Transport-logistika markazlari faoliyatini va tranzit transport yoʻlaklarini rivojlantirish toʻgʻrisida (633-son)
08.10.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Transport toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil 27-yanvardagi PQ-28-son qaroriga muvofiq, shuningdek, respublikaning transport-logistika markazlari tarmogʻini rivojlantirish, ularni zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlashga doir namunaviy talablarni belgilash, transport-logistika xizmatlari sifatini yanada oshirish hamda respublikaning tranzit salohiyatidan toʻlaqonli va samarali foydalanish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Transport-logistika markazlarini zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlashga doir namunaviy talablar 1-ilovaga muvofiq;
Transport-logistika markazlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab avtomobil transportida tranzit harakatlanish uchun moʻljallangan yoʻlaklarning roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab temir yoʻl transportida tranzit harakatlanish uchun moʻljallangan yoʻlaklarning roʻyxati 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Transport vazirligi:
2025-yil 1-dekabrga qadar 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan talablardan kelib chiqib, respublikadagi mavjud transport-logistika markazlari xatlovdan oʻtkazilishi va ularning reyestri yuritilishini taʼminlasin;
zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlashga doir namunaviy talablarga javob beradigan xalqaro transport-logistika markazlarini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Osiyo va Tinch okean iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining “Quruqlik portlari” toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimi (Bangkok, 2013-yil 1-may) roʻyxatiga qoʻshish choralarini koʻrsin;
uch oy muddatda Soliq qoʻmitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda 2-ilovada koʻrsatilgan maʼlumotlarni “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali Transport vazirligining “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga integratsiya qilsin.
3. Transport vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi va Ichki ishlar vazirligi uch oy muddatda transport vositalarini onlayn kuzatib borish tizimini joriy etish hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab tranzit harakatlanish uchun moʻljallangan yoʻnalishlarga qatʼiy rioya etilishini belgilash boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari xususiy investitsiyalarni jalb etgan holda transport-logistika markazlari 1-ilovaga muvofiq namunaviy talablar asosida tashkil etilishini taʼminlasin.
5. Tashqi ishlar vazirligi Transport vazirligi bilan birgalikda diplomatik kanallar orqali xorijiy davlatlar elchixonalari, konsulliklari hamda vakolatxonalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab avtomobil va temir yoʻl transportida tranzit harakatlanish uchun moʻljallangan yoʻlaklar roʻyxatlari toʻgʻrisida xabardor qilsin.
6. Transport vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda ushbu qarorning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy veb-saytlarda keng yoritilishini tashkil etsin.
7. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach kuchga kiradi.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 5-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-oktabr,
633-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-oktabrdagi 633-son qaroriga 1-ILOVA
Transport-logistika markazlarini zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlashga doir
NAMUNAVIY TALABLAR
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Namunaviy talablar Oʻzbekiston Respublikasida transport-logistika markazlari faoliyatiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
2. Ushbu Namunaviy talablarda quyidagi asosiy tushuncha va atamalardan foydalaniladi:
pandus — gʻildirakli transport vositalari va ulardagi yuklarni ortish va tushirishda harakatlanishni osonlashtirish uchun har xil balandlikdagi ikkita gorizontal sirtni bogʻlaydigan qiyalikli platforma;
richstaker — konteynerlar bilan ishlash, konteynerlarni ortish va tushirish uchun moʻljallangan maxsus gʻildirakli texnika vositasi;
ombor — har xil turdagi yuk va tovarlarni saqlash uchun moʻljallangan bino yoki ochiq maydonga ega hudud;
ombor toifasi — ombor binosining texnik va ekspluatatsion tavsifi;
umumiy foydalanishdagi ombor — tijorat faoliyati sifatida tovarlar saqlanadigan va tegishli xizmatlar koʻrsatiladigan joy;
transport-logistika markazi — transport infratuzilmasi obyekti, yaʼni tashish bilan turdosh boʻlgan tayyorgarlik va taqsimlash xizmatlarini, shu jumladan, yuklarni toʻplash, saqlash, ularga ishlov berish va tarqatish xizmatlarini hamda yuk va transport vositalari bilan boshqa operatsiyalarni bajarish uchun moʻljallangan inshootlar joylashgan maxsus ajratilgan maydon;
transport-logistika xizmatlari operatori (keyingi oʻrinlarda — operator) — logistika sohasida xizmatlarni koʻrsatuvchi va tashkillashtiruvchi, xizmat buyurtmasi egasining manfaatlarini himoya qiluvchi kompaniya;
transport turi — temir yoʻl, avtomobil, havo va suv transporti;
yuk oqimi — muayyan yoʻnalishda maʼlum vaqt davomida tashilgan yuk miqdori (tonnada);
terminal hududi — yuk tushirish va ortish operatsiyalarini amalga oshirish uchun moʻljallangan hudud;
ombor hududi — omborlar, yuklarni saqlash va ularga ishlov berish uchun moʻljallangan obyektlar va qurilmalar joylashgan hudud;
maʼmuriy hudud — maʼmuriy binolar kompleksi joylashgan hudud;
quruqlik porti — transportning bir yoki undan ortiq turlarini bogʻlaydigan, xalqaro savdo jarayonida tashiladigan yuklarga ishlov berish, ularni vaqtinchalik saqlash va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻzdan kechirish hamda qoʻllaniladigan bojxona operatsiyalarini amalga oshirish uchun moʻljallangan xalqaro-transport logistika markazi.
2-bob. Transport-logistika markaziga qoʻyiladigan umumiy talablar
3. Oʻzbekiston Respublikasi “Transport toʻgʻrisida”gi Qonunining 30-moddasiga muvofiq faoliyat turiga koʻra transport-logistika markazlari xalqaro va hududiy transport-logistika markazlari shaklida tashkil etilishiga ruxsat etiladi.
4. Transport-logistika markazlarining joylashuvini tanlashga qoʻyiladigan talablar quyidagilardan iborat:
temir yoʻl, avtomobil transport uzellari, xalqaro yoki davlat ahamiyatiga molik avtomobil yoʻllaridan transport vositalari harakati uchun yetarli kenglikka ega boʻlgan yoʻl boʻylab transport-logistika markazigacha boʻlgan masofa 3 kilometrdan oshmasligi kerak;
transport-logistika markazi sifatida tashkil etiladigan hudud aholi punktlari, qoʻriqlanadigan hududlar yoki qishloq xoʻjaligi yerlari sifatida koʻrsatilgan hududlardan tashqarida boʻlishi kerak;
transport-logistika markazlari uchun yer ajratish Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksida belgilangan tartibda hamda ushbu Namunaviy talablarda belgilangan koʻrsatkichlarga koʻra amalga oshiriladi va ajratilgan yerda boshqa faoliyat turi amalga oshirilmasligi lozim;
transport-logistika markazlari joylashuv joyiga koʻra mintaqadagi mamlakatlar yoki viloyatlar uchun tarqatish va yigʻish markazi sifatida ham xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlishi lozim;
transport-logistika markazlari joylashgan hududda bir yoki undan otriq transport turidan foydalanish imkoniyati mavjud boʻlishi lozim.
5. Transport-logistika markazlari faoliyatini amalga oshirish shartlari quyidagilardan iborat:
transport-logistika markazlari oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya qilgan holda amalga oshiradi hamda faoliyati davomida ekologik toza va energiya tejamkor vositalardan foydalanish choralarini koʻrishi lozim;
xalqaro transport-logistika markazida bojxona hududlarining ichki qismi, kirish va chiqish joylari hamda chegaralari bojxona maʼmuriyati nazorati ostida boʻlishi lozim;
transport-logistika markazlari hududida joylashgan bino va inshootlarni, maxsus texnika hamda uskunalarni texnik jihatdan soz holatda saqlashi, yongʻin xavfsizligini taʼminlashi, mazkur hududda ishlovchilar uchun sanitariya-gigiyena normalari va qoidalariga rioya etilishi hamda mehnat muhofazasini taʼminlashi lozim.
6. Transport-logistika markazlarining hududiy imkoniyatlari quyidagi koʻrsatkichlarga mos kelishi kerak.
a) xalqaro transport-logistika markazlari quyidagi koʻrsatkichlarga mos kelishi kerak:
kamida 40 000 m2 (4 ga) maydonga ega boʻlish;
xorijiy mamlakatlarga yukni toʻgʻridan-toʻgʻri joʻnatish va ulardan qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlish;
kamida bitta xalqaro va bitta davlat ahamiyatiga molik avtomobil yoʻllariga yaqin joylashgan boʻlish;
b) hududiy transport-logistika markazlari quyidagi koʻrsatkichlarga mos kelishi kerak:
kamida 30 000 m2 (3 ga) maydonga ega boʻlish;
toʻgʻridan-toʻgʻri shahar markazi hamda u joylashgan viloyat tumanlariga yuk joʻnatish va qabul qilish imkoniyatiga ega boʻlish.
7. Transport-logistika markazlarining maydonlari loyihaning texnik-iqtisodiy asos va texnik topshirigʻiga muvofiq joriy hamda prognoz qilinayotgan (kamida 15 yillik) yuk oqimini, shuningdek, koʻrsatiladigan xizmat turlarini hisobga olgan holda aniqlanadi.
Transport-logistika markazlarining maydoni quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
ombor hududi;
transport vositalari uchun toʻxtab turish joyi;
terminal hududi va konteynerlarni saqlash joyi;
maʼmuriy hudud;
kirish va chiqish nazorat-oʻtkazish punkti;
yashil hudud.
3-bob. Hududiy transport-logistika markazlarini jihozlashga doir talablar
8. Transport-logistika markazlarining maydoni toʻliq tarzda tashqi hududdan yaxlit toʻsiq bilan ajratilgan boʻlishi zarur.
9. Transport-logistika markazlarida transport vositalari uchun oʻtish yoʻllari manyovrlarni toʻsiqsiz amalga oshirish va yuk ortish-tushirish punktlari joyiga borishni, kirish yoʻllari transport vositalarining erkin harakatlanishini, ichki yoʻllar oson manyovr qilish, yuk tushirish va ortish joylariga kirish imkonini taʼminlashi kerak.
Transport-logistika markazlari hududiga kiruvchi va chiquvchi avtotransport vositalari soniga bogʻliq holda yuk avtomobillari toʻxtab turish joyi va favqulodda vaziyatlarda transport vositalarining hududdan chiqishini taʼminlash uchun qoʻshimcha chiqish yoʻli mavjud boʻlishi lozim.
10. Avtomobil transportida tashiladigan yuklarga xizmat koʻrsatuvchi transport-logistika markazlarida yuk avtotransport vositalari harakati uchun nazorat yoʻlaklarining kengligi kamida 3,5 metr boʻlishi lozim.
11. Transport-logistika markazlarida katta oʻlchamli, ogʻir vaznli va maxsus yuklarga xizmat koʻrsatish nazarda tutilgan boʻlsa, yuklarning oʻtishini taʼminlash maqsadida har bir yoʻnalish uchun kengligi kamida 4,5 metr boʻlgan harakatlanish yoʻlagi koʻzda tutilishi kerak.
12. Transport-logistika markazlarida xizmat koʻrsatish obyektlarini (ovqatlanish punktlari, dam olish va tibbiy xizmat koʻrsatish joylari, mehmonxonalar, bank terminallari, valyuta ayriboshlash shoxobchalari, pochta hamda kuryerlik joʻnatmalari punktlari va boshqa obyektlar) joylashtirishga ruxsat etiladi.
4-bob. Hududiy transport-logistika markazlarini texnik jihatdan taʼminlashga doir talablar
13. Hududiy transport-logistika markazlarining infratuzilmasida va texnik taʼminotida quyidagilar nazarda tutilishi lozim:
bir yoki bir nechta turdagi yerusti transport vositalari uchun kirish yoʻllari;
transport vositalarining hududga kirishini (chiqishini) avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilish tizimi;
tovarlar va transport vositalarini avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olish tizimi;
saqlanadigan tovarlar va transport vositalarining xususiyatlariga mos keladigan belgilangan tartibda davlat metrologiya nazoratidan oʻtgan vazn oʻlchash uskunalari;
yongʻin xavfsizligi va qoʻriqlash ogohlantiruvchi tizimi;
yuk ortish-tushirish ishlarini va yuklarga ishlov berish operatsiyalarini amalga oshiruvchi tizim va uskunalar;
ichki aloqa vositalari;
drenaj tizimi;
tashqi va ichki sunʼiy yoritish tizimi;
elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash uchun zaxira elektr taʼminoti tizimi.
5-bob. Xalqaro transport-logistika markazlarini jihozlashga doir talablar
14. Xalqaro transport-logistika markazlarida quyidagilar koʻzda tutilishi lozim:
tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida maʼmuriy binolarning birida “yagona darcha” tamoyili boʻyicha temir yoʻl, bojxona, bank, logistika, sugʻurta, tezkor-laboratoriya, fitosanitariya, veterinariya, sanitariya-epidemiologik, ekologik, sertifikatlashtirish xizmatlarini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa xizmatlarni koʻrsatuvchi vakolatli organ hamda idoralarni joylashtirish uchun maxsus joylar va xizmat xonalari;
tovarlarni koʻzdan kechirish, shu jumladan, bojxona koʻrigidan oʻtkazish joylari, tun-u kun rejimida ishlaydigan, oxirgi toʻqson kalendar kuni ichida sodir boʻlgan hodisalar haqidagi videomaʼlumotlarni saqlash imkonini beradigan videokuzatuv vositalari bilan jihozlangan transport vositalarini koʻrikdan oʻtkazish punktlari;
bojxona nazoratini amalga oshirish joylariga begona shaxslarning kirishini istisno etish maqsadida bojxona nazorati hududlari toʻsiqlari, koʻrikdan oʻtkazish, kirish va chiqish, transport vositalariga (vositalaridan) yuk ortish (tushirish) joylarida maksimal intensiv yoritish hamda videokuzatuv tizimi;
temir yoʻl transportida xizmat koʻrsatuvchi transport-logistika markazlari uchun vagonlarni (konteynerlarni) shakllantirish, qabul qilish, joʻnatish uchun ajratilgan temir yoʻllar va yuklarni ortish-tushirish ishlarini taʼminlovchi maxsus texnika va uskunalar.
15. Daryo yoʻllariga ega boʻlgan xalqaro transport-logistika markazlarida manyovrlar toʻsiqsiz amalga oshirilishini, yuk ortish-tushirish punktlariga kirishni va yuk tashishlarni amalga oshirish imkonini beruvchi kema hamda uskunalar mavjud boʻlishi lozim hamda ular faoliyati davomida Oʻzbekiston Respublikasining tijorat maqsadida kemalardan foydalanish va ichki daryo transporti sohasidagi qonunchiligiga rioya qilishi shart.
16. Xalqaro transport-logistika markazlari mazkur Namunaviy talablarning 3 va 4-boblarida koʻrsatilgan talablarga ham rioya qilishi zarur.
17. Xalqaro transport-logistika markazlari quyidagilar bilan taʼminlanishi lozim:
bojxona organlari va tegishli davlat idoralari oʻrtasida oʻzaro uzluksiz barqaror aloqani taʼminlaydigan aloqa tizimi (shu jumladan, telekommunikatsiya infratuzilmasi);
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi axborot tizimiga integratsiya qilingan, avtotransport vositalari davlat raqami belgilarini aniqlash va elektron hisobga olish tizimi.
6-bob. Transport-logistika markazlari omborlariga qoʻyilgan talablar
18. Transport-logistika markazlari hududida quyidagi turdagi omborlar boʻlishiga ruxsat etiladi:
faoliyat koʻrsatish shakliga koʻra — bojxona, erkin, umumiy foydalanishdagi;
saqlanadigan yuk turiga koʻra — oddiy va sovitkichli;
qurilish konstruksiyasiga koʻra — ochiq, yarimochiq va yopiq omborlar.
19. Omborlar toifasi va ularga qoʻyiladigan talablar quyidagilardan iborat:
a) “A+” toifadagi omborda:
yengil metall konstruksiyalaridan qurilgan bir qavatli zamonaviy ombor binosi, toʻrtburchak shaklida ustunlarsiz yoki har 12 metrda oʻrnatilgan ustunlar bilan, konstruksiya ustunlari orasida kamida 24 metrlik masofa;
changga qarshi qoplamali silliq beton pol, yuklanish yerdan 1,20 m balandlikda kamida 5 t/m2;
shift balandligi kamida 13 metr, koʻp qavatli (6-7 qavat) stellaj uskunasini oʻrnatish imkoniyati;
yongʻin avtomatikasi tizimlari;
shamollatish tizimi;
qoʻriqlash va videokuzatuv tizimi;
avtonom elektr podstansiyasi va issiqlik uzeli;
balandligi nazorat qilinadigan avtomatlashgan darvozalarni oʻz ichiga olgan yuk ortish-tushirish maydonlarining yetarli miqdori (500 m2 ga kamida 1 ta);
yuk va yengil avtotransport vositalari toʻxtab turishi uchun maydonlar;
yuk avtotransport vositalari manyovrlarini amalga oshirishi uchun maydonlar;
nazorat qilinadigan harorat rejimi;
yordamchi xonalar (hojatxonalar, dush, xodimlar uchun kiyim almashtirish xonalari);
xodimlarni hisobga olish va ularning kirib-chiqishini nazorat qilish tizimi;
optik tolali telekommunikatsiyalar;
toʻsiqlar bilan oʻralgan va tun-u kun qoʻriqlanadigan, yoritilgan obodonlashtirilgan hudud;
professional boshqaruv tizimi;
tajribali logist yoki xizmat koʻrsatuvchi operator (3PL operator);
temir yoʻl kirish yoʻlagi boʻlishi lozim;
b) “A” toifadagi omborda:
yengil metall konstruksiyalardan qurilgan bir qavatli zamonaviy ombor binosi, toʻrtburchak shaklida ustunlarsiz yoki kamida har 9 metrda oʻrnatilgan ustunlar bilan, konstruksiya ustunlari orasida kamida 24 metrlik masofa;
changga qarshi qoplamali silliq beton pol, yuklanish yerdan 1,20 m balandlikda kamida 5 t/m2;
shift balandligi kamida 10 metr, koʻp qavatli stellaj uskunasini oʻrnatish imkoniyati;
yordamchi xonalar (hojatxonalar, dush, xodimlar uchun kiyim almashtirish xonalari);
yongʻin avtomatikasi tizimlari;
shamollatish tizimi;
balandligi nazorat qilinadigan avtomatlashgan darvozalarni oʻz ichiga olgan yuk ortish-tushirish maydonlarining yetarli miqdori (700 m2 ga kamida 1 ta);
yuk va yengil avtotransport vositalari toʻxtab turishi uchun maydonlar;
yuk avtotransport vositalari manyovrlarini amalga oshirishi uchun maydonlar;
qoʻriqlash va videokuzatuv tizimi;
nazorat qilinadigan harorat rejimi;
optik tolali telekommunikatsiyalar;
toʻsiqlar bilan oʻralgan va tun-u kun qoʻriqlanadigan, yoritilgan obodonlashtirilgan hudud;
professional boshqaruv tizimi;
tajribali logist yoki xizmat koʻrsatuvchi operator (3PL operator);
xodimlarni hisobga olish va ularning kirib-chiqishini nazorat qilish tizimi;
avtonom elektr podstansiyasi va issiqlik uzeli;
temir yoʻl kirish yoʻlagi boʻlishi lozim;
v) “B+” toifadagi omborda:
yangi qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan bir qavatli ombor binosi, toʻrtburchak shaklida;
changga qarshi qoplamali silliq beton pol, yuklanish yerdan 1,20 m balandlikda kamida 5 t/m2;
shift balandligi kamida 8 metr;
yordamchi xonalar (hojatxonalar, dush, xodimlar uchun kiyim almashtirish xonalari);
yongʻin avtomatikasi tizimlari;
shamollatish tizimi;
yukni transport vositalariga ortish yoki undan tushirish uchun pandus;
yuk va yengil avtotransport vositalari toʻxtab turishi va manyovr amalga oshirishi uchun maydonlar;
nazorat qilinadigan harorat rejimi;
balandligi nazorat qilinadigan avtomatlashgan darvozalarni oʻz ichiga olgan yuk ortish-tushirish maydonlarining yetarli miqdori (1000 m2 ga kamida 1 ta);
optik tolali telekommunikatsiyalar;
toʻsiqlar bilan oʻralgan va tun-u kun qoʻriqlanadigan, yoritilgan obodonlashtirilgan hudud;
professional boshqaruv tizimi;
tajribali xizmat koʻrsatuvchi operator (2PL operator);
xodimlarni hisobga olish va ularning kirib-chiqishini nazorat qilish tizimi;
avtonom elektr podstansiyasi va issiqlik uzeli boʻlishi lozim;
g) “B” toifadagi omborda:
yangi qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan bir yoki ikki qavatli toʻrtburchak shaklida ombor binosi;
ikki qavatli bino boʻlganda — kamida 3 tonna (2000 m2 ga kamida 1 dona) yuk koʻtarish quvvatiga ega yetarli miqdorda yuk liftlari/koʻtaruvchi uskunalar;
shift balandligi kamida 6 metr;
asfalt yoki beton, changga qarshi qoplamasiz pol;
yordamchi xonalar;
shamollatish tizimi;
yongʻindan ogohlantiruvchi va oʻt oʻchirish tizimi;
hudud perimetri boʻylab qoʻriqlash xizmati;
telekommunikatsiyalar;
qoʻriqlash signalizatsiyasi va videokuzatuv tizimi;
isitish tizimi;
yukni transport vositalariga ortish yoki undan tushirish uchun pandus;
xodimlarni hisobga olish va ularning kirib-chiqishini nazorat qilish tizimi;
avtonom elektr podstansiyasi va issiqlik uzeli boʻlishi lozim;
d) “S” toifadagi omborda:
ishlab chiqarish binosi yoki isitiladigan angar;
shift balandligi kamida 4 metr;
pol — asfalt yoki beton plitka, beton va changga qarshi qoplamasiz;
koʻp qavatli bino boʻlganda — yuk liftlari;
pol bilan bir sathda joylashgan darvozalar;
yordamchi xonalar;
shamollatish tizimi;
yongʻindan ogohlantiruvchi va oʻt oʻchirish tizimi;
yuk va yengil avtotransport vositalari toʻxtab turishi va manyovr amalga oshirishi uchun maydonlar;
yukni transport vositalariga ortish yoki undan tushirish uchun pandus;
hudud perimetri boʻylab qoʻriqlash xizmati;
telekommunikatsiyalar;
isitish tizimi boʻlishi lozim;
e) “D” toifadagi omborda:
yertoʻla xonalari yoki isitilmaydigan ishlab chiqarish xonalari yoki angarlar;
shamollatish tizimi;
yongʻindan ogohlantiruvchi va oʻt oʻchirish tizimi;
yuk avtotransport vositalari va yengil turdagi avtomobillar toʻxtab turishi uchun maydonlar;
telekommunikatsiyalar;
hudud perimetri boʻylab qoʻriqlash xizmati boʻlishi lozim.
20. Hududiy transport-logistika markazlari hududida “D”, “C”, “B”, “B+”, “A” va “A+” toifadagi omborlardan biri yoki bir nechtasi boʻlishi mumkin.
21. Xalqaro transport-logistika markazlari hududida faoliyatiga bogʻliq ravishda “B”, “B+”, “A” va “A+” toifadagi omborlardan biri yoki bir nechtasi boʻlishi lozim.
22. Xalqaro transport-logistika markazlari hududida Oʻzbekiston Respublikasi bojxona qonunchiligi talablariga muvofiq bojxona omborlari va umumiy foydalanishdagi omborlar mavjud boʻlishini lozim.
Transport-logistika markazlari hududida omborlarni tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi qurilish normalari va standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
7-bob. Terminal hududi va konteynerlarni saqlash joyiga qoʻyilgan talablar
23. Transport-logistika markazlarining terminal hududi va konteynerlarni saqlash joylariga doir namunaviy talablar quyidagilardan iborat:
transport-logistika markazlarining konteynerlarni saqlash joylariga monolit temir-beton, temir-beton yoki asfalt-beton yotqizilgan va ular yoritish uskunalari bilan jihozlangan boʻlishi;
katta hajmdagi konteynerlarni saqlashda konteynerlar orasidagi masofa 0,2 metr, yuk qabul qiluvchi va topshiruvchilar yurishi uchun yoʻlak esa 0,8 metr boʻlishi;
yuklarni ortish va tushirishda yuk avtotransport vositalari va maxsus texnikalar (chorpoya kran, richstaker) harakatlanishi va manyovrni amalga oshirishi uchun maydonlar boʻlishi (bunda maydon kengligi yuk ortish va tushirish vositasi turiga qarab belgilanadi);
yuk ortish-tushirish ishlarida richstakerlarning xavfsiz ishlashi uchun temir yoʻl yoʻlaklari cheti beton toʻsiqlar (bordyur) bilan oʻralgan boʻlishi;
terminal hududi va konteynerlarni saqlash joyiga tashrif buyuruvchilar uchun xavfsiz harakatlanish sharoiti yaratilgan boʻlishi;
ochiq turdagi bojxona ombori mavjud boʻlgan taqdirda, bojxona nazorati ostida yuklarni ortish va tushirish uchun bittadan kam boʻlmagan usti yopiq koʻrik maydonchasi boʻlishi;
yongʻin va xavfsizlik ogohlantiruvchi qurilmalari (gidrantlar, videokuzatuv kameralari) boʻlishi lozim.
8-bob. Quruqlik portiga qoʻyilgan talablar
24. Quruqlik portlari respublika hududining yirik shaharlari, xalqaro ahamiyatdagi avtomobil yoʻllari yoki temir yoʻllar, shu jumladan, zarur boʻlganda, xalqaro temir yoʻllardan lozim darajada foydalana olish imkoniyatiga ega boʻlgan mavjud va/yoki istiqboldagi ishlab chiqarish va isteʼmol markazlari yaqinida joylashadi.
25. Quruqlik porti nomi uning joylashgan joyi yoki eng yaqin aholi punkti/shahar nomi bilan birga koʻrsatiladi.
26. Quruqlik portlarining asosiy funksiyalari tashiladigan yuklarni saqlash, qayta ishlash va xalqaro savdo jarayonidagi yuklarni qonunchilik hujjatlariga muvofiq koʻrikdan oʻtkazish hamda qoʻllaniladigan bojxona nazorati funksiyalarini bajarishdan iborat boʻlib, quyidagi qoʻshimcha vazifalarni oʻz ichiga oladi:
qabul qilish va joʻnatish;
butlash, taqsimlash, tarqatish, saralash;
omborda saqlash;
yukni bir transport turidan boshqasiga ortish.
27. Quruqlik portlarining oʻtkazish qobiliyati va tuzilishi konteynerlar, yuklar hamda transport vositalarining quruqlik portlari ichida va ular orqali xavfsiz hamda toʻsiqlarsiz harakatlanishni taʼminlash uchun yetarli boʻlishi va zaruratga qarab, xizmat koʻrsatiladigan transport turlari hamda konteyner va yuklarning kelgusidagi hajmini hisobga olgan holda ularda oʻtkazish qobiliyatini oshirish imkoniyati koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
28. Quruqlik portlari mavjud va kelgusidagi tashuvlar hajmiga mutanosib ravishda quyidagi infratuzilma, uskunalar va ishchi kuchiga ega boʻlishi zarur:
kirish va chiqish uchun moʻljallangan darvozalarga ega qoʻriqlash hududi;
yopiq va ochiq turdagi, import va eksport yuklari uchun moʻljallangan, yukni bir transport vositasidan boshqasiga yuklash imkonini beruvchi hamda tez buziladigan tovarlar, qimmatbaho yuklar va xavfli yuklar, shu jumladan, zararli moddalar uchun ajratilgan omborlar hamda hududlar;
omborda saqlash uchun moʻljallangan ombor jihozlari, qurilmalari va anjomlari, shu jumladan, bojxona ishiga tegishli omborda saqlash vositalari;
bojxona nazorati hamda tekshiruvini oʻtkazish uchun ombor anjomlari, uskuna va inshootlari;
yuk va konteynerlarga ishlov berishga moʻljallangan uskunalar;
yuklar bilan ishlash va ombor hududlarida foydalanishga moʻljallangan ichki yordamchi yoʻllar hamda yoʻl qoplamasi;
yuk avtotransport vositalari uchun yetarli miqdorda toʻxtab turish joylariga ega boʻlgan transport vositalarini joylashtirish uchun maydonlar;
bojxona xizmatlari, yuk ekspeditorlari, yuk joʻnatuvchilar, bojxona brokerlari, banklar hamda boshqa tegishli idora va tashkilotlar uchun maʼmuriy binolar;
elektron maʼlumot almashish tizimlari, skanerlar va transport vositalari vaznini oʻlchash uskunalarini oʻz ichiga olgan axborot va kommunikatsiya tizimlari;
zarur xollarda konteynerlar, transport vositalari va uskunalarni taʼmirlash uchun ustaxonalar.
9-bob. Yakuniy qoida
29. Ushbu Namunaviy talablarni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-oktabrdagi 633-son qaroriga 2-ILOVA
Transport-logistika markazlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yurituvchi transport-logistika markazlarining reytingini hisoblash va yuritish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom talablari Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxs sifatida faoliyat yurituvchi transport-logistika markazlariga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Transport-logistika markazlari reytingini yuritish uchun ularning reyestri (keyingi oʻrinlarda — Reyestr) elektron maʼlumotlar bazasi koʻrinishida 1-ilovaga muvofiq shakllantiriladi va jamoatchilik uchun ochiq hisoblanadi.
4. Quyidagilar transport-logistika markazlari reytingini yuritishning asosiy maqsadlari hisoblanadi:
har qanday turdagi transportda kirib kelayotgan hamda olib chiqilayotgan yuklarni konteynerlar saqlash joyiga va omborga joylashtirish, yuklarni ortish-tushirish, saqlash, ularga ishlov berish, qayta ishlash, qadoqlash hamda taqsimlash bilan bogʻliq maʼlumotlarni shakllantirish va ularni manfaatdor tomonlar uchun doimiy eʼlon qilib borish;
ishonchli, xavfsiz va sifatli xizmat koʻrsatayotgan xalqaro hamda hududiy transport-logistika markazlarining sohada yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish va koʻrsatilayotgan xizmatlar shaffofligini oshirish;
reytingda yuqori ballga erishgan transport-logistika markazlari tajribalarini oʻrganish va ular asosida reytingda quyi pagʻonani egallagan transport-logistika markazlarini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
transport-logistika markazlarining rivojlanish darajalarini reyting ballari asosida baholab borish, mavjud muammolarni oʻrganish va ularni yanada rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
transport-logistika markazlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish va xizmatlar sifatini oshirish.
5. Transport-logistika markazlari faoliyatini baholash koʻrsatkichlari boʻyicha umumiy ball baholash vaqtida amalda boʻlgan Soliq qoʻmitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida transport-logistika markazlariga berilgan ballarning ikkidan bir qismi va ushbu Nizomda berilgan koʻrsatkichlar boʻyicha ular toʻplagan ballarning yigʻindisi asosida shakllantiriladi.
6. Transport-logistika markazlari reyting shkalasi ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq belgilanadi.
7. Transport-logistika markazlarining reyting maʼlumotlari Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining (keyingi oʻrinlarda — vazirlik) “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimida idoralararo axborot almashinuvi vositasida avtomatik tarzda (onlayn) shakllantiriladi.
Reyting ballari vazirlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilib boriladi.
Reytingga oid transport-logistika markazlari faoliyatini baholash koʻrsatkichlari va ularga berilgan ballar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “E-logistika” axborot tizimida transport-logistika markazi taʼsischisining shaxsiy kabinetida aks ettiriladi.
Transport-logistika markazlarining reyting koʻrsatkichlari oʻzgarganda, ularning shaxsiy kabinetidagi maʼlumotlar yangilanadi.
8. Reyting maʼlumotlari boʻyicha transport-logistika markazlarining eʼtirozlari mavjud boʻlganda, “E-logistika” axborot tizimi orqali vazirlikka murojaat qilinadi.
9. Reyting koʻrsatkichi yuzasidan bildirilgan eʼtirozlar vazirlik tomonidan uch ish kuni davomida koʻrib chiqiladi. Bunda:
eʼtirozlar asosli deb topilganda, elektron maʼlumotlar bazasiga tegishli tuzatishlar kiritilgan holda qayta shakllantirilgan reyting yangilanadi;
eʼtirozlar asossiz deb topilganda, reyting koʻrsatkichlari oʻzgarishsiz qoldirilib, bu haqda tegishli tushuntirish murojaatchining shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
2-bob. Reyestrni shakllantirish va yuritish tartibi
10. Reyestrga faqatgina Transport-logistika markazlarini zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlashga doir namunaviy talablarga (keyingi oʻrinlarda — Namunaviy talablar) muvofiq boʻlgan transport-logistika markazlari kiritiladi.
11. Yangi tashkil etilgan transport-logistika markazlari oʻz faoliyatini boshlagandan keyin vazirlik tomonidan Namunaviy talablarga muvofiqligi boʻyicha xatlovdan oʻtkaziladi va Reyestrga kiritib boriladi.
Transport-logistika markazlarining Namunaviy talablarga muvofiqligi boʻyicha xatlovdan oʻtkazilishi ular bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi va bu tekshiruv hisoblanmaydi.
12. Reyestrga transport-logistika markazlari toʻgʻrisidagi quyidagi maʼlumotlar kiritiladi:
Reyestrdagi tartib raqami;
yuridik nomi;
tashkiliy huquqiy shakli;
yuridik manzili;
hudud;
tuman/shahar;
transport-logistika markazi turi;
transport-logistika markazi boʻyicha maʼlumotlar (quvvati, maydoni, terminal va omborlar);
transport-logistika markazida amalga oshirilgan oʻzgartirishlar (maydon oʻlchamlari, qurilish, buzilish) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
taʼsischi;
davlat ulushi;
xoʻjalik ulushi;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
transport-logistika markazini Reyestrga kiritish sanasi;
transport-logistika markazining faoliyati toʻxtatilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar.
13. Transport-logistika markazlarini Reyestrdan chiqarish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
Namunaviy talablar normalari buzilganda;
transport-logistika markazi faoliyati tugatilganda yoki faoliyati shakli oʻzgarganda;
transport-logistika markazi egasi tomonidan Reyestrdan chiqarish yuzasidan murojaat qilinganda.
14. Transport-logistika markazlarining Reyestrdan chiqarilishiga asos boʻlgan tegishli asosnomalar Reyestrda saqlanadi.
15. Reyestrga kiritilgan transport-logistka markazlari egalari transport-logistka markazlarida amalga oshirilgan oʻzgartirishlar (maydon oʻlchamlari, qurilish, buzilish) toʻgʻrisida vazirlikka bir oy muddatda xabar berishi shart.
16. Reyestrga kiritilgan tuzatishlar, oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
17. Transport-logistika markazlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Reyestrga kirituvchi xodim maʼlumotlarni toʻgʻri va toʻliq kiritilishiga javobgardir.
3-bob. Transport-logistika markazlari reytinglarini hisoblashga oid elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish tartibi
18. Transport-logistika markazlari reytingini shakllantirish ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
19. Vazirlik transport-logistika markazlari reytingi hisobini yuritadi va muvofiqlashtiradi.
20. Quyidagi vazirlik va idoralar har yili 1-mart sanasiga qadar tegishli maʼlumotlarni “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimiga taqdim etib boradi:
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi — “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida transport-logistika markazlariga berilgan ballar toʻgʻrisida;
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasi — xalqaro transport-logistika markazlari orqali eksport va import qilingan hamda bojxona omborlarida saqlangan yuklar miqdori va turi toʻgʻrisida;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi — transport-logistika markazlarining faoliyat davrida sohaga doir ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish meʼyorlariga amal qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish darajasi hamda belgilangan talablarining buzilishi holatlari mavjud boʻlsa ular toʻgʻrisida;
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi — transport-logistika markazlari xodimlari, shu jumladan, ularning ish tajribasi, maʼlumoti, maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi, rahbar va xodimlarning qayta tayyorgarlikdan oʻtganligi, sohaga doir malakasi, kasbiy bilimlari hamda koʻnikmalari oshirilganligi toʻgʻrisida.
21. Maʼlumotlarning haqqoniyligi, oʻz vaqtida taqdim etilishi hamda belgilangan muddatda ijrosi taʼminlanishi uchun tegishli vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari masʼul hisoblanadi.
22. Vazirlik vazirliklar va idoralar tomonidan taqdim etilgan transport-logistika markazlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan tartibda sir saqlanishini taʼminlaydi.
23. Vazirlik tomonidan “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimida transport-logistika markazlari reytingi avtomatik tarzda hisoblanishi taʼminlanadi.
4-bob. Transport-logistika markazlari faoliyatini baholash mezonlari
24. Transport-logistika markazlari faoliyati quyidagi koʻrsatkichlar asosida baholanadi:
a) umumiy koʻrsatkichlar:
Soliq qoʻmitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida toʻplagan ballari;
yuklarga xizmat koʻrsatish quvvati;
joylashuv joyi, maydoni va hududiy imkoniyatlari;
transport-logistika markazi hududidan foydalanish darajasi samaradorligi va ombordan samarali foydalanish darajasi, xizmat koʻrsatuvchi obyektlar mavjudligi hamda xizmatlar turi;
Namunaviy talablarda belgilangan toifadagi omborlar mavjudligi darajasi;
faoliyati davomida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish meʼyorlariga amal qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish choralarini koʻrishi;
rahbar va xodimlarning sohaga doir malakasi hamda ish staji;
b) ballarni kamaytiruvchi koʻrsatkichlar:
ortish-tushirish va saqlash jarayonida yuklarga shikast yetkazilganlik holatlari (tahlil va soʻrovnomalar oʻtkazgan holda aniqlanadi);
maishiy va texnik xizmat koʻrsatish obyektlarida sanitariya-gigiyena talablari buzilganligi holatlari aniqlanishi;
faoliyati davomida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish meʼyorlariga amal qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish talablarining buzilishi;
v) qoʻshimcha ball beruvchi koʻrsatkichlar:
yuklarni yetkazib berish uchun mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda egalik qiladigan transport turida yuklarni yetkazib berish darajasi;
ombor va terminal xizmatlarida yuklarni ortish-tushirish, saqlash, qoʻshimcha xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq operatsiyalarni avtomatlashtirilgan tartibda amalga oshirish darajasi;
transport-logistika markazlari tomonidan yuklarni istemolchilarga yetkazib berish uchun transport vositalarining mavjudligi va ulardan foydalanish darajasi;
rahbar va xodimlarning kasbiy tayyorgarlikdan oʻtganligi, sohaga doir malakasi, bilimlari va koʻnikmalari oshirilganligi (3 yilda bir marotaba);
soha boʻyicha taʼlim olayotgan talabalar transport-logistika markazida amaliyot oʻtashiga koʻmaklashish darajasi.
5-bob. Reytingni baholash metodikasi
1-§. Umumiy koʻrsatkichlar
25. Transport-logistika markazlariga Soliq qoʻmitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida reyting hisoblanayotgan davr uchun berilgan ballarining teng yarmi hisobga olinadi.
26. Transport-logistika markazlari yuklarga xizmat koʻrsatish quvvatidan kelib chiqib quyidagicha baholanadi:
yillik 500 ming tonnadan ortiq — 6 ball;
yillik 200 ming tonnadan 500 ming tonnagacha — 3 ball;
yillik 100 ming tonnadan 200 ming tonnagacha — 1 ball beriladi.
27. Transport-logistika markazlari joylashuv joyi, maydoni va hududiy imkoniyatlari quyidagicha baholanadi:
a) temir yoʻl va avtomobil transport uzellari hamda transport magistrallarigacha boʻlgan, transport vositalari harakati uchun yetarli kenglikka ega yoʻl boʻylab transport-logistika markazigacha boʻlgan masofa:
bir kilometrgacha — 3 ball;
birdan ikki kilometrgacha — 2 ball;
ikkidan uch kilometrgacha — 1 ball beriladi;
b) transport-logistika markazlari maydoni:
xalqaro transport-logistika markazi maydoni 40 000 m2 (4 ga) va undan ortiq boʻlsa — 3 ball;
hududiy transport-logistika markazi maydoni 30 000 m2 (3 ga) va undan ortiq boʻlsa — 3 ball beriladi;
v) transport-logistika markazi hududida transport turlaridan foydalanish imkoniyati:
uch va undan ortiq transport turi — 5 ball;
ikkita transport turi — 2 ball;
faqat bitta transport turi — 1 ball beriladi.
28. Transport-logistika markazlari hududidan foydalanish darajasi samaradorligi va ombordan samarali foydalanish darajasi, xizmat koʻrsatuvchi obyektlar mavjudligi hamda xizmatlar turi quyidagicha baholanadi:
a) transport-logistika markazlari hududidan foydalanish darajasi samaradorligi transport-logistika markazi hududida mavjud xizmat koʻrsatish obyektlari umumiy maydonining transport-logistika markazi umumiy maydoniga nisbati orqali quyidagicha baholanadi, bunda:
80 foizdan ortiq boʻlsa — 3 ball;
60 dan 80 foizgacha boʻlsa — 2 ball;
50 dan 60 foizgacha boʻlsa — 1 ball beriladi;
b) transport-logistika markazlari omborlaridan samarali foydalanish darajasi bevosita tovarlarni saqlash uchun foydalanadigan maydonning omborning umumiy maydoniga nisbatidan kelib chiqib quyidagicha baholanadi:
95 foizdan 100 foizgacha — 3 ball;
75 foizdan 94 foizgacha — 2 ball;
60 foizdan 74 foizgacha — 1 ball beriladi;
v) transport-logistika markazlarida xizmat koʻrsatish obyektlarining mavjudligi quyidagicha baholanadi:
ombor, transport vositalari uchun toʻxtab turish joyi, konteynerlarni saqlash joyi, maʼmuriy bino, kirish va chiqish nazorat-oʻtkazish punkti, yashil hudud va boshqa xizmat koʻrsatish obyektlari mavjud boʻlsa — 5 ball;
ombor, transport vositalari uchun toʻxtab turish joyi, konteynerlarni saqlash joyi, maʼmuriy bino, kirish va chiqish nazorat-oʻtkazish punkti va yashil hudud mavjud boʻlsa — 3 ball;
ombor, transport vositalari uchun toʻxtab turish joyi, maʼmuriy bino, kirish va chiqish nazorat-oʻtkazish punkti mavjud boʻlsa — 2 ball beriladi;
g) transport-logistika markazlarida koʻrsatiladigan xizmatlar turi boʻyicha quyidagicha baholanadi:
ortish-tushirish, saqlash, yuklarga qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish, barcha tegishli hujjatlarni rasmiylashrirish va boshqa xizmatlar — 5 ball;
ortish-tushirish, saqlash, yuklarga qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish — 3 ball;
ortish-tushirish, saqlash va tegishli hujjatlarni rasmiylashrirish — 1 ball beriladi.
29. Transport-logistika markazlarida Namunaviy talablarga muvofiq belgilangan toifadagi omborlar mavjudligi quyidagicha baholanadi:
A+ toifasiga — 8 ball;
A toifasiga — 7 ball;
V+ toifasiga — 6 ball;
V toifasiga — 5 ball;
S toifasiga — 2 ball;
D toifasi — 1 ball beriladi.
30. Faoliyat davomida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish meʼyorlariga amal qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish choralari koʻrib borilganligi uchun 3 ball beriladi.
31. Rahbar va xodimlarning sohaga doir malakasi hamda ish stajidan kelib chiqib, transport-logistika markazlari quyidagicha baholanadi:
a) rahbar va xodimlarining mutaxassislik boʻyicha oliy maʼlumotga egaligi:
mutaxassislik boʻyicha oliy maʼlumotga ega rahbar va xodimlar sonining rahbar hamda xodimlar umumiy soniga nisbati 70 foizdan ortiq boʻlsa — “3” ball;
mutaxassislik boʻyicha oliy maʼlumotga ega rahbar va xodimlar sonining rahbar va xodimlar umumiy soniga nisbati 50 dan 70 foizgacha boʻlsa — “1” ball beriladi;
b) xodimlarining sohaga doir mehnat tajribasi:
oʻrtacha mehnat tajribasi (barcha xodimlarning umumiy sohaga doir mehnat tajribasi yigʻindisining barcha xodimlar soniga nisbati) 10 yil va undan ortiq boʻlsa — 3 ball;
oʻrtacha mehnat tajribasi (barcha xodimlarning umumiy sohaviy mehnat tajribalari yigʻindisining barcha xodimlar soniga nisbati) 5 yildan 10 yilgacha boʻlsa — 2 ball;
oʻrtacha mehnat tajribasi (barcha xodimlarning umumiy sohaviy mehnat tajribalari yigʻindisining barcha xodimlar soniga nisbati) 3 yildan 5 yilgacha boʻlsa — 1 ball beriladi.
2-§. Ballarni kamaytiruvchi koʻrsatkichlar
32. Ortish-tushirish va saqlash jarayonida yuklarga shikast yetkazilganlik darajasi umumiy yillik ortish-tushirish va saqlash xizmatlari miqdoridan kelib chiqib, quyidagicha baholanadi:
shikastlangan yuklar miqdorining umumiy yuklar miqdoriga nisbati 5 foizdan ortiq boʻlmasa — 2 ball;
shikastlangan yuklar miqdorining umumiy yuklar miqdoriga nisbati 5 foizdan ortiq boʻlsa — 5 ball chegiriladi.
33. Faoliyat davomida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish meʼyorlariga amal qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish talablarining buzilishi aniqlanganda — 5 ball chegiriladi.
3-§. Qoʻshimcha ball beruvchi koʻrsatkichlar
34. Yuklarni yetkazib berish uchun mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda egalik qiladigan transport turida yuklarni yetkazib berish darajasi quyidagicha baholanadi:
umumiy tashilgan yuklarning 70 foizidan 100 foizigacha — 4 ball;
umumiy tashilgan yuklarning 50 foizidan 70 foizigacha — 2 ball;
umumiy tashilgan yuklarning 50 foizigacha — 1 ball beriladi.
35. Omborda yuklarni saqlash (qayta ishlash) bilan bogʻliq barcha operatsiyalarni amalga oshirishda toʻliq mexanizatsiyalashtirilgan va avtomatlashtirilgan ishlov berish imkoniyati mavjudligiga 6 ball beriladi.
36. Rahbar va xodimlar qayta tayyorgarlikdan oʻtganligi, sohaga doir malakasi, kasbiy bilimlari va koʻnikmalari oshirilganligiga (3 yilda bir marotaba) 3 ball beriladi.
Rahbar va xodimlar qayta tayyorgarlikdan oʻtganligi, sohaga doir malakasi, kasbiy bilimlari va koʻnikmalari oshirilmagan hollarda ball berilmaydi.
37. Soha boʻyicha taʼlim olayotgan talabalarni amaliyotga qabul qilish darajasi quyidagicha baholanadi:
beshta va undan ortiq talabani amaliyotga qabul qilganda — 7 ball;
beshtagacha talabani amaliyotga qabul qilganda — 5 ball beriladi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
38. Ushbu Nizomni qoʻllashda yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
39. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Transport logistika markazlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Transport-logistika markazlari
REYESTRI
Transport logistika markazlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Transport-logistika markazlari reytingi
SHKALASI
Izoh. Ushbu ballar Soliq qoʻmitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida transport-logistika markazlariga berilgan ballarning ikkidan bir qismi va ushbu Nizomda berilgan koʻrsatkichlar boʻyicha ular toʻplagan ballarning yigʻindisi asosida shakllantiriladi.
Ballarni hisoblash formulasi:
Bunda:
T — Transport-logistika markazining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida toʻplagan ballari;
C — Transport-logistika markazining ushbu Nizomda berilgan koʻrsatkichlar boʻyicha toʻplagan ballari.
Transport logistika markazlari reytingini hisoblash va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Transport-logistika markazlari reytingini shakllantirish
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-oktabrdagi 633-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab avtomobil transportida tranzit harakatlanish uchun moʻljallangan yoʻlaklarning
ROʻYXATI
Izoh. Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab tranzit harakatlanayotgan xorijiy avtotransport vositalaridan tovarlarni milliy tashuvchilarning avtotransport vositalariga mazkur qarorda belgilangan yoʻnalishlarga kirmaydigan joylarda joylashgan (transport hujjatlarida koʻrsatilgan) bojxona omborxonalarida bojxona nazorati ostida qayta yuklash operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-oktabrdagi 633-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab temir yoʻl transportida tranzit harakatlanish uchun moʻljallangan yoʻlaklarning
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 8-oktabrdagi 633-son qaroriga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy avtotashuvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab tranzit harakat qilishi uchun moʻljallangan yoʻnalishlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2011-yil 9-dekabrdagi 323-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy avtotashuvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab tranzit harakat qilishi uchun moʻljallangan yoʻnalishlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 30-iyundagi 492-son qarori.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit tashishlarda xorijiy avtotashuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2018-yil 15-dekabrdagi 1022-son qaroriga ilovaning 6-bandi.
