Favqulodda holat joriy etilgan hududda uy-joy fondini tiklash, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va kompensatsiyalar toʻlash ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (293-son)
05.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 19-fevraldagi PQ-75-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Favqulodda holat joriy etilgan hududda uy-joy fondini tiklash, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va kompensatsiyalar toʻlash ishlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar oqibatida yetkazilgan zararni aniqlash hamda baholash ishlarini tashkil etish va amalga oshirish;
yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish va koʻrib chiqish;
favqulodda holatning amal qilish davrida favqulodda holat joriy etilgan hududda jabrlanganlarga kompensatsiyalar toʻlashga mablagʻlar ajratish;
favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar oqibatida jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash.
2. Belgilansinki:
favqulodda holat joriy etilgan hududda yaroqsiz holga kelgan mol-mulk obyektlari, zarar koʻrgan va buzilgan muhandislik va transport infratuzilmalarini tiklash hamda nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplamini yaratish choralari Favqulodda holat rejimini taʼminlash boʻyicha davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendantining taqdimnomalariga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar (tuman va shahar) hokimlarining qarorlari yoki Vazirlar Mahkamasining farmoyishi asosida qoplanadi;
Oʻzbekiston Respublikasining budjet qonunchiligiga muvofiq favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar oqibatida jabrlangan aholiga va tashkilotlarga yetkazilgan zarar Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari yoki Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri A.A. Tashpulatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni R.M. Djurayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 5-may,
293-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 5-maydagi 293-son qaroriga ILOVA
Favqulodda holat joriy etilgan hududda uy-joy fondini tiklash, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va kompensatsiyalar toʻlash ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom favqulodda holatning amal qilish davrida hayot kechirish uchun zarur boʻlgan va ijtimoiy soha obyektlarini, uy-joy fondini tiklashga, fuqarolarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashga, favqulodda holat joriy etilgan hududda joylashgan tegishli tashkilotlarga kompensatsiyalar toʻlashga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarni tasarruf etish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda nazarda tutilgan talablar Oʻzbekiston Respublikasining “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonuni asosida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining favqulodda holat joriy etish toʻgʻrisidagi Farmoni bilan belgilangan hududda va davrida amal qiladi.
3. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
jabrlangan — favqulodda holatni joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlar natijasida hududda joylashgan, yaroqsiz holatga kelgan va yoʻqotilgan mol-mulk, shu jumladan, identifikatsiya qilingan hayvonlarga egalik huquqi boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar;
obyekt — favqulodda holat davrida zarar koʻrgan, buzilgan bino yoki inshootni taʼmirlash va yangi turar joy hamda zarar koʻrgan va buzilgan muhandislik va transport infratuzilmasi obyekti;
Favqulodda holat rejimini taʼminlash boʻyicha davlat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Davlat komissiyasi) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan favqulodda holat davriga tuziladigan vaqtinchalik maxsus davlat boshqaruvi organi;
hudud komendanti — hudud komendaturasi faoliyatiga rahbarlik qiluvchi hamda favqulodda holat rejimini taʼminlovchi kuchlar va vositalarning yagona boshqaruvini amalga oshiruvchi mansabdor shaxs.
4. Favqulodda holat joriy etilgan hududda jabrlanganlarga kompensatsiyalar toʻlashga yoʻnaltirilgan mablagʻlar quyidagi ustuvorlikda taqsimlanadi:
yaroqsiz holatga kelgan uy-joy obyektlarini tiklash (taʼmirlash va yangi turar joy qurish);
jabrlanganlarga yetkazilgan boshqa zararlarning oʻrnini qoplash uchun.
2-bob. Favqulodda holat joriy etilgan hududda yetkazilgan zararni aniqlash va baholash ishlarini tashkil etish
5. Favqulodda holatning amal qilish davrida jismoniy va yuridik shaxslarning mulkiy va ijtimoiy huquqlari kafolatlarini taʼminlash uchun hudud komendantining qaroriga asosan, tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarligida Favqulodda holat joriy etilgan hududda fuqaro va tashkilotlarga yetkazilgan zararni aniqlash hamda shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararning oʻrnini qoplashni tashkil etish uchun maxsus ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Ishchi guruh) tuziladi va faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
Ishchi guruh favqulodda holatni joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qilgan holatlarni inobatga olib, tegishli respublika ijro etuvchi hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlarining hududiy tuzilmalari vakillaridan iborat tarkibda tuziladi. Ishchi guruhning ishchi organi etib favqulodda holatning sodir boʻlgan turiga qarab belgilanadi.
6. Quyidagilar Ishchi guruhning asosiy vazifalari hisoblanadi:
jabrlanganlarning ariza va hujjatlarini qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish va belgilangan tartibda koʻrib chiqish ishlarini tashkil etish;
favqulodda holat joriy etilgan hududda zarar koʻrgan uy-joylar, binolar, inshootlar va boshqa mol-mulklarni xatlovdan oʻtkazish hamda dalolatnoma rasmiylashtirish ishlarini tashkil etish;
yetkazilgan zararni baholashni tashkil etish;
hududda mavjud boʻlgan loyiha va pudrat tashkilotlarining reyting koʻrsatkichlari haqida asosiy maʼlumotlarni yigʻish (jamlash);
zarar koʻrgan, buzilgan bino yoki inshootni taʼmirlash va yangi turar joy qurish hamda zarar koʻrgan va buzilgan muhandislik va transport infratuzilmalarini tiklash loyihalarini amalga oshirish ishlarini tashkil etish, shu jumladan, ularni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish;
tiklanishi zarur boʻlgan va ijtimoiy soha obyektlari, uy-joy fondi hamda fuqarolarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va tegishli tashkilotlarga kompensatsiyalar ajratilishida ularning (yoʻnalishlar va obyektlarning) ustuvorligini belgilash.
3-bob. Yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish
7. Jabrlanganlar Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendantining qarori bilan belgilangan hududlarda va muddatlarda ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq shakldagi arizani toʻldirgan holda Ishchi guruhga taqdim etadi.
Jabrlanganlar murojaat qilishi imkoni boʻlmaganda, uning yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillari (agar jabrlangan shaxs voyaga yetmagan boʻlsa) yetkazilgan zarar miqdorini qoplash boʻyicha ariza bilan murojaat qilishlari mumkin.
8. Yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
jabrlanganning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta) yoki uning nusxasi favqulodda holat oqibatida ushbu hujjat yoʻqotilganda yoxud yaroqsiz holatga kelganda — ichki ishlar organlari tomonidan beriladigan shaxsni tasdiqlovchi vaqtincha hujjat yoki maʼlumotnoma);
koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi haqidagi hujjat, agarda u mavjud boʻlsa (favqulodda vaziyat oqibatida ushbu hujjat yoʻqotilganda yoxud yaroqsiz holatga kelganda — Kadastr agentligining tegishli tuzilmalari tomonidan ishchi guruh soʻroviga asosan avtomatik ravishda elektron shaklda taqdim etiladi);
jabrlangan shaxsning yaroqsiz holatga kelgan va yoʻqotilgan mol-mulkining, shu jumladan, identifikatsiya qilingan hayvonlar roʻyxati;
arizani imzolash vakolatini tasdiqlovchi hujjat, agar ariza ishonchli vakil tomonidan imzolangan boʻlsa.
9. Jabrlanganlarning arizalari mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq koʻrib chiqiladi.
Ishchi guruh ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi Favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qayd etish jurnaliga kiritgan holda ariza qabul qilingan kun davomida jabrlangan shaxsga hujjatlar qabul qilinganligini tasdiqlovchi tilxat beradi.
Jabrlangan shaxs tomonidan taqdim etilgan arizaga ilova qilingan hujjatlar toʻliq boʻlmagan taqdirda, Ishchi guruh ushbu hujjatlarni ariza qabul qilingan kundan boshlab besh kun muddatda tegishli organlardan idoralararo elektron hamkorlik orqali soʻrab oladi.
4-bob. Yetkazilgan zararni aniqlash va baholash
10. Ishchi guruh jabrlanganlar tomonidan taqdim etilgan arizani qabul qilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda koʻrib chiqadi hamda bir vaqtning oʻzida ushbu jabrlanganlarga tegishli boʻlgan, favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar natijasida zarar koʻrgan uy-joylar, binolar, inshootlar va boshqa mol-mulklarni xatlovdan oʻtkazib, dalolatnoma rasmiylashtiradi.
Dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda Ishchi guruh jabrlanganlar (uning yaqin qarindoshi yoki qonuniy vakili) va baholovchi tashkilot (keyingi oʻrinlarda — baholovchi) ishtirokida yetkazilgan zararni baholashni tashkil etadi.
11. Baholovchi tashkilot va tegishli mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari oʻrtasida tuziladigan shartnoma, qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda esa, sudning ajrimi baholashdan oʻtkazish uchun asos boʻladi.
Baholash jarayonida manfaatdor shaxslarning baholovchi tashkilot faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Obyektlar faqat obyektlarga boʻlgan huquqlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganini tasdiqlovchi hujjatlar asosida baholanadi.
Obyektlarni baholash haqida hisobot tuzilgan paytdan eʼtiboran olti oy ichida takroran baholashdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi. Agar obyektni baholash toʻgʻrisidagi hisobot sudning qaroriga binoan ishonchli emas deb topilsa, qonunchilikda belgilangan tartibda takroran baholashdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga baholash ishlarini tashkil etishga koʻmaklashadi.
Baholash yakunlari boʻyicha uch nusxada baholash toʻgʻrisidagi hisobot tayyorlanadi (jabrlanganga, Ishchi guruhga, baholovchi tashkilotga).
12. Baholash ishlari bilan bogʻliq xarajatlar davlat tomonidan tegishli mahalliy budjetlarning zaxira jamgʻarma mablagʻlari hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining qarorlari asosida qoplanadi.
13. Baholashni tashkil etish va oʻtkazish jarayonida shaffoflik hamda qonuniylik toʻliq taʼminlanishi lozim.
14. Jabrlanganlar Ishchi guruh tomonidan ularning murojaatlarini koʻrib chiqish natijalaridan norozi boʻlgan taqdirda, Davlat komissiyasiga va (yoki) hudud komendantiga, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishlari mumkin.
Jabrlanganlarning shikoyatlari Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendanti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq koʻrib chiqiladi.
15. Baholovchi tomonidan jabrlanganga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, xulosa chiqarilgandan soʻng Ishchi guruh tomonidan besh kun muddatda toʻliq hujjatlar Davlat komissiyasiga va (yoki) hudud komendantiga taqdim qilinadi.
Ishchi guruh tomonidan Davlat komissiyasiga va (yoki) hudud komendantiga taqdim etiladigan hujjatlarda quyidagi takliflar qayd etiladi:
zarar koʻrgan, buzilgan bino yoki inshootni taʼmirlash yoxud qurish uchun zarur miqdorda mablagʻlar ajratish;
turar joyning ijtimoiy normasiga asosan boshqa turar joy ajratish hamda yangi turar joy qurish;
yaroqsiz holatga kelgan va yoʻqotilgan mol-mulkining, shu jumladan, identifikatsiya qilingan hayvonlar roʻyxati hamda ularni qoplash uchun mablagʻlar ajratish;
zarar koʻrgan turar joyni taʼmirlash uchun qurilish materiallarini ajratish va xizmatlar koʻrsatish;
yakka tartibda uy-joy qurish uchun va ushbu hajm doirasidagi yer uchastkalarining elektron-onlayn auksion savdolari orqali sotib olish xarajatlarini qoplab berish;
zarar koʻrgan va buzilgan muhandislik hamda transport infratuzilmalarini tiklash;
nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplamini ajratish;
hududda mavjud boʻlgan loyiha va pudrat tashkilotlar haqida asosiy maʼlumotlar, shu jumladan, favqulodda holat joriy etilgan kunga qadar ularning reyting koʻrsatkichlari;
ushbu tadbirlarga zarur boʻlgan moddiy va moliyaviy resurslar hajmlari boʻyicha dastlabki hisob-kitoblar va ularning manbalari boʻyicha takliflar.
5-bob. Favqulodda holat joriy etilgan hududda joylashgan jabrlanganlarga kompensatsiyalar toʻlashga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarni tasarruf etish va ulardan foydalanish uchun Davlat komissiyasiga va (yoki) hudud komendantiga yuborish
16. Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendanti Ishchi guruh (lar) tomonidan favqulodda joriy etilgan hududda yaroqsiz holatga kelgan bino yoki inshootlar (koʻchmas mulk obyektlari), yaroqsiz holatga kelgan va yoʻqotilgan mol-mulk obyektlari, zarar koʻrgan va buzilgan muhandislik va transport infratuzilmalarini tiklash hamda nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplamini yaratish uchun zarur boʻlgan moddiy va moliyaviy resurslarning ajratilishi yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga taqdimnomalar kiritiladi.
Moliyaviy resurslar yetarli boʻlmagan taqdirda, Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendanti Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan yoki Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan mablagʻ ajratilishi yuzasidan asoslangan buyurtma bilan Vazirlar Mahkamasiga murojaat qilishlari mumkin.
17. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari besh kun muddatda oʻzlarining qarorlari asosida favqulodda holat natijasida zarar koʻrgan bino yoki inshootlar (koʻchmas mulk obyektlari), yaroqsiz holatga kelgan va yoʻqotilgan mol-mulk obyektlari, muhandislik va transport infratuzilmalarini tiklash va nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplamini tashkil etish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining, viloyatlar viloyat budjetlarining va Toshkent shahri shahar budjetining, tumanlar va shaharlar budjetlarining zaxira jamgʻarmalari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan Davlat komissiyasiga va (yoki) hudud komendantiga tasarruf etish uchun oʻtkazadi.
Tasarruf etish uchun oʻtkazilgan mablagʻlarning Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendantining qarorlari bilan belgilangan yoʻnalishlar va maqsadlar uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ochiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlari orqali moliyalashtirilishi taʼminlanadi.
18. Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendanti tasarruf etilgan mablagʻlar evaziga favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar natijasida zarar koʻrgan bino yoki inshootlar (koʻchmas mulk obyektlari), muhandislik va transport infratuzilmalarini tiklash, yaroqsiz holatga kelgan va yoʻqotilgan mol-mulk obyektlarini qoplash va nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplamini tashkil etish uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari asosida Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendantiga ushbu chora-tadbirlar sifatli va qisqa vaqt mobaynida bajarilishini taʼminlash maqsadida quyidagi vakolatlar beriladi:
favqulodda holat joriy etilgan hududda obyektlarni tiklash (taʼmirlash va yangi turar joy qurish) boʻyicha buyurtmachilarni tayinlash;
favqulodda holat joriy etilgan hududda obyektlarni (taʼmirlash va yangi turar joy qurish) tiklash boʻyicha loyiha va pudrat tashkilotlarini, ularning reyting koʻrsatkichlari hamda mavjud quvvatlari asosida belgilash;
favqulodda holat joriy etilgan hududda obyektlarni (taʼmirlash, tiklash, yangi turar joy qurish) qurish muddatlarini belgilash;
zarar koʻrgan, buzilgan bino yoki inshootni taʼmirlash va yangi turar joy qurish uchun qurilish materiallari ajratish va xizmatlarni amalga oshirish boʻyicha yetkazib beruvchilarni belgilash;
nooziq-ovqat mahsulotlari toʻplamini tashkil etish boʻyicha yetkazib beruvchilarni belgilash.
19. Favqulodda holat joriy etilgan hududda obyektlarni (taʼmirlash va yangi turar joy qurish) tiklash uchun reyting bahosi “S” dan kam boʻlmagan qurilish-pudrat tashkilotlari belgilanadi.
20. Buyurtmachilar Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendanti tomonidan belgilangan loyiha va pudrat tashkilotlari bilan qonunchilikda belgilangan tartibda shartnoma tuzadilar.
21. Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendanti tomonidan belgilangan buyurtmachilar hamda loyiha va pudrat tashkilotlariga qonunchilik bilan belgilangan tartibda favqulodda holat joriy etilgan hududda turar joylarni tayyor holda foydalanishga topshirish sharti bilan qurilish ishlarini amalga oshirish va moliyalashtirish vazifalari yuklanadi.
22. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendanti tomonidan belgilangan yaroqsiz holatga kelgan va yoʻqotilgan mol-mulkning, shu jumladan, identifikatsiya qilingan hayvonlar roʻyxati asosida qoplash uchun ajratilgan mablagʻlar fuqarolarga oʻn besh ish kunida ajratib beriladi.
6-bob. Jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash
23. Jabrlangan shaxslar yangi turar joy qurilishi davrida vaqtincha uy-joy bilan taʼminlanish yoki turar joy ijarasi uchun tovon puli olish huquqiga ega.
24. Tovon puli jabrlangan shaxsning bankdagi hisobvaragʻiga oʻtkazib beriladi.
25. Toʻlangan tovon pulining hisobi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan yuritiladi.
26. Yangi turar joy qurilishi jarayonida yoki kompensatsiya toʻlovlari amalga oshirilishiga qadar jabrlangan shaxs vafot etsa, uning huquq va majburiyatlari merosxoʻrlariga teng ulushda oʻtkaziladi.
Merosxoʻrlarning doirasi va ularning meros ulushlari meros huquqini tasdiqlash asosida, kelishmovchilik yuzaga kelganda esa — sud tartibida belgilanadi.
27. Yetkazilgan zarar miqdori qoplangandan soʻng arizalarni roʻyxatdan oʻtkazish jurnaliga zararni qoplash boʻyicha toʻlovning sanasi, miqdori va toʻlov hujjatining raqami yoziladi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
28. Favqulodda holat davrida jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash boʻyicha toʻplangan barcha hujjatlar (ariza, dalolatnoma, baholash hisobotlari, toʻlov varaqalari va boshqalar) hamda Favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qayd etish jurnali belgilangan tartibda tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar)larning arxiviga 75 yil muddatga saqlash uchun topshiriladi.
29. Jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
30. Davlat komissiyasi va (yoki) hudud komendanti tasarruf etilgan mablagʻlardan belgilangan maqsadlarda foydalanishi Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan favqulodda holat bekor qilinishi yakuni boʻyicha nazorat qilinadi.
31. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mazkur Nizomning 17-bandi asosida tasarruf etilgan mablagʻlar hisobini, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasidan yoki Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlarining hisobini yuritadi.
32. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Favqulodda holat joriy etilgan hududda uy-joy fondini tiklash, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va kompensatsiyalar toʻlash ishlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Kimga _____________________________________(ishchi guruh rahbarining F.I.O.)Fuqaro ____________________________________(F.I.O.)___________________________________________(yashash manzili)_________________________________ tomonidantel.: _______________________________________Favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidaARIZAMenga favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar oqibatida yetkazilgan zararning qoplanishini soʻrayman_________________________________________________________________________________________(favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar turi yoziladi)favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar oqibatida yoʻqotilgan mol-mulk koʻrsatiladi________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________________Buzilgan (vayron boʻlgan) turar joyda yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan fuqarolar koʻrsatiladi1. ______________________________________________________________________________________(F.I.O., tugʻilgan yili, qarindoshlik darajasi)2. ______________________________________________________________________________________(F.I.O., tugʻilgan yili, qarindoshlik darajasi)………………………………………………………………………………….........……………3. ______________________________________________________________________________________Sizdan quyidagi manzildagi mol-mulkka yetkazilgan zararni qoplashingizni soʻrayman________________________________________________________________________________________(viloyat, tuman, shahar, yashash manzili)Bank boʻlinmasi nomi _____________________________________________________________________Filial MFO raqami _____________________________________________________________________Bankdagi hisobvaragʻi yoki plastik karta raqami ______________________________________________Nomiga (F.I.O.) _________________________________________________________________________Oluvchining STIR raqami _________________________________________________________________Arizaga quyidagi hujjatlarni ilova qilaman:1. ______________________________________________________________________________________2. ______________________________________________________________________________________3. ______________________________________________________________________________________4. ______________________________________________________________________________________5. ______________________________________________________________________________________20____ y. “____” _______________________________________________________________________________(ariza beruvchining F.I.O.)(imzo)
Favqulodda holat joriy etilgan hududda uy-joy fondini tiklash, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va kompensatsiyalar toʻlash ishlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Jabrlanganlarni murojaatini koʻrib chiqish
SXEMASI
Favqulodda holat joriy etilgan hududda uy-joy fondini tiklash, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash va kompensatsiyalar toʻlash ishlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Favqulodda choralar va vaqtincha cheklovlar oqibatida jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi arizalarni qayd etish
JURNALI
