqot oʻtkazish uchun taklif etish Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi, Fanlar akademiyasi va oʻz taʼsis hujjatlarida arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirish nazarda tutilgan davlat tashkilot va muassasalari tomonidan amalga oshiriladi.
Xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish ushbu Nizomga ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
7. Davlat muassasalari xalqaro tadqiqot tashkil qilish maqsadida shu turdagi faoliyat bilan shugʻullanuvchi xorijiy muassasa va tashkilotlar bilan Arxeologiya sohasida xorijiy hamkorlar bilan tadqiqot shartnomasini (keyingi oʻrinlarda — xalqaro tadqiqot shartnomasi) tuzishi mumkin.
8. Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili va xalqaro tadqiqot ishtirokchisining tili xalqaro tadqiqot shartnomasining asosiy ish yuritish tili hisoblanadi.
9. Xalqaro tadqiqot shartnomasini imzolagan tomonlarning kelishuviga koʻra qoʻshimcha ravishda boshqa tillardan ham foydalanilishi mumkin.
10. Xorijiy oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari bitta xalqaro tadqiqot shartnomasi asosida Oʻzbekiston Respublikasining faqat bitta davlat muassasasi bilan hamkorlikda xalqaro tadqiqot olib borishi mumkin.
11. Xalqaro tadqiqot shartnomasini tuzish, ularga oʻzgartirishlar kiritish va bekor qilish masalalari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
12. Arxeologlarning xalqaro tadqiqotlardagi ishtiroki davlat muassasalari bilan shartnoma tuzish orqali amalga oshiriladi.
13. Davlat muassasalari hamda arxeolog (keyingi oʻrinlarda — tomonlar) oʻrtasidagi shartnoma xalqaro tadqiqot boshlanishidan kamida ikki oy oldin tuziladi.
14. Shartnomada quyidagilar aks ettiriladi:
tadqiqotning maqsad, vazifalari va uning muassasa ilmiy faoliyatiga bogʻliqligi;
tomonlarning manzili, hisobraqamlari, rekvizitlari;
shartnomaning amal qilish muddati;
tomonlarning huquq va majburiyatlari;
moliyalashtirish manbalari va moliyaviy majburiyatlari;
muhofaza va konservatsiya tadbirlari, alohida shartlar;
shartnomani muddatidan oldin tugatish shartlari va boshqa shartlar.
15. Chet ellik mutaxassislar bilan tuziladigan shartnomada xalqaro tadqiqotlar tugaganidan soʻng konservatsiya ishlarini yakunlash majburiyati qayd etiladi.
16. Xalqaro tadqiqotlarni olib borishda tomonlarning majburiyatlari bir-biridan farq qilmasligi kerak.
17. Oʻzbekiston Respublikasi hududida olib boriladigan xalqaro tadqiqotlar uchun ochiq varaq va ruxsatnoma Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan arxeologga beriladi.
18. Arxeolog ochiq varaq va ruxsatnoma mavjud boʻlganida arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshiradi.
Maxsus ruxsatnoma mavjud boʻlganida arxeologiya obyektlarida maxsus asbob-uskunalardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
Arxeolog arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratiga bevosita rahbarlik qilishi shart.
19. Ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeolog qonunchilik hujjatlariga muvofiq huquq va majburiyatlarga ega boʻladi.
20. Xalqaro tadqiqotlarda aniqlangan arxeologiya ashyolari Oʻzbekiston Respublikasining davlat mulki hisoblanadi va saqlash hamda biriktirib qoʻyish uchun davlat muassasalariga topshiriladi.
21. Xalqaro tadqiqot natijalari tomonlarning kelishuvisiz alohida nashr qilinishi mumkin emas.
Tomonlarning ilmiy hisobotga boʻlgan mualliflik huquqi qonunchilik hujjatlariga muvofiq taʼminlanadi.
Xalqaro tadqiqotning ilmiy hisoboti oʻzbek va xalqaro tadqiqot shartnomasi ishtirokchisi tilida tayyorlanadi.
Xalqaro tadqiqot natijasi shartnoma yakunlanganidan boshlab bir yil ichida ilmiy adabiyotlar hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi mumkin.
22. Xalqaro tadqiqotlarda qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi Madaniy meros agentligi tomonidan nazorat qilinadi.
Xalqaro tadqiqotni olib boruvchi tomonlar qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishiga bir xil javobgar boʻladi.
23. Xalqaro tadqiqot tomonlar oʻrtasidagi kelishuvga koʻra istalgan vaqtda toʻxtatib turilishi mumkin.
Xalqaro tadqiqot arxeologiya sohasiga oid qonunchilik hujjatlarining buzilishi natijasida tugatilishi mumkin.
4-bob. Yakunlovchi qoida
24. Xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish yuzasidan kelib chiqadigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Xalqaro arxeologiya tadqiqotlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Xalqaro arxeologiya tadqiqotlarini tashkil etish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 20-oktabrdagi 659-son qaroriga 4-ILOVA
Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash tartibini belgilaydi.
2. Avariya holatida boʻlgan, arxeologiya tadqiqotlari oʻtkazilgan yoki muzeylashtirish orqali sayyohlarni jalb qilish imkoniyatlari yuqori boʻlgan arxeologiya obyektlarida konservatsiyalash amalga oshiriladi.
3. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalashdan asosiy maqsad arxeologiya obyektini mavjud koʻrinishida asrash, moddiy yoʻqotish va shikastlanishdan himoya qilish hamda ularning ahamiyatini saqlab qolishdan iborat.
4. Arxeologiya obyektlarini asrash chora-tadbirlari konservatsiyalash, taʼmirlash, rekonstruksiya qilish va ular bilan bogʻliq ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalashtirish hamda ishlab chiqarish ishlarini oʻz ichiga oladi.
5. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash restavratsiya, taʼmirlash va tiklash, ilmiy-texnik tadqiqotlarini olib borish tajribasiga ega boʻlgan davlat muassasalari, arxeolog va restavratorlar ishtirokida amalga oshiriladi.
6. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
arxeolog — tegishli oliy maʼlumotga ega boʻlgan tadqiqotchi;
arxeologiya obyekti — inson faoliyatining barcha koʻrinishlariga taalluqli hamda saqlanish holatidan qatʼi nazar arxeologik, antropologik, etnografik qimmatga yoki oʻzga tarixiy, ilmiy, badiiy, madaniy qimmatga ega boʻlgan joy, inshoot (asar), imorat, majmua (ansambl), ularning boʻlaklari, ular bilan bogʻliq hududlar;
arxeologiya obyektlarini birlamchi konservatsiyalash — avariya holatida boʻlgan, arxeologiya tadqiqoti yakunlangan arxeologiya obyektlarining but saqlanishini taʼminlash maqsadida ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeolog tomonidan majburiy tartibda amalga oshiriladigan ilmiy, ilmiy-texnik tadqiqotlar, taʼmirlash-tiklash ishlari hamda chora-tadbirlar majmui;
arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash — arxeologiya obyektlarini mavjud koʻrinishida asrash va uning holati yomonlashuvining oldini olish maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar hamda chora-tadbirlar majmui;
arxeologiya tadqiqoti — arxeologiya obyektlari, arxeologiya yodgorliklari va arxeologiya ashyolarini oʻrganish orqali yangi bilimlarni egallash maqsadida amalga oshiriladigan faoliyat;
muzeylashtirish — ilmiy-tadqiqot ishlari asosida arxeologiya obyektlari yoki ulardan topilgan arxeologiya ashyolarini muzeylarda namoyish etish, saqlash shart-sharoitlarini yaratish orqali turizm obyektiga aylantirish;
muzeylashtirish ahamiyatidagi konservatsiyalash — arxeologiya obyektlarini muzeylashtirish, arxeologiya bogʻlarini yaratish va turizm obyektiga aylantirish maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy, ilmiy-texnik tadqiqotlar, taʼmirlash-tiklash ishlari hamda chora-tadbirlar majmui;
konservatsiyalash — tarixiy va madaniy yodgorliklarni (meʼmoriy inshootlar, arxeologiya ashyolari, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari, kitob, qoʻlyozma va boshqalar) dastlabki yoki konservatsiyaga tushgan vaqtdagi qiyofasi, chidamliligini uzoq muddatga saqlashni taʼminlovchi chora-tadbirlar majmui.
2-bob. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash tartibi
7. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash arxeologiya tadqiqotlari jarayoni va natijalariga koʻra bir nechta bosqich hamda usullarda amalga oshirilishi mumkin.
8. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash jarayoni obyektning joylashuvi va tabiiy sharoitning taʼsiriga qarab quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi mumkin:
obyektning holati va zarar koʻrgan qismlarini oʻrganish;
obyektni tuproq, namlik yoki boshqa taʼsirlardan tozalash;
maxsus materiallar bilan himoyalash;
qoʻshimcha tayanchlar bilan mustahkamlash;
obyektning buzilgan yoki zarar koʻrgan qismlarini asliga yaqin tarzda tiklash;
obyektni tabiiy sharoit va insoniy taʼsirlardan himoyalash.
9. Arxeologiya obyektining holati va zarar koʻrgan qismlarini oʻrganish bosqichida obyektning texnik, kimyoviy, biologik holati oʻrganiladi hamda quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
obyekt holatini toʻliq qayd etish, fotosuratlar, chizmalar tayyorlash;
obyektning moddiy tarkibi, eskirish darajasini aniqlash;
tabiiy, texnologik yoki insoniy taʼsirlarni aniqlash va ushbu taʼsirlarni kamaytirish choralarini belgilash.
10. Arxeologiya obyektlarini tuproq, namlik yoki boshqalar taʼsiridan tozalash bosqichi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
obyektni qoplagan tuproq qatlamini qoʻl asboblari yordamida ehtiyotkorlik bilan olib tashlash;
namlikning obyektga salbiy taʼsiri oldini olish uchun haroratni moʻtadillashtirish va shamollatish sharoitini yaratish;
zaruratga koʻra organik va kimyoviy birikmalarni olib tashlash uchun kimyoviy eritmalar yoki boshqa maxsus vositalardan foydalanish.
11. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalashda maxsus materiallar bilan himoyalash, qoʻshimcha tayanchlar bilan mustahkamlash bosqichi quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
obyekt yuzasini zarar yetkazmaydigan maxsus materiallar (parafin, epoksid qatronlar, ohak asosli qoplamalar va boshqalar) bilan qoplash;
zarar koʻrgan qismlarni mustahkamlash uchun asosan yogʻoch, metall yoki plastmassadan tayanchlar oʻrnatish.
12. Arxeologiya obyektining buzilgan yoki zarar koʻrgan qismlarini asliga yaqin tarzda tiklash bosqichida konservatsiya va restavratsiya usullariga asoslangan holda quyidagilar amalga oshiriladi:
obyektning asl koʻrinishi va tarixiy ahamiyatini tiklash uchun ilmiy-tadqiq qilish;
asliga yaqin materiallar va texnikalarni aniqlash;
asl struktura va detallarni qayta tiklash hamda obyektning tarixiy koʻrinishini saqlab qolish.
13. Arxeologiya obyektlarini tabiiy sharoit va insoniy taʼsirlardan himoyalash bosqichi quyidagi choralarga asoslanadi:
obyekt atrofiga toʻsiqlar oʻrnatish, hududni nazorat qilish;
tabiiy sharoitni hisobga olib konservatsiya choralarini koʻrish;
zaruratga koʻra maxsus kimyoviy moddalar yoki materiallar yordamida obyektni zararli taʼsirlardan himoya qilish;
obyekt holatini muntazam kuzatish, ehtiyojga koʻra qoʻshimcha himoya choralarini amalga oshirish.
14. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash tadqiqotlarda aniqlangan ashyolar va meʼmorchilik qoldiqlari, ularning materiali va saqlanish holati, ahamiyati, qanday maqsad va darajada amalga oshirilishiga qarab birlamchi va muzeylashtirish ahamiyatidagi konservatsiyalash usullarida olib boriladi.
15. Arxeologiya obyektlarini birlamchi konservatsiyalash (keyingi oʻrinlarda — birlamchi konservatsiyalash) avariya holatida boʻlgan, arxeologiya tadqiqoti olib borilgan obyektlarning but saqlanishini taʼminlash maqsadida ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeolog tomonidan amalga oshiriladi.
16. Birlamchi konservatsiyalash ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeolog tomonidan quyidagi chora-tadbirlarni qoʻllash asosida olib borilishi mumkin:
arxeologiya tadqiqoti olib borilgan hududlarni ochiq holatda ustini yopish orqali konservatsiyalash;
obyektlarning qismlarini tiklash orqali konservatsiyalash;
arxeologiya tadqiqoti olib borilgan hududlarni koʻmish orqali konservatsiyalash;
kimyoviy usulda qotirib qoʻyish orqali konservatsiyalash;
asl holicha, qanday saqlangan boʻlsa, shundayligicha, ayrim zarar keltiradigan holatlarning oldini olish orqali konservatsiyalash.
17. Arxeologiya obyektlarining arxeologiya tadqiqoti davomida ochilgan qismlarini namlik koʻtarilishi va quyosh nuri tushishi natijasida deformatsiya, eroziya va boshqa omillardan himoya qilish maqsadida ustini yopish orqali konservatsiyalash usulidan foydalaniladi.
18. Arxeologiya yodgorliklarining arxeologiya tadqiqoti davomida ochilgan qismini tabiiy sharoit, vaqt va inson omilidan asrash maqsadida yodgorlikning asl qismlaridan foydalanib, ilmiy va tarixiy ahamiyatini saqlagan holda tiklash orqali konservatsiyalash usulidan foydalaniladi.
19. Arxeologiya tadqiqotlari yakunlanganidan soʻng obyektlarni saqlash, unga tabiiy muhit taʼsirini kamaytirish maqsadida tuproq yoki boshqa himoya qatlamlari bilan yodgorlik ustini koʻmish orqali konservatsiyalash usuli qoʻllanadi. Mazkur usul doimiy saqlash va muzeylashtirishga tayyor boʻlmagan, keyinchalik arxeologiya tadqiqotlari davom ettiriladigan yodgorliklar uchun qoʻllanadi.
20. Kimyoviy usulda qotirib qoʻyish orqali konservatsiyalash obyektlarini saqlab qolish maqsadida maxsus kimyoviy moddalar bilan qotirib, mustahkamlab qoʻyiladi. Bu usulda obyektlar zararli taʼsirlardan, namlik, mikroorganizmlar va tuproqdagi kimyoviy oʻzgarishlardan himoyalanadi.
21. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalashda zaruratga qarab quyidagi kimyoviy moddalar qoʻllanishi mumkin:
tosh va keramikani mustahkamlashda silikat birikmalar;
restavratsiya va taʼmirlash jarayonida mahkamlovchi sifatida epoksid qatronlar;
mogʻor va mikroorganizmlarni yoʻq qilish uchun biotsidlar;
yuzalarni mustahkamlash va toʻkilishning oldini olish uchun polimerlar yoki konsolidantlar.
22. Arxeologiya obyektini asl holicha, qanday saqlangan boʻlsa shundayligicha, ayrim zarar keltiradigan holatlarning oldini olish orqali konservatsiyalash usulidan yodgorlikning tabiiy yoki topilgan holatida saqlanishini taʼminlash uchun foydalaniladi. Ushbu jarayonda tadqiqotdan soʻng topilgan obyektlarning shakli, materiali, joylashuvi va tarkibini oʻzgartirmasdan saqlash choralari koʻriladi.
23. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalashda kimyoviy moddalardan foydalanish jarayoni malakali restavratorlar ishtiroki va xulosasi asosida olib boriladi.
24. Arxeologiya obyektlarini muzeylashtirish ahamiyatidagi konservatsiyalash (keyingi oʻrinlarda — muzeylashtirish) arxeologiya obyektlari negizida muzeylar tashkil qilish, arxeologiya bogʻlarini yaratish va turizm obyektiga aylantirish maqsadida amalga oshiriladi. Bu usulda arxeologiya obyektini qisman tiklash maqsadida ushbu Nizomning 17 — 22-bandlarida belgilangan usullardan foydalanilishi mumkin.
25. Muzeylashtirish jarayonida arxeologiya obyektlarini saqlash uchun maxsus sharoitlar yaratiladi. Xususan, harorat va namlik nazorat qilinishi, obyekt ustini yopish, maxsus binolar qurish ishlari amalga oshiriladi.
26. Arxeologiya ashyolari maxsus oynavand vitrinalar yoki namoyish vositalariga joylashtiriladi.
27. Muzeylashtirish ustuvorlik asosida quyidagi ahamiyatdagi arxeologiya obyektlarida olib boriladi:
shahar markazlarida joylashgan arxeologiya obyektlarida;
YUNESKO Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan arxeologiya obyektlarida;
turizm yoʻnalishida (marshrutida), katta yoʻllar, shu jumladan, magistral yoʻllar boʻyida joylashgan arxeologiya obyektlarida;
muzeylashtirish uchun yetarli miqdordagi grantlar, investitsiyalar jalb qilingan arxeologiya obyektlarida.
28. Muzeylashtirish rejalashtirilgan taqdirda, zarur materiallar va usullar, shuningdek, bajarish muddatlari koʻrsatilgan holda loyiha ishlab chiqiladi.
29. Arxeologiya obyektlarini muzeylashtirishning loyihaoldi va loyiha-smeta hujjatlari, ularda rejalashtirilgan asrashga doir ishlarni obyektning tarixiy-madaniy ahamiyati hamda noyobligiga ziyon yetkazmagan holda texnologiya va materiallarning qoʻllanishi boʻyicha tegishli xulosa Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan beriladi.
30. Muzeylashtirish Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir faoliyatni litsenziya hamda Madaniy meros obyektlarida tadqiqotlar, qidiruvlar oʻtkazish, ilmiy-konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshirish uchun ruxsatnomaga ega boʻlgan shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
31. Muzeylashtirilishi rejalashtirilgan arxeologiya obyektlarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish uchun mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tomonidan tegishli xalq deputatlari kengashlariga taklif kiritish orqali mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan ajratiladi.
32. Arxeologiya obyektlarini muzeylashtirish hamda turizm obyektiga aylantirish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar madaniy meros sohasiga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar, mahalliy budjet mablagʻlari, grantlar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
33. Muzeylashtirish olib borilgan arxeologiya yodgorliklariga shtat birliklarini ajratish hamda xodimlarga ish haqini toʻlash Madaniy meros agentligi tizimidagi muzeylar uchun belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
34. Muzeylashtirilgan arxeologiya yodgorliklari tegishli viloyat tarix, madaniyat davlat muzeylari va muzey-qoʻriqxonalarning filiallariga aylantiriladi.
3-bob. Ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeologning arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash boʻyicha majburiyatlari
35. Ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeolog arxeologiya tadqiqoti rejasi hamda ajratilgan mablagʻlar doirasida quyidagilarni amalga oshiradi:
arxeologiya obyektining birlamchi konservatsiyasi va but saqlanishini taʼminlaydi;
konservatsiyalashni har bir arxeologiya obyektining xususiyatidan kelib chiqqan holda soha mutaxassislari va restavratorlarni jalb qilgan holda olib boradi;
arxeologiya tadqiqoti keyingi yillarda ham davom etadigan obyektlarda aniqlangan meʼmoriy inshoot qoldiqlarining (devorlar) somonli loy bilan mustahkamlanishini taʼminlaydi;
arxeologiya obyektlarida aniqlangan meʼmoriy inshoot qoldiqlarining qadimgi holatini saqlagan holda, avval ishlatilgan gʻisht yoki paxsa oʻlchamlaridagi materiallar bilan qadimgi arxitekturani saqlash choralarini koʻradi;
arxeologiya tadqiqoti bir yilda yoki bir necha yillik tadqiqotlardan soʻng yakunlansa, arxeologiya obyektlarining ustini yopish yoki toʻliq tuproq bilan koʻmib, konservatsiya qilish ishlarini tashkil qiladi;
arxeologiya obyekti hisoblangan qabristonlarda (mozorqoʻrgʻon) tadqiqotlar yakunlangach, qabrlar oʻrni toʻliq tuproq bilan koʻmilishini taʼminlaydi;
arxeologiya tadqiqotlari ilmiy hisobotida bajarilgan ishlar, foydalanilgan usullar va materiallar, shuningdek, obyektning holatini kuzatish natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qayd etadi;
restavratorlar yordamida arxeologiya tadqiqoti davomida topilgan arxeologiya ashyolarining fizik-mexanik yaxlitligini taʼminlash, birlamchi taʼmirlash va tiklash ishlarini olib boradi;
arxeologiya ashyolari ular aniqlangan joyda qoldirilgan taqdirda, Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari bilan birgalikda mazkur ashyolarni konservatsiyalash chora-tadbirlarini koʻradi. Bunda mazkur arxeologiya ashyolarini tavsiflaydi, suratga oladi va ilmiy hisobotda koʻrsatib oʻtadi.
36. Arxeologiya ashyosi davlat fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirilganidan soʻng konservatsiyalash, restavratsiya va rekonstruksiya qilish ishlari mazkur arxeologiya ashyosi biriktirilgan davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
4-bob. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalashni nazorat qilish
37. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalashda quyidagilardan foydalanish yoki amalga oshirish mumkin emas:
asl holatni oʻzgartirish yoki saqlanib qolgan qismlarni notoʻgʻri tiklash;
obyektning tarixiy oʻrinlari, tuzilishi, yillar davomida yetkazilgan shikastlanishlari yoki tabiiy eskirishini sunʼiy taʼmirlash asosida yangilash;
arxeologiya obyekti yoki uning qismlarini, aniqlangan arxeologiya ashyolarini toʻliq tiklash;
obyektning qismlarini tiklashda asl materiallariga kimyoviy yoki fizik jihatdan mos kelmaydigan zamonaviy materiallardan foydalanish;
sinovdan oʻtmagan kimyoviy moddalar, kislotalar yoki yuvuvchi moddalardan foydalanish;
zarar yetkazadigan yoki asl tarixiy va ilmiy qiymatini oʻzgartiradigan oʻzgarishlar kiritish;
arxeologiya obyektining madaniy qatlamlarining toʻliq oʻrganilmagan qismiga ustun yoki qurilmalarni joylashtirish;
notoʻgʻri saqlash sharoitlarini (harorat va namlik) yaratish.
38. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash yuqori malakali arxeolog, restavrator va mutaxassislar ishtirokida, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari nazorati ostida amalga oshiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
39. Davlat muassasalari va arxeologlar arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash qoidalarini buzgan hollarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
40. Arxeologiya obyektlarini konservatsiyalash qoidalarini buzib, obyektlarga ziyon yetkazgan davlat muassasalari va arxeologlar qonunchilik hujjatlariga muvofiq yetkazilgan zararni qoplaydi.
