2025-2026-yillarda Samarqand shahri va Ishtixon tumanida Bolalar saratoniga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy strategiyasini joriy etish loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish toʻgʻrisida (327-son)
22.05.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 — 2030-yillarda bolalar saratoniga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy strategiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 19-maydagi PQ-186-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, bolalarda onkologik kasalliklarni erta aniqlash, ularni yoʻnaltirish tizimini takomillashtirish va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish samaradorligini oshirish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarning uzluksizligi, tezkorligi va sifatini yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 2025-2026-yillarda Samarqand shahri va Ishtixon tumanida Bolalar saratoniga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy strategiyasini joriy etish loyihasi (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Loyihani amalga oshirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
a) xalqaro ekspertlar va Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ishtirokida tibbiyot xodimlari hamda ota-onalarni saraton kasalliklariga (onkologik va onkogematologik) hushyorligini va bilimlarini oshirish boʻyicha soʻrovnoma ishlab chiqish;
b) soʻrovnomani qoʻllash, unga muvofiq tibbiy koʻrik oʻtkazish hamda birlamchi skrining tartib-qoidalariga oʻqitish orqali tibbiyot xodimlarini onkologik va onkogematologik kasalliklarni erta bosqichlarida aniqlashga oʻrgatish;
v) soʻrovnomaga asosan saraton kasalligiga gumon qilingan har bir bolani individual yoʻnaltirish xaritasini tuzish va bajarilishini nazorat qilish boʻyicha elektron tizimni yaratish hamda unda sunʼiy intellekt texnologiyasidan foydalanishni yoʻlga qoʻyish;
g) davolash boʻyicha onkologik kasalliklarga gumon qilingan bolalarni 100 foiz uzluksiz raqamli yoʻnaltirish tizimi bilan qamrab olishni joriy etish;
d) yoʻnaltirish xaritasiga asosan:
tashxislash muddatini onkologik kasalliklar boʻyicha 14 kungacha, onkogematologik kasalliklar boʻyicha 4 kungacha qisqartirish;
onkologik va onkogematologik kasallik aniqlangan kundan boshlab 10 — 20 kunda davolashni boshlash;
e) bemor bolalarning raqamli maʼlumotlar bazasini shakllantirish;
j) birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari, tuman (shahar) markaziy shifoxonasi, hududiy tibbiyot muassasalari shifokorlariga bolalar onkogematologiyasiga oid shubhali alomatlar boʻyicha doimiy oʻquv-seminarlar tashkil etish orqali ularning bu sohadagi bilim va koʻnikmalarini oshirib borish.
3. 2025-2026-yillarda Samarqand shahri va Ishtixon tumanida Bolalar saratoniga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy strategiyasini joriy etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Loyiha quyidagi bosqichlar asosida amalga oshirilishi belgilansin:
a) I bosqichda (2025-yil iyun-iyul):
Loyihaning samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida ishchi guruh shakllantiriladi;
Samarqand viloyatidagi tibbiyot muassasalari va kadrlar salohiyati xatlovdan oʻtkaziladi;
onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemor bolalar uchun soʻrovnoma va yoʻnaltirish xaritasini oʻz ichiga olgan yoʻnaltirish tizimining raqamli moduli ishlab chiqiladi;
tibbiy brigadalar ishlab chiqilgan soʻrovnoma va yoʻnaltirish tizimining raqamli modulini qoʻllagan holda bolalarni skriningdan oʻtkazadi;
“Oilaviy salomatlik” kursi doirasida oilaviy shifokorlar va hamshiralarni onkologik va onkogematologik kasalliklarini aniqlash boʻyicha bilim va malakalari oshiriladi;
xalqaro standartlar asosida bemor bolalar uchun tashxislash va davolash standartlari hamda klinik protokollar yangilanadi;
bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlari zarur tibbiy jihozlar bilan taʼminlanadi, qurilish-taʼmirlash ishlari boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi hamda qurilish ishlari boshlanadi;
tibbiyot muassasalarining shtat normativlari qayta koʻrib chiqiladi hamda zarur mutaxassislar lavozimlari kiritilishi taʼminlanadi;
aholining, jumladan ota-onalarning onkologik va onkogematologik kasalliklar boʻyicha xabardorligini oshirishga qaratilgan tarqatma materiallar tayyorlanadi hamda tushuntirish ishlari olib boriladi;
b) II bosqichda (2025-yil iyul — dekabr) — Samarqand shahri va Ishtixon tumanida:
erta tashxislash va davolash boʻyicha ishlab chiqilgan soʻrovnoma hamda yoʻnaltirish tizimining raqamli moduli amaliyotga joriy etiladi;
bemor bolalar tasdiqlangan tashxislash va davolash standartlariga asosan Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi ilmiy-amaliy markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) orqali zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlanadi;
laboratoriyalarga immuno-gistokimyo boʻyicha malakali mutaxassislarni jalb qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish orqali tahlillarni oʻtkazish imkoniyatlari kengaytiriladi;
v) III bosqichda (2026-yil yanvar — dekabr):
Loyihani amalga oshirish Samarqand viloyatining barcha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yoʻlga qoʻyiladi;
onkologik va onkogematologik kasalliklarga chalingan bemor bolalar uchun soʻrovnoma va yoʻnaltirish xaritasini oʻz ichiga olgan yoʻnaltirish tizimining raqamli moduli viloyat boʻyicha amaliyotga toʻliq joriy etiladi;
Markazda onkogematolog va palliativ yordam boʻyicha shifokorlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish ishlari amalga oshiriladi;
Ishchi guruh tomonidan:
amalga oshirilgan ishlarni monitoring va tahlil qilish natijasida olingan maʼlumot va takliflar asosida Loyiha takomillashtiriladi;
Loyihaning amaliyotga joriy etilishi boʻyicha monitoring oʻtkaziladi, yakuniy natijalari boʻyicha tahliliy hisobot tayyorlash, shuningdek, boshqa hududlarda joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
5. Sogʻliqni saqlash vazirligi va Markaz Loyihani amalga oshirish, umumiy muvofiqlashtirish va nazorat qilish uchun masʼul organlar etib belgilansin.
6. Loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtirilsin:
Davlat budjeti mablagʻlari;
Bolalarda onkologik kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha Milliy strategiya doirasida ajratilgan mablagʻlar;
xalqaro moliya tashkilotlari va donor tashkilotlarning grantlari, kreditlari va texnik koʻmak mablagʻlari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
7. Sogʻliqni saqlash vazirligi:
2025-yil 1-iyunga qadar Loyihani amalga oshirish boʻyicha reja-grafikni tasdiqlasin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Samarqand shahri va Ishtixon tumani hokimliklari, Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga Loyiha doirasida samarali hamkorlik aloqalari oʻrnatilishi va mavjud muammoli masalalarni tezkorlik bilan hal etilishini taʼminlasin;
2026-yil 1-dekabrga qadar Loyiha yakuni boʻyicha uni amalga oshirish natijalari va Loyihani respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga ushbu qarorga muvofiq Loyiha doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-may,
327-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-maydagi 327-son qaroriga ILOVA
2025-2026-yillarda Samarqand shahri va Ishtixon tumanida Bolalar saratoniga qarshi kurashish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy strategiyasini joriy etish loyihasini amalga oshirish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
