42-modda. Foydali qazilmalar joylashgan maydonlarda imorat qurish shartlari
“Yer osti boyliklari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida (444-II-son) · Sana: 13.12.2002 · Amalda
Aholi punktlari, sanoat obyektlari va boshqa obyektlarni joylashtirish uchun uchastkalar tanlashda boʻlgʻusi imorat quriladigan uchastkaning yer qaʼrida foydali qazilmalar yoʻqligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining xulosasi kerak.
Alohida hollarda sanoat koʻlamida oʻzlashtirishga topshirilmagan foydali qazilma konlari (keng tarqalgan foydali qazilmalarning konlari bundan mustasno) joylashgan maydonlarda imorat qurishga, shuningdek bunday konlar joylashgan yerlarda foydali qazilmalarni kavlab olish bilan bogʻliq boʻlmagan yer osti inshootlarini joylashtirishga, konchilik munosabatlari sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari bilan kelishuvga muvofiq, yer qaʼridan foydali qazilmalarni chiqarib olish imkoniyatlari taʼminlanishi hisobga olingan holda, yoʻl qoʻyiladi.
