Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznes, xizmat koʻrsatish va turizm loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun ajratiladigan mablagʻlardan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (25-son)
21.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmatlar koʻrsatish va turizmni rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 12-avgustdagi PQ-287-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmatlar koʻrsatish va turizmni rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 12-avgustdagi PQ-287-son qaroriga muvofiq Buxoro viloyatidagi kichik va oʻrta biznes, xizmat koʻrsatish va turizmni rivojlantirish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish yoʻnalishlaridagi loyihalarni moliyalashtirish uchun quyidagi shartlarda:
oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-son Farmoni va 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-306-son qarorida belgilangan tartib hamda mexanizmlar asosida kichik va oʻrta biznes, xizmat koʻrsatish hamda turizm loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun tijorat banklari va “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga ikki yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga foizsiz 60 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar;
Buxoro viloyati hokimligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga foizsiz 40 million AQSH dollari miqdoridagi budjet ssudasi ajratilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznes subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish, turizmni rivojlantirish maqsadida infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish va ushbu loyihalarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Buxoro viloyati hokimligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qarorning ahamiyatini tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida keng tushuntirish ishlari amalga oshirilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Buxoro viloyati hokimi B.K. Zaripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-yanvar,
25-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-yanvardagi 25-son qaroriga 1-ILOVA
Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznes subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmatlar koʻrsatish va turizmni rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 12-avgustdagi PQ-287-son qarori (keyingi oʻrinlarda — Qaror) ijrosi doirasida tadbirkorlik subyektlari faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan 60 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni (keyingi oʻrinlarda — mablagʻlar) ajratish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom ajratilgan mablagʻlar doirasida loyihalarni moliyalashtirish, amalga oshirish va mablagʻlarni qaytarish davrida Buxoro viloyati uchun amal qiladi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
biznes portal — “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturida ishtirok etish bilan bogʻliq biznes jarayonlarni avtomatlashtirilgan holda tashkil etish va muvofiqlashtirib borish imkonini beradigan elektron platforma;
ishchi guruh — tarkibi Qaror bilan tasdiqlangan Buxoro viloyatida tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash va loyihalarni moliyalashtirishni muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruh;
“Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi — biznes portal yordamida ajratiladigan qoʻllab-quvvatlash choralari;
oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari — tijorat banklari tomonidan yagona elektron platforma orqali ajratiladigan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari;
hamkor banklar — mazkur Nizom doirasida loyihalarni moliyalashtirish, amalga oshirish va monitoring qilishda ishtirok etuvchi AT “Xalq banki”, ATB “Mikrokreditbank” va boshqa tijorat banklari;
hokim yordamchisi — mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi;
yagona elektron platforma — dasturlar doirasidagi kreditlarning toʻliq raqamlashgan holda ajratilishini taʼminlaydigan oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlarining yagona elektron platformasi.
3. Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun loyihalarning manzilli roʻyxatini shakllantirish, moliyalashtirish va monitoringini yuritish mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Mazkur Nizomga muvofiq resurs mablagʻlari ustuvor ravishda Qarorda belgilangan yoʻnalish va loyihalarga ajratiladi.
2-bob. Loyihalarni tanlab olish
5. Buxoro viloyati hokimligi tomonidan istiqbolli loyiha tashabbuskorlari roʻyxati shakllantiriladi hamda ularga hokim yordamchilari koʻmagida mazkur Nizomga muvofiq moliyalashtirish boʻyicha zarur maslahatlar beriladi.
6. Loyiha tashabbuskorlari ushbu Nizom asosida moliyaviy qoʻllab-quvvatlashda ishtirok etish uchun biznes portal yoki yagona elektron platforma orqali onlayn tarzda murojaat qiladi.
7. Loyiha tashabbuskorlari murojaatlari “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
3-bob. Moliyalashtirish tartibi
8. Hamkor banklar tomonidan “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida moliyalashtiriladi.
9. “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida kreditlar ushbu Nizom asosida ikki yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga ajratiladi.
Mazkur kompleks dastur boʻyicha mablagʻ ajratishning ushbu Nizom bilan belgilanmagan boshqa talab va shartlari Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qarori bilan tasdiqlangan “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish toʻgʻrisidagi nizom asosida tartibga solinadi.
10. Ushbu Nizomga muvofiq resurs mablagʻlari:
oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida hamkor banklarga;
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-yanvardagi 37-son qarori bilan tasdiqlangan “Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturi tashabbuskorlarini tanlash, ularning loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va moliyalashtirish toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartib va mexanizmlar asosida kichik biznes subyektlari loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun hamkor banklarga yoʻnaltiriladi;
Resurs mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-son Farmoni hamda ““Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash” kompleks dasturini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 7-sentabrdagi PQ-312-son qarori doirasida Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun yoʻnaltirilishi mumkin.
4-bob. Resurs mablagʻlarini ajratish tartibi
11. Hamkor banklarning hududiy boʻlinmalari tomonidan Qarorga muvofiq ishchi guruh xulosasiga koʻra Buxoro viloyati hokimligi buyurtmasi asosidagi loyihalar boʻyicha talabnoma ishlab chiqiladi.
Hamkor banklar ularning hududiy boʻlinmalari talabiga asosan tadbirkorlik subyektlarining loyihalarini belgilangan tartibda oʻrganib chiqib, kredit ajratish boʻyicha ijobiy qaror qabul qilingandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga loyihalar kesimida talabnoma kiritadi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkor banklar talabnomasi asosida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan resurs mablagʻlarini jalb qilgandan soʻng uch kun muddatda talabnomada koʻrsatilgan loyihalarga zarur resurs mablagʻlarini hamkor banklarda ikki yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga foizsiz joylashtiradi.
13. Hamkor banklar Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan resurs ajratilgan kundan boshlab ikki kun muddatda talabnomada koʻrsatilgan loyihalarni moliyalashtiriladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
14. Buxoro viloyati hokimligi, Buxoro viloyatining tuman (shahar) hokimliklari hamda hamkor banklar rahbarlari ushbu Nizom talablariga rioya etilishiga shaxsan masʼul hisoblanadi.
15. Ushbu Nizom talablari buzilishida rioya etilishida aybdor deb topilgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznes subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznes subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 21-yanvardagi 25-son qaroriga 2-ILOVA
Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish, turizmni rivojlantirish maqsadida infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish va ushbu loyihalarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish va turizmni rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 12-avgustdagi PQ-287-son qaroriga (keyingi oʻrinlarda — Qaror) muvofiq Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish va turizmni rivojlantirish maqsadida infratuzilma loyihalarini, shu jumladan,master-rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni moliyalashtirish uchun ajratilgan 40 million AQSH dollari miqdoridagi budjet ssudasidan foydalanish va loyihalarni amalga oshirish tartibini belgilaydi.
Ushbu Nizom ajratilgan budjet ssudasi doirasida infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, amalga oshirish va budjet ssudasini qaytarish davrida faqat Buxoro viloyati uchun amal qiladi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
infratuzilma loyihasi — budjet ssudasi doirasida ijtimoiy, yoʻl-transport, suv xoʻjaligi, muhandislik-kommunikatsiya obyektlarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlashga qaratilgan loyiha;
ishchi guruh — tarkibi Qaror bilan tasdiqlangan Buxoro viloyatida tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash va loyihalarni moliyalashtirishni muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruh;
master-reja — hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga yoʻnaltirilgan, oʻzida shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini mujassamlashtirgan, shuningdek, hududlarning qismlarini iqtisodiy rivojlantirishni yaqin, oʻrta va uzoq muddatlarga rejalashtirish, ularning iqtisodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish maqsadida mavjud muammolarning aniq yechimi hamda amalga oshirish mexanizmlarini oʻzida aks ettirgan hujjat;
muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari — infratuzilma loyihasini amalga oshirish doirasida eng yaqin markazlashtirilgan tarmoqlardan ishlab chiqarish hamda faoliyat yuritish maydonlarining chegarasigacha ichimlik suvi va oqova suv, elektr energiyasi, tabiiy gaz tarmoqlarini tortish, ularning quvvatlarini oshirish, avtomobil yoʻllarini qurish-taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari;
budjet ssudasi — Buxoro viloyatida infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga ajratilgan foizsiz 40 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar.
3. Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish va turizmni rivojlantirish maqsadida infratuzilma loyihalarining manzilli roʻyxati mazkur Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq shakllantiriladi va moliyalashtiriladi.
2-bob. Infratuzilma loyihalarining manzilli roʻyxatini shakllantirish
4. Buxoro viloyatining tuman (shahar) hokimliklari kichik biznes, turizm va servis, sanoat sohasini rivojlantirishda infratuzilma loyihalari hamda master rejasi ishlab chiqiladigan biznes uchun jozibador hududlar boʻyicha takliflarni har oy Buxoro viloyati hokimligiga taqdim etadi.
Buxoro viloyati hokimligi ikki hafta muddatda infratuzilma loyihalarini ularning asoslanganligi, natijadorligi, talab etiladigan mablagʻlar qiymatining haqqoniyligi va belgilangan yoʻnalishlar asosida obyektlar kesimida ishlab chiqadi hamda ishchi guruhga taqdim etadi.
Infratuzilma loyihalarining manzilli roʻyxati ishchi guruh tomonidan ustuvor ravishda master rejalar asosida shakllantiriladi.
5. Ishchi guruh Buxoro viloyati hokimligi tomonidan taqdim etilgan takliflarni koʻrib chiqib, yakuniy manzilli roʻyxatlarni shakllantiradi.
Manzilli roʻyxatni shakllantirishda quyidagi muhim jihatlar inobatga olinadi:
infratuzilma loyihalarini amalga oshirish hamda master-rejani ishlab chiqish natijasida tadbirkorlar muammolarini hal etish, yangi tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish uchun qulayliklar yaratish (arzon narxlarda yetkazib berish imkoniyatlarini yaratish, sanoat hududlarini tashkil etish, infratuzilma bilan taʼminlash (elektr, ichimlik suvi va oqova suv, kanalizatsiya, yoʻllar, telekommunikatsiya)) hamda tadbirkorlik jozibadorligining yaxshilanishi;
yangi ish oʻrinlarining yaratilishi;
yer maydonlaridan oqilona foydalanishni yoʻlga qoʻyish.
Manzilli roʻyxatni shakllantirishda qarorlar ishchi guruh aʼzolari sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Qarorlarni qabul qilishda ovozlar teng boʻlganda, ishchi guruh rahbari hal qiluvchi ovozga ega boʻladi. Bunda qarshi ovoz bergan ishchi guruh aʼzosining fikri qarorga ilova qilinadi.
6. Manzilli roʻyxatdagi takliflar ishchi guruh tomonidan saralanib, ishchi guruh aʼzolari bilan kelishilgandan soʻng manzilli roʻyxatlar belgilangan tartibda va yigirma kun ichida ishchi guruh rahbari tomonidan Vazirlar Mahkamasida taqdimot (himoya) qilinadi.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan maʼqullangan takliflar doirasida Buxoro viloyatining tuman va shaharlari kesimida infratuzilma loyihalarining manzilli roʻyxati ishchi guruh tomonidan tasdiqlanadi.
7. Master rejalarni ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash Vazirlar Mahkamasining “Hududning master rejasini ishlab chiqish, kelishish va tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida” 2024-yil 12-avgustdagi 497-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish tartibi
8. Tasdiqlangan manzilli roʻyxat doirasida infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan ikki yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga foizsiz budjet ssudasi Buxoro viloyati mahalliy budjetiga yoʻnaltiriladi hamda mahalliy budjet orqali xarajatlar belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Har bir loyiha boʻyicha zarur mablagʻlar ishchi guruhning xulosasiga koʻra Buxoro viloyati hokimligi buyurtmasi asosida budjet ssudasi ajratib beriladi.
9. Infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, shu jumladan, master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha buyurtmachi vazifalari:
Ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — “Oʻzsuvtaʼminot” AJ huzuridagi “Suv taʼminoti va oqova suv obyektlari qurilishi boʻyicha injiniring kompaniyasi” unitar korxonasi;
avtomobil yoʻllarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha — Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tizimidagi tegishli tashkilotlar;
elektr energiyasi bilan taʼminlash ishlari boʻyicha — “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning tegishli hududiy tashkilotlari va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning tegishli hududiy filiallari;
tabiiy gaz yetkazib berish ishlari boʻyicha — “Hududgaztaʼminot” AJ va “Oʻztransgaz” AJning tegishli hududiy filiallari;
madaniy meros obyektlarini restavratsiya, tiklash va taʼmirlash ishlari boʻyicha — Madaniy meros agentligi;
master-rejalar, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish ishlari boʻyicha — Buxoro viloyati hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi;
infratuzilma loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa tadbirlar boʻyicha — tegishli soha tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
10. Buyurtmachilar tasdiqlangan manzilli roʻyxatga asosan infratuzilma loyihalari boʻyicha belgilangan tartibda davlat xaridlari tartib-taomillari asosida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiquvchi va bosh pudrat tashkilotini aniqlaydi.
Bunda tasdiqlangan manzilli roʻyxatga asosan infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish va ularni qurish (taʼmirlash) tegishliligi boʻyicha markazlashgan investitsiyalar va budjet qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
11. Dastlabki (smeta) qiymati 1 million AQSH dollarigacha boʻlgan infratuzilma loyihalarini, master-rejalarni ishlab chiqishni moliyalashtirish bilan bogʻliq jarayonlarning qisqa muddatlarda bajarilishini taʼminlash maqsadida Buxoro viloyati hokimligi takliflari asosida mazkur loyihalar amalga oshirilishiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan ruxsat berilishi mumkin.
4-bob. Infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish hamda loyihalar amalga oshirilishini nazorat qilish tartibi
12. Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish va turizmni rivojlantirish maqsadida ajratilgan 40 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar doirasida infratuzilma loyihalarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish ishlarini tashkil etish, mablagʻlardan samarali foydalanish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish ishchi guruh rahbari tomonidan taʼminlanadi. Bunda:
Buxoro viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish va uning ijrosi toʻgʻrisida hisobotlarni yuritadi;
buyurtmachilari ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishi boʻyicha tegishli hisobotlarni Buxoro viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar taqdim etib boradi;
Buxoro viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi moliyalashtirilgan xarajatlar boʻyicha tegishli hisobotlarni har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 8-sanasiga qadar ishchi guruhga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga taqdim etib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim etilgan tegishli hisobot va maʼlumotlar asosida ajratilgan mablagʻlarning oʻzlashtirilishi yuzasidan monitoring yuritadi hamda har chorak yakuni boʻyicha keyingi oyning 15-sanasiga qadar Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritadi.
5-bob. Yakunlovchi qoida
13. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish, turizmni rivojlantirish maqsadida infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish va ushbu loyihalarni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Buxoro viloyatida kichik biznes, turizm va servis, sanoat sohasini rivojlantirishda infratuzilma loyihalari uchun ajratilgan mablagʻlarni moliyalashtirish
SXEMASI
