44-modda. Foydali qazilmalarni kavlab oluvchi korxonalarni hamda foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini tugatish va konservatsiya qilish
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (444-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Foydali qazilmalarni kavlab oluvchi korxonalar hamda foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlari quyidagi hollarda tugatilishi yoki konservatsiya qilinishi lozim:
yer qaʼridan foydalanish muddati tugaganda;
yer qaʼri uchastkalaridan foydalanish huquqi tugatilganda;
foydali qazilmalarning iqtisodiy jihatdan rentabelli zaxiralari toʻliq ishlatib boʻlinganda;
kon qazishmalarini, foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini suv bosishi yoki ularning vayron boʻlishi xavfi paydo boʻlib, buning oldini olishning texnikaviy jihatdan iloji boʻlmaganda yoki bunday qilish iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlamaganda;
foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlaridan foydalanishga ehtiyoj qolmaganda.
Foydali qazilmalarni kavlab oluvchi korxonalarni hamda foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini tugatish yoki konservatsiya qilish belgilangan tartibda tasdiqlangan texnik (texnologik) loyihaga muvofiq amalga oshiriladi.
Foydali qazilmalarni kavlab oluvchi korxonani yoki uning bir qismini, shuningdek foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini tugatishda va konservatsiya qilishda kon qazishmalari va quduqlar aholining hayoti va sogʻligʻi, atrof muhit xavfsizligini taʼminlovchi holatga keltirilishi kerak. Foydali qazilmalarni kavlab oluvchi korxona yoki uning bir qismi konservatsiya qilingan taqdirda esa, butun konservatsiya vaqtida konning, kon qazishmalarining va quduqlarning saqlanishi ham taʼminlanmogʻi lozim.
Foydali qazilmalarni kavlab oluvchi korxonalar hamda foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlari tugatilgan yoki konservatsiya qilingan taqdirda, yer qaʼridan foydalanuvchilar geologik, marksheyderlik hujjatlari va boshqa hujjatlarni ishlar yakunlangan paytdagi holatga koʻra toʻldirishlari hamda ularni saqlash uchun belgilangan tartibda topshirishlari shart.
Foydali qazilmalarni kavlab oluvchi korxonalarni hamda foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini tugatish yoki konservatsiya qilish jarayoni oxiriga yetkazilguniga qadar yer qaʼridan foydalanish boʻyicha majburiyat va javobgarlik qonunchilikka muvofiq yer qaʼridan foydalanuvchining zimmasida boʻladi.
