Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2025-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisida (1251-V-son)
09.09.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2025-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) taʼkidlaydiki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining (bundan buyon matnda Davlat budjeti deb yuritiladi) ijrosi “2025-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan budjet parametrlari doirasida amalga oshirilgan.
Dunyoda kuzatilayotgan siyosiy va iqtisodiy beqarorliklarga qaramay mamlakatimizda barqaror iqtisodiy oʻsish jarayonlari davom etmoqda. Hisobot davrida yalpi ichki mahsulot hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foizga, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foizga, bozor xizmatlari 13,3 foizga, qurilish ishlari 10,7 foizga va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish 4,0 foizga oshgan. Shuningdek, budjet barqarorligini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar davom ettirilib, Davlat budjeti daromadlari 103,4 foizga bajarilgan hamda xarajatlar boʻyicha reja koʻrsatkichlari 96,8 foizni tashkil etgan.
2025-yilning birinchi yarim yilligida Davlat budjeti daromadlari 144,2 trln. soʻmni tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga oshgan.
Davlat budjetining xarajatlari esa hisobot davrida 173,3 trln. soʻmni tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 16,0 foizga oʻsgan. Mamlakatimizda ijtimoiy davlat prinsipiga amal qilingan holda Davlat budjeti xarajatlarining 49,8 foizini ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash xarajatlari tashkil qilgan. Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida ijtimoiy xarajatlar uchun Davlat budjetidan 86,2 trln. soʻm yoki 2024-yilning mos davriga nisbatan 12,1 trln. soʻm koʻp mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Shu bilan birga Davlat budjetining ijrosini taʼminlash borasida ham ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan. Jumladan, Davlat budjetidan yetarlicha mablagʻlar ajratilgan boʻlsa-da, ayrim vazirliklar va idoralar tomonidan mablagʻlar oʻz vaqtida hamda toʻliq oʻzlashtirilmasdan qolmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan qon komponentlari zaxirasini yaratish maqsadida qon bilan ishlash xizmati muassasalarini zarur miqdordagi gemokonteynerlar bilan taʼminlash va har yili 2 500 ta okklyuder xarid qilishga ajratilgan mablagʻlar yoʻnaltirilmagan, onkologiya yordamini takomillashtirish va onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish uchun xarajatlar deyarli amalga oshirilmagan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan sanitar tozalash ishlarini tashkil etish va aholi punktlarida tozalikni taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar uchun ajratilgan mablagʻlar yoʻnaltirilmagan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga ularning amaliyotni oʻtashi davrida bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdoridagi har oylik subsidiyalar berilmagan, shuningdek oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qaytarish shartisiz qoplash uchun rejalashtirilgan xarajatlar ham sarflanmasdan qolgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida darsliklarni va maktablarda maʼnan eskirgan kompyuter sinflarini yangilash xarajatlari hamda davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini didaktik materiallar bilan taʼminlash xarajatlari uchun ajratilgan mablagʻlar toʻliq ishlatilmagan.
Hisobot davri davomida ichki audit xizmatlari tomonidan oʻtkazilgan audit tadbirlari natijasida jami 551,0 mlrd. soʻmlik maqsadsiz va samarasiz xarajatlarning oldi olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2025-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining 2025-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot tasdiqlansin.
Joriy yilning birinchi yarim yilligida Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari 175,6 trln. soʻmni, xarajatlari esa 203,0 trln. soʻmni tashkil etib, 27,4 trln. soʻm yalpi ichki mahsulot (yillik prognoz)ga nisbatan 1,6 foiz taqchillik bilan bajarilganligi qayd etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan har yili ajratilgan subsidiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:
Davlat budjeti daromadlarining prognoz koʻrsatkichlarini taʼminlashga hamda aholini ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan tizimli choralarni izchil davom ettirish;
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga doir davlat dasturi ijrosini taʼminlashda Davlat budjeti xarajatlarini “yashil” budjetlashtirish tamoyillari asosida tasniflangan atrof-muhit maqsadlarining kamida bittasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadigan va salbiy taʼsirga ega boʻlmagan xarajatlar ulushini muntazam oshirib borish;
Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi boʻyicha keyingi hisobotlar bilan birgalikda:
vazirliklar va idoralarning rivojlantirish dasturlarining maqsadli indikatorlarini reja koʻrsatkichlari bilan birgalikda, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining ijro etilishi holati boʻyicha hududlar va loyihalar kesimidagi tahliliy maʼlumotlarni;
davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining ijrosi boʻyicha har bir xarajatlar kesimida batafsil tahliliy maʼlumotlarni Qonunchilik palatasiga kiritib borish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Davlat budjetidan xarajatlarning oʻz vaqtida moliyalashtirilishini, budjet intizomining buzilishi, kamomadga va maqsadsiz xarajatlarga yoʻl qoʻyilishi hollarining oldini olish, shuningdek vazirliklar va idoralarning rivojlantirish dasturlari hamda ularning maqsadli indikatorlari ijrosi boʻyicha doimiy monitoringini kuchaytirish;
Davlat budjetidan har yili ajratilgan subsidiyalardan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan doimiy monitoring oʻrnatsin hamda monitoring natijalari boʻyicha maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining choraklik hisobotlari bilan birga kiritish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi soliqlarning yigʻiluvchanlik darajasini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, tadbirkorlarning qonuniy faoliyat yuritishiga koʻmaklashish, boqimanda qarzdorliklarni kamaytirish hamda ortiqcha toʻlovlarga yoʻl qoʻymaslik choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalariga Davlat budjetidan ajratilayotgan mablagʻlar hisobidan amalga oshirilayotgan davlat dasturlarining, tarmoqlarga oid va hududiy dasturlar hamda loyihalarning natijadorligini oʻz faoliyati yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda oʻrganish va bu boradagi parlament nazoratini kuchaytirish choralarini koʻrish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga tegishli vazirliklar va idoralarning rivojlantirish dasturlari hamda ularning maqsadli indikatorlari ijrosini oʻz faoliyati yoʻnalishlaridan kelib chiqqan holda tahlil qilib, tegishli vazirliklar va idoralar rahbarlarining axborotini qoʻmita majlislarida eshitib borish tavsiya etilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlariga Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturining oʻz vaqtida moliyalashtirilishi hamda budjet mablagʻlaridan foydalanishning maqsadliligi va natijadorligi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining majlislarida koʻrib chiqilishi jarayonida ishtirok etish tavsiya etilsin.
8. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2025-yil 9-sentabr,
1251-V-son
