Elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlashni ragʻbatlantirish, sohaning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-304-son)
15.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlash va undan yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali eksportbop yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar elektrotexnika sanoatida erishiladigan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar etib belgilansin:
(a) 2026-yilda eksport geografiyasini 80 ta davlatga va eksport hajmini 3 milliard dollarga;
(b) 2030-yilda mis xomashyosini birja savdolariga chiqarish hajmini 225 ming tonnaga yetkazish.
II. Xomashyoni chuqur qayta ishlashni ragʻbatlantirish
2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining 2026-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarni joriy qilish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
(a) “Olmaliq KMK” AJ tomonidan ishlab chiqariladigan mis katodini birja savdolariga qoʻyishda 2030-yil 31-dekabrga qadar uning boshlangʻich narxini qoʻshilgan qiymat soligʻisiz London metall birjasi narxidan 4 foiz chegirma bilan belgilash;
(b) birja savdolari orqali mis xomashyosini xarid qilishda toʻlovlarni boʻlib toʻlash tartibini bekor qilish.
3. Belgilansinki, 2026-2027-yillarda elektrotexnika sanoati korxonalari boʻlgan barcha toifadagi tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablagʻ uchun, shu jumladan, mis xomashyosini xarid qilishga ajratiladigan tijorat banklari kreditlari boʻyicha “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati hisobidan:
(a) kredit miqdoridan qatʼi nazar, uning 20 milliard soʻm ekvivalentidan oshmagan qismi boʻyicha:
(i) foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining ikki baravaridan ortiq boʻlmagan milliy valyutadagi kreditlarning asosiy stavkadan 4 foiz punkt yuqori qismi, lekin 10 foiz punktdan oshmagan miqdorda;
(ii) xorijiy valyutadagi kreditlar foiz stavkasining 6 foizdan yuqori qismi, biroq 5 foiz punktdan oshmagan miqdorda tadbirkorlik subyektining barqarorlik reytingidan qatʼi nazar kreditning toʻliq muddatiga kompensatsiya qilib beriladi;
(b) 10 milliard soʻm ekvivalentigacha, biroq kreditning 50 foizidan ortiq boʻlmagan qismiga kafillik taqdim etiladi.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan boshlab:
(a) misdan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni eksport qilishda bojxona yuk deklaratsiyasida mahsulotlarning texnik parametrlariga qoʻshimcha ravishda ularning diametri, qalinligi, uzunligi, qoplamasi, tarkibidagi mis hajmi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi;
(b) budjet buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari, bino-inshootlar, shuningdek, ijtimoiy soha obyektlarini barpo etish doirasida mahalliy elektrotexnika tovarlari ulushi kamida 30 foizni, shu jumladan, kabel-oʻtkazgich mahsulotlari va transformatorlar — kamida 70 foizni, nasoslar va elektrodvigatellar kamida 50 foizni tashkil etishi sharti belgilanadi;
(v) tadbirkorlik subyektlari tomonidan mis xomashyosini xarid qilish boʻyicha tuzilgan shartnomalarga muvofiq “Olmaliq KMK” AJ tomonidan ortib berish muddatlariga rioya etilishi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan har chorakda oʻrganib boriladi.
III. Moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari
5. Elektrotexnika sanoati korxonalariga 2025-yil 1-noyabrdan boshlab Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan banklarning faktoring xizmatlari boʻyicha diskont yoki hisoblangan foiz summasining 50 foizi, biroq yillik 4 foiz stavkadan oshmagan miqdorda qoplab berilsin.
6. Belgilansinki, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyatiga (keyingi oʻrinlarda — Kompaniya) 2030-yil 1-yanvarga qadar qaytarish sharti hamda ikki yillik imtiyozli davr bilan yillik 3 foiz stavkada 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlarni 2025-2026-yillarda mutanosib ravishda, Kompaniyaning buyurtmanomalari asosida bosqichma-bosqich ajratadi. Bunda:
(a) mazkur mablagʻlar Kompaniya tomonidan tijorat banklari orqali elektrotexnika sanoati mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga aylanma mablagʻlarini toʻldirish hamda mis xomashyosini xarid qilish uchun moliyaviy resurs ajratishga yoʻnaltiriladi;
(b) tijorat banklari tomonidan ularga Kompaniya tomonidan ajratiladigan moliyaviy resurs hisobidan tadbirkorlik subyektlariga uch yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga yillik 6 foiz stavkada (shundan 1 foiz Kompaniya marjasi, 2 foiz bank marjasi) kreditlar ajratiladi.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2026-yil 1-yanvardan boshlab elektrotexnika mahsulotlari boʻyicha:
(a) budjet buyurtmachilari hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida oʻtkaziladigan mahalliy auksion savdolari yoʻlga qoʻyiladi. Bunda savdolar boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan elektron auksion tartib-taomillari asosida shartnoma qiymati bilan bogʻliq cheklovlarsiz oʻtkaziladi;
(b) budjet buyurtmachilari tomonidan xarid rejalari eʼlon qilinishi bilan bir vaqtda ushbu maʼlumotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga avtomatik ravishda elektron xabarnoma orqali yuboriladi hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan taklif kelib tushganda xaridlar ular oʻrtasida amalga oshiriladi;
(v) mahalliylashtirish darajasi 30 foizdan yuqori boʻlgan mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan budjet buyurtmachilari oʻrtasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha yetkazib beriladigan tovarning mahalliylashtirish darajasiga mutanosib miqdorda avans toʻlovlarini toʻlab berishga ruxsat etiladi.
8. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) “Oʻzeltexsanoat” uyushmasining buyurtmasi asosida elektrotexnika sohasida aniq natijalarga qaratilgan (patent yoki yangi mahsulot sertifikati) yangi ishlanmalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik ishlari va boshqa shu kabi innovatsion loyihalarni teng ulushlarda moliyalashtirish uchun Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan ushbu jamgʻarmaga Davlat budjetidan rejalashtiriladigan mablagʻlar hisobidan har yili 10 milliard soʻm ajratiladi;
(b) 2026-yil 1-yanvardan boshlab “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK elektrotexnika mahsulotlarini budjet buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlari boʻyicha xarid qilish hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish jarayonida xarid predmetini mahalliy ishlab chiqaruvchilarda mavjudligi yuzasidan oʻrganishdan oʻtkazadi va natijalarini ekspertiza xulosasida koʻrsatadi.
IV. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
9. Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash boʻyicha idoralararo komissiya (J. Xodjayev) oʻn kun muddatda yarim tayyor mis simlar va mis mahsulotlar eksportini hamda TIF TN kodi 8504, 8541 va 8544 boʻlgan tovar pozitsiyalari boʻyicha importni chuqur tahlil qilgan holda, zarur hollarda, tegishli bojxona boji stavkalarini vaqtinchalik oʻzgartirish boʻyicha tegishli qarorni qabul qilsin.
10. Elektrotexnika sanoati korxonalari eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, sohaga innovatsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Mazkur qaror ijrosini monitoring qilib borish rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Bunda:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi qaror ijrosini monitoring rejasiga asosan har yili 15-fevralga qadar monitoringdan oʻtkazsin hamda monitoring natijalarini Hisob palatasi va Adliya vazirligiga kiritib borsin;
(b) Hisob palatasi Adliya vazirligi bilan birgalikda monitoring rejasi asosida qaror ijrosini nazorat qilsin hamda har yili 25-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;
(v) “Ijro.gov.uz” tizimida qaror ijrosini nazoratdan yechishda monitoring rejasida koʻrsatilgan maqsadlarga erishilgani inobatga olinsin.
12. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) bir oy muddatda ushbu qarorning 5-bandida belgilangan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini joriy qilish ishlarini tashkil etsin.
13. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 15-oktabr,
PQ-304-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-oktabrdagi PQ-304-son qaroriga 1-ILOVA
Elektrotexnika sanoati korxonalari eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, sohaga innovatsiyalarni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-oktabrdagi PQ-304-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektrotexnika sanoatida xomashyoni chuqur qayta ishlashni ragʻbatlantirish, sohaning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini monitoring qilish
REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-oktabrdagi PQ-304-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-martdagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5011-son qarorining 6-bandida:
(a) ikkinchi xatboshidagi “2023 — 2026-yillarda” soʻzlari “2023 — 2030-yillarda” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) uchinchi xatboshidagi “2024-yil 1-apreldan boshlab” soʻzlaridan keyin “2025-yil 31-dekabrga qadar” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-fevraldagi “Respublikada mis xom ashyosini chuqur qayta ishlashni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-77-son qarori 3-bandining “a” kichik bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) 2025-yil 31-dekabrga qadar birja savdolari orqali xarid qilingan mis xomashyosi uchun toʻlovlarning 25 foizini boʻnak tarzida, qolgan 75 foizini mis xomashyosi olingandan soʻng 90 kun ichida toʻlashga ruxsat beriladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 3-dekabrdagi “Davlat xaridlarida ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularga keng imkoniyatlar yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-417-son qarorining 1-bandi birinchi xatboshisidagi “2025-yil” soʻzlari “2026-yil” soʻzlari bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 22-yanvardagi “Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-20-son qarorida:
(a) 8-bandda:
(i) “b” kichik bandidagi “yillik 8 foizdan koʻp boʻlmagan stavkada” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(ii) “v” kichik band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
(b) 1-ilovada “Eksport” pozitsiyasining “2026-yil” ustunidagi “2,5” raqami “3,0” raqami bilan almashtirilsin;
(v) 3-ilovaning 6.2 va 6.3-pozitsiyalari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“
”.
