Seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-184-son)
20.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini raqamlashtirish, madaniy meros obyektlari va transport inshootlarining seysmik holatini monitoring qilish, qurilish maydonlaridagi gruntlarning seysmik xavfini kamaytirish, sohada kadrlar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar koʻlami va sifatini yanada oshirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) madaniy meros obyektlari va transport inshootlarining (avtomobil va temiryoʻl koʻpriklari, yerosti va yerusti tunnellari) zilzilabardoshligini monitoring qilish tizimini yaratish;
(b) seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini raqamlashtirish va unga sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish;
(v) qurilish maydonlari uchun zamin gruntlarini oʻrganish va ularning mustahkamligini oshirish choralarini koʻrish;
(g) seysmik xavfsizlik va zilzilabardoshlik sohasida malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish amaliyotini takomillashtirish.
II. Madaniy meros obyektlari va transport inshootlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish
2. 2026-yil 1-yanvardan boshlab tarixiy va madaniy meros obyektlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish amaliyoti bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilsin. Belgilansinki:
(a) dastlabki bosqichda monitoring mamlakatning turizm salohiyatini koʻrsatib beruvchi madaniy meros obyektlari, shu jumladan, Samarqand shahridagi Registon majmuasi, Buxoro shahridagi Darvozaxona (Ark majmuasi), Xiva shahrining Ichan-qalʼa majmuasida amalga oshiriladi;
(b) tarixiy va madaniy meros obyektlarining zilzilabardoshligini monitoring qilish Madaniy meros agentligining yagona boshqaruv platformasi orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan amalga oshiriladi;
(v) monitoringni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar Seysmologiya, inshootlarning seysmik mustahkamligini va seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
3. 2026-yil 1-martdan boshlab avtomobil va temiryoʻl koʻpriklari hamda yerosti va yerusti tunnellarining (keyingi oʻrinlarda — transport inshootlari) zilzilabardoshligini onlayn monitoring qilish amaliyoti bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyilsin. Belgilansinki:
(a) onlayn monitoring “TransportSeysmika” platformasi orqali Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring respublika markazi tomonidan yuritiladi;
(b) monitoring maʼlumotlari transport inshootlaridagi zaiflashgan nuqtalarda obyektga masʼul tashkilot tomonidan instrumental-texnik tekshiruvni oʻtkazish uchun asos boʻladi;
(v) “TransportSeysmika” platformasi orqali bosqichma-bosqich onlayn seysmik monitoring yuritiladigan transport inshootlarining roʻyxati seysmik faol hududlar kesimida shakllantiriladi;
(g) seysmik datchiklarni sotib olish, transport inshootlariga oʻrnatish va uni yuritish bilan bogʻliq xarajatlar 2026 — 2028-yillar davomida Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. 2026-yil 1-yanvardan boshlab respublikadagi “A-373” va “M-39” avtomobil yoʻllarida hamda ularga tutash togʻli hududlardan oʻtgan temiryoʻllarda koʻchki sodir boʻlishi ehtimoli yuqori hududlarning doimiy radiolokatsion kosmik monitoringi tashkillashtirilsin.
Belgilansinki, radiolokatsion kosmik monitoring Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan har yili 1-mayga qadar oʻtkaziladi va natijalari boʻyicha maʼlumotlar togʻ-kon sanoati va geologiya, favqulodda vaziyatlar, transport va gidrometeorologiya xizmati organlariga, mahalliy hokimliklarga taqdim etib boriladi va ular tomonidan aniqlangan xavfni bartaraf etish choralari koʻriladi.
III. Seysmik xavfsizlikni taʼminlash sohasini raqamlashtirish va unga sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish
5. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-dekabrdan boshlab:
(a) quyidagilarni raqamlashtirgan holda yagona tizim asosida Onlayn seysmologik platforma ishga tushiriladi:
(i) sodir boʻlishi mumkin boʻlgan zilzilalarning mintaqaviy akselerogrammalar bazasi;
(ii) respublika hududlarini ilmiy tahlil asosida seysmik xavf darajasi boʻyicha tasniflashni nazarda tutuvchi umumiy seysmik va batafsil rayonlashtirish xaritalari;
(iii) tuman va shaharlar markazlarining makroseysmik ballardagi va choʻqqi tezlanishdagi mikrohududlashtirish xaritalari;
(iv) respublikadagi mavjud faol tektonik yoriqlar xaritasi;
(b) Onlayn seysmologik platforma “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimiga integratsiya qilinib, undagi seysmologik koʻrsatkichlar boʻyicha seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan bino va inshootlar loyihalashtiriladi hamda mazkur koʻrsatkichlar shaharsozlik ekspertizasidan oʻtkazish uchun asos hisoblanadi.
6. Seysmik xavfsizlikni taʼminlash doirasida sohaga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish maqsadida:
(a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab sunʼiy intellekt yordamida seysmik xavf yuqori boʻlgan hududlarda kuchli zilzilalarni oʻrta va uzoq muddatlarda prognoz qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin. Belgilansinki:
(i) mazkur amaliyot zilzila darakchilarining namoyon boʻlish koʻrsatkichlarini baholash asosida Fanlar akademiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;
(ii) dastlabki bosqichda sunʼiy intellekt yordamida kuchli zilzilalarni oʻrta va uzoq muddatda prognoz qilish Toshkent shahri misolida tashkil etiladi;
(iii) mazkur amaliyot natijalari Oʻzbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tadbirlarini muvofiqlashtirish boʻyicha respublika kengashida (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi) muhokama qilinib, aniq choralar belgilanadi;
(b) 2026-yil 1-martdan boshlab:
(i) bino va inshootlarning zilzilabardoshlik boʻyicha texnik holatini sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish;
(ii) respublikada yillar davomida sodir boʻlgan zilzila yozuvlarini (ochiq katta hajmdagi maʼlumotlarni) sunʼiy intellekt yordamida qayta ishlash va tahlil qilish orqali kelajakda zilzila boʻlishi mumkin boʻlgan hududlarni aniqlash hamda zilzilaning bino va inshootlarga taʼsirini baholash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
IV. Qurilish maydonlari uchun zamin gruntlarini oʻrganish va ularning mustahkamligini oshirish choralarini koʻrish
7. Respublika hududlarida yerosti qurilish ishlarini amalga oshirish va yerosti qurilish obyektlarining zilzilabardoshligini taʼminlash ishlarini tartibga solish maqsadida:
(a) 2025-yil 1-dekabrdan boshlab dastlab Toshkent shahrida, reja asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlarida yerosti qurilish obyektlari uchun 10, 20 va 30 metr chuqurlikdagi muhandis-geologik, seysmologik koʻrsatkichlar ishlab chiqilsin va ularning raqamlashtirilgan seysmik jadallik xaritalari shakllantirilsin;
(b) yerosti obyektlarini loyihalash va qurish muhandis-geologik hamda seysmologik koʻrsatkichlar, seysmik jadallik xaritalari asosida gruntning chuqurlikdagi seysmik darajasiga muvofiq amalga oshirilsin;
(v) mazkur vazifalarni amalga oshirish Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovi natijalari asosida ajratiladigan grantlar va Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilsin.
Mazkur bandning ijrosi uchun masʼul etib Fanlar akademiyasi (Sh. Ayupov), Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Sh. Xidoyatov) hamda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti (B. Toʻlaganov) belgilansin.
8. 2025-yil 1-dekabrdan boshlab ikki yil davomida respublika tuman markazlari va shaharlari markazlaridagi zilzila taʼsiriga chidamli boʻlmagan gruntlarni seysmik xususiyatlar boʻyicha toifalash va tavsiflash ishlari tashkil etilsin. Ushbu ishlar doirasida:
(a) seysmik mustahkamlikni oshirishga qaratilgan gruntlarning seysmoizolyatsiyasi boʻyicha gibrid yoʻnalishdagi seysmologik tadqiqotlar olib boriladi hamda gruntlarni muhandislik tayyorlash va ularning seysmik jadalligini kamaytirish usullari qoʻllanadi;
(b) seysmologik tadqiqotlar natijalari asosida tegishli normativ-texnik hujjat ishlab chiqilib, tasdiqlanadi hamda zilzilabardosh bino-inshootlarni loyihalash va qurishda foydalaniladi;
(v) tadqiqotlarni amalga oshirish xarajatlari Seysmologiya institutiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida va Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
Mazkur bandning ijrosi uchun masʼul etib Fanlar akademiyasi (Sh. Ayupov) va Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Sh. Xidoyatov) belgilansin.
V. Seysmik xavfsizlik va zilzilabardoshlik sohasida malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlarni jadallashtirish
9. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Fanlar akademiyasining Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida davlat muassasasi shaklidagi Seysmik xavfsizlik va barqaror qurilish milliy tadqiqot institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin. Belgilansinki:
(a) Institutning asosiy faoliyati quyidagilarga yoʻnaltiriladi:
(i) sohadagi muammolarni hal etish boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar oʻtkazib, natijalarini amaliyotga joriy etish;
(ii) qurilish sohasida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni tashkil etish va raqamli qurilishni rivojlantirish;
(iii) malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;
(b) Institut oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimi asosida faoliyat olib boradi va Institut tomonidan pulli xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar uni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi.
VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
10. Quyidagilar:
(a) 2025 — 2027-yillarda seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin;
(b) Respublika kengashi (A. Aripov) davlat organlari va tashkilotlari tomonidan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini tashkillashtirsin hamda nazoratini olib borsin.
11. Aholi va hududlarning seysmik xavfsizligini taʼminlash va seysmologiya sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar mohiyatini aholi va keng jamoatchilikka tushunarli tarzda yetkazish ishlarini tashkil etish maqsadida har chorakda:
(a) Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi:
(i) Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan hamkorlikda fuqarolarning zilziladan oldin, zilzila vaqtida va zilziladan soʻng toʻgʻri harakatlanishiga bagʻishlangan koʻrsatuvlar, lavhalar, videoroliklar va eshittirishlar tayyorlanishini;
(ii) ishlab chiqilgan mediamahsulotlar Milliy teleradiokompaniya tizimidagi barcha tele- va radiokanallarda tizimli ravishda efirga uzatilishini taʼminlasin;
(b) Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ijro uchun masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonda nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish jarayonlari ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritilishini tashkil etsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib favqulodda vaziyatlar vaziri B. Kudratxodjayev, qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri Sh. Xidoyatov va Fanlar akademiyasi prezidenti Sh. Ayupov belgilansin.
13. Mazkur Farmon ijrosini monitoring qilib borish rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:
(a) Fanlar akademiyasi Farmon ijrosini monitoring rejasiga asosan har yili 15-fevralga qadar monitoringdan oʻtkazsin hamda monitoring natijalarini Hisob palatasi va Adliya vazirligiga kiritib borsin;
(b) Hisob palatasi Adliya vazirligi bilan birgalikda monitoring rejasi asosida Farmon ijrosini nazorat qilsin hamda har yili 25-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
(v) “Ijro.gov.uz” tizimida Farmon ijrosini nazoratdan yechishda monitoring rejasida koʻrsatilgan maqsadlarga erishilganligi inobatga olinsin.
14. Ushbu Farmon ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
15. Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi toʻgʻrisida har yarim yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 20-oktabr,
PF-184-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-184-son Farmoniga 1-ILOVA
2025 — 2027-yillarda seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-184-son Farmoniga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Seysmik xavfsizlikni taʼminlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini monitoring qilib borish
REJASI
