Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-310-son)
20.10.2025
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”gi PF-185-son Farmoni ijrosini taʼminlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini zamon talablari asosida yanada takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Tashkiliy-institutsional isloh qilish choralari
1. Favqulodda vaziyatlar organlari tizimi va tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish orqali turdosh sohaviy xizmatlar faoliyatini samarali boshqarish va muvofiqlashtirishning yagona tizimini joriy etish maqsadida Favqulodda vaziyatlar vazirligining umumiy cheklangan shtat birliklari soni va mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasi doirasida:
(a) Favqulodda vaziyatlar vazirligining markaziy apparati tuzilmasida Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi departamenti, Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish departamenti, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti hamda Moliya, moddiy-texnik taʼminot va muhandislik departamenti tashkil etilsin;
(b) favqulodda vaziyatlar vazirining raqamlashtirish va kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy etilsin;
(v) Toshkent shahri va Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tegishincha Toshkent shahri va Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmalari etib qayta tashkil etilsin;
(g) favqulodda vaziyatlar sohasida barcha nazorat funksiyalarini yagona tartib asosida amalga oshiruvchi favqulodda vaziyatlar organlari davlat nazorati (bosh, katta, kichik, yetakchi) inspektori (keyingi oʻrinlarda — davlat inspektori) lavozimi joriy qilinsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmalari, viloyatlar boshqarmalari va tumanlar (shaharlar) boʻlimlari (boshqarmalari) boshliqlari lavozimiga koʻra tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri va tumanlar (shaharlar) hokimlari — fuqaro muhofazasi boshliqlarining oʻrinbosarlari hisoblanishi belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilansinki:
(a) davlat yongʻin nazorati organlari vakolatlari favqulodda vaziyatlar organlari zimmasiga yuklatiladi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi mazkur sohada huquqni qoʻllash amaliyoti boʻyicha yagona respublika ijro etuvchi organi hisoblanadi;
(b) quyidagilar:
(i) favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari — Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish departamenti boshligʻi, Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish respublika shtabining rahbari;
(ii) Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi departamenti boshligʻi maqomiga koʻra favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi bosh davlat inspektori;
(iii) favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi bosh davlat inspektori, uning oʻrinbosarlari, shuningdek, davlat inspektorlari aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va yongʻin xavfsizligini taʼminlash sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash vakolatiga ega mansabdor shaxslar hisoblanadi.
II. Mahallalarda manzilli profilaktika tadbirlarini tashkil etish
5. Mahallalarda favqulodda vaziyatlar profilaktikasini manzilli tashkil etish va uni samarali amalga oshirishda “Mahallamizni favqulodda vaziyatlardan muhofazalangan hududga aylantiramiz” shiori ostida “profilaktika — muhofaza” tamoyili asosida quyidagi tashkiliy mexanizmlar joriy etilsin:
(a) mahallalarda favqulodda vaziyatlar yuz berish xavfini ilmiy-texnik yondashuv asosida joyiga chiqqan holda oʻrganishlar oʻtkazgan holda xavf indikatorlariga koʻra har bir mahallani “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratish;
(b) favqulodda vaziyatlar yuz berish xavfi yuqori boʻlgan (“qizil” va “sariq” toifadagi) mahallalarni muntazam ravishda “xonadonbay” oʻrganib borish va muammolarni bartaraf etish orqali xavf indikatorlarini kamaytirishga qaratilgan hudud, tuman (shahar) va mahallalar kesimida profilaktika chora-tadbirlari rejalarini ishlab chiqish;
(v) tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar boʻlim (boshqarma) rahbar xodimlarini, davlat inspektorlarini, birinchi navbatda, “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalarga biriktirish orqali “mahalla yettiligi” vakillari va mahalla faollari bilan manzilli kompleks profilaktika tadbirlarini tashkil etish;
(g) mahallalarning xavf darajalaridan kelib chiqib, hududiy birlik doirasida davlat inspektorlarini profilaktika tadbirlarini amalga oshirish uchun eksterritorial tamoyil asosida taqsimlab borish;
(d) mahalla fuqarolar yigʻini binosi va huquq-tartibot maskanlarida davlat inspektorlarining “Mahalla muhofazasi” xizmat xonasini tashkil etish, “mahalla yettiligi” vakillarining aniq vazifalarini belgilash hamda ularning ijrosini muvofiqlashtirib borish tizimini joriy etish;
(j) zamonaviy texnik vositalar va texnologiyalar yordamida favqulodda vaziyatlar va yongʻinlar yuz berish xavfi yuqori boʻlgan hududlarda vaqtinchalik maxsus postlarni tashkil qilish hamda favqulodda vaziyatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish tizimini yaratish;
(z) mahallalardagi uy-joy fondi va boshqa nazorat obyektlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va boshqa texnik-profilaktik chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, natijadorligi boʻyicha taʼsirchan davlat nazoratini oʻrnatish hamda faolligi uchun masʼullar va jamoatchilik vakillarini ragʻbatlantirib borish tartibini yoʻlga qoʻyish;
(i) aholining barcha qatlamlari, shu jumladan, ijtimoiy, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari jamoalari bilan fuqarolik muhofazasi borasida oʻquv-amaliy va kompleks targʻibot-profilaktika tadbirlarini tizimli ravishda oʻtkazish;
(k) oʻrmon fondi obyektlarida mavsum oldi va mavsumda, paxta-toʻqimachilik klasterlari, qurilish obyektlari hamda yirik savdo-koʻngilochar markazlarda amaldagi qonunchilik hujjatlari doirasida aholi xavfsizligini taʼminlash va ularning mol-mulkini asrashga qaratilgan manzilli profilaktik tadbirlarni olib borish.
III. Mahallalarda samarali texnik profilaktika tadbirlarini yoʻlga qoʻyish
6. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Energetika vazirligi, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) Favqulodda vaziyatlar vazirligiga:
(i) aholi turar joylarida is gazidan zaharlanish hamda havo-gaz aralashmasi chaqnashi kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida aholi xonadonlari va xizmat koʻrsatish obyektlaridagi gaz plitalari, isitish qozonlari, dudburonlar (olovdan himoya qilish va pech-moʻrikon) va ventilyatsiya tizimlariga shartnoma asosida pulli texnik xizmat koʻrsatish vakolati;
(ii) xizmatlarni koʻrsatishda yetarli darajadagi bilim va ish tajribasiga ega boʻlgan malakali mutaxassislarni fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida jalb qilish huquqini berish;
(b) 2026-yil 1-yanvardan boshlab bir yil davomida Toshkent viloyati hududida sinov tariqasida “Mahalla muhofazasi” loyihasini amalga oshirish va 2027-yil 1-aprelga qadar loyihani amalga oshirishning ijobiy natijalaridan kelib chiqib, respublikaning qolgan hududlarida joriy etish boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritish.
7. Quyidagilar “Mahalla muhofazasi” loyihasining ustuvor vazifalari etib belgilansin:
(a) mahallalarda favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan texnik-profilaktik tadbirlarni amalga oshirish hamda aholi xonadonlarida yongʻin, is gazi va chaqnash kabi baxtsiz hodisalar kelib chiqishining oldini olish;
(b) elektr energiyasi, tabiiy gaz va muqobil yoqilgʻi turlaridan hamda isitish pechlaridan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya etilishini tashkil etish;
(v) elektr energiyasining behuda sarflanishi hamda gaz va elektr tarmoqlariga xavfsizlik talablariga zid ravishda ulanishlarning oldini olish, shartnoma asosida uy-joy fondida shamollatish kanallari va dudburonlar sozligini taʼminlash, olovdan himoya qilish va pech-moʻrikon ishlarini bajarish, elektr va gaz jihozlariga, shuningdek, yongʻinga qarshi himoya tizimlari va vositalariga texnik xizmat koʻrsatish hamda ularni taʼmirlash;
(g) olovdan himoya qilish ishlarini bajarish, yongʻin oʻchirishning birlamchi vositalarini taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish;
(d) aholining barcha qatlamlari oʻrtasida hayot faoliyati xavfsizligi sohasida targʻibot-tashviqot ishlarini oʻtkazish, sohaga oid maxsus adabiyot hamda targʻibot materiallarini tayyorlash va tarqatish.
8. Favqulodda vaziyatlar vazirligi “Mahalla muhofazasi” loyihasini amaliyotga tatbiq qilish, raqamlashtirish, moddiy-texnik bazasini yaratish va rivojlantirishni ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, vazirlikka Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan manbalar hisobidan amalga oshirsin.
IV. Ilmiy-texnikaviy yondashuvga asoslangan manzilli profilaktika tadbirlari
9. Quyidagilar:
(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarning namunaviy “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
(b) Tuman (shahar)larda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish chora-tadbirlarining namunaviy “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;
(v) Mahallalarni favqulodda vaziyatlardan xoli hududga aylantirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarning namunaviy “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq;
(g) Mahallalarda favqulodda vaziyatlarning yuz berish xavfini ilmiy-texnik oʻrganish boʻyicha biriktirilgan ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Belgilansinki, mahallalarda favqulodda vaziyatlardan profilaktika qilish mexanizmini samarali yoʻlga qoʻyish boʻyicha ilmiy asoslantirilgan takliflar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi va ishlab chiqiladigan “yoʻl xaritalari”ga kiritiladi.
V. Aholida favqulodda vaziyatlarda xavfsizlik madaniyatini yanada yuksaltirish va volontyorlik harakatini ommalashtirish
11. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda bolalar va yoshlarni favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanish, hayot faoliyati xavfsizligini taʼminlashga uzluksiz tayyorlash uchun mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha taʼlim tashkilotlari tarbiya-oʻquv jarayoniga quyidagilarni joriy etsin:
(a) maktabgacha taʼlim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarda shaxsiy xavfsizlik kompetensiyalarini bolalikdan shakllantirishda “Ilk qadam” davlat oʻquv dasturi doirasida xavfsiz harakatlanish boʻyicha ilk koʻnikmalarni muammoli-vaziyatli oʻyinlar va interfaol mashgʻulotlar orqali shakllantirishni yoʻlga qoʻyish;
(b) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim tashkilotlarida, shuningdek, oliy taʼlim tashkilotlarida “Hayot faoliyati xavfsizligi” mavzularida oʻquv-amaliy (taktik) mashqlar oʻtkazilishini yoʻlga qoʻyish.
12. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Adliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Oʻzbekiston nogironlar jamiyatining quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) har yili ikki marotaba (bahor va qish mavsumlaridan oldin) ish bilan band boʻlmagan aholi qatlami, inklyuzivlik tamoyili asosida nogironligi boʻlgan shaxslar bilan mahalla fuqarolari yigʻini vakillari hamkorligida favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish boʻyicha birlamchi koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan oʻquv-mashq tadbirlarini oʻtkazish;
(b) 2026-yildan boshlab har yili mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, bitta binoda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan hamda jamoalarida ishchi va xodimlari soni jami 50 nafar va undan yuqori boʻlgan tashkilot va muassasalarda favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish boʻyicha shartnoma asosida oʻquv-amaliy oʻqitishlar oʻtkazib borish tizimini yoʻlga qoʻyish va oʻqitishning yagona reyestriga kiritish.
13. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbekiston volontyorlari assotsiatsiyasining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
(a) har bir mahallada yoshlar orasida volontyor va aholi oʻrtasida koʻngilli qutqaruvchilardan iborat “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlarini (keyingi oʻrinlarda — volontyorlik guruhlari) shakllantirish, ularning koʻmagida mahallani favqulodda vaziyatlardan xoli hududga aylantirishga qaratilgan “Biz birgamiz!” harakatini amalga oshirish;
(b) volontyorlik guruhlari faoliyatida “mahalla — volontyor — davlat inspektori” uzviy hamkorligini yoʻlga qoʻyish.
14. Belgilansinki:
(a) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishda faollik koʻrsatgan, natijalari bilan boshqalarga oʻrnak boʻlgan volontyorlarga favqulodda vaziyatlar vaziri tavsiyasiga asosan Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kirishda oʻzlari toʻplagan ballarning 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ballar koʻrinishida imtiyoz beriladi;
(b) koʻngilli qutqaruvchilarga “mahalla yettiligi” tavsiyasiga asosan hududiy qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchi lavozimiga ishga qabul qilish boʻyicha tanlovda belgilangan tartibda ustuvorlik beriladi.
15. Favqulodda vaziyatlar vazirligi uch oy muddatda “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlarini qoʻllab-quvvatlash tartibini belgilashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlari 6-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
17. Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
18. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda muntazam ravishda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi oʻzgarishlar, mahallalarda amalga oshirilayotgan profilaktika chora-tadbirlari hamda aholida xavfsizlik madaniyatini oshirish borasida qilinayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borsin.
19. Qaror ijrosini tashkil etishning quyidagi tartibi belgilansin:
(a) qaror ijrosini samarali tashkil qilishda masʼuliyat va shaxsiy javobgarlik favqulodda vaziyatlar vaziri B.B. Kudratxodjayev zimmasiga yuklanadi;
(b) hududiy “yoʻl xaritalari”da belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli ijrosini taʼminlashga, ularning natijadorligi boʻyicha masʼuliyat va javobgarlik respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari, tashkilotlar, muassasalarning shaxsan birinchi rahbarlari zimmasiga yuklanadi;
(v) Ishchi komissiya (A. Ramatov) rahbarligida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari, tashkilotlar, muassasalarning birinchi rahbarlari tomonidan hududiy “yoʻl xaritalari”da belgilangan chora-tadbirlar, shuningdek, sohani tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarning talab darajasida bajarilishi yuzasidan har oyda bevosita joylarga chiqqan holda oʻrganishlar oʻtkaziladi va monitoringi yuritiladi.
20. Mazkur qaror ijrosini monitoring qilib borish rejasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:
(a) Favqulodda vaziyatlar vazirligi qaror ijrosini monitoring rejasiga asosan har yili 15-fevralga qadar monitoringdan oʻtkazsin hamda monitoring natijalarini Hisob palatasi va Adliya vazirligiga kiritib borsin;
(b) Hisob palatasi Adliya vazirligi bilan birgalikda monitoring rejasi asosida qaror ijrosini nazorat qilsin hamda har yili 25-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
(v) “Ijro.gov.uz” tizimida qaror ijrosini nazoratdan yechishda monitoring rejasida koʻrsatilgan maqsadlarga erishilgani inobatga olinsin.
21. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshligʻi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 20-oktabr,
PQ-310-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi toʻgʻrisidagi
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquqlari, javobgarligi, faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Vazirlik aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi, yongʻin xavfsizligi, shuningdek, oʻz vakolatlari doirasida seysmik xavfsizlikni taʼminlash, suv obyektlarida fuqarolarning choʻkishi bilan bogʻliq hodisalarning oldini olish, ularning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, favqulodda vaziyatlarda harakatlanish faoliyatini boshqarish, qutqaruv tuzilmalari ishini muvofiqlashtiradigan maxsus vakolatli, shuningdek, favqulodda vaziyatlar organlari tizimi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladigan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri oʻz maqomiga koʻra Vazirlar Mahkamasi aʼzosi hisoblanadi.
4. Vazirlik bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, qonunchilikda nazarda tutilgan masalalar boʻyicha esa Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi.
Oʻzbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hamda jamoatchilik oldida bevosita hisobdor hisoblanadi.
5. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, favqulodda vaziyatlar vazirining buyruqlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
6. Vazirlik oʻz faoliyatini bevosita hamda favqulodda vaziyatlar organlari orqali, shu jumladan, davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, boshqa tashkilotlar va fuqarolar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda amalga oshiradi.
7. Vazirlikning faoliyati ochiq va oshkora hisoblanadi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
8. Vazirlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari davlat organlari va boshqa tashkilotlar hamda ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
9. Vazirlik, uning tashkiliy boʻysunuvidagi tarmoq, sohaviy va hududiy organlari va tashkilotlari yuridik shaxslar hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy valyutadagi shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
Vazirlik faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini aks ettiradigan va belgilangan tartibda tasdiqlanadigan oʻz ramziga ega boʻlishi mumkin.
10. Favqulodda vaziyatlar organlari tizimiga quyidagilar kiradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining markaziy apparati;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmalari, viloyatlar favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, tuman va shahar favqulodda vaziyatlar boʻlimlari va boshqarmalari (keyingi oʻrinlarda — hududiy boʻlinmalar);
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar akademiyasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar akademiyasi huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti;
Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi ilmiy-innovatsion va sinov-tadqiqot instituti;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus qutqaruv batalyoni;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Qamchiq” maxsus qutqaruv boshqarmasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Seysmoprognostik monitoring respublika markazi;
“Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi” davlat muassasasi;
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Oʻta muhim, toifalangan va alohida obyektlarda favqulodda vaziyatlar boshqarmasi;
“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ va “LUKOIL Uzbekistan Operating Company” XK MCHJ obyektlarida favqulodda vaziyatlar markazlari;
“Muhofaza” jurnali va “Vaziyat” gazetasi birlashgan tahririyati” davlat muassasasi.
2-bob. Vazirlikning asosiy vazifalari va funksiyalari
11. Quyidagilar Vazirlikning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi, yongʻin xavfsizligi, shuningdek, oʻz vakolatlari doirasida seysmik xavfsizlikni taʼminlash, suv obyektlarida fuqarolarning choʻkib ketishi bilan bogʻliq hodisalarning oldini olish, ularning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
favqulodda vaziyatlarning barvaqt oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu borada mavjud kuch va vositalarning doimiy shayligini taʼminlash;
ishlab chiqarish va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarda, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, daryo oʻzanlarini tozalash, qirgʻoqlarini mustahkamlash va muhandislik-himoya tadbirlarini bajarish;
respublikada fuqaro muhofazasining tashkil etilishi va amalga oshirilishini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarning roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyatlar roʻy bergani haqida aholini oʻz vaqtida ogohlantirish va xabardor qilishni tashkil etish;
yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish ishlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, bu boʻyicha belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlar organlari faoliyati yoʻnalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
12. Vazirlik oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi, yongʻin xavfsizligi, shuningdek, oʻz vakolatlari doirasida seysmik xavfsizlikni taʼminlash, suv obyektlarida fuqarolarning choʻkib ketishi bilan bogʻliq hodisalarning oldini olish, ularning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish sohasida:
faoliyat yoʻnalishiga oid sohalarni rivojlantirish va takomillashtirish boʻyicha dasturlar, strategiyalar, konsepsiyalar, kompleks chora-tadbirlar va rejalar ishlab chiqadi hamda amalga oshirilishini taʼminlaydi;
tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, fuqaro muhofazasi, shuningdek, oʻz vakolatlari doirasida seysmik xavfsizlikni va yongʻin xavfsizligini taʼminlash, suv obyektlarida fuqarolarning choʻkib ketishi bilan bogʻliq hodisalarning oldini olish, ularning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish boʻyicha profilaktika tadbirlarini amalga oshiradi, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda iqtisodiyot obyektlari faoliyatining barqarorligini oshirish sohasidagi ilmiy-texnik va innovatsion siyosat yuritishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilaydi hamda maqsadli ilmiy-texnik dasturlarni tasdiqlaydi;
mahallalarda favqulodda vaziyatlarning roʻy berish xavfini ilmiy-texnik yondashuv asosida joyiga chiqqan holda oʻrganadi, xavf darajasiga koʻra indikatorlarni belgilaydi;
favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfi yuqori boʻlgan mahallalarda kunlik “xonadonbay” oʻrganish va muammolarni bartaraf etish orqali xavf indikatorlarini kamaytirishga qaratilgan profilaktika chora-tadbirlari rejalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
mahalla tizimi vakillari va faollari bilan manzilli kompleks profilaktika tadbirlarini tashkil etadi, aniq vazifalarni belgilaydi hamda ularning ijrosini muvofiqlashtiradi;
mahallalardagi uy-joy fondi va nazorat obyektlarida texnik-profilaktik hamda boshqa oldini olish choralarini muvofiqlashtiradi, natijadorligi boʻyicha taʼsirchan davlat nazoratini oʻrnatadi;
aholining barcha qatlamlari, shu jumladan, ijtimoiy, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari jamoalari bilan fuqaro muhofazasi sohasida oʻquv-amaliy va kompleks targʻibot-profilaktika tadbirlarini tizimli ravishda oʻtkazadi;
respublika hududida tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish harakatlari, shuningdek, fuqaro muhofazasi rejalari loyihalarini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi (keyingi oʻrinlarda — FVDT) faoliyatini boshqaradi hamda uni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilaydi;
toshqin suvlari va sel oqimlarini xavf-xatarsiz oʻtkazib yuborishni taʼminlash, qor koʻchishi va yer koʻchkisi hodisalari xavfini kamaytirish hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha hukumat komissiyalari ishini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlaydi, ularning qarorlari ijrosini muvofiqlashtiradi;
yongʻin va qutqaruv texnikalari, asbob-anjomlari, xabar berish vositalari boʻyicha davlat buyurtmachisi funksiyasini bajaradi, shuningdek, xususiy sektorni jalb qilgan holda ularni yaratish va respublikada ishlab chiqarishni tashkil etadi;
aholini va rahbarlar tarkibini zilzila sharoitida harakatlanishga tayyorlash doirasida profilaktika tadbirlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;
Oʻzbekiston yongʻin oʻchiruvchilar va qutqaruvchilar sporti federatsiyasi faoliyatiga koʻmaklashadi, yongʻin-qutqaruv sportini rivojlantirishni taʼminlaydi;
qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqadi hamda huquqiy tartibga solish funksiyasi doirasida idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi;
faoliyat yoʻnalishiga oid sohalar boʻyicha texnik reglamentlar, standartlar, normalar, qoidalar va boshqa texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlarni ishlab chiqadi va takomillashtiradi;
portlash va yongʻin chiqishi xavfi yuqori boʻlgan zonalar (obyektlar), shuningdek, odamlarni evakuatsiya qilishni yoki koʻchirishni talab qiladigan xavf yuqori boʻlgan hududlar davlat kadastrini yuritadi;
tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarning xavf darajasini va ularning moddiy, shu jumladan, atrof-muhitga zarari miqdorini aniqlash uslublarini ishlab chiqishni tashkil etadi;
fuqaro muhofazasi tizimini shay holatga keltirish boʻyicha direktiv hujjatlarni ishlab chiqadi, fuqaro muhofazasi uchun texnika, himoya vositalari va boshqa moddiy-texnik ashyolarning davlat buyurtmasi loyihasini shakllantirishda ishtirok etadi;
respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan faoliyat yoʻnalishiga oid sohalar boʻyicha nizomlar, qoidalar, yoʻriqnomalar va harakatlar rejalarini koʻrib chiqadi hamda kelishadi;
qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlaydi, ularni moddiy-texnik taʼminlash tartibi va meʼyorlarini ishlab chiqadi hamda oʻrnatilgan tartibda tasdiqlaydi;
favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi va rivojlanish xavfini kompleks monitoring hamda prognoz qilishni taʼminlaydi, seysmik kuzatuvlarni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida, transchegaraviy hududlarda, shuningdek, tabiiy va texnogen xavf yuqori boʻlgan hududlarda seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni tashkil etadi;
favqulodda vaziyatlarni monitoring qilish hamda prognozlash maʼlumotlarini, shuningdek, ularning yuzaga kelishi va oqibatlari toʻgʻrisida belgilangan tartibda avtomatlashtirilgan axborot almashinuvini taʼminlashni tashkil qiladi;
b) favqulodda vaziyatlarning barvaqt oldini olish va bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, bu borada mavjud kuch va vositalarning doimiy shayligini taʼminlash sohasida:
favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha profilaktika tadbirlarini tashkil etadi, ushbu sohada vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
odamlar hayoti va sogʻligʻiga, atrof tabiiy muhitga zarar yetishining oldini olish, favqulodda vaziyatlarda hayot faoliyatini taʼminlovchi obyektlarning barqarorligini oshirish hamda jiddiy moddiy talafotlarning, shu jumladan, odamlarning hayoti va faoliyati sharoitlari buzilishining oldini olish boʻyicha profilaktika tadbirlarini tashkil etadi;
mahallalarda favqulodda vaziyatlardan texnik profilaktikasini hamda aholi xonadonlarida yongʻinlar va favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilishni taʼminlaydi;
aholining barcha qatlamlariga hayot faoliyati xavfsizligi sohasida targʻibot ishlarini oʻtkazadi, sohaga oid maxsus adabiyot hamda targʻibot materiallarini tayyorlaydi;
tabiiy ofatlar va texnogen avariyalarni monitoring qilish hamda prognozlash tizimini rivojlantiradi va faoliyatini muvofiqlashtiradi;
faoliyat yoʻnalishiga oid sohalarda fan va texnologiyalarni rivojlantirish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
hayotiy faoliyatni taʼminlovchi obyektlar va tizimlarning barqaror ishlashini, tahdidlar va ularning kelib chiqish sabablarini oldindan aniqlash, bartaraf etish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilishini tashkil etadi va ularning ijrosini nazorat qiladi;
qurilish uchun maydonlar (trassalar) tanlash (ajratish) komissiyasining, shuningdek, qurilishi (rekonstruksiyasi) tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilib olish komissiyalarining ishida ishtirok etadi;
yongʻin xavfsizligi talablaridan asosli ravishda chetga chiqilgan yoki bunday talablar mavjud boʻlmagan taqdirda, binolar-inshootlarni va boshqa obyektlarni qurish, kapital taʼmirlash, rekonstruksiya qilish, kengaytirish va texnik jihatdan qayta jihozlashga doir loyiha hujjatlarining yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishiga taalluqli qismini koʻrib chiqadi;
shaharsozlik hujjatlari va obyektlar qurilish loyihalarini fuqaro muhofazasi, tabiiy hamda texnogen favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish talablariga rioya qilish boʻyicha davlat ekspertizasidan oʻtkazishda ishtirok etadi;
qurilishlar va qurilish-montaj ishlari jarayonida loyiha hujjatlarida koʻzda tutilgan hamda shaharsozlik normalari va qoidalarida belgilangan yongʻinga qarshi talablarga amal qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yongʻin avtomatikasi tizimlarini (avtomatik yongʻin signalizatsiyasi, yongʻindan xabardor va evakuatsiya qilish, tutunga qarshi shamollatish tizimlari hamda avtomatik yongʻin oʻchirish qurilmalari va boshqa avtomatik yongʻinga qarshi himoya texnik uskunalari) montaj qilish, shuningdek, qurilish konstruksiyasi va materiallarining olovbardoshlik darajasini oshirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar sifatini tekshiradi va qabul qiladi;
favqulodda vaziyatlar va yongʻin xavfsizligi sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlarini belgilashda ishtirok etadi;
obyektlarda, shu jumladan, oʻta muhim davlat ahamiyatiga molik yoki yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan tashkilotlar, bozorlar, yirik savdo majmualarida shartnoma asosida belgilangan tartibda yongʻindan saqlash ishlarini amalga oshiradi;
aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yongʻin xavfsizligi va fuqaro muhofazasi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari ustidan, shuningdek, suv obyektlarida fuqarolarning choʻkib ketishi bilan bogʻliq hodisalarning oldini olish, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish sohasida davlat nazoratini olib boradi, oʻz vakolati doirasida maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar yuritilishini va tergovga qadar tekshiruvlarni amalga oshiradi;
vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda boshqa tashkilotlarga faoliyat yoʻnalishiga oid sohalarda profilaktika tadbirlarini amalga oshirish boʻyicha takliflar kiritadi;
ijtimoiy soha obyektlarida, shuningdek, yakka tartibdagi aholi xonadonlari va koʻp qavatli uy-joy fondida favqulodda vaziyatlarning oldini olishga doir profilaktika tadbirlari “mahallabay” va “xonadonbay” tartibida amalga oshirilishini tashkil qiladi va taʼminlaydi;
taʼlim tashkilotlarida hayot faoliyati xavfsizligi, fuqaro muhofazasi hamda qutqaruvchilarni maxsus tayyorlash boʻyicha oʻquv (taʼlim va tarbiya) dasturlarini koʻrib chiqadi va kelishadi;
avariyalar, halokatlar, yongʻinlar va tabiiy ofatlarning oʻz vaqtida oldini olish va oqibatlarini yumshatishni taʼminlaydi, ommaviy tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazishda vakolati doirasida ishtirok etadi;
faoliyat yoʻnalishiga oid sohalarda aholini toʻgʻri harakat qilishga oʻrgatadi, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarning rahbar xodimlari, mutaxassislari va tuzilmalari shaxsiy tarkibini tayyorlaydi, qayta tayyorlaydi hamda ularning malakasini oshiradi, shuningdek, tegishli oʻquv dasturlarini ishlab chiqadi va kelishadi;
atrof tabiiy muhitni favqulodda vaziyatlardan va yongʻinlardan asrashga doir chora-tadbirlarni belgilaydi va ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
yongʻin-texnik mahsulotlar, moddalar, materiallar va jihozlarni yongʻin xavfliligi boʻyicha sinash va tekshirish ishlarini amalga oshiradi va soha yoʻnalishida sertifikatlashtirishni, shuningdek, radiatsiyaviy razvedka asbob-anjomlari va shaxsiy himoya vositalarining texnik holatini tekshirishni belgilangan tartibda amalga oshiradi;
aholining radiatsiyaviy, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofazasini tashkil etish, fuqaro muhofazasi muhandislik-himoya inshootlari va boshqa fuqaro muhofazasi obyektlarining tayyorligini taʼminlashni hamda ularning barpo etilishini nazorat qiladi;
vakolati doirasida favqulodda vaziyatlar va yongʻinlarning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini baholashda ishtirok etadi;
FVDT kuch va vositalarining hamkorlikda harakat qilishini takomillashtirish, qutqaruv xizmatlari, fuqaro muhofazasi va qutqaruv tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga tayyorlash va tayyorgarlik darajasini baholash maqsadida aniq maqsadga yoʻnaltirilgan oʻquv mashqlari va mashgʻulotlari oʻtkazilishini tashkil etadi;
favqulodda vaziyatlar xavfi tugʻilganda va roʻy berganda insonlarning hayotini asrab qolish hamda sogʻligʻini saqlashga doir kompleks yordam koʻrsatilishi, shuningdek, qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlar amalga oshirilishini taʼminlaydi;
qutqaruv xizmatlari (tuzilmalari), davlat, idoraviy va koʻngilli yongʻindan saqlash boʻlinmalari, shuningdek, fuqaro muhofazasi kuchlari, qoʻshinlari va tuzilmalari hisobini yuritadi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, insonlar hayoti, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini qutqarish tadbirlarini tashkil etadi, Vazirlik va uning tuzilmalari kuch va vositalarining doimiy shayligini taʼminlaydi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlarini amalga oshirishga moʻljallangan boʻysunuvdagi yongʻin-qutqaruv xizmatlari va boʻlinmalari tashkil etilishi, faoliyati va oʻzaro hamkorligini muvofiqlashtiradi;
qutqaruv ishlariga jalb etiladigan qutqaruv xizmatlari va tuzilmalari tomonidan kechiktirib boʻlmaydigan tadbirlarni oʻtkazishni tashkil etadi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
favqulodda vaziyatlar zonasidagi atrof-muhitning radioaktiv, kimyoviy, zaharlovchi moddalar va biologik (bakteriologik) vositalar bilan ifloslanishini nazorat qilishda ishtirok etadi;
favqulodda vaziyatlarning taʼsiriga uchragan joylarda va aholi punktlarida shaharsozlik faoliyatini alohida tartibga solishda ishtirok etadi, vazirlik va idoralar bilan birgalikda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moʻljallangan kuch va vositalar tarkibi, joylashuvi va jihozlanish tartibini belgilaydi;
favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish, ulardan foydalanish va qayta tiklash tartibini belgilaydi va bu boradagi ishlarni muvofiqlashtiradi;
favqulodda vaziyatlarda jabrlangan aholini birlamchi zarur mahsulotlar bilan taʼminlash, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish va yongʻinlarni oʻchirishga jalb qilinadigan maxsus tuzilmalarni jihozlash uchun moddiy boyliklarning idoraviy zaxirasini yaratadi;
vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning halokatlardan jabrlangan yoki ularni bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolarni ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va tibbiy jihatdan muhofaza qilish boʻyicha faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qiladi va muvofiqlashtiradi;
tegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda favqulodda vaziyatlar oqibatida jabrlangan aholiga insonparvarlik yordamini shakllantirish hamda yetkazib berishni belgilangan tartibda tashkil etadi, aholini evakuatsiya qilishda hamda vaqtincha joylashtirishda ishtirok etadi;
keng qamrovli avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlar amalga oshirilishini talab etadigan yirik halokatlar, tabiiy ofatlar, epidemiyalar hamda boshqa tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarda respublikaning butun hududida yoki ayrim joylarida favqulodda holatning alohida huquqiy rejimini joriy etish toʻgʻrisida vakolati doirasida takliflar kiritadi;
qutqaruvchilar va qutqaruv tuzilmalari attestatsiyadan oʻtkazilishini tashkil etadi va amalga oshiradi;
v) ishlab chiqarish va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarda, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish, shuningdek, daryo oʻzanlarini tozalash, qirgʻoqlarini mustahkamlash va muhandislik-himoya tadbirlarini bajarish sohasida:
ishlab chiqarish va ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarda, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarida muhandislik muhofazasi va qurilish-tiklash ishlarini bajarishda ishtirok etadi;
ijtimoiy-iqtisodiy muammolari koʻp boʻlgan hududlarning qiyofasi va infratuzilmasini yaxshilash dasturlari doirasida qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish boʻyicha pudrat ishlarini amalga oshirishda ishtirok etadi;
Vazirlikning qurilish va taʼmirlash obyektlari boʻyicha buyurtmachi vazifasini bajaradi hamda loyiha qarorlari samaradorligini taʼminlaydi;
g) respublikada fuqaro muhofazasining tashkil etilishi va amalga oshirilishini taʼminlash, favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfi toʻgʻrisida yoki favqulodda vaziyatlar roʻy bergani haqida aholini oʻz vaqtida ogohlantirish va xabardor qilishni tashkil etish sohasida:
fuqaro muhofazasi tadbirlarini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari, harbiylashtirilgan tuzilmalar va boʻlinmalar, shuningdek, qonunchilik talablari asosida tashkil etilgan boshqa davlat boshqaruvi organlarining hamkorligini tashkil etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro muhofazasi rejasi doirasida tegishli tadbirlarni tashkil etadi hamda ularning amalga oshirilishini muvofiqlashtiradi;
fuqaro muhofazasi kuchlari va vositalarining jangovar va safarbarlik tayyorgarligini taʼminlaydi hamda ularning boshqaruvini tashkil etadi;
boshqaruv, xabar berish va aloqa tizimlari tashkil etilishi, ularni rivojlantirish va doimiy shay holatda saqlab turilishini taʼminlaydi;
aholini va tashkilotlarni harbiy harakatlar olib borish paytida yoki shu harakatlar oqibatida yuzaga keladigan xavflardan himoyalash harakatlari va usullariga tayyorlashni tashkil etadi;
iqtisodiyot tarmoqlarining favqulodda vaziyatlar sharoitida barqarorligini oshirish yuzasidan kompleks tadbirlar oʻtkazilishini muvofiqlashtiradi, fuqaro muhofazasi tadbirlari bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
fuqaro muhofazasi himoya inshootlarining hisobini yuritadi, ularning shayligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi hamda aholini muhofazalanishga tayyorlash tadbirlarini tashkil qiladi;
favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfi tugʻilganda yoki yuzaga kelganda aholiga xabar berish va axborot yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimi yaratilishini muvofiqlashtiradi va uni boshqaradi;
fuqaro muhofazasi hamda FVDTning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi va axborot taʼminoti, xabar berish tizimining doimiy shayligini tashkil etadi va taʼminlaydi;
favqulodda vaziyatlar roʻy berish xavfi tugʻilganda yoki yuzaga kelganda xabar berish tizimlari hamda barcha aloqa va ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda aholiga xabar berish hamda maʼlumot yetkazishni tashkil etadi;
faoliyat yoʻnalishiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etadi, ish jarayonlarini raqamlashtiradi, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirish, raqamli maʼlumotlarni yigʻish, saqlash va qayta ishlash tizimini takomillashtiradi;
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida aholini tayyorlash jarayoniga zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy qilishni va ulardan keng foydalanishni taʼminlaydi;
d) yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish ishlarini muvofiqlashtirish, shuningdek, bu boʻyicha belgilangan talablarga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish sohasida:
vazirlik, idora va boshqa tashkilotlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilishda belgilangan xavfsizlik talablariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
respublika hududiga olib kirilgan, obyektlarda saqlanayotgan hamda respublika hududi orqali tranzit tashilayotgan yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar (mahsulotlar) toʻgʻrisida yagona markazlashgan maʼlumotlar bazasini yaratadi va doimiy monitoringini yuritib boradi;
yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilishda yuzaga keladigan texnogen avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, oqibatlarini bartaraf etish ishlarini muvofiqlashtiradi;
yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish boʻyicha manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
j) aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi va favqulodda vaziyatlar organlari faoliyati yoʻnalishlarida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida:
favqulodda vaziyatlar organlari faoliyati yoʻnalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashning samarali tizimini yaratadi, Vazirlik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni taʼminlaydi;
qutqaruvchilarni qutqaruv ishi, yongʻinlarning oldini olish va oʻchirish sohasida boshlangʻich tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etadi va taʼminlaydi;
favqulodda vaziyatlar organlari faoliyati yoʻnalishi boʻyicha xodimlarni xorijiy taʼlim muassasalarida oʻqitishni amalga oshiradi;
aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish yoʻnalishida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlarini amalga oshiradi;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga mahalliy hamda xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarining malakali mutaxassislarini jalb etadi;
kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlariga Vazirlik faoliyati yoʻnalishiga oid soha mutaxassislarini tayyorlashda tashkiliy-uslubiy yordam koʻrsatadi;
taʼlim tashkilotlarida favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi sohasida muammoli vaziyatli oʻyinlar va interfaol mashgʻulotlar orqali tarbiyalashni tashkil qiladi;
tashkilot hamda muassasalarda mehnat qiladigan ishchi va xodimlarni favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish boʻyicha shartnoma asosida oʻquv-amaliy oʻqitishlarni tashkil qiladi;
har yili ikki marotaba (bahor va qish mavsumlaridan oldin) ish bilan band boʻlmagan aholi qatlami bilan mahalla tizimi vakillari hamkorligida favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish boʻyicha birlamchi koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan oylik tadbirlarni oʻtkazadi;
har bir mahallada yoshlar orasida volontyor va aholi oʻrtasida koʻngilli qutqaruvchilardan iborat “Favqulodda vaziyatlar volontyori” jamoatchilik guruhlarini shakllantiradi, volontyor — mahalla — davlat inspektori uzviy hamkorligini yoʻlga qoʻyadi;
Vazirlik qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Vazirlikning huquqlari va javobgarligi
13. Vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarishda quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi va boshqa davlat organlariga Vazirlikka yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish uchun qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish boʻyicha oʻrnatilgan tartibda takliflar kiritish;
favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda oʻrnak va jasorat koʻrsatgan fuqarolarni ragʻbatlantirish;
vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik birlashmalari va boshqa tashkilotlarning bazalari (shu jumladan, elektron bazalari)dan axborot, statistik va boshqa materiallarni soʻrash hamda olish;
boshqaruv qarorlarini qabul qilish, axborot-tahliliy hamda hisobot maʼlumotlarini tayyorlash uchun boshqa davlat organlari va tashkilotlaridan zarur boʻlgan hujjatlar (ularning nusxalarini) hamda materiallarni soʻrash va olish;
tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, barcha tashkilotlar hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi shart boʻlgan qarorlarni oʻz vakolatlari doirasida qabul qilish va ijrosini nazorat qilish;
vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlarga favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda fuqaro muhofazasi sohalarida aniqlangan qonunchilik buzilishlari va kamchiliklarni, ularning yoʻl qoʻyilishiga olib kelgan sabablar va sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
vazirlik va idoralar, jismoniy va yuridik shaxslarning favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorgarligini, Vazirlik faoliyatiga oid qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini tekshirish, shuningdek, qonunchilik buzilishi holatlari aniqlanganda, aybdor shaxslarni belgilangan tartibda maʼmuriy javobgarlikka tortish choralarini koʻrish;
Vazirlik va FVDT faoliyatining dolzarb muammolarini muhokama qilish uchun vakillik asosida idoralararo muvofiqlashtiruv va maslahatlashuv organlari (komissiyalar, guruhlar) hamda kollegial organlar (ilmiy, ilmiy-texnik, metodologik va boshqalar)ni tuzish;
ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatishdan qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorlarda tushadigan jarimalar hamda boshqa tushumlar hisobidan Vazirlikning budjetdan tashqari jamgʻarmasini shakllantirish;
Vazirlik ixtiyoridagi davlat mulkini boshqarish;
yongʻin-qutqaruv texnikalarini yaratish, sinovdan oʻtkazish, avariya va falokatlardan jabrlangan aholini va hududlarni qoʻllab-quvvatlash ishlarini tashkil etish, shuningdek, Vazirlikka yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarish yuzasidan tashkilotlar, shu jumladan, xorijiy tashkilotlar bilan shartnomalar (kontraktlar) tuzish;
yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalarni saqlash, tashish, ulardan foydalanish va ularni yoʻq qilish ustidan vakolat doirasida nazorat olib borish, ushbu jarayonlar toʻgʻrisida yuridik va jismoniy shaxslardan maʼlumot va axborot olish, aniqlangan qonunchilik buzilishlari va kamchiliklarni, ularning yoʻl qoʻyilishiga olib kelgan sabablar va sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalarni kiritish;
maxsus-texnik vositalarni tayyorlash va ushbu vositalarni tayyorlash boʻyicha buyurtmalar berish, shuningdek, ehtiyoj uchun zarur boʻlgan maxsus jihoz va texnika, boshqa texnik vositalarni xarid qilish, saqlash hamda taʼmirlash ishlarini amalga oshirish;
Vazirlikning harbiy xizmatchilari va xizmatchilarini, ularning oila aʼzolarini, shuningdek, pensionerlarini ijtimoiy himoya qilish uchun davolash-profilaktika, sanator-kurort va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Vazirlik ehtiyojlari uchun uy-joy qurish, bino va inshootlarni taʼmirlash va rekonstruksiya qilish, shuningdek, ishlab chiqarish va ijtimoiy ahamiyatga ega muhandislik-kommunikatsiya infratuzilma obyektlarida ishlarni bajarish;
belgilangan tartibda tanish belgilari va maxsus rangli bayroqlar bilan belgilangan, shuningdek, maxsus signallar, radioaloqa vositalari va bayroqchalar bilan jihozlangan uchish apparatlari, havo va suv kemalari, maxsus transport vositalariga egalik qilish;
oʻz faoliyatiga mahalliy va xorijiy mustaqil ekspert va mutaxassislarni jalb qilish;
Vazirlik faoliyatiga doir masalalar boʻyicha xalqaro hujjatlarni (shartnoma, bitim, memorandum va boshqalar) tayyorlash, tuzish va ijrosini taʼminlash haqida takliflar kiritish;
xorijiy mamlakatlarning tegishli tashkilotlari, xalqaro va nodavlat tashkilotlar bilan oʻrnatilgan tartibda hamkorlik qilish;
noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda FVDT tarkibiga kiruvchi vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan kelishgan holda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish ishlari uchun doimiy shay holatdagi hududiy kuch va vositalarni jalb etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq muayyan hududda FVDT faoliyat koʻrsatishi hamda yongʻinga qarshi alohida rejimlar oʻrnatilishi yuzasidan tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga takliflar kiritish;
favqulodda vaziyatlar, shu jumladan, yongʻinlarni bartaraf etish tadbirlarida ularning xavfli omillari tarqalgan (tarqalish ehtimoli mavjud boʻlgan) joylarga toʻsiqsiz kirib borish, shuningdek, insonlarning hayotiga, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga, atrof-muhitga tahdid soladigan yongʻinlar va ular bilan bogʻliq boʻlgan xavfli omillar rivojlanishi (tarqalishi)ning oldini olish hamda favqulodda vaziyat va yongʻinni bartaraf etish imkonini beradigan sharoitlarni yaratish maqsadida, zarur hollarda, eshiklarni, derazalarni va boshqa toʻsqinlik qiladigan konstruksiyalarni ochish;
favqulodda vaziyatlar va yongʻinlar hududida transport vositalari va aholi harakatlanishini cheklash yoki taqiqlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlar va yongʻinlarni bartaraf etish, zararini kamaytirish va oqibatlarini tugatish ishlari amalga oshiriladigan hududlarning qoʻriqlanishini taʼminlash uchun tegishli xizmatlarni jalb qilish;
oʻz vakolati doirasida barcha tashkilotlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan, shu jumladan, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish ishlari amalga oshiriladigan hududlarda qonunchilik hujjatlariga asosan yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlarini cheklovchi qarorlar qabul qilish;
yongʻinlarni oʻchirish, yongʻin va avariyalarning yuzaga kelishi hamda rivojlanishi (tarqalishi)ning oldini olish bilan bogʻliq zarur ishlarni bajarishda tabiiy va sunʼiy suv manbalaridan bepul foydalanish;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularni bartaraf etish talablari buzilishi holatlarini aniqlash va ularga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan vakolatlarni oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirish;
belgilangan tartibda jismoniy va yuridik shaxslarga pulli xizmatlar koʻrsatish;
yongʻin xavfsizligi, fuqaro muhofazasi, aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohalarida davlat nazoratini amalga oshirish.
Vazirlik qonunchilik hujjatlarida belgilangan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
14. Vazirlik zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarning sifatli bajarilishi, shuningdek, tegishli sohadagi davlat siyosatining samarali amalga oshirilishi uchun javobgardir.
15. Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari va hududiy boʻlinmalari hamda tarkibiy tuzilmalarining huquqlari va javobgarligi, agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan boshqa tartib belgilanmagan boʻlsa, favqulodda vaziyatlar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan nizomlar (ustavlar) bilan belgilanadi.
4-bob. Vazirlik faoliyatini tashkil etish
16. Vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi maʼqullaganidan keyin Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan vazir boshchilik qiladi.
17. Vazirning besh nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻladi.
Vazirning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
18. Vazir:
favqulodda vaziyatlar organlari tizimiga umumiy rahbarlik qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi koʻrib chiqishi uchun tashkiliy-shtatlar, moliyaviy-iqtisodiy, moddiy-texnik va favqulodda vaziyatlar organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalar yuzasidan takliflarni belgilangan tartibda kiritadi;
Vazirlikka yuklatilgan vazifalar, funksiyalar va majburiyatlarning lozim darajada bajarilishi, shuningdek, belgilangan koʻrsatkichlarning natijadorligi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi;
faoliyat yoʻnalishiga oid sohalarda yagona davlat siyosati ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini taʼminlaydi;
oʻzining oʻrinbosarlari majburiyatlarini belgilaydi va ularning bajarilishini nazorat qiladi;
Vazirlik ish rejalarini tasdiqlaydi;
davlat organlari, tashkilotlari va aholi, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda Vazirlik nomidan ish koʻradi;
Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boʻlinmalari va tarkibiy tuzilmalari toʻgʻrisidagi nizomlarni, ularning faoliyati samaradorligi koʻrsatkichlarini tasdiqlaydi, hisobotlarini eshitadi, hayʼat majlislarida faoliyatini tanqidiy tahlil qiladi hamda natijadorlikni oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilaydi;
Vazirlik shaxsiy tarkibi tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruq, farmoyish chiqaradi, koʻrsatma va topshiriqlar beradi;
Vazirlik tizimida ijro intizomini mustahkamlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi, ijro intizomiga oid qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlaydi;
harbiy xizmatchilar lavozimlari va ushbu lavozimlarga mos keladigan harbiy unvonlar roʻyxatini tasdiqlaydi;
xodimlarning belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida Vazirlik markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari va hududiy boʻlinmalari shtat jadvalini, shuningdek, tegishli davr uchun tasdiqlangan budjet ajratmalari doirasida ularning taʼminoti uchun xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;
favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, fuqaro muhofazasi, yongʻin xavfsizligini taʼminlash tadbirlarida faollik koʻrsatgan Vazirlik shaxsiy tarkibi hamda fuqarolarni mukofotlash uchun beriladigan idoraviy nishonlar, ularning tavsifi va nizomini tasdiqlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga qabul qiladi;
Vazirlik tizimida harbiy xizmatchilarni lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod qiladi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq Vazirlik tizimida harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq masalalarni hal etadi;
favqulodda vaziyatlar organlari harbiy xizmatchilariga belgilangan tartibda harbiy unvonlar beradi;
oliy ofitserlik tarkibi lavozimlariga tayinlash va ozod etish, oliy ofitserlik tarkibiga harbiy unvonlar berish, Vazirlik harbiy xizmatchilari uchun kiyim-kechak namunalarini tasdiqlash, Vazirlik boʻysunuvidagi tashkilotlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga takliflar kiritadi;
Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boʻlinmalari va tarkibiy tuzilmalarining shtat jadvallariga xodimlarning belgilangan umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritadi;
Vazirlik vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarni vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va boshqa tashkilotlarga xizmat safariga yuboradi;
Vazirlik harbiy xizmatchilari va xizmatchilarini belgilangan tartibda, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga xizmat safariga yuboradi;
Vazirlikning alohida oʻrnak koʻrsatgan harbiy xizmatchilari va xodimlarini davlat mukofotlari bilan taqdirlash va ularga faxriy unvonlar berish toʻgʻrisida oʻrnatilgan tartibda takliflar kiritadi;
Vazirlik vakolatiga taalluqli masalalar yuzasidan belgilangan tartibda xalqaro shartnomalarni imzolaydi;
Vazirlik faoliyatiga oid sohalardagi xalqaro hamkorlikni tashkil etadi, xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarda qatnashish, shuningdek, xalqaro insonparvarlik loyihalari, dasturlari va tadbirlarini tayyorlash hamda oʻtkazishda ishtirok etadi;
Vazirlik tizimida korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish, davlat sirlari va xizmat maʼlumotlarini saqlash, huquqiy axborot bilan taʼminlash masalalarini muvofiqlashtiradi;
Vazirlik zimmasiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
19. Vazir oʻrinbosarlari:
jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qiladi, shikoyat, ariza va takliflarini koʻrib chiqadi, ular yuzasidan qarorlar qabul qiladi, shuningdek, xodimlar tomonidan qonunchilik buzilishi holatlarining belgilangan tartibda tekshirilishini taʼminlaydi;
rahbarlik qilayotgan boʻlinmalarning ishini tashkil etadi, shaxsiy tarkibining xizmat va ijro intizomiga rioya etishini taʼminlaydi, ish rejalarini tasdiqlaydi;
oʻz yoʻnalishi boʻyicha sohaviy va hududiy boʻlinmalar faoliyati ustidan idoraviy nazoratni amalga oshiradi;
Vazirlik markaziy apparati, tarkibiy va hududiy boʻlinmalarda kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish va lavozimga oʻtkazish, harbiy unvonlar berish, harbiy xizmatdan zaxiraga boʻshatish, ustama belgilash kabi masalalarda vazirga takliflar kiritadi;
boʻysunuvidagi boʻlinmalar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
boʻysunuvidagi boʻlinmalarda maxfiylik tartibotiga rioya etilishi uchun javob beradi.
Qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
20. Vazir boʻlmagan davrda uning vakolatlari vazirning birinchi oʻrinbosari tomonidan, birinchi oʻrinbosar boʻlmaganda esa vazirning buyrugʻiga asosan oʻrinbosarlardan biri tomonidan amalga oshiriladi.
21. Vazirlik markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari, hududiy boʻlinmalar hamda tarkibiy tuzilmalari rahbarlari va oʻrinbosarlari vazir tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
22. Vazirlikning hududiy boʻlinmalar hamda tarkibiy tuzilmalari toʻgʻrisidagi nizomlar vazir tomonidan tasdiqlanadi.
23. Vazirlik belgilangan tartibda talabnomalarga asosan harbiy xizmatchilar bilan butlanadi.
Vazirlikning ofitserlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilari Oʻzbekiston Respublikasi oliy harbiy va maxsus oʻquv yurtlarida, shuningdek, boshqa davlatlarning taʼlim muassasalarida tayyorlanadi.
5-bob. Vazirlikning hayʼati va boshqa kengash, maslahat, ekspert organlari
24. Vazirlikda vazir (hayʼat raisi), oʻrinbosarlar (lavozimi boʻyicha), shuningdek, uning faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy boʻlinma va tuzilmalar rahbarlaridan iborat tarkibda hayʼat tuziladi.
Hayʼat tarkibining soni va shaxsiy tarkibi favqulodda vaziyatlar vazirining taqdimnomasiga binoan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
25. Hayʼat zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanadi:
Vazirlik markaziy apparati tarkibiy tuzilmalari va hududiy boʻlinmalari rahbarlarining faoliyati, qonunchilik hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlarining ijrosi boʻyicha hisobotlarini eshitish;
Vazirlik faoliyatining asosiy masalalarini koʻrib chiqish, qabul qilingan qarorlar ijrosini tekshirish, Vazirlik faoliyatida muhim ahamiyatga ega buyruqlar va boshqa hujjatlar loyihalarini, shuningdek, tekshiruvlar natijalarini muhokama qilish.
Hayʼat Vazirlik vakolatiga kiritilgan boshqa masalalarni ham koʻrib chiqishga haqlidir.
26. Hayʼat majlisiga vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda xodimlari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etilishi mumkin.
27. Hayʼat, agar uning majlisida hayʼat tarkibining yarmidan koʻpi qatnashsa, vakolatli hisoblanadi. Koʻrib chiqiladigan masalalar yuzasidan qarorlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi.
28. Hayʼat qarorlari vazirning buyruqlari bilan amalga oshiriladi.
29. Vazir va hayʼat aʼzolari oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, vazir yuzaga kelgan kelishmovchiliklar haqida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hamda Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hayʼat aʼzolari ham Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga hamda Vazirlar Mahkamasiga oʻz fikrlarini bildirishi mumkin.
30. Hayʼat faoliyati tartibi hayʼat tomonidan tasdiqlanadigan reglament bilan belgilanadi.
31. Vazirlik vakolatiga kiradigan muhim masalalarni koʻrib chiqish va tavsiyalar berish uchun ilmiy-texnik kengash tashkil etiladi. Uning tarkibiga manfaatdor vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va jamoat birlashmalarining vakillari kirishi mumkin. Ilmiy-texnik kengash toʻgʻrisidagi nizom va uning tarkibi vazir tomonidan tasdiqlanadi.
Ilmiy-texnik kengash oʻz faoliyatini Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha hukumat komissiyasi hamda hududiy komissiyalar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiradi va tashkil etadi.
32. Vazirlik tarkibida boshqa kengash, maslahat va ekspert organlari tashkil etilishi mumkin. Ularning tarkibi va nizomlari, agar ular Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tasdiqlanmagan boʻlsa, vazir tomonidan tasdiqlanadi.
6-bob. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari hamda ish indikatorlari
33. Vazirlik faoliyatining samaradorligi muntazam baholanadi.
34. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligiga beriladigan baho oʻrnatilgan tartibda vazir tomonidan tasdiqlanadigan Vazirlik faoliyati samaradorligi va natijadorligini baholash mezonlari va ish indikatorlariga asoslanadi.
35. Vazirlik faoliyatining samaradorligi va natijadorligini baholash yakunlari boʻyicha:
Vazirlik rahbariyati va xodimlarini ragʻbatlantirish (mukofotlash) yoki intizomiy javobgarlikka tortish;
Vazirlik faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va uning faoliyatini yanada takomillashtirish choralari koʻriladi.
7-bob. Vazirlik faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, xodimlar mehnatiga haq toʻlash hamda moddiy ragʻbatlantirish
36. Vazirlikning harbiy xizmatchilari harbiy xizmatda boʻladilar.
Vazirlikning harbiy xizmatchilari va xizmatchilari (xoʻjalik faoliyati hisobidan saqlanadigan ishchi va xizmatchilardan tashqari) xizmatni oʻtash, mehnatga haq toʻlash umumiy shartlari, tibbiy va maishiy xizmat koʻrsatilishi, shuningdek, barcha taʼminot turlari, huquqlar va imtiyozlar masalalarida, shu jumladan, ularning oila aʼzolari ham Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari va xizmatchilarining tegishli toifalariga tenglashtiriladi.
37. Vazirlik tuzilmalarini (Tashkilotlar bilan shartnoma asosida tashkil etilgan boʻlinmalardan tashqari) moliyalashtirish va moddiy-texnik taʼminlash, shuningdek, Vazirlik harbiy xizmatchilari va xizmatchilari mehnatiga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti, vazirlikning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
38. Vazirlik shaxsiy tarkibi qonunchilik hujjatlariga muvofiq moddiy ragʻbatlantiriladi.
39. Vazirlik shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan namuna-etalonlariga muvofiq harbiy va maxsus kiyim-bosh formasiga, ramzga va farqlovchi nishonlarga ega boʻladi.
40. Vazirlik harbiy xizmatchilari va qutqaruvchilari bepul harbiy va maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlanadi.
41. Vazirlik harbiy xizmatchilari, xizmatchilari va qutqaruvchilariga, shuningdek, ular bilan birga yashovchi oila aʼzolari (eri, xotini, farzandlari va ularning qaramogʻidagi shaxslar)ga qonunchilik hujjatlariga muvofiq yashash uchun turarjoy berilishi mumkin.
42. Vazirlik tuzilmalarining bino va inshootlarini qurish va rekonstruksiya qilish xarajatlari (shartnoma asosida tashkil etilgan boʻlinmalardan tashqari) Oʻzbekiston Respublikasining tegishli yil investitsiyaviy va boshqa dasturlarida nazarda tutilgan markazlashtirilgan kapital mablagʻlar limitlari doirasida, shuningdek, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Vazirlikning boshqa tashkilotlar bilan shartnoma asosida tashkil etilgan boʻlinmalari uchun bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ushbu tashkilotlar mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
43. Vazirlikning maxsus texnikalari va transport vositalariga uning ramzi tasviri tushirilib, maxsus rangga boʻyaladi.
8-bob. Vazirlikning hisobdorligi
44. Vazir oʻz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga, Vazirlar Mahkamasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi boʻyicha departamentiga muntazam ravishda hisobot beradi.
45. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi boʻyicha departamenti hamda Vazirlar Mahkamasi Vazirlikka yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi boʻyicha uning faoliyatini doimiy monitoring qiladi va faoliyati samaradorligiga xolisona baho beradi.
46. Monitoring va baholash natijalariga koʻra Vazirlikning alohida oʻrnak koʻrsatgan rahbarlari, mansabdor shaxslari va xodimlari ragʻbatlantiriladi yoki yoʻl qoʻyilgan jiddiy kamchiliklar uchun egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy choralar qoʻllanadi.
9-bob. Yakunlovchi qoida
47. Vazirlik qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-son qaroriga 2-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarning namunaviy
“YOʻL XARITASI”
Izohlar:
* paxta, gʻalla ekinlari hamda bolalar oromgohlari joylashgan hududlar;
** xavfli geologik va gidrometeorologik hududlar.
*** “Yoʻl xarita”da koʻrsatilgan viloyat, shahar, tuman, mahalla, koʻcha va boshqa maʼlumotlar misol tariqasida keltirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-son qaroriga 3-ILOVA
Tuman (shahar)larda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish chora-tadbirlarining namunaviy
“YOʻL XARITASI”
Izoh: “Yoʻl xaritasi”da koʻrsatilgan viloyat, shahar, tuman, mahalla, koʻcha va boshqa maʼlumotlar misol tariqasida keltirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-son qaroriga 4-ILOVA
Mahallalarni favqulodda vaziyatlardan xoli hududga aylantirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarning namunaviy
“YOʻL XARITASI”
Izoh: “Yoʻl xaritasi”da koʻrsatilgan viloyat, shahar, tuman, mahalla, koʻcha va boshqa maʼlumotlar misol tariqasida keltirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-son qaroriga 5-ILOVA
Mahallalarda favqulodda vaziyatlarning yuz berish xavfini ilmiy-texnik oʻrganish boʻyicha biriktirilgan ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim tashkilotlari
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-son qaroriga 6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 2-iyundagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi PQ-3030-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 11-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining yongʻindan saqlash oliy texnik maktabini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 404-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 3-apreldagi “Favqulodda holatlarni prognoz qilish va oldini olish boʻyicha davlat dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 71-son qarori.
4. Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 24-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 261-son qarori.
5. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 23-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi instituti magistraturasiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida”gi 667-son qarori.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PQ-310-son qaroriga 7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini monitoring qilish
REJASI
