Tuproq monitoringini amalga oshirish hamda tuproqning unumdor qatlamini aniqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (33-son)
22.01.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, shuningdek, respublikada iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq salbiy taʼsirning oldini olish, qishloq xoʻjaligi yerlari degradatsiyasini kamaytirish, tuproqdagi gumus miqdorini koʻpaytirish orqali ekinlar hosildorligi va tuproq unumdorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Tuproq monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda shaharsozlik faoliyati, geologik-qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olish, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish jarayonida tuproqning sidirib olingan unumdor qatlamini koʻchirish uchun unumdorligi past, tarkibida tosh va qum boʻlgan hamda yangi oʻzlashtiriladigan qishloq xoʻjaligi maydonlari muntazam ravishda belgilab berilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi oʻz vakolatlari doirasida yer fondi toifasidan qatʼi nazar, yerlarni rekultivatsiya qilish, buzilgan yerlarni tiklash, foydalanish uchun yaroqli holga keltirish, tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablarini bajarish, tuproqni himoyalaydigan texnologiyalarni joriy etish ustidan tegishli tadbirlarni amalga oshirsin va natijasi boʻyicha maʼlumotlarni har chorak yakuni bilan Qishloq xoʻjaligi vazirligining geoportaliga joylashtirib borsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi yer fondi toifasidan qatʼi nazar, shaharsozlik faoliyati, geologik-qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olish, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish jarayonida tuproqning unumdor qatlamini aniqlash boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligining Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutidan xulosa olinishini taʼminlasin.
5. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi shaharsozlik faoliyati, geologik-qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olish, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshiruvchi loyiha ijrochilari tomonidan tuproq qatlami sidirib olinishi va belgilangan dala konturiga koʻchirilishi yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 22-yanvar,
33-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-yanvardagi 33-son qaroriga 1-ILOVA
Tuproq monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasiga muvofiq tuproq monitoringini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
2. Tuproq monitoringi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti va uning mintaqaviy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Tuproq monitoringi tuproqning hozirgi holatini, yuz berayotgan oʻzgarishlarni tahlil qilish, ushbu oʻzgarishlarning xarakterini va ularning tuproq unumdorligiga taʼsirini aniqlash, salbiy jarayonlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha tadbirlar, tuproqdan samarali foydalanish hamda uni muhofaza qilishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
4. Tuproq monitoringi tabiiy sharoitlarda va inson faoliyati taʼsirida tuproqda sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar xarakterini, jadalligini hamda yoʻnalishini oʻz vaqtida aniqlash maqsadida olib boriladigan kuzatish va nazorat qilish tizimlaridan iborat. Tuproq monitoringi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar (xususiy mulk bundan mustasno), qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlarning barcha turlarida amalga oshiriladi.
5. Tuproq monitoringi davomida tanlab olingan tuproq namunalari milliy va (yoki) xalqaro akkreditatsiya tizimida akkreditatsiya qilingan laboratoriyalarda tahlil qilinadi.
6. Tuproq monitoringi ishlari davriyligi boʻyicha quyidagicha amalga oshiriladi:
tizimli monitoring — yer osti sizot suvlari sathi 3 metrgacha boʻlgan hududlarda har 3 yilda, sizot suvlari 3 metrdan past boʻlgan hududlarda har 5 yilda bir marta;
davriy monitoring — tuproq monitoringini yuritish hududlarida tabiiy ofat yoki boshqa salbiy oqibatlar vujudga kelganda, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar kuchli degradatsiyaga uchraganda.
2-bob. Tizimli tuproq monitoringini amalga oshirish tartibi
7. Tizimli tuproq monitoringini amalga oshirish uchun dastlab monitoring obyektlari (kalit maydonlari) tanlab olinadi. Monitoring obyektlarini tanlashda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar kesimida hududning tabiiy va qishloq xoʻjaligi landshafti uchun tipik boʻlgan tuproq xili mujassam boʻlishi kerak.
Har bir hududning geomorfologik tuzilishi va qishloq xoʻjaligida foydalanilishi eʼtiborga olingan holda, tuproq-iqlim rayonlashtirilishi asosida kalit maydonlari quyidagicha tanlanadi:
sugʻoriladigan haydalma yerlardan (ilgari sugʻorilib hozirda tashlab qoʻyilgan boʻz yerlar bilan birga) — 7 ta kalit maydoni;
lalmikor haydalma yerlardan (ilgari ekilgan boʻz yerlar bilan birga) — 5 ta kalit maydoni;
tabiiy yaylov va pichanzorlardan — 3 ta kalit maydoni.
Tuproq xaritalari va ularga ilova qilingan tushuntirish xatlari tuproq xillarining tarqalish maydonlarini koʻrsatuvchi manba sifatida xizmat qiladi.
8. Tuproq monitoringi ishlari tayyorgarlik, dala va kameral bosqichlarda amalga oshiriladi.
9. Tayyorgarlik bosqichida oʻtgan davr mobaynida bajarilgan quyidagi maʼlumotlar oʻrganiladi, umumlashtiriladi va tahlil qilinadi:
hududning suv bilan taʼminlanganligi;
yogʻingarchiliklar, sugʻorish va shamol eroziyasi;
tuproqning suv-fizik xossalari, mexanik tarkibi;
tuproqning tuz va suv rejimi (meliorativ holati);
tuproqdagi gumus va azotning umumiy shakli, fosfor hamda kaliyning umumiy va harakatchan shakllari, mikroelementlar, gips, karbonat, singdirish asoslari va sigʻimi;
tuproqning ogʻir metallar, pestitsidlar, gerbitsidlar va kimyoviy oʻgʻitlar bilan ifloslanishi.
10. Hududda tarqalgan barcha geomorfologik ajratmalardan tuproq turlari va ularning maydoni aniqlanadi, shu asosda maydon jihatdan katta boʻlgan yetakchi geomorfologik ajratma va tuproq turlaridan 500 gektarli kalit maydonlari ajratib olinadi va xarita-asosga tushiriladi.
11. Tanlangan 500 gektarli kalit maydonlardan tipik boʻlgan geomorfologik ajratmalar va tuproq turlaridan 100 gektarli maydon tanlab olinadi, xarita-asosga tushiriladi hamda mazkur Nizomning 9-bandidagi maʼlumotlar oʻrganiladi. Ushbu tanlangan maydon tizimli monitoring-kuzatuv obyekti sifatida roʻyxatga olinadi va keyingi tadqiqotlarni oʻtkazish uchun xizmat qiladi.
12. Tadqiqot oʻtkazish uchun tanlangan 100 gektarli maydon ichidan jami 3 ta, shundan 1 ta 1 gektarli statsionar ekologik maydon hamda 2 ta 1 gektarli yarim statsionar ekologik maydonchalar aniqlanadi va xarita-asosga joylashtiriladi.
13. Har bir kalit maydoni boʻyicha quyidagicha tushuntirish xati yoziladi:
muqaddima — ishning maqsadi, vazifasi, foydalanilgan materiallar, tuproq xaritasi, tadqiqot oʻtkazilgan sana, ishni bajaruvchi tashkilotlar, tadqiqotni bajarish usullari va boshqalar koʻrsatiladi;
tabiiy sharoitlar — hududning geomorfologiyasi, relyefi, tuproq-iqlim zonasi, tuproq hosil qiluvchi jinslar, gidrografiyasi, gidrogeologiyasi, iqlimi, oʻsimliklar dunyosi va boshqalar;
tuproqning oʻzlashtirilganlik davri va ularning qiyosiy tahlili;
tuproqlar tavsifi;
xulosa — barcha oʻrganilgan tuproq turlarida sodir boʻlgan oʻzgarishlarning jadalligi va yoʻnalishlari hamda ularning sabablari koʻrsatib oʻtiladi, shuningdek, tuproq holati va unumdorligini belgilovchi koʻrsatkichlarni maqbullashtirish asosida dastlabki tavsiyalar beriladi.
14. Tuproq xaritasi, topografik sʼyomkalar, fotoplanlar, aerosurat materiallari asosida dala-tadqiqot ishlari oʻtkaziladi.
15. Tanlangan statsionar va yarim statsionar ekologik maydonchalar WGS-84 koordinatalar tizimi asosida xarita-asosga tushiriladi.
16. Statsionar va yarim statsionar ekologik maydonchalarning har birida “konvert” usuli bilan 1 ta asosiy va 4 ta yordamchi kesmalar tushiriladi, asosiy kesma sizot suvlarigacha va yordamchi kesmalar 1 metrgacha qaziladi.
17. Asosiy va yordamchi kesmalardan tuproq namunalari tuproqshunoslikda umumqabul qilingan usullar boʻyicha olinadi.
18. Statsionar ekologik maydonda quyidagilar oʻrganiladi:
tuproqning morfologik belgilari;
tuproqning suv oʻtkazuvchanligi va hajm ogʻirligi;
sizot suvlarining chuqurligi;
ekilgan ekin turi, agrotexnik tadbirlar turi;
oʻtkazilgan meliorativ tadbirlar tavsifi.
19. Kameral bosqichda laboratoriya sharoitida tuproqning fizik-kimyoviy va agrokimyoviy xossalari aniqlanadi hamda dala-tadqiqot ishlari materiallari tahlil qilinadi.
20. Statsionar va yarim statsionar ekologik maydonchalarning tuproq shoʻrlanishi, eroziya, gumus, ogʻir elementlar, harakatchan fosfor va almashinuvchan kaliy moddalari bilan taʼminlanganlik koʻrsatkichlari boʻyicha kartogrammalar tuziladi.
21. Asosiy tuproq kesmalaridan olingan tuproqning kimyoviy tahlillari asosida tuproqning genetik qatlamlari boʻyicha fizik-kimyoviy, morfologik va agrokimyoviy xossalari qaydnomasi tuziladi.
Qaydnoma mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha toʻldiriladi.
22. Tadqiqot natijalari asosida tematik xaritalar, kartogrammalar, jadvallar va diagrammalar ilova qilingan hisobot tuziladi va tavsiyalar beriladi.
3-bob. Davriy tuproq monitoringini amalga oshirish tartibi
23. Davriy tuproq monitoringi tadqiqotlari monitoring hududlarida yuzaga kelgan kuchli salbiy oqibatlar (sel suvi taʼsirida yuvilib ketgan, kuchli qurgʻoqchilikka uchragan va boshqa salbiy holatlar) sodir boʻlganda oʻtkaziladi.
24. Davriy tuproq monitoringini amalga oshirish uchun tadqiqot obyektlari quyidagicha tanlab olinadi.
sugʻoriladigan haydalma yerlardan (ilgari sugʻorilib, hozirda tashlab qoʻyilgan boʻz yerlar bilan birga) — 2 ta kalit maydoni;
lalmikor haydalma yerlardan (ilgari ekilgan boʻz yerlar bilan birga) — 2 ta kalit maydoni;
tabiiy yaylov va pichanzorlardan — 3 ta kalit maydoni.
25. Davriy tuproq monitoringi dala va kameral bosqichlarda amalga oshiriladi.
26. Davriy tuproq monitoringining dala va kameral bosqichlari mazkur Nizomning 2-bobida keltirilgan tartibda amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
27. Tuproq monitoringini amalga oshirishda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
28. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Tuproq monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tuproq monitoringiga oid loyiha-qidiruv ishlarini amalga oshirish
SXEMASI
Tuproq monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Statsionar ekologik maydonlardagi tuproqning genetik qatlamlari boʻyicha fizik-kimyoviy, agrokimyoviy va morfologik xossalari
QAYDNOMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-yanvardagi 33-son qaroriga 2-ILOVA
Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasiga muvofiq shaharsozlik faoliyati, geologik-qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olish, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish paytida tuproqning unumdor qatlamini aniqlash tartibini belgilaydi.
2. Tuproqning unumdor qatlami Oʻzbekiston Respublikasining “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasiga muvofiq Qishloq xoʻjaligi vazirligining Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti va uning mintaqaviy boʻlinmalari (keyingi oʻrinlarda — Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti) tomonidan aniqlanadi.
3. Mulkchilik shaklidan va yer fondi toifasidan qatʼi nazar, shaharsozlik faoliyati, geologik-qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olish, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish uchun tuproqning unumdor qatlamini mavjudligi va uning qatlamini qalinligi aniqlanadi.
4. Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash yuzasidan tadqiqot natijalari:
sidirib olinadigan unumdor qatlamni tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi;
sidirib olingan tuproqni unumdorlik koʻrsatkichlari past boʻlgan hududlarga qishloq xoʻjaligi maqsadida foydalanish uchun koʻchirib oʻtkazishga asos boʻladi.
5. Sidirib olingan tuproq qatlamini qishloq xoʻjaligidan boshqa maqsadlarda foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
6. Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash va sidirib olinadigan maydon boʻyicha xulosa berish mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash tartibi
7. Shaharsozlik faoliyati, geologik qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olish, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish chogʻida tuproqning unumdor qatlamini aniqlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Qonunining 18-moddasiga muvofiq Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutiga shartnoma asosida buyurtma beriladi, buyurtmada quyidagilar taqdim etiladi:
tuproqning unumdor qatlamini aniqlash boʻyicha ariza;
tuproqning tadqiqot ishlari oʻtkaziladigan yer maydoniga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjat;
yer uchastkasining chegarasi va umumiy maydoni, qurilish osti va obodonlashtiriladigan maydonlar toʻgʻrisida 1:500, 1:1 000 yoki 1:2 000 masshtabdagi xarita;
ekologik ekspertiza xulosasi.
8. Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti loyiha ijrochilarining buyurtmasiga asosan tuproqning unumdor qatlamini aniqlash maqsadida tuproq xaritasini ishlab chiqadi va sidirib olinadigan qatlam qalinligini aniqlab beradi.
9. Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash ishlari tayyorgarlik, dala va kameral bosqichlarda amalga oshiriladi.
Tayyorgarlik bosqichida hududda avval amalga oshirilgan tuproqqa oid tadqiqot ishlari va monitoringi (tuproqning sifatini baholash, shoʻrlanishi, eroziya, agrokimyoviy, ekologik va boshqalar), turli masshtabdagi xaritalar hamda zarur maʼlumotlar toʻplanadi, tizimlashtiriladi va tahlil qilinadi.
Buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida oʻrganilayotgan hududning ishchi xarita-sxemasi tuziladi. Mazkur xarita-sxemada yer uchastkasining chegarasi va umumiy maydoni, qurilish osti va obodonlashtiriladigan maydonlar hamda hududning murakkabligiga bogʻliq holda tuproq kesmasi tushiriladigan dastlabki nuqtalar belgilanadi.
Yer maydonlarini oʻlchamidan qatʼi nazar, tuproqning tadqiqot ishlari oʻtkazilayotgan maydonda har bir gektardan kamida bittadan asosiy kesma qazilib, kimyoviy tahlillarni amalga oshirish uchun tuproqning genetik qatlamlaridan namunalar olinishi shart.
10. Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash uchun dala-tadqiqot ishlari joyiga chiqqan holda oʻtkaziladi va quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
xarita-sxema asosida hudud oʻrganiladi, zarur boʻlgan hollarda ularga tuzatishlar kiritiladi, hudud chegarasida tuproqning asosiy va zaruratga koʻra yordamchi tuproq kesmalari qaziladi. Bunda asosiy kesma tuproq ona jinsgacha yoki yer osti sizot suvlari chiqqunga qadar, yordamchi kesmalar esa 0,40 m dan 0,75 m gacha qaziladi;
tuproq kesmalari asosida tuproq genetik qatlamlarga ajratiladi va morfologik belgilari dala varaqasiga yoziladi;
tuproqning morfologik belgilari mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha rasmiylashtiriladi.
Tuproq kesmalari tushirilgan joylar xarita-sxemada bir xil tartibda raqamlanadi va belgilar bilan koʻrsatiladi:
a) asosiy kesmaga aylana va ichiga musbat belgisi — “”;
b) yordamchi kesmalarga faqat musbat belgisi — “+” qoʻyiladi.
11. Tuproq kesmalarining morfologik belgilari yozilganidan soʻng ajratilgan tuproqning genetik qatlamlaridan tahlil uchun taxminan 200 — 500 grammdan namunalar tozalangan kesma devoridan, quyidan boshlab genetik qatlamning oʻrtasidan va agar qatlam 30 sm dan qalin boʻlsa, bir nechta yerdan olinadi.
Asosiy kesmani qazish davomida yer osti sizot suvlari chiqsa, suvning kimyoviy tahlili uchun 500 millilitrdan kam boʻlmagan miqdorda suv olinadi va yorliq yozib bogʻlanadi.
Olingan tuproq namunalari maxsus xaltachalarga solinadi. Har bir tuproq namunasi uchun yorliq toʻldiriladi, barcha tuproq namunalari birgalikda bitta kesma uchun jamlab qogʻozga oʻraladi va kesma raqami yoziladi.
Tuproq namunalari olingandan soʻng kesma tuproq bilan toʻldiriladi va bunda chirindili tuproq qatlami eng ustiga tashlanadi.
Olingan tuproq namunalari salqin joyda quritiladi va laboratoriya tahlili uchun tayyorlanadi.
Laboratoriya sharoitida tuproqning mexanik tarkibi, shoʻrlanishi, tuproq tarkibidagi gumus va harakatchan fosfor, almashinuvchan kaliy miqdorlari aniqlanadi.
Shuningdek, tuproq tarkibidagi radioaktiv elementlar, ogʻir metallar va pestitsidlar miqdori ham oʻrganiladi.
12. Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash boʻyicha kameral ishlar quyidagilardan iborat:
laboratoriya tahlillarini oʻtkazish;
tuproq xaritasining mualliflik asl nusxasini tuzish;
tuproqning unumdor qatlamini hisoblash;
maʼlumot xati yozish va tuproq xaritasiga kengaytirilgan izohlar tuzish.
13. Tuproqning unumdor qatlami toʻgʻrisidagi xulosa 3 nusxada tayyorlanadi.
Birinchi nusxa institut arxivida saqlash uchun, ikkinchi nusxa murojaat qilgan subyektga ijro uchun, uchinchi nusxa Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasiga davlat nazoratini amalga oshirish maqsadida yuboriladi.
14. Laboratoriya tahlillari tuproqlarni oʻrganish uchun qabul qilingan tuproqshunoslik usullari asosida oʻtkaziladi. Laboratoriya tahlillari natijalari maxsus qaydnomaga yoziladi.
Dala va laboratoriya maʼlumotlari asosida tuproq xaritasida tuproqning nomi va unumdor qatlami aniqlanadi hamda zarurat boʻlganda, tuproq xaritasiga tuzatishlar kiritiladi. Tuproqning tahlil natijalarini yigʻma jadvallari tuziladi. Tuproqning nomi Oʻzbekiston tuproqlari tasnifi boʻyicha beriladi va tuproq xaritasining mualliflik asl nusxasi tuziladi.
Tuproqning unumdor qatlami tuproq tadqiqotlari oʻtkazgan mutaxassis tomonidan hudud chegarasi boʻylab toʻliq maydon hisoblab chiqiladi.
Agar hududda 1 tadan koʻp tuproq kesmasi toʻgʻri kelsa, tuproqning unumdor qatlami qalinligining oʻrtacha qiymati hisoblab chiqariladi. Tuproqning unumdor qatlami haydalma va haydalma ostki qatlamlardan iborat boʻladi.
Tadqiqotlar yakuni boʻyicha hududning 1:500, 1:1000 yoki 1:2000 masshtabdagi tuproq xaritasi va unumdor qatlami, sidirib olinadigan maydon, tuproq kesmasi fotoalbomi hamda maʼlumot xati va xulosa taqdim etiladi.
Maʼlumot xatida hududda oʻtkazilgan tuproqning tadqiqot ishlari boʻyicha qisqacha sharh, tarqalgan tuproqning nomi va unumdor qatlami qalinligi, mexanik tarkibi, shoʻrlanishi, gumus miqdori hamda harakatchan fosfor, almashinuvchan kaliy miqdorlari koʻrsatiladi.
Sidirib olinadigan tuproq qatlamini qishloq xoʻjaligida foydalaniladigani hamda tuproqning xossa va xususiyatlari, unumdorligi, gumus, fosfor va kaliy miqdori nisbatan past boʻlgan, shuningdek, shoʻrlanishi yuqori boʻlgan maydonlarga olib chiqish boʻyicha ilmiy asoslangan xulosa beriladi.
Tuproqning unumdor qatlami toʻgʻrisidagi xulosa mazkur Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha taqdim etiladi.
3-bob. Tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish tartibi
15. Tadqiqot ishlari oʻtkazilmasdan oldin tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish mumkin emas.
Qurilish osti maydonlaridan sidirib olingan tuproqning unumdor qatlami qishloq xoʻjaligi maqsadlariga moʻljallangan yerlar uchun foydalaniladi.
Epidemiologik jihatdan xavfli hamda tarkibida radioaktiv elementlarning ruxsat etilgan darajasidan yuqori boʻlgan yerlarda tuproqning unumdor qatlamini sidirib olib foydalanish man etiladi.
Sidirib olinadigan tuproqning tarkibi ishlab chiqarish chiqindilari, qattiq predmetlar va qurilish chiqindilaridan holi boʻlishi kerak.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari shaharsozlik faoliyati, geologik-qidiruv va foydali qazilmalarni qazib olish, shuningdek, qishloq xoʻjaligiga oid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish, jumladan, koʻp qavatli va yakka tartibdagi uy joylar hamda noturar obyektlarni qurish uchun arxitektura-rejalashtirish topshirigʻini ishlab chiqishda Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar institutining tuproqni unumdor qatlami yuzasidan xulosasini olinishini hamda tuproqni muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish boʻyicha talablarga rioya qilinishini belgilab beradi.
16. Tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan foydalanish Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-apreldagi 169-son qarori bilan tasdiqlangan Buzilgan yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning unumdor qatlamini sidirib olish, saqlash va undan oqilona foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
17. Tuproqning unumdor qatlamini belgilashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
18. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash, sidirib olinadigan maydon yuzasidan xulosa berish va uni nazorat qilish
SXEMASI
Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Tuproq kesmasining morfologik tuzilishi
Tuproqning unumdor qatlamini aniqlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
